OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiChoʻl oqshomlari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm25KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/04
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Choʻl oqshomlari (hikoya)
Said Ahmad

Otalar va bolalar

Kattakon yer oʻchoq oldida bir qariya chirsillab yonayotgan oʻtga qarab jimgina oʻtiribdi. Ufqda anchadan beri kimxobdek koʻzni olayotgan olovrang shafaq suv purkagandek bir zumda oʻchdi-yu, choʻl ustini nim qorongʻilik bosdi. Olisda ikki traktor hamma yoqni ostin-ustin qilib vagʻillab yuribdi. Ularning faralari har zamon bir-birlari bilan toʻqnashib qilichdek chaqnaydi. Chol guldirakka quloq solib oʻchoqdagi oʻtdan koʻzini olmay hamon nimaningdir xayolini suradi. Nimani oʻylayotganikin? Kim biladi, uning koʻpni koʻrgan keksa xotirasiga nimalar keldiykin? Har bosgan qadami tarix, har aytgan gapi hikmat bu keksaning, eslasa arzigulik xotiralari bor. Koʻpincha u kechirgan kunlarini, qilgan ishlarini oʻzi gapirmasdi, boshqalar gapirishardi. Gapirganda ham oshirib-toshirib, qoʻshib-chatib gapirishardi. Shunaqa paytlarda u gapga aralashib, hoy bola, oshirma, toshirma, bosmachini bitta oʻzim yengmagandirman, boshqalar ham bordir, kolxozni bitta oʻzim qurmagandirman, boshqalar ham bordir, deb gap tashlab qoʻyardi-da, oʻzi oʻrnidan turib davradan chiqib ketardi.

Hozir u choʻl shamolida goh u yoqqa, goh bu yoqqa silkinib yonayotgan oʻtga qarab nimani oʻylab ketdiykin? Bolalarinimi? Nevaralarinimi? Toshboʻron boʻlib oʻlgan sambitdek singlisinimi? Qandoq qiz edi-ya! Bu tomonlarda hammadan oldin paranjisini tashlagandi. Shunaqa oʻt juvon edi. Nomard eri toshboʻron qildirdi. E, attang, marhuma tirik boʻlsa oltmishga kirarmidi...

Ot dukuri eshitildi-yu, xayoli boʻlindi. U bosh koʻtarib qaragan edi, oʻchoqdan sal nariroqda bir otliqni koʻrdi.
— Omonlikmi, qariya!— dedi yoʻlovchi uzangiga oyoq tirab egardan koʻtarilar ekan.

Chol shoshib oʻrnidan turdi-da, uning istiqboliga chiqdi.

Yoʻlovchi tizginni egar qoshiga omonat tashlab, ildam kelib cholning qoʻlini oldi. Hol-ahvol, omonlik soʻrashgandan keyin, chol uni berigi brezent chodirga boshlab kirdi. Chiroq yoqib uni oʻtqazdi.
— Yoʻllari boʻlsin, mehmon, oʻzlarini bu biy dalaga qaysi shamol boshlab keldi.

Yoʻlovchi boshidan qalpogʻini olib tizzasida taxlab, popugini oʻynab oʻtirdi-da, kulib qoʻydi.
— Usi jerde maqta ekib jatqan bir jigit ovulimdi bespokoysa qilib jatir. Aynalayim oʻtagʻasi, qudayim bergan neberemdi tinish qoʻysin.

Chol nima gapligiga tushunolmay hayron boʻlib qoldi. Choʻlda traktor minib yurganlardan toʻrttovi bola-chaqalik, faqat bittagina uning nevarasi boʻydoq. Boʻyniginang uzilmagur Shamsining qiligʻimikin bu? Chol savol nazari bilan mehmonga qaradi.

Mehmon kula-kula boʻlgan voqeani gapirib ketdi.

Uning Suluv degan nevarasi bor ekan. Otasi urushda oʻlib ketgan, onasi Olmaotada konserva zavodida laborantlik qilar ekan. Chol tugʻilib oʻsgan shu choʻllardan ketgisi kelmay, choʻponlarga qarashib yurar ekan. U nevarasi Suluvga juda oʻrganib qolganidan qizi uni olib ketolmay boboyning oldida qoldirgan ekan. Yaqin bir oydan beri bir yigit kechalari ovulga kelib itlarni vovullatib Suluvni chaqirarmish. Avvaliga otasidan xijolat tortib turgan Suluv, keyinchalik tiq etsa choʻlga qaraydigan, it akillashi bilan allaqayoqqa zim gʻoyib boʻladigan qiliq chiqaribdi.
— Ovulding itterida jigitingmen kelisip qoldigʻoʻy. Endi kelse indemeydi. Quyrugʻini dikilletedi.

