OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Gʻildirak (qissa)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiGʻildirak (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm84KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/30
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gʻildirak (qissa)
Said Ahmad

Sirli Xat

Bozorboy Oxunovich har kuni ishga ketar oldidan bugungi gazetaga bir koʻz tashlab olishga odatlangandi. Ilgarilari bunaqa odati yoʻq edi. Umuman, gazeta oʻqimasdi. Keyingi paytlarda gazetada uriladiganlarning aksari Bozorboy Oxunovich ishlaydigan sohaning kishilari edi. U har kuni ertalab yostiqdan bosh koʻtarar ekan, bugun kim urildi ekan, deb oʻziga tanish kishilarning qiyofasini bir-bir koʻz oldiga keltirardi.

Ana shuning uchun ham Bozorboy Oxunovich bir yildirki, gazetaga obuna boʻlgan. Uning gazeta oʻqishini oʻqish demasa ham boʻladi. Qoʻliga oladiyu uyoq-buyogʻini bir qarab, hayriyat, tinchlik ekan, deb xotirjam ishiga ketaveradi.

Bugun ham odati boʻyicha nonushtadan keyin labini sochiqqa arta turib xotiniga buyurdi:
— Tijo, gazetni keltir!

Xotini Tijoratxon qirq yoshlarda, avji shiraga toʻlgan ayol. U erining oldida chap qoʻli bilan koʻylagining ikkala yoqasini birlashtirib ushlab turib gaplashadi. Uning bu qiligʻi eriga juda-juda yoqadi. Negaki oppoq koʻkragining qoq oʻrtasidagi moshdek xoli nihoyatdan yashnab koʻrinadi. Bozorboy Oxunovich har gal koʻzi oʻsha xolga tushganda, hoy Sanginova, bu xol faqat meniki, begonalarning koʻzi tushmasin, deb hazillashardi.

Tijoratxon bu xolni oʻz tili bilan aytganda faqat oʻz xoʻjayinidan bekitardi.

Hozir ham pochta qutisidan gazeta olib qaytarkan, chap qoʻli bilan ikkala yoqasini birlashtirib eriga uzatdi. Bozorboy gazetani ochishi bilan yerga bir konvert tushdi.

Qiziq boʻldi-ku?! Bu qanaqa xat? Bozorboy umrida pochta orqali xat olmagan. Talefon, elektr, kvartira haqlari uchun keladigan xatlar konvertsiz boʻlardi. Bu kimdan boʻldiykin?

U gazetani bir yoqqa qoʻyib konvertni ochdi. Xat. Shoshib oʻqishga kirishdi.

«Hoy, Ovsar! Bosar-tusaringni bilmay qolding-ku!..»

Bozorboyni maktabdosh oʻrtoqlari «Ovsar» deb atashardi. U boshlangʻich maktabda oʻqiyotganida duch kelgan sinfga kirib oʻqiyverar, unga qaysi sinfligi, nechanchi sinfligining ahamiyati yoʻq edi. Bunaqa qiligʻiga oʻrgangan oʻqituvchilar darsni toʻxtatib Bozorboyni yetaklab, oʻz sinfiga opkirib qoʻyishardi. Ana shuning uchun «Ovsar» deyishardi. Bozorboy xatning bu yogʻini oʻqiy boshladi:

«...Koʻzingni och, mehnatsiz topilgan pul hech kimga vafo qilmagan. Shuncha pulni nima qilasan? Goʻringga olib ketasanmi? Poraga mukkangdan ketding-ku, joʻra! Bunaqada bir kun emas, bir kun tumshugʻingdan ilinasan. Shu hafta ichi besh kishidan pora olding. Begijondan ikki ming, Rahmonalidan bir yarim ming, Tursunxoʻjadan ikki ming, Toʻxtamuroddan ikki yarim ming soʻm olding. Axir, ular jamoatchi muxbirlar-ku! Jinoyat qonunining qaysi moddasi bilan qanchaga qiya boʻlib ketishingni bilasanmi? Agar shu yorugʻ jahonda toza havodan nafas olib yuray desang, fursatni oʻtkazmay olgan pullarni egalariga qaytarib ber. Hozir jar yoqasida turibsan, joʻram. Senga hurmat bilan doʻsting XAYRIXOH».

Xat Bozorboyning qoʻlidan tushib ketay dedi. Koʻz oldi qorongʻulashib, chap qoshi lip-lip ucha boshladi.

Tijoratxon bor ogʻirligini tashlab, erining yelkasiga iliqqina koʻksini bosib soʻradi:
— Xat kimdan ekan, dadasi? Bozorboy istar-istamas javob qildi:
— Oʻynashimdan. Ya’ni kundoshingdan.
— Voy, ado boʻlsin. Qoʻying bunaqa gapni. Felьeton chiqmayaptimi?

Bozorboy, oʻchir, deb yubordi.
— Ertaga chiqarmish. Felьeton qilsak maylimi, deb oʻzimdan soʻrashipti.
— E, gapingiz qursin, — dedi Tijoratxon erining yelkasidan koʻksini uzib. — Bugun juma, yaxshi, niyat qiling. Farishtalar omin devormasin. Menga qarang, qizingiz sizdan araz. «Jiguli»siga ballon obermabsiz.

Bozorboy shunday qaradiki, Tijoratxon beixtiyor ikkala qoʻli bilan yoqasini birlashtirganini bilmay qoldi. Xotinining bu gapi goʻyo qish kuni sovuqdan dildirab turgan odamga muzdakkina ayron ichasanmi, degandek boʻldi. Shu oʻtirgancha bir soat oʻtirdimi, yo oshiqroq oʻtirdimi, oʻzi ham bilmaydi. Xotini uning boyagi oʻshqirishidan keyin biror nima deyishga tili bormay mungʻayib oʻtiraverdi.

Nima balo boʻldiykin, deb oʻylardi xotini. Har kuni, oʻrtoq Sanginova, biz ketdik, deb xandon-xushon ishga joʻnardi. Endi boʻlsa tagini hoʻllab qoʻyib, quriguncha yotadigan bolalarga oʻxshab qimirlagisi ham kelmaydi. Qizining xonasidan hindcha qoʻshiq eshitildi. Orastaxon magnitafon qoʻyib par toʻshakka choʻkib yotardi. Bozorboy har gal ishga ketar oldidan sochlarini yostiqda toʻzgʻitib yotgan Orastaxonning yotogʻiga kirib peshonasidan oʻpib qoʻyar edi. Qizi dadasini kutib yotgan boʻlsa kerak.

Koʻcha tarafda mashina signal berdi.
— Dadasi, shofyoringiz signal beryapti. Nima deb aytay?
— Birpas kutsa oʻlib qolmaydi, — dedi doʻngʻillab Bozorboy.
— Xoy, er, sizga aytyapman, qizingizga ballon olib bering!
— Obbo, — dedi Bozorboy uf tortib, — boʻpti, boʻpti, toʻrtta ballon berib yuboraman. Qutuldimmi?!

Tijoratxon erining bu xil tajangligidan tashvishga tusha boshladi. Ilgarilari ham roʻzgʻor ishlaridanmi, yo ishxonadanmi tabiati kir boʻlib qaytgandayam shunaqa ichimdagini top, deb toshdek qotib oʻtiraverardi. Shunday paytlarda Tijoratxon qizini ishga solardi. Bozorboy qanchalik tajang boʻlmasin, qizining birgina erkalanishidan sariyogʻdek erib ketardi.

Tijoratxon oyoq uchida yurib qizining yotogʻiga kirib ketdi. Zum oʻtmay sochlari hurpaygan, kechagi pardozlari yuzlariga chaplashib ketgan Orastaxon ich kiyimda yugurib chiqdi. Chiqdi-yu, dadasining boʻyniga osildi. Orqasidan qoʻlida xalat bilan chiqqan onasi:
— Hoy, Oras, senga aytaman, xalatingni yelkangga tashlab ol, dadanglar oldida uyat boʻladi, — degancha javrab qolaverdi.
— Oʻzimni papamlar, oʻzimni papamlar... Orastaxondan gup-gup fransuz atiri bilan «BT» sigaretining hidi kelardi. Faqat shuning oʻzigina emas, balogʻat yoshiga yetgan qizlardagina boʻladigan ajib bir tarovatli hid ham anqib turardi.

Bozorboyga qizining erkalanishlari ham yoqmadi. Yelkasini bir silkib, oʻtirgan stulini beri surdi.

Orastaxon umrida dadasidan bunaqa muomalani koʻrmagandi. Mungʻayib dadasining oʻrtasi yaltirab qolgan boshiga, tokning zangidek bujmayib ketgan boʻyinlariga qaradi.

Tijoratxon tilga kirdi.
— Hoy, dadasi, sizga nima boʻldi, axir? Et-betingiz ogʻriyotgani yoʻqmi? Validol beraymi?
— Jon xotin, oʻrgilay xotin. Qulogʻimni tagida hakkaga oʻxshab shaqillayvermagin. Narigi uyga chiq, chiq, deyapman!

Tijoratxon, bu odamga bir balo boʻlganmi oʻzi, deb qizini ergashtirgancha narigi uyga chiqib ketdi. Bir ozdan keyin uning: «Juvonmarg, qoq yarim kechasigacha qayoqlarda yuruvding», degan ovozi eshitildi.

Bozorboy oʻylardi: «Bu xatni biladigan odam yozgan. Kimdan qancha olganimni aniq yozibdi. Orqangda odam bor ekan, Bozor! Har qadaming hisobda ekan-ku, Ovsar! Eshmon emasmikan? Bordiyu oʻsha boʻlsa, qayoqdan bildi ekan?

Oʻrinbosarim Akrom Qudratov tagimga suv qoʻymoqchi. Yigitlar uni yoʻlga solish uchun u-bu berib koʻrishdi. Olmadi, yaramas. Halol oylik maoshim bilan bola-chaqamni boqaman, dermish. E, boqib boʻpsan. Eshmonning qoʻltigʻiga shu odam purkayapti. Bu aniq!»

Bozorboyni bir narsa ezardi. Umrida birovga bir tiyin bermagan. Faqat olgan. Qaytib berish degan tushuncha unda mutlaqo boʻlganmas. Mabodo, qaytarib berishga toʻgʻri kelib qolsa, qay ahvolga tusharkin? Oʻlib qolmasmikan? Yoʻq, hech boʻlmaganda jinni boʻladi... Mabodo boshiga ana shunday koʻrgilik tushgudek boʻlsa kuniga xotini ham, erkatoy qizi ham yaramaydi.

Lekin baribir nimadir qilish kerak. Yogʻ yalaganda yot, qon qusganda qarindosh kerak, deb bekorga aytmaganlar. Shulardan boshqa kimim bor...

Bozorboy mashakdat bilan oʻrnidan turib qizining yotogʻiga kirdi. Xotini bilan qizi unga hayron qarab turishardi.
— Oras, — dedi Bozorboy oʻzini oʻnglab, ajib bir mehribonlik bilan. — Sendan bir gap soʻrayman. Ammo toʻgʻrisini aytasan.
— Soʻrang, dada, — dedi lablarini choʻchchaytirib Orastaxon.

Bozorboy Oxunovich gapni nimadan boshlashni bilmay, ostki labini soʻrib, bir oz turib qoldi. Keyin kallasiga antiqa fikr kelgandek birdan dadil gapira boshladi:
— Masalan deylik, sen bilan ikkovimiz qorongʻi kechada bir joydan kelyapmiz.
— Qayerdan? — dedi Tijoratxon gapga aralashib.
— Sen suqulmay turgin. Mayli-da, toʻydanmi, ishqilib, bir joydan kelyapmiz. Sumkangda ancha pul bor. Shu payt yoʻlimizni qaroqchi-banditlar toʻsishdi. Senga pichoq oʻqtalib, sumkangdagi pulni bermasang, dadangni soʻyib tashlaymiz, deb oʻdagʻaylashdi. Xoʻsh, shunda sen nima qilasan? Pulni ularga berasanmi?

Orasta shoshib soʻradi:
— Sumkadagi pul qancha edi?
— Nu, oʻttiz ming deylik.

Orastani xayol olib ketdi. «Bitta «Volga» — oʻn besh yarim ming, yaponcha videomagnitofon — besh ming, norka palьto — uch ming, marvarid — uch ming... — U shunday oʻylarkan, dadasiga yer ostidan razm soldi. — Yoshi ham oʻtib qolgan, oshqozoni ham hilvirab turipti, yuragi ishdan chiqqan... yana yashasa besh yil yashar, oʻn yil yashar...»
— Nega indamaysan, qizim? — dedi Bozorboy koʻzlari moʻltirab.

Orastaxon gʻamgin bir ohangda soʻradi:
— Yaqin oʻrtada militsioner yoʻqmikin?
— Yoʻq, milisa yoʻq, deylik.
— Baqirsak, odamlar kelib qolishmasmikin?
— Yoʻq. Yaqin oʻrtada odam yoʻq.
— Qochsam boʻlmasmikin?
— Meni qaroqchilar qoʻliga tashlab-a?

Orastaxon darrov javob qildi:
— Sizni nima qilishardi. Nu, undan keyin qarib qolgansiz...

Bozorboy sapchib turib ketdi:
— E, suf senlarga-e!

U shunday dedi-yu, tars-tars yurib koʻchaga chiqib ketdi.

Kun yoyilgan. Shofyori Jabbor mashina ichida dong qotib uxlab yotardi. U mashina eshigi qarsillatib yopilgandagina choʻchib uygʻondi. Goʻyo juda katta gunoh ish qilib qoʻygandek qoʻlini koʻksiga qoʻyib uzr soʻradi.
— Hayda! — dedi Bozorboy betiga ham qaramay. Mashina serqatnov shahar koʻchalaridan oʻkdek uchib borarkan Bozorboy idorada boʻladigan uchrashuvlarni koʻz oldiga keltirardi.

