OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiKungaboqar (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kungaboqar (hajviya)
Safar Kokilov

Kun issiq. Ayni tushlik payti. Hamma oʻzini katta yoʻl yoqasidagi chinor tagiga – choyxonaga urgan. Choyxonachi, oshpaz-u – somsapazlarning qoʻli qoʻliga tegmaydi. Barcha soʻrilar odamga liq toʻla. Tuman tashkilotlaridan birining ikki xizmatchisi – Haitqoraev bilan Amriev ham shu yerda bir lagan palovning ustidan achchiq choy ichib, choyxonaning chetroqdagi sersoya soʻrilaridan birida dam olishmoqda. Yonlarida boʻsh joy boʻlsa ham, joy soʻrab yoki «boʻsh choynak bormi?» deb surishtirib kelganlarni Xaitqoraev «zaynit» deb yaqiniga yoʻlatmaydi.
– Bu dunyoda hamma odam shayton boʻlib ketgan. Shundoq koʻzingga tikilib, kulib turib joningni oladi-ya. E, tovbangdan-ey, – deydi u soʻrining ustiga yonboshlab yotarkan, – Ichidagini bilolmaysan, uka. Birovga tirnoqday yordamim tegsin deyish yoʻq. Iloji boʻlsa yulsam, aldasam deb turishadi. Xudo urmasa kishini. Bu dunyoda hech kimga ishonib boʻlmay qoldi-ya. Yaxshiyam siz bor ekansiz, uka. He, raxmat-e. Ikkovimizning yulduzimiz toʻgʻri kelib qolganini qarang. Siz oʻsasiz, uka. Sizning koʻnglingiz ochiq. Men toʻgʻrisini aytaman. Ha, ha. Sizni shuning uchun ham yaxshi koʻraman. Sizdek vijdoni pok, bilimdon yoshlar kam hozir...

Amriev yerga qaraydi. «Ha» ham demaydi, «Yoʻq» ham demaydi. «Xe, oshirib yubordingiz» degandek hijolatomuz jilmayib, bosh chayqaydi, xolos.
– Yoʻq, yoʻq. Siz uyalmang, uka. Oʻzim shunday qoʻpol koʻringanminan gapning toʻgʻrisini aytaman. Ikkovimiz ikki boʻlimda ishlasak ham tashkilot bir-ku. Sizni orqavotdan eshitib yuraman, uka. Albatta, oʻsasiz. Bu jupruqvoylarga amal abadiymi? Barisi ham ketadi. Qayta qurish. Demokratiya. Ma’naviyat degan gaplar bekorga aytilmayotir, axir. Kelajak yoshlarniki. Ha-ha. Mana meni aytdi dersiz, hali. Sizlarning «zav»laringiz ham, bizning Toshbolta tirriq ham, barisi ishlab boʻldi. Oladiganini olib boʻldi. Endi ketadi, mana koʻrasiz. Yuqorida tanishlarim bor... – u choydan xoʻpladi-da davom etdi: – Haligi... Hali ham yozib turibsizmi? Boʻshashtirmang, uka. Gazit-pazit degandek... Ijod bu zoʻr ish. Ha, endi, talant hammada ham boʻlavermaydi. Uka, shu peleton qiladigan bir gap bor edi-da. Men sizga aytsam...

Amriev bu gaplarni avvaldan eshitib, oʻrganib qolgandek pinagini ham buzmay atrofga – oʻtgan-ketganga qarab oʻtirar ekan, birdan jilmaydi.
– Ie, anovi Toshbolta akami? Ha, oʻsha-ku. Joy izlayapdi shekilli, chaqiraymi?

Hayitqoraev tok urgandek bir seskanib tushdi, rangi oqardi, soʻng xoʻmrayib:
– Kim?... Toshbolta dedingizmi? Bizning zaveduyushiymi? He, yoʻqoting-e. Chaqirmang, uka. Oshga pashsha qilib nima qilasiz. Turqi qursin... – dedi shoshib choydan xoʻplarkan.
– Mayliku-ya, lekin oʻzi ham bizni koʻrdi, chamamda. Shu yoqqa kelyapdi, – Shunday deb, Amriev soʻridan tushib, tuflisini kiya boshladi.
– Obbo... Qani? Qayoqdan kelyapdi? – Haitqoraev ham semiz gavdasiga beoʻxshov holatda sapchib oʻrnidan turib ketdi va atrofga alangladi. Gapi eshitilmaydigan masofada kelayotgan Toshboltani koʻrib, toʻngʻilladi:
– Obbo, iskovuchey, shu yerga ham topib keldi-ya. Endi uka, xizmat boʻlsa ham manovi oshning laganini yoʻqoting. Tez-tez boʻling. Borib besh-olti somsa opkeling. Bizning hisobdan. Choy ham ayting. Yana oʻtirmasak boʻmaydiyov...

