OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Gugurt (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiGugurt (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/04
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gugurt (hikoya)
Said Ahmad

Ishdan juda tabiatim ravshan qaytdim. Endi qoʻlimga gulqaychini olib ayvonga chiqqan edim, eshik taqillab qoldi.
— Aytgancha, esimdan chiqibdi,— dedi jiyanim. — Mirvali aka ikki marta oʻgʻlini chiqazdi. Uyida mehmonlar bor emish, chiqarmishsiz. Hoynahoy yana bola chiqazadi.

Eshikni ochsam, darhaqiqat, Mirvalining oʻgʻli. Oʻsha gap. Hozir chiqaman dedimu, oʻylanib qoldim. Chiqsam, albatta ichkilik boʻladi. Chiqmasam, qiyomatlik qoʻshni, xafa boʻladi. Noiloj kiyinib Mirvalinikiga qarab ketdim.
— E, shunaqayam boʻladimi, shu ham qoʻshnichilikmi. Qiring uyga. Ishxonadan xoʻjayinlar kelishgan.

Mirvali allaqaysi bazada ekspeditor. Demak, baza xodimlari kelishgan. Ular bilan qanday til topaman. Nimani gaplashaman. To oʻylab boʻlgunimcha Mirvali qoʻlimdan sudrab ichkariga boshladi. Bir uy odam. Yuqorida, oʻng yuzida danakdek xoli bor oʻrta yashar bir kishi kahrabo sopli pichoq bilan qazi toʻgʻrayapti. U qazini har yaproqlaganda, piyolani boʻshatgan kishining ogʻziga oʻzi solib qoʻyadi. Xoldor kishi men bilan tirsagini tutib koʻrishdi.
— A’zamjon aka,— dedi Mirvali xoldor kishiga meni tanishtirib, — bu kishi kaminangizning yon qoʻshnisi boʻladilar. Oʻzimizning bola. Kirishimli.

Koʻpchilik bu gapdan keyin menga toʻrdan, A’zamjon akaning yonidan joy berdi. Oʻtirdim. To nafasimni rostlagunimcha, piyola qoʻlimga kelib qoldi.
— Olasiz, olasiz. Mirvalining esonligiga.

Noiloj qoldim. Koʻzimni chirt yumib turib ichib yubordim. A’zamjon aka oʻz qoʻllari bilan ogʻzimga zakuska solib qoʻydilar. Pastroqda oʻtirgan, qoʻliga uzuk taqqan yigitga A’zamjon aka ta’na qilib qoʻydilar.
— Boʻldi, sen ichma, rulda oʻtiradigan narsasan.

U yigit qoʻlini koʻksiga qoʻyib: «Xoʻp aka»,— dedi-yu, piyolani olib, yana shimirdi. A’zamjon aka peshonasini tirishtirib: «Shunaqasan-da»,— deb qoʻydi.

Oʻrtaga kabob keldi. A’zamjon aka oʻz qoʻli bilan ikki-ikki sixdan rasamadi bilan mehmonlarning likopchasiga qoʻydi.

Boya men kirganda, gap allaqanday artikul toʻgʻrisida borardi. Kabob ustida uzilgan gap ulanib ketdi:
— Oʻzidan koʻrsin, necha marta aytganman, revizor bilan orani buzma, deb. Revizor xalqi topaman desa, har qanaqasidan ham ishkal topadi.
— Sunnatingiz haddidan oshib ketdi, oʻzi. Roʻzgʻoriga ham savdoning pulidan oladi. Sotuvchining shoʻri, desangiz-chi,— dedi uzuk taqqan yigit.

Ularning gapiga quloq solib oʻtirib, shu bazadan mol oladigan biron doʻkonda ishkal boʻlganini sezdim. Ularning xotirjam gaplashishidan, doʻkon mudiri, eplashtirib tinchib ketishiga ham ishonib qoʻydim.

A’zamjon aka, hozir pora bilan ish bitkazish mumkin emasligi, pora bergan ham, pora olgan ham qiya boʻlib ketishini aytib qoldi.

