OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Boʻston (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiBoʻston (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Boʻston (hikoya)
Said Ahmad

Qoʻziboy bundan uch kun avval otda keta turib shu oʻrikning novdasiga boʻy choʻzib qaraganda kurtaklar boʻrtib qolgan edi. Endi boʻlsa anor donasidek qip-qizil gʻunchalar paydo boʻlibdi. Otaboyning hovlisidagi bodom xuddi krepdeshin koʻylakni dorga yoyib qoʻygandek chaman boʻlib yotibdi. Birdan Qoʻziboyning chehrasi yorishib ketdi. Ot jilovini boʻsh qoʻyib, qamchi dastasini dutordek chertib, qoʻshiq boshladi...

Qoʻziboy birovning oldida sira ashula aytgan emas. Ammo aytsa birovga ma’qul qiladigan shirali ovozi bor. Uyda Kokila dutorni qarsillatib qoʻshiq aytganda, Qoʻziboy uncha-muncha joʻr boʻlib turardi. Lekin oʻzining dutorga sira qoʻli kelishmasdi. Parda bosishga noʻnoq. Shunday paytlarda qiziqchilikka olib: ketmon dastasiga oʻrgangan qoʻl pardaga qovushmayapti, deb qoʻyadi. Tor chertganda boʻlsa, naq dutorning qornini yorib yuborgundek qilib qopqogʻiga taqillatib uradi. Dutorga joni achib turgan Kokila darrov erining qoʻlidan olib qoʻyardi.
— Xotin, bizga juda boʻlmaganda qorni zambardek dutor boʻlsa-yu, ashulani hammomda aytsak.
— Sizga shunday boʻlsa bordir, nega meni aralashtirasiz! — dedi unga Kokila...

Dala yoʻlida xirgoyi qilib ketayotgan Qoʻziboy shu gaplarni eslab kulib qoʻydi. Choʻl shamoli asta yelpib turardi. Oftobning issigʻi botgan shudgorda xuddi jazirama qizdirgan tunuka tomda yalang oyoq yurgan odamdek ola hakka sakrab-sakrab yurardi. Har zamon ensani qoti-rib, shikoyat bilan qor chaqiradi. Choʻlning uzoq-yaqinidan motor gurullagani eshitiladi, Qoʻziboyning kayfi chogʻ. Hamon xirgoyi qilib, atrofga razm solib boradi. Yoʻl-yoʻlakay u yoqdan-bu yoqqa oʻtib turgan yuk mashinalarining shofyorlari kabinadan bosh chiqarib, unga salom berib oʻtishadi. Ustiga koʻrpa-yostiq ortilgan mashinaning bosqichida tik turib kelayotgan Moʻylov mashina Qoʻziboyga yaqinlashganda sakrab tushdi.
— Ha, nima qilib yuribsiz, oshna? — dedi Qoʻziboy otdan tushmay, koʻrishgani qoʻl uzatar ekan.

Moʻylov besaranjom koʻzlarini javdiratib, darrov gapirolmadi.
— Shu, keliningizning dardi tutib qolsa boʻladimi, doya xotin topilmasa, mashinada Zarkentga oborib tashlasam, degan edim. Kattasi oʻsha yerda tugʻilgan edi.
— Zarkentda nima bor! Doktorlarga bekorga haq toʻlab yuribmizmi. Oboring oʻzimizning tugʻruqxonaga. — Qoʻziboy uzangiga oyogʻini tirab qaddini rostladi-da, qamchi dastasi bilan yoʻlning chap tomonini koʻrsatdi: — Hu, anovi yerda, koʻryapsizmi, radiouzelning orqasida. Otaboyga borib ayting, «Volga»mni bersin. Joylashtirib boʻlganingizdan keyin, oldimga keling. Idorada boʻlaman.

Moʻylov oʻtkinchi mashina kuzoviga osilib, idora tomonga qarab joʻnadi. Qoʻziboy iljayib, ustaxonaga ketayotgan odam, otining jilovini shudgorga burib, tugʻruqxonaga qarab ketdi. Yaxshi ham oʻzi kelgani. Tugʻruqxonada hech kim yoʻq. Bir oyogʻi kesilib yogʻochoyoq ulangan qorovul yigit nogironlar mashinasini toʻnkarib qoʻyib, nima balodir qilmoqda edi.
— Doktor qayoqda? — deb soʻradi undan Qoʻziboy.
— Opa shu yerda edilar. Esnab-esnab oʻtirib, men ketdim, deb ketdilar. Ammo lekin qayoqqa ketayotganlarini aytmadilar. Ishingiz bormidi yo shunchalik proverkami?
— Darrov topib keling. Besh minutda shu yerda boʻlsin!