Soʻng Haitqoraev chaqqonlik bilan soʻridan tushdi. Katta gavdasi biroz egildi. Meshdek qornini ichiga tortdi. Tirjaydi. Sochi olingan yaltiroq boshi terdan yana ham yiltirab ketdi. Tomogʻini qirib, yalangoyoq, ikki qoʻlini oldinga uzatganicha Toshbolta akasiga peshvoz chiqdi:
– Assalomu alaykum, Toshbolta Boltaevich, kelsinlar, aka, kelsinlar. Qanday yaxshi shamollar uchirdi, aka. Obbo, siz-ey... Biz xomkalla-da... Hali, birrov kirib, «choyga ketdik» deyishni ham bilmabmiz... Uzr, aka...
– Men boshqarmaga oʻtgan edim. Yoʻl-yoʻlakay ovqatlanib ketay deb burilganim, hechqisi yoʻq, xijolat boʻlmang... – dedi Toshbolta Boltaevich.

Ular soʻriga chiqib oʻtirishdi. Haitqoraev oldidagi choynaklarning biridan piyolaga bir oz choy quyib obdan chayqab tashladi, soʻng toza choy quyib uzatdi.
– Qani, aka, choydan oling. Hozir damlatdik. Biz ham hozir keldik. Qandaysiz, aka? Yaxshimisiz? Jiyanlar, yangamlar tinch-omon yurishibdimi? X, rahmat-e, aka... Choydan ichib turing, aka, hozir somsa buyurdim. Piyozi kam boʻlsin deb tayinlaganman. «Zakaznoy»... Xi-xi-xi... Ana, Amriev ukam opkelyapdi. Anovichi... Ishlab chiqarish boʻlimidagi «muxbircha»...
– Ie, sizlar ham hozir kepsizlarda?! ...
– Ha, ha. Hozir keldik. Endi joy topib, choy opkeltirsam... Qarasam siz... Darrov Amrievni somsaga yuborib, oʻzim sizni chaqirgali sakrab turgan edim. Hayriyat-e. Oʻzingiz kep qoldingiz. He, rahmat, aka...

Haitqoraev bir qoʻli koʻksida tirjaydi. Soʻng goʻyo indamay tursa Toshbolta Boltaevich bir narsa soʻrab qoladigandek yana gapga tushib ketdi. Kunning issiqligiyu, choyxonaning torligidan shikoyat qilgan boʻldi. Shu payt Amriev patnisda somsa va yana bir choynakdan achchiq choy opkelib oʻrtaga qoʻydi. Toshbolta Boltaevich bilan koʻrishib soʻrashdi.
– Bekor ovora boʻlibsizda. Oʻzim buyurardim-da... Ha, mayli. Qani, oʻtiring. – dedi Toshbolta Boltaevich Amrievga qarab.
– Endi, akalar menga ruxsat. Sizlar bemalol olaverasizlar – dedi Amriev ketishga chogʻlanib.
– Ie, ie. Somsachi? ... Hozir keldik dedinglar-ku?!
– Bu kishi mendan sal oldinroq kelgan. Mayli, mayli uka, boravering, – deb, Haitqoraev gapni ilib ketdi. Amriev unga hayron boʻlib bir qarab qoʻydi-da, burilib ketib qoldi. Haitqoraev gapda davom etdi.
– Qani, aka, somsadan boshlab bering. Oling, aka. Men hozir issiq choydan suzaman. Xe, raxmat-e, aka... Nimasini aytasiz. Davlatning ishi koʻp ogʻir. Ayniqsa siz rahbarlarga juda ham qiyinda, aka. Lekin kimdir qilish kerak. Shu desangiz, boʻlimku-boʻlim, butun tashkilotimizda sizdek jon kuydirib ishlaydigan odamning oʻzi yoʻq-da, akajon. Oʻlay agar... Kuzatib yuraman... Sizdek obektiv rahbarning qoʻlida ishlaganimdan xudoga ming shukur qilib yuraman, desangiz... Katta rahmat, aka. Kam boʻlmang, aka. Hali oʻsasiz, aka. Mana men aytdi, dersiz. Ishqilib boshimizda ishlab turing. He, hozirgi sharoitda... Toʻgʻrisini aytsam, aka, agar manoviga oʻxshagan yoshlar sizning oʻrningizda ishlaganda allaqachon ishning «kasha»sini chiqarib yuborgan boʻlar ediyov. Xudo asrasin. Yaxshiyam siz borsiz... He, rahmat-e... Qani, katta-katta oling, aka...

Toshbolta Boltaevich ochiqqan ekan shekilli, Haitqoraevning gaplariga indamay bosh irgʻab qoʻyib, ovqatlanishga tushib ketdi. Haitqoraev esa peshonasidan reza-reza ter quyilib qoʻlida bir cheti tishlangan somsani ushlaganicha, tinmay bidirlardi:

– He-e, aka... Bu dunyoda odamlar shayton boʻlib ketgan. Kulib turib jonni oladi. Shu desangiz...