Kabinetiga kirishi bilan orqasidan qoʻlida choynak bilan Begijon paydo boʻladi. Va albatta «Toʻqson beshga qalaysiz», deb gapni ilashtiradi. Undan keyin Rahmonli kiradi: «Xoʻjayin, yangisidan topib qoʻydim. Ichagingizni uzvormasa kallamni olib tashlang», deydiyu ming marta eshitgan latifani boshlaydi: «Afandi tugʻruqxonaga xotinini koʻrgani boripti. Derazadan bosh chiqazgan xotinidan soʻrapti. Xotin, oʻgʻlim kimga oʻxshaydi? Sengami? Xotini yoʻq, deb bosh chayqapti. Boʻlmasam kimga oʻxshaydi, deb yana soʻrapti Afandi. Siz uni tanimaysiz, deb javob qipti Afandining xotini. Ha —ha-ha! Qalay, xoʻjayin?...»

Ana undan keyin Tursunxoʻja kiradi: «Abedga chiqmay turing, xoʻjayin, uydan ustida qazisi bilan osh keladi», deb tayinlaydi. U hali ostonaga yetmay turib Toʻxtamurod kiradi: «Bir yigitni koʻz ostimga oldim, — deb gap boshlaydi u. — Yaxshi odamning farzandi, juda sizga kuyovbop bola». Shundan keyin «allaqaysi kattakonning oʻgʻli» deb gapini tugatadi.

Shu paytgacha Bozorboy ularning hamma gaplariga ishonar edi. Endi ular gʻirt xoin ekan, degan fikrda pshxonaga ketyapti.

Tepasiga «Baza» deb yozilgan darvoza oldida mashina toʻxtadi. Yuk mashinalari, avtofurgonlar qalashib ketgan maydonchada uni kutib turgan kishilar guv etib orqasidan ergashishdi. Qabulxonada har xil naryadlar, nakladnoylar ushlagan kishilar oʻrnilaridan turib, unga salom berishdi.

Bozorboy Oxunovich kabinetiga kirdi. Hali shlyapasini qoziqqa ilmay turib dermantin qoplangan eshik unsizgina ochildi, qabulxonadagi gʻovur-gʻovur eshik yopi-lishi bilan tindi.

Qoʻlida choynak bilan Begijon paydo boʻldi.
— Xoʻjayin, toʻqson beshga qalaysiz? Asil loʻnqasidan.

Bozorboy unga loqayd qaradi. Goʻyo uni birinchi bor koʻrayotgandek:
— Xoʻsh, keling, xizmat, — dedi.

Qaynoq choynak ushlab uzoq turib qolgan Begijon choynakni stol chetiga qoʻyib, kuygan barmogʻini muzdek qulogʻiga bosdi.
— Meni xoli qoʻying, — dedi Bozorboy uning betiga qaramay.

Begijon nima qilishini bilmay, ancha paytgacha turib qoldi.

«Unga bir balo boʻlgan, ishi chappasiga ketmadimikan? Zora shundoq boʻlsa», deb oʻylardi Begijon.

U choynakni stolda qoldirib, qulogʻini ushlaganicha chiqib ketdi.

Narxi Tushgan Odam

Begijon koʻzi alaq-chalaq, oyogʻi sust, qoʻli chaqqon odam. Bir qaragan narsasi koʻziga muhrlanib qoladi. Ventilyator parragi aylanganda shaklini yoʻqotgandek, Begijon choʻt qoqayotganida barmoqlari choʻt ustida tutunga oʻxshab borib kelaveradi. Ammo oyoq masalasida omadi kelmagan. Yugurishda toshbaqa bilan musobaqa oʻynasa, albatta yutqazadi.

Bozorboy Oxunovich uning ustida tajriba ham oʻtkazib koʻrgan.

Yangi qurilib ichi mollarga toʻldirilgan omborga uni olib kirib, ikki minutgina chiroqni yoqib, yana oʻchirdi:
— Xoʻsh, mulla Begijon, qayerda qandoq mol turganini aytib bering-chi.

Begijon teskari qarab oʻtirib omborda nimayiki boʻlsa, hammasini — qayerda turganini, qandoq turganini, rangi qanaqaligini, qutisida qanaqa yozuv borligini, qaysi fabrikadan chiqkanini aniq aytib berdi.

Bozorboy undagi bu qobiliyatga hayron qolib yoqasini ushlagan edi.
— Qandoq eslab qolasiz, ukaginam?
— E, xoʻjayin, bir qaraganda koʻzim bilan suvratini olib qoʻyaman.

Begijon bazaga qorovul boʻlib ishga kelganida yigirma yoshlardagi beti qattiqqina yigit edi. Baza boʻlgandan keyin uncha-muncha qonunga chap berishlar boʻlib turardi. Masalan, tanish-bilishlarga noyob mol berib pulini magazinga oʻtkazishlar, magazin olgan noyob mollarning uncha-munchasini pulini toʻlab olib qolib, kerakli joylarga chiqazib turishlar...

Kimki bazadan narsa qoʻltiqlab chiqsa, Begijonga roʻpara boʻladi. U oʻtkazsa chiqib ketadi, oʻtkazmasa olgan narsasini qoʻltigʻiga qisib, koʻzini loʻk qilib oʻtiraveradi. Ombor mudirining oʻzi kelib Begijonni rozi qiladi-yu, ish bosti-bosti boʻladi.

Bazada bunaqa omborlardan oʻn yettita. Hammasi ham kuniga bitta-ikkita boyagidaqa ishlarni qilib turishadi. Begijon oʻz ulushini olmay bunaqa mollarni chiqarmaydi. Begijonning oʻz tili bilan aytganda, oʻsha paytlarda ombor mudiri u yoqda tursin, baza mudiridan ham koʻp pul tushirardi.

Bazadagi katta-kichikning hammasi undan qoʻrqardi. Oxiri, shu bor ekan, bizga tinchlik yoʻq, deb undan qutulish yoʻlini qidira boshlaydilar. Ular qancha urinishmasin, Bozorboysiz, hech narsa qilib boʻlmasdi. Chunki Begijon Bozorboyning odami. Echki qutursa egasini suzadi, deganlaridek, Begijon Bozorboyning shofyorini ham, mashinasini ham tintuv qilib tashqariga chiqazadigan boʻldi. Qoʻyib bersa, Bozorboydan ham uncha-muncha undiradigan chogʻi bor.

Baza montyoriga bitta kostyum berib, choʻntagiga nomeri yozib olingan yigirma besh soʻmlik solib qoʻyishdi. Montyor darvozadan chiqayotganda Begijon uni toʻxtatdi. Montyor oʻzini soddalikka olib, u-bu, deb koʻrdi. Boʻlmadi. Oxiri u boyagi yigirma besh soʻmlikni buklab turib uning kaftiga bosdi. Begijon iljayganicha uni chiqarib yubordi. Shu payt Bozorboy, mestkom raisi, tovarshunos uchovi montyorni qaytarib Begijonning oldiga olib kelishdi.
— Qandoq hujjatga asoslanib mol chiqazib yubordingpz!

Begijon oʻzini u yoq-bu yoqqa tashlab koʻrdi. Uchovlashib yonini tintib, boyagi yigirma besh soʻmlikni olishdi.

Ana shundan keyin Begijonni qorovullikdan boʻshatishdi. Lekin Begijon osonlikcha jon beradiganlardan emas edi. Oradan biror soat vaqt oʻtkazib Bozorboyning oldiga kirdi.
— Xoʻjayin, mendan osongina qutuldim, deb oʻylayapsiz-a? Yoʻq, bu yerda boʻlgan, boʻlayotgan ishlarning hammasini zametkaga olib qoʻyganman. Manavu koʻzlar hammasini bexato suvratga olib boʻlgan.

Bozorboy stolni chertib uzoq oʻylanib qoldi: «Begi toʻgʻri aytyapti. Agar u ishga tushib ketsa, hammamiz rasvo boʻlamiz. Yaxshisi murosa qilaylik. Uydagi sir koʻchaga chiqmay qoʻya qolsin».
— Menga qara, Begi, — dedi, — gʻisht qolipdan koʻchishga koʻchdi. Boshqa chorasini qidiraylik. Boʻlgan voqeani koʻpchilik bilib ketdi. Qorovullikka endi hozircha qaytarib boʻlmaydi. Nima deysan, poyabzal omboriga rabochiy qilib qoʻyaymi?

Begijon oʻylanib qoldi. Koʻzlari bir joyda turmay u yoqdan-bu yoqqa borib kelaverdi. Oxiri qorachigʻi bir joyda toʻxtab qimirlamay qoldi.

U yangi vazifasining afzalliklari qandoq, imkoniyati kandoq, hammasini taroziga solib boʻlgandi.
— Boʻpti, xoʻjayin. Men rozi.

Bozorboy boshidan tegirmon toshi tushgandek yengil tortdi. Stol yonboshida turgan ichki telefon trubkasini koʻtarib:
— Obuvnoyni bering, — dedi. — Usmonxonmisiz? Menga qarang, ukaginam, shu Begini sizga tegi bilan berdnm. Burnini yerga ishqalab ishlating. Gapni aylantirmay xoʻp deng, ukaginam. Men bir ish kilsam, bilib qiladigan odamman. Keyin xursand boʻlasiz.

Bozorboy trubkani joyiga qoʻyarkan: «E, yoʻtalmay oʻl!» — dedi ijirgʻanib.

Rostdan ham Usmonxon qish kuni tarnovda paydo boʻladigan sumalakdek qiyofasi tez-tez oʻzgarib turadigan, chan qoʻlining kafti bilan kindigini bosib turib yoʻtaladigan gʻalati odam edi. Bozorboy ichida, qani, ikkita tulki bir ishlashsin, deb qoʻydi.

Avvaliga Begijon Usmonxonning u yengidan kirib, bu yengidan chiqib ishlab yurdi. Sal kunda ikkalasi til topishib qolishdi. Begijon shunaqa ishni orzu qilib yurgan ekan, omborni havas bilan tartibga soldi. Bor mollarni sortlariga, qaysi firmadan chiqqaniga qarab joylashtirdi. Biron narsa kerak boʻlganda qidirib yurmay, qoʻl uzatganda darrov topadigan qildi. Usmonxon uning bu ishidan xursand edi.

Buni qarangki, Usmonxonning dardi ichida ekan, oʻng biqinida noʻxotdek bir yaracha paydo boʻldi-yu, kengayib danakdek boʻldi. Shifoxonaga yotdi. Rak ekan, operatsiyadan keyin bandalikni bajo keltirib bu dunyodan koʻz yumib ketdi. Uning oʻlimi ham Begijonga qoʻl keldi. To omborni muhrlaguncha ellik-oltmish juft chex tuflisini gumdon qildi. Kamomad chiqqanda ayb marhumning boʻyniga tushib qolaverdi.

Usmonxonning oʻrniga boshqa yoqdan odam qidirib yurishmay, qoʻli kelishib qolgan, deb Begijonning oʻzini mudir qilib qoʻya qolishdi.

Bu Begijon tushmagur balo chiqdi. Usmonxon oʻn besh yil ishlab qilmagan ishlarini oʻynab-kulib qiladigan boʻldi.

Ombor haftada toʻrt marta, uchtadan jami oʻn ikkita konteyner oladi. Har konteynerga besh yuztadan tufli, uch yuztadan etik sigʻadi. Fabrika hisobidan bir konteynerga bir-ikki juft poyabzal skidka beriladi. Bu degani shu poyabzallar nuqsonli deb hisoblansin va narxi tushirilgan bahorda sotilsin, degani. Chindan ham kamdan-kam boʻlsa-da, poyma-poy tufli yoqi bir poyi boshqa razmer tuflilar aralashib kelib qoladi. Brak chiqsa-chiqmasa baribir narxi tushirilaveradi.

Begijon shahardagi jamiki bir oyogʻi protez nogironlarni taniydi. Poyma-poy tuflilarni oʻshalarga narxini tushirmay sotadi. Haftada oʻn ikki konteynerdan allaqanchasi narxi tushirilmay savdoga chiqaziladi. Puli albatta Begijonning choʻntagiga tushadi. Ana shuning uchun ham bazadagilar Begijonni «Narxi tushirilgan odam» deb atashadi. Begijon bu bilan ham qanoatlanib qolmaydi. Qaysi bir magazin mol olsa, har bir tufliga besh soʻm, etikka oʻn soʻm qoʻyib beradi. Agar magazin mudiri oyogʻini tirasa, Qoʻqon yoqi Chirchiq poyabzal fabrikasidan olingan molni roʻpara qiladi.

Begijon omborni qabul qilgandan bir yarim oy oʻtib, tilla tish qoʻydirdi. Hujjatlarga elektron soatli ruchkadan qoʻl qoʻyadigan boʻldi. Yaqin-yaqinlarda — qorovul paytlarida maxorka tutatib oʻtiradigan Begijon tushmagur endi «BT» sigaret chekadi. Chekkanda ham sigaretani gugurt bilan emas, «Ronson» degan ingliz zajigalkasida tutatadi. Stolining ustida sovun qutidek yapon magnitofoni paydo boʻldi.

Bir kuni Bozorboy Oxunovich omborga kirganida magnitofonga koʻzi tushib: «I, Begish, oʻzingga ham olmabsanda», deb ilmoqli gap qilib qoʻydi. Shundan keyin magnitofon qulogʻini ushlagancha ketdi. Yana bir kuni Begijon endi mashinaga oʻtirayotgan Bozorboyga imzo chektirish uchun nakladnoy uzatdi. Bozorboy yonini titkilab ruchka topolmay turganda u elektron soatli ruchkasini uzatdi. Bozorboy hafsala bilan imzo chekib, rahmat, ukaginam, deganicha ruchkani ichki choʻntagiga solib qoʻydi. Ruchka ham Bozorboyning issiqqina qoʻynida ketdi.

Begijon ishiga pishiq odam. Kerakli joyga, gʻirchillamasin, deb moʻljaldan ortiq moy chaplab qoʻyadiganlardan. U Bozorboy bilan orani sira buzmaydi. Pixi qayrilib qoʻltigʻiga kirib ketgan bu odamni aldab boʻlmaydi. Oʻpqondek ogʻziga kurak bilan tashlab tursang ham toʻymaydigan «Otaxon»ga bir me’yorida muomala qilib turardi. Ya’ni, har konteynerdan ikki yuz soʻm pul bilan ikkita poyabzal oʻsha kishiniki. Bulardan tashqari, uning yonidagi gugurt qutichadek daftarchasida Tijoratxon bilan Orastaxon nechanchi poyabzal kiyishidan tortib, tugʻilgan kunigacha yozib qoʻyilgan.

