OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Sabohat Rahmon. Aks (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSabohat Rahmon
Asar nomiAks (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Sabohat Rahmon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/01
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Aks (hikoya)
Sabohat Rahmon

«
Odam bir umr hech chidab boʻlmaydigan zilday
ogʻir tushunchalar bilan yashaydi.

F. Dostoevskiy
»

Bilmadim, sen qachon mendan shunchalar nafratlana olishga ulgurding ekan. Bu tuygʻu (agar uni shunday deb atash joiz boʻlsa) qaydan tugʻildi-yu, mening nimamdan nafratlanasan? Asli mendan nafratlanib boʻlarmikan? Jahling chiqmay qoʻyaqolsin. Men Sendan ham, Sening nafratingdan ham qoʻrqmayman. Har gal Sening qizlarnikidek nozik va zahil yuzing, yupqagina lablaringga koʻzim tushishi bilan jinim qoʻziydi. Sening dengiz mushuginikiga oʻxshash (ha, aynan unikidek) yashil koʻzlaringni kosasidan oʻyib olib, kaftimga solgancha buyuk taqdir egasining qismatini tomosha qilishni qanchalar istashimni bilsang edi... Ha, agar Sen mening izmim, mening ixtiyorimdagi kimsa boʻlganingda edi, sening qoqsuyak vujudingni oʻzing boʻyningga osib yuradigan — vallomatingning xochiga oʻrab-chirmab, shu holingcha oʻn asrni oʻtkazgan boʻlardim.

Bugun esa... bugun esa nega birdan Seni eslab qolganimni xayolingga-da keltirmassan. Shu topda miyangdan qanday oʻy oʻtganini bildim. Yoʻq, men Seni sevmayman. Axir toshbagʻir toshbagʻirni sevolmaydi. Men boshqa narsada... negadir... meni tushunishingni istadim. Odamlar mendan tamomila yuz oʻgirgan oʻsha MUDHISh KUNDAN buyon oʻylayman bu haqda. Nega aynan Seni tanlaganinimni esa hozircha aytmayman. Chunki gapimni tugatmasimdan Sen ortingga qayrilib, ketib qolishing mumkin. Men esa Seni gaplarimni sabr-toqat bilan tinglashga majbur etaman. Seni xoʻrlasam ham, haqorat qilsam ham chidaysan. Chunki OʻSHA GAP Seni qiziqtiradi. Asli Sen mendan ham battar xudbinsan. Xudbin kimsalar esa hammadan ham oʻzi haqidagi haqiqatni bilishga intilmaydi. Faqatgina oʻzi nafratlanadigan kimsaning huzuriga boradi. Balki shuning uchun ham Seni tanlagandirman. Baribir, Seni chaqirmasam ham bir kun oʻzing kelarding oldimga. Qaerdan bilasan, balki kulmoqchidirman ustingdan? Ana, mudhish yashil koʻzlaring zaharxanda qilishyapti. Oʻ, naqadar beqiyos nafrat. Faqat ayt: nega, nima uchun bularning bari?!

Darvoqe, Seni huzurimga chorlaganimning boisi meni tushunishingni istagandim... asli kelmasliging kerak edi — men buni judayam istagandim. Ammo endi ne chora? Tingla va oʻtinaman (oʻ, dahshat), meni tushunishga, aqalli bir muddat tushunmoq uchun sabr et. Toki bir umr hammadan sir saqlaganim — kechmishni soʻylash uchun birgina Seni tanlaganimdan oʻzimdan-oʻzim nafratlanib yurmay...

