OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Azob (hikoya)
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiAzob (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Azob (hikoya)
Said Ahmad

Viloyat hokimi Ergash Nosirov uyiga alla-pallada qaytdi. Bolalari uxlab yotishibdi. Xotini olib kelgan ovqat tomogʻidan oʻtmadi. Bir-ikki qoshiq tatigan boʻldi-yu, kosani nari surib qoʻydi.
— Qayoqda edingiz? Xavotir olib uxlolmadim.

Ergashvoy javob oʻrniga, soatiga qaradi: birdan oshibdi.
— Pochcham olamdan oʻtibdilar, oʻsha yoqda edim.
— Voy, oʻlmasam, — dedi xotini tamoman uyqusi qochib. — Nega menga xabar qilmadingiz? Borardim. Axir, ota oʻrnida ota edilar.

Ergashvoyning yoshligida ota-onasi olamdan koʻz yumib ketadi. Uni opasi oʻzining toʻrt bolasi qatori bagʻriga bosadi. Pochchasi tinib-tinchimas odam edi. Imorat quradiganlarning hojatini chiqarardi. Toʻngʻich oʻgʻlini yoniga olib, arrakashlik qilib, quchoqqa sigʻmas gʻoʻlalardan taxta tilardi. Rom yasar, bitmagan imoratlarning tomini yopardi. Xullasi, qishin-yozin unga birdek ish topilib turardi. Ergashvoy shu mehnatkash odamning qoʻlida muhtojlik nimaligini, yetimlik nimaligini bilmay oʻsdi. Usta Turob oʻz bolalari qatori uni kiyintirdi, yedirdi, ichirdi. Yoshiga yetib, institutda oʻqiyotgan paytlarda Toshkentga borib, topgan-tutganini qoʻliga berib kelardi. Ammo unga aslo nasihat qilmasdi. Oʻzining es-hushi joyida, nasihat ortiqcha deb bilardi. Shu yetimgina ukasiga mehribonlik qilayotgan eridan opasi minnatdor edi. Ba’zan koʻzyoshi toʻkib, uni chin dildan duo qilardi.

Umri mehnat bilan oʻtgan usta Turob olamdan oʻtdi. Ergashvoy toʻrt azamat jiyanlari yonida bel bogʻlab, «voy, otam»lab tobut oldida bordi.

Xotini piq-piq yigʻlab: «Ertaga meni ham olaketing, yangam bechoraning yonida boʻlay!» dedi.
— Xoʻp, — dedi Ergashvoy. — Endi ozroq mizgʻib olay, juda charchadim.

U shunday dediyu yotoqqa kirib ketdi.

Ergashvoyning viloyat hokimi qilib tayinlanganiga atigi ikki oy boʻldi. Hali tuzuk-quruq ish boshlagan ham yoʻq edi. Viloyat katta, unda togʻ ham, daryo ham, choʻl ham bor. Ilgarigi hokim bir chiqib ketganicha ikki-uch kunlab uyga qaytib kelolmasdi. Ergashvoy avval ham hokimiyatda kichik lavozimlarda ishlagani sababli tumanlarni, xoʻjaliklarni yaxshi bilardi.

Ergashvoy endi koʻzi yumilganda sigir ma’rab uyqusini qochirdi. Bu qanaqa sigir boʻldi? Qoʻshnilarnikimi desa, ovozi hovlidan kelyapti.

Ergashvoy toʻnini yelkasiga tashlab ayvonga chiqdi. Xotini stolga boshini tirab yigʻlayapti. U oyoq tovushini eshitib boshini koʻtardi: ikki koʻzi jiqqa yosh edi.
— Bu qanaqa sigir? — dedi Ergashvoy xotiniga zardali tovushda.
— Qoʻshtegirmonlik rais Normat aka tashlab ketdi.
— Hozir sigir olishga qurbimiz yetmaydi, deb aytmadingmi?
— Aytdim. Ey, kelin, xotin kishisiz-da, erkaklarning ishini tushunmaysiz. Ergashvoy jigarimdek boʻlsa, undan pul olamanmi — hokim boʻlganiga suyunchi bu, ya’ni modarka, sogʻib ichaveringlar, endi shu ona-bola sigir sizlarniki, — dedi.

