OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Alla (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiAlla (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Alla (hikoya)
Said Ahmad

Ozoda ishdan chiqib, tramvayga oʻtirmay, yangi barg yozgan serdaraxt, gavjum koʻchadan uyiga qaytdi.

Hamma yoqda bahor nafasi gurkiraydi. Devor osha koʻchaga engashgan oʻrik shoxlaridan yoʻllarga tanga-tanga gullar toʻkilgan. Jildirab oqayotgan ariqlar betida ham oʻrik gullari oqadi.

Ozodaning bu koʻchadan yurmaganiga besh yil boʻldi: bu koʻcha daraxt va jildiragan ariqlar uning eng xushnud kunlari — koʻngliga muhabbat olovi tushgan, hayotga birinchi bor qadam tashlagan, birinchi bor homilalikni tuygan onlarining guvohi.

Uni bu koʻchadan qayta yurishga majbur qilgan narsa na muhabbat xotiralari va na bahor manzaralari boʻldi. Ozoda bu koʻchaga burilganida butunlay boshqa, oʻzi ham ma’nosiga tushunib yetmagan qandaydir gʻayri tabiiy bir kuch uning vujudida hokim edi. U qaysi koʻchada ketayotibdi, bu koʻcha unga tanishmi, yoʻqmi, bu hakda oʻylamasdi.

Hozir u uyga qaytadi. Eri Homidjon ishdan qaytgandir. U xotinini har kungidek ochiq chehra bilan kutib oladi. O, uning koʻzlari naqadar chiroyli. Mana shu uch yillik birga kechirgan hayotda Ozoda uning koʻzlariga necha bor termilgan, uzun kipriklar orasida chaqnab turgan qora koʻzlar Ozodaga olam-jahon baxt, rohat bagʻishladi. Mana hozir ham u Ozodaning yoʻliga koʻz tikib oʻtiribdi.

Mana shu mehru muhabbat toʻla koʻzlarga boqish Ozoda uchun qanchalar ogʻir. Keyingi kunlarda erining mehru muhabbat toʻla koʻzlarida soʻlgʻinlik, pinhoniy iztirobning ta’siri sezilib qoldi. Ozoda bu dardni biladi. Biroq u erini yupatishga, mana shu ma’yus koʻzlarga tik boqishga qodir emas. Oʻz hayotida birinchi bor oʻyinqaroqlik, yengiltaklik bilan qoʻl urgan jinoyati uni besh yildan beri alam girdobiga sudraydi. Qani endi u shu ishni qilmagan boʻlsa edi. Atrofda mavj urgan koʻklam nihollari, quvnoq kulgilar uning koʻngliga boshqacharoq ta’sir koʻrsatgan boʻlarmidi.

Stolbalarda chiroqlar yondi. Derazasi koʻchaga qaragan uylardan trotuarning har yer-har yeriga oq choyshab yozgandek, oppoq nur tushib turibdi. Orqa koʻchadan guvillab oʻtayotgan tramvay dugasida chaqnagan nur baland imoratlarning peshtoqlarida bir yalt etib, yana soʻnadi.

Ozoda oʻrik gullarini bosib asta-asta qadam tashlab ketar ekan, fikran erining ma’yus koʻzlariga duch keldi.

U beixtiyor seskanib yerga qaradi. Bu seskanish unga oʻz qilmishini — bugungi iztirobning boisini esga soldi. Ortda qolgan koʻngilsiz xotiralarga nazar solmoq qanchalar qiyin va koʻngilsiz...

Koʻngliga birinchi bor muhabbat olovi tushgan kunlar qanday yaxshi edi-ya. Kechalari koʻkka termilib Murodjon haqida xayol surardi. Ertagi kunni, Murod bilan uchrashuv onlarini orziqib-orziqib kutardi. ZAGS ostonasidagi entikishlar, toʻy, qadahlarning jaranglashi, mashshoqlarning xonishi va nihoyat, birga kechirgan shirin va osuda kunlar...

Murod togʻ ekspeditsiyasidan soqollari oʻsib, qorayib, ozib qaytardi. Ozoda erining qaytishiga hovlining burchidagi hammomni qizdirib, soqol oladigan buyumlarni katta toshoyna oldiga terib, kiyimlarini dazmollab qoʻyar, to u hammomdan chiqquncha stol ustini yasatib, hatto u yaxshi koʻradigan «Marsala» vinosini havo rang billur grafinga quyib qoʻyishni ham unutmasdi.

