OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiYoʻq, men rahbar boʻmayman…
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yoʻq, men rahbar boʻmayman…
Safar Kokilov

Ishxonamiz boshligʻi toʻsatdan ishdan olindi. Endi esa ishxona xodimlari oldida katta bir muammo koʻndalang boʻlib turibdi. U ham boʻlsa ishxonani qayta oyoqqa turgʻizadigan yaxshi bir rahbar saylab olishimiz kerak. Muammo shundaki, bu rahbarni biz oʻzimizning oramizdan tanlab, saylab olishimiz kerakmish. Tavba?! Dabdurustdan «Ol, ana, rahbaringni oʻzlaring saylab olaverlaring» deyishsa-ya. Eshitgan quloqqa qiziq tuyuladi-da. He-e, ilgari boʻlarmidi. Rahbarni yuqoridan shartta opkelib tayinlab ketishardi, tamom-vassalom. U shu soha odamimi, yoʻqmi, soʻrab oʻtirishmasdi. Hatto bir marta oʻt oʻchiruvchilarning sobiq boshligʻini Yozuvchilar uyushmasiga rais qilib tayinlashgan ekan. U paytlarda deputat nomzodi ham yuqoridan tayinlanar edi. Odamlar uning oʻzini, yuzini koʻrmasdan saylab yuboraverishardi. Oʻsha yillarda Juma sarson degan bir dehqon yigit qoʻsh haydayotib, ertangi saylovda saylanadigan nomzodlarning (oʻzini-ku tanimaydi) nomi esimdan chiqib qolmasin deb qoʻshdagi hoʻkizlarini «Bo-osh ola hoʻkizim Bahuzurov, bo-osh qora hoʻkizim Nodirov» deb qaytarib yurgan ekan. E-e nimasini aytasiz, u paytlarda rahbar boʻlib ishlash oson edi-da. Chunki, yuqori tashkilotlardan paydar-pay yoʻriqnomalar kelib turgan va shunga qarab keng omma boshqarilavergan. Endi esa... Eh-he-e, demokratiya degan gaplar chiqib qoldi-yu. Bu soʻz oʻzi grekchami, lotinchami, ishqilib chetdan kelgan soʻz, lekin butun dunyoga urf boʻlyapti. Biz ham chetda qolmasdigimiz kerak emish. Tuman rahbarlari shunday deyishibdi. Shunday qilib, lugʻaviy ma’nosini tushunmasa ham demokratiya soʻzidan «oʻzingga boshliq saylab olaver» degan buyruqni tushungan, koʻkragiga erkinlik shamoli tekkan uch ming kishilik ishxonamiz xodimlari har kuni ishga boryapmiz deb uydan chiqishadi-da, shiplari oʻpirilgan, derazalariga yelim qogʻoz yopishtirilgan katta majlislar zaliga toʻp-toʻp boʻlib yigʻilishib majlis qilishadi. Bir oydan beri ahvol shu.

Toʻrdagi baland supada majlis bahonasida ta’mirlangan stol-stullarda majlis oʻtkazuvchi hay’at a’zolari (ularni ham bir hafta tortishib saylaganmiz) ya’ni kasaba uyushma raisi ikkita a’zosi bilan, hokimlikdan bir vakil va kotiba qiz oʻtiribdi. Pastda esa keng omma, ya’ni ishxonaning barcha xodimlari. Kimdir stulda, kimdir hovlidan koʻtarib kirgan skameykada, xotin-qizlar va yosh-yalanglar esa orqada tik turishibdi. Ogʻi tolgan va beli ogʻriganlar shundoq polga chordona qurib oʻtirib olishgan. Shu yaqin atrofda yashaydigan «biznesmen» kampirlar ham har kuni majlis boʻlayotganini sezib qolib, eshik ogʻziga gilamchalarini toʻshab ustiga saqich, pista, sigaret va boshqa yegulik narsalardan qoʻyib sotib oʻtirishibdi. Majlisga kiruvchilar zalda ermak qilish uchun ulardan koʻngliga tortganini savdo qilishadi. Madaniyroq kishilar esa qoʻltiqlariga shaxmat, shashka va «durrak» oʻynash uchun karta olib kirishadi-da majlisga quloq solishib, uch ovora-toʻrtovora oʻyna-ab oʻtirishadi. Majlisga hamma qatnashishi shart. Ertalab va tushlikdan soʻng kotiba yoʻqlama qiladi. Kirmaganlarga ma’muriy chora koʻriladi, ya’ni 20 foiz ish haqidan ushlab qolinadi. Toʻgʻrida! Ishxonaning hayot-mamoti hal boʻlay deb turgan-da chetda turish xiyonat-da.

