OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSafar Kokilov
Asar nomiYoʻqolgan koʻrichak (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Safar Kokilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yoʻqolgan koʻrichak (hajviya)
Safar Kokilov

Ertalab. Vrachlar xonasi. Katta oyna qarshisida oʻz aksiga qarab patila sochini tarayotgan, koʻzlari kirtaygan, soqoli oʻsgan yuzlari soʻlgʻin, burni soʻrraygan, qotma jarroh Qoraboev navbatchilikni topshiryapti. Allaqachon oq xalati va qalpogʻini kiyib, divanda oyoqlarini chalishtirib, bir qoʻlini divan orqasiga oshirib, yastanib oʻtirgan yuzlari qip-qizil, xoʻppa semiz, tepakal jarroh Oqboev navbatchilikni qabul qilyapti. U kiyinib-taranayotgan Qoraboevdan soʻradi:
– Xoʻsh, qalay?
– He-e, boʻmadi, – horgʻin qoʻl siltadi Qoraboev.
– Nega? Bemor oʻlib qoldimi?
– Yoʻgʻ-e. Bemor tirik. Tushum boʻlmadi. Choʻntak quruq.
– Ha-a, shunday deng. Chatoq boʻpti. Tun boʻyi ishlaganingga yarasha tushum boʻlib tursa. Charchaganing ham bilinmaydi-da...
– Hali bu holva. Kechasi bilan oyoqda tik turganimizni aytmaysizmi...
– Nega, nega? Yana nima gap?
– Kecha oʻzi bitta-yu bitta bemor tushdi. Shuning operatsiyasi deb tinmadik-da.
– Ogʻirmidi? Nima bilan?
– He-e, juda oddiy. Koʻrichak...
– Koʻrichak?! Nahotki yorilib ketgan boʻlsa?
– He, bundan koʻra yorilgani yaxshi edi-e...
– Ie, nega? Nima boʻldi oʻzi?
– Shu desangiz, koʻrichagi topilmay rosa ovora qildi-da.
– Yoʻgʻ-e?!
– Rost, rost. Kechasi oʻzi asosiy navbatchi jarroh Sakboev edi...
– Isoqboevmi?
– Ha-da. Odamlar uni orqavarotdan Sakboev deyishadi-ku. Qoʻpol-da, oʻshanga...
– Ha, bilaman. Xoʻsh, xoʻsh?
– Men esa yordamchi jarroh boʻlib turdim. Operatsiya xonasiga kirganimda Sakboev allaqchon bemorning qornini yorgan ekan. Endi desangiz, ikkovlashib har izlaymiz, har izlaymiz... Koʻrichagi yoʻq. Bilmayman, bir soat izladikmi, ikki soatmi, ichaklarini agʻdar-toʻntar qilib, qarichma-qarich «reviziya» qilib chiqdik. Yoʻq. Topolmadik...
– Oʻh-hoʻ-oʻ. Bemor ham rosa qiynalibdi-da...
– He, soʻramang. Oʻziyam operatsiyani mahalliy ogʻriqsizlantirib qilganmiz. Bemorning hushi joyida. Dorining kuchi esa vaqt oʻtgan sayin kamaymoqda. Ichaklarini har tortib, agʻdarganda bemor ayol «Dod!» deydi. Sakboev esa «Jim yot!» deb baqiradi, ayamay soʻkadi. He-e, – Qoraboev labini tishlab, yerga qaraganicha bosh chayqaydi: – U chatoq, Sakboev deganicha bor ekan-ey...
– Xoʻsh, keyin-chi? Topdinglarmi, ishqilib?! – Cabri chidamay soʻradi Oqboev.
– He, qaerda deysiz. Topolmadik...
– Yoʻgʻ-e?! – Oqboev koʻzlarini katta ochib, yoqasini ushladi. – Tavba! Xoʻsh, soʻng-chi?
– Soʻng Sakboev oʻzining ustozi Sanginovga «Tez yordam» yubortirdi...
– Eh-he-e. Yarim kechasi-ya?! Sanginovning uyi ham tumanning narigi chetida-ku? Borib kelguncha ikki soat oʻtadi...
– Nachora... ?bordik-da.
– Bemor-chi? Qorni ochiq yotaverdimi?
– Nimayam qilardi, bechora. Yotdi qorniga teril doka yopib qoʻydik. Ogʻriqsizlantiruvchi ukol qildik. Oʻzimiz ham ... dam oldik, kitob varaqladik. Uyqu qochsin deb bir piyoladan choy ichdik...
– He oʻlmanglar... – Oqboev «hi-hi»lab kuldi. – Xoʻsh, soʻng Sanginov kelib topdimi koʻrichakni?
– Yoʻq. Topolmadi.
– Yoʻgʻ-e?! Shunday usta jarroh-a?! – koʻzlari ola-kula boʻldi Oqboevning.
– He, bu yogʻini eshiting, – negadir kulib davom etdi Qoraboev. – Sanginov ham izlab-izlab topolmagach, hayron boʻlib, «uf-f, bu ordona qolgur qaerga yoʻqoldi?» deb toʻsatdan baqirib yuborgan edi, bemor choʻchib koʻzini ochdi va «Duxtur, nimani izlayotibsizlar?» dedi qiziqib. «Nimani boʻlardi, koʻrichagingni-da. Jim yot!», deb Sakboev unga yana oʻshqirdi. Shunda bemor birdan «Voy, duxtur, menda koʻrichak yoʻq... Oʻn yil avval oldirib tashlaganman...» desa boʻladimi. Hammamiz taxta boʻlib qoldik. Bizga yordam berib turgan hamshira «piq» etib kulib yubordi. Sakboev koʻzlari olayib, oyoq-qoʻli dagʻ-dagʻ titrab bir bemorga qaraydi, bir Sanginovga. Shu payt Sanginov qarsillatib Sakboevga shapaloq tortib yubordi-ya. Men qochib qoldim. Rosa jahli chiqdi. «He, koʻzing koʻr boʻlgurlar, oʻzingniyam, meni ham qiynamay avval bemorning oʻzidan soʻramaysanlarmi, ahmoq, eshakmiya yeganlar...» deb rosa baqirdi. «Sen-chi» deb, menga ham oʻshqirdi. Men operatsiyaga keyinroq kirganimni aytib qutuldim. Sakboev esa ... oladiganini oldi. Lekin uni ham tushunsa boʻladi. Bemor ayol juda semiz, qorni katta ekan. Eski chandigʻi bilinmay ketganmish, koʻrmabdi. Aybi soʻramagani... Bilasiz-ku, oʻzi sal hovliqmaroq...
– Obbo sizlar-ey... Rosa qiynalibsizlar-da... – dedi Oqboev kinoyaomuz kulib.
– He-e, nimasini aytasiz. Sharmanda boʻldik, sharmanda – dedi Qoraboev ham tirjayib, eshik tomon yurarkan. Oqboevga qarab yana pisanda qildi:
– Tagʻin buni birovga gullab yurmang-a. Sizni oʻzimizniki deb aytdim. Tibbiy sir. Hih-hih-hi-hi...

– Yoʻgʻ-e, oʻlibmanmi aytib. Sizning siringiz mening sirim-da, – dedi Oqboev kula-kula uni uyiga kuzatarkan...