OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiDaqqiyev dakki yedi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Daqqiyev dakki yedi (hajviya)
Safar Kokilov

Qoʻshni tumanga poytaxtdan bir guruh mashhur shoirlar kelishgan. Tumanning bir necha madaniyat uylarida muxlislar bilan boʻlgan uchrashuvlar, she’rxonliklardan soʻng mezbonlar mehmonlar sharafiga soya-salqin bogʻdagi katta hovuz boʻyiga dasturxon yozishdi. Bu yerga mehmonlar bilan birga shu hududda yashab, ijod qilayotgan keksa qalamkashlar ham taklif etilgan.

Tegirmon boshi tumanining shu nomli gazetasida muxbir boʻlib ishlayotgan Daqqiev ham shu yerda. Qorachadan kelgan, sochlari jingalak, koʻzlari bitkoʻz, lablari doʻrdoq, qorni birov osilgan gavdalik Daqqiev yoshligida qulogʻidan yiring kelaverib, oʻng qulogʻi kar boʻlib qolganidan bildirmaslik uchun birovni lavozimida ishlab, rahbarlarning «yugur-yugur»ini doʻndirib yurar, soʻng kimningdir tavsiyasi bilan «oʻsib», gazetaga yaqinda oʻtirgan edi. Oʻz gazetasi uchun yarim betlik material yigʻish vazifasiga kirsa ham, aslida, oʻzi ixlos qilib, suratlarni yigʻib, she’rlaridan yod olib yuradigani, yosh boʻlsa ham ancha mashhur boʻlib qolgani sobiq vohadoshi – «shoiri zamon» bilan qoʻl berib koʻrishish, suhbatidan bahramand boʻlish, yonma-yon suratga tushish va dastxati yozilgan kitobidan olish kabi bir talay orzu-istaklar uni bu yerga yetaklab kelgan.

Poytaxtdan kelgan mehmonlar tuman rahbarlari bilan alohida stolga oʻtirishdi. Qolganlar uchun esa 15-20 metrlar nariroqdagi katta chinor tagiga supachaga joy qilingan. Dasturxonlar toʻkin. Daqqiev uchrashuv mobaynida oʻzining niyatlariga toʻliq erisholmagan boʻlsa ham ushbu oʻtirishda qatnashib, supaning bir chetidan joy tekkaniga xursand. Ancha-muncha odam bogʻ eshigidan tashqarida qolib ketdi, axir.

U bilan supada oʻtirganlarning aksariyati sochlariga oq tushgan keksalar ekan. Hamma oʻzini dasturxonga urdi. Qoʻllar harakatga kelib, ogʻizlar chapillashga tushdi. «Omonxona», «Fanta»lar vishillab ochildi. Daqqievga bu juda kulgili tuyulardi. Axir bu yerga buyuk shoirlar bilan uchrashib, she’rlaridan eshitishga kelishgan-ku, lekin manovi chollar esa... Ular goʻyo bu yerda oʻzlaridan buyuk hech qanaqa odamlar yoʻqday bemalol gaplashib, kulishib oʻtirishardi. U esa «olib oʻtiring»ga ham parvo qilmadi. Goʻyo surati shu yerda-yu, siyrati narigi stoldagilar bilan. Supadagilarning gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻiri esa uning jigʻiga tegardi, xolos. Shu payt yonida oʻtirganlardan biriga soʻz berildi. Yoshi yetmishlarni qoralagan, doʻppi kiygan, jikkakkina odam – keksa shoir Nizomiy mineral suv toʻldirilgan piyolani qoʻliga olib,
– Aziz oʻrtoqlar! Mana bugun, – deb salmoqlab gap boshlagan edi hamki Daqqiev unga tomon ogʻzini yopmoqchidek qoʻlini uzatdi.
– E-e-e. Jim, jim! ... Gapirmang! – dedi toʻsatdan. Oʻtirganlardan kimdir uni taniydi, kimdir tanimaydi, hamma unga hayron boʻlib tikildi. Ikki koʻzi mehmonlar oʻtirgan stolda, Daqqiev yonidagilarga qaramasdan yana oʻshqirdi:
– Jim boʻlsalaring-chi... U yoqda buyuklar gapiryapti...

