OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiRoʻmolcha (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Roʻmolcha (hajviya)
Safar Kokilov

Jarrohlik boʻlimining boshligʻi jarroh Eshonqulovning ikki odati bor. Oʻmon deb boʻlmaydi, chunki egasi shunga koʻnikib qolgan va shusiz yashay olmaydi. Lekin shularsiz uni har qancha ta’riflagan bilan hech kim tanimaydi va bilmaydi ham. Xullas birinchisi, u kecha-kunduz ajralmaydigan, kiyinayotganda ham, yechinayotganda ham, ovqat yeyayotganda, hatto hojatxonada uzoq xayol surayotganda ham, he, nima ish qilishidan qat'i nazar, ogʻzidan tutab turgan sigareta tushmaydi. Ota-bobosi qilmagan bu odatga yoshligida yoʻliqib, endi shusiz umuman kuni oʻtmay qolgan. Chekmasa turolmaydi. Ex-xe... Quruq boshi ogʻrisa-ku, mayli. Uning shundoq ham bukchayib qolgan, kichkina tanasi titrab-qaqshab qolgani chatoq-da. Ozgina boʻlsa ham qora ranglab yuradigan siyrak sochlari ham nayzadek dikrayib qoladi. Doim botinka kremining hidi kelib turadigan govkallasiku osma soatning kapgiriday liqillab qolishini aytmaysizmi. Eng yomoni, nafasi qisilib, oʻlat tekkan xoʻrozdek qiyillab, quturgan hoʻkizning koʻzidek doim qizarib yuradigan koʻzlari qinidan chiqqudek boʻlib bir yoʻtaladi-ki. Shuning uchun ham har kuni televizorda «Sogʻliqni saqlash vazirligi sizni ogohlantiradi: chekish organizmingiz uchun xavfli» deyishiga qaramasdan, chekaveradi, chekaveradi, chekaveradi. E-e, nimasini aytasizki, xudoyim hamma narsani juft-juft qilib berarkan. Uning ikkinchi bir odati, yoshligidan burnidan suvi oqadi. U «shilq» etib burnini tortib qoʻyadi-da, oʻng qoʻlining yengi bilan beozorgina qilib, chapdan oʻngga qaratib artib qoʻyadi. Bu odat. Agar dard boʻlganda tumanda yakkayu yagona jarroh Eshonqulov allaqachon davosini topgan boʻlardi. Ha, endi burnini kesmasa ham, bir iloj qilardi-da. Lekin bu ­ xudoning unga bergan in'omi edi. Har kimga ham bersa-chi. Yaxshi koʻrgan bandasiga beradi-da. Shuning uchun ham u bunga allaqachon koʻnikkan va shusiz bir lahza ham yashay olmasdi. Faqat xotini... Eh-he, bechora kelinligida rosa qiynalgan edi. Eriga yordam qilish uchun yugurmagan folbin-u, duosi suvni teskari oqizadigan mulla-eshonlar ham qolmadi. Lekin hech ilojini qilolmadi. Oxiri... koʻndi. e’tibor ham bermay qoʻydi. Faqat kir yuvayotganda yuragi bir «durr» etib qoʻyadi. Axir Jarroh Eshonqulovning oppoq koʻylaklarini har kuni yuvishga toʻgʻri keladi-da. Har yuvayotganda oq koʻylagining sigaret choʻgʻi tushaverib, gʻalvir boʻlib qolgan koʻkrak qismi bilan sargʻaygan va burunga ishqalanaverib titilay-titilay deb qolgan oʻng yengini juda avaylashga toʻgʻri kelardi. Koshki bozorda koʻylak arzon boʻlsa.

Shunday qilib, shu biz ta’riflagan jarroh Kashandaev, e-e, kechirasiz, jarroh Eshonqulov parovozday buruqsib, burnini «shilq-shilq» qilib, ishga joʻnayotganda oʻziday semiz, gavdali, qorachadan kelgan xotinining qoʻli eshik ogʻzini shlagbaumday yopdi va koʻzlari semaforning qizil chirogʻiday chaqnab, uni toʻxtatdi.

