OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiBu yana oʻzimman (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bu yana oʻzimman (hajviya)
Safar Kokilov

Anchadan beri oʻylab yurgan hajviyamni oʻtgan kuni bir oʻtirishda yozib tashladim. Bu bir tashmachi toʻgʻrisida edi. U odam har kuni eshagining xurjuniga 100 litrlik yelim idishlarda solyarka ortib, qoʻshni respublikaga oʻgʻrincha yoʻllar bilan oʻtkazib sotib yurardi...

Hajviya rosa kulgili chiqdi. Ayniqsa, posbon quvlab, eshagi yiqilib, solyarka toʻkilib, tashmachining oyogʻi sinib, qoʻlga tushib turgan joyi juda kulgili. Yozganlarimni qayta-qayta oʻqib, qiqir-qiqir kulaman. Yarim tunda hajviyam esimga tushib, «xo-xo»lab yuboribman. Xotinim koʻzi qinidan chiqqudek boʻlib uygʻonib ketdi.
– Ha, ha. namuncha yarim tunda aygʻirdek kishnab yubordingiz?! Nima balo, tushingizda «Yaxshi niyat»dan Neksiya yutdingizmi? Oʻtakamni yordingiz-e, he oʻlmabsiz, – deb jerkidi u koʻkragiga tuflay-tuflay.
– Bir zoʻr hajviya yozuvdim, shuni eslab kulib yuboribman. Uzr, xotin.
– Ho-o, yoqmay oʻlsin. Sizga birovlarning ustidan kulish boʻlsa. Ja-a kulgili boʻlsa, anovi minatyurachilarga yuboraqoling, boshqalar ham kulsin.
– Þborardim-u, lekin avvalgi minatyurachilar yoʻq-da.
– Voy nega? Qayoqqa yoʻqolishibdi?
– Ba’zilari nafaqaga chiqishgan, qolganlari oʻzlarini reklamaga urishganmish...
– Nimani reklama qilishar ekan?
– He-e, nimani boʻlardi, toʻgʻri kelganini qilaveradi-da. Pampersmi, tampeksmi taglatta-yu kirsovunlarmi, farqi yoʻq, pul bersa boʻlgani...
– Unday boʻlsa, gazetaga beraqoling.
– Ular ham bosishmaydi.
– Ie, nega? Toʻrtinchi betga bosishardi-ku?!
– Hozir toʻrtinchi betga har xil reklama, toʻyxatlarni bosishadi. Hajviyadan nima foyda...
– E-e, shoshmang. Unday boʻlsa menga beraqoling. Ertaga oʻquvchilarimga beraman. Havaskorlik toʻgaragida intermediya qilishadi, – dedi nihoyat xotinim jonimga oro kirib.
– He yashavor, xotinjon. Shunday qil-e...
– Qani, avval oʻzim bir oʻqib koʻray-chi, – deb oʻrnidan turib chiroqni yoqdi.

