OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiTekshiruvchi boʻlgim keladi…
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tekshiruvchi boʻlgim keladi…
Safar Kokilov

Men sizga aytsam, shuncha yil ishlab, birovning ishini tekshirmabman. Tekshiruvchilar guruhiga a’zo ham boʻlmabman-ey. Buning uchun nima qilish kerak, kimga uchrashish kerak, bunisini ham bilmayman. Men oʻzi aslida tekshiruvchilarni kutib oluvchi, ularga taftish boʻyicha hisob beruvchi va ularga choy-poy tashuvchilar toifasiga mansubman. Hamma ham oʻzida yoʻq narsani orzu qilganidek men ham tekshiruvchilar kelyapdi deb hovliqib chopib yurgan odamlarni kuzatib, ularga qoʻshib gʻimirlab yurarkanman ichimda, «eh, qaniydi men ham tekshiruvchilarning boshligʻi yoki bir a’zosi boʻlib qolsam», – deb ularning oʻrniga oʻzimni tasavvur qilib hayol surib qolaman gohida. Orzuga ayb yoʻq-ku, har qalay. Menga oʻxshab ochiq aytmasa ham, koʻpchilik ichida orzu qilsa keragov.

Ilgarilari oʻrischasiga «kamissiya» deyishardi. Endi oʻz ona tilimizda tekshiruvchilar deymiz-da. «Tekshiruvchilar kelyapti. Taftish qilarmish ishimizni, miridan sirigacha koʻrarmish. Barcha teshiklarga kalla suqarmish. Har bir narsani oʻz koʻzi bilan koʻrib, qoʻli bilan ushlab, burni bilan hidlarmish. Xudoning gʻazzabi emish-ey. Qoʻshni tumanni bir haftadan berish bosib yotganmish. Erta-indin biz tomon yurish qilarmish...»

Selning vahimasi oldidagi shamolida deganlaridek, tekshiruvchilarning ham oʻzidan oldin keladigan «keldi-ketdi» gapi vahimali. Aslida ular ham sizu bizday oddiygina, ikki oyogʻining tagi yapaloq odamlar-u, faqat ulardan hamma qoʻrqadi. Hatto biz qoʻrqadigan boshliqlarimiz ham qoʻrqadi-ey. Ana shunisiga havasim keladi-da. Axir qoʻrqib tursa yomonmi?! Mazza-ku, shunda-ay gerdayib tursang, hamma qulluq qilib oʻtaversa. Yoki oʻzing ham tuzuk bilmaydigan biron narsani dabdurustdan soʻrab qolasan-da, javob beruvchi bilganini ham toʻgʻri aytolmay vajohating oldida qaltirab qolsa. Arzimagan bir narsani yolgʻondan boʻlsa ham gapirib qoʻysang, «toʻgʻri, toʻgʻri» deb tasdiqlab turishsa. Ishidan biron ishkal topib qolsang-ku, tamom, yot desang yotadi, tur desang turadi... He-e. Tekshiruvchi boʻlishning shu tomonlariga besh ketaman-da-e.

«Tekshiruvchi kelyapti» – desak-u, katagina tulki oralagan tovuqday hamma pitirlab qoladi. Oʻzimiz ham-da. Avval ust-boshni toʻgʻirlaymiz. Toʻy-tomoshalarda kiyaman deb sandiqqa tashlab qoʻygan kiyimlarga ham shu bahonada shamol tegib qoladi. Soʻng oʻtirgan xonalarni tartibga solamiz, oʻrischasiga aytganda «otido». Kerak boʻlsa, hujjatlarni kechasi bilan qayta koʻchirib chiqamiz. Ishimizga aloqador buyruqlarni qachon, nega, qaerda chiqqanigacha yodlaymiz. Choʻntakdan pul yigʻib ohak deysizmi, boʻyoq deysizmi sotib olib binoni, barcha xonalarni qayta ta’mirlaymiz. Endi-i, tekshiruvchilar uchun qilinadigan ziyofatni-ku gapirib oʻtirishning oʻzi notoʻgʻri. Chunki mehmon otangdan ulugʻ, choy-non, odamgarchilik degan gaplar eskidan qolgan, minnat qilish yaxshimas. Sarf xarajatni esa gapirib oʻtirishga arzimaydi. Koʻpincha bir-ikki kishiga mukofot puli yozilib yoki oylikdan ushlab tekislab yuboriladi. Ba’zi joylarda choʻntagiga «koʻkidan» tiqarmish-ey...

Toʻgʻrisini aytganda, tekshiruvchilar kelib ketgach, hovrimizdan tushib, ancha vaqtgacha gurungimiz mavzusi shu toʻgʻrida boʻlib yuradi. Bir-birimizga qarab xursand boʻlib rosa kulishamiz.
– E, zoʻr ish boʻldi-da. Hamma tomon paryadka boʻldi-qoldi-ya.
– Ey, mening manovi ishimni bir yildan beri tugatolmay yurardim, bir kecha-da bitirdim-a.
– Meni aytmaysiz, meni. Shu bahonada xonamdagi keraksiz hujjatlarni yoʻqotib oldim. Oʻziyam yuz yillik narsa toʻplanib qolgan ekan-ey.
– Xonalar ham ta’mirlandi.
– Hovlini aytmaysizmi. Yogʻ tushsa yalagudek qildig-a.
– Barisi oʻz yoʻliga-yu manovi Turdievni aytaman. Soqollari oʻsib, kir-chir boʻlib yurardi. Toza kiyinib, oʻziga qarasa binoyidek yigit ekan-ey.
– Xoy uka, shunday kulturni yursang, uylantirib ham qoʻyamiz...

