OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Safar Kokilov. Churra (hajviya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiChurra (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm33KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Churra (hajviya)
Safar Kokilov

Kechqurun. Xonada oʻrta yoshlardagi pakana, qiltiriqday tepakal Toʻlaboy bilan gavdalik, semiz gajakdor xotini Xipchagul televizor tomosha qilib oʻtirishibdi. Oʻrtadagi xontaxta ustida bir-ikki boʻlak non va choynak-piyola. Har zamon Xipchagul choynakdan piyolaga quyib ichayotgani – dogʻ suv. Toʻlaboy televizorga qaraganicha soʻraydi:
– Kampir. Shunday qilib kechqurun roʻza tutamiz shekilli-a?!
– Bugun ovqat yemaymiz, dedim-ku. Dogʻ suv bilan qotgan non ham boʻlaveradi. Chidang. Odamlar bir oy roʻza tutishadi-yu. Siz ham chidang, axir. Ikkinchidan, meni hadeb kampir, deyavermang. Nima, koʻzingizga shunchalik qari koʻrinyapmanmi?
–Yoʻgʻ-e, xotinjon. – Toʻlaboy xotinga qarab. – Hali qizday-san. Lekin shu, koʻngil sal ozganday boʻldi-da. Qorin ochiqqanda kalla ham ishlamay qolarkan, kampirjon, e-e, xotinjon.
– He, aljimay, keting, chet ellarda odamlar haftasiga bir kun och yurarmish. Ham sogʻliqqa foyda emish, ham choʻntakka. Chidang siz ham.
– Eh-he-e. Ularga yetguncha gap koʻp. Biz endi rivojlanayapmiz. Ungacha yeb turaylig-e.
– Yoʻk, yoʻq. Aytdim-ku sizga. Hadeb gapiraverasizmi. Bugun bir soʻm ham daromad boʻlmadi. Buromad ham boʻlmaslik kerak. Haligina kelishgan edik-ku. Yana plastinkani qayta qoʻyayotibsiz-a, dadasi. – xotinning qoshi chimirildi: – Anovi soliqchi shtraf qilib ketmaganda, kechga qoʻy dumbadan solib, dimlama qilmoqchi edim. Nasib qilmagan ekan. Chidaysiz endi.
– He, sen ham shu doʻkoningni hujjatlashtirib qoʻymading-da. Necha bor aytdim-a.
– Voy, doim shunaqa boʻlibdimi? Bir adashib keldi-keldi-da. Mashinangning baloni teshilib, sarson boʻlgur. Hozir koʻpchilik shunaqa yashirin doʻkon ochgan-ku. Nalog toʻlashmaydi, dadasi.
– Baribir bir kun qoʻlga tushadi. Shundan koʻra...
– He, ishingiz boʻlmasin. Ertaga nasib qilsa bugunning ham oʻrnini toʻldiraman.
– Toʻgʻri aytasan, xotinjon. Mening ham koʻnglim sezib turibdi. Toʻldirasan. Tur. Biron narsa olib kel-e.
– Ho-o, yana ayniyapsiz. Yetimingizni topibsiz. Men kun boʻyi doʻkonda oyoqda tik turib, bir soʻmlab topsam-u, bu kishi yoti-i-ib yesalar-a. Voy tekinxoʻr-ey.
– Ye. Ye, xotinboy. Vaqtida sen ham biznikini yegansan. Raypoda ishlagan vaqtlarim-chi. Vagondan yuk tushirganmizda, har kuni 5-6 kilollab oʻsha tushirgan narsadan uyga opkelardim-ku; shokoladmi, konfetmi, guruch-shakar deysanmi. Esingdan chiqdimi? Endi ishga yaramay qolganimda oʻzingnikini minnat qilyapsan-a. He, qoʻy-e. Yaxshi emas, noshukurlik. Bir paytlar roʻzgʻorni men tebratganman-ku. Endi davr sen xotinlarga tegib qoldi-a.
– He, oʻtganni eslatmang. Endi foydasi yoʻq.
– Nima qilay, axir. Sogʻligim boʻlsa-ku, hali ham koʻchaga chiqib ketardim-a. Doʻkonda oʻtiray desam, rashk qilib, qoʻymaysan.
– Toʻgʻri-da. Koʻzingiz oʻtgan xotinning koʻkragida, bir irshanglasa doʻkonni tekinga bervorasiz. He, oʻlmabdi. Oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq, degani chin. Qoʻying. Siz uyda oʻtiravering.
– Na isiqqa chidaysan, na sovuqqa. Boʻpti-e. Tortishgandan na foyda. Undan koʻra tur, biron tuxum chaqib, qovurib kelaqol-e, xotin.
– He, bilganingiz ovqat ekanda. Boʻldi-e. Yana gapirsangiz urishib qolamiz.
– Ye, shunaqami? Ha, mayli. Biz pas...

Ular jimib qolishdi. Televiziorda ona, farzandlar toʻgʻrisida telefilm boʻlyapti. Qarab oʻtirgan Xipchagulning koʻngli buzilib, yengi bilan koʻzini artadi.
– Uf-f. Bir qishloqda turib, bittayu-bitta qizimni borib qoʻrolmayman. Oʻzi ham kelmay qoldi. Anovi ziqna qaynonasi yubormayotganda. Oʻl-e. Mendan ham qattiq ekan-e. Hoy, dadasi. Qizimizni bir koʻrib kelmaymizmi?
– Ye. Shu tobda-ya. Kech boʻlmadimi?
– Voy uzoqmas-u. Qishloqning narigi cheti, qancha oʻzi. Bir qadam. Boraqolaylik. Kunduzi doʻkondan boʻshamayman, yuring.

