OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiChoʻl burguti (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm35KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Choʻl burguti (hikoya)
Said Ahmad

I

Choʻl burgutini izlab Oltiariqdan Yozyovonga otda joʻnadim. Hali quyosh botmagan, uning kechki qizgʻish nurlari barglari sargʻaygan oʻriklarni, terak uchlarini lovillab yondirayotgandek. Osmon koʻm-koʻm, ufqda xuddi atayin boʻyab qoʻygandek, qip-qizil bulut parchasi sudralib yuribdi.

Kanal koʻprigidan oshib, choʻl tomonga jilovni burdim. Ot negadir tixirlik qilib, yurmay turib oldi. Jonivor bir-ikki qamchidan keyin ham oldinga jilish oʻrniga orqasiga tisarilib, taysallardi. Jahl ustida qamchi bosmoqchi boʻlib qoʻl koʻtargan ham edimki, kimdir qichqirdi:
— Oʻgʻlim, jonivorni sugʻoring. Koʻrmayapsizmi, suvga intilyapti.

Oʻgirilib qaradim. Suv labida belbogʻiga yuz-koʻzini artayotgan oltmish yoshlardagi qariyaga koʻzim tushdi. U shundoq yuvosh otni besabab qamchilaganimga achingandek, ildam yurib kelib jilovdan oldi. Pastga tushdim. U ot jilovidan ushlab, qirgʻoqqa yetakladi. Ot oldingi oyoqlarini loyga botirib, tumshugʻini suvga tiqdi. U har zamon-har zamonda bosh koʻtarib, menga qarab qoʻyadi-da, yana suvga intiladi. Uning bu harakati chanqaganimni bilmading-a, deb ta’na qilayotgandek tuyuldi. Jahl ustida qamchi bosganimda eti dirillab ketganini eslab, koʻnglim ranjidi.
— Yoʻl boʻlsin, safaringiz qay tomonga? — dedi chol otni qaytarib chiqqach.
— «Paxtakor»ning «Gʻalaba» uchastkasiga.
— Undoq boʻlsa, yoʻlni oʻng tomonga soling.

Cholga minnatdorchilik bildirib, yoʻlga tushdim. Atrof biy dala. Quyosh botib, poyonsiz choʻl birdan huvillab qoldi. Ufqdagi boyagi qizil bulut asta kengayib, birpasda butun osmonni egallab oldi-da, taqir choʻlni qizgʻimtir xira parda orasiga oʻrab qoʻygandek boʻldi. Kimsasiz choʻlda Choʻl burguti bilan uchrashuv haqida oʻylab ketmoqdaman. Nazarimda, Choʻl burguti deb atalgan kishi yuzlarini shamollar qoraytirgan, yaqinida turgan odamga ham xuddi olisdan qarayotgandek koʻzlarini qisib, boʻynini bir tomonga egib boqadigan, birov bilan koʻrishgani qoʻl uzatganda shamolga qarshi uchishga hozirlanib, qanotini yozib, oldinga intilib turgan burgutga oʻxshash bahaybat bir kishi boʻlib koʻrinardi. Mening bu fikrimni tasdiqlayotgandek, ot boshini silkitib qoʻyadi.

Kissamdan papiros olib, harchand gugurt chaqaman desam ham, eplay olmadim. Ot dupurini eshitib, jilovni tortdim. Yuz qadamlar chamasi orqada otliq kelardi.
— Gugurtni hovuchingizning orasiga olib chaqing, yigit. Choʻl shamoli oʻjar boʻladi.

Cholni tanidim. U boyagi yoʻl koʻrsatgan kishi. Otlarimiz baravarlashganda, jilovni boʻsh qoʻyib yubordim.
— Xizmat, oʻgʻlim? Sizni Yozyovonga qaysi shamol uchirdi?
— Choʻl burgutini koʻrgani kelyapman.
— Ha! Koʻrsa arziydigan yigit. Burgut deganicha bor.
— Taniysizmi uni?
— Bu atrofda uni tanimaydigan odam yoʻq. Bu choʻllarda u yonboshlamagan tepa, otining tuyogʻi tegmagan soy qolmagan. Olov bola. Choʻlda ot choptirib kelayotganini koʻrsangiz toʻnining ikki bari shamolda hilpirab, xuddi burgut qanot qoqib uchib kelayotgandek. Gʻayratini aytmaysizmi, qoni tomiridan toshib chiqib ketayotgandek. Nimaga qoʻl ursa, gullatadi. Qoʻli gul deb shuni aytsa boʻladi. Kanalning berigi tomonidagi yerlarga koʻzingiz tushdimi? Ha, balli. Burgut obod qilgan. Hozir oʻsha yerga klub qurilyapti. Juda gashtli yer boʻlgan-da. Burgutning yigitlari shu atrofdan ellik gektar yer ochib, mevazor qilishdi. Uch yil boʻldi. Ha, uch yil boʻldi, choʻlning qoq oʻrtasidan yer ochgani bola-chaqasi bilan chiqib ketganiga.
— Burgut asli shu yerlik yigitmi, yo koʻchirmami? Chol ancha vaqtgacha jim qoldi. Tuyoq tovushiga quloq solib bir muddat yoʻl yurganimizdan keyin savolimga javob qaytardi.
— Burgut shu yerning bolasi. Yoshligida ham oʻt-olov edi. Frontga ketmasidan oldin qishlokdagi Oynisa degan bir qiz bilan don olishib yurgan edi. Ikkovi ahdu paymon qilishib, gapni bir joyga qoʻyishgan yili urush boshlanib, Burgut frontga ketdi. Shu ketgancha undan xat-xabar boʻlmay qoʻydi. Qiz kutib-kutib, oxiri oʻzimizning qishloqlik Nu’monjon degan bolaga tegdi. Oradan sal oʻtmay urush tugab, Burgut qaytib keldi. Qarasa, qiz erga tekkan. U chamadonini samovarda qoldirib, toʻppa-toʻgʻri Nu’monjonning uyiga bostirib bordi. Er-xotin hovlidagi soʻrida choy ichib oʻtirishgan ekan. Burgut, he yoʻq, be yoʻq, qizning qoʻlidan ushlab koʻchaga yetaklab qolsa boʻladimi, koʻchaga yigʻildi odam, yigʻildi odam! Qariyalar nasihat qilishdi, qani endi unga gap uqtirib boʻlsa, yoʻq. Oʻjarligi tutib, tavba, ikki yarim oylik kelinchakni oʻz uyiga yetaklab ketsa boʻladimi! Shu, desangiz, qiz ham jon deb turgan ekan, oldiga tushib, pildirab ketaverdi. Bir haftagacha Nu’monjon Burgutning uyi atrofida oʻralashib yurdi. Eplolmadi. Rayonga borib, u yoq-bu yoqqa arz qilmoqchi boʻldi, boʻlmadi. Zoʻrlikni qarang-a! Qishloqchilik emasmi, Nu’monjon soddalik qilib, kelin bilan hali ZAGSdan oʻtmagan ekan. Uning gapiga hech kim quloq solmadi. Tavba!