Qoʻziboy otdan tushib, mashinani oʻnglashga qarashib yubordi. Qorovul qoʻltiqtayogʻini xuddi qayiqchilarning eshkagidek tizzasiga qoʻyib, mashinasini haydab ketdi. Mashina jonivor ham uncha tuzalmagan ekan shekilli, chunonam patillab berdiki, naq choʻlni ostin-ustin qilib yuboray dedi.

Qoʻziboy tugʻruqxona atrofida ancha aylanib yurdi.

Derazalarga akroxinga boʻyalgan doka pardalar tutilgan. Tuvaklardagi gullarning barglari oftobga intilib, oynaga qapishib olgan. Katta deraza rafidagi tuvakda oʻsgan bodring palak otib, shiftga yetay deb qolibdi. Sap-sariq gullari oftobda yashnab turibdi. Qoʻziboy razm solib qarasa, bitta-ikkitasi naychalabdi ham. Qoʻziboy tugʻruqxona bitgandan beri bu yerga endi kelishi. Uning bu yoqlarga kelishiga hech qanday zarurat ham boʻlmagan edi. Bu choʻdda hali bironta odam bolasi dunyoga kelmagan, tugʻruqxona komissiya kelganda koʻrsatish uchungina xizmat qilardi, xolos. Muxbirlar yonidan qogʻoz olib, choʻlda barpo boʻlgan binolarni yozib olayotganlarida, Qoʻziboy albatta, «Namunali tugʻruqxonamiz ham bor!» deb qoʻshib qoʻyardi. Endi boʻlsa oʻsha «namunali» tugʻruqxona namunalikdan chiqib, rosmana ishini boshlaydigan boʻldi. Qoʻziboy ham yonidan bloknotini oldi. Nimalarnidir yoza boshladi:

«Deraza parda, chinni umivalnik, arteziandan quvur tortish, telefon oʻrnatish, fermadan sut, Otaboyni Margʻilonga yuborib, nimaiki kerak boʻlsa olib keltirish...»

U aytganini qiladigan kishi boʻlgani uchun ham yozib olganini a’zolar ishning bitgani deb bilishar edi. Goh gurullab, goh oʻq otgandek paqillab qorovulning mashinasi yetib keldi. Undan yoshgina, ikki yuzi qip-qizil, toʻmtoq qosh, baqaloq bir qiz tushdi. Bu — bundan ikki yil oldin akusherlik maktabini bitirgan Gʻupra degan andijonlik qiz edi. U raisning chaqirtirganidan qoʻrqib ketgan ekan shekilli, qoʻy koʻzlari tashvishli javdirardi.
— Singlim, hozir bir xotinni olib kelishadi. Tayyormisiz? Nimangiz boru, nimangiz yoʻq, ayting. Oʻzingiz eplashtirasizmi, yo odam chaqirtiraymi? Uyalmay aytavering, bu yangi yerimizda birinchi marta odam tugʻilishi. Tushunyapsizmi? Bu siyosiy ish!

Gʻupra qiz boshi bilan necha martalab xotinlarni tugʻdirgan, Toshkentdagi katta tugʻruqxonada zoʻr akusherkalarning qoʻlida ta’lim koʻrgan boʻlsa ham raisning, siyosiy ish, deb qoʻyganidan keyin yuragi dov bermay qoldi. Bir oz sarosimadan keyin, oʻzimiz eplashtiramiz, degan ma’noda zoʻr bilan iljadi.
— Xotirjam ketaveray-a? Nimaiki kerak boʻlsa, qogʻozga yozib bering, ertaga zavxozni shaharga yuboraman, olib keladi. Shuni yaxshi bilingki, ishingiz endi koʻp boʻladi. Pishib turgan xotinlar koʻp. Uyma-uy yurib konsultatsiya berasiz. Mashina kerak boʻlsa, menikini olavering. Menga faqat shaharga tushganda kerak boʻladi, boshqa vaqt sizniki.