Toʻlaboy devordagi soatga qaradi.
– Soat ham 7 boʻlibdi. Borsak, yaxshi boʻlardi-ya. Shu bahonada qudanikidan qorinni zapravka qilib qaytardik.
– Obbo. Bilganingiz qorin. Oʻzim aytmasam, qizim bor demaysiz. Qanday otasiz oʻzi.
– Qizingga nima qipti. Yurgandirda oʻzi bilan oʻzi. Boʻpti. Yur, borsak boramiz. Men mashinani yoqay boʻlmasa.
– He, nima kerak. Bir qadam yerga benzinni isrof qilib. Piyoda-piyoda, gangir-gungur qilib boraveramiz-da. Piskultura boʻladi, dadasi...
– Boʻpti. Sen nima desang, shu-da, xotin janoblari. Ketdik.

Er-xotin kiyinishib, koʻchaga chiqishadi.

Atrof qorongʻi. Qishloq tosh koʻchasining har yeriga qoʻyilgan simyogʻochlarda elektr lampalari xira nur sochib turibdi. Osmonochiq. Oy koʻrinmaydi. Yulduzlar miltiraydi. Toʻlaboy oldinda, orqada Xipchagul – ketishyapdi.

Koʻchaning bir qorongʻiroq joyida katta koʻlmak suvga duch kelishadi.
– Toʻxta. Suv bor ekan. Kimdir tomorqasiga suv quyib, koʻchani ham bostirib yuboribdi-da. Chuqurga oʻxshaydi. Bu yerdan oʻtib boʻlmaydi. – deydi Toʻlaboy engashib koʻlmakni tekshirgan boʻlarkan.
– Voy, endi nima qildik. Yaqin qolvudi-ya.
– Nima qilardik. Kechib oʻtamiz-da. – deb Toʻlaboy oyogʻini yechib, pochasini shimara boshladi.
– He-e, men suvga tusholmayman. Bodim bor-ku. Pochkam ham ogʻriydi.
– He, seni qara-yu. Pochkang ogʻrisa, mashinani minib chiqish kerak edi-da. Qoʻymading-ku. Haliyam qaytib borib, mashinada kelaqolaylik.
– Eh-he, qoʻying-e. Ana, kep qoldig-u. Dadasi, yaxshisi oʻzingiz meni koʻtarib oʻtkazaqoling.
– Seni-ya?! Ye. Qanday qilib?
– Shundoq yelkangizga minib olaman. «Xoʻ-oʻp» deb oʻtkazib qoʻyasiz. Keling endi. Bir koʻtarsangiz koʻtaribsiz-da. Shuncha vaqtdan beri sizni koʻtarib yuribmiz-ku. Oʻlmagan bizning jonimiz...
– Mayli-kuya. Lekin mazam yoʻq-ku. Oʻzing bilasan...
– He, ordona qolsin. Sizning shu bahonangiz ham doim oʻzingiz bilan. Nima qilamiz boʻlmasa.
– Ha, mayli. Kel, kel. Lekin aytib qoʻyay. Sen hozir avvalgidan ham semirgansan. Tagʻin...
– Voy, unday demang-e. Koʻzingiz tegadi-ya. Oʻzi shundayiga ham ancha et oldirib qoʻydim. Qani, engashing...

Toʻlaboy sal engashdi.
– Kel-chi.

Xotin «yo pirim» deb, erining boʻynidan quchoqlab, beliga sakrab minib oldi. Toʻlaboyning beli mayishib, gandiraklab ketdi. Kuchanib, suv ichiga bir qadam tashlab kirgan edi-ki, qornidan pasti qattiq ogʻrib, bir narsa ichkaridan «tirt» etib yirtilganday boʻldi. Toʻlaboy «voy» deb, choʻkkalab qoldi. Ogʻriqdan koʻzi tinib ketdi. Xotinning oyogʻi suvga botdi.
– Voy, nima boʻldi? Yuring endi. Hozir suvga yiqilaman. – deb Xipchagul erining boʻyniga battar yopishdi.
– Tush. Tush deyman. Voy, qornim. – deb ingrandi Toʻlaboy.
– Voy, bir pastda-ya. Darrov nima boʻldi? He, sizni qarang-u, – deb xotini suvga shaloplab tushdi; – Voy, voy, buncha sovuq, – deganicha yugurib, orqaga qaytdi.

Toʻlaboy hali ham suv oʻrtasida bukchayib turardi.
– Dadasi, chiqing endi, – dedi Xipchagul yoʻl chetiga oʻtirib, kalishini yechib, suvini toʻkarkan: – Qaeringiz ogʻriyapdi?
– Qornimdan pasti. Churram, churram yorilib ketdi-yov. Qattiq ogʻriyapdi. Voy, voy...
– Obbo, necha bor aytdim sizga. Shu oʻlgurni oldirib tashlang deb. Oʻn yildan beri oshqovoqday osib yurasiz-a.. He, savil qolsin. Endi nima qilamiz?
– Voy. Voy. Im-m-m. Uyga qaytmasak boʻlmaydi.

Toʻlaboy suvdan chiqib, bukchayganicha uyi tomon bir-bir bosib yura boshladi.
– Uf-f. Voy, jonim. Qattiq ogʻriyapdi.
– Endi qaytamizmi, dadasi?
– He, bu ahvolda mehmonga borib boʻladimi. – dedi Toʻlaboyning ogʻriqdan afti bujmayib. Xipchagul erining tuflisini oyogʻi ostiga otadi:
– Boʻpti. Manovini kiyib oling. Oyogʻingizdan yax oʻtib, qolgani ham shamollab qolmasin, dadasi...