Men tugʻilganimda dunyo iflos bir jahannam edi. Bunda mening hech bir ishtirokim yoʻq. Dunyo asli shundoqmidi va yoki bu hol keyinroq, odamlar tufayli roʻy berdimi — bu haqda oʻylab koʻrishni-da lozim topmadim. Koʻp vaqt koʻzimni yumishim bilan (bilsang edi, koʻz yumish bilan uxlashning oʻrtasida farq borligini) cheksiz, yorugʻ tuman sari qoʻlidagi yoʻrgaklangan chaqaloqni mahkam bagʻriga bosgancha, yugurib ketayotgan moxov xotinu nurdek pok chaqaloqqa tomon balchiqqa botirib olingandek kir va harom qoʻllarini choʻzib, yetib olishga intilayotgan minglab, balki undan ham koʻproq olomon paydo boʻladi va goʻyo ayol qoʻlidagi chaqaloq menman-u hayotimni, seni tushunmoqdan butkul yiroq iflos odamlarning iflos panjalariga tushib qolishidan choʻchigandek, yotgan oʻrnimda qoʻllarimni pitirlata boshlayman, biroq «tamom» deyman ichimda. Men axir ALLAQACHON tugʻilib boʻldim. Har qancha inkor etmay, men ham boshqalar kabi kimsaman, shu zahoti sening ham iflos ekaning yodimga tushdi va koʻnglim bir oz tinchlandi. Men yashay boshladim. Faqat odamlarning oʻz-oʻzlarini aldab «pok xilqatman, baxtliman«, deya takror-takror valdirashlari jinimni qoʻzitardi va negadir men bora-bora telba boʻlib qolishdan qoʻrqa boshladim. Men ulardek yashashni rad etdim va oʻzim uchun boshqacha tarz bino etdim. Faqat iflos dunyo sarqiti ekanim meni hech tinchlantirolmasdi. Men baxtsiz ekanimni, bu qismatni oʻzgartirish aqlga ham toʻgʻri kelmasligini bila turib, oʻzimni baxtli qilmoqchi va shuni oʻz peshonamga oʻzim yozugʻliq etmoqchi boʻldim (olisda esa Sening vallomating. Hatto bir gal, oʻzining gapiga qaraganda, meni judayam yaxshi koʻrguvchi kimsani uyning baland qavatidan sakrashga majbur qildim. Bu hodisadan soʻng uning tilka-pora boʻlgan vujudiga qaray turib, bir tukim qimirlamadi. Nigohimdagi muzlagan shafqat oyogʻim ostidagi iflos qurbonliqqa qaratilganmidi va yoki oʻsha lahza (buni hozir ham eslayman) xayolidan oʻtgan — Sengami, bilolmadim. Oʻshanda, bu voqea toʻgʻrisida eshitgan boʻlsang kerak, «men bularning barchasi haqida oʻylab koʻrdim va mardligingga qoyil qoldim», deganding. Nega men uchun eng ogʻir lahzalardagina (ular esa koʻp) Seni oʻylashimni oʻzim ham bilmayman. Shu lahza Sening aqlli kallangdan yana ne oʻtganini ilgʻab qoldim. Oʻ, qanchalar qabihsan. Men oʻzimni aslo oqlayotganim yoʻq. Shuni bilki, men bir umr ahmoq odamlarning ustidan kulib kelganman, kulaman ham. Ulardan oʻzim izlagan xislatlarni, naycha orqali miyani soʻrib olgan kabi tortib olaman-u, oʻzlarini esa oʻsha boʻm-boʻsh, lallaygan vujud-pujudiga qoʻshib puch yongʻoq kabi uzoq-uzoqlarga otib yuboraman (afsus, Sen ham ular kabi beaql emassan...)

Shu tariqa yana bir-ikki asrdan soʻng men qudratli...ga aylanishim mumkin edi. Ammo Sen yoʻlimda toʻgʻanoq boʻlding. Balki Seni ham burdalab tashlashga nafratim yetarmidi... Sening baxtingga xayolimni yana oʻsha chaqaloq band etdi. Men butkul kuchsizlandim. Har tun esa xobgohimga shilimshiq tuman oralab, oʻsha — moxov ayol tashrif buyuradi. Uning qoʻlida chaqaloq emas, nafis yaproqchalari soʻlib-sargʻaygan kattagina daraxt shoxi. Negadir ayolning badbashara yuzidan oʻpib qoʻygim, qoʻlidagi erksiz mavjudotni tortib olib (zoʻrlik bilan) necha kundan buyon shundoqqina oromtoʻshagim qarshisida turgan suvli guldonga solib qoʻygim kelardi. Yana, har safar avval ayol paydo boʻladimi yoki gʻalati tusli tumanmi, bilolmasdi. U soʻnggi tashrifi kuni menga kulib qaraganday boʻldi va sekingina «uni oʻldir» deya pichirladi-yu, meni lol etib, koʻz oldimda gʻoyib boʻldi. Endi bilsam, oʻldirishim kerak boʻlgan kimsa — sen ekansan. Koʻrdingmi, Senga shafqat qilganim bois, bu gapni darrov aytib qoʻya qolmadim. Bilasanmi, nega u ayol boshqa birovni emas, aynan Seni oʻlimga buyurdi? Chunki Sen oʻzingning bema’ni safsatang — ifloslikni qoralash bilan (oʻ, axir u mavjudot-ku!) ayolning chaqalogʻini tortib olding. U goʻdak oʻz ixtiyorisiz bu olamda dunyoga kelganini nahot tushunmasang? Oʻsha ayol ham, har lahza menga yashash kerakligini eslatuvchi dahshatli tuman ham naqadar jonimga tekkanini nahot bilmasang? Bu jirkanch dunyodan etagimni qoqqanimda qarshimda turganding-ku? Oʻsha kuni kimdir aytdi: «iflosligingiz uchun uyalishingiz kerak edi». Qaramadim. Ammo Sening koʻzlaring choʻgʻ boʻlib yonganini his etdim...