?qoridagi rahbarlar ham juda sabr-toqatli ekan-ey. «Necha kun boʻlsa ham kutamiz, rahbarlaringni oʻzlaring saylab berasizlar» deb turib olishganda-e. Har kuni hokimiyatdan bir vakil keladi. Bugun hokimning bank va byudjet ishlari boʻyicha muovini kelib oʻtiribdi. Zalning oldingi qatorida oʻtirganlar oʻzlaricha uch guruhga boʻlinib olgan. Har guruh rahbarlikka oʻz nomzodini taklif qiladi. Afsuski, hozircha biroviniki ikkinchisiga, ikkinchisiniki uchinchi guruhga yoqmayapti. Tortishgani tortishgan. Har guruh oʻzinikini ma’qullaydi. Tumanimiz qoq oʻrtasidan oqadigan daryoning oʻng qirgʻogʻidagilar guruhi oʻzlaridan Qultoev deganning nomzodini koʻrsatishdi. Yaxshi odam, ishbilarmon, boʻsh vaqtlarida qoʻshni respublikadan har xil mahsulotlar opkelib sotib «biznes» qiladi deb maqtashdi. Shunda ikkinchi guruh boshligʻi koʻkragiga «qahramon ona» degan medalu taqib olgan farrosh ayol irgʻib oʻrnidan turdida qoʻlini paxsa qilib shangʻilladi:
– Nimoga endi sizlordan boʻlar ekan. Ishbilarmon bizlarda ham bor. Mana, bizning Shoev rahbar boʻladi. Bizlar Shoevni saylaymiz...
– Ishdan olingan Gadoymirzaev ham sizlardan edi-ku. Endi bizlardan ham boʻlsin-da. Yoʻq, Qultoev boʻladi, – dedi boʻsh kelmay daryoning oʻng tomonidan boʻlgan Jonqobilov moʻylovini burab, oyogʻini tirab.
– Yoʻq, Shoev boʻladi dedikmi, Shoev boʻladi, – dedi chinqirib farrosh ayol.

Ularning kelishmovchiligidan foydalangan uchinchi guruh odamlari otiga qamchi bosishdi.
– Hoy, menga qaranglar, baraka topkurlar. Kelinglar, bizning Boyqulovni saylab qoʻya qolaylik. Ammo-lekin, ja-a uddaburon yigit-da oʻziyam. Olti sotix tomorqasiga har yili koʻkat ekib, sotib, mana millioner boʻldi. Shu rahbar boʻlsa, ishxonani gullatib yuboradi-ya. Oʻziyam ja-a, haligindaqa, delovoy yigitlardan, shuni saylaylik, – dedi qora toʻn, ola doʻppi kiygan pakana odam.
– Yoʻq, yoʻq boʻmaydi, – deb baravariga shovqin solishdi birinchi va ikkinchi guruh odamlari. – Oʻzi oldingi boshliq ishxona atrofiga terak ektiraverib hamma tomonni shira-hashoratga bostirib yubordi. Buni-ku oʻzimiz ham yaxshi bilamiz. Koʻkatfurush rahbar boʻlsa ishxonaning ishi ham bir tomonda qolib, kunimiz kashnich, shivit oʻtash bilan oʻtadi. Yoʻq, Boyqulov boʻmaydi.