Toʻlaboy bukchaygancha oldinda, orqada xotini sekin-sekin yoʻlda necha bor dam olishib, uyga qaytishdi, uyda Toʻlaboyning ahvoli battar ogʻirlashdi. Bezovtalanib qoldi: yotadi, turadi, har zamon «voy, voy, oʻlaman» deb qoladi.
– Dadasi, odamni qoʻrqitmang-e. Oldinlari hech bunday qilmasdingiz-ku.
– Avvallari churramni bossam ichkariga qaytib kirardi. Endi qaytmayapti. Kattarib ketgan. Yorildi shekilli. Doʻxtir ham ehtiyot boʻling, degan edi. He, xotin-e. Hammasiga sen aybdorsan. Mana niyatingga yetding. Endi oʻlaman. Qutilasan, mendan.
– Voy, unday demang. Men nima qipman. – Xipchagul yigʻlagan boʻladi.
– Nima qipman deysan-a. Mashinani minib borganimizda-ku shuncha gap yoʻq edi. Yana tagʻin ustimga minib olganing-chi. Eshakka minganday...
– Asta mindim-ku, dadasi. Man qaydan bilibman.
– He, minmay oʻl. Voy, voy, jonim. Endi oʻlaman. Uf-f. Yuragim toʻxtab qolayotir. Im-m-m...
– Voy, unday demang-e. Siz oʻlsangiz, men nima qilaman. Odamni qoʻrqitmang, dadasi.
– Qutulasanda mendan. Pullaringni quchoqlab yotaverasan. Koʻngling tusab qolsa, oʻsha pullaringga mendan tuzuk er ham sotib olasan. Kattasidan. Voy, voy-ey...
– Ogʻzingizni yel olsin-ey. Unday demang-ey. Sizsiz menga pul ham kerakmas, mashina ham. Siz oʻlmang, dadasi. Hali yaxshi boʻlasiz. Biron chorasi bordir. Nima qilay, ayting. Nima qilay?
– Voy, voy, qornim. Oʻl qil. Dard qil. Tez yordam chaqir. He, onangni...

Xipchagul yugurib chiqib qushni xonadagi telefondan «03»ni terar ekan mingʻilladi:
– He, churra boʻmay har narsa boʻgur. Uf-f. Endi yana chiqim boʻladiganga oʻxshaydi-da. Chiqimning yuzi qursin-e. E, xudoyim, men qilaman oʻttiz, sen qilasan toʻqqiz. Menda qasding bormi oʻzi? Gunohim nima? Qayoqdan ham shuning ustiga mindim-a. He, qiz koʻrgani bormay men oʻlay. Allo. Tez yordam-mi bu?

* * *

Tez yordam boʻlimi. Navbatchi boshqaruvchi xonasi. Stol ustida jurnal, telefon apparatlari, mikrofon. Oq qalpoq, xalat kiygan yigit esnab oʻtiribdi. Yonida yana bir feldsher nimanidir yozib oʻtiribdi. Telefon jiringlaydi. Boshqaruvchi goʻshakni oladi:
– Da, tez yordam eshitadi...

Soʻng birdan baqiradi:
– Yana senmisan? Qoʻy trubkani. He, ahmoq. Hozir borib, qulogʻingni kesaman.
– Kim ekan? – deydi yonidagi feldsher yozuvdan bosh koʻtarib.
– He, bir yosh bola. Halitdan beri 5 marta telefon qildi.
– Nima deydi?
– Oʻynayapti-da. Mushugim kasal boʻlib qoldi deydimi-ey. Tez yordam yuboring emish. Voy axmogʻ-ey...

Shu payt yana telefon jiringlaydi. Boshqaruvchi goʻshakni olib, tinglamasdan baqiradi:
– Qoʻy, deyapman senga, trubkani. Qoʻyasanmi, yoʻqmi. Rosa jonga tegding-ku. He... basharang qursin. Padaringga la’nat, tarbiya koʻrmagan. Hozir borsam koʻzingni oʻyaman-a. Qoʻy trubkani...

U shunday deb goʻshakni sharaqlatib joyiga quydi.
– Uf-f. Juda jonga tegdida. Bularga tez yordam oʻyin boʻlib qolgan-a. Anovi kuni ham bittasi shunday deb, rosa oʻnnatdi. Sigirimiz xomilador, tugʻayapdi. Tez kelinglar deydi.

Biroz oʻtmasdan yana telefon jiringladi. Boshqaruvchi goʻshakni olsammi yoki yoʻqmi deganday biroz oʻylanib qarab turdi-da, goʻshakni koʻtardi:
– Da, tez yordam eshitadi. A?! Ye. Ye. Yoʻgʻ-e. Opa, opa. Baqirmay gapiring. Soʻkinmang-e. Kim soʻkindi? Yoʻgʻ-e. Biz soʻkinmaymiz. Sizni emas. Men emas. Opa. Xoʻp, xoʻp. Kechirasiz. Obbo. Opa, biz soʻkinmaymiz. Boshqa yerga tushgandirsiz. Ha, bu tez yordam. Boʻpti. Ayting. Nima xizmat bor? Bemorning ismi-sharifini ayting...

