OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiDiktafon (intermediya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Intermediyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Diktafon (intermediya)
Safar Kokilov

Korxona boshligʻi oʻrinbosari Yorovning xonasi. Uning oldida shu ishxona xodimi Qobilov turibdi.

Yorov: – Xoʻsh-sh. Urtoq Qobilov. Endi-i, sizni chaqirtirishdan maqsadga oʻtsak. Biz yaqinda korxonaning yillik hisobotini avval viloyatga, soʻng undan yuqoriga topshirib kelishimiz kerak. Rosa bosh ogʻriq ish-da. Toʻgʻrisini aytganda, bizning bu qogʻozlarimizga uyoqdagilarning koʻzi uchib turgani yoʻq. Lekin biz hisobot topshirishimiz shart va majburiy. Tartib shunaqa. Shunday boʻlgach, hisobotni oluvchiga uyoq-buyoq qilib obormasak boʻmaydi. Aksincha, hisobotni olish uyoqda tursin, aqalli mana bundoq qilib qarab quymaydi ham.

Qobilov: – Uyoq-buyogʻi nima? Tushunmadim.

Yorov: – Obbo, nima boʻlardi? Pul-da, pul. Sovgʻa-salom.

Qobilov (labini buradi): – Shu shartmikan? Qiziq gap boʻldi-ku. Bu oʻzi davlatning ishi boʻlsa, hamma oʻz ishi uchun maosh olayotgan boʻlsa, nima uyoqdagilar bizning sovgʻamizga kuni qolibdimi? Shunga zor ekanmi?

Yorov: He, zor emas. Zor emas. Tushunmagan odamning gapini qilmang, Qobilov. Yoʻli shunaqa, yoʻli. Deylik hisobotning arzimas biron xatosi chiqib qolsa-chi. Bor, toʻgʻirlab kel, deydi. Yana qaytishga toʻgʻri keladimi? Toʻgʻirlab borsang, yana bir xato chiqadi. Yana qaytasan. Yoʻl azobi – goʻr azobi. He, shundan koʻra biratoʻla sovgʻa-salom qilib borsak, olam guliston. Xatolarni ham oʻz qoʻllari bilan toʻgʻirlab, qabul qiladi-qoʻyadi. Tushundingizmi?

Qobilov: – Boʻpti, boʻpti. Tushundim. Xoʻsh, meni nima qilishim kerak?

Yorov: – Ha, ana endi oʻzingizga keldingiz, Qobilov. Obbo, siz-ey. Xullas buning uchun pul kerak, pul. Biz boshliq bilan kelishdik. Barcha xodimlardan 2000 soʻmdan yigʻadigan boʻldik. Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun. Toʻgʻrimi? 90 foiz odam pulni berdi. Siz bilan bir-ikki kishi qolgan. Shuni bersangiz deb, chaqirtirgan edim. Ma’qulmi?

Qobilov: – Hm-m. Gaplaringizku ma’qul. Lekin... Men berolmayman-da.

Yorov: – Ye, ye. Nega? Nega berolmaysiz? Shuncha odam berganda, sizning qaeringiz kam ulardan? Unday demang. Siz mard odamsiz. Berasiz. Berasiz.

Qobilov: – Yoʻq. Berolmayman. Boshqalarni bilmadim-u, lekin menda ortiqcha pul yoʻq, aka. Bola-chaqaning ogʻzidan orttirolmayotibman...

Yorov: – He-e, unaqa demang-e. Hamma ham sizday. Bola-chaqa bizda ham bor. Koʻpdan ajralmang. Yakkamoxov boʻlib yurmang. Bir iloj qiling. Bering. Oʻzi shu pul nima degani. Ulfatlar bilan bir oshxonaga kirsangiz bundan oʻn barobari ketib qoladi. Anovi kuni boshliq bilan tushlikka chiqdik, yeganimizga qornim toʻymadi-yu, naqd ellik ming ketib qoldi. Ana shu-da. Pulda qadr yoʻq. Keling shu arzimagan pul uchun san-manga borib oʻtirmaylik. Tashlab keting. Axir uyoqda soʻrab turibdi. Siz uchun oʻz choʻntagimdan toʻlay olmayman-ku.

Qobilov: – Iloji yoʻq. Berolmayman.

Yorov (achchigʻi chiqib): – Xo-o. Bermay koʻringchi. Yaxshi gapni tushunmayotibsiz. Davlatning ishi sizga oʻyin emas. Qani yuring boshliqning oldiga. Oʻsha yerda ham aytib koʻring-chi. Nima derkansiz. Qani yuring, yuring.