Tortishuv shu tarzda davom etmoqda. Kun peshinga yaqinlashgan. Toʻrda oʻtirganlar qoʻli bilan ogʻzini berkitishib homuza tortishyapti. Pastda esa u yer bu yerda xurrak ovozi eshitiladi. Shiftda sigaret tutuni bulutdek osilib turibdi. Hokimlikdan kelgan rais «Darakchi»ni uchinchi marta oʻqib chiqdi...

Men ham shu ishxonada 20 yildan beri ishlayman. Odamlar orasida oʻzimga yarasha obroʻyim bor. Men ham hamma qatori kamchiliklardan noliyman, oylik maoshni oʻz vaqtida olsam deyman, lekin hech qachon birovga, ayniqsa rahbarlarga buni ochiqchasiga aytmayman. Mendan soʻrashmaydi ham. Shuning uchun hammadan oldin kelaman-da, derazaga yaqinroq joyga oʻtirib uydan olib kelgan badiiy kitobimni oʻqib oʻtiraman. Tortishuvga ham aralashmayman – betarafman. Bugun ham rus yozuvchisi A.P.Chexovning hajviy hikoyalar toʻplamini oʻqib oʻtiribman. Qiziq joyiga kelganda beixtiyor kulib yubordim. Yonimda oʻtirgan odam toʻsatdan biqinimga turtdi:
– Hoy, Qodirov, nega kulasiz-e? Turing. Halitdan beri sizni minbarga chaqirishayapti, – dedi u turtkilab. – Turing, turing.
– Nega? Nima uchun? – hovliqib soʻradim apil-tapil kitobni yopar ekanman. Qoʻrqa-pisa toʻrda oʻtirganlarga qaradim. Majlisga aralashmay kitob oʻqib oʻtirganim yoqmagan shekilli, hay’at a’zolarining bari menga tikilib turibdi. Bunday qarasam, butun zal ahlining koʻzi menda. «Obbo, bu yogʻi qandogʻ boʻldi endi?» Beixtiyor oʻrnimdan turib ketdim. Shu payt oldimdagi qatorda oʻtirgan Jonqobilov menga qarab tirjayib,
– Qodirov uka, biz oʻz guruhimiz nomidan rahbarlikka sizning nomingizni koʻrsatib yubordik. Har qalay siz oʻzimizdan. Ishonchni oqlaysiz endi, – desa boʻladimi.
– Nim-ma?!

Boshim gʻuvillab, koʻzim tinib ketdi. Oldimdagi stulni ushlab qoldim.
– Nega men? Gunohim nima? – dedim gʻuldirab.

Yonimdagilar kulib yuborishdi.
– Nomzodi koʻrsatilmagan bitta siz qoldingiz-da. Qani minbarga chiqing-e. Boshingizga baxt qushi qoʻnay deb turibdi-yu, bu kishining angrayganini, – dedi yonimda oʻtirgan odam meni minbar tomon itargilab. – Boring, boring. Qoʻrqmang, biz bor. He, boshqalar ham siz taraf boʻlib turibdi...

Yo tavba! Tushimmi, oʻngimmi?! Nahotki, odam quriganday meni rahbar koʻtarishsa-ya. Yoki hazillashayotibdimikan?!