Telefonning u tomonida Xipchagul baqiradi:
– Allo. Bu tez yordammi? Ye. Voy basharang qurgʻur-e. Hoy, kimni soʻkayapsan? Nega soʻkinyapsan? Xalitdan beri tilpon kilaman, goʻshakni koʻtarmaysan. Endi esa oʻzingdan-oʻzing soʻkinasan. Xoy bola, oʻzingning koʻzingni oʻyib qoʻymay tagʻin. Nima, onangning uyida oʻtiribsanmi? Hoy, bu tez yordammi oʻzi? Ha, shunaqa boʻlsin. Bizga skori kerak. Tez yordam. Boʻl tez, He, sandaqa...
– Ayting opa. Bemorning ismi-sharifi, yoshi.
– Toʻlaboy Valiev. 48 yosh. Olmazor, 18-uy. Tez yubor. Tez, tez boʻl...
– Bemorga nima qilgan?
– Hoy, ezma churuk. Nima qilganini kelib bilasan. Tezroq yubor, duxturingni.
– Opa, kasaliga qarab mutaxassis yuboraman-da. Akusherka yuboraymi, boʻlmasa?!
– Yoʻq. Voy, erim tugʻmaydi. Churrasi ogʻrib qoldi. Churra duxturini yubor-e.
– Churra? Churra duxtur?
– Ha, ha. Qisilib qoldi. Yorilib ketgan. Tez yubor, deyapman. He, ezilmay oʻl-e.
– Xoʻp, opa, xoʻp. Baqirmang-e. – deb boshqaruvchi goʻshakni taraqlatib qoʻydi:
– Tovba. Buncha baqirmasa bu xotin. Ye, churra boʻlsa churrada. Koʻrichak emas-ku, vaxima qilgali. Tavba.

Boshqaruvchi jurnalga yozib boʻlib, yonidagi feldsherga kulib qaradi:
– Churraga borib kelasizmi?

Feldsher burnini jiyiradi:
– He, yoʻqot-e. Janjalkash xotinga oʻxshaydi. Borgandan soʻngyoqamdan olsa-ya. Anovi yangi kelganni yuboraqol, ish oʻrgansin. Bizga biron tuzukrogʻi tushsa, qarashasanda. Daromad boʻladiganidan...
– Gap yoʻq. Eriysiz-da. – deb qoʻydi boshqaruvchi va oldidagi mikrofonga gapirdi:
– Feldsher Olimov, haydovchi Oltiboev chaqiriqqa chiqinglar. Shoshilinch. Tez, tez. Bemor Toʻlaboy Valiev. 48 yosh. Olmazor koʻchasi, 18 uyga. Tez boringlar...

Birozdan soʻng koʻchaga chiqayotgan tez yordam mashinasiga qararkan derazadan baqirdi:
– Hoy, Oltiboev, tez-tez, haydang. Bemor ogʻir. Obbo, buning imillab haydashini qarang. He, Toshbaqaev-ey. Kechikib boraver-chi, kuningni koʻrasan.

* * *

Toʻlaboyning hovli eshigi oldiga tez yordam kelib toʻxtadi. Yoshgina, qiltiriqday feldsher katta chamadon koʻtarib tushdi. Eshik oldida Xipchagul qovogʻidan qor yogʻib turardi.
– Voy-boʻ-oʻ. Namuncha kech kelyapsizlar. Bir soat boʻldi-yu chaqirganimga. Kuta-kuta kasal ham oʻlib boʻldi-ku...

Duxtur toʻxtab qoldi.
– A? Oʻldi? He, bechora-ey. Dardi ogʻir ekan-da. Nachora. Biz ham xizmatdagi odam. Chaqiriqlar koʻp. Navbat bilan kelyapmiz-da... – deb iziga qayta boshladi.
– Hoy, qayoqqa? – Xipchagul uning oldini toʻsdi.
– Ha, endi oʻlgan boʻlsa, nachora, amma. Bandachilik...
– Ye, nega oʻladi? Ogʻzingizni yel olsin-e. Erim tirik. Kuta-kuta oʻlsa nima boʻlardi deyapmanda. He, tovba. Ana uyda yotibdi. Koʻring-e...
– E-e, shunday demaysizmi, amma. Odamning kapalagini uchirdingiz-ku. Qani boshlang. Koʻrsating bemorni.

Feldsher bilan Xipchagul uy ichiga kirishdi. Karavotda gʻujanak boʻlib yotgan Toʻlaboyning oyoq uchiga oʻtirgan feldsher uning yelkasidan tortdi.
– Amaki, qani menga qarang-chi. Nima boʻldi?
– He, maza qochdi-e, duxtur. Voy, voy...
– Nega qochadi? Qayoqqa qochadi?
– Bilmadim, duxtur. Toʻsatdan shunday boʻlib qoldi. Toʻgʻrisi bu ilgaritdan bor edi. Doʻxturlar anaqa degan. Xaligi. Provostron paxamoshin grishami-ey, deyishgan edi-da...
– Ha-a. Grisha emas, grija deng. Churra-da. Dabba ham deyishadi. Xoʻsh, xoʻsh. Keyin-chi?
– Oʻshanim avval mayda edi. Birdan kattarib, ogʻrib qolsa boʻladimi. Qisildimi, yorildimi, bilmadim. Yomon ogʻriyapdi-da, duxtur. Yordam qiling...
– Oʻzidan-oʻzi boʻlmagandir. Biron ogʻir narsa koʻtargandirsiz-da?