Ikki qariya qotib-qotib kulishdi. Chol dasturxon yozdi. Qand-qursni toʻkib tashladi.
— Shayingdi qoʻyatur, qariya. Manov gapga ne diysin, aytagʻoʻy.

Nol soqolini gʻijimlab oʻylab turdi-da, yana kuldi.
— Nege kulesin, oʻtagʻasi?
— Kulayotganim yoʻq, mehmon. Hozirgi zamonning bolalariga bizning tishimiz oʻtmaydi. Bir-biri bilan don olishib qolgan boʻlsa, siz bilan biz ne qilamiz. Quda boʻlishdan boshqa ilojimiz yoʻq. Shoshmang, yigitlar ishdan qaytadigan payt boʻldi, oshga gurunch tashlab qoʻyay.

Chol shoshib chodirdan chiqdi-da, oʻchoqdagi oʻtni balandlatib qozonga gurunch soldi. Temir kaltakka ilingan uvada oʻramiga kerosin sepib gugurt chaqdi. Mash’ala gurullab choʻlning uzoq-yaqinini yoritdi. Chodirdan mehmon ham chiqib mash’ala yorugʻida qozon kavlayotgan cholga qarab turardi. Uning yuzlari qip-qizil. Bitta ham ajini yoʻq. Gavdasi quyib qoʻygandek baquvvat. Yelkasiga tashlab olgan chakmonining barlari shamolda har silkinganida burgut uchishga talpinayotganga oʻxshab ketadi. Qisiq koʻzlari tun qa’ridagi olislarni koʻrayotgandek...

Choʻl odamlari shunaqa boʻladi. Ayniqsa umrini choʻllarda shamoldek kezib oʻtkazgan qozoqlar kengliklarda yashab, olis yoʻllarni bir qarashda koʻradigan boʻlib qolishgan. Choʻl qozoqlari erta bilan ovuldan chiqishidayoq quyoshning yerdan koʻtarilishini koʻrmasa, uning kech payt botishini koʻrmasa, yuragi siqilib ketadi. Shunday, qozoqlar kenglikni, erkinlikni sevadilar. Ovuliga tushgan qoʻnoqni et bilan, qimiz bilan siylamagan qozoqni bular qozoq demaydi. Qadimdan udum boʻlgan bu odatni ular hamon saqlab kelishadi. Mehmondoʻstlik ularning milliy odatiga aylanib ketgan.

Mash’ala hamon charsillab yonib turibdi. Osmonda yulduz toʻlib ketdi. Lipillab yonadi, oʻchadi. Xuddi koinotga chaqirayotgandek imlashadi. Ufq etagi xira pardaga oʻralgandek bir zum sokin turib qoladi-da, qizarib-boʻzarib ketmondek oyning yarmi koʻrinadi.

Mehmon oʻchoq oldiga keldi.
— Utti nege jaqting, qariya?
— Yigitlarni chaqirdim. Mash’ala yoqqanimda ishni tugatib ovqatga kelishadi. Koʻryapsizmi, oy toʻlishgan payt. Kechasi ham shudgor olishayapti, bir-ikki soat dam olib yana ishga tushib ketishadi.

Chol gapini tugatmagan ham ediki, traktorlarning shovqini birin-ketin tindi.
— Hozir kelib qolishadi.

Yana motor shovqini eshitildi.
— Shamsining mototsikli,— dedi chol choʻl bagʻriga quloq tutib.

Motor tovushi borgan sari sekinlashib, oxiri qorongʻilikda jimib ketdi.
— Boʻyning uzilmagur tentagim yana ketdi.

Mehmon ham ketmoqchi boʻlib otining jilovidan tutgan edi, chol uni qaytardi.
— Mehmon, unaqa qilmang, tayyor ovqatni tashlab ketmang, xafa boʻlaman. Qozoqdan siylov koʻrgan odamman. Yigitlarimiz bilan birpas hangomalashib, keyin ketasiz.
— Jigitingde kazir keleme?
— Kelmaydi. Mototsiklini patillatib Suluvingizning oldiga ketdi.