Umrimda minbarga chiqib koʻrmaganman. Hammaning nigohi kuzatuvida minbarga yaqinlashdim. ?ragim duk-duk uryapti, tizzam qaltiraydi. Terlab ketdim.
– Qodirov, mana nihoyat odamlarimiz bir fikrga kelishganday boʻldi. Sizni ishxonamizga rahbar etib saylamoqchimiz. Biz sizni yaxshi xodim sifatida bilamiz... – Hay’at raisi oʻrnidan turib pastdagilarga qarab menga ta’rif bera ketdi. Birovni maqtash ham, yomonlash ham oson ekanligiga shu yerda ishondim. Oʻh-hoʻ-oʻ oʻzimning oʻzim bilmagan sifatlarimni uning ogʻzidan eshitib rosa qoyil qoldim-ey. Nahotki shuncha yaxshi, bebaho odam boʻlsam-a?! Ich-ichimdan magʻrurlanib ketdim. Zalga qarashga esa yuragim betlamasdi. Koʻzim shiiftdan olma teradi. Oʻz-oʻzidan kulgim keladimi-ey. Nihoyat hay’at raisi soʻzi oxirida menga qaradi. – Qani, Qodirov oʻzingiz ham bir nima deng. Agar rozi boʻlsangiz, hozir ovozga qoʻyamiz. Boʻganday boʻlib turibsiz. Qani, boʻsh kelmang. Hamma siz tomonda...

Men esa sehrlangandayman. ?zim lovullaydi tanglayim qurib, tilim aylanmay qolgan. Koʻz qirim bilan bir zalga, bir hay’at a’zolariga qarayman. Hokimlikdan kelgan vakil ham «darakchi»dan bosh koʻtarib «Qanaqa narsa ekan bu hammaga ma’qul kelgan odamcha» degandek ienga tikilib turibdi. Zal ham suv sepganday. Boshim qotib qoldi. Yo tavba! Hech kutilmaganda-ya. «Meni hech kim nazar pisand qilmaydi», deb oʻzimdan koʻnglim qolib yurgan bir paytda dabdurustdan bunaqa hurmat-e’tiborni qarang-a endi. Oʻpkam toʻlim ketdi. Yigʻlab yubormay deb labimni qattiq tishlayman. Yana oʻylanib turib birdan qoʻrqib ketdim. Nima deyapti bular?! Rahbar boʻlasan deydimi? Shunday katta ishxonaga-ya?! Meni chohga itarishyaptimi deyman bular?! Yoʻ-oʻq... Bunaqasi ketmaydi. Menga nima kerak oʻzi shu bosh ogʻriq? Yoʻq, yoʻq, men rahbar boʻmayman. «Yoʻq, boʻmayman» deb, hayqirgim keldi birdan.
– Yoʻq, men boʻlolmayman, – dedim negadir ovozim tuzuk chiqmay, hirqirab.
– Nega? – deb hayqirdi butun zal.
– Nega? – baqrayib qolishdi hay’at a’zolari.

Hokimlikdan kelgan vakil ham koʻzi chiqquday boʻlib «Rahbarlikdan bosh tortgan odamni birinchi koʻrishim» degandek tikilib turibdi.
– Xoʻsh, nega? – hay’at raisi savolini takrorladi.
– Bilmadim-u...!
– Hoy, Qodirov butun ishxona sizga koʻz tikib turganda bunaqa mujmal gapni qoʻying-da-e. Nega boʻmaysiz? Nima, kasalmisiz?
– Yoʻgʻ-e, xudo saqlasin. Sogʻman. Lekin...
– Lekin-pekini yoʻq. Boʻlasiz. Biz sizga ishonamiz...
– Hoy Qodirup uka, rozi boʻlavering. Siz yaxshi odam. Bolalarimga nafaqa puli ololmay yurganda yoʻl-yoʻriq koʻrsatgansiz. Sizning kallangiz yaxshi ishlaydi. Siz rahbar boʻlasiz. Sizga kim «gʻing» desa, mana man bor. Xudo bitta... – dedi koʻkragiga urib farrosh ayol oʻtirgan joyidan shangʻillaganicha.
– Rozi boʻlavering-e, boʻla. Har tugul urugʻimiz bir, qoʻllab turasiz-da, boʻlalarni, – dedi chuvillashib daryoning oʻng betidan kelganlar.
– Ammo-lekin ja-a zoʻr nomzod topdik-da. Kamgap, ogʻirgina odam, hammaga birday. Mayli, Qodirov boʻlsa, biz ham rozi, – dedi uchinchi guruhning odami ham boshidan ola doʻppisini olib changini qoqayotgandek qoʻliga qarsillatib urarkan. – Bizga shunaqa muloyim odam yoqadi oʻzi.

