OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Bahor qizlari (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiBahor qizlari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bahor qizlari (hikoya)
Said Ahmad

Shahlo qaerga borsa, albatta, kulgi boʻladi. U «Yangiobod» kolxoziga mexanizatsiya boʻyicha rais muovini boʻlib tayinlanganda yigʻin ahli bab-baravar kulib yubordi. Ammo bu kulgilar Shahloga aslo ta’sir qilmadi, hatto qoshining bir uchi ham qimirlamadi.

Negaki, u bundan avval oblastda eng qoloq «Kattachek» kolxoziga tayinlanganda bundan ham battar boʻlgan edi.

Majlisda nomzodi koʻrsatilganda odamlar «Oʻzlarini bir koʻraylik» deyishdi. Shunda koʻpchilik orasidan sochlari balandroq turmaklangan, lablariga qizil surtilgan, qulogʻida uzun, marjon nusxa ziraklar yiltiragan, qoshi bulbul oyogʻidek ingichka bir qiz oʻrnidan turdi. Bu hozirgina mexanizatsiya boʻyicha rais muovini lavozimiga nomzodi koʻrsatilgan Shahlo Qodirova edi. Zal kulgidan larzaga keldi. U yer-bu yerdan pichinglar eshitilib qoldi.
— Ishlarimiz «Bahor» ansambli-ku!
— Kolxozimizga ham xalq artisti yarashadi.
— Kunduzi kolxozda ishlab, kechqurun televizorda diktorlik qilsa-ya!
— Balet toʻgaragining rahbarimi?

Rais gʻovurni zoʻrgʻa bosdi. Ammo Shahlo oʻtirmadi. Hammaning koʻzida qimirlamay turaverdi.

Kolxozda demokratiyaga amal qilmay aslo iloji yoʻq. Shahloning nomzodi ovozga qoʻyildi. Agar bitta ovoz bu tomondan u tomonga oʻtganda Shahlo chamadonchasini koʻtarib ketaverishga majbur boʻlar edi. Ammo ellik bir protsent ovoz bilan Shahlo rais oʻrinbosarligiga saylandi.

Erini qizgʻanadigan ayollar albatta qoʻl koʻtarishmadi. Keksalar ham. Faqat yigit-qizlargina qoʻl koʻtarib, uning nomzodini qoʻllab yuborishdi. «Kattachek»da ham xuddi shunday boʻlgandi. Unda ellik ikki ovoz bilan oʻtgan. Oʻsha kulgi qilganlar, Shahlo bu yoqqa ketayotganda qoling, deb qancha yalinishgan.

Ertasiga rais Rahmon aka Shahloni kabinetiga chaqirib, nasihat qilgan boʻldi:
— Qizimdek narsasiz, senlayveraman-da. Endi mundoq qilsak. Manavu hurpaygan sochlarni odamga oʻxshab oʻrib ol. Bu bir. Betdagi boʻyoqlar ham sal evi bilan boʻlsin. Kechagi toʻpalonni koʻrding-ku. Qishloq joyda bunaqa narsalarni bozor koʻtarmaydi.

Shahlo kuldi.
— Bozor koʻtaradigan qilamiz. Birinchidan, bunaqasi hozir bir oʻzim boʻlgani uchun gʻalati koʻrinyapti. Koʻpayishib qolganimizdan keyin koʻzinglar oʻrganib ketadi.

Rais «dod» deb yuboray dedi. Bu qiz nima demoqchi, oʻzimga oʻxshaganlarni shu qishloqdan yetishtiraman, deganimi bu? Boshimga bu baloni qayoqdan topib keldim?

Shahloning Qishloq Xoʻjaligi instituti mexanizatsiya fakultetini tugatganiga ham toʻrt yil boʻldi. U to oʻqishga borguncha Yangiyoʻldagi kolxozda traktor mingan. Binoyidek yer haydab, binoyidek kultivatsiya qilgan. Ishda qoramoyga belangani bilan kechqurun artistlardek tarang boʻlib olib, hammaning koʻzida yal-yal yonib yurardi.