Keksa shoir mulzam boʻlib, gapini yoʻqotdi. Hamma mehmonlar tarafga qarab qoldi. Lekin u yoqdan kimningdir gʻoʻngʻillagan ovozidan boʻlak hech narsaga tushunib boʻlmadi.
– Ie, eshitilmayapti-ku?! Bizning gapimiz ham shu-da... Qolaversa, har kim oʻz davrasiga xoʻjayin. Gapiravering, aka, – dedi supa toʻrida oʻtirgan sochlari oppoq, koʻzoynakli kishi. Keksa shoir avvalgi shashti yoʻq, boʻshashibgina, past ovoz bilan gapida davom etdi:
– Bugun mana oʻzimizdan chiqqan va poytaxtda yashab ijod qilayotgan mashhur shoirimiz – shogirdimiz bir guruh shoirlar bilan kelishi bahonasida bu yerga yigʻilgan ekanmiz, avvalo ularga uzoq umr, omad, ijodida yangi parvozlar tilayman. Qolaversa, ularning shu darajaga erishishida bu yerda oʻtirganlardan qay birimiz maktabda oʻqitganimiz, qay birimiz ilk she’rlarini tahrir qilib, oq yoʻl tilab gazetalarga chiqarganmiz. Biz ustozlar shogirdlar parvozidan shodlanishimiz kerak. Birga oʻtirishga joy yetishmagan boʻlsa ham koʻnglimiz bir, ularning sogʻliklari uchun olamiz, – dedi-da qoʻlidagi piyolani ogʻziga bir tekkizib qoʻydi. Boshqalar ham. Daqqiev uning gapiga uncha e’tibor bergani ham yoʻq. Birov katta lavozimga koʻtarilsa, mashhur boʻlsa uning ogʻaynilari, ustozlari ham koʻpayib qoladi-ya deb, kulib qoʻydi ichida. Oʻzi esa ogʻzini yarim ochganicha, quloqlarini ding qilib, mehmonlar tomon tikilib oʻtirardi. Qani endi imkon boʻlsa-yu, oʻsha yerda boʻlib qolsa, yoki shaxsan «shoiri zamon»ning oʻzi uni yoniga chaqirib qolsami... Eh-he-e... Yoʻq. Hamma oʻzi bilan oʻzi ovora.

Shu payt mehmonlar tomondan kulgi ovozi eshitilgan edi, u ham beixtiyor kulib yubordi. Oʻtgan-ketganlardan gaplashib, kulishib oʻtirgan supadoshlari unga hayron boʻlib qarab qoʻyishdi-da, yana gurunglarini davom ettiraverishdi. Bu Daqqievga yoqmadi, oldidagi choynak qopqogʻini chiqirlatib,
– Hoʻ-oʻ, akalar, sekinroq. U yoqdagilarga halaqit beryapsizlar, axir, – dedi zarda bilan. Supadagilar biroz vaqt jim boʻlishdi-da, soʻng yana pastgina ovozda gapda davom etishaverdi. Keyin yana kimdir qadah soʻzi aytmoqchi boʻldi. Daqqiev birdan:
– Stop. Gapirmay turing. U yoqda buyuk shoirimiz qadah soʻzi aytayotibdi. Ana, tik turibdilar. Jim... – dedi va butun vujudi quloqqa aylanib, ogʻzini katta ochganicha oʻsha tomonga tikilib qoldi. Darhaqiqat, mehmonlar guruhi rahbari «shoiri zamon» tik turganicha nimadir deyayotgan ekan. Afsuski, soʻzlarini tushunib boʻlmasdi. U$ oʻtirgach, supadagi soʻz olgan kishi oʻz soʻzini davom ettirmoqchi edi Daqqiev yana unga:
– Sekinroq gapiring. Qisqaroq boʻlsin, – dedi oʻqrayib.

Supaga sukunat choʻkdi. Mehmonlar tarafdan esa ovozlar baland-baland chiqa boshlagan. Har zamon-har zamon qah-qah otib kulib yuborishganda, Daqqiev ham tirjayib qoʻyardi. Nihoyat, supada oʻtirganlardan baland boʻylik, qotmadan kelgan, tepakal kishi – bir vaqtlar oʻtkir felüetonlari bilan mashhur boʻlgan keksa jurnalist chidab turolmadi.
– He, tuzuk, tuzuk gurung qilaylig-e. Bu yerda begona emasmiz-ku. Kimdan iymanamiz oʻzi?! Qani, Nizomiy aka, anchadan beri koʻrishmay qolvudik. Yangi she’rlardan oʻqing-e, eshitaylik, – dedi baland ovozda. Boshqalar ham jonlanishdi.