Ergashvoyning peshonasi tirishdi. Bir soʻz demay yotoqqa kirib ketdi. Shu yotganicha soat beshdan oshganida uygʻondi. Uygʻondiyu «uyali» telefon bilan Qoʻshtegirmonga — Normat raisga qoʻngʻiroq qildi. «Labbay», degan uyquli tovush eshitildi.
— Normat aka, hozir sizga mashina boradi, biznikiga keling, birga nonushta qilamiz.
— Oʻzimning mashinamda boraveraman, — dedi rais. — Shofyoringizni ovora qilmang.
— Iltimos, xoʻp deng. Boshqa gaplar ham bor, albatta ordenlaringizni ham taqib keling!
— Xoʻp boʻladi, hokim buva! Televizorga chiqamizmi?..

Endi uning ovozi jaranglardi. Ona-bola sigir kuchini koʻrsatdi, deb oʻylayotgan boʻlsa kerak. Qalovini topsang qor yonadi deb, bekorga aytmaganlar, ilindi. Juda chiroyli boʻlib ilindi.

Qoʻshtegirmon bilan viloyat markazining oraligʻi atigi oʻn toʻrt kilometr, hozir yoʻlga chiqsa, oʻn besh minutga qolmay yetib keladi.

Ergash Nosirov DANga telefon qilib, kim bilandir gaplashdi. Keyin hovliga chiqib, ona-bola sigirni koʻzdan kechirdi.

Oʻh-hoʻ, bunaqa sigir bozorda falon pul boʻlsa kerak. Xotinining gapiga qaraganda, kuniga uch mahal sogʻish kerak ekan. Nechuk shuncha pulli narsani tekinga tashlab ketdi ekan? Axir, u Toshkentga qurultoylarga borishganda oʻziga oʻxshagan serxarj raislar bilan restoranlarga kirishardi, aqalli bir marta boʻlsin, «Sen ham yur!» demagan. Ergashvoyning hamyoni bunaqa xarjlarni koʻtarmasdi. Shuning uchun ham mehmonxona bufetida yengilgina ovqatlanib qoʻya qolardi.

Paxtakorlar qurultoyiga borishganda Normat rais ordenlarni taqib olardi. Chindan ham uning ordenlari koʻp edi. Yilora orden olardi. Boshqa raislar hazil qilib «Normatning ikki kostyumlik ordeni bor», deyishardi. Sal ogʻzi botirroqlari: «Leonid Ilich boʻlib ket-e!» desa, boshqasi: «Yaxshi doʻxtir tanishim bor, chap koʻkragingni kengaytirib beradi!» deb odamlarni kuldiradi. U yurganda jarang-jurung ovoz chiqardi, hatto qurultoyga raislik qilayotgan rahbar unga: «Normat aka, qimirlamay oʻtiring, ordenlaringiz jaranglab doklad eshitishga xalaqit beryapti», degandi. Oʻshanda qurultoy ahli gurra kulib yuborgandi.

Ergashvoy bir gal qurultoyga borganda Normat rais mehmonxona pastida uni kutib turgan ekan.
— Mundoq qilsak, — dedi rais uning oldiga kelib, — ertalabki majlisga sen qatnashmasang ham boʻladi. Chorva masalasi koʻriladi. Senga aloqasi yoʻq gaplar.

U shunday deya turib yonidan bir dasta pul chiqarib unga uzatdi:
— Taxtapuldagi choyxonaga borib, oʻn kishilik osh buyur! Vodiy raislari bilan oshxoʻrlik qilamiz. Xoʻpmi, akasi? Masxaraboz Obid kaltani ham top, bir kulishib oʻtiraylik.

Ergashvoy gʻalati bir holga tushdi. Bu rais meni kim deb oʻylayapti? Juda oʻzidan ketibdi-ku!

U jahl bilan pullarni uning choʻntagiga tiqib qoʻydi.
— Men sizga malay emasman! Qurultoyga sizning chamadoningizni koʻtarib yurishga, dastyorlik qilishga kelmaganman!

Rais undan bunaqa gap kutmagandi. Yuvosh, bayov bola deb bilardi.
— Seni oʻsadigan kadr boʻladi deb oʻylagan edim. Shu fe’ling boʻlsa, ikki dunyoda ham kosang oqarmaydi. Yonimga olib, oʻsishingga yordamlashmoqchi edim. Qoʻlimdan har ish kelishini bilasan-ku, endi oʻzingdan koʻr! Shu kichkinagina amalingdan ham ayrilib qolasan. Ergashvoy qat’iy qoʻl siltadi:
— Peshonamdagini koʻraveraman, aka!

Normat rais bir zambar loy boʻlib qolgan edi oʻshanda.