Mehmonnipg koʻzi olazarak boʻlib qoldi.
— Oʻtiring, quda, boshqa iloj yoʻq.

Mash’ala vishillab-vishillab mushtdekkina choʻgʻga aylandi-yu, oxiri uni ham choʻl shamollari uchqunga aylantirib har tomonga nurli toʻzon qilib uchirib ketd. Chol oshni damlab oʻchoqdan choʻgʻni tortdi. Samovarning quvuriga belkurakda choʻgʻ tashladi-da, mehmonni qaytarib ichkariga olib kirdi. Tashqaridai gangur-gungir tovushlar eshitildi. Zum oʻtmay chodirga oldinma-ketin toʻrt yigit kirdi. Chol chiroqning piligini koʻtarib qoʻydi. Mehmon ular hurmati uchun oʻrnidan turdi. Birpasda tanishib ketishdi-yu, gap bu yilgi bahor, ob-havo, qancha yerga paxta, qancha yerga sabzavot ekish ustida ketdi. Mehmon ularning gaplariga quloq solib oʻtirar ekan, nevarasi Suluvni oʻylar, unga oshiq boʻlgan yigitning qanaqaligini bilgisi kelardi. Oxiri gap Shamsiga borib qadaldi.
— Shamsining oshini boshqa suzing. Salim ota. Ketdi uningiz, oʻsha Suluvining oldiga. Tentagingiz yomonam oshiq boʻlibdi-da. Qoʻli traktor rulida-yu, koʻzi oʻsha tomonda. Na qulogʻiga gap kiradi, na koʻziga odam koʻrinadi. Tezroq boshini ikki, oyogʻini toʻrt qilib qoʻymasangiz devona boʻlib qoladi buningiz.

Chol ayyorcha kulib, doʻppining tagida odam bor, ehtiyot boʻl, degandek imlab qoʻydi. U, yana Shamsini chalpima, yaxshisini oshir, yomonini yashir, demoqchi edi-yu, gap qotgan yigit befahmlik qilib boshqa gapni oʻrtaga suqib qoʻydi.
— Katta akamning qizi oqi oq, qizili qizil boʻlib yetilib turibdi. Bir ogʻiz shama qilib qoʻyganda, oʻlay agar, oʻrtaga tushardim. Shunaqa-da, tayyori turganda notayyoriga yuguradi, hozirgi bolalar.

Oraga sal jimlik tushdi. Pastda oʻtirgan puchuqroq yigitni Salim ota imlab tashqariga olib chiqib ketdi. Yigit zum oʻtmay choy koʻtarib qaytib kirdi.

Ana shundan keyin gap Shamsining ta’rifiga koʻchib ketdi. Uning nechta medali borligi, raykom komsomolning byuro a’zosi ekanligi, Varshavadagi Jahon yoshlari festivaliga qatnashib, «Andijon polka»sini qotirib laureat boʻlgani, kolxoz sekretari bir oy allaqayoqqa otpuskaga borib xotinlarga oʻxshab soch qoʻyib, «stilyaga» boʻlib kelganida Shamsi uning qoʻl-oyogʻini bogʻlab sartaroshxonaga opkirib, oʻzi sochiga ustara solgani, tor shimini yechib tumonat ichida trusigi bilan uyiga haydaganigacha gap boʻldi.
— Festivaldan kelgandan keyin juda oshigʻi koʻpayib ketdi. Parijdan, Qohiradan, Vashingtondan, odamning tili kelishmaydigan Rio-de-Janeyro degan joylardan qizlar xat yozib turishadi. Oʻshanaqa joylardan har xat kelganda, akam oʻzlari tushunmay, ha doʻst, shaharga tushib Chet tillar institutidagi bolalarga oʻqitib, oʻshalarga xat yozdirib keladilar.

Bu yerda-ku Shamsivoyning ta’riflari boʻlib turibdi. U kishining oʻzlari shu topda nima qilayotgan ekanlar?..