­Dadasi, manovi roʻmolchani sizga atay olgan edim... ­ deb uning shimining orqa choʻntagiga yetti buklab tiqib qoʻydi. «Burningizni artasiz» desam, koʻngliga kelar deb: ­ Kerak boʻlar, ­ dedi. Eshonqulovning bunday marhamatdan koʻngli iyib, koʻziga yosh keldi. Toʻlqinlanib xotiniga biron shirin soʻz aytayin deb ogʻiz juftlab, chuqur bir nafas olgan edi, savil yoʻtali tutdi-qoldi. Puk-puklab, ishga joʻnab ketdi. Ishdan qaytib kelgach, kechqurun albatta xursand qilaman deb, koʻngliga tugib qoʻya qoldi.

Jarrohlik boʻlimi oldiga kelgach, ichkariga kirishga shoshilmadi. Bitta tutatib olayin, soʻng ishni yaxshi kayfiyat bilan boshlayman deb, eshik oldida tik turib bitta «Rodopi»ni huzur qilib, chanqoqlik bilan torta boshladi. Chekkanda tanasi yayrab ketadi-da. Qoʻy goʻshtining kuchidan ham koʻp kuch beradi-da, qurmagur. Yana tagʻin chekkandan soʻng kallaning yaxshi ishlab ketishini aytmaysizmi. He-e, chekmaganlar buni qaydan bilsin. Aytaveradi-da. Bilmagani ham yaxshi-e. Boʻmasam sigaret ham tanqis boʻlib, narxi ham osmonlab ketadi. Oʻzi shunaqasiga ham jarroh Eshonqulov qoʻliga tushgan bemorning u yerini kesib, bu yerini kesib olganlarining teng yarmi shu «Rodopi»-yu, «Karvon»ga ketib yotibdi. Aytadilar-ku, «men qilaman oʻttiz, xudoyim qilar toʻqqiz» deb. He-e, nachora, bu ham kerak.

    «Odatdan ayrilib boʻlmas,
    Oʻshlikni qayirib boʻlmas...»

Jarroh Eshonqulov birdan she’r toʻqib yuborganidan oʻzidan-oʻzi xursand boʻlib, sargʻayib ketgan oldingi it tishlarini koʻrsatib tirjaydi. Shu payt uning xayolini toʻzgʻitib, boʻlim oldiga tez yordam mashinasi shitob bilan kelib toʻxtadi.

-­ Ha, ha. Nima gap?

-­ Yoʻlda traktor agʻanabdi. Haydovchisining biqiniga temir kirib ketgan, qon ketyapti, ­ dedi tez yordam vrachi unga qaramasdan, zambarda yotgan bemorni tushirar ekan.

-­ Tirikmi? Qani, men bir koʻray-chi, ­ deb Eshonqulov qonga boʻyalib yotgan bemorni koʻra boshladi. ­ Xoʻsh. Tirik. Hushi joyida. Faqat qon ketyapti. Tezlikda qonni toʻxtatib, tikish kerak...

-­ Nega biqinidan ketayotgan qonni toʻxtatib, olib kelmadingiz? Sizda oʻzi malaka bormi? ­ dedi Eshonqulov burnini bir tortib qoʻyib, tez yordam vrachiga oʻzini koʻrsatib qoʻymoqchi boʻlib. ­ Axir bemor qonsirab, oʻlib qolsa nima boʻlardi? He, sizni qarang-u. Qanaqa vrachsiz oʻzi? Shuniyam bilmaysiz-a?!

Tez yordam vrachi dabdurustdan qilingan hujumdan shoshib, qizarib yerga qaradi va:

-­ Uzr, duxtur. Iloji boricha qisqichlar bilan qon tomirlarni qisib keldik...

-­ He-e, qisqich nima, qon oqayotgan joyning yuqorisidan tortib bogʻlash kerak edi.

