OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Safar Kokilov. Imtihon (hajviya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiImtihon (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Imtihon (hajviya)
Safar Kokilov

Uzoq yillar bosh hakimning muovini boʻlib ishlagan va keyingi ikki yilda «oʻz arizasiga binoan boʻshatilib», Eshakoʻldi qishlogʻidagi ambulatoriyaga terapevt qilib ishga joʻnatilgan Turdievning jikkakina tanasini bir vahima oʻrgamchak turiday oʻrab olgan. Besaramjon.

Uyqusizliqdan qizargan koʻzlarining tagi xalta. Lunji, baq-baqalari battar osilgan. Ikki chakkasi oqargan taqir boshini qashlayverib qoʻtir yaraga toʻldirib yubordi. Baribir taskin yoʻq. Xayol har tarafga olib qochadi. «Endi nima boʻladi? Ertaga qanday qilaman?»

Qabuliga kelgan bemorlarni tekshirib, davo buyurayottanda ham xayoli joyida emas, necha bor adashib ketdi. Qorni ogʻriganga quloq ogʻrigʻi dorisini, koʻzi ogʻriganga surga dorisini buyurib yubordi. Yaxshiyamki u bu yerga ishga oʻtgandan beri bemorlar kelmay qoʻyishgan. Tuman markazidagi poliklinikaga borishadi yoki tez yordam chaqirishadi. Unga keladigani uch-toʻrtta qari-qartanglar, ularning ham kasali aniq.
– Bolam, necha kundan beri boshim ogʻriydi, qulogʻim shangʻillaydi. Nima qilsam ekan-a, – deydi hassa suyangan, yarim bukilgan, afti gʻijimlangan qogʻozday boʻlib qolgan Mastura xola.

Ambulatoriya yonidagi hovlida turadigan bu kampirning shikoyati Turdievga yod boʻlib ketgan. U eshikdan koʻringandan;
— Ha, xola, bosh ogʻriyapdimi? Qulogʻingiz shangʻillayapdimi? - deydi.
— He, folchi, boʻlib keting-e, duxtur bolam. Dardimni darrov topdingiz-a. He, kam boʻmang. Kim nima desa desin-u; bu atrofda oʻzingizdan zoʻr duxtur yoʻq, bolam. – deydi Mastura kamtir boʻsh stulga oʻgirarkan:
— Topdingiz bolam. Bosh oʻlgur hech qolmayotibdi. Kecha Bibirajab satang chiqqan edi. Sizga anangin degan dori kor qiladi dedi. Satang nimani bilardi. Duxtur bolamdan soʻrayin,

iching desa ichaman deb koʻnmadim. Bolam, nima qilasiz? Shu dorini buyurib koʻrasizmi-a?
— Hm-m. Analgin deng. Yordam qilarmikan. Shuni buyuraymi?
— Ha, bir buyurib koʻring-chi. Zora yordam qilsa.
— Sizning bosh ogʻrigʻingiz juda eskida...
— Ha, toʻgʻri aytasiz, aylanay bolam, Juda eski. Hozir 98 ga kirgan boʻlsam, 50 yoshimda cholim boshimni oʻr b yoruvdi. Oʻzi allaqachon chin dunyoga ketdi-yu, lekin juda rashkchi edi-da, tushmagur. Tilbuzurda ashula aytayotgan artistta koʻz qisding deb, ketmon bilan urgan. Bir hafta bexush yotganman. Oʻshandan beri ogʻriydi, bolam, oʻshandan...
– Bilaman, xola, bilaman. Avval ham aytgansiz. Boʻpti. Mana aptekaga qogʻoz. Oʻsha analgindan ichib koʻring-chi.

Kampir uni alqab-alqab chiqib ketadi. Turdiev yana xayolga toladi. Ertanga kunni oʻylaydi. «He-e... qanday boʻlarkan-a. Nahot-ki. Yoʻgʻ-e. Shuncha yil ishlab-a. Pensiyaga atigi bir yil qolganda-ya. E, xudo, oʻzing madad ber...»