Normat har qanday bir soʻzli oʻjar raykom kotibini ham oʻziga rom qilib olardi. Qishloq rahbarlarining, ayniqsa, raykom kotiblarining otpuskasi qish paytiga toʻgʻri kelardi. Shunga qaramasdan ular dam olish uchun Yaltagami, Sochigami ketishardi. Bu paytda na dengizda choʻmilib boʻladi, na sohilda oʻzini oftobga toblab boʻlardi. Hech boʻlmasa muolajasidan foydalanaman, massaj, xilma-xil vannalarga tushib tarang asablarimni yumshatib kelaman, deb oʻylashardi.

Qaysi bir raykom kotibi kurortga ketsa, Normat rais orqasidan kassiri bilan yetib borardi. Sanatoriyga yaqin joydan ijara uy olib, kotibning xizmatini qilardi. Qish, hammayoq qor, dam olish mavsumining eng zerikarli paytlari. Ana shunday paytlarda Normat ularning jonlariga oro kirardi. Kunora oshxoʻrlik, norinxoʻrlik kimga yoqmaydi, deysiz. Bir chemodan qazi, bir xalta Oʻzganning devzirasi, qogʻoz qutidagi Dashnobod anori tugaguncha har kuni qozon qaynab turardi. Ana shunday kurort mavsumlarida Normat koʻp ishlarini bitkazib olardi. Kotiblar bilan yoshrogʻi boʻlsa ota-bola, oʻrta yashar boʻlsa, qadrdon, keksaroq boʻlsa «farzand» boʻlib ketardi.

Bir gal Risqiev degan raykom kotibining orqasidan borganda ishi yurishmadi. Uning oshqozoni xastaligidan faqat parhez taom yeyar ekan, «bazmi jamshidga» bormadi. Ukol olib, dori ichib, sanatoriydan chikmadi. Normat begonalarga yediradigan anoyilardan emasdi. Shuncha yoʻl bosib, olib borgan narsalarini qaytarib olib keldi. Esiz shuncha pul. Ikki kishiga borish-kelish palon pul, deya afsuslandi.

Ba’zan u kayf qilgan paytlarida, «palonchi» kotibmi, nima deb oʻtiribsan, gah, desam qoʻlimga qoʻnadi, yoʻrigʻimga yurmay koʻrsin-chi, oʻgʻliga mototsiklni kim olib bergan, Normat akang olib bergan, deb maqtanardi.

Uning bu xil qiliqlarini Ergashvoy yaxshi bilardi. Shuning uchun ham undan uzoqroq yurardi.

Tashqaridan mashina ovozi eshitildi. Oltita sedonali issiq non, shisha bankada asal koʻtarib, ordenlarini jaranglatib, xandon-xushon Normat kirib keldi. Egnida yangi kostyum, boshida taxtakachdan yangi chiqqan chustdoʻppi. Soqoli hafsala bilan olingan. Ikki lunji xuddi archilgan shaftoliga oʻxshardi. Budyonniynikiga oʻxshagan shop moʻylovi lok surtilgandek yaltirardi. Undan gup-gup atir hidi anqiydi. U yoʻl-yoʻlakay jovrab kelardi.
— Qarang, rovna oʻn toʻqqiz minutda yetib kelibman, — dedi u bilagidagi soatiga qarab. — Uyingiz bilan mening uyim orasi 19 minutli yoʻl ekan.

Normatning bilagidagi shu soat bir vaqtlar Ergashvoyniki edi. U stipendiyasidan ortdirib yigʻib yurgan puliga Saudiyalik bir talabadan sotib olgan edi.

Bundan uch yil oldin kasaba soyuzlari qurultoyiga borganda delegatlar uchun maxsus ochilgan magazinda Belgiyada tikilgan ayollar paltosi sotilayotgan edi. Ergashvoy bittasini tanladi. Yonidan pul chiqazib sanagan edi 40 soʻm pul yetmadi. Hayron boʻlib turgan edi Normat rais kelib birdaniga uchta paltoni kogʻozga oʻratdi.
— Bittasi xotinimga, beshik toʻylariga kiyadi. Bittasi kelinimga, yana bittasi... — Rais bir qoʻzini qisib qoʻydi, — bir jononga. Nega serrayib turibsan? Olmaysanmi?
— Azroq pul yetmayapti, — dedi Ergashvoy.
— Puling yoʻq ekan, nima qilarding magazinga kirib.

Ergashvoy bilagidan soatini chiqardi.
— Rais buva shu soatni olmaysizmi, Shveytsariyaniki, aniq yuradi.