Shahlo rais buvaning nasihatiga indamay quloq solib turdi-da, oxiri iljayib, bu yogʻi bir gap boʻlar, degandek qilib chiqib ketdi.

Ertasiga u ishni kolxozning remont ustaxonasidan boshladi. Uch-toʻrt traktorchi qoramoyga belanib metall uyumlari orasidan nimanidir qidirishardi. Shahlo «Zaporojets»ni oʻzi haydab keldi. U hamon oʻsha fasonini buzmagan, atayin qilganmi, upani betiga sal qalinroq surgan edi.

Traktor tagida chalqancha yotib ishlayotgan mexanizator kattakon kalitni oyogʻi bilan surib, keyin oʻzi chiqdi.
— Iya, opa, keling, bizni televizorga olib chiqasizmi?

Shahlo uning gapiga yarasha javob qildi:
— «Bahor» ansambliga yozildim deyaveringlar, qani kelinglar-chi, repetitsiyani boshlaymiz.

Yigitlar oʻzlarini unga ma’qul koʻrsatish uchun, biri soqol oʻsgan iyagini xijolatlik bilan ishqadi, biri boshidan kir doʻppisini olib boshqatdan kiydi, biri shapkasi bilan taburetkani artib, uni oʻtirishga taklif qildi.
— Yoʻlda ariqqa tiqilib yotgan traktor kimniki?

Taburetka qoʻyib bergan yigit shoshib javob qildi.
— Sodiqniki. Kecha ertalab tiqilib qolgan edi.

Soqoli oʻsib ketgan yigit xijolat tortib dedi:
— Manovilarga, tortishvorlaring, desam, sira koʻnishmayapti. Bizga qarashib yuborsang tortishamiz, deyishdi, qarashyapman.
— Qani boring. Hoziroq oʻzingiz chiqazib olib keling.
— Svechasi yaramaydi. Zoʻrgʻa shatgacha yurgizib kelganman.

Shahlo mashinasiga borib jemperini tashladi-da, gazetaga oʻrogʻliq qora xalatni kiyib, chiqib ketdi. Yigitlar hang-mang boʻlib qarab qolishdi.
— Bormaysanmi orqasidan? — dedi Sodiqqa sheriklari.
— Oyimtillaning ishlarini bir koʻrib qoʻyaylik. Bari bir yurgizolmaydi. Sharmanda boʻlib qaytib keladi.

Oradan yarim soatcha vaqt oʻtdi. Traktor gurillashi eshitilmasdi. Saldan keyin motor bir pat-pat qilib oʻchdi.
— Bari bir yurmaydi, — dedi Sodiq.

Uning gapi tugamay, motor kuchli gurilladi. Shu gurillaganicha oʻn-oʻn besh minut patillab turdi. Bir-ikki daqiqadan keyin ustaxona devori orqasidan qora tutun yopirildi. Sodiqning rangi quv oʻchib ketdi. Traktor temir darvozadan kirib kelgandi, hammalari hovlida churq etmay qarab turishardi.

Shahlo traktorni sada tagiga opkelib, undan sakrab tushdi. Motor hamon ishlab turardi.
— Qalay, boʻlarkanmi?

Sodiq xijolatlikdan yerga qarab, iyagini qashidi.
— Odam qanaqa boʻlsa, ish asbobi ham shunaqa boʻladi. Motor qurum orasida qolib ketibdi-ku. Soqolingiz oʻsib yotganidan bilgandim, bu traktor sizniki ekanini. Motor qizigandan keyin ikki chelak solyarka bilan yuvasiz. Yangi «Volga»dek yaltiramasa, balet tushishni oʻrgatib qoʻyaman, shuni bilib qoʻying.

Shundan keyin Shahlo bir gʻildiragi chiqazilib, oʻqi toʻnkaga tirab qoʻyilgan traktor yoniga keldi.
— Nima boʻpti?
— Podshipnigi yeyilib ketgan.
— Essiz, shuncha pullik mashina. Uzellari moy degan narsani koʻrmagan. Ana shuning uchun ham yeyilib ketgan-da. Menga qarang.

