OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiIqbol chiroqlari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Iqbol chiroqlari (hikoya)
Said Ahmad

Daryo shamolidan seskangan otning badani dirillab ketdi. Jilovni boʻsh qoʻyib yubordim.

Chakmonini yelkasiga tashlab, qumgʻon tagiga oʻt qalayotgan paromchi chol ot dukurini eshitib oʻrnidan turdi:
— Keling, mehmon, yoʻl boʻlsin?
— GESga oʻtmoqchi edim.

Chol soqolini tutamlab daryoga qaradi:
— Suv qutirib kelyapti, paromni chirpirak qilib olib ketadi.
— Yoʻgʻ-e, ishim jadalroq edi-ku, a!
— Ertalabgacha sabr qiling. Hozir choy qaynaydi, chaqchaqlashib tong ottiramiz.

Noiloj otdan egarni olib, suvligʻini chiqardim-da, yovvoyi jiydaga bogʻladim.

Chol vaqirlab qaynab turgan qumgʻonga koʻk choy solib damladi. Budkaga kirdik. Budkaning ichi anchagina keng edi. Uning bir tomonida arqon karavot, ikkinchi tomonida esa taxtasi randalanmagan qoʻpolgina skameyka. Devorga gazeta va jurnallardan yirtib olingan turli suratlar yopishtirilgan. Chol toshchiroqning piligini koʻtarar ekan, menga qaramay soʻradi:
— Qorin qalay, mehmon?
— Qoʻshqoʻnoqda ovqatlanarman degan umid bilan yoʻlga chiqa bergan edim.

Chol mening javobimni kutmay deraza oldiga qoʻyilgan oyogʻi ayri stolcha ustiga belbogʻini yozib, qozikdagi tugundan non va qand olib qoʻydi.
— Choyni maydalab turing, savatdan xabar olib kelay. Chol chiqib ketdi. Piyolaga choy quyib, devordagi suratlarni tamosho qila boshladim. Allaqaysi bir jurnaldan yirtib olingan bir surat menga juda tanish tuyuldi, fonarni suratga yaqinroq olib bordim. Egniga kombinezon kiyib, qoʻliga elektrosvarka shchitini ushlab turgan payvandchi qizning kulib turgan yuzi menga juda tanish edi. Bu bir vaqtlar meni, shoirona qilib aytgan-da, oʻziga asir qilgan Iqbol edi. Chol kirdi.
— Baliq ilinmabdi. Suv notinch-da. Baliqlar yuzaga chiqmaydi.

Chol bilan anchagacha u yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirdik. Soatga qaradim, birdan oshibdi.
— Uyqungiz keldi-yov, joy qilib beraman, dam oling. Chol belanchakka oʻxshash arqon karavotga koʻrpacha yozib, choponini buklab yostiq qilib berdi-da, fonarni koʻtarib chiqib ketdi. Yechinib yonboshladim. Fikru xayolim Iqbolda edi.

Xayol meni Iqbol bilan oʻtkazgan kunlarga yetakladi. Koʻz oldimga togʻ qoyalari, daryo toʻlqinlari, azamat GES binosi keldi.

Chol qorongʻida timirskilanib nimadir olib chiqib ketdi. Daryoning narigi qirgʻogʻida chaqin chaqdi. Uning koʻkimtir-pistoqi shu’lasi osmonda suzib yurgan pastak bulutlarni ham yoritdi. Ozroq vaqt oʻtgach, boyagi chaqin tez-tez takrorlanaverdi. Turib derazadan oʻsha tomonga qaradim. Gulxan yonida toʻr yamab oʻtirgan chol menga oʻgirildi.
— Uxlamadingizmi, mehmon, shu’laga qarayapsizmi? Qoʻshkoʻnoqda GES qurishyapti. Bu elektrpayvandning shu’lasi.

Iqbol ham oʻsha vaqtda GESda payvandchi edi. Daryo boʻyidagi tosh uyim derazasiga ham xuddi shunaqa shu’la tushib, menga uyqu bermasdi. Tuni bilan tosh qoʻporib, tong otguncha Iqbol haqida oʻylardim.