Normat soatni qoʻliga olib qulogʻiga tutdi.
— Eh-he, haftaning hamma kunlarini, qaysi oyligini ham koʻrsatar ekan. Qancha beray?
— Oʻzim uch yuz ellik soʻmga olgandim. Siz ikki yuz soʻm beraqoling.
— Undoq emas-da, ukaginam, yuz soʻm bersam ham boʻlardiyu senga javr boʻlmasin, deb yuz ellik soʻm beraman.

U shunday deb peshtaxta ustiga uchta ellik soʻmlik tashladi.

Bu voqeadan Ergashvoy ranjimadi. Qoʻlidan ketgan qadrdon soatiga achinmadi. Xotinining paltoni koʻrgandagi quvonchi oldida, soat nima degan gap...

Normatning ogʻzi gapdan boʻshamasdi.
— Bilardim, bilardim! Bir kuni jonajon viloyatimizga oʻzingiz hokim boʻlishingizni bilardim! Viloyatimiz endi hokimga yolchidi, qoʻrqmay ishlayvering. Yoningizda togʻday boʻlib, oʻzim turib beraman! Qani, birortasi koʻz olaytirib koʻrsin-chi? Bizga oʻxshagan ish koʻrgan, tajriba orttirgan akalaringizga suyansangiz, dogʻda qolmaysiz. Hammaga ishonavermang. Kimga qanaqa muomala qilishni oʻzim aytib turaman. Mana, nonushtaga Urgutning asalidan olib keldim. Ma’qul boʻlsa, ertaga bir flyaga tashlab ketaman.

Ular endigina bir piyoladan choy ichishgan edi, koʻcha tomondan DAN mashinasining tovushi eshitildi.
— Qani ketdik, — dedi Ergashvoy.

Tashqarida viloyat shofyorlarining «ofati» — DAN inspektori kutib turardi. Sigir bilan buzoqni ham shu yerda koʻrib, Normat hayron boʻldi.
— Normat aka, meni kim deb oʻyladingiz? Sigiringizni olib keting! Men bunaqa suyunchilarga oʻrganmaganman.
— Iya-iya, qiziq boʻldi-ku! Men dildan chiqarib...

DAN inspektori sigir-buzoqning arqonini raisning qoʻliga tutqazdi.
— Qani, ketdik, aka! Men yoʻl boshlayman. Orqadan shoshilmay yetaklab kelaverasiz.

Normat iltijo bilan Ergash Nosirovga qaradi.
— Bu qanaqasi boʻldi, ukam? Agar shunchalik boʻlsa, odam yuboraman, olib ketishadi.
— Yoʻq, oʻzingiz haydab ketasiz!

Ergashvoy shunday dedi-yu, ichkariga kirib ketdi.

Mashina qoʻzgʻoldi.
— Orqamdan qolmang! — deb buyurdi inspektor.

Inspektor aytganini qiladigan qaysar odam edi. Uni gapga koʻndirib boʻlmas edi. Normatning oʻgʻli yoʻl qoidasini buzgani uchun hujjatlarini oldirib qoʻyganda rais olti marta yalinib borib ham uni gapga koʻndirolmagan. Qaytadan imtihon topshirishga majbur qilgan. Oʻtolmagan. Hozir unga yalinib-yolvorishdan ish chiqmasligini biladi. U imillab borayotgan mashina orqasidan sigirni sudrab borardi.

Ertalab ishga ketayotganlar, avtobusdagilar, mashinadagilar unga ajablanib qarashadi. Yoʻlovchilar koʻkragi toʻla orden, savlatli kishining sigir yetaklab kelayotganini koʻrib ajablanishardi. Odamlar koʻp sut beradigan sigirni viloyat koʻrik-tanloviga olib ketyapti shekilli, deb oʻylashardi. Ammo, Normat obroʻli odamning jasadini qabristonga olib ketayotgandek, mashina orqasidan buyuk bir motamsarolik bilan borardi.
— Jon uka, birorta yuk mashinasini toʻxtatib ber. Chiqazib olay.
— Mumkin emas, oʻzingiz piyoda yetaklab borasiz!
— Hech boʻlmasa, sigir yetaklashga birorta odam topib ber, qancha soʻrasa beraman!
— Mumkin emas. Oʻzingiz oborasiz. Bilasizmi, sizning vazningizdagi odam kuniga oʻn besh kilometr piyoda yurishi kerak. Boshingizni koʻtarib yuring, televizorga olishyapti.