Boya shapkasi bilan taburetkani artgan yigit chopib oldiga keldi.
— Shimingizning pochasini koʻtaring. Men sizga aytyapman.

Shahlo yigit tizzasining koʻzini chertdi.
— Mana shu yerda ilik bor. Agar ilik boʻlmasa, ikki kunda tizzangiz yedirilib ketadi, bildingizmi. Mashina ham shunday. Moy mashinaning iligi. Oʻzingiz moy yeysizu, mashinaga bermaysiz. Sizlarga besh kun muddat. Shu besh kunda jamiki traktorlarni yuvib, artib, manovi yerga tizib qoʻyasizlar. Agar muddatidan bir kun oʻtsa bormi, pravleniega qoʻyib balet tushirtiraman.

U shunday dedi-yu qora xalatini yechib, mashina ichiga tashladi-da, «Zaporojets»ini haydab chiqib ketdi.

Kuni boʻyi bir-biri bilan gaplashmay, qoramoyga belanib, temir-tersaklarga koʻmilib oʻtirgan yigitlar koʻksiga bir gʻalati shabada tegdi-yu, yana gʻir etib narigi chorboqqa oʻtib ketgandek boʻldi.

Kecha bu qizni odamlar nimalar deyishmadi. Pardozi bir gap boʻldi. Sochi bir gap boʻldi. Bugun oʻsha gaplarning birontasi eslariga kelmadi, Sodiq ezilib ketgan pachkadan «Belomor» olarkan, jiddiy dedi.
— Baloning oʻqi-ku, bu qiz. Men boʻlsam unaqa... Ikki kun deganda uch kishi raisga Shahloning ustidan dod deb keldi.

Shop moʻylov buldozerchi shapkasini stolga urdi.
— Xotin kishiga men bosh egmayman!
— Nega? — dedi rais qiziqib.
— Nega-pegasi yoʻq! Umuman aytyapman.

Raisning bu gapdan xabari bor edi. Buldozerchi mashinani yoʻl oʻrtasida qoldirib, tol tagida uch-toʻrt yoʻlovchi bilan karta oʻynayotgan ekan. Shahlo kelib, qoʻying, ishni qiling, desa, bu, bor buyrugʻingni oʻzingga oʻxshagan oliftaga qil, depti. Shunda Shahlo oʻrtadagi kartalarni yulib olib, burda-burda qilib tashlabdi. Moʻylov uray desa xotin kishi, urmasa gʻazabini qandoq qilib bosishini bilmaydi. Jahl ustida:
— Ol-e, ol, buldozeringni onangga ber, — deganicha kombinezonini yelkasiga tashlab, uyiga joʻnab qolipti.

Shahloning oʻzi buldozer kabinasiga oʻtirib, kechgacha yoʻl tekislab, kechqurun mashinani oʻzi garajga keltirib qoʻyipti.

Rais boʻlayotgan bu ishlardan astoydil zavqlanardi. Yosh boshi bilan, ayol boshi bilan hammani oyoqqa turgʻizishiga qoyil qolardi. Rais bu oʻjar mexanizatorlarga qattiq gapirolmasdi. Toʻgʻrisi, mashina ichida nimalar borligini bilmaganidan sal yalingannamo gaplashardi. Bu Shahlo degani baloning oʻzi. Bilmagan narsasi yoʻq. Motor tovushidan qaerida nimasi yomon ishlayotganini darrov biladi. Erkaklarga qattiq-qattiq gapiraveradi. Qiz bola boʻlganidan hech kim unga bir narsa deyolmaydi ham.

Rais Shahlo ustidan dod deb kelganlarga bir xil javob qilardi.
— Oʻzi bilan gaplashlaring, temir-tersakli narsaga men aralashmayman. Yaxshisi, uzr soʻrab, oldiga boringlar.

Oʻn-oʻn besh kundan keyin odamlar, raisga arz qilishning foydasi yoʻq ekan, yaxshisi, bu oʻjarning koʻnglini olish kerak, degan xulosaga kelishdi.