Qachondir bema’ni oʻy-xayollardan chalgʻish maqsadida changalzor tomon ketdim. Quyoshning soʻnggi zarralari menga tomon qoʻl choʻzayotgan palla, changalzorga yetib keldim. Seni kutdim. Nazarimda, keladigandek eding. Adashmagan ekanman. Sendan ifloslikning hidi kelardi. Ijirgʻanib yuzimni burdim:
— Nega kelding, meni yomon koʻrasan-ku?
— Uxlayotuvdim. Tushimga kirding. Shu yerda meni kutayotganingni sezdim.
— Yaxshi eslatding, Sen hatto meni oʻldirolmaysan ham — qurbing yetmaydi...
— Hozir... Oʻldir-raman, — Sen menga yaqinlashding, — iflossan!

Yuz qarich oʻsdim. Menga shu kerak edi. Changalzor orasiga oʻzimni urdim. Shundoq oldimda balchiq koʻrindi. Men choʻka boshladim. Butun vujudim shilta boʻldi. Ifloslikning naqadar dahshat ekanini hech vaqt hozirgidek tiniq anglamagandim. Balchiq suvi boʻynimni siypay boshlagandi, birinchi bor tugʻilganimdan afsuslandim. Meni domiga tortayotgan botqoqlik ichida turgancha, hatto, qoʻlimni ham koʻtarmadim. Iflos balchiq bisotimdagi yagona oqlik — koʻzlarimni ham toʻldirayotganda, chidolmadim va... koʻzlarimni ochdim. Xobgohim. Suvli guldon. Ipaklari titilib ketgan shippak. Bisotsizlikdan xona yutaman deydi. Men pok boʻlishga ahd qildim...

Toʻxta, negadir fkrlarimni hech bir yerga toʻplay olmayapman. Yozganlarim xuddi almoyi-jalmoyi tush koʻrgan qari kampirning aljirashiga oʻxshaydi. Men biror narsa yozsam, qahramonlarim Senikiday magʻrur va aqlli emas, balki abgor boʻlib qoladilar. Ular menga oʻxshamaganlaridan jahlim chiqadi. Men ularning dunyoga ustun boʻlishlarini, soʻngra esa Senga qoʻshib hikoyangni ham, qahramonlaringni ham kunpayakun qilishlarini istayman. Koʻrdingmi, Sendan qanchalar nafratlanaman men...

Stolim ustida bir-biridan dahshatli hikoyalaring. Ular shunchalar dahshatliki, tez-tez tushlarimga kiradi ular, lablarimga uchuq toshguncha kaltaklashadi meni. Hayron qolaman: axir Sen ojizsan-ku. Nega qahramonlaring Sening aksing? Ular uchun bunchalar qudratni qaydan topding? Bilasanmi, Sening hikoyalaring ham oʻzing kabi gʻalati, boshqalarnikidan ajralib turadi. Balki shuning uchun ham tanlagandirman Seni?

