OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiNoshukur banda (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Noshukur banda (hajviya)
Safar Kokilov

Bir kimsaning nomai holi

U tugʻildi-yu, yigʻlab yubordi.

­- Qanaqa dunyoga kelib qoldim-a? ­ deb hayron boʻlib, qotib-qotib yigʻlardi. Oʻrab-chirmashdi. Onasi koʻkrak tutdi. Baxtiga qarshi onasining koʻkrak uchi yassi ekan, ema olmadi.

­- Shu ham koʻkrak boʻldi-yu, emmayman, ­ vagʻilladi yana. Doʻkondan rezina soʻrgʻich opkelishib boʻyniga osib qoʻydilar. Sun'iy sutlardan emib asta-sekin ulgʻaya boshladi. Lekin hech narsadan koʻngli toʻlmasdi. Otasi olib bergan ust-bosh goh katta, goh kichik. Onasi qilgan ovqatlar goʻyo bemaza, beta’m edi. Kun boʻyi yuziga pashsha qoʻnib oldidagi ovqatni yemasdan xarxasha qilib oʻtiraverardi. Bechora ota-ona hayron edi. Axir «puf-puf»lab, hech kimga ishonmay shuncha avaylab qaragani bilan oʻgʻilchasining koʻnglini topisholmasdi-da. Ba’zan otasining jahli chiqib doʻpposlab tashlamoqchi boʻlardi-yu, onasi oraga tushardi:

­- Qoʻying, dadasi. Kattaraversa esi kirib yaxshi boʻlib qoladi, ­ derdi bolasining boshini qoʻltigʻiga yashirib.

Maktabga bordi. U yerda ham oʻqituvchilar bilan chiqisholmasdi. Darsdan qochardi.

-­ Faqat mendan soʻrashadi. Ataylab meni doskaga chiqarishadi. Menda qasdi bor, ­ derdi hinqillab yigʻlarkan. Sinfdoshlari bilan ham doʻstlasha olmadi.

-­ Mening ustimdan gapirib kulishadi. Meni koʻrolmaydi, ­ derdi onasiga koʻz yoshi qilib. Dastyor boʻlib qolgani uchun ota-onasi ba’zan-ba’zan buyurgan ishni ham yolchitmas edi. Birdan goh biqini, goh qorni ogʻrib qolardi. Ota-onasi qoʻrqib doʻxturma-doʻxtur chopishardi.

­- Nega hamma kasal menga yopishadi? Nega boshqa bolalar kasal boʻlmaydi? ­ deb baqirib yigʻlardi ukollardan bezor boʻlganidan. Rangi zahil, badani momiq paxtaday boʻlib oʻsa boshladi. Maktabni ham bir amallab bitirdi. Otasi tanish-bilish qilib bir institutga kirgizib qoʻydi. Imtihonlarni pul bilan topshirib oʻqidi. U yerda ham birovga el boʻlolmadi. Chaqimchilik qilardi.

-­ Meni hammasi yomon koʻradi. Oʻzlari yomon, ­ derdi oʻzicha kuyunib. Uyiga ta’tilga kelgan vaqtlarda qishlogʻi koʻchalarida gerdayib yurardi. Hech kimga salom bermas edi. Umuman salom berishni oʻziga or bilardi.

-­ Men katta shaharda oʻqisam-u, bu qishloqilar menga salom berishmaydi...

Ishga kirdi. Tagʻin gʻurbat. «Oyligi kam. Ish koʻp. Odamlar yomon...»

Oʻziga oʻxshagan bitta-yarimtani yigʻib, boshliqlarning ustidan igʻvogarlik qilib, yumaloq xat yozishdi. Niyatiga yetolmagach, yana kuyunib yurdi:

-­ Hech yerda haqiqat yoʻq. Baliq boshidan sasigan...

