OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiKechikkan sevgi... (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/04
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kechikkan sevgi... (hikoya)
Said Ahmad

Sekretar xotin barakning brezent eshigini koʻtarib ichkariga kirdi. Ismoiljon tikka turganicha alyumin krujkadan labini choʻchchaytirib qaynoq choy hoʻplardi. Sekretar stolga qogʻoz qoʻyib indamay chiqib ketayotgan edi, Ismoiljon uni toʻxtatdi.
— Bu nima?
— Bashoratning arizasi. Ishdan boʻshatishingizny soʻrab yozibdi.
— Nega oʻzi kirmadi?
— Bilmasam.

U yelkasini qisib qoʻydi.
— Oʻzi kirsin!

Sekretar chiqib ketdi.

Bashorat qurilishda desyatnik. Oʻzi uncha chiroyli boʻlmasa ham allaqaeri odamga juda yoqadi. Istarasi issiq deganlari shumikin? Ismoiljon shu toʻgʻon qurilishiga bosh injener boʻlib kelganda ham Bashorat shu yerda edi. Ular bir-birlari bilan juda koʻp gaplashishgan. Negadir Bashorat Ismoiljon bilan ochilib gaplashmasdi. Biroq nima aytadigan boʻlsa betiga qaramay yergami, botinkasining uchigami tikilib turib aytardi. Uning bu qiligʻidan koʻpincha Ismoiljonning ensasi qotardi. Ammo Bashorat ishiga pishiq qiz. Buni qurilishdagilarning hammasi ham tan olishadi.

Brezent eshik koʻtarilib sekretar xotinning yuzi koʻrindi.
— Kirmasmish, qoʻl qoʻyib beraversin, deb aytdi.

Ismoiljon arizani olib yana oʻqib chiqdi. Aytarli tuzuk-quruq gap yoʻq. Oʻz ixtiyorim bilan depti. U qoʻliga qalam olib arizaning chetiga yozmoqchi boʻldi-yu, yana toʻxtadi. Bu nima qilgani, meni pisand qilmayaptimi? Gaplashishni ham istamaydi.
— Oʻzi qaerda?—dedi Ismoiljon hamon brezent eshikni paranjiga oʻxshab boshiga tashlab turgan sekretar xotinga.
— Tashqarida oʻtiribdi.

Ismoiljon xotinning ketidan chiqdi. Oyoq tovushini eshitib Bashorat oʻrnidan turdi. Uning qovogʻidan qor yogʻardi.
— Nima boʻldi, nega boʻshaysan?
— Ketyapman,—dedi u Ismoiljonning betiga qarab emas, yerga oʻtirib etigini boshqatdan kiyayotgan ekskavatorchiga qarab.
— Ketishingga biron sabab bormi?
— Sabab yoʻq. Shundoq. Boshqa qurilishga ketaman.
— Birontasi xafa qildimi?

Bashorat bosh chayqadi.
— Arizamga qoʻl qoʻyib bering, gapni aylantirmang! Vassalom!

Ismoiljonning zardasi qaynab ketdi. Qurilish bosh injeneri bilan shunaqa gaplashadimi? Haddan oshib ketibdi-ku, bu qiz!
— Xoʻp, hozir qoʻl qoʻyib beraman.

U shunday dedi-da, ichkariga kirib ketdi. Birpasdan keyin Bashoratni sekretar chaqirib buyruqni berdi. Bashorat buyruqqa qarab turib seskandi. Koʻzi tindi. Nahotki ikki yil ishlab mehnati singan joyni tashlab ketadi?
— Hisob-kitobni boshqarmaga borib qilasan,— dedi sekretar va boshini sarak-sarak qilib barakka kirib ketdi.

Bashorat yolgʻiz qoldi. U bosh injenerning baragiga ma’yus qarab turdi-da, bitta-bitta qadam bosib yoʻliga ketdi.