Qoʻziboy otga minib, qayoqqadir ketdi. Gʻupra kalit solib, uyini ochdi-da, qorovulga suv qaynatishni buyurib, oʻzi asboblarni saranjomlashga kirishdi.

Mashina keldi. Havo rang «Volga» dan Moʻylov xotinini suyab olib tushdi. Ichkariga kirishdi. Xotin doyani, keksaroq odam, deb oʻylagan ekan, yoshgina qiz ekanini koʻrib, koʻngli ozib qolay dedi. Eriga, shu yerdan qimirlamaysiz, deb turib oldi. Moʻylov Gʻupraning ishorasi bilan tashqariga chiqib, skameykaga oʻtirdi. Ichkaridan xotinining bezovta ovozi eshitilib turardi. Moʻylov etagi osmon bilan tutashib ketgan choʻlga qarab, jimgina oʻtirardi.

Yonidan medpunktning hamshirasi oʻtib ketganini ham sezmadi. Iyagini ikki kaftiga tirab, hamon qimirlamay oʻtirgancha xayol surardi. Xotinini, oʻgʻlini, endi tugʻiladigan bolasini oʻylardi. Onasi boʻlganda qandoq tashvish qilardi, yangi nevarasini koʻrganda qandoq sevinardi! Shunday paytda jim turolarmidi, yelib-yugurmasmidi?..

Moʻylovning koʻzi oldida yuzlarini ajin bosgan, qaddi bukilgan onasining mehribon siymosi gavdalandi. «Qoʻrqma, bolam, xotining omon-eson qutulib oladi, mana koʻrarsan» deyayotganga oʻxshardi. Onasi har gapning oxiriga «mana koʻrarsan» deb qoʻshib aytardi. U oʻgʻliga tasalli beraverib, shu gapga oʻrganib qolgan edi. «Dadang urushdan omon-eson qaytib keladi, bolam, mana koʻrarsan...» «Dadang qaytib kelganda senga ham etik olib beradi, mana koʻrarsan...» «Dadang kelganda qoʻlingdan yetaklab bozorga olib borib, har narsalar olib beradi. Omontoy, mana koʻrarsan...» Biroq uning dadasi urushdan qaytib kelmadi, oʻgʻliga yangi etik ham, bozorga olib borib, har xil narsalar ham olib berolmadi...

Omontoy dadasiz oʻsdi. Dadasining basharasini ham eslayolmaydi, faqat suratidan taniydi, xolos. Ona yetim bolani ortmoqlab katta qildi. Oʻqitdi, safga qoʻshdi. U yerga ursa osmonga sapchiydigan olov bola boʻldi. Shunday shoʻx, shunday janjalkash bola ba’zi paytlarda birdan xayolchan boʻlib qolar, ayniqsa, kechqurun koʻrpaga kirgandan keyin uxlayolmay, yarim kechagacha toʻlgʻanib chiqar edi. Ona shunday kezlarda uning boshini silab, yupatardi.
— Bolam, hech kim otasiz oʻsmabdimi, boʻying choʻzilib qoldi, endi oʻzing ota boʻlasan, mana koʻrarsan.

Omontoy balogʻatga yetdi, oʻninchini bitirdi-yu, koʻngliga dengizchi boʻlish niyati tushib, dengiz tomonlarga tolpinib qoldi. Armiyaga ketdi. Ona yolgʻiz quvonchini qishloqning to odamning qorasi yoʻqolguncha koʻrinib turadigan uzun koʻchasidan yigʻlab kuzatib qoldi. Ona-bola orasida hat uzilmadi. Oʻgʻil xizmatlaridan, dengiz toʻlqinlaridan oshib, olis oʻlkalarga borgani, u yerlarda nimalar koʻrganini yozardi. «Oyijon, chet el, chet odamlar orasida yurib, oʻz qishlogʻimizni, oʻz odamlarimizni juda sogʻindim» derdi Omontoy har xatida. Ona esa: «Bolam, qishlogʻimiz, odamlarimiz yana ham yaxshi boʻlib ketdi, mana, kelsang koʻrarsan...» derdi.