Oʻsha kezlari Burgut bosar-tusarini bilmay, medallarini jaranglatib, oʻtganning oʻrogʻini, ketganning ketmonini olib yurdi. Yoʻq, sal fursatda insofga kelib, ishga shoʻngʻib ketdi. Ammo lekin, dimogʻ baland. Birov buyurgan ishni qilmaydilar. Brigadirni pisand qilmay, bir chekkada oʻziga yer ajratib olib, ketmon chopib yurdi. Ketmoni qanaqa deng, temirchining miyasini achitib, tepasida turib barkashdek qilib yasatib olgan. Raisimiz esli bola. Aldab-suldab Burgutni yoʻlga soldi. Oʻzi ham yaxshi gap bilan ilonni inidan chiqazadigan xilidan. Kolxoz qizlari bir kuni qiziqchilikka ketmonining sopiga isiriq bogʻlab ketishibdi, degan bir gap ham boʻlgan edi chogʻimda. Oʻsha yiliyoq Burgut kolxozda nom chiqarib, Ikromjonning oʻrniga brigada boshligʻi boʻldi. Kelasi yil, orden olib, qurultoyga ham borib keldi. Yopiray, qurultoydan keldi-yu, boshqa odam boʻldi-qoʻydi. Choʻlga ot solgani solgan. Oʻziga oʻxshagan yigitlarni ham choʻlga boshladi. Rabbimsan, deb chunonam ketmon chopishdiki, hash-pash deguncha allaqancha yerni choʻldan yulib olishdi. Shu, nazarimda, Burgutning yuragi tanasiga sigʻmayotganga oʻxshaydi. Choʻlni siqsam, tanobini tortsam, deydi. Gʻayratingga balli-e, azamat!

Oʻtgan yili gektaridan qirq ikki yarim tsentnerdan paxta bergan brigadalar Burgut yer ochgan oʻsha choʻldan obroʻ topishdi-da.
— Nu’monjon nima boʻldi, keyin uylandimi?
— Ha, Burgut oʻgʻil bolalik qildi. Toʻyiga ikki boʻrdoqi yetaklab bordi. Kuyovnavkarda ham Nu’monjonning yonida oʻtirib, rosa qiziqchilik qilib, odamlarni kuldirdi. Hozir Nu’monjon Burgutning brigadasida.
— Xotinini undan qizgʻanmaydimi?
— Avvallari qizgʻanardi. Hozir bir oʻgʻli, bir qizi bor. Nu’monjonga quda boʻlamiz, deb tegishgani-tegishgan.

Choʻl oʻrtasidagi yoʻl ikkiga boʻlinib, chol otining jilovini tortdi.

Cholning jilov tutgan oʻng qoʻlining ikkita barmogʻi qoʻshaloq bitib qolganini koʻrib qoldim.
— Oʻgʻlim, men bu yoqqa ketaman. Endi yoʻlni otning oʻzi topib ketaveradi. Xayr, oʻgʻlim. Burgutga mendan duo deb qoʻying.

Chol bilan xayrlashdik. Toʻppa-toʻgʻrimdan oy koʻtarildi. Boyagi qizil bulutlar endi sargʻimtil tusga kirib, koʻz oldimda rangini oʻzgartiraverdi-da, birdan sinkaga solgandek zangori rangga boʻyaldi. Oy juda tez balandlab, hamma yoqni havoyi bir tusga gʻarq qildi. Yerga ursa koʻkka sachraydigan ajoyib tabiatli Choʻl burguti bilan uchrashishga oshiqdim. Bechora ot yana bir marta qamchi yedi-yu, haloskori choldan ajraganiga afsuslangandek boshini sarak-sarak qilib, ildam yurib ketdi. Shu oy nuriga gʻarq boʻlgan choʻllarda Burgut parvoz qilib yurgandek, oy ham uning qadami tekkan yerlarni koʻz-koʻz qilmoqchi boʻlgandek, yanada ravshanlashayotganga oʻxshardi.

Burgut haqida kitob yozib, uning butun qiliqlari, nuqson va fazilatlarini tasvirlab, mana shu bepoyon choʻlning peshonasidagi asriy shoʻrni yuvib, zoʻr hosil olishiga oʻquvchini ishontirib boʻlarmikin?

Shunday xayollar bilan «Gʻalaba»ga yetganimni bilmay qoldim. Hali atrofga devor olinmagan yangi uyda yoshi oʻttiz beshlarga borgan, nihoyatda koʻhlik bir juvon meni kutib oldi. Bu Burgutning xotini edi.
— Punktdalar, paxta joʻnatyaptilar, halizamon kelib qoladilar.
— Yaxshi uy boʻpti, atrofga devor olsanglar juda shinam hovli boʻladi, — dedim.