Shunda bir gap esimga kelib, men ham suhbatga aralashib qoldim;
— Allaqaysi bir bazaning mudiri porani sanamasdan olarkan,— dedim. A’zamjon aka kabobni chaynamay lunjiga bosib turib basharamga qaradi:
— Xoʻsh, qandoq qilib olarkan?
— Oʻzining har qaysi doʻkon mudiriga kesib qoʻygan taksasi bor ekan. Ular mol olgani kelishganda papiros soʻrarkan, papiros bersa, gugurt soʻrarkan. Gugurtni chaqib yo qaytib berarkan, yo yoniga solib qoʻyarkan. Yoniga solsa, oʻsha doʻkon mudirining ishi bitgani, qaytib bersa shoʻri qurigani ekan.
— Shunaqami? Birinchi eshitishim,— dedi A’zamjon aka.— Bunaqasini birinchi eshitishim.
— Oʻsha gugurt qutisida pul boʻlarkan, choʻpini yondirayotganda ichiga qarab pulning bor-yoʻqligini bilarkan. Pul boʻlsa, yoniga solarkan, boʻlmasa, qaytib berarkan.

A’zamjon aka ogʻzidagi goʻshtni bir-ikki marta lunjida aylantirib yutolmadi, ogʻzidan olib xontaxtaning tagiga tashladi.
— Birinchi eshitishim. Tavba, sizga kim aytdi?

Oʻlay agar, kimdan eshitganim esimda yoʻq edi, shuning uchun ham tayinli bir gap aytolmadim.

Shundan keyin gap gapga qovushmadi. Suhbat muz boʻlib ketdi. Mehmonlar ichkilikka zoʻr berishdi. Tilim qichib yana bitta qiziq voqeani ayta boshlagan ham edim-ki, A’zamjon aka jerkib berdi. U ancha kayf qilib qolgan edi.
— Uka, siz bu gapni bir yoqqa qoʻyaturing, avval boyagi gapni ayting. Kim oʻsha poraxoʻr? Shuni ayting.

Nima deyishga hayronman. Gʻudirladim.
— Yoʻq, ayting. Aytmaganingizga qoʻymayman. Isbot qiling. Shunaqa.

Nima boʻlyapti, A’zamjon aka nima deyapti, sira tushunolmasdim.
— Aytmaysiz shundaymi? Demak, qoʻlingizda dalillaringiz yoʻq. Gaplashamiz, tegishli joyda gaplashamiz. Gugurt qutisidagi pulni oʻz koʻzingiz bilan koʻrganmisiz? Ushlab olganmisiz? Javob berasiz! Ha, shunaqa. Qachon, qaysi vaqtda, aytasiz. Kimdan, kimning oldida, aytasiz. Guvohlaringiz bormi?

Mehmonga chiqmay oʻlay. Oʻz boshimga qanday baloni orttirib oldim. Nima qilardim hikoya aytib.
— Siz bilan tegishli joyda gaplashib qoʻyaman. Boʻynimga qoʻyib bermasangiz, sharmandangizni chiqazaman. Bekorga benavat boʻladigan paytlar oʻtib ketgan.

Mirvali derazadan meni imlab chaqirdi. Oʻrnimdan turayotganimda, A’zamjon aka etagimdan tortib oʻtqazib qoʻydi.
— Oʻtirasan. Ketadigan boʻlsang familiyangni aytib, keyin ketasan,— deb turib oldi.

Jahl bilan etagimni siltab turdim-u, chiqdim ketdim. Orqamdan u hamon javrar edi: — Boʻynimga qoʻyib bersin, isbot qilsin. Unaqa zamonlar oʻtib ketgan.

Mirvali tashqariga chiqqanimda oʻpkalangandek boʻldi:
— Nima qilardingiz qoʻshni, shu gapni aytib. Endi ziyofat ham tatimaydi.
— Nega u kishiga alam qiladi? Men butunlay oʻzimga ham notanish odam toʻgʻrisida gapiryapman-ku.
— E, sodda ekansiz-ku, qoʻshni. Egasini topib gapirdingiz. Bu oʻtirganlarning yonidagi gugurtlar endi choʻntakdan chiqmaydi.
— Boʻlmasa, endi ketay, oʻtirishinglarni buzmay,— dedim-da, eshikka qarab yura boshladim. Uydan hamon A’zamjon akaning ovozi kelardi:

— Familiyasi Xajayip-a, gaplashib qoʻyaman!