Hammaga, Shahlo qizim baraka topsin, mexanizatsiyadan meni tinchityapti, deb yurgan rais buvaning oʻzi sal kunda bay-baylab qoldi.

Shahlo bir kuni raisning oldiga kelib, ustaxonaga borishini iltimos qildi.
— Ancha kamchiliklar bor. Oʻsha yerning oʻzida oʻtirib nima qilish kerakligini bir maslahatlashsak, — dedi.

Rais koʻndi. Ikkovlashib raisning «Volga»sida ustaxonaga joʻnashdi. Shofyordan iltimos qilib, rulga Shahloning oʻzi oʻtirdi.
— Siz bugun damingizni oling. Oʻzim shofyorlik qilaman.

Ular ustaxonaga kelishgach, Shahlo Sodiqni chaqirib imlab qoʻydi:
— Buning motori paqillayapti. Chiqazib bir tozalanglar.

Rais bilan Shahlo ikki soatcha ichkarida talashib, qizishib nimalarnidir gaplashishdi, nimalarnidir roʻyxat kilishdi. Rais koʻnmay-koʻnmay oxiri roʻyxat tepasiga «Boshbux berilsin» deb qoʻl koʻydi. Keyin tashqariga chiqishdi. To ular ichkarida ish bitkazishguncha Sodiq «Volga»ning motorini chiqarib, yerga tushirib qoʻyipti.
— Iya, bu qanaqasi? — dedi rais hayron boʻlib. Shahlo jiddiy dedi:
— Shofyoringizga ayting, aravangizni sudratib olib ketsin.
— Nega? — dedi hayron boʻlib rais.
— Bu motorni «XVS» terim mashinasidan olib qoʻyilgan ekan. Joyiga qoʻyamiz. Siz oʻz motoringizni topib olarsiz.

Rais qip-qizarib ketdi. Moʻylovining bir uchi silkindi. Urishay desa odamlar bor. Ikki rais chiqishmayapti, degan gap boʻladi.
— Yaxshi qilmayapsan, qizim, — dedi sekin.
— Terim mashinasida tovuqlar joʻja ochib yotibdi. Siz motorni chiqarib olibsiz. Shuncha pullik narsa, uvol emasmi!

Rais indamadi. Jahl bilan doʻq-doʻq yurib chiqib ketdi.

Traktorchilar rais bilan betma-bet olishgan bu qizga hang-mang boʻlib qarab turishardi.

Bu rais bilan birinchi toʻqnashuv edi. Ikkinchi toʻqnashuv raisning uyida boʻldi. Oblispolkomdan vakil kelgan edi, rais uyiga osh buyurdi. Shahloni ham taklif qildi. Shahlo mehmon oldida rais buva bilan xotinini rosa tuzladi.
— Bu qanaqasi, xolodilnikni yotadigan uyga qoʻyipsiz?
— Shuncha pullik buyum, narxiga qarab joy tanlaydi-da.
— Manovi, umivalnik oʻlgur ham uyning toʻrida. Bu dahlizda turishi kerak.

Rais mehmon oldida yomon izza tortdi. Ikkinchi uni uyiga taklif qilmaydigan boʻldi. Lekin mehmon ketgach, xolodilnik va umivalnikni Shahlo aytganidek kilib qoʻydi.

Kolxozda mexanizmlar remonti ancha tartibga tushib qoldi. Ustaxonadagilar aytganini qilmasak, baloga qolamiz, deb muddatida beshta traktorni yuvib yaltiratib, hovliga qator qilib koʻyishdi. Shahlo kelib oʻz koʻzi bilan koʻrmaguncha har kun artaverishdi.

Shahlo remontdan qutulgandan keyin mashinasini haydab qizlar ishlayotgan dalaga chiqdi. Har xil rangdagi tugunchaklar ilingan tol tagida mashinasini qoldirib shudgorga kirdi. Baland poshna tufli bilan qiynalib-qiynalib qizlar oldiga bordi.

