OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiBosh aybdor kim? (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bosh aybdor kim? (hajviya)
Safar Kokilov

Prezidium raisi majlisni ochiq deb e’lon qildi va birinchi masala yuzasidan ma’ruzachi Kamgap Kamsuxanovni minbarga taklif etdi.
– Oʻrtoqlar! ... Biz kvartal oxiridagi natijalarimizni koʻrib chiqib shunday xulosaga keldik. Xoʻsh-sh... – Kamsuxanov koʻzoynagini taqib, avval zalda oʻtirganlarga keyin qoʻlidagi qogʻozlarga koʻz yugurtib oldida, davom etdi:
– Birinchidan, manovi ishlarimiz mana bundoq, anovilari esa undoq boʻldi.

Koʻrsatkichlarni oldingi kvartaldagiga taqqoslasak na undoq deb boʻladi, na bundoq. Ahvol mana shunaqa. Menimcha, bu ishlarning shundoq boʻlishida oʻrtoq... qorovuldan tortib, haligiday, xammamizning aybimiz bor, shuningdek Falonchievning xam. Ishga sovuqqonlik bilan qaragan.Buni shunday qoldirib boʻlmaydi oʻrtoqlar. Xullas, mening gapim tamom. Savollar boʻlsa, marhamat.

Zaldagilar jim oʻtirishardi.
— Savol yoʻq, oʻtiring, – dedi rais va oʻrnidan turib murojaat qildi:- Shu masala boʻyicha yana gapiradiganlar bormi? Xoʻp, unday boʻlsa oʻrtoq Falonchievdan eshitamiz. Qani, marhamat. Siz bizga aytingchi, nega ishlaringiz undoq, mana bundoq emas?...
— Hurmatli oʻrtoqlar! – deb, prezidium a’zolariga burilib nutqini boshladi minbarga chiqqan tepakal, labi doʻrdaygan Falonchiev: – Hammasi toʻgʻri. Yuz foiz toʻgʻri. Agar Eslasangizlar shu masalani shaxsan oʻzim bir necha marta koʻtarib chiqqanman. Talabnomalarim ham bor. Bu ishlarning shundoq boʻlishida men shaxsan Pis... Pistonchievni aybdor deb hisoblayman. Ha, ha. Bundoq qilish kerak dedim, indamadi. Undoq qilaylik dedim, indamadi. Ishga qiziqmaydi. Oʻzidan undoq qilaylik, bundoq qilaylik degan tashabbus chiqmaydi. Mana natija. Endigi oydan bu masalani konkret hal qilib olmasak yana ishimiz shundogʻligicha qolaveradi. Chora koʻrish kerak, oʻrtoqlar...

U jim boʻlib bir raisga, bir zalga qaradi. Zalda birdaniga shovqin boshlandi. Hech kim turib sayul bermadi-yu, lekin... har biri oʻzicha; birov undoq desa, birov bundoq dedi. Falonchiev viqor bilan minbardan tushib zaldagi odamlarning oʻrtasiga borib oʻtirdi. Rais prezidium a’zolari bilan uzoq maslahatlashgach minbarga Pistonchievni chaqirdi. Ohori toʻkilgan qora papkasini qoʻltiqlab xoʻppa semiz Pistonchiev pildirab minbarga chiqib keldi.
– Aziz oʻrtogʻlar! Hamkasblar! – chiyildoq ovoz bilan gap boshladi u – Insonda oʻz-oʻzini himoya qilish instinkti boshqa hayvonlarga qaraganda kuchli rivojlanganligidan u oʻziga biror ayb qoʻyilsa, qutilish uchun ongli ravishda sababini darrov birovdan qidirib, oʻshanga agʻdarishga harakat qilar ekan. Buni «samazashita» deydi. Dokladchi ham, muzokoraga chiqqanlar ham undoq deb, bundoq deb oʻzlarini oqlab ketdilar. Toʻgʻri.Undoq deganda xam, bundoq deganda ham qisman aybim yoʻq emas. Boʻsh bayovmiz. Lekin bu degani hamma ayb menda degani emas-da, axir. Oʻrtoqlar Vaboshqalarov ishda sustkashlik qilsa menda nima ayb. Hali undoq qilish kerak, hali bundoq. Men esa bir oʻzimman. Insof bormi oʻzi? – U qizishib ketdi-da, prezidiumda oʻtirganlarga qoʻlini paxsa qilib baqirdi: – Sizlar oʻzi

qayoqqa qarayotibsizlar? Undoq boʻlsa ham Pistonchiev, bundoq boʻlsa ham Pistonchiev. Iye. Bu qanday gap oʻzi? Vaboshqalarovchi? Shunday odam borligini bilasizlarmi? Zahariga oylik olayottan ekanmi? Marhamat qilib tortsinda oʻz aravasini. Men... – u bir zum toʻxtab qoldi, koʻzlariga gʻiltillab yosh keldi: – Men, men... Nima, mening jonim temirdanmi? Undoq deysizlar, bundoq deysizlar. Har majlisda men aybdor. Faqat bogʻlangandi urari ekanda?! Yoʻq, men amamning buzogʻi emasman. Boʻldi. Tamom...