Begijon mundoq oʻylab qarasa, oradan oʻtgan uch yil mobaynida Bozorboyga oʻn besh ming soʻmlik narsa beripti. Albatta Begijon ham anoyilardan emas. Bu pullarni shunday ustalik bilan qaytarib olayki, oʻzi ham bilmay qolsin, deb oʻylardi. U oʻylab-oʻylab Bozorboyga quda boʻlishni diliga tugdi. Bozorboy nimayiki topsa, yakkayu yagona qiziga atab tashlab qoʻyadi. Axir, shu qizidan boshqa merosxoʻri yoʻq. Agar qizini Begijon kelin qilsa, bergan narsalarining hammasi sep boʻlib, oʻz uyiga keladi.

Kunlarning birida Begijon xotinini yoniga chaqirib fikrini aytdi:
— Yomon boʻlmaydi. Gap oʻgʻlingda qolgan. Agar rozi boʻlsa, sovchi boʻlib boramiz. Ertalabgacha oʻgʻling bilan gaplashib, menga javob qil, — deb tayinladi.

Xotini oʻgʻliga bu gapni aytganda:
— Bozor akaning qizi Orastani aytyapsizmi, — dedi qoʻl siltab, — axir u gʻirt anaqa-ku.

Ertalab xotini Begijondan soʻradi:
— Hoy, dadasi, oʻgʻlingiz u qizni «naqa» deydi. Bu nima degani?

Begijon nima deyishini bilmay, gapni qisqa qilib qoʻya qoldi.
— Endi haligi, anaqa degani shoʻx degani-da, oʻgʻlingga ayt, mayda gap boʻlmasin. Shuni oladi, gap tamom!

Begijonning xotini oʻgʻlini qiyin-qistovga oldi:
— Voy bolam, dadangning gapini ikki qilmagin, anaqa boʻlsa boʻlar. Har qanday qiz yoshligida bir-bir «anaqa» boʻlib oʻtadi. Men ham «anaqa» boʻlganman, opalaring ham «anaqa» boʻlishgan. Katta opang shunaqayam «anaqa» boʻlganki. Xoʻp degin, bolam.

Oʻgʻli: «E, boring-e», deb oʻrnidan turib ketdi.

Boʻlmaydigan ishga qoʻl urishdan foyda yoʻq. Bozorboy ikki dunyoda ham Begijon bilan quda boʻlmaydi. U qizini kazo-kazolarning oʻgʻliga munosib hisoblaydi. Kazo-kazolar bilan quda boʻlib katta davralarda savlat toʻkishni orzu qiladi. Shuning uchun ham Begi qudachilikdan ogʻiz ochishi bilanoq: «Ukaginam, boʻladigan ishdan gapir, nima qilasan, osmondagi oyga qoʻl choʻzib», deb gapni taqqa toʻxtatib qoʻya qoldi.

Begijon bir-ikki kun qovoq-dimogʻ qilib yurdi-yu, keyin hovridan tushdi. Tushmay qayoqqa ham borardi.

Baribir shundoq boʻlgani bilan Begijonning yuragida Bozorboyga nisbatan bir gʻubor qoldi. Har konteynerdan beriladigan ikkita tufli bittaga tushdi. Beradigan nakd ikki yuz soʻmni goh berib, goh galga soladigan boʻldi. Bozorboy bu «odobsiz, yaxshilikni bilmaydigan «narxi tushirilgan» odamning koʻzini ochib qoʻyishga payt poylar edi.
— Kelib-kelib mening rizqimni qirqasanmi, tulki, — deb toʻngʻillab qoʻyardi.

Ana shunday xayollar bilan Begijonning goʻriga gʻisht qalab oʻtirgan bir paytda kabinet eshigi ochilib kartoshka bozori ogʻzidagi «Obuvnoy»ning mudiri Eshmon Davlatov bosh suqdi:
— Kirsam maylimi, Bozor aka?

Bozorboy bosh irgʻab, ruxsat ishorasini qildi. Eshmon salomalik ham qilib oʻtirmay qiyiqchaga tugilgan salmoqligina pulni «poʻp» etqizib stolga tashladi.

Bozorboy sapchib oʻrnidan turib ketdi. U hech qachon kabinetda birovdan pul olmagan. Kabinetda pora olishni konunga xilof ish deb bilardi.
— Bu nima? — dedi Bozorboy koʻzlari olayib.
— Pul, — dedi xotirjam Eshmon Davlatov.
— Qanaqa pul?
— Puldaqa pul-da, xoʻjayin.
— Adresni adashtiribsiz, ukaginam. Men umrimda pora olmaganman. Hozir melisa chaqiraymi?

Eshmon bu gap ayni muddao ma’nosida:
— Mayli, — dedi.

Bozorboy oʻrnidan turib qabulxona eshigini ochdi-da, kotibasiga, men yoʻqman, deb eshikni ichidan qulflab oldi. Joyiga bezovta oʻtirarkan:
— Esing joyidami, ukaginam. Qani tugunni yech! Qancha olib kelding!?
— E, xoʻjayin, bu pul sizniki emas, davlatniki. Eshmonning davlatniki, degani uni qulogʻiga Davlatovniki boʻlib eshitildi. Uning hafsalasi pir boʻldiyu chor-nochor nasihatga tushib ketdi:
— E, shunaqami, pul oʻzimizniki demaysanmi? Savdo xodimining ishi nozik ish. Qilichning damida yurib tirikchilik qiladi. Ehtiyot boʻlish kerak. Buncha pulni yoiingda olib yurishing yaxshi emas. Nazarimda, beshtadan oshiq boʻlsa kerak, topdimi?

Eshmon bosh chayqadi.
— Topolmadingiz, xoʻjayin. Oltita.

Bir muddat jim qolishdi. Oxiri Eshmon maqsadga koʻchdi:
— Erkatoyingiz meni suvga yuborib, sugʻormay olib kelyapti. Yo meni ishdan boʻshating, yo Begishingizni tartibga chaqiring. Ellikta avstriyskiy zaifona etikni doʻkonimga yozibdi. Olgani kelsam, hujjatlarga qoʻlimni qoʻydirib, olti ming soʻmni tutqazdi.
— Voy, ablah-e. Voy, noinsof-e. Oʻzi bu bolaning poymonasi toʻlib turipti. Hozir-hozir, chorasini koʻramiz.

U shunday deb ichki telefon trubkasini koʻtardi:
— Proxodnoy bilan ulang. Bugun axranada kim? Luqmon togʻa, sizmisiz? Sizga jangovar topshiriq. Bugun bironta ham mol chikazmaysiz. Tushundingizmi? Shundoq boʻlsin!

Bozorboy telefon ilgagini bosib yana koʻtardi:
— Endi obuvnoyni ulang. Kim u? Oʻzingizmi, ukaginam. Darrov oldimga keling. Shoshilinch.

U trubkani joyiga qoʻyarkan, tugunchaga uzoq qarab oʻtirdi, keyin ogʻir xoʻrsinib Eshmonga qaradi:
— Manavu kalitni olib seyfni oching. Ichiga pulni qoʻyib, oʻz qoʻlingiz bilan qulflang.

Eshmon Davlatov esankirab qoldi. Xuddi sehrlangandek Bozorboy aytgan ishni qildi. Faqat seyfni qulflayotganda qoʻli bir oz qaltiragandek boʻldi. Bozorboy: «Ha, qoʻrqayapsan-a, pul qoʻldan ketdi» deb, keyin stol gʻaladonidan qogʻoz-qalam olib Eshmonning oldiga qoʻydi.
— Yozing, nima boʻlgan boʻlsa, hammasini aniq qilib yozing. Yashirmang!
— Boshqa xonaga chiqib yozay, hozir oʻzi kelib qolsa noqulay boʻladi.
— Qoʻrqmang, ukaginam. Begishning qoʻli chaqqon boʻlgani bilan oyogʻi sust. Yarim soatsiz yetib kelolmaydi. Bemalol yozavering.

Eshmon nima deb yozishni oʻylab qalam tishlab oʻtirardi.

Bozorboy unga qarab gʻijinib koʻydi. Birdan xayolidan, tunov kungi xatni shu yozmaganmikin, degan fikr oʻtdi.

«Eshmon Davlatov oʻzi ham yemay, birovga ham yedirmaydigan qurumsoqlardan. Butun umri savdo ishida oʻtibdiki, haligacha biri ikki boʻlmaydi. Bitta tuflini oʻn yil kiyadi, chogʻi. Uning doʻkoni toʻgʻrisida bironta shikoyat tushmagan. Ombordagilarga hech narsa bermaydi. Shuning uchun ham uni yomon koʻrishadi. Bozorboy ellik yoshga kirganda baza klubida yubiley kechasi boʻlgan edi. Hamma ombor mudirlari baholi qudrat, biri billur vaza, biri gilamcha, biri ismi yozilgan tilla soat olib keldi. Eshmon boʻlsa «oʻz hovlimizdan» deb, bir dasta gul koʻtarib keluvdi. Qaqshamay oʻlgur. Bola-chaqalari ham durustgina kiyinmaydi. Mehmonni ham eplab kutolmaydi. Majlisda boʻlsa tili bir qarich. Xatni shu yaramas yozgani aniq. Ammo unga qattiq gapirib boʻlmaydi. Oʻlgisi kelgan odam u bilan oʻynashadi. Ishqilib, Begish oʻlgirning ishi pachava boʻlib ketmasa goʻrga edi. Nima boʻlsa ham Begijon Eshmondan koʻrsin. Eshmonning qoʻli bilan uning giribonidan boʻgʻaman».

Eshmon bir yarim varaqni toʻldirgunicha ham Begijondan darak boʻlmadi. Bozorboy uning yozganlarini oʻqib stol tortmasiga tashlashi hamon qoʻlida choynak bilan Begijon kirib keldi.
— Xoʻjayin, toʻqson beshga qalaysiz. Loʻnqasidan...

U kiraverish eshikka orqa qilib oʻtirgan Eshmonga koʻzi tushdi-yu gapining oxiri ogʻzida qolib ketdi. Qoʻlidagi elektr plita ustidan olingan choynakni stolga qoʻyishini ham, qoʻymasligini ham bilmay bir Bozorboyga, bir Eshmonga qarab turib qoldi. Oxiri qoʻli kuyganiga chidamay choynakni stolga qoʻyib, kuygan barmogʻini muzdek marmar siyoxdonga bosdi.
— Endi mendan xafa boʻlmaysan, ukaginam, hozir iskalatni pechatlaymiz. OBXSSdan odam chaqirib reviziya qildiramiz. — U shunday deb oʻrnidan turdi-da, seyf eshigini ochib tugunchaga ishora qildi. — Mana bunga akt tuzamiz.
— E, undoq qilmang, xoʻjayin, — dedi Begijon boʻshashib.
— Iloji yoʻq. Davlatov hamma gapni yozib bergan. Qogʻozga tushgan xat hujjatga aylanadi. Siz uchun javobgar boʻlishni istamayman.

Begijonning boshi egilib qoldi. Nakd olti ming soʻm qoʻldan ketyapti. Bu yaramas Bozorboy ana shunaqa paytlarda oʻz foydasini koʻzlab qoladi. U payt poylaydi. Payt poylab, bilagingdan shartta ushlaydi. Qani, qutulib koʻr-chi!
— Xoʻjayin, — dedi Begijon umidsiz bir ahvol-da. — Meni kechiring. Bir itlik qilib qoʻydim. Endi takdirim sizning qoʻlingizda. Xohlang oʻtga tashlang, xohlang peshonamni silang.

Bozorboy stolni chertib uzoq oʻylandi. Oxiri ikki kaftini stol qirgʻogʻiga tirab oʻrnidan turdi:
— Boʻlmasam, bunday qilaylik. Begi, sen ham ahvolimni tushun. Bir balo boʻlsa menga boʻladi. Shuning uchun, ikkinchi bunaqa ish qilmayman, deb bitta tilxat yozib ber. Agar birontasi shu masalada gap qoʻzgʻasa, tarbiyaviy ishlar olib borganman, deb aytaman. Menga qara, ukaginam. Davlatovning doʻkoniga joʻnatiladigan 50 par avstriya etigini hoziroq joʻnat!

Begijon seyfga ishora qildi.
— Bu masalada keyin gaplashamiz, — dedi Bozorboy. U gapni tugatmagan ham ediki, kotiba qiz kirdi:
— Bir militsiya mayori bilan militsiya kapitani kirishga ruxsat soʻrayapti.

Bozorboyning rangi dokadek oqarib ketdi. Begijonning ahvoli undan battar edi.

Begijon Bozorboyga mungʻayib qaradi. Uning bu nigohida, oʻzingiz qoʻllab yuboring, degan ma’no bor edi.
— Qani, sizlar boraveringlar-chi, Begi. Men ularni alahsitib turaman, sen darrov oʻsha 50 par etikni doʻkonga joʻnat. Boʻlmasa juvormarg boʻlib ketasan.

Bozorboy shunday deb kotibaga qaradi:
— Chaqir, kiraverishsin.

Eshikdan oʻrta yoshlardagi mayor bilan yoshgina kapitan kirdi. Bozorboy mayorni darrov tanidi.
— E, kelinglar, kelinglar...

Ularni oʻtirishga taklif qilarkan, Bozorboy Begijon bilan Eshmonga, tezroq joʻnalaring, degan ishora qildi. Eshmon bilan Begijon kabinetdan chiqib ketishdi.
— Meni tanimadingiz-a, Bozorboy aka, — dedi mayor oʻtirarkan.
— E, taniganda qandoq, oʻrtoq Sulaymonov. Axir siz bilan oʻtgan yili Kislovodskda dam olganmiz-ku. Qalay, kelin tuzalib ketdilarmi?
— «Botanika» sanatoriysida dam olayotgan edi. Koʻrgani mashinada Termizdan keldik. Manavu kapitan ukamiz bizda tergovchi boʻlib ishlaydilar. «Jiguli»ni shu kishi haydab keldilar.
— Hay-hay, juda charchagandirsizlar, — dedi xayol aralash Bozorboy.

