OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Begona (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiBegona (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Begona (hikoya)
Said Ahmad

Xayri boqchadan oʻgʻlini olgani kirganda tarbiyachining figʻoni falakka chiqib turgan edi.
— Kech qoldingiz-ku. Bugun dam olish arafasi, ish vaxlik tamom boʻldi. Hamma bolalarni ota-onalari olib ketishdi. Faqat sizni kutib turgan edim.

Xayri ayolga uzr aytib, oʻgʻlini yetaklab ketayotgan edi, tarbiyachi uni toʻxtatdi.
— Birpas sabr qiling. Bir odam sizga sovgʻa qoldirgan edi.

Tarbiyachi yugurib ichkariga kirib ketdi-da, hayallamay darrov orqaga qaytdi.
— Toʻrt ming soʻm pul, bir kiyimlik krepdeshin va Gʻayratga matroscha koʻylak. Gʻalati odam ekan. Sizga topshirish uchun mendan tilxat oldi.

Xayri shoshib tugunni yechdi. Unnig ichida allaqancha pul va kiyimliklar bor edi. Tarbiyachi unga konvert uzatdi.
— Bu xatni ham oʻsha kishi qoldirdi. Xayri konvertni yirtib, xatni oldi.

«Xayri, meni kechir, koʻr edim. Endi koʻzim ochildi. Dissertatsiya yoqlabsan, gazetada e’lonni oʻqiganimda hayajonimni bosolmay, tuni bilan uxlamay chiqdim. Institutga boray desam yuzim chidamadi... Toʻrt ming soʻm pul va mayda-chuyda qoldirdim, kam-koʻstingga yaratasan. Kechir meni, oyogʻingga bosh qoʻyib, yolvorib koluvchi, Hasan».

Xayrining rangi oqarib ketdi. Xat tutib turgan qoʻllari bilinar-bilinmas titrardi.
— Nima boʻldi, xatda koʻngilsiz biron gap yozilganmi? Tarbiyachi uning bilagidan ushlab, skameykaga oʻtkazdi. Xayri xatni gʻijimlab, oyoqlari ostiga tashladi.

Onasining ma’yus koʻzlariga tikilib turgan Gʻayrat kissasidan bir siqim konfet olib, Xayriga uzatdi.
— Aya-chi, aya, bitta kishi menga ancha konfet berdi. Xayri yalt etib tarbiyachi ayolga qaradi. U esa shoshib izoh bera boshladi:
— Mumkin emas, desam ham quloq solmadi. Umuman, bolalar oldida shunaqa qilish toʻgʻri kelmaydi.

Xayri Gʻayratning peshonasidan siladi. Tarbiyachi ayol hayron, goh Xayriga, goh Gʻayratga qarab, koʻzlarini pirpiratardi.

Xayri oʻrnidan turib, boyagi narsalarni tarbiyachiga uzatdi:
— Mana shu narsalarni egasiga qaytarib bering.
— Juda iltimos qilgan edi-da, olmasa mening nomimdan yodvorib soʻrang, deb aytgan edi.
— Xotiningiz sizni allaqachon unutibdi, sadaqalaringizga muhtoj emas ekan, deb ayting. Endi kelsa, Gʻayratni unga koʻrsatmang. Oʻzingiz kechqurun biznikiga marhamat qiling. Dissertatsiya yoqlaganimga institutdan mehmonlar kelishmoqchi. Albatta keling. Sizni kuttirib qoʻyganim uchun kechiring.

Xayri tarbiyachi bilan xayrlashib, darvozadan chiqdi.

U serqatnov koʻchadan oʻgʻlini koʻtarib kelar ekan, koʻz oldiga Hasanning qiyofasi keldi. Bir vaqtlar koʻzga uyqu bermagan shirin xayollar, qalb oʻrtanishlari endi koʻpdan unutilgan. U kunlar Xayri uchun endi yuzini kul bosgan choʻgʻdek oʻz nurini, haroratini yoʻqotgan edi.