Toʻlaboy xotiniga qaraydi. Doʻxturning orqasida turgan Xipchagul «aytmang» deb, qoʻli bilan ishora qiladi.
– Ha, bir ogʻir toʻnkani koʻtaraman deb edim.
– Obbo, siz-ey. Nima kerak edi shu. Tinch yurmaysizmi. Mana endi oʻzingiz qiynalyapsiz. Sizga qoʻshilib mana, ammam bezovta. Men ovora, Oltiboev ovora. He, sizni qarang. Buning bari xarajat, axir...
– A? Xarajat? – deb seskanib tushdi Xipchagul.
– Ha-da. Davlatning benzini ketyapdi. Mashinaga zapchas, dori-darmon degandek. He, sizni qarang-u. Hay, mayli. Qani koʻraylik-chi. – deb duxtur Toʻlaboyning ishtonini pastga tortmoqchi boʻladi. U ikki qoʻllab lippasiga yopishdi:
– E-e. Doʻxtur. Uyat boʻladi-e.
– Ha? Ye. Koʻrmasak qanday davolaymiz. Yeching ishtonni...
– He, nimasini koʻrasiz. Churra-da. Hoy, xotin sen qarama, qoʻrqasan. – deb Toʻlaboy noiloj ishtonini qoʻyvordi. Xotini labini burib teskari oʻgiriladi. Doʻxtur ishtonni tushurmasdan, rezinkasini choʻzib, engashib ishton ichiga qaraydi.
– Oʻx-xoʻ. Churramisan, churra-ku. Tarvuzday boʻlib ketibdi-ya.
– Ilgari noskadiday edi.
– Endi buni operatsiya qilinmasa, boʻlmaydi. Sizni kasalxonaga olib ketaman.
– Doʻxtur, avval biron ukol qilmaysizmi? Juda ogʻriyapti. Chiday olmayman.
– Ixm. Qilsak ham boʻladi. Boʻpti. Hozir. Hozir, – doʻxtur sumkasining ichini titkilaydi. Soʻng Xipchagul opaga qaradi.
– Opa. Mabodo sizda bir martalik shprits topilmaydimi?
– Yoʻq. Nimaydi?
– He, shu akamga bir ukol qilay dedim-da.
– Oʻzlaringizda boʻlmaydimi?
– Oʻzimizda bor-ku-ya. Lekin mana bunaqa, koʻp marta ishlatiladigan. Ignasi ham oʻtmas, uchi qaytib qolgan-da. Akani qiynaydimi deyman...
– Yoʻgʻ-e, bir martalikdan qiling-e. – deydi Toʻlaboy koʻzini ola-kula qilib.
– Bir martalik shprits oʻzimda bor, lekin pullikda. Birov-yarimning hojatini chiqaraman deb aptekadan sotib olganman...

Feldsher shunday deb, bir Xipchagulga, bir bemorga xijolatomuz qaraydi.

Xipchagulning qoshi chimrildi:
– Voy, voy, nima deyapsiz. Doʻxtur. Tez yordam bepul-ku?!
– Ha, toʻgʻri, xizmatimiz bepul. Lekin shprits pullikda, amma. Oʻzimniki-da.
– He, ukol qiling-e, doʻxtur. Tez boʻling, ogʻriyapdi. Xotin, pulini ber-e. – dedi Toʻlaboy ogʻriqdan afti bujmayib.
– Boʻpti. Qiling ukolingizni. Pulini olasiz. – Xipchagul zarda bilan bir eriga, bir doʻxturga qarab jerkindi. Doʻxtur choʻntagidan shprits chiqardi. Soʻng yana sumkasini titkilay ketdi. Izlaganini topolmadi shekilli, yana Xipchagulga qaradi:
– Amma. Sizlarda ogʻriqni qoldiradigan Analginmi yoki Nosh-pami topilmaydimi?
– He, ammalamay oʻl-e. – Xipchagul baqirdi: – Nima deyapsan oʻzi? Hamma dori oʻzimdan chiqsa, seni chaqirib nima qilaman? Nega kelding doring boʻmasa?
– He, qizishmang, amma. Qizishmang. Hech narsamiz boʻlmasa ham baribir kerakmiz. Hech boʻlmasa tekinga kasalxonaga oborib tashlaymiz-ku. Taksi bilan borsangiz falon pul. Biz esa tekinga...
– Obor, obor, oʻsha bolnitsangga. Tez boʻl. Dadasi turing, yuring. Oʻsha yoqqa boraylik. Bundan foyda yoʻq. Tez yordam emish tagʻin. Dorisi boʻmasa, shpritsi yoʻq. He, oʻl-e...
– Xotin, yurolmayman. Oʻziniki boʻlsa ham ukol qilsin. Voy. Voy, jonim...
– Hoy, duxtur, oʻzingda boʻlsa qil-da. Nega baqrayib turibsan. Olasan pulini. Boʻl. Qil ukolingni. – deb yana baqirdi Xipchagul va yoqasidan bir dasta pul chiqarib, bitta 200 soʻmlikni feldsher oldiga tashladi: – Ma, zaxaringa ol. Tez qil, ukolingni...
– Xoʻp. Xoʻp, amma. Siz qizishmang. Hammasi yaxshi boʻladi. Hozir ukol qilamiz. Akamiz tinchiydi-qoladi. Hozir, hozir...

Feldsher yigit shunday deb, choʻntagini uzoq kovlab bir ampula dori chiqardi. Ukol qildi. Soʻng sumkasini tezgina yigʻishtirib:
– Qani, ketdik boʻmasam, amaki. Kasalxonaga borguncha ogʻriq ham bosiladi. Yuring, – deb Toʻlaboyning koʻltigʻidan siltab koʻtardi. Toʻlaboy «voy, voy»laydi. Xipchagul bilan feldsher yigit Toʻlaboyni sudraganday qilib tez yordamga chiqarib yotqizishdi.
– He, sal oʻzingizni tuting-e, dadasi. Uf-f. He, churrangiz ham qursin-e. – deb Xipchagul erining yoniga oʻtirdi.

Tez yordam yoʻlga tushdi.

* * *

Atrofga tunning qora toʻni yopilgan. Osmonda yulduzlar miltiraydi. Yoʻlda zogʻ yoʻq. Haydovchi allaqanday ashulani xirgoyi qilib, mashinani sekin-sekin haydab ketmoqda. Feldsher mudraydi. Bemor inqillaydi. Xipchagul bezovta. Haydovchining yelkasiga turtadi: – Xoy, shopir. Qovogʻariday gʻoʻngʻillamasdan, aravangni tezroq hayda. Erim bezovtalanayapdi.
– Aytib qoʻying, tinch yotsin. Hali uzoq. – deydi Oltiboev orqasiga qaramasdan, beparvo ohangda.
– Ye, nima deyapsan oʻzi? Senga tez hayda deyapman. Muncha toshbaqaga oʻxshab imillaysan.
– Haydayotibman-ku. Yana qanday hayday. Buncha baqirmang-e, kar emasman...
– He, Tez yordamga oʻxshab hayda-da. Erimning ahvoli ogʻirlashyapdi, axir. Bu yurishingda kasalxonaga yetguncha bemor oʻladi-ku. Hayda. Hayda tezroq.
– Baqirmang, baqirmang. Haydaganim shu. Nima, sizning eringizni deb, endi avariya qilaymi.

