OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiTovuqlarga oʻlat tekkanda... (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tovuqlarga oʻlat tekkanda... (hajviya)
Safar Kokilov

Ofat toʻsatdan kelsa, yomonda! Hammani shoshirib qoʻyadi. Ayniqsa, tovuqlarga oʻlat tekkanda. Kasallik shamolday tarqaladi. Tovuqlar tap-tap etib, yurgan joyida oʻlib qolaveradi. Egalari gap nimadaligini bilguncha har xil voqealar boʻlishi mumkin...

Qiltiriq Alining har kuni bittadan tuxum tugʻadigan katta qora tovugʻi qushnisi xomsemiz Valining tomorqasida oʻlib yotgan ekan. Bundan xabar topgan Ali «mol achchigʻi - jon achchigʻi» degandek, tayoq koʻtarib borib, Valining boshini urib yordi. Vali ham shuni kutib oʻtirganday feldsher qoʻshnisi, «oʻzim bogʻlab qoʻyaman», deganiga ham qaramasdan, peshonasidan qoni oqib, kasalxonaga bordi. Qabulxona eshigi oldida «Bugun bironta burga tepgan ham kelmadi-ya. Nahotki, bugun ham kunim befoyda oʻtsa», - deb kuyunib oʻtirgan jarohatshunos doʻxtur Jabbor Sattorovich peshonasidan qon oqib kelayotgan Valini koʻrib sevinganidan irgʻishlab ketdi. Uni dast koʻtarib ichkariga opkirib, karavotga yotqizdi. Doʻxturning mehribonchiligini koʻrgan Vali batgar havo olib shishindi.
— Doʻxturjon, yordam qiling. Boshimni qoʻshnim Ali urib yordi. Menga yaxshilab hujjat qilib bering. Ukkagʻar qoʻshnimni bir qamatib tavbasiga tayantirmasam, otamning bolasi emasman. Siz yordam qilavering. Men rozi qilaman, - deb Vali doʻxturning qulogʻiga shivirlab, «falon pul» berishini aytib yubordi. Pulni eshitgan Jabbor Sattorovichning avval qulogʻi qizidi, soʻng tovoni.
— He, bormisan, ukam. Qoʻshningning terisini birgaliqda shilamiz, - deb katta gapirib yubordi. Soʻng Valining kallasidagi mushuk tirnaganday jarohatga ayamay koʻk dorini surtdi. Oʻnta bintni ham ayamasdan boshiga oʻrab tashladi va ogʻir kasallar yotadigan palataga joyladi. Hamshiraga «oldiga beruxsat hech kimni kirgizmaysan» deb qattiq tayinladi.

Qoʻshnisining kasalxonaga yotib olganini eshitgan Alining paytavasiga qurt tushdi. Kechasi bilan qiltiriqday gavdasi dovulda qolgan terakday chayqalib, uxlamay, oʻylab chiqdi. Sahar mahali peshonasini devorga ishqab-ishqab, shilingan joyini xotinining qizil roʻmoli bilan bogʻlab, u ham kasalxonaga bordi.
— Doʻxtur, yoki qoʻshnimni tezroq kasalxonadan chiqarib yuboring, yoki meni ham yotqizing. Mana, meni ham urgan, - deb talab qilib Jabbor Sattorovichga siyosat qildi. Doʻxtur ham anoilardan emas edi, Uni tekshirib koʻrib, ishonmadi. Bosh chayqadi. Gapi oʻtmagan Ali endi yaxshisi qoʻshnimdan kechirim soʻray qolay, deb oʻyladi, Lekin oldiga kira olmadi. Yana boshi qotdi. Oʻylay-oʻylay yana doʻxturning oldiga keldi.

~ Doʻxturjon, bir ahmoqchilik boʻldi, boʻldi-da. Sizdan iltimos, keling endi shu gap-soʻzni tinchitaylik. Bizni yarashtirib yuboring. Melisalashtirib yurmang, iltimos, - deb yalinishga tushadi. Doʻxtur oyoq tiradi. Qovogʻini uydi. Lablarini choʻchchaytirib, koʻzlarini ola-kula qilib, badanini qashinib, uzoq sukutga ketdi. Soʻng vahimali qilib dedi:
— Oʻx-xu-u. Nima deyapsiz?! Qoʻshningizning ahvoli juda chatoq. Miyasiga qon quyilgan... Qamaladiganga oʻxshaysiz. Tayyorgarligingizni koʻravering...
— E, unday demang-e, doʻxturjon. Akajon. Akam boʻling. Bola-chaqam yetim qolmasii. Bir yordam qiling. Men ham qarab turmayman. Rozi qilaman. Ogʻzingizga siqqanini ayting, aka.