Ekskavatorlarning shovqini olamni toʻldirgan. Skreperlar qiyqillaydi. Elektr payvandi oftobda shisha sinigʻidek yaltiraydi. Samosvallar har gal shagʻal agʻdarganda momaqaldiroqqa oʻxshagan ovoz chiqadi. Beton qoruvchi mashina qaldir-quldir qilib quloqni bitiradi. Mashinalar hamma yoqni changga toʻldirib u yoqdan-bu yoqqa oʻtib turibdi.

Bu shovqinlarga Bashorat koʻpdan koʻnikib ketgan. Endi qayoqqa boradi? Nima qilmoqchi oʻzi? Buni oʻzidan boshqa hech kim bilmaydi. Faqat shu yerdan ketsa boʻlgani. Qancha tez ketsa shuncha yaxshi.

Bashorat baxtini boshqa yerdan izlamoqchi. U bu yerdan baxtini topolmadi. Izzat-nafsi koyigan qiz shu shovqin-suronga toʻlgan joydan ketyapti.

U ma’yus qadam tashlab doʻng oshganida qarshisida toʻzon koʻtarib gazik kelardi. Bashorat darrov tanidi. Bu Ismoiljonning mashinasi, Bashorat qoʻlini koʻtardi. Gazik toʻxtadi. Hali egnidagi harbiy gimnastyorkasi eskirmagan shofyor bola kabinadan boshini chiqardi.
— Ha, opa, tinchlikmi? Qayoqqa ketyapsiz?
— Bitta xat yozib beraman, xoʻjayiningga berib qoʻyasan.
— Xoʻp, xoʻp, opa.

Bashorat chamadonchasidan daftarchani olib mashina kapotiga qoʻyib nimadir yozdi, oʻchirdi, yana yozdi. Yozganini yirtib tashladi. Oʻylab turib boshqatdan tez-tez yozdida, buklab shofyor bolaga berdi.
— Oʻziga ber!

Bola xatni yon choʻntagiga solib qoʻydi. Mashina u yoqqa, Bashorat bu yoqqa ketdi.

Iyul quyoshi adirga tegay-tegay deb turibdi. Yana bir intilsa adir orqasiga dumalab tushib ketadi. Atrof qorongʻilashadi. Qurilish maydonida sonsiz chiroqlar yonadi. Projektorlarning nurli barkashi doʻngdan doʻngga sakrab oʻynaydi. Elektr payvandning chaqini bir daqiqadayoq olis-olislarga yetadi-da, hamma yoqqa yashil nur purkab soʻnadi.

Bashorat mana shu nurli, mana shu shovqinli hayot orasidan baxtini qidirgan edi. Uni topgan ham edi. U baxt deb diliga quvonch, koʻngliga ishonch-ilinj tugʻdirgan narsa baxti emas ekan. Ana shuning uchun ham u ketyapti.

Balogʻat yoshiga yetib, dilida muhabbat hislari uygʻongan qiz bolaning noumid boʻlishidan ogʻirroq narsa yoʻq. Boʻlmasa kattadan kichigi qadrdon boʻlib qolgan joydan ketish osonmi? Qim biladi, hali ham boʻlsa iziga qaytgani durustmidi? Yangi joy, yangi odamlar, yangi muhabbat... osonmi? Umr — oqar suv. Huv etadi oqadi, ketadi.

Shu xayol uni bir daqiqa toʻxtatdi. Qiz atrofga qaradi. Quyosh adirga yarim belidan botib turibdi. Azamat teraklarning uchi shamdek yonib koʻzni olmoqchi. Ufqda ikkita uzun-uzun kimxob kamardek bulut qimirlamay turibdi. Osmoni zaminda bitta laylak aylanyapti. Uning qanoti xuddi shamga oʻxshab yonadi. Gohi-gohida u, xuddi shishadan yasalganga oʻxshab ketadi.

Teraklar uchidagi shamlar oʻchdi. Atrofni nim qorongʻilik bosdi. Faqat laylak chiroqqa oʻxshab hamon porlaydi.

Qurilish shovqini ham eshitilmay qoldi. Uni dam-badam orqangga qayt, degandek eshitilib turgan bu tovushlar tingandan keyin Bashoratning oyoq olishi tezlashdi.