Kechqurunlari ikkovimiz choʻlga chiqib ketib, osmonda asta-sekin koʻz ochayotgan sahro yulduzlariga tikilib oʻtirardik. Atrofimizda oʻt-oʻlanlar silkinar, chigirtkalar chirillar edi. Shunday kechalarning birida Iqbolga yuragimdagi gaplarni aytdim. U jim oʻtirib hammasini tingladi. Hali oy koʻtarilmagani uchun uning yuzida, koʻzida qanday oʻzgarishlar boʻlayotganini bilolmadim. U javob bermadi. Yonma-yon yurib tungi smena ishlab turgan uchastkaga qarab yoʻl oldik. Qizlar zemlyankasi oldiga yetganimizda, u qoʻlimni odatdagidan koʻra qattiqroq qisib xayrlashdi. Yo, balki, menga shunaqa tuyuldimi, hali-hali bilolmayman.

Oradan uch kun oʻtgach, Iqbol tungi smenaga ishga oʻtdi. U GESning azamat peshtoqlarida temir parchalarini bir-biriga payvand qilar, elektrod tayoqchasidan chaqnagan uchqun pastga qarab goʻyo nurli tomchi boʻlib toʻkilar, uning shu’lasi choʻlning olis-olislarigacha yoritardi.

Kuni bilan bosh toʻgʻonda tosh koʻporib charchashimga qaramay, choʻl oralab toʻrt kilometrlik yoʻlni piyoda bosib, GES qurilishiga borardim. Yoʻlni Iqbol chaqnatgan koʻkimtir nur yoritib turardi. Temir shotiga tirmashib Iqbol ishlayotgan betonli devorga koʻtarilardim-da, uning yonida oʻtirib, chaqnagan nurdan yoshlangan koʻzlarimni kepkam bilan toʻsardim. Iqbol juda chaqqon ishlardi. Prorab «xalaqit berasan» deb necha marta meni devordan quvib tushirar, men esa yana tirmashib chiqaverardim. Shu devor ustida, choʻl shabadasi uning sochlarini toʻzgʻitib turgan bir paytda, koʻzni oluvchi koʻkimtir nur orasida birinchi bor uning yuzidan oʻpib olganman. Iqbol arazlagandek menga yer ostidan gʻalati qilib bir qaradi-yu, yana elektrodni temir parchasi ustiga qoʻydi. Uchqun chaqnadi, uning qoʻli bilinar-bilinmas titraganini sezdim. Hali-hali bilolmayman, uning vujudidagi bu titroq gʻazabdanmi, yo hayajondanmi... Shu kundan boshlab Iqbol xayolchan boʻlib qoldi. Mendan oʻzini olib qochar, uchrashgan onlarimizda yuzimga tik qaray olmas edi.

Ekskavator mashinistiga yordamchi boʻlib oldim. Ishlar koʻpayib qoldi. Kechasi kursga qatnayman, kunduz ekskavator boshqaraman, shu kunlar Iqboldan ancha uzoqlashib qoldim.

Uchastka agitpunktida kurs mashgʻuloti boʻlayotganda feldsher xotin meni imlab chaqirdi. Chiqdim. U qoʻlimga bir qogʻoz tutqazdi. Shoshib oʻqidim. Unda shu gaplar yozilgan edi.

«...Kasalxonadaman, vaqtingiz boʻlsa bir kelib ketsangiz. Iqbol».

Kasalxonaga yugurdim. Kasallardan surishtirdim. Meni palataga olib kirishdi. Bu yerda oq xalat kiygan, yuz-koʻzi doka bilan tangʻib tashlangan bir ayoldan boshqa hech kim yoʻq edi.
— Mana, Iqbol! — dedi hamshira.

Oq doka orasidan mening nomimni aytgan ovoz chiqdi. Bu Iqbolning ovozi edi.
— Iqbol! Nima boʻldi?!

Iqbol yangi yoʻlga kirgan bolalardek devorni ushlab turmoqchi boʻldi.

Tez borib uning qoʻlidan ushladim. Karavot qirgʻogʻiga oʻtirdik.
— Elektrod uchquni koʻzimga sachradi. Iqbolning ovozi titradi. Uning boshini siladim.
— Meni deraza oldiga olib boring, — yalinish ohangida dedi Iqbol.

Uning aytganini qildim.
— Havo ochiqmi? — deya soʻradi u.
— Havo ochiq, yulduzlar chaqnayapti, — dedim.

U uzoq jim turib qoldi. Derazadan qoʻlini chiqazib goʻyo yomgʻir yogʻyaptimi, yoʻqmi, bilmoqchi boʻlgandek panjalarini yoydi.

Svarka apparatida chaqnagan nur Iqbolning yuziga chulgʻangan oq dokalarni ham koʻkimtir tusga kiritgan edi.
— Nahot, umrbod koʻr boʻlib qolsam-a?