Fakat yordam qiling. Joʻjabirday jonman... - deb Ali hoʻngrab yubordi.

Doʻxturlar juda rahmdil boʻladi-da. Ayniqsa, kap-katta odam koʻz yoshi qilib turganda. Jabbor Satgorovich koʻngli boʻsh odam emasmi, uning koʻz yoshlariga erib ketdi va «ogʻziga siqqanini» aytib yubordi-yu, Ali ham tilini tishlay-tishlay rozi boʻldi.

Ikki tomondan ham xudo bergan nasibasini undirgach, Jabbor Sattorovichning gʻayratiga gʻayrat qoʻshiddi. Ikki bilagini shimarib, ularni davolashga, ya’ni yarashtirishga kirishib ketdi. Bor san’atini ishga soldi. Qonundan gapirdi. Goʻri-qiyomatdan oldi. Bola-chaqani oʻrtaga soldi. Oʻzi kafil boʻladigan boʻldi. Xullas, qoʻshnilarni ishontirdi oʻzining gaplariga. Ikkovidan «bir-birimizga va doʻxturga davomiz yoʻq» deb tilxat yozdirib oldida, ularni yarashtirib, qoʻl berib koʻrishtirib, kasalxonadan chiqartirib yubordi.

Oʻz ishidan mamnun Jabbor Sattorovich «yana kelib turinglar» deb, ancha vaqtgacha ularning izidan qoʻl siltab, xayrlashib qoldi. Qoʻshnilar iziga qaramasdan uyga chopishdi. Ikkalasi ham jim edi. Boshdagi jarohat bitdi - choʻntakdagi ketdi...

Vali ertalab turib qarasa, ne koʻz bilan koʻrsinki, endi uning bir emas, naqd ikkita tovugʻi joy quriganday Alining tomorqasining chetida bemalol ikki buti osmonga koʻtarilib, oʻli-ib yotibdi.
— Obbo. Buyogʻi qanday boʻldi endi? Voy ablah-ey. Qaytar dunyo ekanda, a? - deb Vali endi Aliga hezlandi.
— Urasizmi? Uring, uring. Mana kalla, - deb Ali ham tovuqning kallasiday kallasini Valining tumshugʻining tagiga tiqdi. Vali esa...

Shu payt Valining xotini yugurib kelib oraga tushdi.
— Hoy, dadasi, toʻxtang. Qishlogʻimizda tovuqlarga oʻlat kasali oralabdi. Hammaniki oʻlayotganmish. Anovi Toʻxta mol doʻxturi keldi. Oʻlatga qarshi tovuqlarni emlayman. Har boshiga yuz soʻmdan bersangiz, deyapti...
-E-e, shunday demaysanmi, - deb Vali bilan Ali birdan boshini ushlab qolishdi. Shaytonga hay berishdi.
— He-e, endi emlashning foyshasi yoʻq. Baribir oʻladi,- dedi Ali.
— Endi buning davosi pichoq. Harom oʻlmasdan barcha tovuqlarni soʻyamiz, - dedi Vali.
— Bugun «tabaka» biznikida. Oʻting qoʻshni, - dedi tirjayib Ali.

Vali ham birdan yoyilib tushdi. Koʻk dori surkalgan boshini qashladi:
— E, shunaqaga oʻxshaydi. Unda ertaga erish bizdan, yarimtasi sizdan-da, - dedi kula-kula,
— Qoʻshni, tovuq dimlamaga Jabbor Satgorovichni ham aytmaymizmi, a? - dedi hazillashgisi kelib Ali.
— He, gum qiling-e, - Vali qoʻl siltadi.
— Ha endi, tovuqlarning terisini shilishga yordam berardi-da. Juda usta qassob ekanmi, zangʻar.

Qoʻshnilar kula-kula ajralishdi. Birozdan soʻng ikkala hovlida ham oʻlat tekkan tovukdarning jon talvasada qa-qagʻlagani eshitila boshladi.

Mana shunaqa. Ofat toʻsatdan kelsa, yomon-da. Hammani shoshirib qoʻyadi. Ayniqsa, tovuqlarga oʻlat tekkanda...