-­ Duxtur, bu biqinnning yuqorisidan qanday qilib... ­ hayron boʻldi vrach. Eshonqulov ham oʻzining shoshib aytgan gapini darrov toʻgʻirlab (bu ham sigaretning sharofatidan-da) dedi:

­- Ha, agar oyoqlarda boʻlsa deyapman-da... Lekin bunaqa jarohatlardan ham qonni toʻxtatsa boʻladi. Masalan...

Eshonqulov biroz oʻylanib turib birdan koʻzlari «evrika» deb chaqnadi va orqa choʻntagidan haligina xotini solgan oppoq roʻmolchasini qon oqib turgan jarohatga shartta tiqib yubordi. ­ Mana shunday qilib, ­ deb qoʻydi viqor bilan atrofga alanglab. Lekin atrofida tez yordam vrachi, feldsheri va haydovchidan boʻlak hech kim yoʻq edi. Afsus qilib qoʻydi. Eh, qani edi shogirdlari boʻlsa. Ustozining qonni toʻxtatishdagi topqirligidan va yangiligidan bir qoyil boʻlsa yana uning bemor hayoti uchun shu bugungina choʻntagiga solib kelgan top-toza, qorday oppoq naqd ikki yuz soʻmlik roʻmolchasini ham ayamaganidan yana bir qoyil boʻlar edi-da. Roʻmolchaniku hozir operatsiya qilayotganda yana qaytarib olamanku-ya deb oʻylab qoʻydi. Bemor inqillay boshladi.

-­ Qani, tez operatsiya stoliga olib chiqinglar. U yerda shogirdim Roʻziev bor. Tayyorgarlik koʻraversin. Men ham hozir chiqaman...

Bemorni ichkariga kiritib ketishdi. Eshonqulov koʻtarinki kayfiyatda qoʻlidagi sigaretning qolganining ham tutunini ichiga yutib-yutib qoʻli kuyguncha chekdi. Soʻng ichkariga kiraman deb turgan ediyam-ki, Bosh hakimning bir qoshiq suv bilan yutib yuboradigandek huriliqo sekretari xushboʻy hidlar taratib, sollonib keldi-da, Eshonqulovdan sal narida toʻxtab, burnini jiyirdi, va unga:

­- Sizni katta chaqiryapti. Hozir borarkansiz, ­ dedi va iziga qaytdi. Jarroh Eshonqulov sekretar qiz izidan loʻkillab joʻnadi. Bosh hakim chaqirgandan soʻng bormay boʻladimi. Ayniqsa bunday pari paykar «lichno» oʻzi kelib aytib turganda-ya.

Bosh hakim xonasidagi yigʻilish naqd ikki soat choʻzildi. Eshonqulovning xayolidan haligi kasal batamom koʻtarildi. Har qalay uning koʻngli tinch edi-da. Chunki boʻlimda uning ishonchli, sodiq shogirdlari bor-ku, har qanday bemorning terisini shilib, e-e, kechirasiz, dardini sugʻurib olib tashlashadi. Xuddi shunday boʻldi. Yenglarini shimarib, qonsirab turgan qassobday shay boʻlib turgan shogirdi jarroh Roʻziev zambarda olib kelinayotgan bemorni koʻrib, negadir sevinib ketdi. Birinchi savoli: ­ Tirikmi? ­ dedi. Ikkinchisi esa: ­ Orqasidan kelganlar boʻlsa, kutib tursin, hozir gaplashamiz, ­ dedi.

-­ Tashqarida Eshonqulov ham koʻrdi. Hozir oʻzim kelaman dedi, ­ deb aytdi tez yordam vrachi unga. Birdan Roʻzievning shashti qaytdi.

-­ E-e, shunaqami. Ha, mayli, mayli. U kishi ustozda. Kutamiz, ­ dedi Roʻziev.