Qishloq yaqin qoldi. Uzoqda xonadonlarning chiroqlari miltirab koʻrindi.

Bashorat endi orqaga qaytish ilinjidan qutuldi.

Orqadan gurullab motor tovushi keldi. Zum oʻtmay oʻtkir nur uning soyasini oʻzidan ellik metrcha nariga uloqtirib tashladi. Bashorat oʻgirilib qaragan edi, yoruqdan koʻzi qamashdi. Mashina uning yonidan oʻtib ketdi-da, sal nari borib yoʻlning oʻrtasida koʻndalang turib oldi. Motor shovqini tindi. Chiroq ham oʻchdi. Qorongʻilikda erkak kishining ovozi eshitildi.
— Bashorat!

Bu Ismoiljonning ovozi edi.

Bashorat titrab ketdi. Oʻsha! Qiz qalbiga tosh otgan, qiz koʻnglida uygʻongan birinchi muhabbat hislarini pisand qilmagan kesak!
— Nega kelding?— dedi Bashorat titroq tovushda. Bu birinchi bor uni senlashi edi.— Tushuntirgani keldingmi?! Qurilishda obroʻying oshadi, shu yerdan koʻtarilib ketasan, deb aytgani keldingmi?! Bu gaplarni sendan koʻp eshitganman. Sen faqat shu gapni bilasan, yogʻochsan, toshsan, kesaksan. Darding yoʻq seni!

Bashorat hoʻngrab yigʻlab yubordi. Ismoiljon nima qilishini bilmay qotib turardi.

Osmonda yulduz uchdi. Uning papiros tutunidek ingichka chizigʻi qop-qora osmonda ancha turib qoldi. Oxiri u ham soʻnib ketdi.
— Sizga nima boʻldi, Bashorat? Sen uchun ketyapman deb xat bervoribsiz?
— Sizlama meni. Bilmading-a, sezmading-a! Yuragingda zarracha darding boʻlganda bilarding, sezarding!..
— Nimani bilaman, nimani sezaman?
— Axir tentak, bir yildan beri dardingda kuyib yonaman. Bir yildan beri meni uxlatmaysan. Bir yildan beri seni deb yashayapman. Bilmaysan, sezmaysan. Aminman, sezasan, nazar-pisand qilmaysan. Meni ermak qilish uchun atayin shunday qilasan.
— Voy, menga qara...

Ismoiljon shu gapdan keyin ancha jimib ketdi. Papiros chekdi. Gugurt chaqayotganda qoʻli titrayotganini Bashorat koʻrmadi.

Yulduzlar birin-ketin koʻz ochaverdi. Ushatilgan nondek boʻlib oy ham chiqdi. Ammo Ismoiljondan hali ham sado chiqmasdi. Yuk mashinasi keldi. Yoʻlda koʻndalang turgan mashinadan oʻtolmay signal berdi. Ismoiljonning hushi oʻziga kelib mashinasiga yugurdi. U to mashinani chetga olguncha shofyordan rosa soʻkish eshitdi. U gazigini chetga olaman deb orqa gʻildiragini ariqqa tushirib yubordi. U mashinani oʻnglaguncha Bashorat chamadonchasini bagʻriga bosganicha qimirlamay turaverdi. Oxiri Ismoiljon yana oldiga keldi.
— Kechir, meni Bashorat. Bilmabman. Bilsam nahotki senga shunaqa muomala qilardim. Men, oʻlay agar, bilmabman. Axir oʻzing oʻyla, men oʻzimni senga munosibmasman deb yurardim. Umrimda bir qizni sevmaganman, bunaqa ishlarni bilmaganman. Sevishni bilmaganman. Toʻgʻri aytding, yogʻochman, kesakman. Sevishga, ishq qoʻyishga vaqtim boʻlmagan. Oʻqishni bitirdimu shunaqa qurilishlardaman.

