OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiBuqalamun bilan uchrashuv (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Buqalamun bilan uchrashuv (hikoya)
Said Ahmad

— Siz meni tanimaysiz, ukaginam. Koʻp joylarda jonifido qilib ishlaganman. Badbaxt shoʻro qadrimizga yetmagan. Ishla, desa ishlayveribmiz, ishlayveribmiz. Shuncha ishlab biron kun roʻshnolik koʻrmadik...

Ana shu «roʻshnolik» koʻrmagan odam hozirgina eshikdan kirib keldi. U ikki qoʻllab koʻrisharkan, qalamlariga qudrat, qalamlariga qudrat, deya barmoqlarimni birma-bir ezib chiqdi.
— Rivoyatlarda aytilishicha Xizr boboning oʻng panjalaridagi barmoqlarida suyak yoʻq emish.

Uning bu ishidan ensam qotib, «Xotirjam boʻling men Xizr buva emasman», deya qoʻlimni siltab hovuchidan chiqarib oldim.
— Shunday deysiz-u, ammo yozuvchi xalqi yarim xizr hisobida yuradi. Siz meni tanimaysiz. Bir chekkada qolib ketgan bandayi moʻmindirman. Kelmogʻimdan murod shuldirkim, men bechorani «pensiya» masalasida bisyor ranjitdilar. Arzihol qilishdan murod yordamingizdan picha umidvorlikdir. Tanimasni siylamas, deganlaridek avval kimligimni shoshilmay aytib bersam...
— Sizni juda yaxshi taniyman, — dedim.

Birdan uning popugi pasayib qoldi. Umidvor boʻlib turgan koʻzlari ma’yus tortdi. Ikki qoshi oʻrtasiga tuguncha tushdi. Kimligini bilgan yozuvchidan madad kutish behuda ekanidan hafsalasi pir boʻldi. Meni ham xayol tortdi. Oʻylayapman. Koʻz oldimda tirikchilik deb harom-xarishdan hazar qilmagan, yetim-esirning haqini seskanmay bemalol hazm qilib ketaveradigan bir kimsa paydo boʻldi.

Siz ham albatta taniysiz. Bu toʻgʻrida gurunglarda koʻp gapirganman. U partiyaga oʻtayotganda, dinga munosabatingiz qanday, degan savol tushadi. Shunda u javob oʻrniga sumkasidan kolbasa chiqarib gʻarch-gʻarch tishlab koʻrsatgan.

Uning dinsiz ekaniga qanoat hosil qilgan majlis ahli ikkinchi savolga oʻtadilar. Bu hiyla nozik savol edi.
— Otangiz oʻttizinchi yilda qaerda va nima ish qilgan?

Qahramonimiz pastki labini soʻrib andakkina shiftga boqib turgandan keyin dadil javob beradi.
— Iltimos, bunday savolni bermanglar. Mening otam hech qachon boʻlmagan.

Uning ogʻziga shartta urishdi.
— Nima, odam atodek otasiz tugʻilganmisiz? yoqi onangiz tushlarida homila boʻlganmilar. Aytavering...
— Men otamdan voz kechganman. Otam bosmachi boʻlgan. Shu gapni eshitishim bilan undan voz kechib familiyamni oʻzgartirganman.
— Masalan oʻzingizga qanaqa familiya tanlagansiz?

U yana ostki labini soʻrib shiftga qarab oʻylandi.

Oxiri juda aytish qiyin boʻlgan gapni zoʻrlab tiliga chiqardi.
— Ikromov degan familiyani tanladim.

Partiya oʻquvi kursining shtatsiz lektori dahani kapgirga oʻxshagan yigit soʻradi.
— Hozir familiyangiz unaqa emas-ku...
— Ikromov xalq dushmani boʻlib ketgandan keyin noiloj Yusupov deb oʻzgartirdim.

Oʻtirganlar orasidan kimdir piching qildi.
— Koʻp erga tegadigan xotinlar necha marta erga tegsa, shuncha familiya orttiradilar. Shu familiya bilan tinchib ketdingizmi yo yana oʻzgartirdingizmi?
— Usmon Yusupov bilan Xrushchevning orasi buzilgandan keyin oʻylab-oʻylab oʻzimga bir umrli familiya qoʻydim. Ya’ni Diyorov deb boshpurt oldim.

Bugungi yigʻinga qatnashayotgan tuman partiya komitetining ideologiya ishlari boʻyicha sekretari Fatxullin oʻtirgan joyida gapga qoʻshildi.

U oʻzidan katta kishilarni ham malay deyaverardi. — Oʻxu, tolkoviy malay shul. Bundan otlichniy kommunist chiqa. Ul partiya uchun atisidan kechdi. Dinsiz ikanini dokazat etish uchun kolbasa yib kursatdi. Buni oʻz koʻzingiz bilan koʻrdingiz. Tolko patriot kommunistgina kolbasani shulay yeyishi mumkin. Bravo, bravo!