Ona qaridi, yolgʻizlikda soʻliy boshladi. Keyingi xatida: «Jon bolam, qariganda toʻyingni koʻray, bolangni koʻtaray, hech boʻlmasa uylanib, xotiningni oldimga qoʻyib ket, seni ikki kishilashib kutaylik. Qishlogʻimizning qizlari boʻyga yetib, oqi oq, qizili qizil boʻlib yetilib turibdi. Mana, kelsang koʻrarsan...» deb yozdi. Omontoy xizmatning bir yarim yili qolganda otpuskaga kelib uylandi. Ona butun bisotini sarflab, toʻy qilib berdi. Omontoy oqi oq, qizili qizil boʻlib turgan qizlarga emas, oʻzi bilan birga oʻqigan kamgap, ammo ashula aytsa hammani sel qiladigan, ertakka usta Iltifotxon degan qora qizga uylandi. Kampir nevaralik ham boʻldi. Lekin nevarasini koʻrdi-yu, oʻgʻlini qayta koʻrolmadi. Omon qaytib kelganda ona yorugʻ dunyodan oʻtgan edi.

Omontoy ona qabrida butun vujudidan siqilib chiqqan koʻz yoshlarini toʻkib yigʻladi. Onasining kimligini, qanday ona ekanligini goʻyo endi bilayotgandek, qaytmas boʻlib ketgandan soʻnggina bilayotgandek achchiq alam yoshlarini toʻkib yigʻladi.

Shunaqa boʻladi, hamisha oddiy, beqadr boʻlib koʻringan narsalar yoʻqolganda, qaytib topib boʻlmaydigan boʻlib yoʻqolganda qadri bilinadi.

Omontoy yurtga osh berib, armonini bosgandek boʻldi-yu, qishloqdan Besarga koʻchib ketdi. Uni Besar maktabiga oʻqituvchi qilib tayinlashgan edi. Oradan sal oʻtmay, choʻl odam chaqira boshladi. Mana bugun ikki kundirki, Omontoy koʻrpa-toʻshagini ortib choʻlga kelgan.

Hali bu yerda uning kimligini hech kim bilmaydi. Tanish-bilishlari ham yoʻq. Iltifotxon tugʻruqxonada...

...Birdan ichkarida shov-shuv koʻtarilib qoldi. Shu shovqin ichida chaqaloqning ingasi quloqqa chalinardi. Omontoy sapchib oʻrnidan turib ketdi. Agar qorovul ushlab qolmaganda ichkariga kirib ketardi ham. Boya shoshganidan yoniga papiros solib olmagan ekan, juda xumori boʻlib ketdi. Qorovuldan soʻradi, aksiga u ham chekmas ekan. U yoqdan-bu yoqqa bezovta borib-kelib turarkan, hamshira xotin chiqdi. «Bu qachon kelgan ekan?» deb dilidan oʻtkazdi Omontoy.
— Suyunchi...

Omontoy nima deyishini bilmay gangrab turardi. Oxiri beixtiyor: «oʻgʻilmi, qizmi?» deb soʻrash oʻrniga:
— Oti nima? — deb yuborganini oʻzi ham bilmay qoldi. Uning holatini sezib turgan hamshira kulib javob berdi:
— Otini oʻzingiz qoʻyasiz. Qizcha muborak boʻlsin, inim!
— Qulluq, qulluq!... Onasi qalay? Onasi bardammi? Xamshira, xotirjam boʻling, degandek koʻzini qisib qoʻydi. Omontoy uzatgan suyunchini olmay qaytardi. U kirib ketgandan keyin qorovul yigit iljayib unga yaqin keldi.
— Uka, suyunchini bizga bering-da, bu choʻl tugʻruqxonasida birinchi odam tugʻilishi, birinchi suyunchini oʻzim olaman. Mabodo yarimtaga yetmasa, kissangizda turavergani ma’qul.

Qorovul qiziqchilik qilayotgan ekan, u ham pulni olmadi. Omontoy xotinining oldiga kiritishmagandan keyin piyoda idoraga qarab ketdi. Rais yoʻq ekan. Burchak-da choʻt qoqib oʻtirgan Otaboy:
— Kassadan pulingizni oling, — dedi. Omontoyning kolxozda hali oladigan haqi yoʻq edi.

