OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiBir majlisda (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bir majlisda (hajviya)
Safar Kokilov

Bir doʻstim gapirib berdi.

Boʻlim boshligʻimizning momosi oʻlib qolib, janozasiga ketar chogʻi mendan iltimos qildi.
— Akajon, iltimos, kechqurun mening oʻrnimdan hokimiyatda boʻladigan majlisga qatnashib kelsangiz.
-Biron narsa soʻrab qolmaydimi?
-He, sizdan hech narsani soʻramaydi. Bizda ish yaxshi ketyapti. Faqat yoʻqlama vaqti «borman» deb qoʻysangiz boʻldi. Biron kitob oboring, zal oxirida oʻqi-ib oʻtirasiz. Iltimos, yordam qiling...

«Boʻlim boshligʻi iltimos qilib turganda yoʻq deb boʻladimi. Mendan biron narsani soʻramasa, nimadan qoʻrqaman, borsam borayin» deb kechqurun bordim.

Eh-he-e. Majlislar zalida odam tirband. Boʻsh oʻtirgichlar ham kam. Nihoyat bir chetdagi stulga oʻtirib, atrofimga qarasam, bari tanish odamlar: tumanning bosh hakimi , SES bosh vrachi, boʻlim boshliqlari, maktab direktorlari oʻqituvchilar bilan, tumandagi boshqa har xil tashkilotlarning boshliqlari, hatto madaniyat uyining direktori bir-ikki artistlar bilan kelgan. Mahalla raislari ham kotiblarini ergashtirib yuribdi. Ancha-muncha milisa ham bor. Ha-a, bugun qandaydir madaniy-ma’rifiy mavzuda majlis boʻlsa kerak, chunki bu yerga kelganlarning aksariyati ziyolilar ekan-da.

Bir-ikki tanish oʻqituvchilar bilan koʻrishib soʻrashdim.
-Ha duxtur, avvallari biz sizni koʻrmas edik. Kepsiz-da...
-Ha-a, keldik. Boʻlim boshligʻimiz iltimos qilgan edi. Oʻshaning oʻrniga...
-Ha-a, yaxshi, yaxshi. Sizlarda ishlar yaxshimi oʻzi? Tagʻin yemagan somsa uchun pul toʻlab yurmang, duxtur aka-deb ular kulib quyishdi.
-Bizda ish yaxshi-deb qoʻydim –u, lekin ichimdan zil ketdim. Obbo, Qodirov tushmagur-ey, sizdan soʻramaydi degan ed-ku, bu yerda savol-javob boʻladi deyishyapti. Bilganimda-ku, tayyorlanib, boʻlim koʻrsatkichlarini oʻrganib kelardim-a, deb oʻylanib qoldim.

Majlis boshlandi. Majlisni tumanimizga viloyatdan vakil sifatida berkitilgan tepakal, gavdalik, burni soʻppaygan odam oʻtkazadigan boʻldi. Hokim muovinlari uning yonida jimgina oʻtirishibdi. Qarasam vakil qoʻlidagi allaqanday roʻyxatga qarab zalda oʻtirgan odamlarni birin-ketin toʻrgʻaza boshladi. Zaldagilar jim, pashsha uchsa bilinadi.

Koʻplar oldinda oʻtirgan odamning panasida boshini egib qoʻlidagi daftariga nimalarnidir hadaha yozishmoqda.

Men minbardagi odamga quloq tutdim. Avval oldingi qatorda oʻtirgan tuman bosh hakimini turgʻazdi.
— Ishlar qanday ketyapti?-
— Yaxshi:-dedi bosh hakim qoʻlidagi daftariga qaraganicha.
— Kamchiliklar yoʻqmi?
— Yoʻq. Bugun suvni tugatdik.

Yaxshi. Oʻtiring. Nazoratni susaytirmang.

Bosh hakimimiz «suv» dedimi, kasalxonadagi kanalizatsiyalar toʻgʻrisida gapirdimikan? Uncha tushunmadim.

Yaxshi eshitmay qoldim, shu payt yana kimnidir turgʻazishdi.

U oldinda oʻtirgan odamning yelkasiga suyanib, chayqalib turibdi. Zalda oʻtirganlar piqillab kula boshladi. Minbarda oʻtirganlar ham miyigʻida kulib turishibdi. Tavba!
— Siz oʻzi biror kun trezvi kelasizmi? – dedi viloyatdan kelgan vakil unga qovogʻini uyib, soʻng yonidagilarga qarab;-buning ishda qolish – qolmasligi haqida viloyatga chiqish kerak - dedi. Qarasam haqiqatdan mastga oʻxshaydi. Koʻzlari yumilib ketayapti. Obbo, bu nima yurish endi?!
— Tuzuk ishlamaydigan boʻlsang seni ishdan boʻshatamiz,- deb baqirdi vakil.
— Ne-eg-ga endi? Ishim yaxshi. Boshqasi... – U qoʻli bilan pashsha qoʻriyotgandek ishora qildi: - Fu-u... Bizning ishimiz yaxshi...
— Oʻtir. Oʻtir-e bezbet, basharang qursin. Sen bilan alohida gaplashamiz...