Bemor operatsiya xonasida naqd bir soat yotdi. Jarroh Eshonqulov kelmadi. Jarroh Roʻziev ustozidan oʻtib bir ish qilmay turdi. Sodiqlik ham shuncha boʻladi-da. Nihoyat hamshira «bemorning mazasi qochayapti» deyaverganidan soʻng:

-­ Nachora. Operatsiyani ustozsiz qilaman endi, ­ deb jarroh Roʻziev qoʻllarini tirsagidan yuqoriga bukkanicha, ogʻziga va oyoqlariga niqob kiyib, tantanali vaziyatda operatsiya xonasiga kirib keldi. Bemorning birdan-bir jarohati biqinida ekan. «He, bundan oson ish bormi?» ­ dedi-yu, shartta jarohat ogʻzini tikib tashladi. Uni bekorga bir soatdan beri kutib oʻtiribdi. Obbo. Roʻziev oʻtgan bir soatlik umriga achinib qoʻydi.

He-e, ustoz ham qaribdi-da. Biroz parishonxotir boʻlib qolgan. Anov kuni ham bitta bemorning koʻrichagini olaman, operatsiyaga tayyorlanglar deb, hamshiraga tayinlabdi-yu, soʻng eslaridan chiqib, ulfatlari bilan bir oʻtirishga ketib qolibdi. Yaxshiyam Roʻziev bor ekan. Toʻrt soatdan soʻng ustozining yoʻqligini bildirmay, oʻzi operatsiya qilib qoʻydi. Axir eng sodigʻi ham shu jarroh Roʻziev-da.

Xudoning kunlaridan yana bir kuni oʻtib, ertasiga ertalab jarroh Eshonqulov oyna oldida sochini tarash uchun orqa choʻntagidan temir tarogʻini olayotganda, birdan sergaklandi. Kecha xotini bu choʻntakka roʻmolcha tiqayotgandek edi, shekilli. Yoʻq-ku?! Xotin yuvgali olganmikan? Oshxonada kosa-tovoqni taqir-tuqur qilib yuvayotgan xotiniga baland, yoʻgʻon ovozda rolga kirib, baqirdi:

-­ Dezdemona. Roʻmolcham qani?

-­ Orqa choʻntagingizda edi-ku. Kecha qoʻygan edim-ku...

-­ Yoʻq. Olgan boʻlsang, tez keltir. Men ishga shoshayotibman. Tez boʻl. Aksincha, boʻgʻaman...

-­ Voy, oʻlmasam, Otelloqul aka. Roʻmolchani siz bilasiz-da, ­ dedi xotini oshxonadan chiqib kelarkan kulib. ­ Biron qizga bergan boʻlmang tagʻin. Tez eslang. Boʻmasam, oʻzim sizni boʻgʻaman-a...

Ular kulishdi. Soʻng Eshonqulov jiddiylashib: ­ Bilmadim, bilmadim, xotin. Balki taroq olayotganda biron yerga tushdimmikan. Men esa sen yuvgali olgansan debman...

-­ Voy, yoʻ-oʻq. Nega yuvaman. Oʻzi kechagina berdim-ku. Juda parishonxotirsiz-da, dadasi.

-­ He-e, yoʻqolsa yoʻqolibdi-da. Yana bitta olib berasizda, jonidan, ­ deb, kula-kula jarroh Eshonqulov ishga ketdi...

Falokat boʻlib traktori agʻnab ketib, jarohat olgan traktorchi Hayitmat aka hayotda juda koʻp qiyinchilik koʻrgan, bir bechorahol odam edi. Bola-chaqasining boshiga haliyam tirik qoldi, deng. Lekin bari qiynalgani bir boʻldi-yu, qurgʻur mana bu biqinidagi jarohati bitmay qolgani bir boʻldi. Shundan soʻng oʻn bir oy jarohatidan yiring oqaverib, umri kasalxonada oʻtdi. Oʻtib davolandi, qatnab davolandi. Duxturlar ham rosa «praktika» qilishdi. Har xil ukollardan urib koʻrishdi, boʻlmadi. Jarohatga har xil dorilardan qoʻyib bogʻlashdi, boʻlmadi.