Ular oldinma-ketin boshliq xonasiga kirib kelishadi.

Boshliq Boʻriev nimanidir yozib oʻtiribdi. Ularga sovuq qarash qiladi. Birozdan soʻng «uf-f» deb, ruchkasini stolga tashlab Yorovga qaraydi.

Boʻriev: – Xoʻsh? Nima gap?

Yorov: – Manovi kishi anovi... Oʻzora terim pulini bermayotibdi. Bermayman dedi.

Boʻriev Yorovga oʻqrayib quyadi va Qobilovga qarab jilmayib, muloyimlik bilan: – Xoʻsh otajon, nima gap? Nega pulni bermadingiz?

Qobilov: – Assalomu alaykum, rais bobo. Endi uzr. Bu kishiga ahvolimni tushuntirsam, tushunmayotir. Oʻzingiz bilasiz 9 ta bolam bor. Oilani bir oʻzim tebrataman. Nima qilay axir? Sizlarga bersam bola-chaqaning rizqi qiyiladi. Sizdan iltimos, ayting, shu pulni mendan olmasin. Yordam qiling. Bu kishiga bir nima deng.

Boʻriev (bosh chayqab): – Toʻgʻri. Bilamiz. Sizga qiyin. Umuman hozir hammaga qiyin. Sizni tushunaman. Siz bizda eskidan ishlaysiz. Yaxshi xodimsiz. Vijdonlisiz, birovdan bir tiyin olmay ishlaysiz. Rahmat. Shunday boʻlish kerak. Lekin siz ham bir oʻylab koʻring. Menda nima ayb? Bundachi? He-e. Bilsangiz shu rahbarlik ham koʻp qiyin. Lekin nachora chidaymiz. Endi bizni ham oʻylang. Shu pulni berib keting. Biz ham qarab turmaymiz. Biron bayramda mukofot puli yozarmiz. Yordam qilamiz. Doim shunaqa boʻmaydi. Hali yaxshi kunlar keladi. Pulni berib keting. Boringlar. Oʻrtoq Yorov odamlar bilan gaplashishni biling-da. Tushuntiring. Boʻpti. Boringlar.

Yorov bilan Qobilov chiqib ketishadi.

Oradan bir necha kundan soʻng Qobilovni boshliq chaqirgan. Avzoi buzuq.

Boʻriev: – Xoʻsh Qobilov. Nega haligacha pulni bermadingiz?

Qobilov (Qoʻlida gazetaga oʻrogʻlik narsani stul ustiga qoʻyib, oʻtiradi): – Bermadim. Berolmadim. Hozircha kutyapman.

Boʻriev: – Nima? Nimani kutyapsiz?

Qobilov: – Javobini.

Boʻriev: – Qanaqa javobini? Javobingizni berib yuborishimni kutyapsizmi?

Qobilov: – Yoʻgʻ-e. Boshqa javobni. Men ministrlikka xat yozganman. Oʻshaning javobini kutyapman.

Boʻriev: – Nim-ma? Qanaqa xat? Nima deb valdirayapsiz oʻzi? Tuzuk gapiring.

Qobilov: – Oʻsha gap-da. Ahvolimni yozdim. Sovgʻa-salom uchun pul berolmasligimni yozdim. Qani kutaylikchi. Nima deyisharkan. Zora ular meni tushunishsa.

Boʻriev («Vax» deb, boshini ushlab qoladi. Soʻng Qobilovga yeb qoʻyguday boʻlib tikiladi): – Xoy, Qobilov, bilasizmi siz kimsiz?! Siz. Siz. Siz eng past odam ekansiz. Men sizni bunchalik deb oʻylamagan edim. Nahotki shu arzimagan pul uchun ministrni bezovta qilgan boʻlsangiz-a. Yo tavba. Bu paskashlik-ku. Eshitgan kulmaydimi? Hozir odamlar millionni koʻrdim demayotir-a. Esa... He, qoʻying-e. Sadqam odam keting-e. Boring-e. Pulingiz boshingizdan qolsin. Lekin, Qobilov, aytib qoʻyay, siz bilan birga ishlab turibmiz. Koʻramiz hali. Korxonaning obroʻini toʻkish qanaqa boʻlishini men sizga koʻrsataman. Hali pushaymon boʻlasiz. Boring. Yoʻk. Toʻxtang. Avval menga Yorovni chaqirib keling.

