OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiRahmat, Ashurov aka! (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Rahmat, Ashurov aka! (hajviya)
Safar Kokilov

Hammani tekshiradigan bir tashkilot rahbari – doʻstim koʻchada uchrashib qolib, qoʻlimni qattiq qisdi.
– Qoyil, qoyil. Yangi kitobingiz muborak. Tabriklaymiz.
– Qulluq. Raxmat...
– Bizga ham bering. Olamiz. Bizning jamoa ham kitobxon, ma’naviyatni qadrlaymiz...
– E-e. Qani unday qilsangiz. Mayli. Uyda ozroq kitob qolgan edi.
– Bering. Jamoamizda 200 dan ortiq odam ishlaydi. Beravering, olamiz...

Men ertasigayoq kitoblarni koʻtarib uning ishxonasiga keldim. Doʻstim bilan uning kabinetida uchrashdik. Hayhotdek xona. Portretlar, gullar. Burchakda televizor. Chet el mebeli. Toʻrda doʻstim viqor bilan oʻtirgan ekan, oʻrnidan turib kelib koʻrishdi. Kabinetini koʻrib meni sust bosdi. Xatto «arzimagan kitoblarni deb shunday odamni bezovta qildim» deb, sal xijolat boʻldim.
– Opkeldingizmi? Yaxshi qipsiz. Xozir yigʻilishimiz bor. Bir donasini opkirib koʻrsataman. Tanishtiraman. Maqtayman. Olishadi, - dedi doʻstim qoʻllarini bir-biriga ishqalab, - birdan roʻyxat tuzdirib, imzo qoʻydirib olamiz.
– Sizni ham tashvishga quydim-da, doʻstim. – dedim qizarib-boʻzarib: – Xoxlaganlar olsin. Majburlab yotmang tagʻin...
– Albatta, albatta. He-e, majburlab boʻladimi... Bizda odamlar ancha oʻqimishli, oʻz xoxishlari bilan olib oʻqishadi. – u shunday deb biroz oʻylanib qolganday boʻldi: - Bir Ashurov deganimiz bor. Faqat oʻsha olmasligi mumkinda...
– Ha, olmasa olmas. Bitta kishi ekan-ku. Majbur qilmang...

Dustim menga qarab ma’noli bosh chayqadi-da, miyigʻidan kulib qoʻydi.
– Bitta kishi-yu... Ha, mayli, bir yoʻlini qilarmiz. Olishadi...

Men uning birdan oʻylanib qolganiga qiziqib, soʻradim:
– Kim oʻzi oʻsha Ashurov? Muovinlaringizdanmi?
– He, yoʻq. Oddiy nazoratchilardan. Taniysiz. Anovi, yozda ham eski paltosini tashlamay kiyib yuradigan qiltiriq, bitkoʻz odam bor-ku. Oʻsha-da.
– Negadir eslay olmayotibman.
– Taniysiz, taniysiz. Eskidan ishlaydi. Biroz injiqroq. Tortishishni yaxshi koʻradi. Zakunchi. Darrov «yozamanga» tushadiganlardan. – doʻstim kuldi: - Sizga oʻxshagan yozuvchi-da.
– Yoʻgʻ-e...
– Xazillashdim. Siz kitob yozasiz. U esa... Ha, mayli. Bir iloj qilamiz. Men boray. Siz mana choy, televizor, gazetalar, zerikmay oʻtiring. Darrov tugatib kelaman. – deb kabinetini menga topshirib, oʻzi majlislar zaliga chiqib ketdi, Men gazeta varaqladim. Televizorga qaradim. Choy ichdim. Lekin baribir koʻnglim bezovtaligi tarqalmadi. «Bekor qildim-da», deb oʻzimni oʻzim koyiy boshladim. Koʻngil uchun «kitoblaringni tarqatib beraman», degan boʻlsa ham men opkelaveribman. He, attang. Bechora doʻstim. Shunday lavozimlar, shunday kabinetlarda oʻtirguncha qancha chaqiriq, toʻsiklardan oʻtib kelgan-a... He-e... Oʻzi yaxshi yigitda... Yoshlikdan birga oʻynab-oʻsganmiz. Koʻngli ochiq. Lekin... ishqilib anovi Ashurov degani uning kayfiyatini buzmasa goʻrga edi. Hayolimda xuddi hozir ular koʻpchilikning oldida jiqqamusht boʻlib turganday. Ashurov doʻstimga: «Sen oʻz amalingdan foydalanib oshnangning kitobini bizga majburlab bermoqchisan. Seni koʻraman, ustingdan yozaman», deyayotgandek edi. Oʻylagan sari meni ter bosardi. Bekor qildim-da... He, afsus...