U shu topda bu odamlar bekorga kelmagandir. Biron xat-pat tushgan boʻlsa tekshirgani kelishgan. Ularga muomalani boshqacharoq qilish kerak, deb oʻylardi.
— Esingizdami, Bozorboy aka. «Xram vozdux»da suratingizni olgan edim, kelin ayam bilan.

Bozorboy esladi. Sulaymonov kurortda doimo boʻyniga fotoapparat osib yurardi. Esdalik uchun yodgorliklar oldida tanish-bilishlarning suratini olardi. Bir havaskor suratchining olgani nima boʻlardi, deb Bozorboy unga unchalik e’tibor bermasdi. Kunlarning birida «Xram vozdux»da Tijoratxon bilan ikkovining suratini olgan edi. Oʻshani aytayotgan boʻlsa kerak.

Sulaymonov yon choʻntagidan qora paket olib, ichidan toʻrtta surat chiqazdi:
— Mana oʻsha surat. Juda yaxshi chiqqan. Qachondan beri Toshkentga borsam Bozorboy akaga beraman deb, asrab yurardim.

Bozorboy suratni olib tikildi. Er-xotin ikkovlari boshlariga gruzincha qalpoq kiyib iljayib turishipti. Tijoratxonning juda toʻlishgan payti ekan. Boshqa suratda Bozorboy tojikistonlik baza mudiri bilan buloq boʻyida suv ichib turishipti. Oti nima edi?! Bozorboy oʻylab, oʻylab eslolmadi.
— E, rahmat-e, — dedi Bozorboy. — Zap ish boʻldi-da. Bu jivoy tarix. Endi qachon qarasam, birga dam olgan qadrdonlar esga kelaveradi.

Ular sanatoriy yaqinidagi bir kampirning uyida devziradan osh damlaganlarini, bedanadan tabaka qilganlarini eslashdi.
— Shu deyman, Bozorboy aka, atayin kurortga borib biron marta vannaga tushmadingiz-a, — dedi kulib Sulaymonov.

Kotiba qiz patnisda choy olib kirib, qoʻyib chiqib ketganidan keyin javob qildi:
— E, doʻstim, soppa-sogʻ odam boʻlsam, vannaga tushib nima qilaman. Bizzi xotin sal husndorroq. Bitta-yarimta shilqim elakishmasin, deb qorovul boʻlib borganman.

U shunday deya turib, bir minut, dedi-yu, shoshib qabulxonaga chiqib ketdi.

Kotiba qiz oldida Begijon oʻlimini kutgan mahbusdek rangi qum oqarib oʻtirardi. Bozorboyni koʻrib dik etib oʻrnidan turdi:
— Tinchlikmi, xoʻjayin?

Bozorboy unga oʻqrayib qaradi:
— Senlar shunaqa qovun tushirasanlar-da, meni baloga qoʻyasanlar. Eshmon xabar qilganga oʻxshaydi. Seni olib ketgani kelishipti. Iskalatni pechatlaymiz deyishyapti. Qoch! Iskaladni qulflaginu juftakni rosla. Ularni joʻnatganimdan keyin kel. Nima boʻlganini oʻshanda aytaman. Men ham boʻsh keladiganlardan emasman. Yengidan kirib yoqasidan chiqyapman. Anavu kapitani gapga kirmaydigan oʻjar ekan. Hech eritib boʻlmayapti.
— Jon aka, — dedi yolvorib Begijon. — Bir balo qiling. Har qancha chiqimi boʻlsa mana men turibman. Bir balo qiling, aka.

Bozorboy, bir urinib koʻraman, deb yana ichkariga kirib ketdi.
— Zerikib kolmadinglarmi? — dedi Bozorboy oʻtirarkan. — Endi bundoq qilsak, uyga telefon qilay, kelin ayangiz bitta qoʻlbola osh qilsa, birga baham koʻrsak. Shunday qilaylik-a?

Sulaymonov koʻnmadi. Shu bugunoq qaytishlari zarurligini aytib, oʻrnidan turdi.

Bozorboy ularni baza darvozasi oldigacha kuzatib chiqdi. Jabborga ularni Toshkent mehmonxonasigacha oborib koʻy, deb buyurdi.

Bozorboy qaytib kelganda Begijon uni kutib turardi.
— Boʻldimi, aka?
— Ichkarida gaplashamiz, — dedi Bozorboy kabinet eshigini ochaturib.

Ichkariga kirishganda Begijon yana soʻradi:
— Boʻldimi?
— E, boʻlmaydigan ish bormi, ukaginam. Pul boʻlsa changalda shoʻrva! Oʻsha olti ming soʻm puling kuningga yaradi. Oʻn ming, deydi-ya, noinsof. Zoʻrgʻa, otang yaxshi, onang yaxshi, deb oltitaga qoʻndirsam boʻladimi?

Begijonning ichida bir nima uzilib ketgandek boʻldi. Olti ming soʻmni topish osonmi, e attang! Shu gap rostmikin, deb oʻylardi u.
— Hazillashayotganingiz yoʻqmi, xoʻjayin?

Bozorboy tutaqib ketdi:
— Yaxshilikni bilmaydigan ahmoq ekansan. Menga nima edi-ya, oʻrtaga tushib. Mayli, Jabbor kelsin, borib pulingni qaytarib olib kelaman. Bu yogʻiga oʻzing muomala qilasan. Menga nima...

Begijon qoʻrqib ketdi:
— Unday qilmang. Bozor aka, mayli, pul ketsa ketipti. Bu yogʻi tinchisa boʻlgani.
— Tinchiydi. Tinchidi, deb bilaver. Bozor akang bir ish qilsa pishiq qiladi. Eshmonga qattiq gapirma. U yomon odam.
— E, rahmat, aka. Bu yaxshiligingizni sira unutmayman.

Begijon boʻlib oʻtgan voqeaga ishonib-ishonmay chiqib ketdi.

Bozorboy seyfni ochib tugunchadagi pulni qoʻliga oldi. Xuddi tarozibonga ishonmay olgan matoini qoʻlida salmoqlab koʻtarayotgan xaridordek tugunchani kaftiga qoʻyib chamaladi.

Bozorboy pulni ogʻirligiga qarab qanchaligini aniq belgilaydiganlardan edi.

«Choʻmilayotgan Ayol»

Xotinidan baxti chopmagan Bozorboyning ikkinchi uylanishga yuragi dov bermasdi. Tarki dunyo qilib darveshona kun koʻrib yurgan oʻsha yillarda bazaga janubiy rayonlardan birida magazin mudiri boʻlib ishlaydigan bir juvon malaka oshirishga keladi. Bozorboy uni koʻradiyu aqlu hushini yoʻqotadi.

Bozorboy bazada tovarshunos edi. U juvon ham shu kasbda ekan. Uni Bozorboyga bogʻlab qoʻyishadi. Bilaklari tirsillagan, koʻkraqdor, betlari oppoq juvonga har qaraganda Bozorboyning koʻzlari qamashib ketardi. Soʻlqildoq koʻkragining ayri joyi tepasida moshdan sal kattaroq xol bor edi. Ana shu xol Bozorboyning tushlariga kirib chiqardi.

Ismi ham ajoyib. Hech kimda yoʻq ismlardan. Tijoratxon. Gaplari ham boshqacha. Juda shirin. Dastlabki paytlar «o»ni «oʻ» qilib, «oʻ» ni «u» qilib gapirardi. «Hozir boraman» demasdi. «Xoʻzir boʻraman» derdi. «Toʻyga bordim» demasdi. «Tuyga boʻrdim» derdi. Tijoratxon ana shunaqa ajoyib ayol.

Elektron kalkulyator tugmasini bosishni yaxshi bilmaganidan Tijoratxon Bozorboyning orqasidan kelib, buni qandoq bosadi, deb soʻraganda yelkasiga iliqqina tegib turgan ayol vujudidan Bozorboyning boshlari aylanib ketardi.

Xullas, Bozorboy Tijoratxonga oshiqi beqaror boʻlib qoldi. Lekin gapni nimadan boshlashni bilmay esankiradi. Zoʻr kelganda kerakli gap topilarkan. Ikkovlari bufetda kompot ichib oʻtirganlarida Bozorboyning kallasiga shunaqa gap lop etib kelib qoldi.
— Tijoratxon, san’at muzeyiga bordingizmi? — deb soʻradi.
— Boʻrdim, — dedi Tijoratxon.
— Borgan boʻlsangiz «Choʻmilayotgan ayol» suvratini ham koʻrgandirsiz?
— Ha, kurdim, — deb javob qildi Tijoratxon. — Nima edi?
— Shu suvrat sizga qarab chizilmaganmi mabodo?
— Voy, men oʻshanga oʻxshaymanmi, — dedi u bu gap nihoyatda yoqqani bilinib turgan bir ohangda. — E, boʻring-e!
— Yoʻq, — dedi Bozorboy. — Siz unga oʻxshamaysiz. U sizga oʻxshaydi.

Bozorboy oʻsha paytlarda idoradagi divanda yotib yurardi. Xotinidan ajrashganda uy-joyi, mol-mulkini tashlab, bitta kostyumini yelkaga ilib chiqib kelavergandi. Tijoratxon esa baza yonboshidagi keldi-ketdi uchun maxsus qurilgan mehmonxonada vaqtincha istiqomat qilardi. Ishing oʻngidan kelaman, desa hamma yoʻl birdan ochilib ketarkan. Qarang, oydek soʻlqildoq juvon oʻz oyogʻi bilan kelib uning ixtiyorida ishlasa. Ikkovining ham tepasida tergaydigan kimsasi boʻlmasa. Kech kirib hamma uy-uyiga ketganda dil yorishga Tijoratxondan boshqa odam boʻlmasa...

To xoʻroz qichqirguncha baza oldidagi skameykada u yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirishadi. Tayyor poyloqchi topilganidan sevingan qorovul choponiga oʻralib vaqtligina uyquga ketadi. Bozorboyning yoshligi qaytib keldi. Oh ursa oʻpkasi koʻrinadigan darajada oshiqi beqaror boʻldi.

Tunni tongga ulashlarning oxiri toʻy bilan tugadi...

Tijoratxonning poyqadami yoqib, toʻydan bir oy oʻtganda Bozorboy baza mudiriga oʻrinbosarlikka koʻtarildi. Rahbar xodim sifatida unga toʻrt xonali uy berishdi. Eski boʻlsa ham «Volga»da ishga borib keladigan boʻldi.

Toʻy oʻtganiga roppa-rosa bir yil toʻlib, bu qutlugʻ sanani nishonlashga tayyorgarlik koʻrayotganlarida tong mahali gumbirlab yer qimirlab berdi. Er-xotin chodirga koʻchib chiqishdi. Tijoratxonning oy-kuni yaqin boʻlganidan shoshilinch qurilayotgan kottedjlardan biri Bozorboyga berildi. Yangi mehmon ham yangi uyga koʻchmasanglar tugʻilmayman, deb turgan ekan. Koʻchib kirishgan kuni qoq yarim kechada Tijoratxonni «Tez yordam» mashinasi tugʻuruqxonaga olib ketdi. Qiz bola baxt keltiradi, deyishadi. Otini Orastaxon qoʻyishdi.

Tijoratxon bitta tugʻdiyu yanada gul-gul yashnab ketdi. Chaqaloq toʻyiga yigirma chogʻli mehmon keldi. Ota boʻlganidan quvonib ketgan Bozorboy shiringina mast boʻldi. Xotinining oldiga oʻtirvolib tinmay uni ta’riflardi.
— Bizzi xotin yoshligida juda goʻzal boʻlgan. Muzeydagi «Choʻmilayotgan ayol»ni koʻrganmisiz? Xuddi oʻshaning oʻzi edi! Toʻgʻrimi, xotin?

Tijoratxon baxtdan entikar, erining gapiga, «toʻgʻre», deb javob qilardi.
— Yosh paytini koʻrmagansiz bizzi xotinni. Toʻgʻrimi, xotin?
— Toʻgʻre, — deydi mamnun iljayib Tijoratxon. Toshkent zilzilasi munosabati bilan butun mamlakatdan yordam keldi. Qurilish materiallaridan tashqari noyob kiyim-boshlar, roʻzgʻor anjomlari, uy jihozlari bazaga tiqilib ketdi.

Baza mudirining birinchi oʻrinbosari boʻlgan uchun Bozorboy Oxunov boshqa respublikalardan kelgan mollarni shaxsan oʻzi taqsimlardi.

Bozorboyning ishlarini zimdan kuzatib yurgan ba’zi bir «qitmirlar» orqavoratdan sasib qoʻyishardi.
— Bozorboyning bozori chaqqon boʻlib ketdi.
— Ha, nimasini aytasiz, xotini bola tugʻsa, oʻzi pul tugʻayapti.

Bu gaplarda albatta jon bor edi. Tijoratxon tong otguncha bir qoʻli bilan belanchak tebratsa, bir qoʻli bilan gʻijimlangan oʻn soʻmliklarni tekislardi. Ertalab eri ishga ketayotganda uyquli koʻzlarini ishqab derdi:
— Dadasi, endi oʻn soʻmliklarni obkemang. Sanayverib qoʻllarim ado boʻldi.

Bozorboy yayrab hazil qilardi:
— Shukr qiling, shukr qiling, Sanginova.

Bora-bora Tijoratxon erining topganiga qanoat qilmay qoʻydi. Oʻtirgan joyda pul topish yoʻllarini qidirardi.

Yana bir gap. Xotini bilan qiziga ikkita fransuz atiri bir oyga yetmaydi. Bozorboy atir olaverib ombor mudirining me’dasiga tegib ketdi. Yoʻq, desa boʻlmasa. Beraversa, hisob-kitobli buyum boʻlsa. Bir kun Bozorboy omborga kirib fransuz atirini soʻraganda, mudir jonidan sugʻurib berayotgandek atigi bittasini qogʻozga oʻrab uzatdi. Bozorboy bu gapni xotiniga aytganda Tijoratxonning peshonalari tirishib ketdi.
— Rost-da, — dedi Bozorboy. — Har bittasi falon pul boʻlsa. Hadeb qayoqdan oladi? Sal orqa-oʻngiga qarab ishlatinglar-da.
— Menga qarang, dadasi. Sklad mudiringiz opitniy emas ekan. Ish bilmasa nima qiladi mudirlik qilib! Buyuqqa oʻtiring, yoʻlini oʻrgatib qoʻyay sizga.