Yarim tunda oʻqituvchiligi tutib ketib, koʻzoynagini peshonasiga qoʻndirdi-da koʻrpaning ustiga muk tushganicha qoʻliga qalam olib qoʻlyozmamni tekshiraketdi. Men esa issiq oʻrindan boshimni chiqarganimcha uni kuzatayapman. Hozir kuladi. Endi kulib yuboradi. Ana, ana boshlandi... Oʻzim esa undan oldin koʻrpani tishlab ovozsiz kulyapman, desangiz. Xotinim esa oʻqiyapti. Ogʻziga qarab turibman. Koshki bir tirjayib qoʻysa. Gazeta muharrirlariday savuqqon. Tavba?! Hajviyamni oʻqigan sayin qovoq-tumshugʻi osilib, koʻzlari qisilib, lablari choʻchchayib keta boshladi. Ie, bu yogʻi qandoq boʻldi endi?!
– E-e, bu hajviya emas tragediya boʻlibdi-ku. Bir bechora tirikchilik deb oyogʻini sindiradi-yu siz kulasizmi?! Boʻmaydi... – deb u qoʻlyozmamni otib yuborsa boʻladimi. Ustimdan koʻrpani otdim.
– Hoy, nega otasan? Undan koʻra bir shapaloq urib qoʻyaqol, – dedi qizarib-boʻzarib. Qarasam, xotinim ham qizarib ketyapti.
– Uraman ham. Vey chol, sizga necha marta aytaman, ovul-hamsoyani yozmang, deb. Sizning dastingizdan koʻcha-koʻyda bosh koʻtarib yurolmay qoldim-ku. Hamma «Eringiz meni yozibdi» deb ta’na qilgani qilgan. Tunov kuni tovuqboqar Misqol manqa ham tuxum olaman deb pul koʻtarib borsam, «Xendi sizlarga tuxum mermayman. Xeringiz xerimni miyonista deb yozibdi. Ichsa xuzimning mulimga ichadi-da. Nima haqi bor yozishga?!» deb rosa mingʻilladi
– He tuxumi qursin oʻsha manqangni. Mastni mast deydi-da.
– Siz shunday deyaverasiz-da. Gapni esa biz eshitamiz. Endi manovingizda ham yana qoʻshnilarni yozibsiz. Kimga kerak shu?!
– Qani? Kimni yozibman? Manovi qoʻshnilaring solyarkani velosipedda tashib sotishadi. Hajviyamda esa eshakda, farqi bor-ku...
– Mana, mana. Turdiev deb qoʻyibsiz-ku?!
– Obbo, shuyam gap boʻldi-yu. Ha endi, biron familiya qoʻyishim kerak-ku. Nomsiz boʻladimi?... Boʻpti. Oʻzgartiraman. Kel, ana, Toʻraev boʻlaqolsin.
– Ibi oʻlay, Toʻraev ikki uy naridagi usta-ku?!
– Nima qipti?! Usta solyarka sotmaydi. Qaytamga yaxshi-da... Ha, bor ana, Qurbonov boʻlaqolsin. Boʻldimi?
– E-e, nima deyapsiz? Qurbonov akam-ku. Hah siz-ey. Ichingiz qora-da. Bechora akamning bir-ikki quti qandolat oʻtkazib sotganini ham koʻrolmapsiz-a...
– Oʻzimizning rizqimizni chetga tashmalab sotganlar menga doʻst emas. Akang boʻlsa ham halol ishlab pul topsin...
– Voy-voy-ey. Oʻrgildim sizdaqa halol pul topuvchi nomi ulugʻ suprasi quruq haqiqatchidan. Halol pulga yashaganingiz uchun ham bolalar bir oyda bir marta goʻshtlik ovqat yemaydi-da... Uf-f... Oylik maoshga yashagandan soʻng goʻr boʻlarmidi. Yoshim ellikka kirib ham boʻynim bir tizim marjon koʻrmay oʻtyapti...

Qarasam, yarim tunda yana oʻsha eski mashmasha.
– Boʻldi, boʻldi. Diydiyongni bas qil-e, – xotinimning chakagini yopdim. – Mavzudan chetga chiqmaylik. Xoʻsh, unda nima deb qoʻyamiz? Oʻzing ayt boʻmasam.