Uf-f, nima desam ekan bularga?! Xuddi odam quriganday uchala guruh ham menga yopishib olganini qarang-da. Xoʻ-oʻsh. Shu «nega» degan savollariga biron joʻyali javob aytolsam-ku, tamom, meni saylashmaydi-ku-ya. Qutulaman qoʻyaman shu gʻalvadan. He, kerak emas menga shu bosh ogʻriq. Tinchgina kelib ketib, hech kimga koʻrinmay, qoziqning boshi ham, uchi ham boʻlmay yashab yurganga nima yetsin. Lekin buning uchun hozir ularga biron sabab aytishim kerak-da. Nima desam ekan?!
– Hoʻ-oʻ Qodirov, gapiring-da endi. Ja-a xit qivordingiz-ku, ammo-lekin...
– Boʻsh kelma-e, Qadiripjan. Dayraning narjagʻi sen tarap...
– Gapiring, gapiring, – deb qistaydi «i» harfiga urgʻu berib haligi farrosh ayol ham.

Nihoyat, oʻzimni tutib, tupugimni yutib, tomogʻimni qirib, «nega?» degan savolning javobini ayta boshladim. Maqsadim – meni saylashmasa boʻlgani. Shuning uchun biroz koʻpirtirib gapirishim kerak. «Bu umuman noloyiq ekan-ku, biz adashibmiz» deb fikrlaridan qaytishsa bboʻldi. Avval asta-sekin past ovozda gap boshlab, soʻng ovozim oʻz-oʻzidan balandlashib, shiddatli tus olayotiganini oʻzim ham sezmay qolibman. ?ala-gʻovur boʻlib turgan zal gʻam asta-sekin tinchib, pashsha uchsa bilingudek sukunat choʻmdi. Men esa minbarga ikki qoʻlim bilan suyanib, boshimni baland koʻtarib gapiryapman desangiz.
– Oʻrtoqlar! Avvalo menga ishonch bildirganingiz uchun katta rahmat! Boshim koʻkka yetdi. Lekin ming bora uzr. Men, meni qoʻyinglar, qiynamanglar. Iltimos sizlardan. Shu paytgacha hech biringiz bilan sen-menga bormagan edik. Endi ham shunday boʻlib qolaylik. Rahbarlikka boshqa odamni saylab qolinglar. Iltimos, men rahbar boʻlolmayman. Men koʻngli boʻsh odamman, salnarsaga xafa boʻlaman. Ichim tor. Aytganimni qildirmaguncha koʻnglim tinchimaydi. Toʻgʻrisini aytsam va nohaq ishni koʻrsam, chidab turolmayman. Birov-yarimning koʻnglini ogʻritib qyishim mukin. Oldingi rahbarga oʻxshab ogʻirning utidan yengilning ostidan yurishni xohlamayman. Agar men rahbar boʻladigan boʻlsam, ishxonada ahvol hozirgidek davom etishiga sira yoʻl qoʻymayman. Hammalaringizda 180 foiz oʻzgarishni talab qilaman. Men rahbar boʻlgach, doʻstlik, ogʻaynigarchilik oʻz yoʻliga, ish oʻz yoʻliga boʻladi. Aybdorlarning boshini silash boʻlmaydi. Ba’zilar, masalan boʻlim mudiri Boʻrievga oʻxshab urugʻ-aymoqchilik qilib ishlashni toʻxtataman. Eng avvalo ishni tartib-intizomdan boshlayman. Toʻgʻrisi, oʻzi ishxonamizda tartib qolmadi. Yoʻq, endi bunday boʻmaydi. Mening ruxsatimsiz chapga bir qadam, oʻngga bir qadam tashlasang ishdan haydayman, tamom vassalom. Hamma ishga oʻz vaqtida kelib-ketsin. Endi ayab oʻtirish yoʻq. Yo shu ishxonani tartibga olaman, yoki umuman ishlamayman. Anovi Isaevga oʻxshab ishga shunchaki kelib-ketib, kun boʻyi burchakdagi xonasida ulfatlari bilan shaxmat oʻynab oʻtirganini koʻrsam, boshiga shaxmat taxtasi bilan solaman, soʻng dumini tugaman. (Zal oʻrtasidan shaxmat taxtasining sharaqlab yopilgani eshitildi.) Yo ishlasin yoki yoʻqolsin. Menga grossmeystrlar kerak emas. Xonama-xona kirib, gʻiybat izlab yuradigan ayrim xotinlarni ham ishdan haydash fursati keldi. Qiladigan ishining tayini yoʻq, lekin yolgʻon yoʻl varaqalari toʻldirib, ishxonaning benzin zahirasini suvday simirib yotgan anovi Odilboevning ishini