Men chalgʻib ketdim, butunlay chalgʻib ketdim... Ha, esladim, men pok boʻlishga ahd qilgandim. Koʻrinishim ma’naviy pokligim bilan uygʻunlashsin uchun vujudimni tosh bilan ishqalab yuva boshladim. Terimning ikki qavati batamom shilinib boʻlgan, qoʻlimdagi uqalanib ketgan toshni irgʻitib, oyna qarshisiga keldim va hayratdan qotdim: vujudim boshdan-oyoq nurdek pok edi. Tezlik bilan ishga kirishdim. Poklanish yoʻlida meni hech bir kuch qaytarolmadigandek edi. Men oʻzimga sochimning tolasi, oyogʻimning tirnogʻi ham koʻrinmaydigan qilib chodra tikdim-da, uni egnimga ilib tashqariga chiqdim. Yurib ketayotgan ham, yerga muk tushib, kir qoʻllari bilan Haqqa tavallo qilayotgan ham, oʻtirgan ham, turgan ham — barcha odamlar — olomon dong qotib qoldi. Dunyo uzra choʻkkan bir lahzalik sukutga bu zamindaligidan or etib, koʻkka tomon boʻy choʻzgancha, magʻrur oʻsayotgan bir daraxtning men tomon boqib, achinganidanmi, oʻzi kabi goʻzal «oh» tortgani rahna soldi. Men daraxtni yupatgan boʻlib, uning chiroyli tanasidan oʻpib qoʻydim. Olomon darzaga keldi. Odamlar bor gʻazablarini menga sochmoqchi boʻlganday, telbalarcha ustimga bostirib kela boshlashdi. Men joyimda qimir etmay turaverdim. Faqatgina yonimdagi daraxtdan yordam kutganday, unga iltijoli termuldim. Soʻngra tentaklik qilganimni anglab, ortimga oʻgirildim. Bir-biridan badbashara yuzlar orasidan Sening nozik chehrangni qidirdim. Sen yoʻq eding. Ammo choʻgʻdek yonib turgan koʻzlaringni ilgʻab oldim. Seni doimo fosh etadigan koʻzlaringdan tanidim. Olomon meni oʻrab oldi...

Choʻchib tushdim. Eshik kesakisidan tutgan qoʻllarim qizarib, tomirlari boʻrtib chiqqandi. Ogʻriqdan ingrab yubordim. Darvoqe, meni odamlar oʻldirmoqchi edi. Faqat ularning qoʻlidan qanday qilib qutulganim aqlga sigʻmaydigan darajada hayratlanarli va men uchun NYeGADIR qorongʻu edi. Men tuni bilan Sening vallomating surati qarshisida (qiziq, u xobgohim eshigida iligʻliq turardi) duo oʻqidim. Duo men ishonmaydigan, men sigʻinmaydigan Haqniki ediki, baxshida boʻgʻzimdan achinarli bir tarzda, yigʻloqi ohangda otilib chiqardi...

Daraxtning qalin novdalarini quyoshning xabarchi-nurlari ajib bir tarzda goʻzallashtirgan mahal men duoni bas qildim va Sening vallomating suratiga soʻnggi bor nafratlanib qaradim. Yuragimda yigʻilgan qat'iylikni bilaklarimga toʻpladim-da, suratni mayda-mayda qilib yirtib tashladim. Soʻng kamindagi ustki qatlamini kul qoplagan, oʻchay-oʻchay deb turgan choʻgʻning ustiga tashladim va qattiq pufladim...

Tanamni ham ruhim kabi hayotdan ayirib qololgan roʻdapo — chodramda qancha umrimni oʻtkazganim oʻzingga ham noayon. Mendan hamma jirkanar edi. Odamlarning nazarida men dunyodagi eng iflos mavjudot edim. Men doimo ularning kaltabinligidan kular, meni oʻzlarining saflariga qoʻshmaganlaridan xursand boʻlar, odamlarning jigʻiga tegish va bundan zavqlanish uchun ular qilayotgan ishlarning teskarisini bajarardim. Oʻsha paytlar odamlarning nazarida gunohkor boʻlishimga qaramay, meni sevolgan kimsa birgina u boʻldi. Biroq u ham shu iflos odamzod guruhidan edi. Garchi Uning qoʻllari, butun vujudi ifloslikka bulgʻangan boʻlsa-da, yuzi unchalar badbashara emas, buning ustiga moviy koʻzlari adogʻiga poklikning «yilt» etgan yogʻdusi elas-elas koʻzga tashlanardi. Men Uning butunlay poklanishiga koʻmak bermoqchi boʻldim. Bora-bora U vujudidagi iflosliklardan butunlay qutuldi. Lekin buning oʻzi yetmasdi. Endi uning qalbini ham poklamoq darkor edi...