Tijoratxon erini divanga oʻtqazib «leksiya» oʻqishga tushdi:
— Araq, konьyak, atir kabi buyumlar qopqogʻi ochilmay singan boʻlsa spisat qilinadi. Xasis oʻlgiringiz qisinmay fransuz atiri qancha boʻlsa beraversin. Zarar koʻrmaydi. Qopqogʻini ochmay sindirib ichidagini marlidan oʻtqazib boshqa idishga quyib olamiz. Idishni oʻziga qaytarib berasiz. Tushundingizmi, dadasi?!
— E, kallangga qoyilman, Sanginova, — deb yubordi Bozorboy.

Baza mudiri Mirdadayev yoshi bir joyga borib qolgan veteran kooperatorlardan edi. Keyingi paytlarda astmasi tutib oyning yarmidan koʻpini byulletenda oʻtkazardi. Insofli odam boʻlganidan matlubot jamiyatiga ariza yozib pensiyaga uzatishlarini soʻradi. Iltimosi inobatga oʻtdi. Mirdadayev oʻz oʻrniga Bozorboy Oxunovni tavsiya qildi. Har qalay, bazaning ikir-chikirlarini biladigan, pasti-balandiga qarab ish qiladigan boshqa odamni topish qiyin edi. Bozorboyning nomzodi yuqoriga ma’qul keldi-yu, sakson birinchi yilning iyunida uni baza mudirligiga tasdiqlashdi. Yangi lavozimni yuvish uchun Bozorboy Oxunovich uyiga telefon qilib, kechqurun oʻn besh kishilik dasturxon tayyorlashni buyurdi. Tijoratxon, mantiga qoʻy goʻshti berib yuboring, deb tayinladi.

Soat beshlarga borib Bozorboy uyga telefon qilib tayyorgarlikning borishini bilmoqchi boʻldi. Trubkani olgan Tijoratxon yigʻlamsirab hiqillab javob qildi.
— Nima balo boʻldi, nega hiqillaysan?
— Qizingiz lyustrani artaman deb tushirib yubordi. Chil-chil boʻldi.
— Qaysi birini, sakkiz yuz soʻmliginimi? — deb soʻradi Bozorboy. — Iya, anavunisinimi? Obbo, ming ikki yuzga tushadigan boʻpmiz-da.

Xotini nimalar deb uzoq tushuntirdi. Bozorboy iyagini qashlab tinglardi.
— Boʻpti, boʻlar ish boʻpti. Hozir shofyor boradi. Bironta qogʻoz karobkaga joylab berib yubor. Yangisiga alishtirib yuboramiz. Mantini tugib boʻldingmi? Ha, durust. Hunaringni bir koʻrsatasan, Sanginova.

Kechqurun soat yetti yarimda jamoat jam boʻldi. Eshmondan boshqa hamma keldi. Yangi qandil havoyi nur toʻkib turgan dasturxonda odamning jonidan boshqa hamma narsa bor edi. Tijoratxon qomatini namoyish qiladigan yupqa harir koʻylak kiyib olgan. Koʻylagi shu qadar yupqa ediki, yelkasidagi bonka solganda qolgan dogʻlar bemalol koʻrinib turardi. Orastaxon boʻlsa och havorang bluzka kiyib olgan.

Birinchi qadah pensiyaga uzatilgan Mirdadayevning sogʻligʻiga koʻtarildi. Ikkinchi qadah Bozorboyning sogʻligʻiga. Uchinchisi shu oilaga fayz kiritib Bozorboydek nozikta’b odamning koʻnglini topolgan Tijoratxon sogʻligʻiga koʻtarildi.

Uchinchi qadahdayoq Bozorboy chuldirib qoldi:
— Juda toʻgʻri ish qildinglar. Bizning rafiqamiz dunyoda topilmaydigan ayol. Sizlar bilmaysizlar, bizning xotin yoshligida nihoyatda goʻzal boʻlgan... Tijo, jurnalni olib chiq!

Tijoratxon, qoʻying, uyat boʻladi, deb uni qaytarmoqchi boʻldi.
— Opchiq, opchiq. He, senga aytyapman!

Tijorat ichkariga kirib ketib qoʻlma-qoʻl oʻtaverganidan eskib ketgan qandaydir bir jurnalni koʻtarib chiqdi. Bozorboy jurnalni varaqlab kerakli sahifani ochdi-da:
— Mana, — dedi namoyishkorona. — Bizni xotin yoshligida xuddi shuning oʻzi edi.

Jurnalda san’at muzeyidagi «Choʻmilayotgan ayol» suvratining rangli fotosi bosilgan edi.
— Oʻlay agar, xuddi shuning oʻzi edi, — dedi Bozorboy hiqichoq tutib. — Mana, ishonmasanglar oʻzidan soʻranglar. Oʻxshaysan-a, Tijo! Toʻgʻrimi?
— Toʻgʻre, — dedi Tijoratxon erining gapini tasdiqlab.

Oʻyin-kulgi yarim kechagacha davom etdi.

Avariya

Kecha oqshom er-xotin juda xursand edilar. Bozorboy Sochiga ikkita putyovka olib kelgan. Tijoratxon yoʻl anjomlarini yigʻishtirib alla-pallagacha uxlolmadi. Eri xurrakni qoʻyib uxlab yotibdi. Soat birdan oshgan boʻlsa hamki qizidan darak yoʻq. Allaqaysi bir dugonasinikiga «imenina»ga boraman, degandek boʻluvdi. Qizi tushmagurning bemahalda yurishi yomon-da. Unga qattiq gapirib boʻlmaydi. Darrov hurpayib oladi. Sal qattiqroq gapirsang, yotogʻidan chiqmay arazlab yotaveradi.

Darvoza qoʻngʻirogʻi chalinganda soat chorakam ikki edi.

Koʻcha tarafda gʻovur-gʻuvur boʻlib qoldi. Orastaxon dugonalarini boshlab kelgan, shekilli.

Tijoratxon xalatini yelkaga tashlab, shippakni oyogʻi uchiga ilib, lapanglab borib darvoza oʻrtasidagi eshikni ochdi.

Orastaxon «Jiguli»ni urib, oldini pachoq qilib kepti. Yap-yangi mashinaga qarab boʻlmaydi.
— Oʻzing tinchmisan, bolam? — dedi onasi qoʻrqib ketganidan titrab.

Orastaxon, gapni choʻzmay darvozani oching, degan ishorani qildi.

Toʻrt davangir yigit mashinani itarib hovliga olib kirishdi. Garaj oldiga taxlab qoʻyilgan brezent chodirni mashina ustiga yopishgach, «boʻldimi, ketaveraylikmi» deb soʻrashdi.

Ularning gapi-gapiga uncha qovushmaganidan anchagina kayfi borligi bilinib turardi. Orastaxonning ishorasi bilan toʻrttalasi sirkda oʻrgatilgan otlardek gijinglab, koʻchaga chiqib ketishdi.
— Dadang koʻrsa... naq kuningni koʻrsatadi-ya!
— Papamlarga aytmay qoʻya qoling. Sizlar kurortdan kelguncha tuzattirib qoʻyaman.

Xotin kishining ichida gap yotarmidi. Tijoratxon ertalab eriga ogʻzidan gullab qoʻydi.
— Dadasi, qizingiz bir gunoh ish qilib qoʻyipti. Urishmay qoʻya qoling.
— Nima balo qipti?
— Mashinasini urib kepti. Oldi pachoq boʻlgan. Shuncha javradi, ballon olib bering, deb. Mana, nima boʻldi? Suv sepilgan asfalьtda tishi yedirilgan ballon sirpanib borib, ustalbaga urilipti.

Eri qizining sogʻ qolganiga shukr qilib indamay qoʻya qoldi.

Bozorboy qurortga ketish oldidan qiladigan ishlarini oʻylab begʻamgina yurgan edi. Ketar oldida bu tashvish ortiqcha boʻldi unga.
— Senlar shunaqasanlar. Bir tiyin topish qudukdan suv tortishdan ham mushkulligini bilarmidinglar?! Bu pullarni jonimni garovga qoʻyib topib kelyapman. Bellaring ogʻrimagan-da, esiz shundoq mashina. Bir-ikki ming soʻmning boshiga suv quyadigan boʻldilaring.

Tijorat indamadi. Ichida, xayriyat, gʻazab otiga minmadi, deb qoʻydi.
— Beri kel, Tijo! Senga aytadigan zarur gapim bor. Xotin, nima gap ekan, deb yoniga kelib oʻtirdi.
— Qizingni ahvoli bundoq boʻlsa. Kurortga indamay ketaveramizmi? Kassaga pul qoʻya olmaymiz, topgan-tutganimizni berib qoʻyadigan yaqin odamimiz boʻlmasa, xoʻsh, nima qilamiz? Qizing uyni qoʻriqlashga yaramaydi. Kechalari ham tashlab, sanqib ketaveradi. Hayronman, nima qilishga?

Tijoratxon masalaning bu tomonini oʻylab koʻrmagan edi. Uyni qoʻriqlashga pishiq-puxta, ishonchli bir odam kerak. Ularda bunaqa odam yoʻq. Bozorboy ham, xotini ham hech kimga ishonishmaydi. Uyda olamjahon mulk bor. Pul bor. Taqinchoq asboblar bor.
— Oʻyla, xotin, oʻyla!
— Siz otpuskaga chiqqaningizda Jabbor nima ish qiladi?

Bozorboyning koʻzlari yashnab ketdi:
— E, kallangga qoyilman, Sanginova. Uyni qoʻriqlashga eng yaxshi kandidat shu Jabbor. Jabborga ham shu bugundan otpuska beraman. Sen qimmatbaho narsalaringni bitta uyga qamaysan. Jabborga berigi mehmonxonani ochib beramiz. U shu yerda turadi. Yeb-ichishga yetadigan xarj tashlab ketaman. Kechasi bilan bir narsani oʻylab chiqdim. Pul bilan taqinchoq asboblarni «Jiguli»ning balloniga tiqib gʻildirakka oʻrnatsak-da, keyin gʻildirakni mashinaga kiydirib qoʻysak, nima deysan? Mashina buzuq, yurmaydi. Eski gʻildirakni birov oʻgʻirlamaydi ham. Turaveradi.

Tijoratxon erining uddaburonligiga qoyil qolib, bosh irgʻab qoʻydi.
— Ammo, — dedi Bozorboy. — Gʻildirakka ballon kiydirish mening qoʻlimdan kelmaydi. Kuchim yetmaydi. Qizing ham eplolmaydi. Birovga qildirib boʻlmaydi. Shunga boshim qotib turipti.
— Jabbor qilaversin. Axir u necha yillardan beri siz bilan ishlab sinashta boʻlib ketgan.
— Birov bilmagani durust edi-da, xotin. Oʻzi qani?
— Koʻchada, mashinasida oʻtiripti.
— Chaqir!

Bozorboy Jabborni juda mehribonlik bilan kutib oldi.
— Kel, Jabborboy, oʻtir, oʻgʻlim. Qani, dasturxonga qara. Uyalma, olaver. Oʻzing qalaysan? Men ketsam zerikib qolmaysanmi, oʻgʻlim? Shu deyman, sen ham otpuska qilib qoʻya qolganing durust. Ammo-lekin, senga bir ish topib turibman. Otpuska paytida qiladigan ish. Maoshi naqd. Bizning uyga qoʻriqchilik qilasan. Qoʻlingga naqd uch yuz tashlab ketaman. Gul-pulga qarab, kechalari uydan xabar olib yotasan. Kelganimdan keyin oʻzim yana rozi qilaman. Nima deysan? Singling Orastaxon ham yolgʻiz. Qiz bola qoʻrqib, uxlolmay yurmasin.

Bozorboyning gaplari Jabborga uncha yoqmay turgan edi. Orastaxonning ota-onasi bilan ketmay uyda qolishini eshitib, darrov rozi boʻldi.
— Xoʻjayin, bir gapingizni ikki qiladigan tilimni shartta kesib tashlayman. Sizning etagingizdan ushlab yomon boʻlmadim. Birim ikki boʻldi. Toʻrt xonali uyga ega boʻldim. «Moskvich»li boʻldim. Ishqilib, bazaga nima kelsa quruq qoʻymaysiz. Bemalol ketaveringlar. Uyingiz tepasidan qush ekan-ku, hatto pashshani ham uchirmayman.

Bozorboy yayrab ketdi. Surilib kelib Jabborning yelkasidan quchdi:
— Rahmat. Imoni but bolaligini bilardim. Yana bir sinovdan oʻtding. Endi bir sirli gap bor. Ogʻzingga pishiq boʻlasan. Bu sir ikkovimizning oʻrtamizda qolsin. Orasta ham, onasi ham bilmaydi. Hozir ikkovini bir ish bilan koʻchaga chiqarib yuboraman. Ikkovimiz «Jiguli»ning balloniga pul joylab, mashinaga oʻrnatib koʻyamiz. Nima deysan?
— Kallangiz ishlaydi-da, xoʻjayin. OBXSSning tushiga ham kirmaydigan ishlarni bilasiz.

Oʻz aqliga oʻzi qoyil qolgan Bozorboy lapanglab uyga kirib ketdi. Xotini bilan uzoq gaplashib qoldi. Sal oʻtmay Tijoratxon qizini ergashtirib, bozorga boramiz, deb koʻchaga chiqib ketdi.

Ular ikki soat oʻtganda qaytib kelishdi. Bu payt Jabbor pullar bilan taqinchoq buyumlarni ballonlarga joylab, gʻildiraklarni mashina oʻqiga oʻrnatib boʻlgan edi. Ona-bola ichkariga kirib ketishganda Jabbor soʻradi:
— Xoʻjayin, rosa yiqqan ekansiz. Hammasi taxi buzilmagan yuztaliklar ekan.