Birdan zal gʻuvillab, oʻtirganlar orasida shov-shuv boshlanib ketdi. Biri undoq, biri mundoq deyishardi. Rais stolni taqillatib, zalda oʻtirganlarni tartibga chaqirgan boʻldi.
— Jim, oʻrtoklar, jim! Majlis bu bozor emas. Hoy... Toʻgʻri, sizni ham tushunamiz,– dedi Pistonchievga qarab: – Lekin ishdagi kamchiliklarni kimdandir soʻrash kerakmi? Kerak. Shundoq ekan soʻraymizda nega undoq nega bundoq emas deb. Boʻpti oʻtiring. Odam degan har narsaga hafa boʻlavermaydi. Bu ish. Ishda esa issiq-sovuq gaplar boʻlishi tabiiy...
— Ey-y,–Pistonchiev jahl bilan qoʻlini siltab, minbardan tushib ketdi. Rais yana prezidium a’zolari bilan uzoq pichirlashib qoldi. Zalda oʻtirganlar ham gʻovur-gʻovur gapga tushib ketishdi.

Rais stolni taqillatdi.
– Oʻrtoqlar! Gapiradiganlar boʻlsa marhamat! Xoʻsh-sh?! Yoʻqmi? Ana shu-da. Minbarga chiqqingiz kelmaydi, oʻtirgan yerda bozor qilasiz. Jim. Qani, Vaboshqalarov bormi bu yerda? – rais zalga alanglab qaradi: – Oʻx~xoʻoʻ. Vaboshqalarov! Bir chetda oʻtirib uxlayotibsizmi deyman. Bu yoqqa chiqingchi. Nima gap oʻzi? Ishni na undoq qnlasiz, na bundoq qilasiz. Majlislarda esa oxirida uxlab oʻtirasiz...

Koʻzlari qizargan Vaboshqalarov rangi boʻzarib, lapanglab minbarga chiqdi. Doʻppisini olib boshini qashlagan boʻldi. Chuqur xoʻrsindi. Zalda oʻtirganlarni endi koʻrayotgandek hayron boʻlib uzoq tikilib qoldi.
– Gapiring-da endi. Nega vaqtni olasiz? – dedi prezidium a’zolaridan biri uning turishidan gʻashi kelib.
— Nimani gapiray?
— I-e. Osmondan tushganday boʻlasiz-a. Bir nima dengda. Undoq deng, bundoq deng. Axir protokolga bir narsa yozishimiz kerak-ku...
— A?! Xa-a... Shunaqami? Nima ham deyman. Eshitdik. Toʻgʻri. Yuqorida aytilgan barcha gaplarga men ham qoʻshilaman. Ishning chatoqlashishida bosh aybdor Falonchiev ekan. Chora koʻrish kerak, hiyolimda...
— Obbo, siz oʻzingiz haqingizda gapirsangiz-chi
— Nega endi? Dokladchilar oʻzi haqida gapirmadi-ku?! Falonchiev aybdor deyishdi, shekilli. Ha, aytmoqchi, qorovul...

Gap qorovulga oshib ketdi. Bahs uch soat davom etdi.

Vaboshqalarov qorovulni aybladi, qorovul Falonchievni Falonchiev Pistonchievni, Pistonchiev yana Vaboshqalarovni... va nihoyat, rais soatiga qarab shunday dedi: – Oʻrtoqlar! Birinchi masala juda jiddiyligidan mana besh soatdan beri undoq deb, bundoq, deb tortishib yotibmiz. Natija yomon boʻlmadi. Ishimizga toʻgʻonoq boʻlayotgan bosh aybdorning yashirincha ish koʻrayotganligi oydinlashdi. Ertaga soat oʻnda – majlis. Kun tartibi – Bosh aybdor kim?» Shuni aniqlaymiz va...
— Shundoq boʻlsin. – dedi zaldan kimdir.
— Bugungi majlisimiz kun tartibidagi ikkinchi va uchinchi masala...
— Taklif bor
— Xoʻsh, xoʻsh-sh?
— Indin va undan keyingi kundagi majlisda koʻrilsin.
— Shunday qilamizmi, a? Hamma rozimi?
— Voy, kun kech boʻldi. Bogʻchaga borishim kerak...
— Uyga kechiksam, erim urishadi...
— Bir chekib kelaylik. Tanaffus...

Rais stolni taqillata-taqillata e’lon qildi:
– Demak, ertaga soat oʻnda majlis. Tema dolzarb – «Bosh aybdor kim» Hamma tayyorlanib kelsin...

Ahli zal chapak chala-chala eshik tomon yugurishdi.