Juvon kuldi.
— Rahimjon akangiz shundoq katta choʻlga sigʻmaydila-ru, hovliga devor olarmidilar.

Dahlizdan oyoq tovushi keldi. Birpasdan keyin past boʻyli, ozgʻin, koʻrimsizgina bir yigit kirdi. Bu yigit Burgutni yoʻqlab kelgan gumon qilib, yoʻl yurib charchaganimdan, u bilan bosh irgʻab yengilgina salomlashib qoʻya qoldim.

Juvon gap qotdi:
— Rahimjon aka, mehmon sizni yoʻqlab keptilar.

Gapning ochigʻini aytsam, juda ham hafsalam pir boʻldi. Yoʻl boʻyi ming xil xayollarga borib, afsonaviy pahlavonlarga oʻxshatib zavqlanib, havas qilib kelgan Burgutim har kuni koʻrib yurgan oddiy kishilarday, jussasi ham, yuzi ham, koʻzi ham, qarashlari ham oddiy, pachaqqina bir yigit boʻlib chiqdi.

Burgut mening kayfiyatimni sezib turgan ekan shekilli, qoʻl berib koʻrishayotganda panjalarimni shunday siqdiki, burgut changaliga tushgan joʻjadek chiyillab yuborishimga oz qoldi.
— Juda soz boʻpdi-da kelganingiz, gaplashib yotamiz. Buguncha ish bitdi. Endi otamlashsak boʻladi.

Osh ustida gapga solsam, oʻzi haqida uncha-muncha gapirib berar deb oʻylagan edim. Yoʻq, u juda kamgap odam ekan. Uzi haqida bir ogʻiz ham gapirmadi. Faqat «Daydi» kinofilmining ikkinchi seriyasini koʻrmagani, u yogʻida nima boʻlishini bilmay qolganini afsuslanib aytdi.
— Choʻlga qachon kelganingizni, qanday qilib choʻlni obod qilganingizni aytib bersangiz?

U kuldi. Oriq panjalari bilan peshonasini uqalab, koʻz qiri bilan menga qarab qoʻydi.
— Qandoq desam boʻlarkin? Shundoq choʻlga chiqdigu, bir tomondan traktor solib, koʻpchilik boʻlib ketmonni chopib ketaverdik. Shu!

Uning bu gapidan kamtarlik qilyapti, deb oʻyladim-da, yana soʻradim:
— Axir, shu ishlar osongina boʻlmagandir?
— Mehmon degan unaqa sergap boʻlmaydi, — dedi u ayyorcha kulib. — Ertaga oʻzingiz koʻrasiz. Bolalar aytib berishadi. Charchagandirsiz, yoting.

Undan oʻzi haqida tayinli bir gap olish qiyin ekanligiga ishonganimdan keyin, yostiqqa yonboshladim. Choʻl burguti chiroqni pasaytirib, narigi uyga chiqib ketdi.

Nazarimda, u uydan chiqdi-yu, qanot qoqib, oy nurida yashnab yotgan choʻl osmoniga uchib ketgandek boʻldi.

Uyqum qochdi, fikr-xayolim Choʻl burgutida. Nahotki, oddiy kichkinagina jussada burgut qalbi, burgut parvozi boʻlsa? Nahot, u burgut yetolmagan fazolarda ucha olsa?

Shu kecha choʻl tongi yorishib kelayotgan subhisodiqda, ulugʻ niyatlar insonni ulugʻ istiqbol sari qanotlantirishiga, Choʻl burgutiga ham qanot bergan mana shu niyatlar ekaniga iqror boʻldim.

II

Ertalab nonushta vaqtida Nu’monjon kelib qoldi.
— Ha, Toʻpponcha, nima qilib ivirsib yuribsan?
— Mashina qaysi uchastkaga borsin? Shuni soʻragani kelgandim.

Burgut uning qoʻliga bir piyola choy tutqazdi.
— Hali tayinlagan edim-ku!
— Hojimuqon hali yoʻl ochmagan ekan, mexanik bormayman deyapti.

Ularning suhbatidan hech narsa tushunolmadim. Faqat Burgut to nonushtagacha choʻlni shamoldek gir aylanib kelganini sezdim, xolos. Nu’monjon ketdi. Biz Burgut bilan tashqari chiqdik. Kecha qorongʻida kelib choʻlning nimaligini bilmagan ekanman. Oʻn uchta yangi oq imorat. Nariroqda tepasi shiyponli idora, uylar oldidagi qator ekilgan yosh teraklarning bargi qahrabodek sap-sariq. Artezian qudugʻidan chiqarilgan suv boʻy baravar balandlikdagi quvurdan shaldirab oqib yotibdi. Undan narida tepasi tol bilan omonatgina yopilgan saroy ichiga selitra toʻkib qoʻyilgan, ikki-uch bochka kerosin, qoplangan tsement, gʻisht, taxta, xodalar uyib tashlangan. Shiypon oldida Markaziy Fargʻona steptorgining avtolavkasi turibdi. Uning bir gʻildiragi oʻrniga gʻisht taxlanib, oʻqiga tirgovich qilib qoʻyilgan. Oq xalat kiygan sotuvchi vagʻillab turgan primus ustida bugʻ purkayotgan mis choynakka choy damlayapti.

Burgut lavkaga bosh suqib qaradi. Polkalarda son-sanoqsiz aroq, vinolar, pachka-pachka mayda tuz terib qoʻyilgan. Qizlarning sochiga taqiladigan har xil lenta, ustiga zar qoplangan sigara, yelpigʻich, upa, fotouvelichitel kabi mollar toʻlib-toshib yotardi.

Sotuvchi nimadir demoqchi edi, Burgut qoʻl siltadi.
— Doʻkonni bekiting. Tuz choʻlda ham koʻp. Upa qoʻyishga xotinlarning hozir qoʻli tegmaydi. Yelpigʻichsiz ham shabada boʻlib turibdi. Aroqni boʻlsa kechqurun maydalasharmiz.