Bashorat ham titrab, qaqshab gapirardi.
— Nima kiysam sen koʻrgin deb kiyardim. Ammo sen tabel taxtasidagi Bashoratning norma bajarishiga qararding. Ishdan horib, charchab kelamanu uxlamay ostonada yulduzlarga tikilib oʻtiraman. Seni oʻylayman. Soʻra, shu yulduzlardan soʻra. Ularni har kuni koʻraman. Har kuni gaplashaman. Shu yulduzlarning qaysi biri menikiligini bilolmayman xolos. Biron marta meni oʻylaganmisan?

Ismoiljon gap topolmay gʻudrandi.
— Menga qara, Bashorat, meni koʻp qiynama. Birpas oʻzimga kelib olay. Oyogʻimning tagida yer yoʻqqa oʻxshaydi, Ke, oʻtiraylik. Manavi yerga oʻtiraylik.

Ismoiljon Bashoratning qoʻlidan ushlab tol tagiga olib oʻtdi. Shundagina uning qoʻli titrayotganini bildi. Qiz koʻksida nimadir gʻalayon qilardi. Bu u chekkan iztiroblarning mukofotimi, unga kechalari uyqu bermagan yigitning koʻksida sevgi otashini yoqib intiqom olish tantanasimi, bilmasdi. Nima boʻlsa boʻlsin, Bashorat dilidagisini toʻkib soldi. Agar shunday qilmaganda bir kun oʻkinardi. Qachonlardir bir kun ilk muhabbat esga keladi. Esga kelganda ham galati hislar bilan, ajib xotiralar, eng ma’sum, eng begʻubor tuygʻular bilan aralashib keladi. Oʻshanda ilk muhabbat oʻz bagʻriga chaqiradi. Butun goʻzalligi, butun jozibasi bilan, tiniqligi, begʻuborligi bilan chaqiradi. Oʻshanda muhabbat oʻzining hech qachon qarimasligiga iqror qiladi.

Bir chiroyli, bir yoqimli shamol turdi. Tol shoxlari bir-biriga ayqash-uyqash boʻlib yerdagi oy tangalarini uchiradi, yondiradi, supuradi.
— Endi men gapiray. Kulmaysanmi, masxara qilmaysanmi. Jim oʻtirsang aytaman.
— Gapir!

U iztirob bilan oʻtgan bolaligini eslab ketdi. Goʻdak diliga ozor bergan, murgʻak xotirada bir umr oʻchmas iz qoldirgan ota qilmishini, oʻz bolasining koʻkragidan itargan ona qilmishini alam bilan esiga oldi. O, u kunlar unutilib ketsa boʻlmasmidi?

Ismoiljon papiros chekdi. Tolning shovullashiga bir muddat quloq solib turgandan keyin titrab gap boshladi.
— Kimligimni bilib ol. Kimman, qanaqa odamman, bilib qoʻyganing yaxshi. Sakkiz yasharimda dadam bilan ayam ajralib ketishdi. Oʻshanda ayam bilan qolganman. Yarim yil oʻtmay ayamning koʻziga shumshuk boʻlib qoldim. Ikki gapining birida, baxtimni qora qilyapsan, orqamda ergashgan bolam bilan meni kim olardi, deydigan boʻlib qoldi. Bu gaplarga bola ekanman-da, tushunmaganman. Keyin ayam erga tegdi, oʻgay dadam u yoqda qolib ayamning oʻzi chiqishtirmadi. Dadamning oldiga bordim. Uylangan ekan. U yerga ham sigʻmadim. Koʻchada qoldim. Ota-onam tirik boʻla turib detdomga kirishga jur’at qilolmadim. Maktabda yotib qolib oʻqidim. Birovlarning nonini yeb, birovlarning kiyimini kiyib katta boʻldim. Institutda oʻqib odam boʻlishni astoydil niyat qilgan edim. Niyatimga yetdim. Yotoqda yotib oʻqidim. Oʻqigan maktabimning direktori juda yaxshi odam edi. Maktabdan dars olib berdi. Ham oʻqidim, ham oʻqitdim. Yozgi kanikul paytlarda ham konstruktorlar byurosidan chertyoj koʻchirish ishini oldim. Diplom qoʻlga tegdiyu ishga tushib ketdim. Sevgi ishlariga, oʻyin-kulgiga vaqtim boʻlmagan. Oʻz tenglarimdek yayrab yashnamaganman.