Haligi odam nimadir deb gʻuldiradi-da yonidagi kishining yordamida yana joyiga oʻtirdi. Vakil navbatdagi odamni turgʻazdi. Qoʻshni qishloqdagi maktab direktori biroz rangi oʻchib oʻrnidan turdi.
— Hoy, domullo, nega haligacha paxtangni suvdan chiqarmading?

Hoynahoy bularning maktabida tajriba yer maydoniga paxta ekkan boʻlsa kerak-da. Vakil shuni soʻrayapti shekilli. Qarang-a, rahbarlar hamma narsadan xabardor, hamma narsa bilan qiziqishadi-ya.

Direktor nimadir deb toʻngʻillagan edi, vakil dagʻdagʻa qildi:
— Ishlasang toʻgʻri ishla, eplamasang arizangni yoz dedi va qaerdadir oldinda oʻtirgan maorif boʻlimining mudiriga qarab:-Ertadan ishni topshirsin – deb qoʻydi.

Mudir oʻrnidan yarim turib, «xoʻp» degandek boshini liqillatdi. Ha-a, bu direktorning kamchiligi koʻp boʻlsa kerakdir-da, ishdan olish kerak deyishyapti. Lekin shu gaplarni maktabiga borib aytsa ham boʻlardi. Buncha odamning oldida uyaltirmasdan.

Men hali ham hech narsaga tushunmay oʻtirardim. Qanday majlis boʻlishi kerak oʻzi? Ikki soatdan beri faqat duxturlar-u, oʻqituvchilarni turgʻizib soʻroqqa tutishadimi-ey.
— Qachon majlis boshlanadi?-deb soʻradim yonimda oʻtirgan oʻqituvchidan. U pastga engashib,
— Shu majlis-da, - deb kuldi.

Tavba! Hech tushunmadim.

Shu payt odamlar men tomonga qarashayotgandek boʻlishdi. Men ham oʻgirilib, orqamdagilarga qaradim. Ular ham menga qarab turishibdi. Qarasam vakil va boshqalarning ham ikki koʻzi menda. Oldingi oʻrinda oʻtirgan bosh hakim oʻrnidan turib, menga qaraganicha,
— Qodirib qani, Qodirib? – deb soʻrayapti.
— Ha-a, menga ham navbat kelibdi-da deb oʻrnimdan turdim.
— Oʻrniga men kelganman – dedim bosh hakimga qarab.
— Ishlar qanday ketyapti, oʻrtoq duxtur?-dedi minbarda turgan vakil menga tikilib turib:-duxtirmisiz oʻzi?
-Ha, doʻxturman. Oʻttiz yildan beri ishlayman.
-Xoʻp, ishdan gapiring.
-Ishimiz yaxshi. Tez yordam mashinalarimiz barisi soz. Yaqinda gʻildiraklarini almashtirdik. Chaqiriqlarga oʻz vaqtida borib turibmiz. Shikoyatlar tushmayapti. Hozir gripp koʻpaygan. Kuniga yetmish-saksonta chaqiriqqa borib, bemorlarga baholi qudrat yordam beryapmiz.