Feldsher koʻzini ochib, haydovchiga qaraydi.
– Nima gap?
– He, bu opamga mening haydashim yoqmay qopti.
– Yoqmaydi-da. Toshbaqa. Tez-tez hayda deyapman senga. He, shopir boʻlmay oʻl-e, – deb haydovchining yelkasiga mushtlaydi. – Agar erimga bir narsa boʻlsa, boʻyningni uzaman. Tez haydasanmi, yoʻqmi?
– He, nega urasiz. Haydayapman-ku. Tavba. Sirena-migalkani yoqib qoʻygan boʻlsam. Oltmish tezlikda uchib ketayotgan boʻlsam. Yana qanday hayday? Rosa janjalkash ekansiz-ku. Chidamasangiz ana, taksida boring-e...
– Tezroq haydang, Oltiboev. Janjalni koʻpaytirmang. Bemorning ahvoli ogʻir. – dedi feldsher ham haydovchiga ta’na ohangida.
– Doʻxtur, oʻzingiz bilasiz, kechasi yaxshi koʻrmayman. Uning ustiga orqadagi balonim yirtiq. Hayda desangiz haydayveraman-ku. Lekin javob bermayman.
– Haydang-e. – dedi feldsher va yana koʻzini yumib, mudray boshladi.

Haydovchi biroz tezlikni oshirdi. Koʻpam yurmasdan birdan mashina silkinib-silkinib toʻxtadi.
– Ha, yana nima boʻldi? – dedi feldsher.
– Benzin tugadi. Ertalab bergani 5 litr edi, tugadi-da.
– Voy, nega tugaydi? Skorida ham benzin tugaydimi? Endi nima qilamiz? Yarim kechada, yarim koʻchada qolamizmi? – dedi shangʻillab Xipchagul.

Bemor esa ingranadi.
– Boshqa iloj yoʻq, opa. Benzin tugadi-da. Endi itarib boramiz. –dedi feldsher mashinadan tusharkan.
– Endi bu koʻrgulik ham bormidi menga?

Xipchagul va feldsher orqada, haydovchi yonboshda, «Tez yordam»ni itarib joʻnashdi. Xipchagul tosh yoʻlga qoqilib-surinib ketyapdi.
– He, shopir, boʻlmay oʻl-e. Benzinini toʻldirib yurmasa, mashinasi buzuq, boʻlsa. Tagʻin koʻr boʻlgurning koʻzi ham koʻrmas ekan. Kimga kerak bunday shopir?!..
– Hoy, opa. Ogʻzingizga qarab gapiring. Haqorat qilmang. Men bu yerda 40 yildan beri ishlayman. Benzinni kam bersa, men aybdormi? Qancha gapingiz boʻlsa, ana zapravkachiga ayting. Menga bersa yuraman, bermasa yotaveraman...
– He, hammang qoʻshmozor boʻl-e. Agar erimga bir gap boʻlsin-chi. Koʻrasanlar mendan...

Ular bir yerga kelib toʻxtashadi.
– Shu uyda benzin sotishadi. – dedi haydovchi yoʻl chetidagi bir uyni koʻrsatib.
– Sotsa borib opkel-da. Nega bizga aytayotibsan. – dedi Xipchagul.
– Bepul bermaydi-da.
– He, pul demay oʻl. Esi-darding pul.

Xipchagul haydovchiga pul uzatadi.
– Ma. Ol. Tez borib kel. He, shopir boʻlmay har narsa boʻlgur.
– Opa, menga minnat pulingiz kerakmas. Benzinni opkelsam, siz uchun, eringiz uchun opkelaman.

Feldsher pulni Xipchaguldan olib, haydovchiga oʻzatadi:
– Mana. Boring endi Oltiboev. Gapni koʻpaytirmang. Pulini berayapdi-ku.

Haydovchi taysallab turgan edi, Xipchagul baqirdi:
– Hoy, borasanmi-yoʻqmi? Hozir boshingni urib yoraman... Ogʻzingdan qoning kelgur...

Shofyor yugurib ketdi.
– Opa, bularga ham qiyin-da. Benzinni oʻlchab berishadi. Ehtiyot qismlarni oʻzlari yonlaridan olishadi.
– Boʻpti. Ertaga bosh hakimga kiraman. Kerak boʻlsa yuqoriga yozaman. Nima degan gap bu? Tovba. Tez yordam ham shunaqa boʻladimi-ya.
– I, i. Unday demang, opa. Bosh hakimga aslo kirmang. Shikoyat tushurding deb, meni ham, haydovchini ham ishdan haydadi. Jon opa. Hozir ish topish... – feldsher Xipchagulga yalina boshlaydi.

Xipchagul javraydi. Bemor inqilaydi.

Birozdan soʻng haydovchi benzin opkelib, mashinaga quydi. Tez yordam yana yoʻlga tushdi.