Vrach meni haydab chiqarguncha uning oldidan jilmadim.

Oradan bir hafta oʻtgach, Iqbolni Toshkentdagi koʻz klinikasiga olib ketishdi. Men esa armiyaga joʻnab ketdim.

Soʻnggi bor Iqbol bilan uchrashgan kunim hali esimdan chiqmaydi. Armiyaga joʻnash oldidan uning holidan xabar olgani Toshkentga tushdim.

Erta kuz edi. Klinika hovlisidagi daraxtlarning bargi sargʻaygan, keksa dub barglarigina koʻk edi.

Iqbolning bilagidan ushlab, gulzor chetidagi skameykaga olib keldim. Oʻtirdik. Iqbol timirskilab qoʻlimni topdi-da, uzoq jim turib, keyin xoʻrsinib qoʻydi.
— Ketyapman deng... Ketish oldida sizni oʻz koʻzim bilan koʻrolmadim. Qani endi, koʻzim ochila qolsa-yu bir koʻrsam. Harbiy formada qanaqa ekansiz.
— Koʻzingiz ochiladi, — dedim unga ruh beruvchi ohangda.
— Professor ham shunday dedi, balki koʻnglimni koʻtarish uchun aytgandir.

Men unga professor bilan gaplashganimni, u menga ham xuddi shunday deganini aytdim.
— Juda kutilmagan hodisa boʻldi-da, shunday usta payvandchi, nahotki beparvolik qilib, koʻzga uchqun sachratib olsangiz.

Iqbol qoʻlimni yana mahkamroq qisdi. U choʻlda, oydin kechada birga yashashni taklif qilganimda javob oʻrniga qoʻlimni xuddi shunday qisgan edi.
— Bilasizmi, oʻsha kuni qoʻlim va koʻzim ishda edi-yu...

U gapirolmay entikdi.

Juda gʻalati boʻlib ketdim. Ayni zamonda koʻngilni ham shodlantiruvchi, ham ezuvchi bu gapdan gangib qoldim.
— Iqbol!.. — gapimni tugatolmay sapchib oʻrnimdan turib ketdim. Nima qilishimni bilmay turgan yerimda serrayib qoldim.
— Koʻzim ochiladi, — dedi Iqbol ishonch bilan. — Yana koʻrishamiz. Faqat tezroq koʻzim ochilsa-yu, bogʻlarni, maysalarni, odamlarni koʻrsam. Hayotning, tabiatning qanchalar chiroyli ekanini endi yaxshiroq sezdim. Chunki hozir ularni koʻz bilan emas, yuragim bilan koʻrib turibman. Choʻllarda chaqnagan chiroqlarni koʻryapman. Tezroq, tezroq koʻzim ochilsa. Koʻzlarimga tangʻilgan dokalarni yirtib tashlab, hayotga qarasam deyman.
— Koʻzingiz ochiladi. Albatta ochiladi, yana uchrashamiz, birga turmush qilamiz. Ana oʻshanda siz choʻllarda kombinezon kiyib yurmaysiz. Mening uyimda, xuddi malikalardek yasanib, shohona hayot...

Iqbol qoʻlini shart tortib oldi. Nazarimda, koʻngilsiz bir voqea esiga tushib qolgandek seskanib ketdi. Yo menga shunday tuyuldimikin? Hali-hali bilolmayman.

Shu kuni Iqbol bilan qosh qorayguncha gaplashib oʻtirdim. U menga oq yoʻl tiladi. «Kutaman, Samad aka» dedi-yu, muomalasi sal sovuqroq koʻrindi, bu gap yurakdan emas, shunchaki aytilganga oʻxshadi. Ketdim. Koʻz oldimda Iqbolning oq dokaga chulgʻangan qiyofasi qoldi...

Oradan besh yil oʻtdi. Shu orada unga yozgan oʻnlab xatlarimga javob ololmadim. Oxiri Iqbolning izini yoʻqotdim. Mana, daryo suvi shovillagan oydin kechada, paromchining budkasida uning suratiga termilib oʻtiribman. Olisda Iqbolni eslatuvchi yashil nur chaqnab turibdi. Uning oʻtkir nuri deraza oynasidan oʻtib uy devoridagi suratlarni ham goho lip-lip yoritib qoʻyadi. Iqbol hayot ekan. Nima uchun shuncha xatlarimga javob bermadi? Axir, men unga biron yomon gap aytmagandim-ku.