Kolxoz raisi bugungi tuman gazetasi bilan oʻzini yelpib oʻrnidan turdi.
— Manavu gazetada sizning «nechun men Islom dinidan voz kechdim» degan maqolangiz bosilibdi. Oʻqib chiqdim. Shu narsani yozishga sizni birov majbur qildimi yo oʻz xohishingiz bilan yozdingizmi? Shunga javob bering.
— Dil amri bilan yozganman, — deb javob qildi Diyorov. Jahon proletariatining otasi Karl Marks «Din xalq uchun afyundir» deganlar. Maqolamda Islom dinining reaktsion mohiyatini fosh qilishga harakat qildim. Oʻsib kelayotgan sogʻlom avlodlarimizni eshonu-mullalar boshlayotgan xatarli yoʻldan ogoh qilishni niyat qilganman.
— Vot molodets, — deb yubordi zavqiga chidamagan Fatxullin. — Partiya safiga fidoyi patriot kelib qoʻshilayotganidan gorjus!

Majlis bir ovozdan Diyorovni Lenin partiyasi safiga qabul qildi. Majlis qarorini tuman partiya qoʻmitasining byurosi hech qanday gap-soʻzsiz tasdiqladi. Va uni qorakoʻlchilik sovxozi qabul punktiga mudirlik lavozimiga tavsiya qildi.

Diyorov bu lavozimda uch yildan moʻlroq ishladi. Bu davr orasida tuman rahbarlarining xotinlari ikki juftdan sur, sheroziy terilaridan qalpoq kiyishdi. Faqat prokurorgina uni oʻziga yaqin yoʻlatmasdi. Diyorov yurak yutib prokurorning shofyoridan ikki xil antiqa teri berib yubordi. Prokuror shofyorini boʻralab soʻkib terilarni qaytarib yubordi. Kechga yaqin prokurorning xotini kelib, qoʻyavering, mulla aka, bizning xoʻjayin shunaqalar. Biror nima beradigan boʻlsangiz oʻzimga beravering, dediyu boya qaytib kelgan terilarni har biriga uch soʻmdan toʻlab olib ketdi.

Prokurorning xotini ishni pishiq qilishda eridan qolishmasdi. Mabodo eri bu terilarni qayoqdan olding, deb soʻrab qolsa, jaraq-jaraq pulini toʻlab olganman, ishonmasangiz surishtiring, deydi. Har biri besh yuz soʻmlik teriga uch soʻmlik toʻlab kvitantsiya olmaganligi ham bir saxiylik alomati edi.

Ayyorlikni bilmagan sodda, halol choʻponlar unga uch yil yem boʻlishdi. Boqimlaridagi qoʻylardan tushgan terilarni mushuk terisi bahosida Diyorovga sotib ketishar, mushkullarini oson qilgani uchun unga qayta-qayta minnatdorchilik bildirishardi. Shunday qilib Diyorovning itini tuvagi oltindan boʻlib ketdi. U Dogʻiston, Checheniston, Avariston tomonlardan kelib ulgurji xarid qiladiganlarga teri tayyorlab qoʻyardi...

Kosa kunda emas, kunida sinadi deganlari rost ekan. Diyorovning kosasi bemahal chil-chil boʻldi. Ya’niy u chechen mijozi Ruslanga ellikta terini sotayotganda qoʻlga tushdi. Ana shundan keyin u olti yilga qulogʻini ushlagancha qamalib ketdi. Tagʻin ham uni kommunistligini inobatga olishdi. Boʻlmasa naq oʻn yilga ketardi. U olti yil bandilikda tuz-nasibasini tatib qaytib kelganidan keyin nima ishlar qildi, qayoqlarda yurdi, bilmayman. U bugun oldimda aftodahol bir alpozda oʻtiripti.

U uzoq sukutdan keyin, shunaqa deng-a, taniyman, deng-a, dedi.
— Bu shoʻro degani menga koʻp azoblar bergan. Birimni ikki qilmadi. Yaxshiyam mustaqillik boʻlib menga oʻxshagan bekorga aziyat chekkanlarning koʻksiga shamol tegdi. Yashaydigan zamon ana endi keldi.
— Unday demang, siz «fidoyi» kommunist edingiz. Shu partiya uchun dindan kechdingiz. Otangizdan kechdingiz.
— Zamon shunaqa edi, — dedi u afsus bir ohangda. — Endi ma’lum boʻldi. Mening otam milliy qahramon ekan. Xalq ozodligi uchun kurashgan. Men shunday otam borligidan faxrlanaman.

Unga javob qildim.
— Lekin otangiz sizdek farzandi borligidan or qiladi. Siz qamoqdaligingizda kelib sizni surishtirdi…
— Tirik ekanmi? — dedi u shoshib.
— Ha, tirik ekan. Kanada degan mamlakatda yasharkan. Qarib qopti. Oʻzbekiston mustaqil boʻlganidan keyin qishlogʻingizga keldi. Rahbarlar uni izzat-ikrom bilan kutib olishdi. Sovgʻa-salomlar berishdi. U ham kasalxona qurilishiga allaqancha ming dollar berdi. Sizning otadan kechganingizni eshitib koʻp afsuslar qildi. Bunday farzandim yoʻq, oq qildim, dedi.