Xotinim jimjilogʻining tirnogʻini kemirganicha shipga qarab, tashmachiga nom izlay ketdi. Soʻng birdan koʻzlari porlab:
– Topdim. Hayvonlarning nomini qoʻying, – dedi chiyillaganicha.
– Nima deb? Boʻriev debmi? – dedim esnoq tutib uvillaganimcha.
– Voy, yoʻgʻ-e, – u pashsha qoʻriganday qoʻlini silkitdi. – Boʻmaydi. Boʻriev maktab direktorimiz-ku. U bechora ham boʻsh vaqtlarida shalogʻi chiqqan «Moskvich»ida bugʻdoy oʻtkazib sotarmish...
– Ha-a, ana oʻshalarning kasriga bozorda bugʻdoy narxi osmonga chiqib ketdi.
– He qoʻying, dadasi. Koʻrolmay yozgan deb xafa boʻladi. Mening ishimdan qildan qiyiq axtarib qolmasin tagʻin...
– Unda Qoʻchqorov boʻla qolsin.
– Ie, anovi, oʻzlaringda zapravkachi boʻlib ishlaydigan odammi? Benzin oʻtkazib sotadi demabmidingiz. Qanday boʻlarkin-a?!
– Ha-ya... Boʻpti, kel, Doʻltaev boʻlaqolsin.
– Voy, nega endi? U togʻavachcham-ku?! Bechora yaqinda ikki tonna shakarini tamojnyaga oldirib qoʻydi. Kuyi-ib oʻtiribdi...
– Obbo Doʻltavoy-ey. Axiri qoʻlga tushibdi-da. Bosar-tusarini bilmay qoluvdi-ya... Ha mayli, unda asbob-uskunalardan qoʻyamiz. Boltaev boʻla qolsin. Bol-taa-eb. Zoʻr-a?!
– Atay shunday qilyapsizmi? Tilingizga faqat mening urugʻlarim keladimi? Oʻzingizning anovi, xitoydan «adnarazoviy» shara-bara opkelib sotadigan urugʻingizni nega yozmaysiz? Boltaev boʻlam boʻladi-ku?!
– Ie shunaqami? Uzr, uzr. Boʻlang ham koʻp-da oʻziyam. Bu qaysi biri edi?
– Voy, nega bilmaysiz? Ha-a, ana shunaqa-da. Menikilar bilan bordi-keldi qilmagach, goʻr boʻlarmidi... Esingizdami, hu-u bir marta melisa quvdi deb uyimizga bir moshin oq yogʻ bilan qochib kirgan edi-ku. Oʻsha-da...
– Oʻshami? He turqi qursin oʻsha boʻlangni. Oʻshanda mahalladagilar bizni ham tashmachilik qilar ekan, deb gumonsirab qolvudi-ya...
– Koshki edi shunday boʻlsa. Birimiz ikki boʻlib qolarmidi haligacha. Odamlar shu tashmachilikdan boyib, uy quryapti, mashina olyapti...
– Obbo. Muallim boʻlsang ham baribir xotinligingga borasan-da, xotin. Koʻpam oʻsha harom pul topuvchilarga havas qilavermasang-chi. Uning oxiri voy. Shu oylikkinangga yashab turganing gʻanimat. Och qornim – tinch qulogʻim...
– Uf-f... Shundayku-ya. Lekin ba’zan ularning shohona yashashini koʻrib kuyunib ketasan-da kishi. Unga yarasha oylik oʻlgurni ham vaqtida olomayapmiz...
– He-e, koʻpam kuyunaverma. Kelajakda bari yaxshi boʻlib ketadi. Kelajak buyuk...
– Ishqilib, oxiri baxayr boʻlsin-e...
– Ha, bu boshqa gap. Ammo-lekin yana chalgʻib ketding-a. Xoʻsh, nima deb qoʻyamiz manovi tashmachining nomini?
– E-e, yana boshladingizmi?! He bilganingizni qoʻying-e, Toshmirzami, Eshmirzami deb qoʻyaveringda-e... Auuff... – shunday deb xotinim koʻrpani boshiga tortdi.

Mening esa uyqum qochdi. Doim shunaqa. Hajviyamni avval xotinim oʻqiydi va albatta biron kamchilik topadi. Soʻng uni toʻgʻirlayman deb meningg halovatim yoʻqoladi. He-e nimasini aytasiz. Mana, bir oʻrim sochi ajdardek oʻralib, xotinim allaqachon uyquga ketgan. Men esa hali ham tashmachi qoʻshnimga tuzukroq nom topolmay, «Yozsam yomon koʻrarlar, yozmasam armon» deb, oq qogʻozga tikili-ib oʻtiribman.

Birdan uyqudagi ajdar toʻlgʻondi. Xotinim uyqusirab gapirindi:
– Oʻzingizning nomingizdan qoʻyaqoling.
– A?!

Ha-a. Ana shunaqa. Bizning uyqudagi goʻzal uyqusida ham aqlli gaplarni aytib yuboraveradi. Tan bermay iloj yoʻq. Boʻpti. Shunday boʻlaqolsin. Ana endi hech kim mendan xafa boʻlmaydi. Oʻzimdan boʻlak... Qulogʻim tagida odamlarning «Komilov yana oʻzini oʻzi hajviya qilibdi-ya» deb qah-qah otib kulishayotgani eshitilgandek boʻldi...

Ha, bu yana oʻzimman, oʻzim.