Uning xayolini boʻlib, qabuliga oʻrta yoshlardagi bir odam kiradi. Toʻn, telpak kiygan.
— Duxtur bobo, bir necha kundan beri qornim ogʻriydi. Nima boʻddi ekan-a? Bir tekshirib koʻrasizmi? Qarang. Mana bu yerim, - deb haligi odam koʻylagini koʻtarib kindigi atrofini bosib-bosib koʻrsatadi:
– Mana, mana shu yer. Vah, vah. Bossa ogʻriyapdi. Qarang...
— He, u yerda oshqozon joylashgan. – deydi Turdiev oʻtirgan joyida: – Yara boʻlsa kerak.
— Yoʻgʻ-e, darrov-a. Balki bu jigardir, duxtur?

Turdiev burnini chuqulaydi, labini burib qoʻyadi.
— Boʻlishi mumkin. Jigar ham shunday ogʻriydi.
— Siydigim sal qizarganday. Oʻzimcha buyragam shamolladimikan, deyman.
— Ihm. Buyrak? Balki buyrakdir. Siydikniig bulogʻi buyrakdir. Siydik tutilsa, tamom.
— He, bilmay qoldim, duxtur, juda hayronman. Ichaklarimga bir narsa boʻldimikan? Oʻzimcha qurt bormi deyman ichimda. Qurt ham shunday ogʻritishi mumkin-a, duxtur?
— Oʻh, topdingiz. Tochno. Bu qurt. Qurt ham shunaqa ogʻritadi, padar la’nati. Ha, ha. Sizda qurt bor. Siz ochqolganda, ular ham ochiqib gʻimirlab qolishadi. Siz toʻq boʻlsangiz, ular ham toʻq, uxlashadi. Qorningaz ham ogʻrimaydi. Topdimmi?
— He, yashang, duxtur. Topdingiz. Qoyil sizga...
— He-e. Oʻqiganmiz-da. Buni hamma ham bilavermaydi.
— Duxtur, shu qurtga oshqovoq urugʻi davo deyishadi, chinmikan?
— Ha-da. Sizga shuni buyurmoqchi boʻlib turuvdim. Oʻzingiz aytib qoldingaz.
— Mayli-kuya. Lekin bir aptekachi oshnam qurtlarga Vermoks degan dori shakma-shak degan edi.
— Vermoks? Vermoks. Ver ... Ixm. Kim aytgan edi?
— Aptekachi oshnam.
— Ha-a, aptekachi boʻlsa biladi. Toʻgʻri aytibdi. Vermoks yaxshi dori. Shuni sizga buyuraman.
— Balki oshqovoq uruta yaxshidir-a, duxtur? Har qalay tabiiyda...
— Boʻpti. Oshqovoq urugʻini buyuraman.
— Yoki Vermoks yaxshimikan-a?
— He, qanaqa odamsiz oʻzi, Vaqtimni olmang. Sizsiz ham kallamda mingga tashvish. Tezroq ayting. Qaysisini buyuray?
— Uzr, duxtur. Mayli, oshqovoqni buyura qoling.
— Boʻpti. Mana aptekaga qogʻoz. Qanchadan va qanday ichishni aptekachi tushuntirardi. Boring.

Bemor chiqib ketadi. Turdiev uf tortadi. Boshini changallaydi.

Yana ertangi kunni oʻylaydi. Kabinetida bugun bir oʻzi. Yonida oʻtiradigan hamshirasi oʻzining xotini.
— Bugun bolalaring bilan piyozni oʻtoqdan chiqar, – deb xotinini uyda qoldirgan. Turdiev yana bir-ikki bemorni koʻrgan boʻldi. Ularni qon va siydik tahliliga yuborib, «indinga kelasizlar, ertaga men boʻmayman«, deb joʻnatdi. Uyga qaytdi. Oʻzining »kabinetim» deb atalmish xonasiga kirib, divanga choʻzildi. Ishdan kelib, biroz uxlab olish odati bor edi. Mizgʻimoqchi boʻldi. Baribir boʻmadi. Xayol opqochaverdi. Uzoq toʻlgʻonib yotdi. Uf-f. Taqdirim ertaga hal boʻladi. Birdaniga. Barisi. Avval oliy toifamni olib tashlashadi. Soʻng yarim stavka qoʻshimchani qirqishadi. Shu bilan tamom. Eh, nima qilsam ekan. Nima qilsam. He-e, toʻrt yilgina chidab tursam edi. Soʻng pensiyaga chiqaman. Qutulaman. Qutulaman baridan. Hammasi jonga tegdi. Ish ham, kasallari ham. He, boshidan qolsin... Shu ambulatoriyaga qaysi goʻrdan oʻtdim. Rosa bosh ogʻriq ekan. Hujjatlarishshg koʻpligini aytmaysizmi. Kasallari ham bir mijgʻov, bir bedavoki-ey. He, qurib ketsin, shu toʻrt yil tezroq kela qolsaydi. Uf-f. Endi bu tashvishlarningpaydo boʻlganini qarang. Tavba. Bizning davrimizda bunaqa gaplar yoʻq