Bashorat beixtiyor uning qoʻllaridan ushladi. Ismoiljon gapirolmay entikdi. Saldan keyin oʻzini oʻnglab yana gapira boshladi.
— Oʻtgan yilning oʻzida ikki marta sudga tushdim. Dadam sudga beribdi. Xotini oʻlib ikki yosh bola bilan qolibdi. Yordam soʻrab kelishga yuzi chidamay nafaqa undirish uchun sudga bergan ekan. Sud hukm qilib berdi. Sal oʻtmay ayam sudga berdi. Eri qamalib ketgan ekan, oʻgay bolalari chiqishtirmay uydan haydashibdi. Endi kerak boʻlibman. Nafaqa undirdi. Negadir oʻz onamga oʻxshamaydi. Koʻrib yuragim jiz etmadi ham. Shahardan joy topib koʻchirib olib borib qoʻydim. Borib turaman, boramanu begona odamning oldiga borgandek boʻlaman. Uylanib roʻzgʻor qiladigan paytimda yana tashvish. Oʻgay ukalar, dadam, onam... Oʻzim qolib ularning tashvishi bilan bandman. Bolaligimni juvonmarg qilishgan edi. Endi katta boʻlganimda ham shular gʻov. Qani aytchi, qachon sevaman, kimni sevaman? Qaysi bir bechorani tashvishlarimga sherik qilaman?

Ularning ikkovi ham jim qolishdi. Ismoiljon ust-ustiga chekar, har chekkanida papirosning qip-qizil choʻgʻi yuzini ojizgina yoritardi.

Bashorat oʻylardi. U haligacha Ismoiljonning toʻngligidan, oʻziga beparvoligidan koyinardi. U bechorani nimalar demadi? Kesak, dedi, tosh dedi. Bashorat yarimta oy atrofni arang yoritib turgan nim qorongʻi sokin dala chetida oʻtirib shu paytgacha diliga ham ozor, ham quvonch bergan yigitning koʻrgan kunlariga ich-ichidan achinib ketdi. Eng yaqin kishilari oʻgʻirlab ketgan shodligini, bolalik quvonchlarini qaytarib kelgisi, muhabbatga joy bermagan koʻksini parmalab otash solgisi, qoʻlidan yetaklab qoʻshiqqa oʻxshagan, nurga oʻxshagan, allaqanday ajoyib ohanglarga oʻxshagan muhabbat koʻchalariga boshlab ketgisi keldi. Qizlik gʻururini chetga surib qoʻyib entikib-entikib gapirdi:
— Meni kim sevardi deding. Men sevaman. Qaysi bir bechorani tashvishimga sherik qilaman, deding. Men sherik boʻlaman! Odam bolasining qalbida sevgigayam, gʻazabgayam, gʻam-tashvishgayam joy topiladi. Qalbga kirib olgan chinakam sevgi tashvishniyam, gʻamniyam, gʻazabniyam haydab chiqaradi. Shunaqa...

Yulduzlar hamon oʻchib, yonadi, qiyshiq oy terak uchiga jigʻa boʻlib, qoʻnib turibdi.

Terak uchidan oy dumalab tushib ketdi. Tong otib kelardi.

Ismoiljon Bashoratning qoʻlidan chamadonchani olib, mashina tomonga yurdi. Sal oʻtmay motor gurulladi. Bashorat mashinaga intildi.

Yeru koʻkka nur purkab otayotgan shu tong Bashoratga izlagan baxtini topib bergandek edi.

Yeru koʻkka nur purkab otayotgan shu tong Ismoiljonga yoʻqotgan shodliklarini qaytarib bergandek edi.
— Shu mening chinakam baxtimmikin?—deb oʻylardi Bashorat.
— Shu mening chinakam shodligimmikin?— deb oʻylardi Ismoiljon.

Koshki edi...