Mototsikl chirogʻi choʻl qorongʻiligini shamshirdek ikkiga boʻlib uchib ketyapti. Doʻngliklarda qaqqayib turgan yumronqoziqlar chiroqdan esankirab, inlari atrofida chir aylanishadi. Shalponquloq quyonlar yoʻlni choʻrt kesib u yoqdan bu yoqqa oʻtib qolishadi. Shamsi ularga parvo qilmay, hamon jadal ilgarilaydi. Chiroq tepalikka urilib, yana pastga sirgʻanib tushdi. Kattakon bir it mototsiklga qarama-qarshi yurib kelmoqda. U Shamsiga yaqin keldi-yu, dumini likillatib oldiga tushib yuraverdi. It uni har galgi uchrashuv joyiga emas, katta doʻnglik tomonga boshladi. Azim xarsang tosh ustida turgan qizga chiroq shu’lasi tushdi. U oʻtkir nurdan koʻzlari qamashishiga qaramay sakrab yugura boshladi. Shamsi motorni oʻchirib, chiroqni yoqiq qoldirganicha qizga intildi. It hamon dumini likillatib uning atrofida parvona edi.

Jamiki kitoblarda, hatto hayotning oʻzida ham oshiq-ma’shuqlarning uchrashuvi, aytadigan gaplari bir xil boʻladi. Mana shu masalada standartlik, shtampchilik bor. Oshiq ham, ma’shuq ham oyga qaraydi. Ikkovi ham xoʻrsinadi. Aytadigan gaplari koʻp boʻlsa ham aytolmay bir-birlariga qarab turaverishadi. Yigit qizning qoʻlidan ushlab silaydi, boringki zoʻr kelsa bitta oʻpadi ham...

Ammo bizning bu oshiq-ma’shuqlar anovi standart oshiqlarga sira oʻxshashmaydi. Oshiq-ma’shuqlikning qonun-qoidasi yoʻq. Boʻlganda ham kim unga amal qilardi, deysiz. Yurak gupillab urib turganda, qon qizib miyaga urganda, ikki yurak bir-birining ichiga kirib ketaman deb turganda kim bunaqa qoidaga amal qilardi!

Suluv xalloslaganicha kelib Shamsining bagʻriga tashlandi. Shamsi uning sochlaridan, boshu boʻyinlaridan siladi. Bu oshiq-ma’shuq tushmagurlar kitoblardagi oshiqlarga oʻxshab oyga ham, moʻltillab turgan yulduzlarga ham qarashmadi. Ayniqsa Zuhra yulduzi ular qararmikin, deb shuncha imlaydi, yoʻq, qarashmadi. Oxiri u zarda qilgandek yuziga xira bir bulutchani parda qilib tutib oldi. Ammo eski, koʻp oshiqlardan beva qolgan oy ulardan koʻzini olmay turib olgan edi.

Endi gapni bu tomondan eshiting. Salim ota bilan yigitlar mehmonni izzat-ikrom bilan kuzatib tashqariga chiqishdi. Bularning har ikkovi ham qudalikni boʻyinlariga olgan edilar. Ertaga besh kishi boʻlib, yaylovga borib, shu ishning shundoq boʻlganini ovulga ma’lum qiladigan boʻlishdi. Yigitlar u bilan xayr-xoʻshlashib ishlariga ketishdi. Ikki qariya oydin kechada ot jilovidan yetaklab ancha vaqtgacha choʻl kezib yurishdi.

Choʻlning ikki burchidagi ikki odam biriga qiz berib, biriga oʻgʻil berib toʻy qilish rejasi bilan band edilar. Bolalar, nevaralar xayoli bilan katta doʻng oldiga yetib qolganlarini sezishmadi. Xuddi shu yerdan, shu doʻngdan ikki respublikaning chegarasi oʻtardi. Ular keksayib qolgan, muhabbat hislarini unutib yuborgan boʻlishlariga qaramay, inson muhabbati hech qanday chegarani tan olmasligini bilishardi.

Mehmon qoʻlini choʻzib chiroqlar porlagan tomonni koʻrsatdi.
— Ovulim manov qirding ostinda, kelaber, bovurim,— dedi.

Salim ota chiroqlarga tikilib turdi-da:
— Boraman, albatta boraman,— dedi.

Olisdan mototsiklning yakka koʻzi porladi.
— Kuyovingiz kelyapti,— dedi ota.
— Aynalayim,— dedi quda.

Uning tovushida allaqanday iliq, otaning arzanda bolasiga aytadigan gʻalati bir mehri bor edi.