Mana shunday qaytishlarning birida Murod xotinini ma’yus koʻrdi. Hammom ham qizitilmagan, stol ham yasatilmagan edi.
— Nima boʻldi? — Murod uning jiyaklari qizargan koʻzlariga termildi.

Ozoda javob bermay, ichkari uyga kirib ketdi. Murod ham uning ketidan kirdi.
— Gapirsangiz-chi, nima boʻldi?!

Ozoda yoshli koʻzlarini yumib javob berdi:
— Homiladorman.

Murod mast kishidek dovdirab qoldi.
— Rostmi?! — Murod uni bagʻriga bosib, dast koʻtarib oldi-da, uyni ikki marta aylantirib chiqdi. Uning koʻzlari porlar, yuragi sevinchdan gupillab urardi. — Nega xafa boʻlasan?

Bu uning birinchi bor xotinini sen deb atashi edi. Boʻlajak farzand Ozodani unga shunchalik yaqinlashtirib qoʻygan ediki, goʻyo u Ozoda, Ozoda esa Murod boʻlib bir-biriga aralashib ketgandek edi.
— Nega yigʻlaysan? Axir...

Murod sevinchi ichiga sigʻmay, telbalardek gapi gapiga qovushmay qoldi.
— Yoʻq! — dedi Ozoda, — istamayman. Hali yoshman, halitdan bolani boshimga uramanmi? — U yigʻi aralash sekin gapirdi: — Kuningiz togʻu toshda oʻtsa, uyda bola boqib oʻtiramanmi?
— Istasang, qishloqdan ayamni oldirib kelay, istasang, singlim kelib tursin, dissertatsiyamni bitkazib olay...

Ozoda eriga shunday oʻqrayib qaradiki, uning bu qarashida Murodga nisbatan nafrat va gʻazab ifodasi bor edi.

Zebu ziynat, oʻyin-kulgiga oʻrgangan xotin uchun bola oyoqning kishani boʻlib tuyulardi.

Ozoda chinakam goʻzal edi. U modani, tantsani, teatr va sayillarni sevardi. Boʻlajak bola hali dunyoga kelmay turib uni ana shu rohatlardan begona qilib qoʻyayotgandek edi.

Murod boʻshashib stulga oʻtirib qoldi. U boshini panjalari orasiga olib uzoq oʻyladi. Oxiri oʻrnidan turib papiros chekdi-da, qoʻlini orqasiga qilib, uyning u boshidan-bu boshiga yura boshladi. Divanning bir chekkasi-da oʻtirib piq-piq yigʻlayotgan xotinining tepasiga kelib uzoq oʻylab turdi Keyin uning yoniga choʻqqaydi-da, boshini silab, ichki dard bilan gapira boshladi:
— Ozoda, durustroq oʻylab koʻr.
— Oʻylab qaradim, oldirib tashlayman.
— Nima?!
— Ha.
— Birinchi bola. Mumkin emas, umrbod mayib boʻlib qolasan-a!
— Mayli... Nima boʻlsa boʻlsin.
— Shundaymi?!

Murod gʻazabdan sapchib oʻrnidan turdi. Musht bilan stol qirgʻogʻiga urgan edi, stakanlar jiringlab sakrab ketdi. Bilagidagi sekundomerli oltin soatning oynasi chil-chil boʻldi.

Uy ichi suv quygandek jimjit boʻlib qoldi. Ochiq fortochkadan kirgan shamol toʻr pardani silkitdi, halqa-halqa boʻlib muallak suzib yurgan papiros tutunlarini toʻzgʻitib yubordi.

Murod xotinining qarshisiga kelib tiz choʻkdi:
— Ozoda, unday qilma. Nima kilsang qil, faqat bu ishni qilma. Umrbod oyogʻing ostida sudralib yurishga roziman, bunday qila koʻrma.
— Gap bitta. Yosh umrimni bola boqish bilan oʻtkazmayman.
— Hali shundaymi?! — Murodning koʻzlarida oʻt chaqnab ketdi. — Hali shundaymi?! Unday boʻlsa... — U gapini tugatolmadi.

Ozoda uning koʻzlariga dadil qaradi:
— Gap shu. Xohlasangiz shu. Boʻlmasa ketaman.
— Keyin pushaymon boʻlasan, Ozoda.

Ozoda bosh chayqadi.
— Unday boʻlsa sen bilan...
— Yashay olmayman, demoqchisiz, shundaymi?
— Axir, oʻzing oʻyla.