Qani, qani, eshitaylik...
– Hoy, hoy. hoy. Ie, bu nima degan gap?! Bozor qilmangizlar-e. Kap-katta odamlar... Sal odob saqlab, sekin gaplashsangiz-chi... – dedi Daqqiev koʻzlari ola-kula boʻlib. – U yoqda zamonamizning buyuklari...
– Uka, nega hadeb ogʻzimizga uraverasiz? Bizning davramiz yoqmayotgan boʻlsa, oʻsha yoqqa borib oʻtiring, iltimos... – dedi keksa jurnalist zarda bilan.
– Faqat men emas. U tomondan ham, «sekin gapiringlar, jimlik saqlansin», deyishyapti. Ana, qaranglar. Halitdan beri ishora qilishyapti. Ovozlaring juda baland-da, – deb Daqqiev iyagi bilan mehmonlar tomonni koʻrsatdi. qaradilar. Haqiqatdan ham mehmonlardan biri bu tomon qarab qoʻli bilan imo-ishora qilib, nimadir deyayotgan ekan.
– Ana, aytmadimmi... Sizlar boʻlsa, xuddi yosh boladek chuvillashasizlar... – dedi Daqqiev gʻolibona ovozda.

Supaga yana jimlik choʻkdi.

Bir mahal haligi ishora qilayotgan mehmon yigit turib shu tomon kela boshladi. Daqqiev turasolib unga peshvoz chiqdi-da,
– Men bularga ming marta aytdim, aka. Jim boʻlinglar, sekin gapiringlar, buyuklarning gurungiga xalaqit beryapsizlar desam ham gapimni olishmayapti. Nima qilay, menda ayb yoʻq. Aka, mening sizlarga hurmatim baland, she’rlaringizni yodlab yuraman... – dedi yaltoqlanib. Mehmon unga hayron boʻlgandek qaradi-da,
– Tushunmadim, – deb yelka qisib qoʻydi. Soʻng uning yonidan oʻtib supada oʻtirganlar yoniga kelib, salom berdi-da:
– Qani, ustozlar, zerikmay oʻtiribsizlarmi?! – dedi.
– Rahmat. Keling. Biz bilan oʻtiring, – dedi supadagilar baravariga.
– Mayli... Hali gurung qilamiz. Sizlar bemalol... Men haligi, – u Daqqievga oʻgirilib, ta’na qilganday dedi:
– Doʻstim, halitdan beri sizga imo-ishora qilaman. Qarab turibsiz-ku, hech tushunmaysiz-a... Biz minib kelgan «Neksiya»ning haydovchisiga ham choy-non qilishdimikan? Bir xabarlashsangiz degandim...
– A?! Haydovchi?..

Daqqiev avval qizardi, soʻng boʻzardi. Doʻrdoq lablari battar osilib, koʻzlari baqrayganicha mehmon yigitga bir zum tikilib qoldi. Soʻng birdan tirjaydi. Qoʻli koʻksida, yarim bukilib:
– Ha-a. Haydovchimi?! E-e-e, shunaqa deng. Hozir, aka, hozir tashkil qilamiz. Bemalol buyuravering. Jonim bilan bajaraman. Hozir, hozir... – deganicha bogʻ eshigi tomon katta gavdasiga yarashmagan holatda beoʻxshov lapanglab, chopib ketdi. Mehmon ham oʻtirganlardan uzr soʻrab stoli tomon qaytdi. Supadagilar bir-biriga qarab kulib yuborishdi.
– E-e, gap bu yoqda ekan-ku. Muxbir ukamiz esa hadeb bizning ogʻzimizga qopqoq boʻlgani boʻlgan...
– Men uni davramizga kimdir ataylab oʻtirgʻizib qoʻyganmi deb oʻylab turuvdim. Xayriyat-e, ketdi...
– Ha-a, laganbardorlikni qotirarkan. Bizning safimizga adashib kirib qolganlardan bu...
– Qani yangi she’rlardan eshitaylig-e, shoir aka. Oʻqing...

Shu bilan supadagi sukunat buzildi. Daqqiev esa ... qaytib kelmadi. Supadagilar ham goʻyo uni allaqachon unutgan edilar.