OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiOʻzim edim (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻzim edim (hajviya)
Safar Kokilov

Bir poraxoʻr haqidagi hajviyam bosilib chiqqandan soʻng uchinchi kuni har doim salom bersam arang boshini qimirlatib qoʻyadigan oʻoʻdayganov ertalabdan yuzlaridan tabassum yogʻilib, pirini koʻrgan muridday yugurib kelib ikki qoʻllab koʻrishdi. Uzundan uzoq sogʻligʻimni, ishlarimni, uy ichdagilarni soʻrab boʻlgach, dedi:
– Voy, siz «molodes» ey. Boplabsiz-ku, boplabsiz. Qoyil. Qani endi, yuvmaymizmi hajviyani. Gonorari qancha, gonorari?!...
– Ha, yuvsak yuvamiz-da. Gonorari kelsinchi, – deb qoʻydim. U qoʻltigʻimdan olib idora ichkarisiga yurar ekanmiz, sekingina soʻradi:
– Komilov. Bu, haligi qurugʻidan boʻlsin degan gap butun respublika boʻylab tarqalgan gap. Buni aslida anovi Ergash Karimovga oʻxshaganlar chiqargan. Ha, endi men ham hazillashib aytib yurardim-da. Tagʻin... Men emasmi oʻsha?

Men kulib yubordim. U bir qizardi, bir boʻzardi.
– Yoʻq, yoʻq. Siz emas. Har qalay aynan siz emas...
– Xax-xax-xa-xa.. – U birdan yosh bolalardek quvonib, qattiq kulib yubordi – oʻzim ham biluvdim-a... Lekin rosa boplabsiz. Ofarin...

Keyin asta shivirladi:
– Kim oʻzi oʻsha?...
– Buni endi sir. Gap egasini topadi...

Tushlik oldidan qoʻshni boʻlim mudiri kirib keldi va qoʻlimni qisdi.
– Tabriklaymiz. Boplabsiz. Obbo, siz-ey, Komilov. Bunaqa hunar ham bor ekanda, a? Siz chatoq, chatoq... Ishqilib, men emasmi?... – dedi kula-kula.
– Yoʻq. Siz emassiz, – dedim men ham kula-kula.

Tushlikda oshxonada ovqatlanib oʻtirsam, yana bir hamkasbim oldimdagi boʻsh stulga ohista choʻkdi va hadiksirab dedi:
– Komilov, anovi «qorni katta», kichkina kabinetda» deganlaringiz... Ishqilib...
– Yoʻq, yoʻq. Siz emas.

Idora koridoridan ketayotsam, boʻlim boshliqlaridan biri yoʻlimni toʻsdi:
– Komilovich, joʻrajon. Bu haligi «burni uzun, qulogʻi supradek» depsiz. Xudo bergan qusurlar bizda ham bor edi, akun...
– Siz emas, siz emas. U boshqa odam. – dedim-da, keta turib oʻylanib qoldim. Soʻng birdan ichimdan hursand boʻlib ketdim. Qiyqirib yuborgim keldi. «Oʻl-a. Pitirlab qolganini bularning. Hajviyaning kuchi ham mana shunda-da. Demak, nishonga tegibdi. Boplab yozganimga endi oʻzim ham ishondim. Oʻlma, Komilov!...

Kechga yaqin, ish tugashidan sal oldinroq direktor chaqirtiribdi. Kabinetiga qisinibgina kirsam, u eshik oldida kutib olib qoʻlimni qisib koʻrishdi-da, oʻtirishga taklif qildi. Bir zumda stoli ustidagi qogʻozlarni titkilagan, taxlagan boʻldi, soʻng menga qarab:
– Xoʻsh, Komilov. Kechagi komissiya ishlaringizni koʻrdimi? – dedi.
– Ha. Koʻrdi. Umuman ishlarimdan kamchilik topgani yoʻq. Lekin qidirsa, tirnoq ostidan kir chiqaveradi-da. Kabinetning devorini chang bosibdi – antisanitariya deb ketishdi. Axir... – Men kecha dabdurustdan kasaba uyushma raisi boshchiligida idoramizdan bir-ikkitasi kirib, mening ishlarimni taftish qilgani-yu, qildan qiyiq axtarishganini aytib tashlamoqchi edim, direktor stolni taqillatib, meni toʻxtatdi.
– Xa-a-a. Ana shunaqa-da, oʻrtoq Komilov, – dedi u birdan koʻzlari chaqchayib, ovozini bir parda koʻtarib: – Qidirsa kamchilik chiqadi. Mana, siz ham farishta emas ekansiz-ku... Shunday boʻlgach, nima qilasiz birga ishlaydiganlarga loy chaplab. Nima, ishxonamizda yaxshi odam kammi? Odam degan yaxshilikni koʻra bilish kerak. Ana shular toʻgʻrisida yozing. Nima qilasiz...

