OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiBeaql chumoli (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Beaql chumoli (hajviya)
Safar Kokilov

Tez yordam mashinasi chaqiriq berilgan uy yoniga kelib toʻxtaganda bizni ozgʻingina bir yigit kutib oldi. Hovliga kirayotganimizda
– Doʻxtur aka, otamning toblari toʻsatdan qochib qoldi. Avval hech bunday boʻlmagan. Tezroq yordam qiling, aka. Rozi qilamiz... – dedi u shosha-pisha, biroz hovliqib.
– Albatta, yordam qilamiz. Qani, avval bemorni koʻraylik. Hammasi yaxshi boʻladi, inshollo. Siz havotib olmang – deb qoʻydim uni tinchlantirib, lekin oʻzim esa ishqilib bemor ogʻir boʻlmasinda deb ichimda havotirga tushib qoldim.

Dori-darmon solingan temir qutisini koʻtarib olgan feldsherim bilan uy ichiga, mehmonxonaga kirdik. Toʻrdagi divanda peshonasiga hoʻl sochiq qoʻyilgan oʻrta yoshlardagi, tepakal, semiz odam choʻzilib yotibdi va har zamon «voy boshim» deb ingranib qoʻyardi. Divan boshida turgan xushbichimgina ayol bizni koʻrib.
– Dadasi, duxtur keldi, – deb qoʻydi bemorga xiyol engashib. Biz bilan bosh irgʻab unsiz salomlashdi. Divan yoniga qoʻyilgan stulga oʻtirdim-da, bemorning tomirini sanash uchun qoʻlini ushladim.
– Qani, hoʻ-oʻ, aka. Menga qarang-chi. Koʻzingizni oching. Nima boʻldi?
– Bosh ogʻriyapdi, – deb qoʻydi bemor istar-istamas, koʻzini ham ochmay.

Men uning qon bosimini oʻlchadim, yuragini oʻpkasini eshitib, tekshirib koʻrdim. Tomiri tez uryapdi. Qon bosimi juda baland edi. Feldsherimga kerakli dorilardan ukol qilishni buyurdim.
– Qachondan beri yotibdilar? – dedim xotiniga qarab.
– Biron soatlar boʻlib qoldi.
– Avvallari ham qon bosimi oshib turardimi?
– Yoʻq, yoʻq. Hech unday boʻlmagan. Toʻsatdan... – dedi ayol bosh chayqab.

Shu payt bemor hiyol koʻzini ochib:
– Nima, davleniyam balandmi? – dedi
– Biroz koʻtarilibdi, aka. Hozir ukol qilamiz, yaxshi boʻlasiz...

Feldsher uning tomiridan, yonboshidan aytilgan ukollarni qildi. Dorilar ta’sirining natijasini kutib, oʻtirdik.
– Qandaysiz, aka. Ogʻriq qolyapdimi? Yaxshimisiz? – dedim birozdan soʻng peshonasiga qoʻlimni qoʻyib. U bosh chayqadi.
– Yoʻq. Boshim ogʻrigʻi qolmayapdi.

Men yana qon bosimini oʻlchadim. Yana ukollar qildik. Va yana kuta boshladik. Xonaga sukunat choʻmdi. Bemor ham jim yotibdi.
– Nima boʻldi oʻzi? Biron narsadan xafa boʻldilarmi? – dedim sekingina qarshimda turgan oʻgʻliga. Oʻgʻli yelka qisdi:
– Men ham hozirgina koʻchadan keldim. Kelsam...

Bemor eshitib turgan ekan, menga boshini burib qaradi-da:
– Ha, xafa boʻldim. Qattiq hayajonlandim, duxtur. Endi oʻzim afsusdaman. Hamasiga anovi... padarla’nati chumoli aybdor, – dedi toʻsatdan.
– Nima? Chumoli? Chumoli chaqdimi?
– He, undan battari boʻldi. Chaqsayam mayli edi-ya. Tishladi. Naqd boʻgʻzimdan oldi.