Qari ota-onasini ham har kuni «Menga yaxshi sharoit yaratib bermadinglar, mening shunday qiynalib yurishimga sizlar aybdor» deb, ta’na qilaverib, kun bermasdi. Bechoralar unga kuya-kuya, izidan chopa-chopa, uni suyay-suyay oʻzlari ham olamdan oʻtib ketishdi. U esa bevafo dunyodan nolib yigʻlab qolaverdi. Soʻng togʻalari uni gulday bir qizga uylantirib qoʻyishdi. Lekin xotini bilan uzoq yashamadi. Xarakterlari toʻgʻri kelmaganmish.

-­ Televizordagi qiziqchiga qarab tirjayadi. Koʻchadan kelgan tilamchiga non berardi, ­ deb xotinini yomonlab yurdi. Shu bilan qayta uylanolmadi. Oʻlgʻiz yashadi. Qoʻni-qoʻshnilar bilan sozi yoʻq, suvi tinimasdi.

-­ Bari gʻiybatchi, bari meni koʻrolmaydigan odamlar...

Hamma uni koʻrsa qochadigan, aylanib oʻtadigan boʻlib qoldi. Togʻalari uni koʻrgali qanday-qanday kelsa, ularga qarab janjal qilardi:

-­ Qanday togʻasiz-e. Holimdan xabar olmaysiz. Ogʻainlarda mehr-oqibat yoʻq.

-­ Sen oʻzing ham bunday ogʻainlarnikiga mehmon boʻlib borgin-da. Kelganlarni ochiq yuz bilan kutib olgin-da, ­ derdi togʻasi tanbeh berib.

-­ Menga joni achishadigan yoʻq. Hammalaring meni yomon koʻrasizlar. Nega meni hamma yomon koʻradi? ­ deb yigʻlardi u.

Mahallaga qoʻshilmay qoʻydi. Hovlisining eshigini kirsa ham, chiqsa ham tanbalab yurardi. Nihoyat pensiyaga chiqdi. Pensiya beradigan joyga borib har kuni janjal qilardi.

-­ Nega mening pensiya pulim kam? Nega urush veteranlariniki koʻp? Men ham davlatga ishlab berdim-ku...

-­ Endi qaridingiz, musulmonchilik amallarini bajarib yuring, ­ deb mahalla imomi pandu-nasihat qilganiga pushaymon yedi.

-­ Eshakdan yiqilib peshonam yerga tegmagan-u, endi nomoz oʻqiyman deb boshimni yerga uramanmi? Oʻqiyvering, sizga kerak boʻlsa, ­ deb jerkib tashladi u.

Toʻy marakalarga ham bormay qoʻydi.

Borsa ham qovogʻini uyib:

-­ Tuzuk ovqat qilishmagan, koʻproq bermadi, xasislar, ­ deb soʻkinib qaytadi. Biron odam bilan qanday-qanday gaplashib qolsa ham, doim noligani-noligan:

-­ Odamlar buzilib ketdi. Zamon buzilib ketdi. Hamma tomonda yoʻqchilik. Yashash qiyin boʻlyapti...

Bora-bora hafaqon kasalligiga yoʻliqdi. Vrachlar unga dori-darmon buyurishdi. U pisand qilmadi.

-­ Fu-u. Dorilar achchiq, sassiq. Ukollar yoqmaydi. Doʻxturlarning bilimi yoʻq, ­ derdi injiqlanib. Ahvoli yomonlashavergach, ukollarni olishga, dorilarni kappalab yutishga majbur boʻldi. Lekin dard zoʻr keldi. Yiqitdi. Uni koʻrgali kelganlarni koʻrganda alamidan yana yigʻladi:

-­ Nega? Nega men kasal boʻlaman? Nega sizlar kasal boʻlmaysizlar?

Kunlardan bir kuni Azroil eshigini qoqdi. Koʻziga koʻringandan oʻkirib yigʻlab yubordi.

-­ Yoʻq. Noroziman. Nega endi faqat men oʻlishim kerak? Nega boshqalar emas? Azroilda insof yoʻq...

Jon taslim qilayotganda ham ancha vaqt talvasa qilib, lablari allanima deb pichirlay-pichirlay... uzildi bechora, noshukur banda.