Er-xotin uzoq vaqt bir-biriga soʻzsiz qarab qolishdi. Ozoda oʻrnidan turib, narigi uyga kirib ketdi. U kiyinib, chamadon koʻtarib chiqqanda ham Murod hamon tiz choʻkkancha turardi. U koʻchaga chiqib, toʻy-tamoshalar bilan kirib kelgan, yoshlikning eng beozor, baxtli kunlarini oʻtkazgan uy darvozasiga oʻgirilib bir qaradi-yu, dadil yurib ketdi...

Murod u ketgach, uch marta uning uyiga bordi, yolvordi, boʻlmadi. Oxiri bolani oldirib tashlagandan keyin yuragining bir parchasini uzib tashlagandek undan umidini uzdi. Singlisini uyda qoldirib, uzoq muddatli ekspeditsiyaga joʻnab ketdi.

Vrachlar Ozodaga endi tugʻmaysan, deyishdi. U bunga ham parvo qilmadi. Oradan ikki yil oʻtdi... U Homidjon degan oʻqituvchiga turmushga chiqdi.

Ozoda mana shu bahor oqshomida elektr nurlarida tovlanib turgan oʻrik gullariga termilib kelar ekan, oʻz hayoti va oʻtmishini xotirladi. Bu uning umrida birinchi bor oʻz oʻtmishiga chuqurroq nazar tashlashi va bu hakda birinchi bor oʻziga hisob berishi edi. Xoʻrsindi. Oqar suvlar oqib ketdi. Endi uni oʻz yoʻlidan qayta oqizib boʻlmasligini angladi. Jinoyat, jinoyat, deya lablari beixtiyor pichirladi. U shunday xayollar bilan kelar ekan, qulogʻiga gʻalati ovoz eshitildi. Toʻxtab atrofga alangladi. Koʻchaning narigi betidagi uyning ochiq derazasidan xotin kishining allasi eshitilardi. Ozoda atrofga alangladi.

Bu uy uning birinchi uyi edi. U beixtiyor koʻchaning u betiga oʻtib, yaxshiroq qaradi: ha, bu uning birinchi uyi — Murodjonnnig uyi edi. Qandaydir sehrli bir kuch uni bu ostonaga yetaklagan edi. «Balki uy daftarida ustiga chiziq tortilgan ismim hali ham turgan boʻlsa kerak» deb dilidan oʻtkazdi u. Derazadan uy jihozlarini kuzatdi. Hamma narsa oʻz joyida. Faqat shiftga belanchak osilgan, xolos. Yoshgina bir juvon belanchakni tebratib, alla aytyapti. Uning yuzida onalik baxti aks etib turibdi. U mayin tovush bilan alla aytar, bu allada uning orzu-umidlari, bolasiga baxt, ulugʻ istiqbol tilaklari ifodalanar edi... Murod oʻsha, Ozoda oʻz qoʻli bilan qoʻygan oyna oldida turibdi.

Murod deraza oldiga kelib, chamandek ochilib ketgan akatsiya gulini qoʻli bilan selpib, panjalarini hidladi. Akatsiya hidi Ozodaning ham dimogʻiga urildi. Murodning koʻziga elektr nuri tushib turgani uchun uni koʻrmasdi.

Bu yorugʻ uyning derazasi xuddi kino ekraniga oʻxshardi. Murod shu ekranda butun borligʻi bilan koʻrinib turardi.

«Sochiga oq oralab qopti-ya», — deb dilidan oʻtkazdi Ozoda.

Murodning qoshi ustiga tushib turgan, hozir oq oralab qolgan qora sochlarini Ozoda juda koʻp silagan.

Ozodaning koʻzlarida yosh yiltiradi. Oʻz baxtini oʻzi kaltak olib quvlagan xotin oʻzini oʻzi tahqirlab achchiq-achchiq yigʻlardi. Uning yosh toʻla koʻzlariga bundan besh yil oldingi Murod koʻrindi.

Tiz choʻkib yolvorgan edi-ya. Umrbod mayib boʻlib qolasan, degan edi-ya. Mana endi.. Oʻzimni baxtdan olib qochdim... Meni hech kim kechirmaydi. Oʻzimni oʻzim ham kechirmayman.

Murod deraza pardasini tushirdi.

Ozodaning koʻzi oldida porlab turgan yorugʻ uy xira parda orqasiga yashirindi.

U yoqdan-bu yoqqa yengil uchib turgan belanchakning soyasi toʻr pardaga tushib jimirlar, xotinning mayin ovoz bilan aytayotgan allasi eshitilardi.

Ozoda zoʻr qiyinchilik bilan derazadan uzoqlashdi. Oy havolanib azim teraklar ustiga koʻtarildi.

1956