Men hayron boʻlib unga biroz tikilib qoldim.
– Yoʻgʻ-e?! Shunday katta chumoli ekanmi?
– He-e, qaerda deysiz. Oʻzi mayda bir qora chumoli edi. Voy, boshshim... Bemor aftini bujmaytirib, boshini changallab jim boʻlib qoldi.
– Dada, halitdan beri chumoli, chumoli deysiz. Soʻkinasiz. Nima boʻldi oʻzi? – dedi oʻgʻli bezovtalanib: – Duxturga aytingda...
– Voy, adasi, odamni qoʻrqitmang. Ertalab tuppa-tuzuk edingiz-ku. Qoʻshninikiga birrov elakka chiqib qaytsam, yiqilib yotibsiz. Nima balo, jin chalib ketdimi? Nima boʻldi? – dedi xotini ham yigʻlamsirab.
– He dard boʻldi. Oʻl boʻldi. Muncha soʻraysan. Eslasam boshim ogʻrib ketyapdi, – deb birdan baqirib yubordi bemor.
– Mayli qoʻying, aka. Oʻzingizni bosing. Eslamang. Qon bosimingiz yana oshib ketmasin. Biroz jim yoting, – dedim men bemorni tinchlantirishga urinib. Bemor yana jim boʻlib qoldi. Shipga qarab ancha yotdi, soʻng menga tomon oʻgirilib yonbosh yotib oldi.
– Yoʻq. Boʻpdi. Aytmasam ham baribir ichim qisilib ketyapdi. Zora yuragim boʻshasa, yengillashaman. – deb otdan gap boshladi: – Duxtur, shu chumoli oʻlgurda aql boʻladi deb eshitganmisiz?