Ikkimiz uchun ham YoRUGʻ KUNLAR kelgandi. U qarshimda tiz choʻkib qoʻlimni soʻradi. Unga sevilgan koʻzlarim bilan boqdim: vujudidan nur yogʻilardi Uning...

Tongda, oradan qariyb oʻn uch asr oʻtgachgina, birinchi bor DUNYo qoʻngʻiroqlari jarangladi. Oʻzimda yoʻq shod edim, shuningdek, koʻnglimning gʻashligidan oʻzimni qoʻyarga joy topolmasdim, men bir nimani kutayotganday edim. Xuddi shu kunga U bilan mening nikoh toʻyimiz belgilanganini eslab qoldim. Shuncha yillardan buyon ilk daf'a egnimdagi roʻdaponi yechib irgʻitdim, yam-yashil yaproqchalardan tikilgan koʻylagimni kiydim. Soʻngra shamoldek uchib Uning makoniga keldim. Negadir haligacha bu yerni tunggi zulmat tark etmagan edi. Uning hobgohi eshigini taqillatdim. Sukunat. Ochiq eshikdan ichkari yoʻnaldim va... yoʻq-yoʻq... boshqa gapirolmayman. Sening la’nati yashil koʻzlaringga qaray turib, davom ettirolmayman hikoyamni. Mening ustimdan kulishingga, rahming kelganini bildirishingga yoʻl qoʻyolmayman. Ammo... gapirishim shart. Yaxshisi... menga orqangni oʻgirib tur. Ha, shunday. Endi hikoyamning davomini eshit... Oromtoʻshakda U badbashara, nihoyatda iflos bir ayol bilan... U meni koʻrdiyu iljaydi. Xunuk iljaydi. «Mana mening tengim«, dedi. Chidolmadim. Tashqariga chiqqach, qayoqqa borishni bilmay turaverdim. Soʻngra Sen bilan uchrashgan joyimiz (esingdami?) — changalzor tomon ketdim. U yerdagi balchiq oʻpqoni anchagina kattalashibdi. Koʻzlarimni yumdimu oʻzimni oʻpqonga otdim... Shu daqiqalar ichida oʻlishni qanchalar istaganimni bilsang edi... Koʻzimga oʻlimdan boshqa hamma narsa xunuk va mazmunsiz koʻrina boshladi. Balchiqning sassiq, qurtlagan suvi olov boʻlib yotgan koʻksimga bir oz orom berdi. Bir payt koʻz oldimda nimadir «yarq» etgandek boʻldi. Vujudimni qoplagan tengsiz lazzatdan huzur qilgancha, botqoqlikning narigi qirgʻogʻi tomon suzib ketdim...

Senga aytmoqchi boʻlgan gaplarim — bu emas. Bilasanmi, odam zoti oʻzidan koʻra pokroq boʻlgan kimsani koʻrolmaydi. Bu holatni men ham boshimdan oʻtkazdim. Balchiqdan chiqqach, butkul iflos holimcha oʻsha — olomon safiga qoʻshildim. Ularning shu paytdagi ahvollarini tasavvur ham qilolmaysan. Ushbu badbasharalar tabassum qila oladi deb sira oʻylamagandim. Ular qoʻllarimdan tutib atrofimda gir-gir aylanishar, allanimalarni toʻngʻillab, menga gap uqtirmoqchi boʻlishardi. Ular mening qilgan ishimdan mamnun edilar. Shu kuni oqshom gʻira-shirasigacha yangi doʻstlarim bilan xursandchilik qilishdik. Elyotar payti (hatto undan ham kechroq) oyogʻimni sudrab, zoʻrgʻa xobgohimga yetib keldim. Koʻzlarimni sochiq bilan berkitib, xonamdagi barcha oynalarni sindirib chiqdim (aksiga olib ular koʻp edi). Soʻngra tuflimni ham yechishga holim boʻlmay, qorday oppoq toʻshagimga oʻzimni otdim... Shu koʻyi necha kun yotganimni bilmayman. Men yana NOTOB boʻlib qoldim. Nazarimda, kun-tunning farqi yoʻqday, quyosh bilan oy bir-biri bilan uygʻunlashib ketganday edi. Men shu kunlar ichida tinmay alahlab chiqdim. Tushimga meni uzoq yillar ifloslikdan saqlab kelgan chodram kirardi. Bir tun sal oʻzimga kelgandek boʻldim. Xonam eshigi ochilib-yopildi. Nigohimni qaratdim. U... Koʻzlari gʻamgin boqadi. «Yana alahlayapman», deb oʻyladim.
— Alahlaganing yoʻq. Bu menman, — dedi U.
— Nega kelding?
— Meni kechir.
— Shu holimda men sendan yuksakman. Shuni bilasanmi?
— Sen iflossan, gunohkorsan, doʻzaxiysan.