Hayron boʻldi.
— Olavering, uka, olavering, Keyinchalik uzilishib ketasiz. Rais tayinlab ketgan, kelmasangiz uyingizga eltib bermoqchi edik. Rais aytgan gapni qildirmay qoʻymaydi. Oling, boʻlmasa biz baloga qolamiz.

Omontoy ikkilanib kassaga bordi. Shu payt Qoʻziboy kelib qoldi.
— Oʻgʻilmi, holva? — dedi iljayib.
— Holva, holva! — dedi Omontoy ham iljayib.
— Durust, durust! Qani baqqa kiringchi, oʻtiring! Gap bundoq, Oʻgʻilchani biznikiga oborib qoʻying. Kokilaning oʻzi kelinning issiq-sovugʻidan xabar olib turadi. Tugʻruqxonada bir odam uchun skladdan narsa olib, qozon qaynatib oʻtirmay qoʻya qolishsin. Pulni oldingizmi? Kam-koʻstingizga yarating. Endi ishdan gaplashaylik. Qandoq ish bersak ma’qul?

Omontoy oʻzingiz bilasiz, degandek indamay turardi.
— Yoʻq, yoʻ-oʻq, matros yigit. Ayting. Qanaqa hunaringiz bor?
— Hunar boʻlgani bilan bu yerga toʻgʻri kelmaydi. Odamlar qilayotgan rosmana ishni beravering. Choʻlga nima ish lozim boʻlsa, shuni qilaveraman.
— Boʻpti, ish topish bizdan. Ilgari dengiz boʻroni bilan olishgan boʻlsangiz, endi choʻl boʻroni bilan olishasiz. Kechqurun yangi kelganlar bilan qoʻshma majlis boʻladi, albatta keling: pravlenie saylaymiz. Kolxozga ham nom qoʻyamiz. Keyin, sizga topshiriq, mototsikl minishni bilasizmi, ha, balli, butun uchastkalarni aylanib, yangi kelganu, eskilaru hammasini majlisga xabarlaysiz. Eshikda turgan mototsiklni minib joʻnayvering.

Omontoy matroschasiga gurs-gurs yurib chiqib ketdi. Bir ozdan keyin patillagan ovoz eshitilib, sekin-asta tindi.

Kechqurun majlis koʻp ham uzoqqa choʻzilmadi. Yangi kelganlarni brigadalarga taqsimlashdi. Omontoy remont ustaxonasiga mexanik qilib qoldirildi. Koʻpchilik bir ogʻizdan kolxozga «Boʻston» degan nom berdi.

Bu nomni kim taklif qilganini rais ham a’zolar ham eslasholmaydi. Goʻyo oʻzidan-oʻzi nom qoʻyilib qolgandek boʻldi. Yo minbarga chiqqanlarning soʻzlariga aralashib turgan «Choʻlda boʻston yaratamiz, choʻl endi guliston, bogʻu boʻston boʻladi!» degan gaplar oʻzidan-oʻzi singib, nomga aylanib ketdimikan?

Ertalab Qoʻziboy bilan Kokila tugʻruqxonaga kelishganda moʻylovdor Omontoy eshik oldida oʻgʻlini koʻtarib turgan ekan. U raisga doktordan shikoyat qila ketdi.
— Kiritishmayapti-ku, rais aka, ayting, koʻrsatishsin! Kokila ichkariga kirib ketdi-da, bir ozdan keyin deraza pardasini koʻtarib, oynani chertdi.

Qoʻziboy bilan Omontoy oʻsha yoqqa qarashdi. Kokila yoʻrgakli bolani baland koʻtarib, ularga koʻrsatdi. Bola yorugʻdan koʻzlarini qisib, lablarini burardi. Qoʻziboy zavqlanib ketdi.
— Ha, joningdan aylanay, Boʻstonxon! Qara, qara, choʻlga qara! Koʻr, shu joylar seniki! Oʻzingniki! Birga, tugʻildinglar, birga oʻsasizlar!

Raisning shu gapi bilan bolaning ismi ham Boʻston boʻlib ketdi. Oʻylab, qidirib oʻtirmay, unga, oʻzidan-oʻzi ism topildi-qoʻydi.

Albatta, shunday boʻlgandan keyin, bu hikoyaning nomi ham «Boʻston» boʻladi-da! Chunki hikoya ham oʻsha choʻlda tugʻilgan.

1961