OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiShifokor maslahati (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shifokor maslahati (hajviya)
Safar Kokilov

Assalomu alaykum, qimmatli mijozlar!

Oʻzingiz bilasiz, har bir faslda oʻziga xos kasalliklar koʻpayadi. Masalan, sovuq oylarida gripp kasalligi, yoz oylarida esa ich ogʻrigʻi. Lekin shunday kasalliklar borki, hamma fasllarda uchrab turadi. Shu oʻrinda men sizlarga insoniyat paydo boʻlgandan beri borligi bilan bir qatorda keyingi paytlarda aholi oʻrtasida tez tarqalib ancha-muncha tashvishlar tugʻdirayotgan bir kasallik haqida ma’lumot berib oʻtmoqchiman.

Shunday qilib, bu kasallikning nomi lotinchada Patalogus affektus deyilib, Soʻkinish kasalligidir. Bu kasallik antrapanoz, ya’ni faqat odamlarga xos boʻlgan kasalliklar toifasiga kiradi. (Hayvonlar orasida tarqalishidan hozircha xudoning oʻzi asrab turibdi).

Ushbu kasallik oʻtkir xuruj tarzida kechishi bilan xarakterli boʻlib, xurujni qoʻzgʻaydigan oʻziga xos ichki va tashqi omillar juda koʻp va xilma-xil. Kattayu kichik tepakal olimlarning tekshirishlaridan shu narsa ma’lum boʻldiki, bu omillardan eng asosiylari odamlarning oʻz hayotlarida duch keladigan turli muammolari ekan.

Soʻkinish kasalligi oʻta yuqumli boʻlib, asosan quloq, koʻz va ogʻiz orqali yuqadi. Kasallik yengil, oʻrtacha ogʻir va ogʻir turlarga boʻlinadi. Yengil turida bemorda turmushidan, oʻzidan va yana allakimlardan nolib, mingʻillab soʻkinib yurish kuzatiladi. Yarim tunda uyqusi qochib, allamahalgacha tashqarida soʻkinib yurganini faqat xotini sezishi mumkin. Oʻz vaqtida oldi olinmasa, kasallik oʻrtacha ogʻir turiga oʻtadi. Bunda bemorda vaqti-vaqti bilan birdan bezovtalik, koʻzlarini alanglatish va oshkora soʻkinish belgilari paydo boʻladi. Oʻz vaqtida davolanmasa kasallik ogʻirlashadi. Bunday paytlarda kimgadir mayda-chuyda tuyulgan arzimagan sabablar, ya’ni masalan, 2-3 oydan beri oylik maoshini olomayotgani, oiladagi yetishmovchiliklar tufayli tugʻiladigan gʻidi-bidilar, ishi tushib borgan ayrim tashkilotlardagi byurokratchilik, ta’magirlik, muttahamliklar, ayni nonushta va kechki ovqatga oʻtirganda (ayniqsa roʻza oyida) elektr chirogʻining oʻchirib qoʻyilishi, qishning chillasida gazning toʻxtatilishi, oʻquvchilarga har xil «soliq»lar solinishi (masalan, «20 kilodan goʻng opkelmasang, darsga qoʻyilmaysan» deyishlar), mahallada moddiy yordam berishda oshna-ogʻainchilikka yoʻl qoʻyilishi, bozordagi narx-navoning osmondaligi va nihoyat tez yordamning tez yetib kelmasligi, kelsa ham dori shpritslari boʻlmasligi kabi yana mingdan ortiq turli omillar, hatto televizordagi yarim soatlik serial orasida 15 daqiqa turli taglatta-yu tampekslarni qayta-qayta reklama qilinishi ham olovga benzin sepganday ta’sir qilib, bemor oʻzi nima deyayotganini qulogʻi eshitmay qoladi. Xuruj payti birdan bemorning rangi boʻzarib, boshidagi doʻppisini qarsillatib yerga uradi. Koʻzlari qinidan chiqqudek boʻlib, qaltirab, tishlarini gʻijirlatib, qoʻllarini u yoq bu yoqqa silkitib, ogʻzidan tupuk sachratganicha, bor ovozda oʻzingizga tanish-notanish soʻkinish iboralarini ketma-ketiga aytib tashlaydi. Ayol bemorlar esa bundan ham ta’sirli, quloq eshitsa qizaradigan soʻkinishlarni avtomatning oʻqiday qatorlashtirib otishi mumkin. Eng yomoni shundaki, bemor oʻta ogʻir holatlarda qarshisidagi odamga tashlanib, tan jarohati yetkazishi yoki oʻzining miyasiga qon quyilibmi, yuragi yorilibmi oʻlib qolishi mumkin. Soʻkinish kasalligining yana bir xavfli tomoni, bemorlar oʻzlarini bemor deb his qilmaydi va odamlar orasida yuraveradilar.