Toʻsatdan berilgan bu savolga nima deb javob bersam ekan deb, biroz oʻylanib turdim-da:
– Ha, anovi «fan va turmush»da oʻqigan edim. Nimaydi? – deb qoʻydim.
– Xa-a ana. Men ham xuddi sizday uni aqlli jonzot boʻladi deb eshitgan edim-da, duxtur. Shuni bir sinab koʻray deb mana shu ahvolga tushib qoldim-e...
– Yoʻgʻ-e?
– Ha, ha. He uyginasi kuysin-e... Shu desangiz, tutning soyasida bekorchilikdan yonboshlab xayol surib yotgan edim. Bir mahal qarasam bir qora chumoli oʻzidan toʻrtta keladigan donni sudrab hadaha ketyapti. Nafs qurgʻurni qarang. Kichikroq narsa yoʻqmi senga, desa. Hamma tirik jon borki, tirikchilik tashvishida-da, a duxtur?!
– Ha-a. Nimasini aytasiz...
– Shu desangiz, kel dedim oʻzimga, qani bir sinab koʻraychi, chumolining aqli qanday boʻlarkan deb, qalam yoʻgʻonligidagi bir choʻpni oldiga koʻndalang tashladim. Kuzatib turaverdim. Chumoli ming bir azob bilan yer tirnab donni shu choʻpgacha sudrab keldi. Toʻxtadi. Qaradiki oldida toʻsiq bor. Endi shundan oʻtish kerak-da. Ancha oʻylandi. Xuddi odamlardek, boshini qashlaydimi-ey. Bir mahal qarasam, hech yoʻq, be yoʻq, oʻljasini tishlab olganicha shu choʻpga tirmashib ketsa boʻladimi. Tirmashgani-tirmashgan, tirmashgani-tirmashgan. Qani endi oʻtolsa. Bir rahmim keladi, bir achchigʻim chiqadi, desangiz. Shunday boʻlsa ham indamay oʻtiraverdim. Bu esa tirmashib yotibdi. Ammo lekin chumolining qaysar boʻlishini shu yerda koʻrdim, duxtur. Uf-f, voy bosh-shim... Xe-e, qaysar boʻmasa, shundoqqina bir santimetr oʻngga yursa-ku, choʻpdan oʻtadi-ketadi. Yoʻq-da. Bu padarlan’ati, govkalla, «shu choʻpdan oshib oʻtmasam boʻmaydi», deb turib olgan-da. Goh unday qiladi-boʻmaydi, goh bunday qiladi-bumaydi. Donni oldiga qoʻyib itaradimiey, goh oʻzi ustiga chiqib tortadimiey...
– Siz kuzatib oʻtiribsiz?
– Ha-da. Xullas bilmayman bir soat boʻldimi, koʻp boʻldimi oʻtiraveribman.
– U esa choʻpga tirmashib yotibdi?
– Tirmashib yotibdi. Men esa baqiraman. Hoy, padarqusur, kallavaram oʻngga yur, oʻngga. Oʻtasan ketasan. Nahotki shungayam kallang ishlamasa-ya, oʻngga yur. Nima qilasan oʻzingni ham qiynab, meni ham qiynab, – deb yer mushtlayman. Koshki bu gapga tushunsa. Uf-f. Bir mahal boshim ogʻriy boshladi. Tikilaverib koʻzim tinib ketdi...
– Obbo siz-ey. Nima qilardingiz oʻzingizni shuncha qiynab...
– He, duxtur-ey. Bir qiziqdim-da. Nimaga desangiz, chumoliga tikilib oʻtiribman-u. Oʻzimni uylab qoldim. Bir qiliqlari oʻzimizga oʻxshab ketadi shu qurib ketgurning. Mana, masalan, mehnatkashligi, ahilligi. Ayniqsa menga oʻxshagan qaysar, odamsizlari ham bor ekan deb oʻylanib qoldim, desangiz. Mana shuning qiligʻi ayniqsa menga oʻxshab ketarmikan-ey...
– Yoʻgʻ-e?!
– Ha, ha. Men ham hayotda oʻz yoʻlimni topolmay, qiynalib yurganlardanman. Biroz qaysarligim esa oyogʻimga yana bir tushov, – uning koʻzlari gʻiltillab yoshga toʻldi. Biroz indamay turdi-da, soʻng bir yutinib qoʻyib, davom etdi; – Sovet davrida bir korxonada borib-kelib, ishlasak-ishlamasak oylik maosh olib yashab yurgan ekanmiz. He-e, mana endi zamon oʻzgarib... Mana endi «ishlamagan tishlamaydi» degan davr keldi qoʻydi. Hamma chopgani chopgan. Tirikchilik, pul deb nimalar qilishmayotir-a. Endi qimirlagan yutadi... Men esa hali ham oʻsha-oʻsha. Hamma qilayotgan ishni men qilolmayman. Qonun deb, oriyat deb, menga toʻgʻri kelmaydi deb qolipdan chiqolmay qolibmiz ekan... Uf-f. Kalla qotgan davrda buning toʻgʻri kelganini qarang. «He, menga oʻxshab qaysar boʻlmay oʻl, govkalla», – deb soʻkinaman achchigʻim chiqib. Shunday boʻlsa ham qani oxiri nima boʻlarkan deb qarab turaverdim, desangiz. Goʻyo chumoli shu choʻpdan oʻtib ketsa, mening ham ishlarim yurishib ketadiganday-da-e...
– Xoʻsh, soʻng nima boʻldi?
– He-e, nima boʻlardi. Bu ukkagʻar shu choʻpga osilib yotibdi-da. Osilgani osilgan, osilgani osilgan. Koshki oʻtolsa. Men boʻlsam baqiraman. Hoy axmoq deyman, avvalo kuching yetmagan narsani sudrab nima qilasan. Ha, sudrabsan ham deylik. Ha endi bunday oʻt qoʻy-da. Nima qilasan oʻzingni ham meni ham qiynab. He seni aqilli deganniyam... Uf-f. Oxiri boʻmadi...
– Nega? Nima, chumoli oʻtolmay qaytdimi?
– He, qaerda. U-ku urinib yotibdi. Meniki boʻmadi. Ortiq chiday olmadim. Sabr kosam toʻldi. Boshim esa tars yorulgiday, loʻqillab ogʻriydi. Jonim boʻgʻzimga keldi. «He, seni aqilli deganniyam...», – deb baqirib irgʻib oʻrnimdan turib ketganimni bilmayman. Kovushimni oyogʻimga ildim-u, «shugina choʻpdan oʻtolmagan boʻlsang mana senga, mana senga», – deb chumolining kallasiga tepaverdim, tepaverdim, tepaverdim. Majaqlab yerbilan bitta qilib tashladim. Don ham un boʻlib ketdi. Choʻp esa somonday titilib ketdi. Rosa qattiq tepgan ekanman, kovushim ham tumshugʻidan ayrilib ketibdi. Kaparativ ekan, savil. Oʻzim esa yuragim toshib, harsillab qoldim. Bir mahal koʻz oldim qorongʻilashib ketdi. Oʻzimdan ketib yiqilganimni bilmayman...
– Obbo siz-ey. Shu choʻpni olib tashlasangiz-ku, bechora oʻtardi ketardi. Shuncha gap ham boʻmasdi, – dedim men unga na kularimni na achinarimni bilmay.
– He, nimasini aytasiz, duxtur. Oʻzim ham afsusdaman. Endi yordam qiling. Bir beaqllilik boʻldi boʻldi-da...

Men bemorning qon bosimini yana oʻlchadim. Hali ham baland. Shifoxonaga yotqizilmasa boʻlmaydigan. Bemorga buni aytgan edim, «yoʻq, yotmayman», – deb ancha tixirlik qildi. Men unga va oila a’zolariga qon bosimning oshib ketishining yomon oqibatlarga keltirishi mumkinligini tushuntirganimdan soʻng noiloj koʻndi. Bemorni «tez yordam»ga zambarda koʻtarib chiqardik. U yoʻlda keta-ketguncha oʻsha beaql chumolini soʻkib ketardi...

U-ku tuzalib ketdi. Lekin laqabi chumoli, boʻlib qoldi. Birov «chumoli» desa, soʻkinib qoladi...