Quda qudagʻaylar

Salim ota bu yoqlarga koʻp kelgan. Kuzda qozoqlar toʻqayga oʻt qoʻyishardi. Bir necha kun shu doʻng orqasidan alanga chiqib turardi. Ana shundan keyin choʻponlar kuygan toʻqaydan kuyib, tayyor kabob boʻlgan bedanalarni, qirgʻovullarni terib ketishardi. Hozir oʻsha toʻqay qamishlari belga urib koʻm-koʻk boʻlib turibdi. Shamsi mototsiklining lampasini almashtirib turganida shu toʻqay tomondan bir gala kiyik chiqib doʻngga qarab asta keta boshladi. Shamsi avvaliga angrayib turib qoldi-yu, keyin shoshib egarga mindi. Oʻqdek uchib kiyiklar ketidan ketdi. Kiyik qochsa hech tutqich bermaydi. Mana, hozir ham ular goh soʻqmoqni kesib oʻtib, goh shudgorni changitib yugurishardi. Shamsi ularni to katta doʻnggacha quvdi-yu, shu yerga kelganda izni yoʻqotdi. Angrayib u yoq-bu yoqqa qarab turganida kattakon bir it yugurib kelaverdi. Shamsining oʻtakasi yorilgudek boʻlib, qoʻrqib ketdi. Qani endi motor oʻlgur oʻt ola qolsa. Shoshganda shunaqa boʻladi. It yaqinlashib qoldi. Shu payt past tomondan ayol kishining ovozi keldi:
— Arstan! Arstan!..

Shamsi u yoq-bu yoqqa qaradi. It toʻxtab dumini likillatganicha hurib turaverdi.

Pastdan qizil roʻmol oʻragan qiz oqsoqlanib chiqib kelardi. Uni koʻrib Shamsi bir qadam oldinga bosdi.
— Qoʻrqpa, qoʻrqpa, jigit,— dedi qiz Shamsining esankirab qolganini koʻrib.

Shamsi xijolatlikda yutinib qoʻydi.
— Kiyikdi, sen quvdingba?

Shamsining tiliga gap kelmasdi. U qiziq ahvolda qoldi. Hali itdan qoʻrqqani tarqamay turib oldidan xayolga ham kelmagan chiroyli bir qiz chiqib, uni esankiratib qoʻygan edi.

Shamsi shu kichkinagina umrida koʻp qizlarni koʻrgan. Dunyodagi jamiki qizlarni koʻrgan, gaplashgan desa boʻladi. Varshavadagi Jahon yoshlari festivaliga qatnashganda hammasini koʻrgan. Nazarida hozir ularning bari shu qizil roʻmol oʻragan qozoq qizining oldidan aylanib oʻtaversin. Chindan ham u munaqasini koʻrmagan. Birpasda yuragining allaqaeri jiz etib ketdi. Ammo Shamsi ham uncha-muncha yigitga husnini qarz ber-sa arzigulik xushroʻy oʻspirinlardan edi.
— Jigit, seni mogʻan qudayim jetkezdi,— dedi qiz,— tasdan jigʻilib tusdim. Ovulga jetkezib qoʻymeysenbe?

Shamsi boya itdan qoʻrqqani uchun qizning oqsoqlanayotganini bilmay qolgan ekan.

U dadil yurib unga yaqinlashayotgan edi, it hurib tashlanib qoldi. Qiz uni haydab soldi.
— Nima boʻldi?— Shamsi choʻkkalab qizning lat yegan oyogʻini ushladi.
— Qizgʻaldoq teraman dep manov tasding usdiga shigʻib edim, aynalayim, ovulga jetkez.
— Xoʻp, xoʻp,— dedi Shamsi va mototsiklni yetaklab qizning oldiga keldi.
— Qaysi tomonga boramiz?
— Juraber, itting oʻzi joʻl bastaydi.

Qiz mingashgandan keyin Arslon pildirab soʻqmoqdan yugurib ketdi.

Hamma yoq lola. Xuddi qirlarga qizil baxmal yopib qoʻygandek. Shu sokin yaylovda motor tovushi-yu, shamolning guvillashidan boshqa narsa ularning qulogʻiga kirmasdi. Qiz mototsiklga umrida mingashmagan ekan shekilli, Shamsining orqasiga shunday yopishib, quchoqlab oldiki, uning yurak urishi bemalol bilinib turardi. Qizning qoʻli boʻlsa Shamsining koʻksida. Balki u ham yigitning yurak urishini bilayotgandir.