Qizlar ishlarini toʻxtatib, unga qarab turishardi. Shahloning sochi baland turmaklangan, ustidan kapron durra tangʻigan. Qoshlari ipdek ingichka. Beli qoʻl soatning tasmasi bilan boylasa boʻladigan darajada xipcha. Havo rang neylon koʻylak ostidan ichidagi pushti tasmachalar bemalol koʻrinib turipti. Qizlarning bir xili havas bilan qarasa, kelinchaklar sovuq nazar tashlashardi.
— Hormanglar! — dedi Shahlo.

Birov javob berdi, birov indamay turaverdi. Shahlo ketmon dastasiga tirsagini qoʻyib tikilib turgan qizning barmogʻiga qaradi.
— Bu nima, qoʻllaringga qarasang boʻlmaydimi? Qiz bola ham shunaqa boʻladimi? Bunaqada ostonangga sovchi qadam bosmaydi.

Qiz ham shaddodgina ekan, boplab javob berdi:
— Manovi ketmonda ikki kun ishlang, qanaqa boʻlishini bilasiz.
— Ikki kuning nimasi, yarim soatgina ishlab koʻrsin, biladi.

Shahlo qizga dadil qaradi:
— Etikni yech!

Qiz etikni yechdi. Shahlo uni kiyib, qoʻlidagi ketmonni oldi.
— Qanaqa ishlashni koʻrsatib qoʻyaymi? Mana koʻrasan! Shahloning bolaligi dalada oʻtgan. Ketmon ham chopgan, traktor ham mingan, pilla ham tutgan, kanal ham qazigan edi. Bu ishlar unga bolaligidan oshna.

U kaftlariga tuflab ketmonni koʻtardi.

Hamma undan koʻz uzmasdi. Shahlo bir maromda, belini bukmay, qaddini gʻoz tutib ketmonni yerga urar, koʻchgan tuproqni asta yonboshiga tashlardi. Hech kim bas, boʻldi, demadi. Shu alfozda bir soatcha ketmon chopdi. Paykal boshiga yetib, yer chopib orqasiga qaytib kelganda qizlar tol tagida tik turib kuzatishardi.
— Boʻldimi, endi. Yo, yana chopaymi?
— Boʻldi! — dedi qiz.
— Manovi sizga mukofot, — dedi boya unga piching qilgan juvon bir boylam gunafshani unga uzatib.

Shahlo hidlab chakkasiga taqib oldi. Tushlik boshlandi. Shahlo ariqda terlagan betlarini muzdek suvda yuvarkan, belining egilishini kuzatib turganlar koʻnglida bir gap bor edi. Ketmon chopganida bu nozik beli uzilib ketmaganini qara-ya!

Shahlo betini yuvganda pardozi sidirilib ketgan edi. Qizlar uning asl basharasi qanaqa ekan, shuni bilishmoqchi edi. Yoʻq, pardoz qilmasa ham boʻlarkan. Bepardoz ham beti tiniq. Ikki yuzi qip-qizil. Oʻng yuzida yara izi bor ekan. U ham oʻziga juda yarashib tushgan.

Choydan keyin Shahlo sumkasidan oynak, u-bularini olib, pardoz qildi. Qizlar atrofini oʻrab, tomosha qilishardi.

Shahlo qizlarning qiziqayotganini bilib asl maqsadiga koʻchmoqchi boʻldi. U oʻz odati boʻyicha ishni oldin hujumdan boshlashi kerak. Boya ketmon choptirgan qizga qarab:
— Koʻylaging oʻlgur muncha uzun. Yengi kampirlarning yengidan qolishmaydi. Nechanchi asrda yashayapsan? Bunaqa koʻylakni ming yil oldin kiyishardi.
— Nima, tizzadan yuqori koʻylak kiyaymi?
— Tizzadan yuqori boʻlishi shart emas. Fasonini kelishtirib, yenglarini kaltaroq qilish kerak. Betlaring, qoʻllaring yorilib ketibdi. Yogʻupa surtish kerak. Ertaga kelaman. Hammalaringga yogʻupa olib kelaman. Boʻptimi? Ertalab surtib olsanglar, shamol ta’sir qilmaydi. Yana bir xili bor, kechqurun ishdan qutulgach, yuvinib, surtib yotasizlar. Betlaring yumshoq boʻladi. Oʻlay agar, pochcham rahmat deydi.