Bugun Hasan uning yoʻlida yana paydo boʻldi. Xotin yuragida soʻngan hislarni yana qoʻzgʻatmoqchi. U endi oʻzini Xayrining oyoqlariga tashlamoqchi, uzilgan ipni yana ulamoqchi.

Xayri qancha urinmasin, Hasan uning tasavvuridan surbetlik qilib nari ketmas edi. Xayri uni xotiridan quvlamoqchi, bahor manzaralariga boqib, oʻzini alahsitmoqchi boʻlardi. Biroq koʻzi oldiga tutundek yopirilib kelgan xayollar uni yengdi.

«Hasan!

Seni qanchalar sevganimni bilarding. Bu sevgi boʻynimga bogʻlangan ogʻir tosh boʻldi. Shu tosh meni oʻzi bilan suv tubiga tortar, gʻarq boʻlishimga qaramay, mana shu toshga yopishib olgan edim. Chunki shu toshni sevardim.

Eslaysanmi, sen bilan faqat bir yilgacha totuv yashadik, xolos. Koʻp ichadigan, sayoq yuradigan qiliq chiqar-ding. Umr boʻyi mehnat bilan kun kechirgan, frontda halok boʻlgan bir ishchining yagona qizi uchun qoldirgan uy jihozlarini sotib bitirding. Bir soʻz demadim. Chunki seni sevardim. Qora koʻzlaringga termilganimda hamma narsani unutib, faqat seni oʻylardim. Sen restoranlarda mastu alast boʻlib yurganingda uyda yolgʻiz oʻtirib qon-qon yigʻlaganman, koʻz yoshlarimni sendan yashirganman. Oʻn yillikni tugatganimda otam mukofot puliga sotib olib, menga taqdim qilgan oltin soatni sekretaringning qoʻlida koʻrganimda yurak-bagʻrim ezilib ketgan edi. Axir, oʻsha soatning orqasiga mening ismim oʻyib yozilgan edi. Shunda ham senga bir soʻz demadim.

Sen bilan birga kechirgan bir yillik hayotimda yuragimda oʻchmas qora izlar qoldi.

Birinchi bor homilalikni tuygan, oy-kunim yaqin qolgan kunlar sira-sira esimdan chiqmaydi. Quvonchimga sherik boʻlish oʻrniga masxaralagan eding. Yuzimga homilalik dogʻlari tushganda «ajina» deb aytganing esingdami? Shunda sendan butun vujudim bilan nafratlanganman.

Tugʻilgan kunimdan boshlab onam qoʻliga igna olib men uchun tikkan palakni bozorga olib ketayotganingda: «Qoʻy, tegma, onamdan yodgor» dedim. Shunda sen «uch taloq!» deb chiqib ketding va nihoyat tugʻruqxonada toʻlgʻoq azobini kechirgan va oʻgʻlimning yuziga boqqanimda, otasiz oʻgʻlim uchun achchiq-achchiq yigʻlaganman. Toʻlgʻoq azobidagi xotin uchun dunyoda eng yaqin odam er ekanligini bilmading. Shunda men irodamni qoʻlga olib, qalbimdan seni sidirib tashladim. Bir yilgi hayotimda erkin nafas olishim ham shu edi, chunki boʻynimdagi ogʻir toshdan — sendan xalos boʻldim.

Oʻz yoʻlimni topib ketdim. Yarim yoʻlda qolib ketgan oʻqishimni davom ettirdim, oʻgʻlimni otang yoʻq deb ishontiroldim. Oʻgʻlim bilan baravar men ham qayta hayot boshladim. Sensiz yashash menga oʻzligimni qaytardi.

Bugun, bahor nafasi gurkirab turgan kun, yana yoʻlimda paydo boʻlding. Pul bilan, bir parcha latta bilan koʻnglimni olmoqchi, koʻrgan kunlarimni unuttirmoqchi boʻlding...»