Hozirgina yashnab turgan osmonni bulut oʻradi-yu, shatir-shutir qilib yomgʻir quya boshladi. Biy dala, yashirinadigan joy qayoqda deysiz. Ularning ikkovi ham ivib shalabbo boʻlib ketishdi. Shamsi bir dam toʻxtab kurtkasini yechib qizning boshiga yopib qoʻydi. Avvaliga qiz koʻnmagan edi, yigit qistayvergandan keyin, noiloj koʻndi. Yana yoʻlga tushishdi. Uzoqdan pichan gʻaramlari koʻrina boshladi.
— Oʻsi jerde toʻxtat,— dedi qiz. Uning gapini shovqindan Shamsi eshitmadi. Ammo uning oʻzi ham shu joyni moʻljalga olib kelayotgan edi.

Bu gʻaramlar xuddi choʻl oʻrtasida bodrab chiqqan azamat qoʻziqoringʻa oʻxshab ketardi. Gʻaramlar tagiga kelgan qoʻy-qoʻzilar atrofidan yeyaverib past tomonini ingichka qilib qoʻyishgan. Bu xuddi shahar parklaridagi morojenoe budkalariga ham oʻxshab ketardi. Qiz bilan yigit shu pichan soyabon tagiga suqilishdi. Jala quygandan quyib yotibdi. Yomgʻir iplari shamolda choʻzilib ba’zan ularning ham yuz-koʻzini savalab oʻtib ketardi. Shamsi yurak yutib gap boshladi.
— Kimligingizni bilib qoʻysam, maylimi? Mening otim Shamsi, brigadamiz manavi yoqqa paxta ekyapti.

Qiz kuldi. Unga boshdan-oyoq bir qarab oldi-da, sekin javob berdi:
— Atim Suluv. Zootexnikmen. Qolqozding mal sharvasi oʻsi jaylovda.

Yana jimlik. Yomgʻirning sharrosi, shamolning toʻpoloni, pichanning shitirlashi.

Qasir-qusur qilib bir-ikki marta momaqaldiroq gumburladi-yu, bulutni shamol surib ketdi.

Hoʻl maysalar oftobda yaltiradi. Pichan tagida qip-qizil tilini osiltirib yotgan Arslonnint junlaridan hovur koʻtarildi. Shamsi bilan Suluv qiz ham tashqariga chiqishdi. Qizning hoʻl boʻlib ketgan koʻylaklari gʻijimlanib, badaniga yopishib ketgan. Shamsi uning kelishgan qomatiga bir zum mahliyo boʻlib, turib qoldi. Qiz uning bu qarashidan andisha qilib, ketamizmi, degandek qarab qoʻydi. Shamsi yoʻlga qaradi. Yomgʻir koʻlobi hali soʻqmoqlarda yaltirab turardi.
— Birpas sabr qilaylik. Shamol yoʻlni yalab oʻtsin. Oyogʻingiz qalay, hali ham ogʻriyaptimi?

Suluv bosh irgʻab «ha» ishorasini qildi. Shamsi shu topda uni, agar mototsikl yurmasa, qoʻlda koʻtarib ketishga ham tayyor. Bu qiz uni tamoman sehrlab qoʻygandi. Mototsiklni yetaklab uni kuzatib qoʻyishni ham oʻylab koʻrdi, ammo qizning oyogʻi bu xilda ogʻrib tursa, yetib olish qiyin. Shamsining mardligi tutib, uni egarga oʻtqazdi-yu, ruldan ushlab yetakladi. Shu alpozda bir kilometrcha yoʻl yurishdi. Shamol yerni yalab anchagina quritib qoʻyibdi. Oxirgi gʻaramdan keyin Shamsi ham egarga mindi. Yaylovga yaqin qolgan ekan, uzoqdan bir necha oʻtov koʻrindi.

Arslon oldinda yelib boradi, har zamon tilini osiltirib orqasiga qarab yana jadallab yuguradi. Shamsi yoʻlda yomgʻir koʻlobi tez-tez uchrab turganidan mototsiklni unchalik tez haydamasdi. Arslon ulardan oldinlab ketib gʻuj oʻtovlar orasiga kirib koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Yaylov deganda Shamsining koʻziga daraxtsiz, suvsiz oʻtloq koʻrinardi. Bu yaylov u oʻylagan oʻtloqqa oʻxshamasdi. Oʻtovlar tepasida televizor antennalari koʻrinib turibdi. Avtolavka oldida moy idish koʻtargan, buxanka non qoʻltiqlagan xotinlar koʻrinadi. Oʻtov oldiga sholcha yozib oʻtirgan qariyalar radio tinglashadi. Manqallardan tutun burqsib turibdi. Pastlikda «P» harfiga oʻxshagan tirgovichda argʻimchoq.