* * *

Qabulxona. Navbatchi jarrox bemorni tekshirib koʻryapdi.
– Xoʻsh-sh, akam. Demak bunday. Churrangiz kattarib, qisilib qolibdi. Endi uni operatsiya qilmasak boʻlmaydi.
– Boshqa iloji yoʻqmi, uka? Operatsiyadan oʻlguday qoʻrqaman-ey. – deydi Toʻlaboy ingranar ekan.
– Yoʻq. Boshqa iloji yoʻq. Qoʻrqmang. Juda oson. Avval narkoz berib, uxlatib tashlaymiz. Soʻng oʻygʻonib qarasangiz, churrangiz yoʻq-da. Qalay, zoʻrmi? Ana shunaqa. Juda oson. Hech qoʻrqmang.
– He, yoʻgʻ-e, yoʻgʻ-e. Narkoz bermang, jon doʻxtur. Narkozdan ham qoʻrqaman. Xudo koʻrsatmasin, tagʻin uxlab qolib soʻng butunlay oʻygʻonmasam-a. Yoʻq, yoʻq. Boʻmaydi...
– Boshqa yoʻli yoʻqmi, duxtur. Erim toʻgʻri aytayotibdi. – deb gapga aralashdi Xipchagul; – yengilroq, kamxarjroq, yoʻlini qiling-e.

Jarrox biroz oʻylanib turdi.
– Xoʻsh-sh. Umuman olganda yoʻli bor. Lekin ozroq xarajati bor-da.
– Duxtur, iltimos, oʻsha yoʻlini qiling. Soʻng eriymiz. A, nima deding, xotin, – dedi Toʻlaboy xotiniga moʻltirab qararkan.
– Obbo. Darrov erishdan gapirmang, dadasi. Duxtur beminnat yordam ham bormi oʻzi-a? – dedi Xipchagul bir eriga, bir xirurgga qovogʻini uyib.
– Ye, ye. Xazillashdim, opa. Darrov rangingiz oʻchmasin. Biz bepul, beminnat xizmat qilamiz, opajon.
– He, yashang, uka. Shunday demaysizmi?! Duxturlar orasida ham yaxshi odamlar bor, xotin. Mana koʻrdingmi?

Xipchagul labini burib, eriga oʻqrayib qarab quydi.
– Ha, shunday, shunday. Lekin ishimizning yana bir nozik tomoni bor edi-da. Aytmasam boʻlmas. – dedi jarrox.
– Xoʻp, xoʻp, ayting, duxtur. Faqat tezroq yordam bersangiz, boʻldi. – dedi Toʻlaboy.
– Bizga berilgan operatsiya materillari tugab qoldi. Bugun aksiga olib, rosa koʻp operatsiya qildik-da. Endi sizni operatsiya qilish uchun ba’zi narsalar kam qolibdi. Shuni nima qilsak ekan?
– Biz qayoqdan bilamiz, nima qilishni. Siz bilasiz-da, duxtur. Nima qilish kerak edi? – dedi Xipchagul unga yomon qarab.
– Aytmasam ham boʻlardi-yu, lekin burchim. Agar oʻsha narsalarni tungi aptekadan opkelaman desangiz, eringizni bugun operatsiya qilamiz. Agar yoʻq desangiz, operatsiya ertaga qoladi-da, opa.
– Voy. Voy, duxturjon. Ertaga demang. Ertagacha oʻlaman-ku. – dedi yigʻlamsirab Toʻlaboy.
– Ertagacha oʻlib qolmaydimi bu?! – dedi Xipchagul ham rangi oʻchib.
– Nailoj. Bizda yoʻq-da. Boʻmasam-ku...
– Oʻlsam oʻlib boʻldim bu duxturlarning nagʻmasidan...
– Opa, siz qizishmang. Men boʻladigan gapni aytdim. Yoʻqni yoʻndirolmayman. Ertaga oʻzimizning aptekachi keladi, sizga bepul dori-darmonlarni olamiz. Ungacha sabr qilasiz-da, aka. Nachora.
– Yoʻq, yoʻq. Ayting, duxtur, nima kerak. Opkeladi. Opkelasan-a, xotin. Yoki meni oʻlsin deyapsanmi? – Toʻlaboy yana Xipchagulga moʻltirab qararkan.
– He, ayting. Nima kerak? Opkelaman. – dedi Xipchagul zarda bilan.
– He, yashang, opa. Eringizni yaxshi koʻrishingiz koʻzingizdan koʻrinib turibdi. Molodets, opa. Pul topiladi, er topilmaydi. Qarashing. Xoʻsh-sh, boʻmasam, – duxtur choʻntagidan qalam chiqarib stol ustidagi bir boʻlak qogʻozga yoza boshladi; – Tak, bizga tikish uchun igna, jaroxatni yuvish uchun 1 litr toza spirt, bogʻlash uchun 10 ta bint, 10 metr doka, novokain kerak boʻladi. Xoʻ-oʻsh, yana, yana... He, boʻpti. Shularni opkelib bering, qolganini oʻzimizdan qilamiz. Sizga yordamimiz...
– Tovba. 10 metr dokaga kafan bichsa boʻladi-ku. Buncha doka nega kerak? – dedi Xipchagul qovogʻini uyib duxtur bergan qogʻozga tikilarkan: – Buning puli ham anchagina boʻlsa kerag-a, duxtur?!..
– Xotin, men senga pul kerak boʻladi, olgin degan edim-ku.
– Voy olganman. Lekin yetarmikan deyapmanda, dadasi. Uf-f...
– Yetadi, opa, yetadi. Yetmasa yozdirib quyasiz. Ertaga olib kelaman desangiz beraveradi, opa. Aptekachi yaxshi odam, insofi bor. Oʻzimizdan...

Toʻlaboy inqillaydi:
– Tezroq bor, xotin...