edi. E, xudoyim-ey. Ishqilib oxiri baxayr boʻlsinda...
— Ha, dadasi, keldingizmi? – xotini kirib xayoli boʻlindi:
– Biz ham piyozni oʻtoqdan chiqardik. Nima qildi? Charchadingizmi, dadasi?
— Ha. Bosh ogʻriyapdi.
— Voy, nega? Nima qildi?
— He, soʻrama. Ertaga attestatsiya emish. Barcha duxturlarning kasbiga va toifasiga loyiqligini imtixon qilarmish.
— He, qoʻrqmang, dadasi. Imtixonlarni endi koʻryapsizmi.
— He, shunday deysanda. Viloyatdan kelib olarmish. Rosa stroga deyishyapdi. Kecha qoʻshni tumandan yigirma kishini yiqitibdi. Shularni eshitib, rosa boshim qotyapdi. Qariganda bu koʻrgulik ham bormidi menga.
— Qoʻying, siqilmang, dadasi. Bir gap boʻlar.
— Koshki edi. Pensiyaga tuzukroq oylik bilan chiqsam, deb yurgan edim. Xudo koʻrsatmasin paq etib yiqilsam. Qoʻshimcha ketadi, toifa ketadi. Pensiya ham rasvo boʻladi-da soʻng.
— Bunday oʻtirgandan koʻra ozroq kitob oʻqing boʻmasam.
— Kitob? Qanaqa kitob? Qani oʻsha kitob? Koshki kallaga kirsa.
— Voy, dadasi. Cherdakda studentligingizda koʻtaradigan chamadoningiz yotibdi. Ichi toʻla kitob. Hozir bolalarga aytaman, olib tushishadi. Oʻqing.

Birozdan soʻng xotini yostiqday-yostiqday besh-olti kitobni gurs-gurs urib, changini qoqib olib kirdi. Institutda oʻqigan kitoblari ekan. Terapiya, kardiologiya, xirurgiya, nevropatalogiya. U kitoblarni varaqladi. Eh-he, buni qachon oʻqib chiqaman. Tagʻin bari oʻrischa ekan. Koshki buni tuzuk tushunsam.
– Dadasi, men issiq choy damlab kelaman. Siz gʻayrat qilib oʻqing. Inshollo, ertaga oʻtib ketsangiz, - deb xotini xonadan chiqdi.

Turdiev kitoblarning birini qoʻyib birini varaqlardi. Oʻqigan boʻldi. Kallasiga kirmadi. Soʻng kitoblarni nariga surib, yana divanga choʻzildi. Xotini choynak piyola koʻtarib kirganda, u bitta kitobga peshonasini tiraganicha xurrak otardi.

Ertalab imtixon boʻladigan majlislar zaliga hammadan oldin bordi. Eshik oldida turdi. Birov kiryapdi, birov chiqyapdi. Qovogʻini uyib chiqqanni koʻrsa, uning ham yuragi urib, oyogʻi qaltirab qoladi. Birontasi kulib chiqsa, u ham xursand. Eng oxirida orqasidan birov itarganday boʻlib kirdi. Yigirma chogʻli hay’at a’zolari toʻrda tizilishib oʻtiribdi. Bari notanish. Kadrlar boʻlimining boshligʻi uning shaxsiy varaqasini oʻqidi. Ish staji 30 yildan oshgan. Oʻtgan umri rahbar boʻlib ishlagan. Oxirgi ikki yilda...
– Eh-he, pensiyaga ham yaqin qopdi-ku, duxtur, – dedi hay’at raisi.
— Ha, ha, qaridik, oz qoldi. - dedi Turdiev yaltoqlanib, hayat a’zolariga bir-bir qararkan.
— Sizdan nimani soʻrasak ekan? Xoʻsh-sh...