Shamsi oq kigiz oʻtov oldida motorni oʻchirdi.
— Jetdik,— dedi Suluv egardan tusharkan. Narigi oʻtovdan bir kampir chiqdi. U Suluvning oqsoqlanayotganini koʻrib:
— Ne boʻldi, shiragʻim?— deb soʻradi.

Suluv, hech gap emas degandek, qoʻl siltab qoʻydi.
— Atang ovulga ketdi. Tamaq jeseng qazanda.

Shamsi ketmoqchi boʻlib turgan edi, Suluv qoʻyarda-qoʻymay oʻtovga olib kirdi. Oʻtovning ichi ozoda. Toʻrda televizor, radio. Suluv oqsoqlana-oqsoqlana koʻrpacha toʻshadi, dasturxon yozdi.
— Al, ashiqdingov, olagʻoʻy, Semsi.

Birpasda oʻtov ichi yigit-yalangga, qizlarga toʻlib ketdi. Allapallagacha gurunglashib oʻtirishdi. Keyin koʻpchilik boʻlib uni soʻqmoqqacha kuzatib qoʻyishdi. Shamsi odamlar oldida koʻngliga tugilgan gaplarni Suluvga aytolmay armonda yoʻliga qaytdi.

Mana shu voqeadan keyin Shamsining ikki koʻzi katta doʻng tarafda boʻlib qoldi. yigitlarning koʻzini shamgʻalat qilib oʻsha tomonga gʻoyib boʻladigan qiliq chiqardi.

Bundan bir haftacha burun u Suluv bilan ochiqchasiga gaplashdi. Qiz uning dardini obdan eshitib indamay qoʻya qoldi. Oʻsha kuni yaylov etagidagi yalanglikda katta davra boʻlib yigit-qizlar oʻlan aytib, aytishuv qilib oʻtirishganda Shamsi borib qoldi. Yosh-yalang Shamsini tanib qolganidan uni ham davraga tortishdi. Shunda Suluv Shamsining oldiga bir choynak choy bilan piyola qoʻyib ketdi. Bu qozoq odati boʻyicha, sen bilan aytishaman, seni sevaman degani boʻladi. Shamsi koʻp joylarni koʻrgan, koʻp ishlarni qilgan boʻlsa ham, bayt aytishga yoʻqroq edi. Nima qilishini bilmay birpas olazarak boʻlib turib, keyin qiziqchilikka olib bir gap aytibdi.
— Men aytisuvni bilmayman, avval sizlarga pochcha boʻlib olay, keyin Suluv bilan qanaqa aytishganimni koʻrasizlar.
— Joʻq, joʻq, aytisuvga tusesen,— deb turib olishibdi yigitlar.
— Boʻlmasa, bitta oʻzbekcha qoʻshiq aytib bera qolay, maylimi?
— Mayli, aytagʻoʻy, Semsi,— deb oxiri rozi boʻlishibdi.

Shamsi oʻrnidan turib doʻppisini ikki buklab «Bogʻ aro»ni shunaqayam baland avjdan aytibdiki, hammasi qoyil qolishibdi. Ana shundan keyin «Olti baqan» — argʻimchoq aytisuviga tortishibdi. Shamsi bilan Suluvni argʻimchoqqa chiqazib oʻzlari atrofga tizilib olishibdi. Odamlarning shovqini orasida ularga bildirmay Suluv Shamsiga aytisuvning baytlarini oʻrgatib turibdi. Shamsi undan eshitganlarini qattiq-qattiq aytib hammani qoyil qoldiribdi. Oʻtov oldida ularga qarab angrayib turgan kampirlar havaslari kelib:
— Ay-hay, shirkin jiirmabes, qaydasing?! (Voy-voy, kechgan yigirma besh yoshim qaydasan?!) — deb kulib qoʻyishardi.