Xipchagul qabulxonadan chiqa-chiqa eriga xumrayib qarab, toʻngʻilladi:
– He, churra boʻlmay keting-e. Endi bir tiyinlab yiqqanimni shu yerda oʻgʻriga urdiraman, shekilli. Uf-f. Yemay-ichmay yiqqan edim-a. He, men oʻlayin qiz koʻrmay. Tinchgina uyda oʻtirsang boʻlmasmidi, deydigan odam yoʻq...

Navbatchi jarrox xamshiraga buyurdi:
– Opamiz dorilarni opkelgunga, siz bemorni tezlikda operatsiya xonasiga chiqaring. Tez-tez boʻling. Anovi shogirdimni ham chaqiring. Qani, yuguring...

Xamshira Toʻlaboy yotgan gʻildirakli karavotni itarib joʻnadi.
– Qizim, ahvolim juda ogʻirmi? Duxtur, tez-tezlab qoldi – dedi Toʻlaboy koʻzlari ola-kula boʻlib.
– Voy, siz qoʻrqmang, amaki. Xalizamon svet oʻchib qolishi mumkin. Duxtur oʻshanga shoshyapti.
– E-e, shunaqami? Bu svet oʻlgurni suvga toʻgʻon qurib, oladi deyishadi. Oʻchib qolaverishi nimadan ekan-a... Bizda ham har ertalab yoki kechqurun oʻchib qoladi-da...
– Bunisini bilmadim-u, lekin anovi kuni elektrchilar kattasining otasi koʻrichagini oldirgali kelganida ham oʻchib qolgan edi.
– E-e, shunaqami? Obbo... Harqalay sham bordir, qizim.
– Borlikka bor-ku-ya, lekin oz qolganda. Shuning uchun shoshilmasak boʻlmaydi...
– Hay attang, bilganimda xotinimning doʻkonidan bir juft sham olib kelardim-a.

Xamshira Toʻlaboyni shiftiga katta tovoqday elektr chirogʻi osilgan xonaga kirgizib ketdi...

* * *

Bir xaftadan soʻng. Toʻlaboy bilan xotinini eshik ogʻzida oʻsha jarrox kuzatyapdi. Umidvorlik bilan Toʻlaboyning qoʻliga qaraydi. – Xayr, boʻmasam. Mana, aka, churradan ham qutildingiz. Endi extiyot boʻling. Ogʻir narsa koʻtarmang, aka. Bizga xizmat boʻlsa kelib turing...
– Voy, xudo asrasin-e. – deydi Xipchagul koʻkragiga tuflab, – kel demang-e.
– Ogʻir narsaning oʻziga ham aytib qoʻying, duxtur, osilmasin. – deydi Toʻlaboy jarroxga koʻz qisib.
– He, oʻlmabsiz. Aytmang degandim-ku. – deb xotini yerga qaraydi.
– Boʻpti, uka. Xayr. Raxmat...

Ular duxtur bilan xayrlashib, qaytishdi.
– Mana, xotin. Bir xafta yotib oʻn yillik churramdan ham qutildim. Sen ustimga chiqmaganingda hali ham osilib yurardi-ya. Xe, yashavor, xotin.
– He, churrangiz ham qurib ketsin-e. Tiyinlab yiqqan pullarimdan ayrildim-ku.
– Ye, aytgancha, duxturga choy puli berdingmi?
– Yoʻq. Bermadim. He, oʻlmabdi. Rosa taladi-ku. Lampochka deydi oladi. Sovun deydi oladi. Remontga yordam dedi, berdim. Qandaydir dorini oʻzimdan qildim deb oldi. Boʻldi-da. Yana nima haqi qoldi bizda. Bermayman-e.
– Yoʻgʻ-e. Xizmat haqi berish kerak edi. Eriymiz degan edik-ku.
– He, qoʻysangiz-chi. Oʻzi aytdi-ku, xizmatimiz bepul, beminnat deb.
– Yaxshi qilmabsan. Juda shirin soʻz ekan. Berish kerak edi. Haliyam boʻlsa, berib kelaqol. Yana ishimiz tushishi bor, xotin... Bor. Berib kel...
– He, oʻlmabsiz. Bilganingiz ber, ber. Yoʻq, bermayman. – deb xotini erining yelkasiga xazillashib bir tushirdi.

Toʻlaboy «Vox» deb choʻkkalab qoldi.
– Ha, yana nima boʻldi?
– Voy. Voy. Yana oʻsha joy... Yana churram chiqdimi, deyman. Qattiq urding-da, xotin – u chotini ushlab inqillaydi. – Endi bu tomondan tushganga oʻxshaydi. Voy jonim...
– He, qoʻying-e, dadasi. Bir urganga-ya. Oʻlmagan bizning jonimiz. Endi nima qilamiz? Yana qaytaylik boʻlmasam...
– Voy-ey. Yanami?
– Nimayam qilardik. Siz churradan men yiqqan pulimdan qutilmaguncha ketmaymiz bu yerdan, yuring. He, oʻlmabsiz...

Ular yana kasalxonaga qaytishadi. Shu payt qabulxona eshigidan yugurib chiqqan jarrox bilan xamshira ularni koʻrib toʻxtashdi:
– E, xayriyat-e. he, yashang, aka. Ketib qolibsizmi deb izingizdan chopayotgan edik. Keldingizmi? Qani ichkariga yuring...

Er-xotin xayron:
– Ye, duxtur. Qaerdan bildingiz qaytishimizni. E, folchi boʻling-e.
– He, aka, bilamizda. Bilamiz. Qani ichkariga yuring. Tezroq yuring.
– Uf-f. Yana operatsiya qilasizmi-a? – deydi ingranib Toʻlaboy.
– Ha. Boshqa iloj yoʻq. Ichingizda qaychimiz qolib ketibdi, aka. Oʻzi bitta edi.
– A?!

Er-xotin ogʻzi ochilib, qotib qolishdi.