Burgut idora tomondan kelayotgan Nu’monjonni imlab chaqirdi:
— Bu kishini ola ket. Doʻkonni kechqurun ochadi. Bir gramm tersa ham harna-da!

Burgut xijolat boʻlgandek qoshini kerib menga qaradi.
— Mehmon, ishimiz qiziq boʻldi-ku. Sal bemavridroq kelib qoldingiz-da. Uyimiz betta boʻlgani bilan, paxtamiz olti kilometr narida. Shu turgan yerimiz kelasi yilga borib choʻlning tsentri boʻladi. Men bilan yursangiz, charchab qolasiz. Yaxshisi, Toʻpponcha polvon bilan ketavering. Hojimuqonning yerida uchrashamiz.

Burgut otga minib qaygadir ketdi. Biz Nu’monjon bilan yoʻlga chiqdik.

Ot-arava, mashina shibbalab yuborgan tekis yoʻldan sal yurganimizdan keyin orqamizdan sotuvchi yigit halloslab yetib keldi. To u kelguncha gapimiz qovushmay turgan edi. Gapni nima va kimdan boshlashimni bilmay jimgina borardim. Tanish-bilish yoʻq. Burgutdan gap aylantiray desam, Nu’monjonning koʻngliga qattiq botmasmikan, deb xijolatda edim. Toleimga sotuvchi sergapgina yigit ekan. Yoʻl boʻyi ogʻzi tinmay steptorgning inspektoridan shikoyat qilib bordi.
— Nafsi buzuq odam. Jindek choʻzib qoʻymasang, molning yaxshisini ololmaysan. Aka, oʻzingiz oʻylang, kichkina doʻkon boʻlsa, xaridorning soni yigirmadan oshmasa, bozor yaqin boʻlmasa, axir, bola-chaqali odammiz.

Nu’monjon yumshoq koʻngil, qizdekkina yigit ekan. Uning qaddi-basti, xatti-harakatlari dehqondan koʻra sartaroshga koʻproq oʻxshab ketardi.

Oyoq tovushlari yengil, gapi ham muloyim, qalin qora qoshlari ostidagi sargʻimtil qoʻykoʻzi hamisha kishiga kulib turgandek. Uning shu topda yonimda pildirab borishi choʻlda ketayotgan ojiz chumoliga oʻxshab, sira manzilga yetolmaydigandek koʻrinadi. Buning nimasi toʻpponchaga oʻxshaydi, tavba.

Uzoqdan tutun burqsidi. Bu tutun bir zumda tarqab, uning oʻrnida yonboshlab qolgan terim mashinasi koʻrindi.
— Bir balo boʻpti, — dedi Nu’monjon besaranjom boʻlib. — Burgutdan baloga qolamiz, qani, yuguringlar!

Uning muloyim qoʻykoʻzlari dumaloqlashib, boʻrining koʻziga oʻxshab, koʻkimtir tusga kirgandek boʻldi. U choʻl oʻrtasida shamoldek oldinga yugurib ketdi, boya chumolidek uvoq koʻringan qizdek yigit, endi kiyikdek yel quvib oldinda uchib borardi.

Biz halloslab yarim yoʻlda qolib ketdik. Kechasi koʻp chekkanimdan boʻlsa kerak, yuragim gupillab urib, tilim ogʻzimga sigʻmay qoldi.
— Toʻpponchaning oʻqiga oʻxshaydi-ya! — deya oldim entikib. — Toʻpponcha polvon deganicha bor ekan.
— Bu Burgutning qoʻliga tushgan quyon — sher, chumoli - fil boʻlib ketadi.

Mashina toʻxtagan yerga yetib keldik. Yomgʻir suvi halqob boʻlib qolgan chuqurlikda mashinaning bir gʻildiragi botib qolibdi. Mexanik-haydovchi yarim soatdan beri chiqazolmay, motorni guvillataverib, yonilgʻini tugatayozgan ekan. Nu’monjon sotuvchini orqaga qaytardi.
— Aravada yonilgʻi olib kel!

Yigit ensasi qotganidan gardanini qashib, kamhafsalalik bilan orqaga qaytdi. Nu’monjon esa etigini shaloplatib botqoqqa tushdi-da, xijolat boʻlgandek menga qaradi.
— Mehmon, kemaga tushganning joni bir. Qani, potinkani yeching. Bir ha-halashib yuboraylik.

Tizzadan loy kechib uning yoniga bordim. Nu’monjon ingichka oyoqlarini yerga qadab, yelkasini mashina qanotiga tiradi.
— Qani, hayda!

Motor gurillab, mashina oldinga intildi. Intildi-yu, keyingi chap gʻildiragi turgan joyida pildirab aylanib, aft-basharamga loy purkab yubordi. Nu’monjon boʻgʻiq ovoz bilan yana bir marta «hayda» deb mashinaning chap qanotini ozod koʻtardi. Mashina orqasiga tutun qaytarib, oldinga lapanglab siljidi.

Bu yigitda shuncha kuch borligiga hayron qoldim. Axir, u shuncha ogʻir mashinani yelkasi bilan itarib, yoʻlga chiqarib qoʻyganini oʻz koʻzim bilan koʻrib tursam ham bunga sira-sira ishongim kelmasdi. Nahot, shu uvoqqina jussada shunchalar katta, ishonib boʻlmas pahlavon kuch yashirinib yotgan boʻlsa. Buni «Toʻpponcha polvon» deb bekorga aytmagan ekanlar.

Nu’monjon toʻnining bari bilan yuz-koʻziga sachragan loylarni artib boʻlib, menga iljayib qaradi.

Uning koʻzlari biram muloyim, biram yoqimli. Har qanday tosh yurakni ham eritadigan ajoyib koʻzlar edi!