ertagayoq prokuraturaga oshiraman Yetar ishxonanaing qonini shuncha soʻrgani. Ertadan boshlab oʻng qoʻlim boʻlgan bosh hisobchining oʻrmagini yigʻishtiraman. Xodimlarning oylik maoshini oʻz vaqtida bermay, pulni «oborotga qoʻyib» shishib yotgani yetar. Bosh iqtisodchi va gʻaznachini ham unga qoʻshib javobgarlikka torttiraman. Boshqa vijdonli hisobchi topamiz. (Zal bir guvranib qoʻydi. Oldinda oʻtirgan bosh hisobchining boshi ikki yelkasi orasiga kirib ketdi.) Men rahbar boʻladigan boʻlsam, oylik maoshni har oyning oʻttizida beradigan qilaman (zalda qarsak yangradi). Rahmat. Oʻz ishini toʻgʻri bajarmaganlar ayovsiz jazolanadi. Muovinlarimni ham ertadan boshlab almashtiraman. Menga aravani har tomon tortadigan muovinlar kerak emas. Endi hamma oʻz ishidagi kamchilikka oʻzi javob beradi. Avvalgidek birov uchun boshqalar pul yigʻib jarimasini uzmaydi. Ishni eplamagan ketaversin. Bironta boʻlim boshligʻi yoki xodimning ta’magirlik va poraxoʻrlik qilganini eshitsam yoki koʻrsam, oʻzidan koʻrsin, shartta haydayman. Qorjovovga oʻxshagan poraxoʻr, ishxona obroʻsiga dogʻ tushiradiganlar bizga kerak emas. Yaxshi ishlagan, halol xodimlar esa moddiy ragʻbyuatlantirilib briladi, albatta. (Zalda jonlanish va qarsaklar eshitildi) Oʻrtoqlar! Ertadan boshlab kasaba uyushma faoliyatini ham taftish qilishni yuqoriga xat bilan chiqib soʻrayman. Men yaxshi bilaman, ularning ham koʻp ishlari koʻzboʻyamachilikdan iborat. Yolgʻondan tadbirlar oʻtkazildi qilib, uyushmaning pulini sovurib yotishibdi. (Zalda shivir-shivir boshlandi. Kasaba uyushmasi raisi boshini quyi egib, stolni tirnay boshladi.) Oʻrtoqlar! Zalda Ahmedov bormi? Xoʻjalik ishlari boʻyicha muovin Ahmedovning ishini shu bugundan boshlab shaxsan oʻzim nazoratga olaman. Taftish natijasini prokuraturaga oshiraman. Mana, buni qarang. hamma tomon iflos, oʻn yildan beri ta’mirlanmagan, supirib-sidirilmagan. Majlis zali shunaqa boʻlishi kerakmi? Tuzukroq stol-stul yoʻq. Boʻlimlarda-ku ahvol bundan besh battar. Hoziroq menga qattiq va yumshoq inventarlar boʻyicha hisobotingizni opkirasiz. (Zal oxiridan uzun toʻn, telpak kiygan, moʻylovli odam sekin sirgʻalib tashqariga chiqib ketdi.) Buning yurishini qarang. Ertadan boshlab hamma davlat ishxonasida ishlaydigan odamlardek kiyinib kelsin. Bu yer sizlarga machit emas, kovush-mahsida yuradigan. Bu yer – ishxona. Davlat muassasasi. Bundan buyon ish vaqtida ichib, chekib yurgan xodimni koʻrsam, oʻzidan oʻpkalayversin. Mazasini qochiraman-a. Bu nima degan gap oʻzi?! Davlatdan ish haqi soʻraysizlar-u, ishni yolchitib bajarmaysizlar?! Davlat kim oʻzi? Davlat oʻzimiz-ku. Oʻzimizning koʻzimizni boʻyab, qoʻl uchida ish yuritishimiz kimga foyda-yu kimga ziyon?! Tamom, shu bugundan e’tiboran qilingan ishlar toʻgʻrisida yolgʻon hisobotlar berish toʻxtatiladi. Qilinmagan ish uchun, yolgʻon hisobot bergan aybdorlar jazosini oladi. Endi bunaqa koʻzboʻyamachiliklarga yoʻl qoʻymayman. Bir necha yildan beri ishxonada attestatsiya shunchaki oʻtkazilib, ishxonada qobiliyatsiz, bilimi sayoz xodimlar koʻpayib ketdi. Yaqin kunlar ichida oʻzim boshchiligimda hamma xodimni ishga loyiqligi yuzasidan attestatsiya qilamiz. Bizga elim deb, yurtim deb yonib ishlaydigan xodimlar kerak. Yoqmaganlar oʻziga tinch ish axtaraversin.