Birdan badanim muzlab, anchagacha tilim kalimaga kelmay qoldi. Arang gʻoʻldiradim:
– Axir... Bu, hajviya... Hikoya-ku... Umuman yozilgan. Gap egasini topadi. Kimga tegib ketgan boʻlsa, endi toʻgʻri ishlaydi-da...
– Uka, – birdan u yana muloyimlashdi: – Oʻzingiz bilasiz, jamoamizda beshyuzga yaqin odam bor. Men axir har birini poylab yurolmaymanku. Siz tushuning. Mana, kecha meni yuqoriga chaqirib, «sizda shunday odamlar bor ekan, ana, oʻzlaringdan birovi yozibdi» deb, rosa «tuzlashdi». Endi gap bunday. Talant yaxshi narsa. Yozmang deya olmaymiz. Lekin yaxshi narsalar haqida yozing, yoki boshqa kasbdagi odamlar haqida yozing. Iloji boʻlsa, manzilini ham oʻzgartirib... Har qalay bir jamoada ishlaymiz. Yaxshi emas. Qolaversa, mana oʻzingizni ham tekshirganda kamchilik chiqibdi. Gapni toʻgʻri tushuning-u...

U rosa bir yarim soat meni tergab «nasihat qildi. Goh muloyimlashib, goh dagʻdagʻa qilib gapirdi. Negadir tilim tanglayimga yopishib qolganday edi. Kabinetidan chiqar ekanman, soʻrab qoldi:
– Ha, aytgancha, aslida, oʻsha kim oʻzi?
– Hech kim... – dedim yelkamni qisib: – Umuman olib yozganman. Axir, poraxoʻrlar koʻp-ku?!

U menga bir zum tikilib turib, birdan kulib yubordi:
– Vax-xax-xa-xa. Obbo, siz-ey. Buni qarang. Unda, oʻzingiz ekansizda oʻsha. A?! Xoʻppa semiz, tepakal... Voy, siz-ey. Hech mahal ham kishi oʻzini yozadimi? Vax-xax-xa-xa... Xoʻp boring. Men endi yuqoridagilarni oʻzim tinchitaman. Oʻzini yozgan ekan deyman. Endi bunday ish qilmaydi deyman. Tushunarlimi? Shunday boʻlsin. Qadamingizni oʻylab bosing, a?! Boring...

Direktor kabinetidan iylangan teriday shalpayib chiqdim. Qabulxonada oytovoqday boʻlib oʻtirgan sekretar ayol qoʻlimga bir qogʻoz tutqazdi.
– Komilov uka, mana sizga «padarka»...
– Nima bu?
– Nima boʻlardi. Buyruqdan koʻchirma-da. Oʻz ish joyiga sovuqqonlik bilan qaragani uchun ish haqqingizdan 20 foiz jarima toʻlash haqida. Oling.
– Ie. Nega endi? Birdaniga jarima? Avval ogohlantirmasdan-a?...
– Xay, xay, xay. Tinchimagan Komilov-ey. Majlislarda tortishaverib, olib boʻlgansiz-ku barisini, ogohlantirish ham, xayfsan ham qolmagan. Ehtiyot boʻling. Endigisida ishdan ketasiz. Ha, yozuvchi boʻmay keting, ukam. Nima qilasiz oʻz boshingizga gʻalva orttirib, tushunmayman. Hamma qatori tinchginayurmaysizmi?!... Ammo-lekin boplab yozibsizda. Sizda talant bor. Kim edi oʻsha qurib ketgur?...
– Kim boʻlardi?! Oʻzim-da. Oʻzim... – zarda bilan eshik tomon yurdim.
– Voy oʻlmasam. Anovini qaranglar. Oʻzi emish. Xax-xax-xa-xa...

Sekretar ayolning qah-qahasi qulogʻim tagida anchagacha jaranglab turdi.