Bu yigit men tasavvur qilgan choʻl yigitlariga sira oʻxshamasdi. Nozik barmoqlari faqat dutor chertishga, sabza urgan moʻylovlari ostida kulishga hozirlanib turgan lablari faqat jonon qizlarning yuzidan boʻsa olishga yaratilgandek koʻrinardi. Kishining tashqi qiyofasi ba’zan intilishlariga, fikr-oʻylariga qanchalik qarama-qarshi boʻlishiga endi ishondim.

Mashina ortidan ergashib, tayin qilingan yerga keldik. Oppoq ochilib yotgan gʻoʻzalar orasidan «Alif-Laylo»dagi koʻzachadan chiqqan Ahraman devdek baland, har yagʻriniga bittadan odam minsa boʻladigan oʻttiz besh yoshlardagi norgʻul yigit mashinaga qarab kelardi. Uning uzun chakmoni daraxtga sholcha yopib qoʻyganga oʻxshardi.

Qosh va kipriklari sariq, ammo oʻziga juda ham yarashib tushgan moʻylovi, negadir, lokdek qop-qora edi. Moʻylovini boʻyasa kerak, deb dilimdan oʻtkazdim.
— Hojimuqon shu boʻladi.

Hojimuqon ildam yurib kelib, xuddi yosh bolani koʻtarishga chogʻlangandek, engashib, ikki bukilib Nu’monjon bilan koʻrishdi. Uning oldida Nu’monjon xuddi dadasiga talpingan yosh bolaga oʻxshab koʻrinardi.
— Ha, Toʻpponcha, muncha hayallab qolding?

Uning ovozi qulogʻimga momaqaldiroqqa oʻxshab eshitildi.
— Mashina loyga tiqilib qolgan ekan, chiqazguncha sal toʻxtalib qoldik.

Mashina yangi ochilgan yerdan egatga kirib ketdi. Hojimuqon devqadam bilan uning orqasidan ergashdi. Atrofga qaradim. Bu yerlar qaerdan suv icharkin, deb hayron boʻlib Nu’monjondan soʻradim.
— Fargʻona kanalidan olamiz. Suv masalasidan nolimasak ham boʻladi. Ariq qaziydigan yangi mashina chiqqan. Ovozini eshityapsizmi?

Nu’monjon kunbotar tomonga qarab quloq soldi.
— Kelasi yili huv oʻsha tomondan qirq gektar yer ochamiz. Shunda yerimiz Qoʻshoq otaning yeri bilan tutashadi.

Kecha otimni sugʻorib bergan cholning ikki barmogʻi qoʻshaloqligi, ayrilishga kelganda chol oʻsha tomonga burilganini eslab, Qoʻshoq ota degani shu kishi boʻlsa kerak, deb gumon qildim.

Terim mashinasi egatning boshiga yetib, yangi ariqdan qaytdi. Brezent palatkadan chiqqan oʻrta yashar bir xotin sochini boshiga turmab, mashina ketida kelayotgan Hojimuqonga qoʻl siltadi. Keyin oʻsha tomonga gʻoʻza oralab, yugurib ketdi.
— Hojimuqonning xotini. Juda ham gapga bichganda. Qofiyali qilib gapiradi. Ammo Hojimuqon shu gavdasiga xotinidan oʻlgudek qoʻrqadi.

Oʻsha palatkadan yoshi yigirma beshlardagi suluvgina bir ayol chiqdi-da, Nu’monjonga qaradi.
— Choy ichib olinglar!

Keyin u fartugini boʻyniga ilib, boyagi xotinning orqasidan yugurdi.
— Bu kishi bizning «malikai dilozor» boʻladilar, — dedi Nu’monjon kulib.
— Siz ham xotiningizdan qoʻrqasizmi? Nu’monjon gardanini qashidi:
— Dunyoda xotinidan qoʻrqmaydigan odam ham bor ekanmi?

Palatkaga kirib, endi bir piyoladan choy xoʻplagan ham edikki, ot choptirib Burgut kelib qoldi. Vajohatidan hozirgina birov bilan urishib kelganga oʻxshardi.
— Ha, Burgut, turq-tarovating boshqacha, bir gap boʻldimi? — deb soʻradi unga piyola uzatarkan, Nu’monjon.
— Kartinkangdan oʻrgildim! Kechadan beri sarson qiladi-ya. — Uning gapiga tushunolmay bir-birimizga qarashib oldik.
— Sochiga taroq tegmagan, ikkita kalta shimlik olifta bir mashina ashqol-dashqol bilan kepti. Kartinkaga olaman deb, u yoqqa qarasam ham durbinini toʻgʻrilaydi, bu yoqqa qarasam ham durbinini toʻgʻrilaydi.

Kecha raykom binosi oldida kinoxronikaning mashinasini koʻrganimni esladim.
— Tavba, oftob chiqayotgan tomonga qarab, chakkamga paxta qistirib, oʻng qoʻlimni koʻtarib turganimni kartinka qilarmish. Kartinka qilsang, artisingni ola kelmaysanmi! Mehmon, siz bilan Yogʻoch polvonning yerida uchrashamiz.

U choydan boʻshagan piyolani pildiratib bir irgʻitib ilib oldi-da, xayr, deb chiqib ketdi. Bir ozdan keyin choʻlning ufq bilan tutashgan yerida ot oʻynatib ketayotganini arang koʻzim ilgʻab qoldi. Nu’monjon ham boʻyniga fartuk ilib, mashina ololmay qolgan paxtalarni tera boshladi.

Paykal boshida yolgʻiz qolib, koʻz ilgʻamas paxtazorda javlon urib yurgan terim mashinasini tamosha qilib turdim. Shamol qulogʻimga allaqaerda shudgor agʻdarayotgan traktorning ovozini oʻxtin-oʻxtin uchirib keladi. Ariq qaziyotgan mashinaning boʻri uliganidek oʻkirishini bir dam olib keladi-da, yana qayoqlargadir surib ketadi.

Ot solib oʻtgan fotihlarning, qoʻngʻiroq chalib oʻtgan karvonlarning suroni uygʻotolmagan asriy mudroq choʻlni yangi odam jilovlagan poʻlat motorlarning zabardast turtkisi uygʻotgan edi.