Oʻrtoqlar! Mana bir oydan beri har kuni majlisbozlik. Korxonaning ishi toʻxtagan. Soʻraydigan odam yoʻq. Bu qanday gap axir?! Bundan buyon majlis haftada bir boʻladi. Ertadan boshlab, yoʻq hozirdan boshlab hamma oʻz ish joyiga borsin, vazifasini sidqidildan bajarishga kirishsin. Qolib ketgan ishlarni kechasi oʻtirib boʻlsa ham toʻgʻirlaysizlar. Men esa sizlarning ikki oydan beri olomay yurgan maoshlaringizni topish uchun shu bugun hokimiyatga chiqaman, bankka boraman, kerak boʻlsa, yoqasidan gʻippa boʻgʻib boʻlsa ham maoshlaringizni olib kelaman. Qani hamma marsh ish joyiga...

Shu payt hokimlikdan kelgan vakilning zaharxanda ovozi nutqimni boʻldi:
– Avval rahbar boʻling-chi...
– Shuni ayting-a, – yerga qarab mingʻilladi kasaba uyushmasi raisi ham.
– Mana, odamlar saylashyapti-ku. Saylansam ishonchlarini oqlashga harakat qilaman-da, – dedim men ham boʻsh kelmay, biroz qizishib.

Ular saylagan bilan hali nomzodingiz yuqoridagi tashkilotdan tasdiqlanib kelsagina siz rahbar hisoblanasiz, ukaginam. Hali yuqoriga bizning hokimlikdan siz uchun yaxshigina tavsifnoma kerak. Busiz umuman boʻmaydi. Tartib shunaqa. Uni esa shu majlisda qatnashgan hokimiyat vakili, ya’ni men yozaman. Siz oʻsha yoqasidan olaman degan odam ham menman... Men ham siz aytgandek koʻzboʻyamachilik qilolmayman. Toʻgʻrisini yozaman. «Qodirov oʻta qiziqqon, qoʻpol, oʻzini tuta bilmaydi. Oʻzidan lavozimi yuqori odamlar bilan muomalani bilmaydi», deb yozaman-da tavsifnomangizga. Bunaqa tavsifnoma bilan esa yuqoridagi rahbarlar oʻlsa ham sizning rahbar boʻlishingizga rozi boʻlmas-ov. Tak chto...