Kutganda bir minut ham soatlarga oʻxshaydi-ya. Tezroq tugayqolsaydi. Doʻstimning kabinetini uyoqdan-buyoqqa kezaman. Televizordagi qoʻshiq ham gazetadagi krossvord ham qiziqtirmaydi. Ishqilib, doʻstimga gap tegmasinda. Kitobimni olmasalar ham mayli-e...

Bir mahal koridorda odamlarning gʻala-gʻovuri eshitildi. Xavotirlanib quloqlarimni ding qildim. Yuragim dukillagani eshitilardi.

Shu payt eshik ochilib doʻstim koʻrindi. E, xayriyat-e! U kulib turardi.
– Qalay? Tinchlikmi?
– He, Zoʻr boʻldi. Bopladim. Mana. – U menga qoʻlidagi roʻyxat va imzolar qoʻyilgan qogʻozni koʻrsatdi: - Ashurov qoʻl qoʻydi. Hamma oladigan boʻldi kitobingizni... Uf-f...

Doʻstim joyiga borib oʻtirdi. Ventilyatorni ishlatdi. Koʻzlarini yumib, shamolga oʻzini tutdi. Rohatlanardi. Soʻng bir piyola choy quyib ichdi. Menga qarab kuldi.
– Ashurov ham qul qoʻydi-ey. Bu ham sening baxting. Omadli yigitsizda oʻzi.
– Yoʻgʻ-e. Qanday qilib? Axir oʻzingiz...

Doʻstim choydan xuplab, davom etdi.
– Yoʻlini topdim-da. Yaqinda Ashurovning tugʻilgan kuni. Majlis boshlanishida Ashurovni tabrikladim. Jamoa nomidan bir oylik maoshi miqdorida mukofot berishimizni aytdim. Kutmagan ekan. Koʻzlaridan yosh chiqib ketdi. Soʻng sizning kitobingizni koʻrsatdim. Oʻzimizdan chiqqan yozuvchi, yaxshi xayotiy hikoyalar yozgan, oʻqinglar, dedim. Ashurov akamga oʻxshagan mehnatkash odamlar haqida ekan, dedim. Nasib qilsa, yozuvchiga aytamiz, Ashurov akamiz toʻgʻrisida ham biron ocherkmi, hikoyami yozadilar deb sizning nomingizdan ham va’da berib yubordim-ey. Xullas, shundan soʻng roʻyxat tuzildi. Mening gaplarimdan soʻng oʻn kishi oʻz ixtiyori bilan kitob olib oʻqiyman deb, roʻyxatga imzo qoʻydilar. Bir mahal Ashurov ham oʻrnidan turib kelsa boʻlama.
– Qani, katta, hamma yaxshi kitob deyishyapdi. Bizga ham bitta bering-chi. Uyga borib, bir maza qilib oʻqiylik... – deb, ne kuz bilan koʻrayki, roʻyxatga koʻl qoʻydi-ey. «He, yashang», deb uni quchoqlab olganimni oʻzim bilmayman. U ham shuni kutib turgan ekan, meni quchoqlab oldi-da, qulogʻimga pichirladi:
– He, katta-ey. Rosa puxtalik qildingiz-da. Lekin shu «premya»ngiz boʻlmaganda, bir yamlab yutardim-a. Ha, mayli. Bopladingiz. – deb sharaqlab kulib yubordi.
– He, xayriyat. Yaxshilik bilan tugabdi, Qolgan odamlarchi? – dedim doʻstimning quvonchiga sherik boʻlarkanman. - Ular ham olishdimi?
– He-e. Ashurov qoʻl qoʻydimi, boʻlgani shu. Koʻpchilik uni kutib oʻtirgan ekan. Undan soʻng birdan hamma yopirilib ketdi. Hali yana ellikta kitob opkeladigan boʻldingiz, koʻpchilikga yetmay qoldi...
– He, yashavoring, doʻstim! – deb uni bagʻrimga bosdim. He-e, rahbarlik ham qiyin ish-da. Kezi kelganda qoʻl ostidagilaringa past ketasan... Doʻstimga «bu yerda sen emas, Ashurov rahbar ekan-ku» deb hazil qilgim keldi-yu, aytmadim. Xafa qilib nima kerak. Toʻgʻri-da. Eng asosiysi, Ashurov qoʻl qoʻyibdi-ku!

Rahmat, Ashurov aka!