Sotuvchi yigit aravada bir bochka kerosin olib keldi. Ikkovlashib bochkaga rezinka ichak solib, baklarni toʻldirib oldik.
— Mehmon, Burgut sizni Yogʻoch polvonning yeriga olib bor, deb tayinladi.

Aravaga chiqayotganimda mexanik yigit bunkerni boʻshatib, yonilgʻi olgani paykal chetiga chiqayotgan edi.

Egarga qiyshiq oʻtirib olgan yigit, yoʻl-yoʻlakay Burgutning yigitlarini ta’riflab ketdi.
— Burgutning yigitlari hali kurashda yelkasi yer koʻrmagan polvonlar. Hozir bu polvonlarga Fargʻona tomonda tarafkash yoʻq. Yogʻoch polvon deb nom chiqargan Miraziz oʻtgan yili parkentlik polvondan yiqilib qoldi. Burgut shundan keyin Yogʻoch polvonni brigadadan haydab yubordi. Oʻsha polvonni yiqitib kelmaguningcha, koʻzimga koʻrinma, deydi. Yoʻq, bultur kuzdagi paxta bayramida Fargʻonada kurash boʻlib, Yogʻoch polvon oʻsha polvonni charxpalak qilib yerga urdi-yu, yuzi yorugʻ boʻldi.
— Burgut uni brigadaga qaytarib oldimi?
— Oldi. Lekin bitta shart bilan oldi. Ketmon ishlatmay, paxtani mashinada ekib, mashinada terish sharti bilan. Hali borganda koʻrasiz. Har gʻoʻzalarki, bir tupidan bir koʻrpalik terib olaverasiz. Oʻzi ham antiqa odam. Hozir aytsam qizigʻi qolmaydi.

Soʻnggi marta xirillab nafas olayotgan bemordek shikoyatomuz gʻiyqillab borayotgan arava ustida tevaragi ufqqa tutashgan choʻlni tamosha qilib boraman. Bu uyqusi qochgan koʻhna pahlavon choʻl bilan bellashayotgan, xuddi shu choʻldek bagʻri keng, ammo navqiron, har qaysisi alohida kitobga qahramon boʻlsa arziydigan, biri biriga oʻxshamagan tabiatli yigitlarni koʻrayotganimga, ular bilan hamsuhbat boʻlayotganimga ich-ichimdan sevinaman.

Bu uchrashuvlarda ularning qiliqlarini, boʻy-bastlaridan tortib, koʻz qarashlarigacha yodda saqlab qolmoq uchun tikilib-tikilib qarayman.

Choʻl oʻrtasini devordek toʻsib oʻtgan doʻngni oshib oʻtganimizdan keyin yoʻl gavjum boʻlib qoldi. Har qadamda qurilish materiallari ortgan yuk mashinalari, ustiga bochka yuklangan brichkalar uzun yoʻldan ketma-ket oʻtib turardi. Ora-sira mototsikl patillab oʻtib qoladi-da, choʻl bagʻriga oʻkdek sanchilib, bir zumda yoʻq boʻlib ketadi. Boya Hojimuqonning yerida eshitilgan gurillagan tovush shu tomondan kelayotgan ekan. Ekskavator halqumini choʻzib, quyqa bosib qolgan zovurdan loy chiqazayotibdi. Choʻlning qoq oʻrtasida yonboshiga tuproq purkab kanavokopatel ariq qazimoqda. Uning tovushi goʻyo bahaybat bir mushuk muttasil oyna timdalayotgandek qiyqillaydi. Onda-sonda kurib qolgan oʻtlarni chimdib yurgan poda uchrab qoladi. Yoʻl yoqasidan artezian suvi shildirab oqib yotibdi. Undan tushgan shaffof suv tsement hovuzchadan toshib, yoʻl chetida koʻlmak hosil qilgan. Suv atrofida oʻsgan giyohlar hali koʻm-koʻk. Koʻlcha yuzida koʻy va echkilarning qumaloqlari suzib yuribdi.

Kolxoz podasi shu yerdan suv ichsa kerak deb oʻyladim.
— Choʻl qishloqqa shu tomondan tutashadi, — dedi hamrohim, qamchi dastasi bilan uzoqda sargʻimtil tusga kirgan daraxtlarni koʻrsatib.

Rayon markazidan yoʻlga chiqqanimda, choʻlga kolxoz yeridan oʻtib borsak kerak, deb oʻylagan edim. Bu oʻyim yanglish chiqdi. Hamrohim egarga yana qiyshiq oʻtirib oldi.
— Choʻl asli shu tomondan siqib kelinyapti. Boya siz koʻrgan Hojimuqonning yeri kolxoz ochadigan qoʻriqning oxirgi nuqtasi. Undan u yogʻi boshqa kolxozning zimmasiga tushgan.

Birdaniga choʻlning havosi oʻzgardi, erta kuz boʻlishiga qaramay, esib turgan ilimiliq shabada oʻrniga qandaydir dimoqqa xush yoqadigan, bogʻlardan esadigan yoqimli shamol kela boshladi. Hozir biz bir tomoni hali bezrayib yotgan choʻl, bir tomoni esa obod boʻlgan yerning hududida turardik.

Etagi olislarga choʻzilib ketgan choʻl toʻquvchi dastgohidagi tandaga, yangi obod boʻlgan joylar esa shu tandaning asta-sekin toʻqilib kelayotgan sergul matosiga oʻxshardi.

Shagʻal yotqizilgan yoʻlning ikki chetida hali usti yopilmagan bir qavatli binolar, xom gʻisht devoriga tol tashlab, ustidan tosh bostirib qoʻyilgan chala uylar, ba’zan shaxmat katagiga oʻxshagan tsement poydevorlar uchrab turardi. Bu yerlarda hali odam yashamay turib, yosh terak va qayragʻochlar allaqachon yerga parcha-parcha soya tashlab ulgurgan edi.
— Yogʻoch polvonning yeriga yetib qoldik, — dedi hamrohim, ot jilovini oʻng tomonga burib.

