OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiBoʻtaginam (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Boʻtaginam (hajviya)
Safar Kokilov

Dermantinli eshikni ohista chertib, ichkariga bosh suqdim:
– Mumkinmi?

Toʻrda nimanidir oʻqib oʻtirgan choʻqqisoqol, koʻzoynakli, taqirbosh gʻoʻlabirday odam menga tomonga qaramasdan.
– Keling, boʻtam, keling, – dedi.

Kirdim. U menga kuzoynak ostidan uzoq tikildi:
– Xoʻsh xizmat, boʻtam?
– Domla, men bir kitob chiqarmoqchi edim. Uchrashganlarim sizning nashriyotingizni va sizlarni sahovatli, bagʻri keng odamlar deb maqtashdi. Boravering, yordam berishadi deyishdi. Shunga kelib edim. – dedim biroz yolgʻonlarni qoʻshib-chatib. Toʻgʻrisi, shahar boʻylab bu gaplarni boshqalarga ham aytib yurardim.
– Oʻ-oʻ-oʻ. Odamning koʻnglini eritib yubordingiz, boʻtaginam. – U birdan jilmayib, koʻzlarini ishqalab quydi: – Nahotki, nahotki. Biz toʻgʻrimizda odamlar shunday yaxshi fikrda ekanligini eshitish qanday yaxshi-ya. Koʻnglim buzulib ketdi-ey. Obbo siz-ey. Odamning koʻnglini eritishga juda usta ekansiz. Yashang, yashang. Xoʻsh-sh. Toʻgʻri qilibsiz kelib. Boʻpti. Biz xaqiqatdan ham xojatbarormiz. Yordam qilamiz. Qani, nima opkeldingiz?

Men unga qoʻlyozmalarimni berdim. U varaqlay boshladi.
– Ih-hi, ih-hi. Hikoyalar ekan. Hikoya. Xoʻsh-sh. Ye?! Voy betamiz-ey. Nega koʻzingni loʻq qilasan? – dedi dabdurustdan menga tikilarkan.
– Nima? Men... Ye, domla...

Men unga hayron boʻlib tikildim.
– Manovi yerga shunday deb yozibsiz, – dedi-da, qoʻlyozmani varaqlashda davom etdi. Men sal oʻzimga kelmasdan, u yana menga qarab kuldi:
– Nonni qaeriga yeydi?
– Nima? Tushunmadim. Domla qanaqa non? – dedim qizarib-boʻzarib.
– Nonni ogʻziga yeydi-yu, boʻtaginam. Mana bu yerda nonni qulogʻiga yeb yuribdimi debsiz. Obbo siz-ey. Ha, mayli. Toʻgʻirlasa boʻladi. Toʻgʻirlaymiz. Xoʻsh-sh. – u qoʻlyozmani stol ustiga shapillatib tashladi:
– Koʻzimga issiq koʻrinib turibsiz. Qaerdansiz, boʻtaginam?
– Men Surxondaryodanman, domla.
– E-e, shunaqami. Aytdimov. Oʻxshab turibsiz. Qalay, xurmolar pishib jatippa? Mazza qilib jeb jatipsizlarma? – dedi-da sharaqlab kulib yubordi.
– Ha, pishgan.
– Koʻtarib kelmabsiz-da. Bitta-bitta oli-ib, je-eb gurung qilardik, boʻtam.
– Uzr, domla, ertaga olib kelaman.
– Ha, mayli, hazillashdim. Oʻ-oʻ, sizlarda tandirni zoʻr qilishadi-da. Zoʻr, zoʻr. Xoʻsh-sh, boʻtaginam, demak kitob chiqarmoqchiman deng. Obbo siz-ey.
– Ha, domlajon. Sizlarning yordamingiz bilan...
– Boʻpti, boʻpti. Yordam qilamiz. Xoʻsh-sh. Kim boʻlib ishlaysiz oʻzi? Muxbirmisiz?
– He, yoʻgʻ-e. Duxturman.
– A? Duxtur? Yoʻgʻ-e. Glav vrachmisiz?
– Yoʻq. Oddiy... bolalar vrachiman.
– Obbo siz-ey. Kitob chiqarasizmi? He, boʻtaginam-ey. Oʻzingizni qiynabsiz-da. Tashvish, tashvish. Ha, mayli...
– Ha, endi domlajon, bir yordam qilsangiz deb... – Obbo, boʻpti. Yordam qilamiz dedim-ku. Lekin kitob chiqarish qimmat boʻlib ketdi-yu, a boʻtaginam. Oddiy vrach ekansiz, qanday boʻlarkan-a?! Men sizni bir katta kasalxonaning bosh vrachimi deb oʻylabman.
– Domlajon, endi oʻzingiz bir yordam qilib yuborasiz-da. Umidim sizdan...
– Xoʻ-oʻsh, – stolni cherta boshladi, – bu, bu, bu boʻladi. Xoʻ-oʻsh. – U koʻzlarini pirpiratib bir shipga, bir yerga qarab turdi: – Bu boʻladi 8 bosma toboq boʻladi. Toboqni bilasizmi? Osh yeydigan toboq emas. Xix-xix-xix-xi-xi-xi.
– Bilaman, domla. Endi oʻzingizdan qolar gap yoʻq. Sal yordam qiling-e. – dedim rangim oʻchib, chunki boshqa nashriyotlarda 4-5 bosma toboq deyishgan edi-da. «Oʻtdan qutilib suvga tutildim» shekilli deb oʻylanib qoldim.
– Yaxshi, yaxshi. Yordam qilamiz. Rangingiz oʻchmasin, boʻtam. Keling-e. Uzoq yerlardan kelibsiz. Sazangiz oʻlmasin. Boring-e. Ana 7 bosma toboq boʻlaqolsin. Boʻladimi, boʻtaginam.
– Sal kamaytiring-e, domlajon. Iltimos...
– He, yoʻq. Boshqa iloji yoʻq. Bizni ham tekshiradiganlar bor, boʻtam. Ha-a. Chatoq. Boʻmasa-ku, mayli edi-ya.
– Sal qayishing-e, domlajon. Nahotki endi ishim bitmasa. Yordam qiling...
– Xoʻsh-sh, – u meni eshitmayotgandek edi – demak 50 mingdan yettitasi qancha boʻladi? Hisob-kitobga qandaysiz?