Men bir chetda gurungga quloq tutib oʻtirarkanman, tekshiruvchilarning ana shunday gʻoyibona kuch-qudratiga yana ham tan berib, ularga yana ham ixlosim ortib, xayol dengiziga choʻmilar edim.

Yaqinda, oʻzlaringizning ham xabarlaringiz bor, gripp degan bir kasallik tarqaldi. Oʻta yuqumli, hamma joyda televizor va radiolarda ham kasallikdan himoyalanishning eng oson yoʻli toʻrt qavatli dokadan niqob tutib yurish ekanligi targʻib qilindi. Qoʻrqish baloi jon-da, men ham bolalarimga: «Koʻchada ham, sinfda ham niqob taqinglar, har ikki soatda almashtirib turinglar» – deb, ikkitadan niqob tikdirib berdim. Uch-toʻrt kunlardan soʻng 2-sinfda oʻqiydigan qizim toʻsatdan kasallanib yotib qoldi.
– Qizim, gripp kasalini yuqtirib olibsan. Niqobni taqmabsan-da?! – desam, qizim yigʻlab yubordi.
– Nima boʻldi? Nega yigʻlayotibsan?
– Muallim opa niqoblarni oʻsha birinchi kundan yigʻib olib qoʻygan edi.
– Ie, nega?
– Niqobni har kuni taqib yursa kir boʻlib qoladi. Shuning uchun buni faqat maktabga tekshiruvchilar kelganda beraman, taqib oʻtirasizlar. Ketgach yana olib yigʻib qoʻyaman degan edilar. Oʻshandan beri tekshiruvchilar ham kelmaydi-da... – dedi qizim yigʻidan oʻpkasini bosolmay.

Oʻz vaqtida tekshirishga bormaganligi va qizim niqobini taqmagan uchun kasallanib qolganligi bois tekshiruvchilardan biroz koyinib, ularni ham tekshirib turish kerak degan fikr kallamga keldi.

Nachora. Qizimni oʻn kun uyda oʻzim davoladim. Lekin baribir tekshiruvchilarga boʻlgan ixlosim soʻngani yoʻq.

Boʻlimimizning farishtadek oppoq kiyinib olgan xoʻjalik bekasiga:
– Kasallarni tekshirib koʻrgandan soʻng qoʻlni yuvib artinishga toza sochiq bersangiz, – deb murojaat qilsam, beka meni endi koʻrayotgandek betimga bezrayib:
– Sochiq yoʻq. Bittagina yangisi bor, uni ham tekshiruvchilar kelganda beraman. Ketgach yana olib qoʻyaman, tagʻin qoʻl artib iflos qilib qoʻymanglar, – deydi.

Men xoʻjalik bekasi gigiena qoidalariga biz duxturlarchalik tushunmaydi, bu muammoni boʻlim boshligʻi bilan hal qilaman deb uning xonasiga yoʻl oldim. Shu payt xumday kallasi bilan yoʻgʻon tanasi orasidagi boʻyni baqbaqaga aylanib ketgan boʻlim boshligʻining oʻzi togʻora boylagandek katta qornini osiltirib oldimdan chiqib qoldi. Eshik oldida dardimni aytdim. U soʻyilayotgan xoʻkizdek pishillay-pishillay:
– Xoʻjalik bekasi toʻgʻri aytibdi. Kerak boʻlsa, sovun sochigʻingizni uyingizdan opkeling. Boʻlim hisobidagi sochiqlarni esa tekshiruvchilar kelganda qoʻyamiz. Manovi qon-dogʻ tekkan xalatingizni ham uyingizda yuvdirib, dazmollatib keling. Boshqa gap boʻlishi mumkin emas. Men hozir hamshiralarga tayinlayman. Bemorlar ham toza choyshablar toʻshalgan karavotlarga yotmay turishsin. Tekshiruvchilar kelib ketguncha uydan olib kelgan dorilarini ham yashirib turishsin. Bizda hamma narsa bepul-ku, – dedi-da, lapanglab yonimdan oʻtib ketdi.

Nimayam derdim. Yana oʻsha gap. Tekshiruvchilar kelyapti. Boʻlim boshligʻimiz ham tekshiruvchilar vahimasi tushganki, harsillab shoshib yuribdi. Xe, bularni koʻrgandan soʻng ham qoyil boʻlmay koʻring-chi. Oʻh kuchingdan, tekshiruvchilar.

Kim nima desa desinu, ishqilib tekshiruvchi boʻling ekanda-e. Ularga maza ekan. Avvalo hamma undan dir-dir titrab qoʻrqib turadi. Bir kun turadimi, oʻn kun turadimi yegani oldida, yemagani choʻntagiga. Ana obroʻ-yu, mana izzat-ikrom. Kun tugʻsa ham, oy tugʻsa ham tekshiruvchiga tugʻsin... yana nima kerak?! Havas qilsang ham, xasad qilsang ham, boʻlari gap shu.

Boshqalarni bilmayman-u, lekin mening shu tekshiruvchilarga havasim haddan ortiq zoʻrda-e. Oh, qaniydi... men ham bi-ir tekshiruvchi boʻlsam... Shunday tekshirardim, shunday tekshirardimki... Xe-e. Orzuga ayb yoʻq-ku. Nima dedingiz. A, labbay?! ...