Hay’at raisining unga qadalib turgan nigohlariga dosh berolmay Turdievning yuragi «shuv-v« etib ketdi. »Endi oʻldim», deb oʻyladi va birdan uning qoʻlini ushlab yalinishga tushdi.
— He, soʻrab nima qilasiz, duxtur uka. Endi, qariligimni inobatga oling. Jon aka. Jon aka. Akajon. Iltimos. Pensiyaga yaqin qoldi. Bir yaxshilik qiling.
— Toʻgʻri-ku-ya. Lekin, baribir soʻrash kerak-da. Bir kun boʻlsa ham siz bemorlar bilan ishlaysiz, axir. Bilishingiz kerak...
— Oʻqib olaman, oʻqiyman. Jon aka. qiynamang. Iltimos. Baraka toping. Akajon...

Hay’at raisi uning yigʻlamsirab turgan basharasiga qarab turarkan, bosh chayqadi.
— Obbo siz-ey. Boʻpti. Bitta yengil savol. Patogenez degani nima? Shuni ayting, oʻtasiz...
— Pat... Pat... Duxturjon. Aytdim-ku, oʻqib olaman shuni. Jon uka. Aka. Yordam qiling. Bir odamgarchilik qiling. Iltimos.

Hay’at raisi yonidagilarga qaraydi. Ular yerga qaraydi. Turdiev qoʻli koʻksida, koʻzlarini namlab ham bir hay’at a’zosi yoniga borib iltimos qilishga tushadi. Ular eridi.
— He, qiynab nima kerak. Baribir bilmaydi, - dedi oʻrta yoshlardagi bir odam.
— Tezroq tugataylig-e. Qorin ham ashulasini ayta yotibdi, – dedi yana birovi.
— Duxtur uka, otangiz tengiman. Yordam qila qoling. Yaqinda pensiyaga ketaman. Meni kuydirmang. Uzoq yillar men ham rahbar boʻlib ishlaganman, axir. Yuragam yomon. Oʻlib-netib qolmayin. Oltita bolalarim bor. Ukajon. Jon uka.

Turdiev stulga oʻtirib koʻkragini changalladi, koʻzlarini ola-kula qildi. Oʻttan yili infarktdan oʻlgan otasini eslatganimi yoki sheriklarining tushlikka chiqish kerak deb tipirchilab turganidanmi, ishqilib hay’at raisi ham yumshadi.
— Boʻpti. Bu marta shartli ravishda oʻtdingaz hisob. Malakangizni oshirib kelasiz. Oʻqing aka, oʻqing. Boring. - dedi hay’at raisi unga ensasi qotib tikilarkan. Turdiev tirjaydi. Bukilib qulluq qildi.
— He, rahmat-e. Baraka toping. Albagta oʻqiyman. Shu bugun borib oʻqib olaman oʻsha papa, pata, patalogiyani. Rahmat akalar...

Tashqariga chiqa solib, «oʻtdim» deb maqganmoqchi edi, koridorda oʻzidan boshqa hech kim yoʻq ekan. Uyga yugurdi. Kelasolib xotinini dast koʻtarib bir aylantirdi.

Xotin, suyunchi ber. Imtihondan oʻtdim. Qutuldim. Endi pensiyagacha maza. Bopladim.
— Voy, tabriklayman. Qanday qilib? Hamma savollarga javob berdingizmi? Osonlari tushdimi?
— He, qaerda. Bilmadim. Shunday boʻlsa ham oʻtdim.
— Voy qanday qilib? Qariligingizni hurmat qilgandir-da? Toʻgʻrimi?
— Endi bu yogʻi sir. Ishqilib oʻtdim-da. Oʻtdim. Xotin, palovni os, oʻtdim. Endi bu yogʻi oʻyin. Oʻyin. Oʻyin...

Turdiev xotinini hayron qoldirib, meshday qornini va baq-baqalarini silkitganicha, barmoqlarini qirsillatib birdan oʻyinga tushib ketdi:

— Xax, kishtala ...