OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiBosh ogʻrigʻi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm3KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bosh ogʻrigʻi (hikoya)
Said Ahmad

Iskandarov boshqarmadan eshitadiganini eshitdi. Olib kelgan hujjatida yana xato. Ikki yuz oʻttiz ming oʻrniga ikki yuz oʻttiz yozilibdi, Hujjatga qoʻl qoʻyayotganda yaxshi qaramagan ekan. Mana, boshqarma plan boʻlimida uni rosa qizartirishdi.

Hozir Iskandarov mashinada oʻzidan oʻzi mingʻillab sekretar qizning goʻriga gisht qalab kelyapti. Undoq qilaman, bundoq qilaman, bunaqa sekretarning boridan yoʻgʻi. Boʻshataman...

U tajang bir qiyofada idoraga kirdi. Mashinka shiqillatib oʻtirgan sekretar qizning betiga ham qaramay, kiring, deb oʻtib ketdi.

Oʻzini kresloga tashlab, stolni chertib, asabini bosmoqchi boʻlib turganda lablari qip-qizil, beli supurgining boylangan joyidek ingichka, ikki qulogʻiga oftobni uzib olib qoʻygandek yaltiroq zirak taqqan, joʻxori popugidek mayin sochli bir qiz kirdi. U sekretar edi. Iskandarov unga xoʻmrayib qaradi. Sekretar qiz koʻzlarini suzib, bir-ikki marta kiprik qoqdi. Tavba. Iskandarovning shu paytgacha razm solmagaiini qarang-a, kiprik ham shunaqa uzun boʻladimi? Har kiprik qoqqanda ikki yuzini berkitib qoʻyadi-ya.

Iskandarov bir necha daqiqa unga mahliyo boʻlib turdi-da, oʻzini bosib oldi. Boyagi jahli yana taniga qaytib keldi. Endi qizning betiga emas, polga qarab gapirishga chogʻlandi. Nima balo boʻldi-yu, koʻzi chalgʻib sekretar qizning ignadek poshnasiga, undan keyyn ilon poʻstiga oʻxshash noskisiga koʻzi tushdi. Yana jahli oʻlgur allaqayoqqa qochib ketib, yuziga bilinar-bilinmas tabassum yugura boshladi, Iskandarov bir seskanib, yana hushini yigib oldi. Endi u deraza tarafga qarab gapga chogʻlandi.

Deraza oynasidan yana qizning chehrasi namoyon boʻldi. Beixtiyor dilidan «beli, yelkalari deraza oynasidan shundoq koʻrinsa, toʻgʻri qaraganda qandoq boʻldi ekan» degan fikr oʻtdi.

Ochiq derazadan kirgan mayin shamol qizning prichyoskaga soʻz bermagan ikki tola sochini boʻyniga, tomogʻining tagiga, yarim dekolte koʻkragiga tekkizib oʻynardi.

Iskandarov bir necha minut tabiatning bu moʻ‘jizasiga lol qarab qoldi. Gapiray desa, tildan qolganga oʻxshaydi, xoʻmrayib qaray desa, yuzidagi tabassumni yigʻishtirib boʻlmaydi.

Erkak odam ancha irodali boʻladi. Iskandarov ham bor kuchini yigʻib, oʻrnidan turdi. Zarda qilib, burchakka bordi-da, ikki qoʻlini orqasiga qilib oʻgirilib oldi.

U shu turishicha qancha turganini aniq bilmaydi. Qiz yoʻtaldi. Bay bay uning ovozi. Bu ovoz uni yana seskantirdi. Nazarida qiz sekin kelib ikki koʻzini berkitib oladigan, oynami, taroq deydiganga oʻxshab shoshib oʻgirilib oldi.

Shu alfozda yarim soatdan ortiq Iskandarov goh seskanib, goh qaltirab, goh gʻazabu, goh tabassum bilan mushuk-sichqon boʻldi.

Oxiri sekretar qiz boshliqni yengganiga ishonch hosil qildi.

– Iskandarov aka, nimaga chaqirgan edingiz? – dedi.

Iskandarov nima deyishini bilmay, ozroq chaynaldi:

– Kecha boshim ogʻriyapti degan edingiz, qalay, endi durustmisiz?

– Haliyam jindek ogʻrib turibdi, Iskandarov aka.

Birdan Iskandarovning mehribonchiligi tutib ketdi.

– Siz gʻalati odam ekansiz-ku, sogʻliqni ehtiyot qilish kerak. Bunaqada dardga chalinib qolasiz. Boring, uyga borib dam oling. Bosh ogʻrigʻingiz bosilmasa, bir-ikki kun ishga chiqmasangiz ham mayli. Sogʻliq kerak, sogʻliq.

Qiz minnatdorchilik bildirib chiqib ketdi.

Ertasiga Iskandarov ogohlantirish oldi. Sekretar qiz otchyotni koʻchirganda, «boshqarma» oʻrniga «moshqarma» deb yozibdi.

Iskandarov yana gʻazabga keldi.

Bunaqa gʻazablarning koʻpini koʻrganmiz...