OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Chevara (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiChevara (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/04
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Chevara (hikoya)
Said Ahmad

«
Bilaman, daraxtday qulasam agar
Mening hayot bogʻim qolmas huvillab...

Zulfiya
»

Chevarasining surati kelgandan beri kampir oromini yoʻqotdi. Toshkentga qarab talpinib qoldi. Avji mevalari gʻarq pishib turganda kampir shaharda nima qiladi, deb qoʻni-qoʻshnilar hayron boʻlishdi.

Tap-tap yerga toʻkilib yotgan shaftolilar ham, sal xoli qoʻysa chumchuq talab tashlaydigan nor buvakilar ham shundoqqina qoldi. Kampir eshikka qulf urib yoʻlga chiqdi.

U poezdda ham mijja qoqmadi. Chevarasining suratiga qarab goh xoʻrsinadi, goh iljayadi. Suratni koʻzlariga surtadi. Yoʻlovchilar hayron. Bir nima deyishga botinisholmaydi. Kampir suratdan koʻz olib, derazadan lip-lip oʻtayotgan bogʻlarga, choʻllarga ma’yus boqadi. Koʻzlaridan shashqator yosh oqadi. Oxiri yoʻlovchilardan biri chidayolmadi. Jur’atsizlik bilan soʻradi:
— Aya, nega unaqa qilasiz? Tinchlikmi?

Kampir javob bermadi. Poezdga ergashib goh oʻzib, goh ortda qolib uchayotgan oʻyinqaroq qaldirgʻochning pildirlashiga qarab qoldi. Oxiri ogʻir xoʻrsinib gap soʻragan kishiga qaradi.
— E, bolam, dostonim uzoq. Nima qilasan kitobimni varaqlab, bir benavo odamman, dardimni qoʻzgʻama!

Yoʻlovchilarning biri choy tutdi, biri qovun soʻyib oldiga kosa qilib qoʻydi. Xullas, uni gapga solishdi.
— Yetti bola tuqqanman. Hammasini tuproqqa berib birgina qizim bilan shoʻppayib qolganman. Men koʻrgan kunni it ham koʻrmasin, bolalarim. Xotin boshim bilan Poytuq istansasida hammollik qilganman. Odam oʻldirganman. Xotin kishi boʻla turib, azbaroyi tirikchilik ekan, konibodomlik zoʻr polvon bilan kurash tushganman. Yiqilganman.

Yoʻlovchilarning aqli shoshib qoldi. Bu qanaqa xotin oʻzi? Odam oʻldirgan, erkak bilan kurash tushgan?

Parovoz kichikroq bir raz’ezdda anchagina turib qolgandan keyin yana shitob bilan oldinga intildi. Hammaning qulogʻi kampirning ogʻzida. Kampir choydan bir hoʻpladi. Stakandagi choyning chayqalishiga ma’yus tikilib hikoyasini boshladi.
— Chuvamada bizni yetti qizlar deyishardi. Onam olti qiz tugʻib oʻgʻil dardida sigʻinib bormagan joyi qolmagan. Shohimardondagi Chakkatomarning suvini ham ichgan, Arslonbopdan hassa Muso olib kelib butun qishloqqa ulashgan. Toshkentga kelib Moʻyi muborakni ziyorat qilib, Tojixon eshonga qoʻl bergan. Shuncha sigʻinishlar zoe ketib men tugʻilgan ekanman. Onam bechora baribir oʻgʻildan koʻngil uzolmay otimni niyat qilib Oʻgʻilxon qoʻygan ekan. Esimda bor, to kuyovga chiqqunimcha ham boshimda telpak, belimda qiyiq, oyogʻimda etik edi. Oʻgʻil bolalar bilan oʻynardim. Oʻrtoqlarim nuqul oʻgʻil bolalar edi. Mahallaning kazo-kazolari, bas, qi-zing boʻyga yetdi, yuzini bekit, deganlarida ham otam rahmatlik, yuraversin, uni oʻgʻlim deganman, deb yuzimni bekitmagan.