Biz yoʻl olgan soʻqmoqning boshi usti shox-shabba bilan yopilgan chaylaga borib qadalar edi. Chayla oldidagi xirmonda Burgut oftobga paxta yoymoqda. Taxminan oʻn besh gektar keladigan paxtazorning ikki tomonida ikki terim mashinasi gurillab yurib turibdi. To biz chaylaga yetib borgunimizcha yonimizdan oʻtib ketgan kul rang «Volga» mashinasi ustimizga chang yopirib, chaylaga yetmay toʻxtadi. Shamol changni bir zumda yerga yonboshlatib ketdi.

Mashinadan oʻrta yoshlardagi sal qorin qoʻygan, qalin qoshlari koʻzlarini tutib ketgan bir kishi tushdi. Orqa eshik ochilib, moʻylovli, ayolga oʻxshash bir yigit koʻrindi. Uning sochi orqasidan taralib peshonasiga kelganda yana tepaga qaytarib yuborilgan edi. Uning bu qiyofasi menga popishakni eslatdi. Ogʻzida mushtuk; egnida pochasi tor, kalta chiyduxoba shim. U fotoapparat tasmasini uzuk taqilgan barmogʻiga oʻrab olgan edi.
— Mana, oʻzingiz ayting, oʻrtoq partkom, sira u kishini koʻndirolmayapmiz, — der edi u qora qosh partkom yigitga.
— Xoʻsh, nima gap? — dedi partkom qanorga paxta joylayotgan Burgutning yaqiniga borib.
— Parvo qilmang, Mirjalil aka, mendan artist chiqmaydi.
— Yaxshi emas, atayin Toshkentdan kelishipti. Tez boʻl, u yoq-bu yogʻingni paratka qil. Qani, yanga, boyagi narsani bering!

Chayla orqasidagi bak ostiga oʻt qalayotgan Oynisa uning gapini yaxshi eshitmadi shekilli, oʻrnidan turib savol nazari bilan qaradi.
— Boyagi tugun qani?

Oynisa chayla tirgovichiga ilib qoʻyilgan kamzulining choʻntagidan shohi dastroʻmolga tugilgan narsani olib, partkomning qoʻliga berdi.

Burgut toʻniga ilashgan paxta tolalarini kafti bilan sidirib boʻlgach, doʻppisini tizzasiga urib qoqdi. Uning bu harakatlarini kuzatib turgan baland boʻyli, ozgʻin, qop-qora yigit gap qotdi:
— Qoshingga oʻsma qoʻyib qoʻyaymi? Yanga, upangizdan bering!

Bu gapdan Burgutning ensasi qotib, yer ostidan xoʻmrayib qaradi.

Partkom tugunchadan orden va medallarni olib Burgutning koʻkragiga taqa boshladi. To Burgutning «pardozi» bitguncha, kalta shimli yigit «Volga»dan kino apparatini olib chiqib, ularning yoniga keldi.
— Shu kishi nima desa gʻiring demay bajarasan. Xarish otga oʻxshab taysallamay, hap tursang-chi!

Burgut bilan operator paxtazorga kirib ketishdi. Operator yoʻlda qoʻshaloq ochilgan paxtadan uzib olib uning chakkasiga taqib qoʻydi. Butun kolxoz yigitlariga soʻz bermay choʻlda javlon urib yurgan burgutsimon bu odam ayni zamonda operator qoʻlida ming ohangga tushar edi. Goh oʻng qoʻlini koʻtarib terim mashinasini boshqarayotgan mexanikka nimalardir deb qichqirar, goh kunchiqar tomonga burgutga oʻxshab tolpinib qoʻyardi.

Oxiri u «artist»likdan zerikdi shekilli, qoʻl siltab, jahl bilan paykalga qaytib keldi. Uning ketidan ergashib kelayotgan operator norozi ohangda nimadir dedi. Burgut yana qoʻl siltadi.
— Ikki kundan beri shu kishining ketida ovoraman. Yana jinday qolgan edi-ya!
— Burgutni bir kunda ovlab boʻlmaydi. Ketidan ikki-uch kun choʻl kezish kerak, yaxshi yigit, — dedi boyagi tarashadek qotma novcha yigit.
— Shuni aytmaysanmi, Yogʻoch polvon.

Yogʻoch polvonni darrov tanidim. Uning suratini oʻtgan yili fizkulturachilar gazetasida koʻrgan edim. Respublika musobaqasida parkentlik polvonni yiqitib, Oʻzbekiston chempioni boʻlgan Asad polvon Ibrohimov shu kishi edi.

Partkom terim mashinasining mexanigiga «birpas toʻxta» degandek ishora qilib, paykalga chaqirdi. Boshqalarni ham chayla oldida toʻpladi.
— Qoʻshoq otaning qirqmasi rosa boʻlib beribdi. Mashinaga ikkita tashlab qoʻygan edi, birga baham koʻramiz.

Shofyor har biri koʻydek keladigan ikkita choʻl qovunini inqillab koʻtarib keldi-da, tizzalab sholchaga dumalatib yubordi.

Dasturxon ustida Yogʻoch polvonning ta’rifi boshlandi.
— Yogʻoch — odam! — dedi jiddiy turib Burgut. — Lavzli odam u. Oʻn sakkiz gektar yerni ketmon tegizmay mashinada qoyil qilib yubordi. Koʻryapsiz-ku, ikki mashinalab ham terib tamom qilib boʻlmayapti.

Men ham gapga aralashdim:
— Bu kishi ham xotinlaridan qoʻrqadilarmi?
— Be, — dedi Yogʻoch polvon qoʻl siltab, — gunoh qilgan yigit xotinidan qoʻrqadi-da! Biz hali gunoh qilganimizcha yoʻq. Nima deysan, Burgut?