-­ Sizning organizmingizda himoya kuchingiz yoʻq. Qoningiz kam, ­ deyishib qon quyishdimiey, kuchli-kuchli ovqatlardan yedirishdimiey. Albatta, hamma xarajatlari Hayitmat akaning hisobidan ediku-ya. Baribir boʻlmadi. Yaradan yiring oqqani-oqqan, ogʻzi esa kattargani-kattargan edi. Uydagi xotin, bola-chaqa ham bezor boʻlib qoldi. Sassiq hid avval uy ichiga, soʻng qoʻshnilarnikiga tarqaldi. Ularniki tugul, yaqin-atrofdagi uylarga ham mehmon kelmay qoʻydi.

-­ Shu yaradan oʻlib ketsam keragov, ­ dedi Hayitmat aka nolish qilib.

-­ Bilmadik, aka. Mana koʻrib turibsiz, hamma narsani qilib koʻrdik. Na iloj, ­ dedi yelka qisib, Roʻziev ham. Jarroh Eshonqulov ham bir necha marta koʻrib, oʻz qoʻli bilan tozalab bogʻladi hamki, yaxshi boʻlmadi.

-­ Tibbiyotda hali noma’lum narsalar koʻp. Endi siz, bir eskicha irimlardan ham qildirib koʻring, aka, ­ deb maslahat berdi Eshonqulov soʻnggi yangiliklardan biri sifatida. Hayitmat aka chiroq-choʻpchak deb ham ancha talandi. Afsuski, natija yoʻq. Hamma narsadan umidini uzgan Hayitmat aka duxturlarga bogʻlatib turishga ham bormay qoʻydi. Qanday yara ekan bu savil deb, oʻzi qiziqib koʻray desa, biqiniga har qancha qaragan bilan koʻrinmaydi. Oyna tutib qaradi-qaradi, tushunmadi. Xotini bilan oʻninchida oʻqiydigan oʻgʻlidan «yaramni bogʻlab qoʻy» desa, jirkanib qarashmadi. Nihoyat, bir kuni birinchi sinfda oʻqiydigan qizini aldadi.

-­ Qizim, yaramning ichini ochib, yiringini tozalab, bogʻlagin. Tuzalib yurib ketsam, senga koʻylak oberaman. Xuddi artist qizlarnikidayini, ­ dedi. Qizi televizorga qarab, oʻynagich edi. «Artistlarning koʻylagiday» deganiga uchdi. Otasining jarohatini ochib koʻrdi. Yiringini eski latta bilan artib tashladi. Bolalarcha qiziqish ustun kelib, otasining jarohatini kichkina barmogʻi bilan kavlab koʻra boshladi. Otasi ogʻriqqa chidab turdi.

-­ Qizim, ichini kattaroq ochib qarachi, biron narsa bormikin, ­ dedi. Qizi qoʻrqa-pisa yaraning ichiga kichkina barmoqlarini tiqib, jarohat ogʻzini kattartdi. Koʻziga bir narsa koʻringanday boʻldi.

-­ Dada, bir narsa borga oʻxshaydi.

-­ Qizim, tortib koʻrchi, nima ekan...

Qizi ushlagan narsasini torta boshladi. Hayitmat aka ogʻriqqa tishini-tishiga qoʻyib, chidab turdi. Qiz tortib chiqardi. Uzun bir latta ekan.

-­ Mana, dada, latta ekan, ­ deb qiz qip-qizil lattani uchidan ushlab, silkitdi. Hayitmat akaning birdan ogʻriqlari bosildi.

-­ Voy, ukkagʻarlar-ey. Shu latta borligi uchun yaram bitmay yotgan ekanda. Nahotki, shuni koʻrmagan-a, ­ deb jarrohlarni rosa soʻkdi.

-­ Qizim, anovi lattani yuvib, tozala. Jarrohlarga oborib koʻrsataman...