Kuyovga chiqib, olti oʻgʻil, bir qiz koʻrdim. Ota-onam koʻrmagan baxtga yetdim, deb oʻylagandim. Yoʻq, nasib qilmagan ekan... Erim sartaroshlik qilardi. Kichkinagina doʻkonchadan tushgani bilan roʻzgʻorni amal-taqal qilib turardik. Yetti bolani bir amallab boqayotganimizga er-xotin xudoga ming marta shukur qilardik.

Kichkinam oʻshanda qoʻlimda edi. Erim kuni bilan tikka oyoqda ishlab kelib shu kenjatoyimni oʻynatib ovunardi. Shu kichkinagina baxtimizni ham xudo koʻp koʻrdi. Erimni mardikorga olishdi. Yigʻlab-yigʻlab istansada orqasidan qarab qoldim. Tirikchilik ekan, erimning doʻkonini oʻzim ochdim. Bolani bir chekkaga yotqizib qoʻyib, ustachilik qila boshladim. Azaldan yuzim ochiq boʻlganidan hech kim hayron boʻlmadi. Bola-chaqalik boʻlganimdan keyin ham dala-toshda ochiq yuraverdim. Ishim tigʻiz paytlarda erkaklar qatori samovarda bitta choy chaqirib ichib ketaverardim. Sal kunda qoʻlim kelishib qoldi. Bilmadim, yuzi ochiq xotinning sartaroshlik qi-lishi gʻalati koʻringanidanmi, yo ayol kishining qoʻli tegishiga ishqibozlik qilibmi, har qalay boshqa ustalardan koʻra menga odam koʻproq kelardi. Mijozlarimdan bittasi bir gap aytib qoldi. Ellikboshi oʻzining oʻgʻli oʻrniga mening erimni joʻnatgan ekan noinsof. Bu gapdan keyin sira chidamadim. Necha bor yoʻlini poyla-dim. Yoʻliqmadi. Bir kuni Andijondan hokim toʻraning oʻzi Chuvamaga kelarmish, degan gap tarqaldi. Qoʻchalarga suv sepildi. Samovarlarga odam sigʻmay ketdi. Ellikboshi allaqaysi goʻrda ekan, ot choptirib kelib qoldi. Uning soch-soqoli oʻsib ketgan, otdan tushiboq doʻkonimga oʻzini urdi.
— Qani, boʻl, soch-soqolni tarashlab qoʻy!

Boʻyniga lungi bogʻlab yuziga sovun surdim, ustarani qayishga ishqab turganimda ikki yelkamga shayton minib yoʻldan urdi. Kallamga kelgan oʻydan qoʻrqib ketdim. Qaltiradim. Ellikboshi pishqirib baqirdi:
— Muncha imillaysan. Boʻl tez!

U, kursi suyanchigʻiga boshini qoʻyib, shipga qarab oʻtiribdi. Koʻzimga ha deb, boʻrtib chiqib turgan kekirtagi koʻrinaverdi. Undan koʻzimni olib qochaman deyman, eplayolmayman. Iyagini chap qoʻlim bilan yuqoriga koʻtarib turib, shartta kekirtagiga ustarani botirganimni bilaman. Ellikboshi xirilladi. Toʻgʻrida turgan oynaga qon otilib sachradi. Navbat kutib turganlar gur etib koʻchaga qochishdi. Ellikboshi oʻrnidan turib ketdi, xirillab-xirillab ostonaga yetganda yiqildi.

Kampirning yuzlari bujmayib ketdi. Nursiz koʻzlari bir dam yalt etdi-yu, yana boyagicha xiralashib qoldi.
— Shu toʻpolonning ustiga qoʻsh otli izvoshda hokim toʻra kelib qoldi. Mirshablar qoʻl-oyogʻimni bogʻlab avaxtaga olib ketishdi. Poytuqda sud qilib kesib yuborishdi. Sibirga qarab ketyapman, koʻzimga bolalarim koʻrinadi.

Kampir derazadan tashqariga qaradi.
— Oʻshandan beri endi poezdga tushishim. Mana shu yerlardan oʻtgandim. Qarang, boshqacha boʻlib ketibdi. Dashti-biyobon edi oʻshanda. Qamoqqa tushganimga bir yildan oshganda sud qilishgan edi. Inqilob boʻlganini poezdda eshitgandik. Poezd Toshkentda bir hafta turib qolgandi. Oq poshsho taxtdan tushib, uzoq-yaqinda toʻs-toʻpolon boʻlayotgan ekan. Rabochiylar hamma vagonlarning eshigini ochib yuborishdi. Toʻrt kishi boʻlib oʻn sakkiz kun deganda goh aravada, goh piyoda yurib Poytuqqa yetib kelganmiz.