Burgut boshini sarak-sarak qilib kuldi.
— Uch-toʻrt ulfat bir boʻlib, gapdan gap chiqib, «kim xotinidan qoʻrqsa, oʻrnidan tursin» degan taklif tushibdi. Shunda hamma oʻrnidan turibdi-yu, bir polvon yigit joyidan qoʻzgʻalmapti. Undan, nega turmading, 1 xotiningdan qoʻrqmaysanmi, deb soʻrashibdi. Polvon yigit nima depti, deng, xotinimning nomini eshitishim bilanoq ikki oyogʻim shol boʻlib, oʻrnimdan turolmay qoldim, depti.

Qotib-qotib kuldik.
— Bizning Yogʻoch polvon ham shunaqa polvonlardan, — dedi Burgut uning biqiniga turtib. — Ha, doʻst! Qoma-tingga qoyilman!

Yogʻoch polvon qizarib ketdi.
— Hech-da, ichadigan vaqtimda, rost gapi jindakkina qoʻrqardim. Oʻshanda ham hadeb mashmasha qilavergandan keyin yolgʻondakasi qoʻrqqanga oʻxshab turardim.

Qovundan keyin bir piyoladan choy ichib, hamma oʻz ishiga tarqadi.
— Burgut, ertaga mashinaning birini Qoʻshoqvoy otaga yubor. Yogʻoch polvonning paxtasi endi siyraklashib qolibdi. Mashina bekor turmasin. Oʻn uchinchidan koʻrak uzadiganini yuboraman.

Yogʻoch polvon yerga bir koʻz yugurtirib chiqdi-da, shundoq qilsak ham boʻlar ekan deb partkomning soʻziga rozi boʻldi.

Partkom ham, kinooperator ham ketdi. Burgut mashina orqasidan qarab turdi-da, iljayib qoʻydi.
— Mehmon, biz chiqqan kartinkani Toshkentda koʻradigan boʻldingiz. Biz tomonlarda ham koʻrsatar, deyman. Qoʻshoqboy otani olganda juda intrsniy chiqardi.

Xirmonda shamollatilgan paxtalar qanorlanguncha shu yerda boʻldim. Qishloqdan paxta ortib ketgani mashina keldi. Yogʻoch polvon qanorlarni xuddi yastuqdek yengil koʻtarib mashinaga irgʻitar, Burgut esa ularni epchillik bilan tortib olib, gʻisht taxlagandek kuzovga joylar edi. Qanorlar bir-biriga minib lapanglab qolguncha taxlandi. Burgut yerga sakrab tushib, shofyorga darrov qaytishini buyurdi-da, koʻkragida jaranglab turgan ordenlarni chiqazib, boyagi shohi roʻmolchaga tugib, xotiniga uzatdi.
— Olib qoʻy, plan toʻlgan kuni taqamiz endi.
— Endi menga javob bersangiz, Burgut, shu mashinada qishloqqa yetib olay, — dedim unga.
— Ie, biron kun qolmaysizmi? Ertaga Yogʻoch polvonning toʻyini qilamiz. Oshini yeb ketasiz-da!
— Shu bachkanaliging qolmadi-qolmadi-da. Yogʻoch polvon zarda bilan nari ketdi.
— Yogʻoch paxta punktidagi laborant qiz bilan nari-beri boʻlib yurar ekan. Xotini bilib qolib, uyiga kiritmay qoʻygan edi. Rosa yigirma kundan beri choʻlning qoq oʻrtasida majnun boʻlib, koʻylak-poʻylagini ham oʻzi yuvib yurgan edi. Oʻtgan kuni qazili osh qilib berishni boʻyniga qoʻyib, yarashtirib qoʻygan edik! Nasibangiz qoʻshilmagan ekan.
— Boʻlmagan gap, ishonmang bu gapga, mehmon. Sirtqi texnikumda oʻqiyman-da! Imtihonga yaqin qolganda laborant qiz, agrotexnikadan oʻzim oʻrgatib qoʻyaman, degan edi. Manovi bema’ni qayoqdagi gaplarni xotinimga aytib, urishtirib qoʻysa boʻladimi. Ahmoq boʻlib, yana oʻzi yarashtirib qoʻydi.
— Qoʻy-e, — dedi Burgut menga koʻz qisib qoʻyib, — bir balosi boʻlmasa, shudgorda quyruq na qilur. Ha, doʻst! Pismiqsan, Yogʻoch! Pismiqsan! — Burgut shu gapni aytib, tizzasiga urib, qotib-qotib kuldi.
— Mehmon, tagʻin shu gaplarni ham kitobga tirkab qoʻymang.

Ular bilan samimiy xayrlashib mashinaga chiqayotganimda Burgut, papiros chekmang, mehmon, yoʻlda pojarniy shtraf qiladi, deb tayinladi.

Mashina havoni kesib, bir tekis yelib choʻl oʻrtasida borar, men esa uchrashuvlardan olgan taassurotlarimni qay tartibda qogʻozga tushirishni oʻylab ketardim.

Mashina kecha Qoʻshoq ota bilan ajrashgan joyga kelganda quyosh etagiga botib, osmonning yarmi anor suvi sachragandek qip-qizil tusga kirgandi. Atrofda traktorlar, ekskavatorlar shovqin soladi. Ularning guldiraganini shamol choʻl boʻylab aylantirib ketadi.

Xuddi tepamda bir choʻl burguti bahaybat qanotini yozib, gir aylanib uchib yuribdi. Shovqinga toʻlgan choʻlda makonini yoʻqotgan bu sahro sultoni, qoʻnalgʻa topolmay, osmonda charx urib kezardi. Choʻlning asriy uyqusiny buzgan yer burgutlari endi uning koʻhna maskanini egallagan edilar.

Burgut qizgʻimtir koʻkda uzoq aylanib yurdi-da, oxiri bir-ikki marta umidsiz qanot silkib, quyosh botayotgan ufqqa qarab suzib ketdi.

1958