Diyorovning boshi egildi. Yerdan koʻz uzolmay qoldi.
— Meni otamdan kechishga majbur qilishdi...

Uning gapini shart boʻldim.
— Yolgʻon! Partiyaga oʻtish uchun, hukumatdan amal ilinj qilib otadan kechgansiz.
— Koʻrasiz, men oʻzimni oqlayman.
— Bunday qilishga endi umringiz yetmaydi. Otangizni ham endi bir umr koʻrmaysiz. Qandoq qilib oʻzingizni oqlaysiz. Otangiz oʻtgan yili qazo qildilar. Kanadadagi ukalaringiz qishloqqa kelib yurtga osh berib aza ochdilar. Siz esa dindan kechdingiz.
— Koʻrasiz, hali oʻzimni oqlayman.
— Nima, yegan kolbasani tuflab tashlaysizmi? Endigi umringiz azobda oʻtadi. Axir, imonsiz yashab boʻladimi?

Undan jirkanib ketdim.
— Meni uyimga nima istab keldingiz? — dedim koʻzlariga tikilib.
— Pensiya masalasiga yordam bersangiz. Atigi bir ming bir yuz soʻm berar emish. Nimaga yetadi? Pensiya beradiganlarda insof bormi, oʻzi?

Oʻrnimdan turib jagʻiga bir tushiray dedim-u, oʻzimni bosdim. Shu isqirt bilan olishib oʻtiramanmi. U sadqayi musht ketsin. Oʻzimni bosib gʻazab bilan gapirdim.
— Qaysi xizmatlaringiz uchun «pensiya» talab qilyapsiz? Oʻz otangizdan kechganingiz uchunmi, dinni haqorat qilganingiz uchunmi, umringizda atigi uch yil ishlaganingiz va uch yil surunkasiga davlat mulkini talon-taroj qilganingiz uchunmi?

Mendan biron ish chiqazishdan umidini uzdi shekilli tund boʻlib qoldi.
— Mustaqillik boʻlsa ham biz yorugʻlikka chiqmas ekanmiz-da, mayli asli shoʻr peshona banda ekanmiz. Mustaqillik, mustaqillik deysizlar, qani yuzaga chiqqanimiz. Bu mustaqillik menga nima berdi?

Yoshi katta odamni senlab yuborganimdan oʻzimni koyidim.
— Sen mustaqillikka nima berding? Atrofga qara, nimalar boʻlayotibdi? Koʻchaga chiqib uyoq-buyoqqa qara, osmon oʻpar imoratlarni koʻr. Qullik yukini yelkasidan irgʻitib tashlagan yurtdoshlarimizning yuzlariga, koʻzlariga boq.
— E, — dedi u qoʻl siltab. — Bu imoratlarni yeb boʻlmasa. Quruq savlatining kimga keragi bor?
— E, noshukur banda. Qorindan boshqa tashvishing bormi oʻzi?
— Meni senlama.
— Sizlashga arzimaysan. Qani, tuyogʻingni shiqillat! U oʻrnidan turdi.

Bir nima deb toʻngʻilladi. Yo meni soʻkdi, yo mustaqillikni soʻkdi. Orqasidan itarib koʻchaga chiqarib qoʻydimu eshikni ichidan zanjirlab qoʻydim.

U ketdi. Mening koʻksimda ogʻir tosh qoldi. Bir yarim yildan keyin yangi asr boshlanadi. Nahotki shu isqirt ham biz bilan yangi asr darvozasidan kirsa. Yangi asr ostonasida bu suprindilarni eski kalishdek yechib tashlab ketsak qandoq yaxshi boʻlardi-ya.

Shu uchrashuvdan keyin uni koʻrmadim. Eshitishimcha u qishlogʻiga borib namoz paytida masjidga kirib, namozxonlardan uzr soʻragan emish. Hech kim uning betiga qaramapti... Boshini egib masjiddan chiqib ketibdi. Uch kundan keyin uning oʻligini adr orqasidagi tolzordan topishibdi. Masjid imomi janoza oʻqishga ruxsat bermabdi. U musulmonchilikdan chiqib kofir boʻlgan, deb qishloq qabristoniga koʻmishga ham ijozat bermabdi. Toʻrtta odam uning oʻligini zambarda olib borib chakalakzorga koʻmishibdi.

Menga faqat bir narsa taskin beradi. Shu isqirt biz bilan XXI asr darvozasidan oʻtadimi, degan tashvishim bor edi. Xayriyat, u jagʻi ayrilgan eski kalishdek darvozaning bu tomonida qolib ketdi.

1998 yil, iyun.