Bu kasallikni davolash oʻta qiyin. Unga qarshi qilinayotgan barcha davolar (habdori, tomchi dori va ukollar) unchalik shifo bermayotir. Koʻpgina shifokorlarning oʻzlari ham bu kasallikka chalinib, dardini kimga aytishni bilmay garang. Mulla-eshondan ham foyda yoʻq. Eng kuchli xuruj va sanchiqlarni bir ushlashda davolaydigan tabib, xalq akademigi, qushnochlar uyushmasi raisi, ttoʻrt karra ekstrasenslar qora belbogʻi sohibi boʻlgan emchi kampir – Malik boboning enasi esa allaqachon oʻlib ketgan. Lekin noumid shayton deganlaridek bir qancha aldab tekshirish tashkilotlarining kallasi xumday, qorni meshday rahbar-olimlari kecha-kunduz yotib olib Soʻkinish kasalligiga davo topish ustida bosh qotirmoqdalar. Bozor iqtisodidan kelib chiqib shuni aytmoqchimanki, kasalni davolashdan koʻra undan saqlanish birmuncha arzonroqdir. Shu oʻrinda ayrim maslahatlarimni aytib oʻtmoqchiman. Albatta, tekinga.

Birinchidan, kasallik xurujini qoʻzgʻatuvchi omillarga aloqador tashkilot rahbarlariga maslahatim shuki, kasallik va kasalliklardan saqlanish uchun quloqqa paxta, koʻzga qora koʻzoynak, ogʻizga toʻrt qavatli dokadan niqob va «bronjilet» taqib yurishlari shart. Jamoat joylariga koʻpam aralashvermaslik va yigʻinlarda ham ulardan sal uzoqroqda ya’ni minbarda oʻtirishlari lozim...

Ikkinchidan, barcha odamlarga chopishni tavsiya etaman. Sahar turib badantarbiya qiling va choping. Qancha masofaga chopish har kimning oʻz ta’biga havola. Masalan, uyingizdan prokuraturagacha yoki uyingizdan fuqarolar sudi binosigacha. Xohlasangiz, agar yuragingiz dosh berolsa, undan ham uzoqroqqa yuguravering. Chopish – sogʻlikning garovidir.

Uchinchidan, autotrening bilan, ya’ni oʻz-oʻzini ishontirish mashqi bilan shugʻullaning. Sahar turib, issiq oʻrinni sovutmasdan chordona burib oʻtiring va quyidagi soʻzlarni ovoz chiqarib takrorlayvering: «Men sogʻman. Men toʻqman. Oilam farovon. Yetishmovchiliklar yoʻq. Ish joyim bor. Oylik maoshlarimni har oyda olib turibman. Elektr chirogʻi va gaz oʻchib qolmayapti. Meni hech qanday muammo bezovta qilmaydi. Beparvoman...» Shu kabi soʻzlarga oʻzingizni ishontirolsangiz umuman kasal boʻlmaysiz.

Toʻrtinchidan, agar gapim malol kelmasa, ertalab va kechqurun toʻyib-toʻyib hoʻngrab yigʻlang. Koʻz yoshlari kasallik viruslarini organizmdan yuvib ketadi deb allaqaerda eshitgan edim.

Beshinchidan, kasal odamlar uchun spirtli ichimliklar ichish qat’iyan man etiladi. Chunki mast bemorlar juda vahshiylashib, faqat chet tillarda soʻkinib qolgani uchun ularni tushunish qiyin boʻlyapti.

Oltinchidan, uf-f... Yanayam xudo biladi. Ilohim bu tuxuming qurib ado boʻlgur kasal va uni tarqatuvchilarga oʻzi insof va shifo bersin-e...

Shifokor maslahatlarini oqqa koʻchiruvchi, mijoz Safar Kokilov.