Normat doʻppisi bilan yuzini berkitdi. U hech qayoqqa qaramas, yuzi yopiq boʻlgani uchun yoʻlni koʻrolmay har qadamda qoqilardi.

Yoʻlda uchragan odam borki: «Sigir necha pul boʻldi? Yo sotgani olib ketyapsizmi?» deb qayta-qayta soʻraydi. Normatning tili gapga kelmaydi. Mum tishlagandek, gung boʻlib olgan.

Shahardan chiqish yoʻli kavlangan, vodoprovod quvurini almashtirishayotgan edi. Oʻtib boʻlmadi. Taxminan, bir yarim kilometr orqaga qaytib, boshqa yoʻldan keta boshlashdi.
— Jon ukam, shu sigirni ham olaqol, men ketdim! — dedi zarda bilan Normat rais.
— Menga sigir kerak emas, oʻzingizga buyursin!
— Duch kelgan odamga tekinga berib yuboraman.
— Boʻlmaydi, — dedi inspektor. — Xalq mulkini koʻz qorachigʻiday asrash kerak, rais!

Shu alpozda ular shahar chekkasiga chiqishdi. Inspektor mashinasini toʻxtatdi. Ratsiya orqali allakim bilandir gaplashdi. Keyin:
— Bu yogʻiga yoʻlni oʻzingiz bilasiz, men ketdim, — dedi-yu mashina tezligini oshirib joʻnab ketdi.

Rais sigir-buzoq bilan koʻcha oʻrtasida qoldi...

Toʻrt kundan keyin viloyat xalq deputatlarining sessiyasi boʻldi.

Har gal shunaqa yigʻin oldidan Normatvoy atrofiga odam toʻplab, latifa aytib kuldirar, ba’zi kichik rahbarlarning yurishini qilib koʻrsatardi. Bu gal Normat rais hammadan oldin zalga kirib, bir oʻzi oʻtiribdi. Boshqalar majlis oldidan gurunglashib yurishibdi.

Toʻrt kun oldingi voqea allaqachon ovoza boʻlib ketgan. Bugun albatta uning takdiri hal boʻladi, deb oʻylashardi. Zal odamga toʻla. DAN inspektori hay’atda oʻtirgan Ergash Nosirovga nimadir deb, orqaroqqa borib oʻtirdi. Normat raisning ichida bir nima uzilib ketganday boʻldi. Koʻzlari tinib, boshi gʻuvilladi.

Hokim viloyatda chorvaga qishki ozuqa tayyorlash yomon ahvolda ekanligi toʻgʻrisida aniq faktlarni keltirib, ma’ruza qildi. Koʻpgina xoʻjalik rahbarlari ayovsiz tanqidga uchradi.

Normat, endi menga navbat keldi deganda, hokim boshqa masalani boshlaydi. Yuragi tars yorilayozgan Normat, mening masalam oxirida boʻladi shekilli, deb hukm kutayotgan sudlanuvchidek karaxt bir alfozda edi. Oxirida video koʻrsatib, sharmanda qiladi, deb atrofga javdirab qarardi.

Normat rais toʻgʻrisida gap boʻlmadi. Shu bilan qutuldimmikan, deb oʻylardi u.

Uch-toʻrt oy vaqt oʻtdi. Normat raisning viloyat markazi koʻchalarida sigir yetaklagani odamlarning esidan ham chiqib ketdi. Bu orada viloyat miqyosida qancha-qancha yigʻinlar oʻtdi, faollar majlisi boʻldi, xalq deputatlari sessiyasi boʻldi. Biroq hokim hamon jim edi. Shu yigʻinlarning hammasida Normat rais yuragini hovuchlab oʻtirdi. Chaqirishmasa ham bordi. Men yoʻgʻimda masalamni hal qilib qoʻyishmasin, deb hadiksiradi. U ozib, shop moʻylovlari osilib qoldi. Shu alfozda hadik bilan yashash raisning joniga tegdi. Shuncha yil raislik qildim, xudoga shukr, uyim bor, joyim bor, mashinam bor, bola-chaqamni uyli-joyli qildim, bas endi — ishni topshirishim kerak degan oʻyga keldi rais. U umrida biror marta ariza yozmagan, xat bitmagan. Qogʻozlarga imzo chekib yuravergan ekan, ariza yozish, nainki ariza, oddiy xat yozish ham shunchalar qiyin ekanini endi bildi. Ikki soat oʻtirib besh-olti varaq qogʻozni qoraladi, kelishtira olmadi. Oxiri u kotib bolani chaqirib, ariza yozib berishni buyurdi.
— Charchadim, rahbarlik ishga chogʻim kelmay qoldi. Vazifamdan ozod qilishingizni soʻrayman, deb yoz!