Shahlo aytganini qildi. Bir talay yogʻupa opkelib, qizlarga ulashib chiqdi. Bir-ikki kundan keyin bir yosh chevarni boshlab kelib, hamma qizlarga, bitta katta kitobdan koʻylak fasonlarini koʻrsatdi-da, xohlasa-xohlamasa oʻlchatib olib ketdi.

Erkaklar yana doʻngʻillashdi.
— Voy dod, uyga kirib boʻlmaydi, gup-gup atir hidi boʻlib ketgan. Bu qanaqasi. Uymi, sartaroshxonami?

Rais bir nima deyishga hayron. Bu Shahlosi tushmagur xotinlarni ham qoʻzgʻab qoʻyibdi. Mayli. Bir ish qilsa bilib qiladigan qiz ekan. Erkaklar bir-ikki kun bay-baylashib, keyin tushib qolishdi.

Chigit qadaladigan kuni rais butun kolxozchilarni yigʻib, qoʻsh oshi berdi. Idora oldidagi soʻrilarga odam sigʻmaydi. Rais bir buzoq bilan bitta qoʻy soʻydirgan.

Bir yoqda osh damlanyapti, bir yoqda kabob qoʻrasidan ajib shirin hidli tutun chiqyapti.

Yigʻin boshlanishdan oldin bir yuk mashinasida toʻla qizlar kelishdi. Bularni oldin rais tanimadi. Yaqin kelishganda qarasa, oltinchi brigadaning qizlari. Hammasining sochi boshqacha, kapron roʻmol, kiyimlari ham oʻzgargan. Oyoqlarida baland poshna tufli. Pardoz-andoz joyida.
— Tavba, qizlarimiz shunaqa chiroyli ekanmi, shu paytgacha bilmay yurgan ekanman-a! — deb yuborganini oʻzi ham bilmay qoldi. Rais oʻtirgan joyda mikrofon bor edi. Uning bu gapini yigʻilganlardan tashqari butun qishloq eshitdi.

Hamma yoqni atir hidi tutib ketdi. Kimdir:
— «Bahor» ansambli keldi, oʻyin qiziydigan boʻldi, — degan edi, hamma gurr etib kuldi.

Shahlo tez-tez yurib kelib, mikrofonni qoʻliga oldi.
— Bu «Bahor» ansambli emas. Chinakam bahor. Eshitmaganmisiz, onangni dadangga bepardoz koʻrsatma, degan gapni.
— Boplading, qizim, — dedi rais huzur qilib. — Nima, pardoz shaharlik qizlarga yarashadi-yu, qishloq qizlariga yarashmaydimi. Qoyil!
— Sigirni kim sogʻadi, buzoqni kim boqadi?

Bu gap kimdan chiqqanini Shahlo bilolmadi. U yoq-bu yoqqa alanglagan edi, tunov kungi shop moʻylovli buldozerchining tirjayib turganini koʻrdi.
— Sal tekisroq xotin yoningizdan oʻtsa, koʻzingizni uzolmay qolasiz. Nima, oʻzingizniki yomonmi? Ho, Nafisa, beri kel!

Oʻttiz besh yoshlardagi chiroyli bir juvon uning oldiga keldi.
— Mana, xotiningiz. Qaysi bir jonondan kam? Shop moʻylov oʻrnidan turib ketdi:
— Nafisamisan? Voy-voy, — deb yuborganini oʻzi bilmay qoldi.

Qiyqiriq, kulgi boʻlib ketdi. Rais qoʻl koʻtarib gʻovurni bosdi. Dalaga qoʻsh chiqishiga bagʻishlangan marosim boshlandi. Shahlo gul-gul ochilib, prezidiumda oʻtirardi.

Rais kirish soʻzida bahor kelganini aytarkan, Shahloga qarab qoʻydi.
— Qishlogʻimizga bu yil bir emas ikki bahor keldi. Hammaning dimogʻiga atir hidi urildi.

1970