OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiTaka boʻlsin sut bersin (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Taka boʻlsin sut bersin (hajviya)
Safar Kokilov

Ertalab. Xoʻjalik bekasi damlab kelgan achchiq koʻk choydan xoʻrillatib ichib oʻtirgan pakana girdigum tez yordam boʻlim boshligʻi «besh minutlik» yigʻilishga toʻplangan xodimlarga bir-bir nazar tashlarkan, yuziga jiddiy tus berib, ovozini yoʻgʻonlatib dedi:
– Aholidan shikoyat tushayapti. Bir martalik shprits va ishlatilgan dorilar uchun pul olayotganmishsizlar. Aytib qoʻyay, ta’magirlik qilmayman, dori sotmayman deb yozgan tilxatlaring bosh vrach qoʻlida. Qoʻlga tushgan, ishday haydaladi. Tak chto...
– Oʻrtoq Boybobo Eshonqulovich, oʻzingiz bilasiz, tez yordam qutilaridagi dorilar sanoqli, hayotiy dorilar taqchil. Bir martalik shpritslar-ku umuman berilmaydi. Bizda eskidan qaynatib ishlatiladigan shisha shpritslar-u, uchi qaytib, toʻmtoqlashib qolgan ignalar bor, lekin aholi ulardan foydalanib ukol qilishimizga koʻnishmayapti. Nima qilish kerak? – dedi devor boʻylab tizilib turgan xodimlardan keksarogʻi.
– Man bilmiyman. Bu saning problemang. Bemorga yordam qil, vaziyatdan chiq. Lekin ishlatgan shprits va dori uchun pul olmaysanlar, tamom vassalom, – dedi boʻlim boshligʻi birdan ovozini bir gaz koʻtarib.
– Axir vaziyatdan chiqish uchun bir martalik shprits va dorilarni xususiy aprekalardan oʻz pulimizga sotib olyapmiz-da. Ishlatgach, pulimizni olamiz-da – deb chuvillashdi xodimlar ham boʻsh kelmay.
– Yoʻq! Yoʻq! – Boʻlim boshligʻi koʻzlari qinidan chiqqudek boʻlib, boshini siltab baqirdi: – Mumkin emas! Bemordan pul olish man etiladi!
– Ie. Yonimizdan pul sarflab olgan narsalarimizni tekinga ishlataylikmi? Nima biz millionermidik?! Bu yoqda ikki oylik maoshni berishmayapti?!

Xodimlar shunday deb bir-biriga qarab labini burib, yelka qisishdi.
– Hoy, aptekadan dori, shprits sotib ol deb kim aytdi sanlarga? Oʻzingdan hech narsa ishlatma! Qutingda borini qil! – boʻlim boshligʻi stolni mushtladi.
– Axir bemor oldiga borganda uyalib qolyapmiz-da. «Qutingda kerakli doring boʻlmasa, bir martalaik shpritsing boʻlmasa, nega kelding», deb haqorat qilishyapti. Nima qilaylik axir?! – deb yana chuvillashdi xodimlar boshi berk koʻchaga kirib qolganday olazarak boʻlib.
– Bilmayman, bilmayman – suzadigan hoʻkizdek bosh chayqadi boʻlim boshligʻi. – Bir ilojini qillaring. Yordam ber. Lekin pul soʻrama. Soʻrama!
– Nega?! Nega axir?!
– Uf-f. He, negalamay oʻl-e baring. Shuni ham bilmaysanlarmi? Tez tibbiy yordamda dorilaru, shpritslar bepul-ku, dunyobexabarlar, – baqirdi boshliq.
– Unda tuman shifoxonasi aptekasi bir martalik shprits va hayotiy zarur dorilar bilan uzluksiz ta’minlasin-da, – dedi xodimlar ham boʻsh kelmay.
– Boricha beryapti-ku. Yoʻgʻi yoʻq-da, – dedi boʻlim boshligʻi terdan yaltiragan kal boshini sochiq bilan artarkan, qoʻshib qoʻydi: – U yogʻi mening ishim emas...
– Bu yoqda siz dori, shprits ishlatma, pul olma deysiz, u yoqda bemorlar «dori, shpritsing boʻlmasa nega kelding?» deb tursa... Xoʻsh, biz nima qilaylik?! – arosatda qolgan xodimlar uning ogʻziga tikilishdi.
– Uf-f. Aytdim-ku, qanday qilsang ham bemorga yordam qil, shikoyat tushirma, deb. Bemordan pul soʻrama, tamom-vassalom. Mumkin emas!

Ikki lunji osilgan, govkalla boʻlim boshligʻining qiyiq koʻzlari birdan mugʻombirona yaltirab, doʻrdoq lablari chapillatib, ikkala qoʻli bilan stolni doʻmbira qilib chalar ekan, oʻziga oʻzi gapirayotgandek mingʻilladi:
– Ha endi, oʻzlari choʻntagingga tiqsa, ol...

Ola-gʻovurda uning keyingi gapini birov eshitdi, birov eshitmadi. Naqd ikki soat-u oʻttiz besh minut davom etgan yigʻilishdan hech narsaga tushunmay, boshlari gʻuvillab, sillasi suvga ketib chiqqan xodimlar asta-sekin ish-ishiga tarqalishdi.

Shu payt tez yordam telefoni jon holatda jiringlab, «Bemorning yuragi toʻxtab qoldi. Tezroq kelinglar...» deb shoshilinch chaqiriq tushdi.
– Endi nima qilamiz? – dedi boʻzarib tez yordam qutisini koʻtargancha mashina tomon oshiqayotgan felüdsher yigit.
– Nimayam qilarding. Har doim qilib yurgan ishingni qilasan-da. Bor. Tez boʻl, – dedi sarosimaga tushgan navbatchi vrach ham shosha-pisha qarshisidagi xususiy apteka tomon ishora qilib.

Felüdsher yigit yugurib ketdi.
– Felüdsher kelguncha men ham mashinaning tormozini tuzatib turaman, – dedi mashina tagida kuymanayotgan haydovchi.
– Obbo! Shu shaldiroq aravangizni ertaroq tuzatib qoʻysangiz boʻmaydimi?! Bemor ogʻir deyapti-ku?! – dedi vrach jahl bilan u yoqdan bu yoqqa yurarkan.
– Hamma hayda, hayda deyishni biladi. Ehtiyot qism berishmasa, men nima qilay?! Benzin oʻgʻirlaymi? Hadeb oʻzimning pulimga ta’mirlayverib, maoshim uyga bormay qoldi-ku, – deb baqirib yubordi mashina tagida taqir-tuqir qilayotgan haydovchi ham.
– He, u yogʻi hech kimni qiziqtirmaydi. Haydovchimisiz, tez yordam mashinasini doim taxt qilib turing, tamom vassalom. Chidamasangiz ishni topshiring...
– Ho-o, boylanganni urari ekan-da, a duxtur?!
– Shunaqa, shunaqa. Bizga taka boʻlsin sut bersin... Qani, tez-tez boʻling, – vrach haydovchini qistay boshladi. Shu payt felüdsher yigit ham tsellofan xaltada bir dunyo bir martalik shpritslar-u, dori-darmonlar koʻtarib keldi.
– Nasiyaga yozdirib oldim... Ana endi boevoy boʻldik, duxtur, – dedi tirjayib.

Nihoyat yarim soatdan soʻng tez yordam mashinasi koʻk chiroqlarini lipillatib, shoshilinch chaqiriq tushgan manzil tomon imillab yoʻlga tushdi.