OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiUshlab turing (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ushlab turing (hajviya)
Safar Kokilov

Qabulxona. Vrach huzurida bir odmiroq kiyingan kampir oʻtiribdi.
— Xoʻsh, kampirshoh, familiyangiz nima? – vrach yozuvdan bosh koʻtarib soʻradi.
— Ahmedova.
— Ismingiz?
— Ushlab turing.
— Nimani?
— Hech nimani. Ismim shunaqa...
— Qanaqa?
— Ushlab turing.
— Voy nimani? Bundoq tushuntirib gapirsangaz-chi. Qoʻlingizda hech narsa yoʻq-ku?
— Ha, yoʻq. Yoʻqchilik bolam, kechirasan. Biron narsa opkelolmadim...
— Nega boʻmasam hadeb ushlab turing deyaverasiz. Ismingizni ayting.
— Bolam, aytayotibmanku. Ushlab turing deb. Yozaver, ismim shunaqa. Ahmedova Ushlab turing.
— Voy, oʻlmasam. Nahotki?! Shunaqayam ism boʻladimi? Qoʻying-e, hazillashayotibsizmi, xola?
— Yoʻq, bolam. Hazili yoʻq. Yozaver. Ahmedova Ushlab turing. Yoshim 78 da. Guliston mahallasidanman. Aylanay, bolam, shunday deb yoz. Sal tobim qochgan... Buni ham yozasanmi yoki avval koʻrasanmi,?
— Avval yozamiz, soʻng koʻramiz. Tartib shunaqa, Ushlab turing xola. Qani, yoting-chi...

Vrach ayol kampirni obdon tekshirib koʻradi va hamshirasiga uni palataga oborib yotqizishni buyuradi...

Kechqurun. Qabulxonada navbatchi hamshira nimanidir yozib oʻtiribdi. Eshikni taqillatib ustida toʻn, doʻppi kiygan, oyogʻida etigi bor bir yigit tugun koʻtarib kirib keladi.
— Mumkinmi, opa?
— Keling. Xizmat?
— Men bir kishini izlab keluvdim. Mabodo shu yerga yotmadimikin?
— Kim ekan? Ismi sharifini ayting, jurnaldan koʻraman.
— Ahmedova Fotima. 78 yosh. Guliston mahallasidan.
— Xoʻ-oʻsh-sh, bugun yotganlar: Turdieva, Berdieva, Murodov Said, Ahmedova Ushlab turing. Shumi?
— Ahmedova kim dedingiz?
— Ushla-ab turing.
— Nimani?
— Hech nimani, - hamshira kuladi, - manovi bemorning ismi shunaqa ekan. Ahmedova Ushlab turing.
— Yoʻq. Mening onamning ismi Fotima. Yana qarangchi.
— Yoʻq, boshqa yoʻq.

Yigit yelka qisib biroz turadi-da:
— Opa, oʻsha Ahmedovani chaqiringchi. Balki... Adashib ham yozilishi mumkindir, – deydi.
— Yoʻq. Bizda adashish boʻlmaydi. Boʻpti, hozir chaqiraman.

Birozdan soʻng hamshira haligi kampirni yetaklab chiqib keladi. Yigit kampir tomon talpinadi.
— Ie, ie, ona. Shu yerdamisiz? Izlamagan yerim qolmadi. Bundoq aytib ketmabsiz ham.
— Ha, onangiz ekanmi shu kishi? Ahmedova Ushlab turing desam, yoʻq deyatuvdingiz-ku?

Yigit oʻngʻaysizlanib onasiga qaraydi:
— Ona, ismingizni oʻzgartirib yozdiribsizmi?

Kampir unga e’tiborsiz stolga oʻtiradi. Hamshiraga qaraydi –da
-Bolam, toʻgʻri. Avval ismim Fotima edi. Endi Ushlab turing boʻlib qolganiga ham ancha boʻldi. Oʻzim ham shunga oʻrganib qolganman. Sababini sizga aytsam... Uyda yettita kelinim

bor. Hammasi biznesmi, miznesmi qilishib erta-yu kech koʻchada yurishadi. Birovi un sotadi, birovi yogʻ. Birovi benzin sotadi, birovi solyarka. Yana birovi bozorda, birovi vokzalda, bilmayman nimasini sotadi. Hatto eng kenja kelinim ham olib sotar boʻlib ketdi, yelkasiga qop koʻtarib. Sahardan barisi hujralarini qulflab, bola-chaqasini «Xola, ushlab turing. xola, ushlab turing» deb qoʻlimga tutqazishadi-da, hayo-hut deb ketishadi. Kun boʻyi shularga qarab oʻtiraman, aylanay. Oʻshandan beri Ushlab turing boʻlib qolganman...
– Nevaralaringizni bogʻchaga berishsa boʻmaydimi?
— He, qizim-ey. Bu ham ekonomda, ekonom. Men nevaralarimni tekinga boqaman. Bogʻcha oʻlgur esa pulga qaraydi. Kechqurun bolalarni opkelishga borish kerak. Kelinlar esa allamahal qaytishadi.
– Otalarichi? Oʻgʻillaringiz-chi, xola?
— He-e, bolam. Oʻgʻillar ham koʻchada. Biri goʻlax, biri devolchi. Yana biri oshpazga yordamchi, birovi arava tortadi, birovi yuk ortadi... Oylab uy betini koʻrishmaydi...
— Obbo, ona-ey, Qoʻying endi shu gaplarni. Oʻzingiz ham yaxshi bilasiz. Hozirgi zamonda yelib-yugurmasa, pul topib boʻlmaydi-ku. Davlatning moyanasiga yashab boʻlmaydi-ku. Ana,

Amerikada ham boyvachchalar ishdan soʻng kimningdir mashinasini yuvib dollar ishlarkan...
— Mayli, bolam, mayli. Pul topaversin. Men ham kelasi gapni aytayotibmanda.
-Boʻpti, ona. Yuring ketamiz. Tobingaz qochgan boʻlsa, qoʻshnimiz doʻxturku. Oʻshanga qaratamiz.
— Yoʻgʻ-e, bolam. Unday dema. Chiqimning yuzi qursin. Men shu yerda davolanaman. Bular koʻp olmayda. Pensiya pulim ham yetadi. A nima deding, qizim?
— Ha, ha, bizga pensiya pulingiz ham yetadi. Shu yerda davolaymiz,

Kampir oʻrnidan turib palatasi tomon yura boshlaydi va gandiraklab devorga suyanib qoladi.
– Voy, voy. Ushlab turing xola, sizga nima boʻldi? Oʻzingizni tuting. Hoy, yigit, nega qarab turibsiz? Ushlab turing onangazni, ushlab turing. Men vrach chaqirayin...

Oʻgʻil kampirni suyaydi. Hamshira yuguradi.