Bozorboy unga oʻqrayib qaradi:
— Buyogʻi bilan ishing boʻlmasin. Endi yana bitta gap. Shu yerda koʻrganlarimni ogʻzimdan chiqarmayman, deb qasam ichib qoʻyasan. Taomili shunaqa.

Jabbor onasini oʻrtaga qoʻyib, qasam ichdi. Bozorboy oʻrnidan turib mehr bilan uning peshonasidan oʻpdi.
— Ota oʻgʻil ekansan. Qani endi, sendaqa oʻgʻlim boʻlsa. Endi sen oʻzimniki boʻlib ketding. Seni shunday rozi qilayki, «Moskvich»ingni «Volga» qilib beraman. Manavu yeringgacha, — u bosh barmogʻini kekirdagiga tegizib koʻrsatdi, — davlatga botasan. Yaxshilikka — yaxshilik koʻrasan.

Oradan ikki kun oʻtib, otpuskaga chiqqan Jabbor oʻz «Moskvich»ida ularni aeroportga chiqazib, kuzatib qoʻydi.

Qaytishda Orastaxon mashinaning orqa oʻrindigʻida oʻtirdi. Yoʻlning yarmigacha ikkovidan ham sado chiqmadi. Orastaxon, buni menga aygʻoqchi qilib qoʻyib ketishdi, deb oʻnlardi. Jabbor boʻlsa shundoq doʻndiq bilan bir uyda qolish imkoniyatidan foydalanish kerak, deb oʻylardi.

Jabbor ilgarilari ham unga bir-ikki qochiriq gap tashlaganda qiz balanddan qarab, pisand qilmagandi.

Orastaxon yoʻlda tushib qoldi.
— Siz ketavering, men kechroq boraman.

Jabbor hayron boʻlib boʻshashgancha kelaverdi. U yangi uyga koʻnikolmay anchagina uxlolmadi. Undan tashqari, Orastaxonning kelishini kutib tiq etsa koʻcha eshikka karab oʻtiraverdi.

Orastaxon odati boʻyicha qoq yarim kechasi qaytdi. Kutaverib toqati toq boʻlgan Jabbor eshikni ocharkan, fransuz duxisining hididan dimogʻi tars yorilay dedi. Chuiki duxiga papiros tutunining hidi aralashib, qoʻlansa boʻlib ketgan edi.
— Qayoqda yuribsiz? — dedi toʻngʻillab Jabbor.
— Nima, erimmisiz, tergamang meni. Ota-onam ham msii tergayolmagan.

Jabbor, bore, menga nima, dediyu ayvonga borib chiroqni oʻchirib yotib oldi. Orastaxon ichkari uyda allamahalgacha gʻimirsib yurdi. Magnitafonni shangʻillatib sira uxlatmadi. Jabbor tajang boʻlib oʻtirib oldi. Timirskilanib shimining choʻntagidan sigareta olib tutatdi. Ichkaridan hamon hindcha koʻshiq eshitilib turardi.

Old tugmalari qadalmagan xalatni yelvagay kiygan Orastaxon ayvonga chiqdi.
— Sigaretangizdan bering, meniki tugab qoldi, — dedi u chiroqni yoqa turib.

Jabbor unga sigareta uzatdi. Orastaxon sigaretani labiga qistirib tutatib olay, deb engashdi. Xalatning ikki bari ikki yoqqa ochilib ketganidan uning vujudi baralla koʻrinib turardi. Jabbor bir qoʻli bilan uning sigaretasini tutatarkan, ikkinchi qoʻli bilan beixtiyor yelkasidan tutdi. Qiz atayin qildimi, yo oʻzi shunaqa boʻlib qoldimi, munkib ketdi. Munkidi-yu, Jabborning bagʻriga tushdi...

Ertasidan boshlab uni Orastaxon emas, Orasta deb, senlab chaqiradigan boʻldi. To u ishdan qaytguncha Jabbor osh damlab, goh qozonkabob qilib kutib olardi.
— Qanaqa erkaksiz, — dedi yana bir hafta oʻtganda Orastaxon. — Biron nordonroq narsa topib kelsangiz-chi, koʻngillarim aynib ketyapti.

Jabborning yuragini vahm bosdi. Obbo, nordon narsani bekorga koʻngli tusaydimi, bir gap boʻlgan unga.

Kechga tomon Jabbor ayvonda sabzi toʻgʻrab oʻtirgan edi, jiyani kelib qoldi. Qoʻlida telegramma. Shoshib olib oʻqidi. Opasidan ekan.

«Ukaginam Jabborjon. Pochchang avariyaga uchrab, ogʻir ahvolda yotibdi. Tezda yetib kel».

Jabborning ota-onasi yoshligida oʻlib ketgan, shu opasining qoʻlida qolgan. Pochchasi oʻz bolasidek boqib voyaga yetkazgan edi. Yuragi allanechuk ezilib ketdi. Shoshib kiyindiyu koʻcha eshik ostonasiga chiqib, Orastaxonni kuta boshladi... Aksiga olib Orastaxonning konserti bor ekan, kech keldi.
— E, qayoqda yuribsan? — dedi alam bilan Jabbor. Orastaxon xandon tashlab kuldi:
— Negadir tergaganingiz bu gal alam qilmadi-ya.

Jabbor unga telegrammani uzatdi. Orastaxon oʻqib bir unga, bir telegrammaga qaradi.
— Borishingiz shartmi?
— Shart! — dedi Jabbor.
— Dadam bilan ayam meni sizga ishonib tashlab ketishgan-a. Undan tashqari, doktorning harakatini qilishimiz kerak edi.

Jabbor qoʻl siltadi:
— Hozir shu gap koʻnglimga sigʻadimi?

Orastaxon titrab ketdi. Gʻazabdan lablari koʻkarib, ikki qoshining oʻrtasiga tugunchak tushdi.
— Ketasanmi?! — dedi u gʻazab bilan.
— Axir tushunsang-chi, bormasam boʻlmaydi.

Jabbor shunday dedi-yu, shart burilib koʻchaga chiqdi-ketdi.

Orastaxon uni keladi deb bir soat kutdi, ikki soat kutdi, kelmadi.

Shoshib telefon trubkasini koʻtarib, nomer tera boshladi:
— Maxsuma. Oʻzingmisan? Jon oʻrtoq, tezda biznikiga yetib kelgin. Yotadigan boʻlib kel. Bir oʻzim qoʻrqyapman, Jabbor oʻlgir ketib qoldi. Pochchasi avariya boʻpti. Kelasan-a. Bu yaxshiligingni sira unutmayman. Boʻpti. Kutaman.

Orastaxon trubkani joyiga tashlab, kimsasiz qorongʻi koʻchaga yugurdi. Yuragini hovuchlab dugonasini kuta boshladi.

Topildiq

Bozorboy «Jiguli»ga toʻrtta ballon oborib ber deb, deb uch yuz yigirma soʻm tashlab ketgan. Begijon oʻzi bilan oʻzi ovora boʻlib esidan chiqib qolibdi.

Bugun ishga kelib, xalat kiyayotsa choʻntagidan pul chiqdi. Iya, Bozorboy tashlab ketgan edi-ku, deb «sporttovar»lar omboridan ballonlarni olib, avtofurgonga yuklab keldi.

Orastaxon ayvonda bir oʻzi xayol surib oʻtirgan ekan. Begijon zoʻr bir ish qilayotgandek darvozadan birin-ketin toʻrtta ballonni gʻildiratib kirdi. Orastaxon ballonlarni koʻrib sevinib ketadi, deb oʻylagan edi. Yoʻq, uning yuzida sevinch alomati koʻrinmadi.
— Bir oʻzingiz nima qilib oʻtiribsiz? Chol-kampirlardan darak bormi? — deb soʻradi Begijon.
— Ketishgandan keyin bir hafta oʻtgach, telefon qilishgandi.

Begijon bu goʻzal qizga bir yaxshilik qilmoqchi boʻldi:
— Nima qilay, oppoq qiz. Ballonlarni oʻzim oʻrnatib beraymi?
— Keragi yoʻq, — dedi Orastaxon. — Mashina avariya boʻlgan. Yurmaydi. Ustaxonaga borgandim, GAIdan spravka boʻlmasa, tuzatib bermas ekan. Chastniy ustaga tuzattiring, deyishdi.

Begijon ustiga brezent yopilgan mashina oldiga keldi-da, brezentni koʻtarib qaradi. Mashinaning buferi egingan. Oldidagi nikelь panjarasi egilib, radiatorini teshib qoʻygan. Ikkala chiroqni ham almashtirish kerak.
— Unchalik qiyin emas ekan. «Sporttovar»da hammasidan bor. Dadangizning oʻrinbosarlariga telefon qiling, yoʻq demaydi. Agar u kishiga aytib shu narsalarni oldirib bersangiz, ustani oʻzim topaman.

U shunday deb soatiga qaradi:
— Hozir Akrom aka oʻzlaridalar. Bir telefon qilib koʻymaysizmi?

Orastaxon ayvon tokchasiga chiqarib qoʻyilgan telefon oldiga bordi. Nomer tera boshladi. Begijon: «Pulni oʻzim toʻlayman deyavering, men berib turaman», deb shivirladi.

Akrom aka uzoq chaynalgandan keyin rozi boʻldi.
— Ertaga shanba, indinga oddix. Men boʻshman. Boyagi narsalarni skladdan olib, bugun tashlab oʻtaman. Uyda boʻling-a. Ertaga usta olib kelaman. Akaxonimiz kelgunlaricha mashinani gijinglatib qoʻyamiz. Koʻrib xursand boʻladilar.

Begijon aytganini qilib «Moskvich» furgonida bufer, ikkita chiroq va boshqa qismlarni tashlab ketdi.

Ertalab, u basharasidan odam koʻrkadigan, ichaverganidan rangi koʻkimtir boʻlib ketgan, yaqin orada iyagiga tigʻ tegmagan bir ustani boshlab keldi. Usta mashinaning u yogʻ-bu yogʻini koʻrib, tuzatsa boʻladi, dedi.

U xaltadan asbob-uskunalarini olib ishga tushib ketdi. Begijon mashina tagiga kirib, chalqancha yotib olgan ustaga har xil asboblarni uzatib turdi. Orastaxon bir choynak bilan ikkita piyola keltirib qoʻydi. Begijon oʻzicha tushunib:
— Orastaxon, singlim, usta choy ichmaydilar. Magazinga chiqib uch-toʻrt shisha suxoy vino olib keling, — dedi.

Ustaning yuziga tabassum yugurdi. Yoqimsiz bir iljayib qoʻydi.
— Barmatuxa boʻlsin, — deb ta’kidladi u.

Usta ikki soatdan ortiq urinib, pachoq boʻlgan gʻildi-rak qismlarni olib tashladi. Shundan keyingina dam olishga chiqdi. Chalqancha yotaverib zax oʻtib ketgan ekan, oʻzini oftobga solib, «Barmatuxa»dan bir piyolani toʻldirib ichib, ancha jonlangandek boʻldi.
— Ana, endi buyogʻi oson. Eng qiyinidan qutuldik.

Usta nihoyatda kamgap odam edi. Begijon uni har qancha gapga solmasin, oʻnta soʻrogʻiga bitta javob berardi. Qayerliksiz, usta, deb soʻraganda, vodiy taraflardanman, deb qoʻya qoldi.

Begijon uning afti-angortini koʻrib, sal xushyorroq turmasa uyni shilib ketishdan xam toymaydi, deb oʻylardi.

Usta radiatorni yaxshilab oʻrnatdi-yu, oldidagi ni-kelь panjarani oʻrnatishga ancha qiynaldi. Mashinaning oldi tarafi sal shikast yegan ekan. Chokini chokiga toʻgʻrilaguncha kech boʻldi.
— Usta, qayerda turasiz? — deb soʻradi Begijon.
— Kimning yumushini qilsam, oʻshaning uyida yotaman, — deb javob qildi usta.

Uni bu uyda qoldirib boʻladimi?! Turqi-tarovatini qarang!
— Ish topolmagan kunlarda qayerda yotardingiz, usta, — deb soʻradi Begijon.
— Qumloqdagi samovarda, — deb javob qildi u.
— Ertaga oʻzingiz topib kelolasizmi, yo oʻzim borib olib kelaymi? — deb soʻradi Begijon.
— Toshkentni yaxshi bilmayman. Doim koʻchalarida adashib yuraman. Oʻzingiz boshlab kelganingiz durust. Buguncha yetar. Magazinlar bekilib qolmasdan boray endi.
— Magazindan nima olasiz?
— Muncha soʻrayverasiz? Kechasi nimani ichaman?! Doʻkon bekilmasdan olib qoʻyishim kerakmi, axir.

Ustaning ovqatga unchalik xushi yoʻq ekan. Orastaxon olib kelgan jarkopga qayrilib ham qaramadi. Oxirgi shishani piyolaga sirqitib vino quydi-da, gazaksiz ichib, oʻrnidan turdi.

Ertalab Begijon ustani boshlab kelganda Orastaxon ayvonda Jabborni qargʻab oʻtirardi. Uning rangi oʻchgan, darmonsiz edi. Kecha Begijon ustani olib ketgandan keyin dugonasi topib bergan ayollar doktoriga borib, oʻzini «davolatgan» edi. Begijon uning nochor ahvolini koʻrib hayron boʻldi.
— Nima gap, tobingiz yoʻqmi? — deb soʻradi.
— Shamollabman, — deb qoʻya koldi Orastaxon.

Usta yangi qismlarni oʻrnatguncha uch shisha «barmatuxa»ni boʻshatdi. Xuddi zavoddan chiqqandek yangilangan mashinaga qarab Begijonning zavqi toshib ketdi. Qoʻli gul usta ekan, deb uning ishiga tahsinlar oʻqidi.
— Yashang, usta! Endi toʻrttala ballonni almashtirsangiz boʻldi.

Orastaxon mazam qochyapti, Bek aka, kirib picha yotay, choy-poyga oʻzingiz qarab turarsiz, deb uyga kirib ketdi.