Birozdan soʻng Qobilov Yorov bilan yana kirishadi.

Boʻriev Yorovga: – Bu kishining pulini olmang. Shusiz ham hisobotni topshirib kelamiz.

Yorov: – Ye. Nega? Axir oʻzingiz bir kishi ham qolmasin degandingiz-ku?

Boʻriev: – Yoʻq. Bu kishidan olmaysiz. Gap tamom. (Qobilovga qarab) – Boʻpti. Siz boravering. Sizdan pul olmaydi. Chiqing, chiqing...

Qobilov stol oʻstiga quygan narsasini esdan chiqarib, chiqib ketadi.

Boʻriev (uning izidan): – Pastkash...

Yorov: – Ha, tinchlikmi?

Boʻriev: – He, manovi pastkashni koʻrmaysizmi. Nomard. Nima emish. Ministirga shikoyat yozgan emish.

Yorov (koʻzlari ola-kula boʻlib): – Yoʻgʻ-e, nahotki? Oʻzi aytdimi? Voy ablah-ey. Endi nima qilamiz? Yana kamissiya kelarkanda. Uf-f. Nima qilay, pulni egalariga qaytaraymi?

Boʻriev: – Muncha hovliqmang-e. Nima kamissiya koʻrmaganmisiz. Hech narsa boʻmaydi. Isbot qilolmaydi. Guvohi yoʻq. Pulini olganimiz yoʻq-ku. Tuhmat deymiz. Igʻvogar yozuvchi deymiz. Toʻgʻrimi?

Yorov: – Boshqalarchi? Kelib soʻrashsa...

Boʻriev: – Boshqalar oʻzi rozi boʻlib berishgan. Qolaversa birma-bir soʻrab yurishiga qoʻymaymiz-da. Koʻrqmang. Lekin siz ham bekor oʻtirmang. Bu ablahning ishini oʻrganing. Bir ikki xayfsan yozib, ishdan haydash darajasiga oborib qoʻying. Tushundingizmi. Keyin koʻramiz. Oʻzi korxonada shunga oʻxshagan bir-ikkitasining tuxumini quritmasak boʻmaydiganga oʻxshaydi. Xoʻsh-sh. (Yorovga kulib qaraydi.) Buyogʻi oʻzi qancha boʻlgan. Aytmaysiz ham. Qani chiqaringchi. Hozir yuqoriga borsam kerak boʻlib qolishi mumkin.

Yorov yon choʻntagidan pul chiqarib sanaydi va boshliqqa oʻzatadi. Boshliq ham sanaydi.)

Boʻriev: – Ha, Yorov?

Yorov: – Ha, Boʻriev aka? Nima?

Boʻriev: – Bu yerda kam-ku?

Yorov: – Axir oʻzingiz aytdingiz-ku?!

Boʻriev: – Nima dedim?

Yorov: – Anovidan olma, dedingiz-ku.

Boʻriev: – Ye, undan olmagan boʻlsangiz, mening doliyam kam boʻlishi kerakmi?

Yorov: – Ye, kammi? Uzr, aka. Sal adashibman (yon choʻntagidan yana bir bogʻlam pul chiqarib stol ustiga tashlaydi). Mana qolgani.

Boʻriev: – Qarang-a. Oʻz foydangizga yanglishibsizda. Obbo, siz-ey.

Shu payt Qobilov eshikni ochib kiradi. Yorov pullarni yashiradi.

Boʻriev: – Ha? Nima gap? Nega beruxsat kirasan?

Qobilov: – Uzr, aka. Bir narsam qolib ketibdi. (U kelib stol chetidagi buyumini oladi.)

Boʻriev: – Nima bu? Nega bu yerda turibdi?

Qobilov: – Bu diktafon (qogʻozni ochib, koʻrsatadi). Ye, ishlab turgan ekan...

Boʻriev: – Nim-ma? Dik-dik-dik-diktafon?

Yorov: – Qani bir eshitib koʻraylikchi?

Qobilov (kuladi): – Yoʻq. Buni endi kerakli joyda eshitib koʻramiz (chiqib ketadi).

Boʻriev: – Shoshmang, shoshmang. Toʻxtang. Obbo, uyimiz kuymasaydi, oʻrtoq Yorov.

Yorov: – A? Shunaqaga oʻxshab qoldi, oʻrtoq Boʻriev.

Ikkovi bir-biriga qarab baqrayib qolishadi.