Uning suratiga termilib birga kechirgan kunlarimizni, bir-birimizga aytgan iliq-issiq gaplarimizni soʻzma-soʻz xotirladim. Biroq aytilgan gaplarda bironta ham nojoʻyasi yoʻq edi.

Qani endi uchrashsak. Oʻsha vaqtda aytganimdek, malikalardek...

Esladim! Iqbolning izzat-nafsiga, gʻashiga tekkan narsa endi ayon boʻldi. Qiziq, kishi oʻzining xatosini sezishi shunchalar qiyinmi? Nechun shu paytgacha bu narsa yodimga tushmadi? Nega? Gugurt chaqib Iqbolning suratiga qaradim. Uning hozirgi holati men tasavvur qilgan malikadan ming marta afzal edi. Oʻz baxtini oʻzi yarata oladigan kishi oʻzgadan baxt kutmaydi. Iqbolni mendan sovutgan narsa ham mening shu bir ogʻiz nojoʻya gapim edi. Gugurt choʻpi oxirigacha yonib qoʻlimni kuydirdi.

Demak, Iqbol hayot, uning koʻzlari avvalgidek ravshan. Biroq u hozir qaerda! Er qilganmikin? Kim ekan u baxtli yigit? Mumkin emas! Ishonmayman.

Qani endi, uni hozir shu topda koʻrsam, oʻsha koʻkimtir nur ichida bir koʻrsam. Hu oʻsha choʻllarda chaqnagan koʻkimtir chaqin shu’lasida u haqda xayol sursam... Yoshlikni, biz ishlagan oʻsha azamat qurilishlarni eslasam, birga orzu qilganimizcha yashasak...

Qaydasan, qaydasan, Iqbol?!

Asta-sekin tong yorisha boshladi. Kiyinib tashqariga chiqqanimda chol parom ketida eshkak burib, daryoning qoq oʻrtasida narigi qirgʻoqqa qarab ketardi.

Otni egarladim. Ustiga ikkita yuk mashinasini ortgan parom ortga qaytdi. Cholning oppoq soqollari shamolda silkinar, yenglari bilagigacha shimarilgan baquv-vat qoʻllari eshkakni epchillik bilan boshqarib kelardi.

Tuni bilan chaqin chaqqan tomondan endi quyosh koʻtarildi. Kechasi kumushdek tovlangan daryo suvi sargʻimtir tusga kirgan edi.

Paromdagi mashinalar qirgʻoqqa chiqib, shagʻal bosti-rilgan yoʻldan motorlarini gurillatib ketishdi.
— Ota, bir iltimosim bor edi, aytsam, xoʻp deysizmi?
— Soʻrang, bolam.

Cholni budkaga boshlab kirdim-da, devordagi suratni menga berishini soʻradim.
— E, mendan soʻrab nima qilasiz, oʻzidan soʻrang-da.
— Oʻzini besh yildan beri topolmayman.
— Mendan soʻrab qoʻya qolmabsiz-da.
— Taniysizmi?! Hozir qaerda u?!
— Qiziqsizmi? Oʻz qizimdek boʻlib qolgan bir kishini tanimay jinni boʻpmanmi? Kechasi bilan Qoʻshqoʻnokda chaqmoq chaqib chiqqan oʻsha siz qidirgan Iqbol-da. Bu atrofdagilar kechasi shunaqa chaqmoq chaqishi bilan darrov: «Iqbol chirogʻi yondi» deyishadi, soatingiz necha? Yetti boʻldimi, hozir oʻzi ishdan qaytib qoladi. Mana shu paromda uyga oʻtadi. Qani, uyga olib ketay.
— Er qilgani yoʻqmi? — deya shoshib soʻradim undan. Chol qoʻl siltadi.
— Nazarimda, erga chiqmoqchi emasga oʻxshaydi. Ne-ne yigitlar kishi qoʻydi. Koʻnmaydi. Xotin-xalajning gapiga qaraganda, allaqaysi GESda ishlaganda bir yigitga koʻngil bergan emish. Yigit bevafolik qilganmish, unday desam, kimni kutadi?! Xullas, bu toʻgʻrida bir nima deyish qiyin...

Chol mendan soʻramay otning egarini olib suvlugʻini boʻshatib qoʻydi. Men toʻngakka xotirjam oʻtirib papiros cheka boshladim.

Daryo hamon shovillar, chol suv oʻrtasida toʻlqinlar bilan olishib, quyosh chiqayotgan qirgʻoqqa tomon intilar edi.

1956