Qiz yuvdi. Quritib, dazmolladi. Hayitmat aka erta dedi, indin dedi, oradan uch kun oʻtdi. Soʻng kasalxonaga bordi. Ha, aytgancha oʻsha kundan soʻng yarasi oʻz-oʻzidan bitdi-qoldi. Hayitmat aka ham xursand, ham xafa. Avval Roʻzievni izladi, topolmadi.

-­ Har kuni yaraning ichiga qaramay, ustini bogʻlab qoʻyaveribsiz, ichida latta bor ekan-ku, ­ deb rosa tuzlamoqchi edi, boʻlmadi. Keyin kattasiga kirayin deb, jarroh Eshonqulovga uchrashdi.

Deraza oldida tutab turgan Eshonqulov (Hayitmat akani koʻraverib, bezor boʻlib qolgan edi) uni koʻrgandan terisiga toshma toshib, badani qichiy boshladi (allergiya).

-­ Ha, yana nima gap? ­ dedi qovogʻini uyib.

Negadir Hayitmat aka kulib turardi.

-­ Tinchlik, doʻxtur bova. Manavini sizga opkelgan edim, ­ deb gazetaga oʻrogʻliq narsani stolga tashladi. Eshonqulovning yuragi duk-duk urib qoldi. «Nahotki?! Voy bechora-ey, shu ahvoli bilan yana pul olib kelganga oʻxshaydi-ya. Obbo, bilmagan ekanman. Yaxshi odam ekan-ku», ­ deb ichida xursand boʻlib, asta kelib gazetani ochdi. Qarasa, ichida oppoq roʻmolcha turibdi. Qoʻliga olib u yoq-bu yogʻiga qaradi. Yelkasini qisdi, labini burdi. Avzoi buzilib:

-­ Nima bu? ­ dedi.

-­ Bilmadim, doʻxtur bobo. Buni sizdan soʻragali keldim. Nima bu?­ dedi Hayitmat aka ham. Ular bir-biriga tikilib qolishdi.

-­ Qaerdan oldingiz buni? ­ rangi oʻchib soʻradi Eshonqulov.

-­ Ichimdan. Oʻsha bitmay yurgan yaramning ichidan qizim sugʻurib oldi.

Eshonqulovni uncha-munchaga hayron qoldirish qiyin edi, u roʻmolchaga yana bir qaradi-da, kuldi.

­- E-e. Shunaqami? Obbo, Roʻziev-ey. Esdan chiqargan-da. Bu qon toʻxtatish uchun qoʻyilgan doka. Ha. Ha. Boʻladi, shunaqasi ham. Bu kamchilik buyuk jarrohlarda ham uchrab turadi. Hechqisi yoʻq. Aka, Siz xafa boʻlmang. Xursand boʻling-e. Ha, mana, endi yarangiz bitib ketadi. Qutulibsiz. Molodes...

-­ Yaram allaqachon bitdi. Mana, ­ deb Hayitmat aka biqinini ochib koʻrsatdi.

-­ E-e. Yaxshi, yaxshi. Unda tabriklaymiz, aka. He, buni yuvish kerak. Zoʻr ish boʻlibdi-ku, yashang aka. Sizga gap yoʻq...

Jarroh Eshonqulov turli tovlanib-tovlanib, Hayitmat akani yupatib-yupatib oldidan chiqarib yubordi. Achchiq-achchiq gapiraman deb kelgan Hayitmat aka ham uning sehrli nigohlariga tob berolmay erib-erib ketdi.

Jarroh Eshonqulov yolgʻiz qolgach, miyigʻida kuldi. Ha. U roʻmolchani, oʻn bir oydan beri yoʻqotib yurgan roʻmolchasini tanigan edi. «Buni Dezdemonaga koʻrsatib, suyunchi olaman», ­ deb oʻylab qoʻydi va roʻmolchaga burnining manqasini «hing» qilib qoqdi...