Usta avval oldingi ikkita gʻildirakni chiqazib yangi ballon qoʻydi. Keyin orqadagi ikkitasini chiqazdi, Eskirib, titilib ketgan ballonni diskadan olayotganda allaqanday lattaga oʻralgan narsalar chiqa boshladi. Begijon bittasini ochib qaragan edi, marvarid, tilla uzuklar ekan. U shoshib boshqasini ochdi. Tilla qoshiqlar, boshqasida bilakuzuklar va boshqa taqinchoqlar. Ichaverib koʻzlari qisilib ketgan usta bu nima balo ekan, deb indamay bezrayib turardi.

Begijon koʻrsatkich barmogʻini lablari ustiga bosib, ustaga, damingni chiqarma, degan ishorani qildi. Usta bosh irgʻab turaverdi. U Begijonning ishorasi bilan dpskaga yangi ballon kiydirib, oʻqqa ilib qoʻydi. Keyin oxirgi toʻrtinchi ballonni diskadan chiqazishga tutindi. Ballon ichi gʻij-gʻij yuz soʻmlik pachkalar edi. Begijon shoshib pullarni qogʻoz qopga sola boshladi.

Usta juda gʻalati odam ekan. Koʻz oldida shuncha voqea sodir boʻlyapti-yu, qani bir entiksa. Oʻlikka oʻxshab koʻzini baqraytirib turipti. U indamay gʻildirakni oʻrnatib, qoʻlini yuvgani vodoprovod tomonga ketdi.

Begijon oxirgi shishadagi vinoni kosaga toʻldirib quyib, ustani zoʻrlab ichirdi.

Ketar vaqti ham boʻldi. Begijon derazani tiqillatib Orastaxonga eshikni berkitib oling, dedi. Ichkaridan «Eshikni qattiqroq yopsangiz oʻzi qulflanib qoladi. «Angliyskiy zamok», degan javob boʻldi. Orastaxonning chiqmagani Begijon uchun ayni muddao edi.

Usta temir-tersaklar solingan xaltasini, Begijon pul va tilla buyumlar toʻla qopni orqalab yoʻlga tushdi.
— Mulla aka, yuz soʻmlikni ushlamaganimga koʻp vaqtlar boʻlgan. Uch-toʻrttasini menga berarsiz.

Begijon topgan boylikni usta bilan bab-baravar boʻlishmoqchi edi. U boʻlsa uch-toʻrttagina yuz soʻmlik soʻrayapti. Begimjon anoyilardan emas edi. Bosh chayqab afsuslangandek gapirdi:
— Mayli, beraman. Qonunga xilof boʻlsa ham beshta yuz soʻmlikni sizga beraman. Qolganlarini bankaga topshirishim kerak.

Uzoqdan Qumloq guzari koʻrinishi bilan ular toʻxtashdi.

Begijon usta yana biron kun kayfda dovdirab kelib qolmasin, deb ataylab ikkinchi topolmaydigan qilib pastqam koʻchalardan adashtirib olib kelardi. Begijon qopga qoʻl choʻzmay yon choʻntagidan beshta yuz soʻmlik chiqazib ustaga uzatdi.
— Koʻrdingmi, men oʻz yonimdan beryapman. Bu pulga tegib boʻlmaydi. Birovning haqidan qoʻrqaman. Gunohga botishni istamayman.

Ustaning na uyi, na joyi bor. Unga boylikning ahamiyati yoʻq. Kuniga bir-ikki shisha arzon vino topsa, shu uning boyligi. Begijon endi uni bir umr koʻrmaydi. Bundan koʻngli tinch.

Ammo usta kim bilan uchrashganini, ismi nima, qayerda ishlaydi, uyi qayerda, ikki kun qaysi koʻchada, kimning uyida ishlaganini ham bilmasdi. Ayniqsa, ketar oldida Begijon bosib-bosib ikki shisha vinoni qistab ichirgandan keyin usta mutlaqo esini yoʻqotib, oq-qorani tanimay qolgandi.

Hozir Begijon bola-chaqasi bilan, nevara-chevaralari bilan bir umr yeb tugatib boʻlmaydigan xazinani orqalab borarkan, oʻzini dunyodagi eng baxtli, eng boy odam deb bilardi.

Bozorboy ablah boʻlgani bilan ba’zi-ba’zida rost gapirib qoʻyadi: «Hoy Begish, sening qoʻling chaqqon, oyogʻin sust» deganida joni hiqildogʻiga kelgan edi.

«Mana, gapi rost chiqdi. Mendan boshqa odam boʻlganda shu paytgacha uyga yetib olardi. Men ablah haliyam yoʻlning yarmiga yetganim yoʻq».

Endi u Bozorboy Oxunovichga ham, poyabzal omboriga ham tupuradi. Qichkinagina bir ishga kirib olib, kalamushga oʻxshab topgan boyligini kemirib yotaveradi.

U shunday xayollar bilan pastqam koʻchalardan yurib, Chigʻatoy guzariga chiqdi. Bu guzardan hammavaqt mashinada oʻtardi. Choyxonada oʻtirgan tanishlar uning qop orqalab kelayotganini koʻrsalar, nima deb oʻylashlari mumkin.

Begijon koʻprikka yetganda roʻparadan kelayotgan taksi signal berdi. U mashinaning oʻtkir farasiga dosh berolmay panjaralari bilan yuzini berkitdi.

Taksi shundoqqina uning yoniga kelganda gʻiqillab tormoz berdi. Eshik ochilib, sochlari toʻzgʻib ketgan bir yigitning boshi koʻrindi:
— Begishmisan? Bu yoqda nima qilib yuribsan? Ertalabdan beri qidiramiz. Qani, mashinaga chiq! Hozir uyingga borib kelyapmiz. Eshmon Davlatovga «Xizmat koʻrsatgan savdo xodimi» unvoni berildi. Bazadagilar birma-bir tabriklab kelishyapti. Oʻshaqqa boramiz.

Begijon esankirab qoldi. Nima deyishni bilmay, chaynaldi:
— Yoʻq, oʻzinglar boraveringlar, meni ishim bor.
— E, ishing qursin, — dedi orqa eshikni ochib tushgan davangir yigit. — Qani yur, yur!

Yigit u orqalagan qogʻoz qopni yulib olib, mashina ichiga uloqtirdi. Oʻzini itarib mashinaga chiqazdi.
— Jon ogʻaynilar, men borolmayman. Meniki uzrli. Borolmayman. Jon doʻstlar...

Mashinadagi joʻralarning kayfi baland edi. Uning gaplari quloqlariga kirmas: «Odammassan oʻzing, yakka-moxov boʻlib yurasanmi, mundoq ulfatlarga qoʻshil-da», deb dashnom berishardi.

Oyoq tagiga tashlangan qogʻoz qop shundoqqina uning boldiriga tegib turipti. «E, xudo, ishqilib ichida nima borligini bilib qolishmasin-da», deya ichidan nola qilardi Begijon.

Mashina Eshmon Davlatovning eshigi oldida toʻxtadi. Begijon mashinadan tushmay qopiga yopishib oʻtiraverdi.
— Jon doʻstlar, oʻrgilay doʻstlar, shu mashinada uyimga yetib olay...

Hech kim uning gapiga quloq solmadi. Biri qopidan, biri etagidan sudrab pastga tushirishdi. Itarib ichkariga olib kirishdi.

Begijon hovliga kiripti hamki, qopini qoʻyvormasdi.
— Nimabalo, qopda tilla-pilla bormi, muncha yopishib olding?!
— E, qoʻyvor-e, qoping qursin, ichida yuz ming soʻm puling boʻlsa ham birov tegmaydi, — dedi qopning bir chetidan tortib turgan yigit.
— Yuz ming ekan-ku, ikki yuz ming boʻlsa ham birov tegmaydi, — dedi boshqasi.

U shunday dedi-yu, qopni yulib olib hovli oʻrtasiga uloqtirdi. Qop yangigina suv sepilgandan hosil boʻlgan koʻlmakka borib tushdi. Begijon jon holatda yugurib qopni koʻtargan edi, ivigan qogʻoz qop yirtilib ichidan pachka-pachka yuz soʻmliklar toʻkildi. Dastroʻmolchalarga alohida-alohida tugilgan allanimalar yer bilan bitta boʻldi.

Hamma hayron. Begijon koʻzlarini chirt yuvib dagʻ-dagʻ titrardi.

Mahalladan kirgan mehmonlar ham gurra oʻrinlaridan turib, odamlar davrasida qolgan pul uyumi tepasiga kelishdi.
— Militsiyaga xabar qilish kerak, — dedi kimdir. Bu ovozlar Begijonga juda uzoqdan eshitilayotganga oʻxshadi. Eshmonning oʻgʻli oʻqdek otilib, koʻchaga chiqib ketdi. Sal fursat oʻtib u uchastkovoyni boshlab keldi. Odamlar ikki tarafga ayrilib unga yoʻl berishdi.

Pul sanayverib koʻz pishib ketgan baza xodimlaridan biri oʻrtadagi pulni chamalab bir gap aytdi.

Hamma hayratdan yoqa ushladi.

Bu voqeaga guvoh boʻlishni istamaganlar oyoq uchida yurib, asta tarqala boshladilar.

Eshmon Begijonga yomon qaradi:
— Falokating oʻzingga urgur. Oʻgʻrilik pul bilan kelib meni badnom qilmoqchimiding, xunasa?

Begijon uning betiga qaramay, tishlarini gʻichirlatdi. Uning hozirgi holati qopqonga tushgan boʻrini eslatardi.

Qaytish

Kechqurun Orastaxon dugonasi Maxsuma bilan televizor koʻrib oʻtirgan edi, telefon qattiq jiringladi. Shoshib trubkani koʻtardi. «Hozir Sochi bilan gaplashasiz», degan tovush eshitildi. Sal fursatdan keyin Bozorboyning shodon ovozi yangradi:
— Oras, oʻzingmisan? Tinch oʻtiribsanmi? Sogʻligʻing yaxshimi? Ertaga uchamiz. Jabborga ayt, soat ikkida aeroportga mashina olib chiqsin!
— Jabbor yoʻq. Pochchasi avariya boʻlgan ekan, Margʻilonga ketgan. Men Maxsuma degan dugonam bilan oʻtiribman.
— Boʻlmasam oʻrinbosarim Akrom Qudratovga ayt, mashinasini chiqazsin. Oʻzim unga telefon qilaman, ehtiyot shart, sen ham qoʻngʻiroq qilib qoʻy, Oʻydan jilmay oʻtir. Mana, mamang bilan gaplashasan.

Tijoratxon, Oras, deyishi bilan vaqt tugab trubkadan qisqa-qisqa gudok eshitildi.

Orastaxon shu zahotiyoq Akrom akaga telefon qilib kutib olishga mashina berishni soʻradi. «Avval uyga kelib, meni olib ketsin» deb qayta-qayta tayinladi.

Ertasiga mashina Orastaxon aytgan paytda keldi. U qanchalik pardoz qilmasin, baribir yuzida paydo boʻlgan och jigarrang dogʻlar sezilib turardi. Oʻzi ham ancha ozib, soʻlib qolgan edi.

Samolyotdan entikib tushgan Tijoratxon qiziga qarab, yuragi shuv etib ketdi. Xotin kishi juda sezgir boʻladi-da. Bir qarashda nima boʻlganini bildi.
— Senga nima boʻldi? — dedi u qizining qulogʻiga shivirlab.
— Oftobda qoʻproq yurgan ekanman, bir-ikki kun tobim qochdi.

Tijoratxon labini tishlab boshini sarak-sarak qildi. Bunaqa ishlar uning ham boshidan oʻtgan edi. Yoshlik-beboshlik, xatolik har kimdan ham oʻtadi, deb oʻzini tinchitdi. Mashina joyidan qoʻzgʻalganda u yana qizining qulogʻiga shivirladi:
— Kim edi u yashshamagur!

Orastaxon: «E, boring-e» deb yuzini teskari oʻgirdi. Bozorboy ham, Tijoratxon ham rosa qorayishipti. Dengiz suvi, janub oftobi ularga juda yoqibdi.
— Oras, bu Jabborning pochchasi qayerda avariya boʻpti? — deb soʻradi Bozorboy. — Tirikmikin, ishqilib? Telefon qilmadimi?

Orastaxon, yoʻq, deb bosh silkidi.
— Bazada nima yangiliklar bor? — deb shofyordan soʻradi.
— Gap koʻp, Bozor aka. Begijon jinni boʻp qopti. Balnisada yotipti. Odam tanimaydi, deyishadi. Akrom akam kecha koʻrgani borgan ekanlar, u kishiga qarab «Eshmon, Eshmon oʻlgur, toʻqson beshga qalaysan, loʻnqasidan damlaganman», deb supurgini koʻrsatipti.
— Yo tavba, — deb yoqasini ushladi Bozorboy. — Bu kasal naslida bor boʻlsa ajabmas. Keyingi paytlarda koʻzi bejo boʻlib qolgandi. Yana nima gaplar bor?

Shofyor mashinani tor koʻchaga burganidan soʻng javob berdi:
— Eshmon Davlatov oblpotrebsoyuzga starshiy revizor boʻlib ketdi. Shu gapni eshitgandan keyin Rahmonali aka bilan Tursunxoʻja shalvirlab qolishdi. Begishni ham shu jinni qilgan, deyishyapti. Akrom akam boʻlsalar: «Ularning gapiga ishonma. Eshmon chesniy bola, qani endi, savdo ishida shunaqalar koʻproq boʻlsa», deydilar.

Bozorboyning dami ichiga tushib ketdi. Bu Eshmon degani xudo urgan odam. Ochdan oʻlsa oʻladiki, birovning nonini yemaydi. Yuqoriga koʻtarilgani chakki ish boʻpti. Bazadagi jamiki ikir-chikirlarni biladi. Boplab kavlashtirib qolmasa goʻrga edi.

Bozorboy boshqa gap soʻramadi. Mashinaning bir tomoni lopillay boshladi.
— Ballon qoʻyvordi, — dedi shofyor tormoz berar ekan. — Jindek sabr qilasizlar, birpasda almashtirib olaman.

