OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiAlamingizdan chiqmoqchimisiz, «tez yordam»ni chaqiring (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Alamingizdan chiqmoqchimisiz, «tez yordam»ni chaqiring (hajviya)
Safar Kokilov

Yoʻgʻ-e deysizmi? Ha, deyavering. Men bir narsani bilmasam aytmayman. Mana, deylik siz tumanning bosh arxitektorisiz, yoki deylik, iste’molchilarni himoya qiluvchi allaqanday uyushma raisisiz. Bu dunyoda kutilmaganda har narsa boʻlishi mumkin. Deylik, siz loyihasini chizgan imoratingiz bir tiyinga qimmat ekanligi aniq boʻlib qoldi. Xaridori yoʻq. Yoki boʻlmasam siz kimnidir himoya qilmoqchiydingiz. Oʻzingiz chuv tushib, pora bilan qoʻlga tushib qoldingiz. Xullas shunga oʻxshagan gaplar boʻladi-yu, siz xijolatga qolasiz. Buning ustida uyga kelsangiz, xotinchangiz negadir noz-firoq qilib, oldingizga tezroq choy-non opkelmadi. Tabiiyki, biroz qattiq –quruq gaplardan aytishingizga toʻgʻri keldi, deylik, bir tarsaki –yu bir tepki bilan ham siyladingiz. Shu payt xotinchangiz «rahmat» deyish oʻrniga tappa tashlab, «voy yuragim, nafasim qisyapti, oʻlaman...» deb qolsa boʻladimi.

Axir alamingiz keladimi bunaqa kutilmagan ishlarga. Keladi. Xoʻsh, endi nima qilish kerak? Men sizga aytsam, jonim oshnam, oʻylab oʻtirmay darrov «Tez yordam» chaqiring. Ha, ha, darrov nol uchga qoʻngʻiroq qiling. Uyoqdan kimdir, «Allo, Tez yordam eshitadi» deydi bemalol ovozda. Siz alamingizdan yorilib oʻlay deyapsiz-u, uyoqda esa kimdir bemalol ... Shunda he yoʻq, be yoʻq, «He seni tuqqan... deb birdaniga baqira keting. Ogʻzingizga kelgan gapni qaytarmay soʻking, soʻking. Qalay, ancha yengil tortingizmi? Endi «Qaerga yuboraylik, kim kasal, yoshi nechada», deb soʻrashlari tabiiy. Siz aytmang, kerak boʻlsa oʻzlari izlab topsin. Siz soʻking. Har qancha soʻksangiz ham ular chidaydi, majbur chidashga. Chunki qasam ichganda «bemorga beminnat xizmat qilamiz, qoʻpol muomala qilmaymiz» deb. Birov yarim qasamxoʻrlari boʻlsa, sizni ham qaytarib soʻkishi, yoki «he tarbiya bergan padaringga la’nat» deyishi mumkin. Lekin bu kamdan-kam boʻladi va undaylarga siz yanada battarroq yuqoridan kelasiz, ya’ni «meni soʻkding-a, ana endi enangni uchqoʻrgʻondan koʻrsataman, ertaga prokurorga boraman, ishdan haydataman» deb soʻkishingizga asos bor. Ana shunda alamingizdan ancha chiqasiz. Ancha yengil tortasiz. Menga ishonavering. Xoʻsh, yana alamingiz kelayaptimi? Chaqiring, tez yordamni. Kimga chaqirayotganingizni soʻrasa aytmang, faqat «tez boʻl» deyavering. Qaerga yuboraylik desa ham aytmang va «tez kelasanlarmi, yoʻqmi, hozir borib soʻyaman, yoraman» deb baqiravering. Kasal yosh bolami, katta kishimi, qanday duxtur yuboraylik desa ham aytmang. Bor ovozda baqiravering. Turubkani qoʻymasdan, «yubordingmi, yubordingmi, nega kelmayapti, bir soat boʻldiku chaqirganimga, qani mashinang» deb urra soʻkavering, soʻkavering, soʻkavering. Qarabsizki, ancha alamingizdan tushib qolibsiz. Shundayam boʻlmasa , tez yordam doktorlari oʻyingizga bir amallab kelgandan soʻng, yana baqiring. Eshik oldida ikki qoʻlingizni belingizga tirab «nega kech kelasanlar, kasal oʻlib boʻlganidan soʻng kelasanlarmi, senlar toshbaqa, xaromxoʻrlar, mol duxtursanlar» deb avra-astarini agʻdarib soʻking. Bemorning oldiga kirishga qoʻymang. Siz uchun bu zarur emas-ku.