Kelsam uyim kul tepa boʻlib yotibdi. Bolalarim har tarafga tarqab ketishibdi. Dunyo koʻzimga qorongʻi boʻlib ketdi. U yoqqa yugurdim, bu yoqqa yugurdim, toʻrttasini topib keldim, uch bolam oʻlib ketgan ekan. Yigʻladim-siqtadim. Qandoq qilaman, odam bolasi har baloga koʻnaverar ekan. Qolganlarining umrini bersin, deb shukur qildim. Oʻzim loy qorib bir kulbani tikladim. Doʻkon ochsam, qoʻrqib hech kim soqol oldirgani kelmadi. Doʻkonni yopib Poytuqqa qatnab hammollik qildim. Ish boʻlmagan kunlarda toʻnka kavlab oʻtin qilib sotdim. Oʻsha kezlari qishloqda har kun bosqin. Ellikboshining kuyovi bosmachiga chiqib ketgan ekan, mening payimga tushib qoldi. Kechalari mijja qoqmay tiq etsa eshikka qarab yotaman. Bir kuni qizimni yonimga olib, Poytuqqa tushib ketgan edim; kelayotib Chuvamani bosmachi bosdi, deb eshitib qoldim. Qizimni yetaklaganimcha halloslab yugurdim. Uzoqdan, daraxtlar orasida tutun burqsiyapti. Qoʻrqib ketdim. Kelsam uyim yonyapti. Jinniga oʻxshab qopman. Oʻzimni hovliga urdim. Katta oʻgʻlim ayvonda, oʻrtancham ariq boʻyida qonga belanib yotibdi. Turgan joyimda qotib qolibman. Kenjam tutga chiqib olgan ekan, yigʻlashini ham bilmaydi, gapirishini ham. Faqat iyagi qimirlaydi, xolos.

Kampirning koʻzidan yosh dumalayverdi, dumalayverdi. Hammaning dili vayron boʻlib ketdi. Uni yupatishga hech kim soʻz topolmasdi. Uning dardini yengillatadigan soʻzni inson bolasi hali yarata olgani yoʻq. Hech kimdan sado chiqmasdi. Faqat vagonning bir maqomda tebranishidan chiqayotgan taraq-turuq hokim edi. Bu oʻngʻaysiz holdan yana kampirning oʻzi qutqardi. U boshidan oʻtgan mudhish kunlarni eslayverib koʻnikib ketganidan boʻlsa kerak, ortiqcha hayajonlanmay hikoyasini davom ettirdi.
— Sabr qilmay ilojim qancha. Chidadim. Qolganlarining umrini bersin deb yana yashab ketdim. Ikki bolam katta boʻlib boʻyga yetib qolishdi. Tirikchilik boshqacha boʻlib ketdi... Toʻrt yil selsovetga, uch yil kolxozga raislik qildim. Qizimni kuyovga berdim. Nevara koʻrdim. Oʻgʻlim ham kap-katta yigit boʻlib qolgan edi. Yurt qatori urushga joʻnatdim.

Kampir entikdi. Stakandan choy hoʻpladi. Qoʻli titrayotganidan darrov hoʻplayolmadi. Koʻzidan oqqan yosh choyga tomdi. Quyuq jigar rang choy yuzida uning tiniq koʻz yoshi bir doira yasadi-da, keyin aralashib ketdi.
— Kelmadi. Kenjaginam kelmadi. Tuprogʻini koʻzlarimga surolmay qoldim. Shuncha bola tugʻib, qum qisimlagandek quruq qoʻl bilan qolaverdim.

Zabunlikda qoldim, telbaman, telbaman, bolalarim. Gohida gapdan adashib ketaman. Tushlarimda oʻrnimdan turib ketib koʻchaga chiqqanda uygʻonib qolib qoʻrqib ketaman. Nevaram kuyovga chiqqanida notob edim, toʻyiga borolmadim. Oʻgʻil koʻrdi ham, borganim yoʻq. Mana suratini yubordi. Shu suratni koʻrdimu, oromim yoʻqoldi. Eski yaralarimning koʻzi ochilib ketdi. Yana telbalikka tushib qoldim.