Bozorboyning samolyotda oʻtiraverib beli qotib ketgan edi. Shofyor gʻildirakni almashtirguncha pastga tushib, u yoq-bu yoqqa yurib, belini uqaladi. Qoʻllarini osmonga koʻtarib, bir-ikki marta yaxshilab kerishdi.

Shofyor chaqqongina ekan, gʻildirakni darrov almashtirib qoʻydi.

Bozorboy mashinaga oʻtirganidan to uyga kelguncha churq etib ovoz chiqazmadi. Hozir uning yuragiga qil ham sigʻmasdi. Eshmon Davlatov baland lavozimga emas, Bozorboyning yelkasiga chiqqandek edi.

Shofyor yuklarni ayvongacha oborib, qaytib chiqib ketdi. Bozorboy unga rahmat ham demay, koʻcha eshikni ichidan berkitib oldi-da, garaj chirogʻini yoqdi. Yaxshilab yuvib artilgan «Jiguli» yaltirab oʻzini qamashtirdi. Tizzalab oʻtirib orqa gʻildiraklarga qaradi. Qaradi-yu tubsiz jarga kulayotgan odamdek muvozanatni yoʻqotib, bir tomonga ogʻib ketaverdi. Oxiri yelkasi bilan gup etib yerga yiqildi.

«Gʻildirak, gʻildirak», deb shivirladi. Oʻz ovozi oʻziga uzoqdan eshitilayotganga oʻxshaydi. Bor kuchini nigʻib qichqirdi.
— Tijo! Oras! Oras!

Uning ovozi nihoyatda xunuk edi. Bu ovoz Bozorboyning ovoziga oʻxshamasdi. Boʻgʻizlanayotgan odamning xirqiriq ovozi edi.

Bu dahshatli ovozdan ayvonda chamadon ochayotgan ona-bola koʻrqib ketishdi. Biri ketidan biri yugurib, garajga kelishdi. Bozorboy yonboshiga yiqilgancha ogʻzidan koʻpik chiqarib yotardi. Qorachiqlari qotib qolgan, ochiq koʻzlari mashinaning orqa gʻildiraklariga qaragancha baqrayib turardi.

Tijoratxon erining yelkasidan koʻtaraman, deb engashdiyu mashinaning orqa gʻildiraklari yangilanib qolganini koʻrishi bilan dodlab yubordi.
— Voydod, honavayron boʻldim! Uyim kuyd-e! Gado boʻldem!

Shofyor ketmagan ekan. Teshilgan kamera oʻrniga yangisini qoʻyib ballonga yel berayotgan edi. Ichkaridan dahshatli yigʻi ovozini eshitib, eshikni taqillata boshladi. Tijoratxonning dodlashidan eshikning taqillashi eshitilmasdi. Shofyor devordan oshib tushdi.

Tijoratxon erining ogʻzidan koʻpik chiqarib yotganini ham unutib, mashina atrofida telbalarcha dodlab aylanardi:
— Dod, dod!

«Dod» tovushidan qoʻni-qoʻshnilar yugurib chiqishdi. Tijoratxon odamlarga qaramas, sochlarini yozib, yoqalarini yirtib dodlardi. U dodlab-dodlab oxiri koʻksini changallaganicha jimib qoldi. Faqat iyagi tinmay qimirlardi. U holdan toyib, erining yoniga yiqildi.
— Doktor chaqirish kerak!
— Chaqirib nima qilasan?! Tayyor mashina bor ekan, kasalxonaga zudlik bilan oborish kerak.

Qoʻshnilar ularni koʻtarib mashinaga olib chiqishdi. Shofyor ajib bir chaqqonlik bilan motorga oʻt berdi-yu, mashinani yeldek uchirib ketdi.

Qorongʻilikda jadallab ketayotgan mashinaning ikki qizil chirogʻi kichrayib-kichrayib, oxiri koʻrinmay qoldi.

Xotima

Yomon gapning ham qanoti boʻladi. Pir etib uchadiyu tomma-tom, devorma-devor oshib, elning qulogʻidan kirib, ogʻzidan chiqadi.

Bozorboyning jinni boʻlib qolgani xech kimni ajablantirmadi. Bunga sabab undan oldin Begijon otini qamchilab hamkasblarining «etini oʻldirib» qoʻygani edi.

Lekin baribir shundoq odamning boshiga koʻrgilik tushganda gap-soʻz boʻlmasdan qolmas ekan.

Tushlik payti baza oshxonasi odatdagidek gavjum edi. Choyni maydalab, oʻtgan-ketgan gaplar muhokama qilindi. Har kim bilganicha bichib-toʻqidi. Tursunxoʻja bilan Rahmonali ham shu yerda.

Gap aylanib Bozorboy bilan Begijonning kasaliga taqaladi.
— Bu kasal naslida boʻlsa kerak, — dedi kimdir. Rahmonali shu gapni aytgan kishini siltab tashladi:
— Ogʻzim bor, deb har gapni aytaverasizmi? Ishimiz ogʻir.

Qurilish materiallari omborining yuk tushiruvchisi Abdullajonning zardasi qaynab ketdi:
— Hoy, menga kara, ishingni nimasi ogʻir? Kosmosda sputnik uchiryapsanmi yo xalqaro ahvolning taqdiri senga qarab qolganmi? Pul sanab charchayotgan boʻlsang, menga ber, sanashib beray. Yoʻq, birodarlar, bu ochkoʻzlik balosi! Besh barmoqni bab-barabar ogʻziga tiqishdan. Ba’zi odamlarga hayronman, qaysi zamonda yashayapsan, axir. Tekshiruvchilar omon boʻlsa tilla yiqqanlarning hammasini giribonidan tutadi. Buxorodagi rayponing raisi ancha oltin-marvarid bilan qoʻlga tushib, muzdekkina boʻlib oʻtiripti. Hey, yegandan qoʻrq, yiqqandan qoʻrqma, degan ekan birov. Oʻzlari bitta-bittalab terib oladi. Tavba, shuncha pul-u oltinni nima qilasan? Goʻringga orqalab ketasanmi? Koʻpchilik mulki hisob-kitobli, bittasini olsang oʻrni bilinib qoladi. Qani, tegib koʻr-chi! Ishim ogʻir, deydi-ya, e, seni qara-yu...

Gapdan gap chiqib odam bolasi nega jinni boʻladi, degan masala koʻndalang kelib qoldi.
— Mahallamizda Ikrom degan kishi bor edi. Bir jinni boʻlib, salkam olti oy kasalxonada yotib, davolanib sapsem tuzalgan. Oʻshandan bir kuni, birodar, jinnilik qanaqa boʻlarkan, deb soʻraganinimda juda qiziq gap aytdi: «E, uka, jinni boʻlmabsan, dunyoga kelmabsan. Bizi Toshkentdagi Komsomol koʻli avji suvga toʻlgan paytida oʻrtasiga gilam yozib rosa ulfatchilik qilardik».

Oʻtirganlar bu gapdan hang-mang boʻlib qolishdi. Gapni Abdullajon ilib ketdi:
— Bir bilagʻon odam bilan gaplashgan edim. Odam bolasining haromdan topgan puli ellik mingdan oshsa, chap koʻzining jiyagi qizara boshlarkan. Yuz mingga yetganda qizarish oʻng koʻziga ham oʻtarkan. Yuz mingdan oshganda sekin-asta jinnilik boshlanarkan.

Oʻtirganlardan biri gapga gap qoʻshdi:
— Begijon orqalab yurgan pul uch yuz ellik ming ekan, tillo buyumlarni hisoblamaganda. Demak, koʻzining jiyagidan to tovonigacha qizarib ketgan ekan-da.

Abdullajonning gaplari Rahmonali bilan Tursunxoʻjaning boshidan sanchilib tovonidan chiqayotganga oʻxshardi.

Tursunxoʻja Rahmonalining qulogʻiga shivirladi:
— Nima qilardingiz shu sassiq bilan tortishib? Jimgina oʻtiravermaysizmi?
— Hammani yomonga chiqazvordingiz-ku, — dedi yana tili qichib Rahmonali.

Abdullajon ham gapdan qoladiganlardan emas edi:
— Oʻzingni yaxshilar qatoriga qoʻshmoqchimisan? Sen u roʻyxatga kirmaysan. Toʻgʻri, yaxshilar koʻp. Mana, masalan, Eshmon Davlat, oʻttiz yildan beri savdo sohasida pshlaydi. Yigirma yildan ortiq mana shu iskalatlarda ishlagan. Uyiga bitta paypoq yo boʻlmasam bitta dastroʻmol olib ketmagan. Qizini uzatganda yordam kassasidan besh yuz soʻm olgan. Oʻzim sanab koʻrganman. Kurort degan narsani bilmaydi. Otpuskasida ikki oʻgʻlini yoniga olib tom suvaydi. Oyligiga qanoat qiladigan odam. Senlar mamlakatda qanchaki kurort boʻlsa, koʻrmaganing qolmagan. Toʻy qilsalaring, oʻn bir mahalladan odam aytasanlar.

Tursunxoʻja Rahmonalini yana turtdi:
— Turing! Bu sassiqning jagʻi ochilib ketdi, endi toʻxtatib boʻlmaydi. — Tursunxoʻja Abdullajonga qaradi. — Qoʻyinglar, boshqa gaplardan gaplashaylik.
— Nimani gaplashaylik boʻlmasam. Sen toʻgʻringdami? Oʻgʻlimni uylantirayotganimda kelinbop bitta jemper soʻraganimda bermaganingni gapiraymi? Bozorga tushib qoʻldan ikki barobar narxga olganman. Oʻzimizning iskalatdan chiqqan molga ortiqcha haq toʻlaganimni aytaymi? Oʻshanaqa jemperdan xotining, qizing, kelining toʻyga kiyib kelganidan gapiraymi? Menga koʻzingni olaytirma! Sen yaxshi odamlar roʻyxatiga suqilma. Qanaqaliging iskalat reviziya boʻlganda bilinadi.

Rahmonali etagini qoqib, oʻrnidan turib ketdi. Yoʻlda kelishayotganda Tursunxoʻja bir gap aytdi:
— Bular bilan olishmang, ukajon. Koʻydek yuvosh boʻling, ha, oʻshanda yutasiz.

Rahmonali bilan Tursunxoʻja xuddi maslahatlashib olgandek uyga keliboq, oynaga qarab koʻz jiyaklarini yirib koʻrishdi. Hozircha qizarganga oʻxshamadi.

Oradan ikki kun oʻtib Tursunxoʻja Jabborga, Bozorboy aka bilan Begishni koʻrib kelaylik, oborib kelgin, degan edi, Jabbor benzin yoʻq deb bahona qildi. Akrom akaning shofyori ularni kasalxonaga olib boradigan boʻldi. Bozorga borib ikkita paketni toʻldirib yoʻlga tushishdi. Jabbordan dili ogʻrigan Tursunxoʻja uni yomonlay boshladi:
— Bu yaramas Bozorboyning qizini yoʻldan uryapti, deb eshitdim.

Uning gapini Rahmonali tasdiqladi:
— Orastaning boʻyida boʻlib qolganmish.

Shofyor shofyorni hech qachon badnom qilmaydi. Biri-birini suyaydi.
— Shu gapga ishonib oʻtiribsizmi? Yolgʻon gap. Ispletniy gap.

Lekin bu «Ispletniy gap» allaqachon baza ahliga tarqalib boʻlgandi.

Navbatchi vrach Bozorboy bilan Begijonni maxsus xonaga chaqirib, ularga uchrashtirdi. Yo tavba! Bozorboy ham, Begijon ham ularni tanimadi.

Bozorboy xuddi majlisda gapirayotgandek qoʻllarini siltab: «San’at muzeyiga boringiz, «Choʻmilayotgan ayol» suratini koʻringiz!» — deb qichqirdi. Begijon boʻlsa kim eshikdan kirsa, qoʻlidagi sovun qutisini koʻrsatib: «Toʻkson beshga qalaysiz, xoʻjayin, loʻnqasidan» derdi.

Begijon Bozorboyning oldiga kelib, qulogʻiga shivirladi:
— E, birodar, men Bozorboy degan yaramasning ustidan oʻziga anonim yozganman. Yetti ming pulimni yeb ketgansan, ovsar, deb yozganman.

Rahmonali bilan Tursunxoʻja qaytib chiqishar ekan, navbatchi vrach ularga «Kelib ovora boʻlib yurmanglar, baribir sizlarni tanishmaydi» dedi.

Hovliga chiqishganda Bozorboy Begijondan soʻradi:
— Birodar, oʻzlari qayerdan boʻladilar?

Begijon oʻylab-oʻylab qayerda yashaganini, qayerda ishlaganini, hatto oʻzining kimligini eslolmadi. Bozorboyning betiga qarab ma’nosiz iljaydi.
— Juda toʻgʻri aytasiz, ukaginam, — dedi Bozorboy undan juda ham ma’noli gap eshitgandek. — Gapingizga qoʻshilaman. Bizning xotin oʻzingiz aytgandek yoshligida juda goʻzal boʻlgan... Oʻzi ham sutga chayilganday.

Shu payt roʻparadan kelayotgan bosh vrachga koʻzi tushib, qaddini rostladi-da:
— Hoy, doktor, gʻildiraklaringizni omonat kassada saqlang! — deb qichqirdi.

Bosh vrach: «Xoʻp-xoʻp, albatta shunday qilaman» deb oʻtib ketdi.

Oradan biron oy oʻtib gazetada «Gʻildirak» degan felьeton bosildi. Unda «Jiguli» gʻildiragida yashirilgan pulning sarguzashtlari yozilgan edi.

Albatta bu gazeta ruhiy kasallar shifoxonasiga ham yetib keldi. Koʻpchilik goh kulib, goh yoqa ushlab oʻqib chiqdi. Uni Bozorboyga ham, Begijonga ham oʻqib berishdi.

Ikkovi ham felьetonga tushunmadi. Gazeta oʻqilayotganida Begijon hushtak chalib, Bozorboy barmoqlarini bir-bir bukib, «Shanba, yakshanba, chorshanba...» deb kun sanab oʻtirdi.

Bozorboy bechora bu felьetonni ikki yildan beri kutardi. Atayin gazetaga obuna boʻlgandi-ya... E, attang!