Mashina signali Xayrining xayolini boʻldi. Kimdir uning qoʻlidan ushlab chetga tortdi. Yonginasida taqqa toʻxtagan mashina kabinasida shofyor bosh chayqadi. Uning koʻzlari tashvishli edi. Xayri xijolatda yerga qaradi...

...Hasan derazasi koʻchaga qaratilgan uy oldiga kelganda qadamini sekinlatdi. Qoʻlidagi guldastani salmoqlab koʻrdi-da, botinmasdan eshik yonboshidagi tugmaga qoʻl uzatdi. Uning qoʻli titrar, yuragi tez-tez urar edi. Titroq panjalar qoʻngʻiroq tugmasini ojizgina bosdi.
— Xayrining oʻzi chiqsa-ya, — u miyasiga kelgan bu xayoldan choʻchib, bir necha qadam orqaga chekindi. Eshik ochilib, oʻrta yoshlardagi bir xotinning boshi koʻrindi. U Hasanning qoʻlidagi guldastani koʻrib, uni ichkariga taklif qildi.

Hasan uyga kirdi. Did bilan bezatilgan yorugʻ uyda mehmonlar koʻp edi. Xotin qoʻshni uyga qarab qichqirdi.
— Xayrixon, mehmonni kutib ol!

Xayri Hasanni koʻrishi bilan joyida qotib qoldi. Hasanning gul tutgan qoʻli havoda muallaq qoldi.

Bir ozdan soʻng, Xayri arang:
— Nega keldingiz? — deb pichirladi.

Xayri undan javob kutmay, oy nuri tushib turgan rovon tomon yura boshladi. Mehmonlar Hasanning asta-sekin yurib Xayrining ketidan rovonga chiqayotganini soʻzsiz kuzatib qolishdi.
— Xayri, — Hasanning ovozi titradi, — kechir meni, adashgan, hayotda oʻz yoʻlini yoʻqotgan badbaxt eringni kechir!

Xayri indamadi. Gullab turgan oʻrik shoxlari oralab tushib turgan oy nuri uning yelkasida, oq oralagan sochlarida lip-lip oʻynardi.
— Senga ozroq pul yuborgan edim, olgandirsan... Direktor bilan chiqisholmay sovxozdan ketdim. Hozir ishim yaxshi, katta hovlini sotib, pulini singlim bilan baravar boʻlib oldim. Omonat kassada ham uncha... muncha...

Xayri oʻgirilib unga qaradi. Oy nuri endi Hasanning yuzini yoritib turardi.

«Oʻzgarmabdi, yuziga sal-pal ajinlar tushibdi, xolos, hali ham chiroyli, yoqimli...» deya dildan oʻtkazdi Xayri. Uning koʻnglida yilt etib chaqnagan muhabbat hislari bir nafas uni oʻz ogʻushiga olgandek boʻldi. Biroq Xayri oʻzini juda tez oʻnglab oldi. Soʻngan choʻgʻni puflab alangalatish qiyin edi.
— Oʻgʻlimiz uchun, Xayri...
— Oʻgʻlimning otasi yoʻq. — Xayri shunday dedi-yu, tomogʻini boʻgʻib kelayotgan ichki dardni yashirolmadi, koʻzlaridan yum-yum yosh toʻkildi. — U sizni tanimaydi. Uni oʻz familiyamga oʻtkazib olganman. Oʻgʻlingiz, xotiningiz borligi endi yodingizga keldimi? Qoʻlimdan ish keladigan boʻlganda esingizga keldimi? Sizni unutib yuborganimga koʻp boʻlgan. Endi biz bir-birimizga mutlaqo begona, notanish kishilarmiz.
— Endi pul koʻpayib qopti-da, a? Yigit boshimizni egib kelgan edik...

Xayri keskin burilib uyga kirdi.
— Kim ekan u? — dedi eshik ochgan xotin.
— Begona kishi, biznikiga yanglishib kirib qopti.

1956