Shu-shu boʻldi-yu, Shamsi ovulga pashshaxoʻrda boʻldi qoʻydi. Avvallari kechalari kelganda ovul itlari uni oldilariga solib quvlab qolishardi. Bora-bora ular ham Shamsiga oʻrganib qolishdi. Suluvga koʻzi kuyib yurgan yigitlar bir-ikki marta Shamsining yoʻlini poylashdi ham. Shamsiga teng kelib boʻlarmidi, ularga soʻz bermadi, oxiri ular Suluvning qoʻldan ketganiga tan berib, indamay qolishdi. Shamsining brigadasi yer haydab chigit qadashga tushib ketib, bir-ikki kun ovulga kelolmay qoldi. Shunda ovul qizlari Suluvdan: Semsi kelgan joʻqmi, deb soʻrashardi. Suluv boʻlsa Arslonni ergashtirib katta doʻngga kelar, uzoqdan kelayotgan traktor shovqiniga quloq solib, uni kutib oʻtirardi. Olisdan tun qorongʻisini teshib yakka chiroq koʻrinsa, u albatta «Semsi kelib jatir» deb sevinardi.

Ikki respublika oʻrtasida borib-kelaverib Shamsi ozib, choʻp boʻlib ketdi. Kuni bilan traktor haydaydi, chigit qadaydi, kechqurun, ogʻaynilari dam olayotganda u choʻl kezib Suluvining oldiga ketadi. Qoq yarim kechada, hamma uxlaganda, qaytib keladi-da, yana el qatori vaqtli turib ishga chiqadi.

Suluv ham undan battar edi. Uning bir oʻzbek yigitiga aylanishib qolganini, kechalari u bilan uchrashganini katta doʻngga ketib sahar paytida qaytib kelishini otasi payqab yurardi. U nabirasining bu ahvoliga achinib, gapga solib koʻrgan edi, qiz ochiq-yorugʻ bir gap aytmadi. Oxiri otga minib oʻsha «maqta ekib jatqan oʻzbeklar bilan soʻylasib» qoʻygani ketdi. Bordi-yu, bir suhbatdayoq boʻlmish kuyovning, qudasining kimligini bilib qaytdi. Beixtiyor: «sizdi attab qaygʻa boramiz, bir jerding oʻtini oʻttab, suvini suvdab juribmiz, avuldi uzaytirib qaytamiz, avliyo attagʻan oʻngbas, degangʻoʻy», deb yuborganini bilmay qolgandi. Boʻlmish qudaning oldidan qaytib choʻpon ratsiyasi bilan Olmaotaga — qizi Oqmorolga: Suluv kuyovga chiqayapti, tez kel, deb xabar yetkazdi.

Besimboy otaning gapi toʻgʻri edi. Bu yerning qozoqlari ham, oʻzbeklari ham bir daryoning suvini ichishadi, bir yaylovga chorva haydashadi. Farhod chirogʻi har ikkovining ham uyida yonadi. Bular bir-biri bilan allaqachonlaroq chatishib ketgan edi. Ular oʻrtasidagi doʻstlik, qarindoshlik allaqachonlar chegaradan hatlab oʻtib ketgan edi.

Bu choʻllarda koʻpdan buyon qozoqning oʻlani, oʻzbekning katta ashulasi yangrardi. Endi gal: «yor-yor»ga, «aytisuv»ga...

Bu kunlarni hammadan burun Suluv bilan Shamsi orziqib kutishardi.

Bugun Salim ota toʻrt kishi boʻlib qizning boshini boylagani doʻng oshib yaylovga otlandi. U egar qoshiga tuguncha qoʻyib shirin xayollar bilan ketyapti. Tugunda kelinga bozorliq — sovgʻa, qudasiga «Samarxanda jumurlangʻan unidi shay (hind choyi)» olib boryapti.

Kelin taraf nima sovgʻa tayyorlayotganikin. Qozoqlar uch million olti yuz oltmish ming gektar yerni sep qilib qiz uzatayotganidan chol hali bexabar edi.

Katta doʻng oldida oʻn choqli otliq qudalarni kutib turardi.

Shamsi bilan Suluv boʻlsa qoʻziqoringa oʻxshagan gʻaram tagida bir-birlariga tikilib, bir-birlarini yalab-yulqab, bir-birlariga silab-siypashib oʻtirishardi.

Bunisi Suluvim desa, unisi Semsim, deb toʻymasdi.