Kotib, nega qoʻying, unaqa qilmang, demadi. U hamma vaqt rais nima desa, aytganidan ham afzal qilib qogʻozga tushirgan.

Normat rais ertalab soqolini qirtishlab, ordenlarini taqib, viloyat hokimligiga ariza topshirish uchun bordi. Hokimning oldida odam bor ekan. Kotibadan arizani kiritib yubordi. Ichkaridagi odam chiqib ketdi hamki, hokim uni chaqirmadi.
— Ey qizim, menga qara, men kelganimni hokimga aytdingmi? — dedi u toqati toq boʻlib.
— Yoʻq, — dedi kotiba. — Arizangizni berdim, xolos.
— Jon bolam, kirib ayt, oldingizga kirmoqchi, deb ayt!

Kotiba ichkariga kirib, bir dasta qogʻoz koʻtarib chiqar ekan: «Kiring, kutyaptilar», dedi.

Normat rais jur’atsizlik bilan eshikni ochdi. U albatta meni boʻshatadi, bu dargohga oxirgi marta kirishim, deb koʻnglidan oʻtkazdi.

Hokim qandaydir bir jiddiy hujjatni oʻqiyapti shekilli, uning kirganini sezmadi. Ordenlarning jiringlashini eshitib, boshini koʻtardi.

Ergashvoy oʻrnidan turib kutib oldi. U rais bilan kresloda oʻtirib emas, divanda yonma-yon oʻtirib gaplashdi.
— Nima boʻldi? Ishlamayman, deb ariza yozibsiz?
— Ha-a, endi, — dedi rais. — Shuncha ishladim, yetar endi bu azoblarga chiday olmayman.
— Sizga kim azob beryapti, ayting?
— Siz! — dedi Normat. — Toʻrt oydan beri kutaman. Necha-necha yigʻinlar oʻtdi, ammo mening masalamni majlisdan-majlisga qoldirasiz. Qoʻying, oʻladiganning oʻlgani durust, uydagilarning tingani durust.
— Sizga kim aytdi masalangiz koʻriladi, deb?
— Yosh bola emasman, oʻzim bilaman.

Ergashvoy qizishib ketdi.
— Menga qarang, rais aka! Sizga hech kim azob berayotgani yoʻq, siz oʻzingizga oʻzingiz azob beryapsiz. Bu yaxshi. Odam oʻz qilmishi uchun oʻzini oʻzi jazolay olsa, oʻziga oʻzi azob bera olsa, u odamga ishonsa boʻladi. Siz yaxshi raissiz, ishni bilasiz, xoʻjaligingiz viloyatda eng namunali xoʻjalik. Bu jihatdan koʻnglim toʻq. Siz ishlaysiz! Arizangizni oʻzingiz yirtib tashlaysizmi yo esdalikka menda qolsinmi?

Raisning Budyonniynikiga oʻxshagan moʻylovi titradi. Nima uchun oʻrnidan turganini oʻzi ham bilmadi. Nima uchun hokim tomonga qoʻl uzatdi — eslay olmadi. Arizamni qaytib bera qoling, demoqchi edi, shekilli Ergash Nosirov uning ochiq kaftiga toʻrt buklangan arizani qoʻydi. Normat qogʻozni burda-burda qildi-da, qayoqqa tashlashini bilmay, oxiri choʻntagiga soldi.
— Kelishdik-a? — dedi hokim. — Har xil xayollarga bormang, ishingizni davom ettiravering!

Normat rais u bilan xayrlashayotganda negadir gavdasining ogʻirligini sezmadi. Eshik tutqichiga endi qoʻl uzatgan edi, hokim uni toʻxtatdi.
— Sizga bitta gap aytay, aslo esingizdan chiqarmang, koʻkragingizdagilarni olib qoʻying. Bularni bergan hukumat allaqachon yoʻq boʻlib ketgan.

Oradan toʻrt oy oʻtib, viloyat hokimi Ergash Nosirov pochchasining yil oshini oʻtkazdi. Odam koʻp keldi. Ular orasida Normat rais ham bor edi. Ammo unga hech kim e’tibor bermadi. Hatto tanishmadi ham. Koʻpchilik uning koʻksidagi ordenlarga qarab, yuzining qanaqaligiga uncha e’tibor bermagan ekan. U el qatori osh yeb chiqib ketdi.

1998 yil.