Kampir suratni qoʻliga olib tikilib qoldi.
— Xuddioʻzi, Kenjaginamning oʻzi. Birtuki oʻzgamas... Surat qoʻldan-qoʻlga oʻtdi. Unda uch yoshlardagi jingalaksoch, burni yalpoqroq bola oʻyinchoq ot minib turardi.
— Shu suratni koʻrdimu, nazarimda Kenjaginam urushda oʻlmay shu atroflarda yurganga oʻxshay berdi. Hozir chevara koʻrgani emas, urushda yoʻq boʻlgan bolamni koʻrgani ketayotganga oʻxshayman. Keldik, shekilli. Bu qaysi istansa?

Kampir derazadan tashqariga qaradi. Poezd halloslab Toshkentga kirib kelayotgan edi.

Poezd xotinni Toshkentda qoldirib yana pishqirganicha oldinga intildi. Yoʻlovchilar derazadan bosh chiqarib bu ajoyib kampirga ehtirom bilan qoʻl silkib oʻtib ketishdi. Ularning har biri oʻtda kuymas, suvda choʻkmas xotinning qon va shon bilan yozilgan daftarini varaqlab ketishardi.

Sokin, osoyishta oqayotgan daryolarga shoʻngʻigan kishi uning tubida toʻfonlar borligini, qudratli oqim toshlarni qulatayotganini biladi. Qolgan umrini pisandasiz, shovqinsiz oʻtkazayotgan bu azamat xotinning qalbiga quloq solgan kishi ham suronli yillarning boʻronlarini eshitadi.

Kampir katta shahar koʻchasidan entikib-entikib chevarasini tezroq koʻrishga shoshib ketyapti. Chevarasi boʻlsa velosiped mingan bolaning ketidan changga belanib chopib yuribdi. Kampir kela solib bolani bagʻriga bosdi-yu, yotsirab yigʻlashiga qaramay u yuzidan, bu yuzidan choʻpillatib oʻpaverdi.

Ovqat vaqtida ham kampir boladan boʻshamadi. Ikki koʻzi unda. Oʻzi ovqat yedirib oʻzi yuvintiradi. Bola ham darrov unga elakisha qoldi. Bolalar shunaqa boʻladi: yaxshi gapirganga yopishadi. Kechasi bola buvisi bilan yotdi. Kampir uxlamadi. Yostiqqa tirsagini qoʻyib, unga tikilganicha tong ottirdi.

Uyqusiz bu kechada uning koʻnglidan ne gaplar oʻtdi ekan? Kim biladi, u tuproqqa bergan olti bolasining goʻdaklik yillarini eslagandir. Ularning beshigi tepasida tong ottirgan uyqusiz tunlarini koʻrgandir. Keksa qalbda nimalar borligini oʻzgalar ne bilsin!

Ne boʻlsa boʻldi. Oʻtganlar oʻtib ketdi. Ular qachonlardir boshqa odam boʻlib, qayta bosh koʻtarsalar ajab emas! Bugun kampir yoʻqotgan Kenjavoyi qayta tirilganini koʻrib turibdi. Demak, bu munis xotin dunyoda mevasiz daraxtdek yashagani yoʻq. Shu murgʻak bola uning ham oʻgʻli, ham nevarasi, ham chevarasi.

Kampir bolaga tikiladi. Koʻzlarida nimadir yiltiraydi. Bu alamli koʻz yoshimikin? Oʻlimlarga soʻz bermagan, boʻronlarda bukilmagan keksa ona qalbidan toshib chiqayotgan shaffof yolqinmikin?! YO nuri oʻcha boshlagan koʻzlariga koʻchgan bola istiqbolining yorqin shu’lasimikin?!

Tong ota boshlagan subhisodiqda kampir chevarasining jingalak sochlariga termilib nimalarnidir pichirlaydi.

Yaqinroq kel, oʻquvchim! Uning lablariga qulogʻingnn tut!

Tabarruk onaning duosini olib qol!