Shunday deya U menga soʻng bor jirkanib tikildi-da, ketdi. Butunlay ketdi. Men esa Uning ortidan boqib, telbalarcha tinmay kulardim. Kulgimni eshitib, Uning qay ahvolga tushishi battar kulgimni keltirardi. Birdan Uning oldimga boshqa hech-hech qaytib kelmasligini eslab qoldim. Kulgim ohangi oʻrnini dahshatli sukunat egalladi. Bilasanmi, men shuncha yillar yuragimda asrab kelgan eng goʻzal, eng latif tuygʻularimni Ungagina baxsh etgandim. Oʻylaymanki, men Uni oz boʻlsa-da baxtli qilgandim. Uning esa meni, aqalli, bir muddat boʻlsin, sevmoqqa qurbi yetmadi. U mening qudratimdan choʻchidi. Sababi, meni sevib ham, mendan nafratlanib ham boʻlmasligini, nihoyat, U tushunib yetgandi. Oʻsha lahza Uning xayolidan ne oʻylar oʻtgani menga hozir ayon boʻldi. U mendan battar baxtsiz, shunchalar baxtsizki, buni anglab qolishimdan choʻchib, doim oʻzini aldaydi...

Ajab, oʻsha MUDHISh KUNDA ham U men bilan birga edi. Sen Uni koʻrdingmi? U mendan koʻzlarini uzmay qarab oʻtirdi. Meni siz — odamlarning oyoqlari ostiga oʻzimni tashlab, tavba-tazarru etishimni judayam xohladi. Hatto menga rahm-shafqat yuzasidan doʻstligini taklif qildi. Men Uni oʻsha lahzadan boshlab yomon koʻrib qolgan boʻlsam, ajab emas...

Oʻsha kuni men hammadan yuz oʻgirdim. Endiyam hech kim va hech narsa meni yashashga majbur qilolmaydi. Oxirgi marta sizlarning ustingizdan kulgim, fosh etgim, taqirlagim keldi. Ammo hech narsaga arzimaydigan siz — nochor kimsalarga tahqirimni-da ravo koʻrmadim. Faqat Sen ularga oʻxshamaysan. OʻSHA KUNI menga boshqalardan koʻra koʻproq zaharxanda qilganing uchun, balki nafrating beqiyosligi uchunmi, har tugul Sening bir oz aqlli ekaningga amin boʻldim. Seni har qancha la’natlamay, mendan battar iflos ekaningni qanchalar yuzingga solmay, Sen meni baribir TUShUNASAN. Soʻzimni eshitmoq uchun Seni shuning uchun ham tanlagandirman balki? Faqat unutma: bu dunyoda hech kim hur boʻlib tugʻilib, hurligicha oʻlmaydi. Bu — farishtalar qismati. Men oʻzimni aldashni yoqtirmayman, shuningdek, Seni ham. Chunki bu haqda boshqa hech kimga ogʻiz ochmayman. Buning uchun Sen xursand boʻlishing kerak. Bas, yetar. Endi muddaoga oʻtsam ham boʻladi. Bilasanmi, men shuncha yillar ne uchun yashadim. Nima uchun shuncha azob chekdim, qiynaldim. Oʻylama, bu mening qismatim emasdi. Yuragimda toʻlib-toshgan mehr-muhabbat, nozik his-tuygʻular oʻzimgagina atalgan emasdi axir. Mening qalbim, tuygʻularim, ruhim shunchalar pokki, ularning oldida bir paytlar nurdek pok, toza boʻlgan vujudim hech... Eshit, endi asosiysini aytaman. Seni tanlaganimning va mening shundayligimning sababi... Yo, Xudoyim, haliyam teskari qarab turibsanmi? Koʻzlarimga tikil. Shu lahza meni oʻylayotganingni aytib beraman. Qarasang-chi? Sen qimir etmading. Choʻchidim. Nozik yuzingga qoʻl tekkizmasimdan yerga qulading...