OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Dum (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiDum (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dum (hikoya)
Said Ahmad

Zaynobiddin oʻylab qarasa, shu kunlarda oʻqituvchilarning moyanasiga baraka kirib, tirikchiliklari binoyiday boʻlib qopti. Eski kasbiga qaytishni niyat qilib qoʻydi. Shu maqsadda ariza koʻtarib maorifga bordi. Maorif mudiri uni yaxshi taniydi. Bir vaqtlarda oʻzi oʻqitgan. Yettinchi sinfni bitirganida birga tushgan fotosuratlari ham bor. Zaynobiddin koʻzoynak taqib, kattakon portfelni tizzasiga qoʻyib, oʻrtada oʻtiribdi.

Maorif mudiri arizani oʻqib boʻlgach, soʻradi:
— Eski kasbga qaytmoqchi boʻpsizda, domla?
— Shundoq, shundoq, oʻqituvchilikning xumori tutib qoldi. Ilming boʻlgandan keyin, pedagogika mutaxassisi chidab turolmas ekansan, kishi. Bizda bor ilmdan yoshlar bahramand boʻlib, borini olib qolsalar, degan niyatda...
— Aslida shu kasbni chakki tashlab ketgansiz, domla. Endi qanday boʻlarkin, oʻqituvchilik metodikasi ancha oldinga oʻtib ketib qolgan, undan keyin...

Zaynobiddin soʻz bermadi.
— Bizni juda ham qolib ketgan demasinlar, har qalay, kundalik gazetalarni kuzatib turganmiz.

Maorif mudiri boshini qashladi.
— Gap faqat gazeta oʻqishda emas-da. Siz oʻqituvchilik qilgan paytda lotin alifbosida yozardik. Mana, arizani ham oʻsha alifboda yozib kelibsiz.

Zaynobiddin bu gal ham boʻsh kelmadi.
— Yozuv-chizuvdan boʻlmasa ham, jugʻrofiyadanmi, badantarbiyadanmi dars berib tursam. Pensiyaga chiqquncha ermak, deganday. Staj kuymasa boʻlgani bizga.

Ikkovlari jim qolishdi. Maorif mudiri qattiqroq bir gap aytay desa yoshi katta odam, uning ustiga, oʻziga bir paytlar dars bergan, har qalay oʻqituvchisi. Koʻnglidan allaqancha gaplar oʻtdi; «shu paytgacha qaysi kovakda yotdingiz, oʻqituvchilikni sevarkansiz, nega tashlab ketdingiz, pul chiqadi, deb ming xil ishga boshingizni urdingiz. Endi pensiya zarur boʻlib keldingizmi?»

Bu gaplar faqat maorif mudirining koʻnglidan oʻtdi xolos, tiliga chiqazmadi. Yaxshilikcha muomala qilmoqchi boʻldi:
— Domlajon, siz aytgan jugʻrofiya, badantarbiya darslarini oliy ma’lumotli oʻqituvchilar berishyapti. Hali ham boʻlmasa oshxonaga boring. Agar xoʻp desangiz, eski shogidlik hurmati, maktab bufetini gaplashib beray.

Zaynobiddin shoshib qoldi:
— Pensiyaga maorifdan chiqazadami?
— Yoʻq, trestdan chiqasiz.

Zaynobiddinning hafsalasi pir boʻldi. Bir oʻylab kelishni bahona qilib, maorifdan chiqib ketdi.

Uyiga kelsa, oʻgʻlining oʻqituvchisi kutib oʻtirgan ekan. Inshodan oʻgʻli ikki olibdi. Zaynobiddindan ancha koyindi:
— Domlajon, oʻzingiz oʻqituvchi boʻlgan odamsiz. Bolangizning darslaridan xabar olib tursangiz boʻlardi. Juda oʻyinqaroq, dars paytida tilini chiqarib, bolalarni kuldirib oʻtiradi.

Zaynobiddin oʻzi diqqati oshib kelgan, uning ustiga bu koʻngilsiz gap jahlini chiqardi:
— Menga qarang, muallim bola. Biz ham bola oʻqitganmiz. Ammo biron marta oʻquvchining uyiga yigʻlab bormaganmiz. Hukumatning moyanasini olgandan keyin, durustroq oʻqitish kerak. Bolani oʻziga tortolmagan oʻqituvchi boshqa hunar qilsa ham boʻladi, sizga maslahatim shu.