Agar duxtur gap qaytaradigan boʻlsa, bir urib qalpogʻini uchirib yuboring. Aytib qoʻyay, faqat qalpogʻini. Aslo haddan oshib, duxturlarni urib mayib qilib qoʻymang. «Xizmat vazifasini bajarayotganda hujum qilgan» deb oʻzingizni sudga berishi mumkin. Shuning uchun qancha alamingiz boʻlsa, faqat ogʻiz bilan oling. Til besuyak, soʻkinganingiz esa havoga uchadi, ketadi. Zato alamingizdan chiqasiz-da .

Bilasizmi, koʻplar alamidan chiqish uchun tez yordamni yolgʻondan ham chaqirishadi. Soʻng ular kelib, bemorni izlab, koʻchadan uyoqqa, buyoqqa sarson boʻlganini koʻrib ham rosa maza qilsa boʻlar ekan-ey. Ishonmasangiz siz ham yolgʻon chaqiriq berib koʻring. Bir duxtur, bir feldsher va haydovchi «tez yordam» mashinasida siz bergan yolgʻon manzilni sarson boʻlib izlab yurganda ularni qaerdadir haqiqiy bemor jon talashib kutayotgani-yu, uning sizga oʻxshagan ogʻaynilari «nega kech kelasan» deb duxturlarning giribonidan olishini bir koʻz oldingizga keltirsangiz, oh, oh qanday maza qilasiz-a...

Qalay, alamingizdan chiqay deyapsizmi? Boʻsh kelmang. Chaqiring, chaqiring, nol uchga qoʻngʻiroq qiling. Navbatchi boshqaruvchi goʻshakni koʻtargandanoq tutib soʻking, baqiring, baqiravering, bor ovozda baqiring, tomogʻingiz qurib qolsa suv ichib oling. Tagʻin sovuq suv ichmang, tomoqni shamollatib qoʻyasiz. Ilmiliq choydan xoʻplab-xoʻplab baqiring. To allamingizdan chiqquncha, hovuringizdan tushguncha tinmay baqirib soʻkavering. Ha boʻling, boʻling, qoʻrqmay chaqiravering. Kelish kelmasligining sizga qizigʻi yoʻq-ku. Eng asosiysi, siz alamingizdan chiqishingiz kerak. Demak, «Tez yordam» xizmati sizga xizmat qilishga tayyor, nol uchga qoʻngʻiroq qiling. Alamingizdan chiqib sal yengil tortingizmi? Ular bunaqasiga ham, unaqasiga ham sizga xizmat koʻrsataberadi. Alamingizdan chiqqan boʻlsangiz biz xursandmiz. Yana xizmat boʻlsa, marhamat. A? ! Oʻt oʻchiruvchilarni chaqirib, alamimdan chiqsam boʻladimi deysizmi? Ha endi bu boshqa mavzu. Bu haqda keyin...

Hozircha «tez yordam» xizmatidan foydalanib turishingizni maslahat beraman. Xizmat bepul va beminnat. Faqat tomoqqa ehtiyot boʻling. Qurib-qaqrab qolsa, aslo sovuq suv icha koʻrmang. Xudo koʻrsatmasin, tomogʻingiz ogʻrib qolsa, keyin qaeringiz bilan baqirib, soʻkinasiz...