Gapira turib qarasam yonimdagi oʻqituvchilar yerga qarab kulgani-cha, meni turtib qoʻyishyapti. Zalga qarasam koʻpchilik menga qarab kulib, bosh chayqashmoqda. Obbo, gripp kasalligini koʻpayganini bekor aytibman. Axir bu degani tibbiyot xodimlari aholi oʻrtasida sanitariya maorif ishlarini yaxshi olib bormayapti degan tushunchani beradi-ku... deb oʻylab bir oz xijolat tortdim. Viloyatda kelgan vakil menga yeb qoʻygudek boʻlib tikilib turibdi. Yonidagilarning ham avzoi yomon.
-Ha endi, gripp kasalligi bir koʻpaygandek boʻldi-yu, hozir ancha kamayib qoldi. Tinmay ishlayotibmiz. Faqat bizga mana bosh hakimning ham xabari bor. Bir martalik shpritslar bilan grippga qarshi tabletkalardan koʻproq boʻlsa, ishimiz yanada samarali boʻladi. Bu ham yaqin kunlarda hal boʻlsa kerak. Kasalni kamaytiramiz...
-Xoʻ-oʻ, duxtur, sendan kasalni kim soʻrayapti?-vakil menga gʻazab bilan tikildi.
-Unda nimani soʻrayotibsiz?-dedim men ham unga tikilib,-
-Ie, bu garangmi?- deb vakil yonidagilarga qarab qoʻydi.-hoy doʻxtur, kasalingni ishxonangga borib davolaysan. Bu yerda sen bizga, oʻzingga berkitilgan fermer xoʻjaliklardagi ahvol toʻgʻrisida axborot ber. Gʻallaning oʻsishi qanday? Gul davrida dori berildimi? Paxtani navbatdagi suvdan chiqardilaringmi? Suvni sharbat usulida beryapsilarmi? Menga ana shulardan gapir, oʻrtoq doʻxtur.
-Tushunmadim. Bu gaplarning menga nima dahli bor? Bu ma’lumotlarni paxta, gʻalla ekkan fermerlardan soʻramaysizmi. Men doʻxtur boʻlsam ...-dedim ensam qotib.
-Ie, bu oʻzi osmondan tushganmi? Kim chaqirdi uni bu yerga? –vakil bir menga, bir bosh hakimga qarab koʻzlarini olaytirdi.
-Qodiribning oʻzi qani ? –dedi yana bosh hakim oʻrnidan turib, menga qaragancha.
-Qodirovning momosi oʻlib qolibdi.

Orqa tomondan birov «piq» etib kulib yubordi.
-Siz nega keldingiz?
-Menga iltimos qilgan edi, oʻrniga keldim-da. Qaerdan bilibman...
-He-e, shunday demaysizmi, doʻxtur,-sal muloyimlashdi vakil va menga qarab yana gapira ketdi:-Siz oʻzi yoshingiz anchaga borgan odam ekansiz, bilishingiz kerak-da... Boʻpti. Birinchi marta sizga indamaymiz, yanagi kelishingizda yaxshi tayyorlanib keling. Berkitilgan fermer xoʻjalikka boring, dalasi bilan tanishing, kerak boʻlsa usha yerda yotib uxlang, amaliy yordam qiling. Boʻpti, oʻtiring .

Boshimga tayoq tekkanday karaxt boʻlib joyimga choʻkdim. Bir kulgim keladi, bir jahlim chiqadi. Yonimdagi oʻqituvchi kulib bir nima degan edi, qulogʻimga kirmadi. He, ablah Qodirov-ey. Meni boplab aldabdi-da. Aytdimov, u har kuni ishxonaga bir kelardi-da, yana zip etib yoʻq boʻlib qolardi. Men u qoʻshimcha ish topib, pul ishlab yuribdi, shekilli deb yurardim. Ha-a, gap buyoqda ekan-da. Demak qaysidir fermer xoʻjalik unga ham berkitilgan. He, kuning qursin, Qodirov. Boʻlimga rahbarlikni talashib olgan eding, battar boʻl...

Toʻgʻri, viloyatdan kelgan vakilning gaplariga e’tiroz bildirib boʻlmaydi. Lekin bugungi majlisda bironta ham fermer xoʻjaliklarining rahbarlari koʻrinmadi-ku. Ha –a, men tushunmagan narsalar hali koʻp ekan. «Yuz yil yasha –yuz yil oʻrgan» deganlari bejiz emas-da.

Shunday qilib majlis yana ikki soatlar choʻzildi. Paxtasini suvga bostirib zaxlatgan bir-ikki maktab direktori va terapiya boʻlimining boshligʻiga «Hayfsan» e’lon qilindi. Bir artist ishdan haydaldi. Bir maktab direktori paxta koʻchatlari tekis oʻsib chiqmaganligi uchun chigitni ekmay sotgan degan gumonda ishi prokuraturaga oshirildi.

Majlis oxirida viloyatdan kelgan vakil paxta va gʻallaning ahamiyati haqida yana bir soat va’z aytib;
-Ishga ma’suliyat bilan yondoshmagan kishilarni jinoiy javobgarlikgacha tortishimiz mumkin. Hamma ishini yigʻishtirib dalaga chiqsin. Kerak boʻlsa, oʻsha yerga koʻchib borib yashaysizlar ham...-deb dagʻdagʻa qildi.

Shu bilan majlis tugab tashqariga chiqqanimizda soat tungi uchni koʻrsatayotgan edi. Yoʻlimiz bir boʻlsa ham bosh hakim meni kutmay joʻnab qopdi. Zarda qilganda. Esnay-esnay uyga piyoda yetib keldim. Xoʻrozlar qichqirayotgan edi.