Oʻqituvchi yigit ham tezgina ekan, darrov javob qildi:
— Sizga oʻxshabmi?
— Bundoq deyishga asosingiz yoʻq. Biz urush yillarida, xalqqa darmon boʻlsin, deb oshxonaga oʻtganmiz va fidokorona xizmat qilib, vatan oldidagi burchimizni sharaf ila ado etganmiz.

Oʻqituvchi undan tayinli bir gap chiqishiga koʻzi yetmagach, indamay chiqib ketdi. Ammo Zaynobiddin gʻazabga mindi. Oʻgʻlining bir poy qulogʻini ikki buklab choʻzdi:
— Dars paytida tilingizni chiqazadigan boʻldingizmi? Meni isnodga qoldiradigan boʻldingizmi? Tur oʻrningdan, darsingni qil, inshodan tayyorlan. Oʻzim imtihon qilaman seni.

Bola koʻzda yosh bilan oʻyga kirib ketdi. Zaynobiddin xotiniga oʻshqirdi:
— Televizorni oʻchir! Darsni qilmaguncha televizor koʻrish yoʻq.

Shundan keyin Zaynobiddin otalik va pedagogik burchini oʻtagan boʻlib, soʻriga yonboshladi. Sal oʻtmay, oʻgʻli daftar koʻtarib chiqdi.
— Dada, «shubha» deganda dumli «x» yoziladimi, yo dumsiz «x»?

Zaynobiddinning dumli «x» ga sira ishi tushmagan edi. Oʻylanib qoldi.

U oʻqigan, oʻqitgan paytlarda dumli «x» yoʻq edi. U juda aql ishlatayotganday, peshanasini tirishtirib turdi-da, javob qildi:
— Haligacha «x»ning dumini bilmaysanu, yettinchi sinfda oʻqib yuribsanmi, oʻzing oʻylab top! Bilmasang keyin aytib beraman.

Bola burnini tortib, yana kirib ketdi. Shu bahonada Zaynobiddinning oʻzi ham «x«ning dumi bor yoʻqligini bilish uchun koʻzoynak taqib, gazetadan «shubha» soʻzini qidira boshladi. Hafsalasi pir boʻlib, gazetani yoniga tashlab, yonboshladi.

Bola yana chiqdi.
— Darsimni tamom qildim, endi aytib bering. «Shubha»ga dum qoʻymay qoldirdim. Agar dumi boʻlsa, qoʻyay, boʻlmasa oʻzi turaversin.
— Turaversin, — dedi Zaynobiddin. — Printsipialni aytmayman, ertaga oʻqituvching bilan oʻzim gaplashaman. Bor toʻshagingga yot.

Bola xafa boʻlib, kirib ketdi. Zaynobiddin televizorni qoʻydi. Qarasa «Shubha» degan kino endi boshlanaman deb ekranga yozilib turgan ekan. Yana oʻchirdi. Hovliga chiqib, ayvonda yotgan bolasini chaqirdi.
— Tur oʻrningdan, inshoyingni oʻzim koʻrib beraman. Qani daftaring?

Bola uyquli koʻzlarini ishqab, daftarini olib chiqdi. Zaynobiddin koʻzoynagini taqib, qoʻlida qalam bilan oʻgʻli toʻldirgan varaqqa koʻz yugurtirib «shubha» soʻzlaridagi «x» harflariga dum qoʻyib chiqdi.
— Mana, toʻgʻrilab qoʻydim. «x»ga dum qoʻyish shart. Ertaga besh olmasang, mendan koʻr.

Shundoq boʻldi. Ertasiga oʻgʻli ikki olib keldi. Zaynobiddin televizordagi yozuvga durust qaramagan ekan, «x«ning oʻng oyogʻiga emas, chap oyogʻiga dum qoʻyipti. Oʻqituvchisi, shu paytgacha «x»ning qaysi oyogʻiga dum qoʻyishni bilmabsan, deb ikki qoʻygan ekan.

Zaynobiddin ertasiga yana maorifga bordi va bufetchilikka rozi boʻlib, boshqatdan ariza berdi.