Men qizarib yerga qaradim.
– Xoʻ-oʻsh. Bu boʻladi 350 ming – dedi u oldidagi kalkulyatorni chiqirlatib: – Mayli, keling. Yaxshi odam koʻrinasiz. Duxtur ekansiz. Elligini uchiramiz...

Indamay qoldim. Gapirishga majol yoʻq edi. Nihoyat oʻrnimdan turdim:
– Domla...

U menga tikildi:
– Xoʻsh, boʻtaginam, yana nima gap?
– Biroz yordam qiling-e. Jon domla. Sal arzonroq boʻlmasa mening ilojim yetmaydi oʻnchaga. Iltimos...
– Yoʻgʻ-e, – u menga tikildi va bosh chayqadi. – Obbo siz-ey! Axir qogʻoz qimmatda, boʻtam, qimmat. Oʻzingiz bilasiz qogʻoz Rossiyadan keladi. Oʻrmonlar oʻsha yoqda. Ular qimmatiga bergach, men nima qilay axir. Uf-f...
– Iltimos, domla. Yordam qiling. Oylikka yashayman. Uydagi sigirimni sotib pulini olib kelgan edim. Nasib qilsa, rozi qilaman soʻng...
– He, sizni qarang-u. Shunchalik ekan nima kerak edi shu tashvishlarning.
– Ha, endi bir shunday boʻlib qoldi-da. Men bunchalik boʻlishini bilmabman... Endi barcha umidim oʻzingizdan, domlajon. Boʻmasa, ketaman endi...
– Uf-f. – u stolni yana taqillatib xayol surib qoldi: – Boʻpti. Bu yerga oʻtiring, – deb menga joy koʻrsatdi. Yoniga borib oʻtirdim. Biroz ichim yorishganday boʻldi. Ishqilib noumid boʻlib ketmayin-da...

Xonada ikkovimizdan boshqa hech kim boʻlmasa ham uyoq-bu yogʻiga qarab qoʻydi-da, past ovozda qulogʻimga dedi:
– Boʻpti. Yordam qilaman. Juda rahmim kelyapti sizga. Keling-e. Bir savob qilsam qilayin-e. Boʻtaginam, men uch marta Arabiston borganman. Svyatoyman. Bizdan shu savoblar qoladi-da. Nima dedingiz?!
– He, shunday qiling-e, domlajon. Men ham xudo xohlasa, qaytararman. Rahmat-e.
– Xoʻ-oʻsh, gap bunday. Hozir borib hovlidagi gʻaznaxonaga 100 ming toʻlab kelasiz. Undan tashqari bizning ichki xarajatlarimiz va navroʻz kabi har xil tadbirlarimiz uchun menga 100 ming berasiz. Tushunarlimi, boʻtam. Ana shunday qilsak, siz ham kuymaysiz, biz ham. Boʻladimi?! Ana sizga yordam. Naqd 100 ming pul choʻntagingizda qolyapti. Ma’qulmi.
– He, rahmat-e, domlajon. Lekin shu-u, oʻzingizga beradiganini yana biroz kamaytirsangiz, degan edim.
– He-e, boʻtaginam, endi buyogʻi slishkom boʻldi-yu. Axir men oxirgi nuqtani aytdim-u. Oxirgisini... Endi, boʻtaginam, men sizga aytsam, yana kiradigan eshikni qattugʻ yopmaydi deganlar. Tak chto. Shunisiga ham rozi boʻlavering. Kerak boʻlsa, boshqa yerlarda oʻh-hoʻ-oʻ...

U labini chuchchaytib, koʻzlarini ola-kula qilib qoʻydi. Men uning oldidagi qoʻlyozmalarimni oldim.
– Ha, boʻtaginam?! Nima boʻldi?
– Hech narsa. Bu qoʻlyozmani sizga adashib beribman. Sizga kompyuterdan chiqqanini berishim kerak edi. Xozir...
– Obbo, siz-e. Boʻpti, boʻpti. Kompyuterda terilgan boʻlsa, judayam yaxshi. Oʻshani bering. I-i, shoshmang. Boʻtaginam, avval menga beradigan dolyani bering. Soʻng gʻaznaxonaga borasiz. Soʻng kelsangiz, yana ozroq, ish bor. Yordam beraman. Boʻlaqoling...
– Xoʻp, domlajon. Hozir. Pul tashqarida bir oʻrtogʻimning qoʻlida edi. Chiqib, olib kelay. Hozir...
– Ye, shunaqami? Obbo, siz puxta-ey. Ha, mayli. Tez obkeling. Men ham bir yerga borishim kerak edi. Siz uchun kechikib oʻtiribman-a. Tez boʻling...
– Xoʻp, xoʻp. Hozir kelaman...

– Men uning oldidan chiqdim-u, ura qochdim. Anchagacha toʻxtamay chopdim. Guyo toʻxtasam izimdan yetib kelib, «Boʻtaginam, mening dolyamni bermaysizmi?», deyayotgandek tuyulardi. Shundan beri nashriyotlarning yoniga yoʻlay olmay yuribman desangiz...