Men birdan oʻzimga keldim. Dami chiqqan pufakdek boʻshashdim qoldim. Bir hay’at a’zolariga, bir zaldagi keng ommaga qarab ancha vaqtgacha tilim kalimaga kelmay qoldi. «»Uf-f... sal oshirib yubordim-ov. Ha mayli, shunisi ham yaxshi. Maqsadim ham shu edi-ku...» Birdan xoxolab kulib yubordim. Hamma hayron. «Ie, buning esi sal pastroqmi?» degandek hokimlik vakili hay’at raisiga qarab koʻrsatkich barmogʻini chakkasiga niqtadi. U yelkasini qisib qoʻydi.
– Rahmat oʻrtoq... E-e, janobi oliylari! – dedim hokimlik vakiliga qarab tirjayganimcha. – Ayni koʻnglimdagi gapni aytdingiz. Toʻgʻri. Men rahbar boʻlolmayman. Mening boʻlganim shu qoʻpolman. ?qoridagi rahbarlarga xushomad qilish qoʻlimdan kelmaydi. Qoʻyinglar, doʻstlar, oʻzlaringni ham, meni ham boshimni qotirmanglar. Men rahbar boʻlolmayman.

Zalda shovqin-suron boshlandi. Endi zal ikki guruhga boʻlinib qoldi. Bir tomonda meni saylash tarafdorlari, bir tomonda esa menga ishonch bildirib «adashganlar» guruhi baqirishardi.
– Yoʻq, baribir Qodirov rahbar boʻladi. Biz unga ishonamiz.
– Bizga shunday qattiqqoʻl rahbar kerak. Qodirovni saylaymiz.
– Ie, kesakdan ham oʻt chiqdi-ku, bu rosa qoʻpolga oʻxshaydi-ya...
– Yoʻq, yoʻq, Qodirov boʻmaydi. Diktatorlardan toʻyganmiz.
– He, bu ham yaxshi odam emas ekan, boshqasini saylaymiz.
— Hammani aytib chiqdik-ku, hech kim qolmadi boshqa. Qiziqqon boʻlsa ham maoshimizni olib bersa boʻldi-da...

Hokimlikdan kelgan vakil esa tirjayganicha «men aytadiganimni aytdim» deb yelka qisib turibdi. Kasaba uyushma raisi ham negadir xursand, lekin hali ham stolni tirnaydi. Qolgan ikki hay’at a’zolari ham nimadir deb tortishayapti. Kotiba qiz esa tinmay yozadi. Pastda esa hamma oʻzi bilan oʻzi... Birdan oʻzimga oʻzim achinib ketdim. «Tavba! Nima zaril senga shu gʻalva». Zalga qarab baqirdim.
– Jim! Boʻldi! Tamom! Men rahbar boʻmayman. Yoʻq, yoʻq. Boʻlolmayman. He bor-ree... – deb qoʻl siltadim-da minbardan tushib ketdim. Shu ketganimcha birdaniga oʻz arizam bilan ishdan ham boʻshab ketdim.

Xoʻsh, shunday qilib ishxonaga kim boshliq boʻlibdi, deysizmi. Hech kim. Haliyat tortishib yotganmish. Hech kim topilmasa yana oʻsha eski boshliqning oʻzi saylanishi ham mumkin. Unda pul ham bor, yuqoridagilar bilan til topishga ham usta, qoʻl ostidagilarni esa...

Koʻpchilik odam esa odam quriganday meni izlab yurganmish. Manzilimni oʻzgartirib yuribman. Yoʻq, men rahbar boʻmayman, boʻlolmayman ham.