OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Safar Kokilov. Reklama (hajviya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiReklama (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Reklama (hajviya)
Safar Kokilov

Qishloqqa ketayotgan tiqilinch avtobusning oxirgi oʻrindigʻida tizzasiga ichi toʻla xaltasini qoʻyib olgan, odmiroq kiyingan soqol moʻylovi oʻsgan va boshida yagʻiri chiqqan doʻppili oʻrta yoshlardagi bir odam hammani ogʻziga qaratib gurung berib ketyapdi:
-... Sugʻur degan hayvonni bilasiz-a? Ha, balli. Mana endi oʻshani olaylik. Turgan bitgani lekarstvo, Sabil, rosa sassiq boʻladi. Fu-u... Ammo foydali boʻlgach chidaysanda. Umi? U faqat togʻda boʻladi. Ushlash ham juda qiyin. Ha endi, uni bilgan-yurgan, mana bizga oʻxshagan odam ushlab otib olib kelmasa, hamma ham topavermaydi. Lekin juda-a foydali, moyini ichgan qirq yillik kuhna kasal ham oʻn kun ichida sen koʻr-men koʻr boʻlib tuzalib ketadi. A? Boʻmasamchi. Oʻzim ichmagan boʻlsam ham koʻplarga ichirganman. He-e, bilamizda. Bittasida ibn Sinoning eski kitobi bor. Eski. Hozir chiqayotganlari bari oʻzgartirilgan, zamonasozi qilib qayta koʻchirilgan. Eskisini topib oʻqish kerak. Oʻshanda bari yozib qoʻyilgan. Ha endi, eskichani ham bilamizda, bilmaganni soʻraymiz. Shu desangiz, barcha dori-davo shundoq yonginamizda chopqillab yurishadi-yu, bilmaymizda. Aptekadan axmoq boʻlib dori qidiramiz. Men sizga aytsam, oʻsha sugʻurning terisini bodbosil boʻlganlar orqasiga oʻn kun bogʻlab yursa, tag tomiri bilan yoʻqotib yuboradi. Ie, shuni ham bilmaysizmi?! Badbosili gemorroy-da. Negadir keyingi yillarda juda koʻpayib ketdi-ku. Endi buni bilib davolamasa, juda yomon boʻladi. Mana yaqinda bir ogʻaynimiz bilmasdan jarrohlarga borib operatsiya qildiribdi. Qancha xarajatga tushganini aytmaysiz. Baribir menga keldi. Oʻshanga desangiz, ozroq topib, oʻzim boylab yubordim. Sizga yolgʻon, xudoga chin, bir haftaga qolmay tuzalib ketdi-ey... Boʻpdi, boʻpdi. Topamiz. Gap yoʻq.

Burga deysizmi? Xe, gapirmang-e. Diydori qurisin. Kechayu-kunduz uxlatmaydi. Padarla’natiga dori ham kor qilmaydi, qaytamga semiradi-ya. Lekin men sizga aytsam, bir sanitarni duxtur oshnam bor. «OPD» degan joyda ishlaydi. Xe, haligi burgalarni semirtadigan dori sepishadi-da. Xi-xi-xi-xi. Toʻgʻrida. Oʻsha aytadi. Shu burga ham koni foyda emish. Harom qonni va undagi mikroblarni ham soʻrib oladi deydi. Chaqqanda achishgani bejiz emas ekanda. Oshnamning uyiga borsam, buni qarangki, unikida ham gʻij-gʻij.

Nima, nima? Kirpi deysizmi? Xe, yashang, esimga soldingiz. Bir vaqtlar maktabda zoologiyadan dars berganimda, adirdan bolalar bilan ushlab kelardik. Uyda oʻzim ham qovurib yeganman. Zoʻr boʻladi. Xe-e, davolik narsadan hech qachon jirkanmaslik kerak. Joningizdan oʻtmaganda, kulasiz. Ey, desangiz bizda bittasi bor. Pnyonista, chashmaxoʻr, rangi oppoq, qiltiriqday. Keyingi paytda sargʻayib, kuni kasalxonada oʻtadigan boʻlib qoldi. Bir kuni qarasam yuzlari qip-qizil boʻlib, xirsday semirib ketibdi. Hayro-on qoldim. Oʻzi esa bu, suv yigʻilgan deydi. Ishonmadim. Soʻrasam, xoh ishonining, xoh ishonmang, ichishni tashlab, oʻsha kirpini qovurib yeb yurarkan. Oʻshanga ham men aytgan edim. Ilonni ham yeyman deydi. Qarang-a. Ana sizga semirtadigan dori. Odamlar esa falon pulga retabolil izlab yurishadi. Bilmaydi-da. Shuning uchun aytish kerak, uyda beshinchida oʻqiydigan oʻgʻlim «dada, nima kerak shunaqa narsalarni gapirib yurib deb menga urishadi. Yoʻq deyman. Aytish kerak. Odamlarga yordam qilish kerak. Qolaversa bu reklama. Xa, xa. Rek-la-ma-a. Ana televizorda har kuni tinmasdan tagini artadigan paxtani maqtab reklama qiladi. Yo tavba. Kesak ham boʻlaveradi-ku, desa. A? Xa, kulasiz-a. Xi-xi-xi...

Xe-e, nimasini aytasiz, bir gazitmi, jurnalmi oʻqigan edim. Ba’zi yurtlarda toshbaqani, chigirtkani va yana allambalolarni tansiq taom oʻrnida iste’mol qilisharkan. Foydasi borki yeydi-da. Ular biladi. Ular bizdan ancha ilgari yurishadi-da. Aptekaning dorisiga hech ham ishonmang. Oʻz oti bilan dori-da. Yarmi foyda boʻlsa, yarmi ziyon. Shu tabiiy dorilardan qolmang, uka.

Shu desangiz, yaqinda qoʻshnimizning semiz bir iti bor edi... Ha, ha? Nega turaverdingiz? Tushasiz? E, oʻtiring-e. Biroz gurung qilaylik. Endi qiziyatvudi-ku. Xe, sizni qarang-u. A? Xa mayli, xoʻsh deng boʻlmasam. Xudoning panohiga. Ha, aytgancha, menga qarang, hoy oshna, sugʻur yogʻimi, terisimi kerak boʻlsa topib beraman, keling. A? Xe, meni hamma biladi. Oldin malim boʻlgan Zoir tabib desangiz boʻldi. Topasiz. Xu-u, anovi Eshakoʻldi qishlogʻidanman. Kelavering. Giyohlar bilan ham davolayveraman. Qanday kasal boʻlsa opkelavering. Kelavering... Hoy, haloyiq, kimga nima kerak? Mana bizda, sugʻur deysizmi, kirpi deysizmi, ilon deysizmi, topiladi. Xa-xa. Seans ham qilaman. Bobolarim, pirlarim bor. Chaqirsam har qanday kasalni davolashda yordam beradi. Dorining zoʻrlari ham oʻzimda. E, bor, bor. Hammasi bor. Eshak suti ham topiladi. Narxi ham aptekadan arzon. Aytib qol, men narigi astanapkada tushaman. Hoy, haloyiq...