OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiKoʻzlaringda oʻt bor edi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/04
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Koʻzlaringda oʻt bor edi (hikoya)
Said Ahmad

Zinapoyaning boshida oq xalatli ayol koʻrinishi bilan Mutal shoshib oʻrnidan turadi. Undan biron gap chiqmagandan keyin boʻshashib yana joyiga oʻtiradi. U shu taxlit uch soatdan beri oʻtiribdi. Shahar allaqachon uxlagan. Ammo bu yerda kirdi-chiqdi. Telefon dam oʻtmay jingillaydi. «Tez yordam» mashinasi tinimsiz kelib-ketib turadi. Rangi boʻzargan, koʻzlari besaranjom ayollarni nosilkalarda yuqoriga olib chiqib turishibdi. Kutib turganlarning koʻzida tashvish bor. Ichkaridan ham quvontiradigan, ham hayajonga soladigan xabarlar chiqadi. Mutal ham oʻz baxtini oʻsha joydan kutib oʻtiribdi.

Zinada keksagina hamshira xotin koʻrindi. Hamma baravar oʻrnidan turdi. U oʻtirganlar orasidan kimnidir qidirardi. Oxiri, koʻzi Mutalga tushishi bilan yuzida bir chiroyli tabassum paydo boʻldi.
— Holva muborak boʻlsin, inim. Xotining toʻtidek qiz tugʻdi.

Mutalning yuragi qinidan chiqib ketayozdi. U rost aytyaptimi? Axir Mutal qirq olti yillik umrining yigirma sakkiz yilini shunday qutlugʻ xabar eshitish orzusida kechirdi. Nihoyat, nihoyat niyatiga yetdi. Hamshira xotin aldamayotganmikin? Rostmikin? Tushimmi, oʻngimmi? Yoʻgʻ-e…

Mutal esankirab qolgan edi. Atrofida nimalar boʻlyapti, kimlar bor, oʻzi qaerda oʻtiribdi, bilmasdi. Oʻzidan-oʻzi dovdirab hovliga chiqib ketganini bilmay qoldi. U tugʻruqxona darvozasiga yetganidagina, shunday yaxshi xabar olib chiqqan hamshiraga rahmat aytmagani, suyunchi bermaganini bilib qoldi. Shoshib orqasiga qaytdi. Hamshira yoʻq edi. Uning ismini bilmaganidan, hali koʻp kelaman-ku, koʻnglidan chiqarib yuboraman, deb oʻziga taskin berib yoʻliga qaytdi.

Koʻcha jimjit. Har zamon asfalt yoʻlni yoritib mashinalar oʻtib qoladi. Negadir ular Mutalning oldiga yetay deb qolganda signal berishadi. Ular xuddi uni tabriklayotganga oʻxshashadi. Sonsiz chiroqlar jimirlab koʻzni qamashtiradi. Daraxt shoxlari shabadada silkinib, yerdagi soyalarini u yoqdan bu yoqqa otib oʻynashadi. Havo toza, musaffo.

Tramvay-trolleybuslar yotgan. Uy hali uzoq. Mutal koʻchaning qoq oʻrtasida borardi. Dunyoda hozir undan baxtli odam yoʻq. Ashula aytgisi, uchragan odamga shu topda qiz koʻrganini birpasda tapirib tashlagisi keladi. Xuddi uning yonginasidan bir yuk mashinasi vagʻillab oʻtib ketdi. Nariroq borib shart toʻxtadi-yu, shofyor kabinadan bosh chiqarib, jahl bilan soʻkindi. Mutal unga parvo qilmadi. Ammo birdan hushyor tortib ketdi. Boyagi quvonchlari qayoqqadir gʻoyib boʻldi, bir zumda yuragini muz bosgandek sovub qoldi.
— Men ham odam boʻldimmi? Rostdan ham baxtlimanmi? Shumi baxt?

Bu fikr yashin tezligida kallasini parmalab kirib, mahkam oʻtirib oldi.

Endi Mutal behush qadam tashlardi. Boya yeldek uchib ketayotgan odam, endi shoshilmasdi. Qayoqqa shoshadi, yigirma besh yillik hamrohi, doʻsti, eng aziz kishisi bu xabarni eshitsa nima boʻladi? Bu xabar uni qon yigʻlatmaydimi? Ilgarilari ham Mutal shu toʻgʻrida oʻylaganida, yuragi orqaga tortib ketar, oʻyini oxiriga yetkazishdan qoʻrqardi. Bola koʻrish orzusida yigirma besh yil orziqib yashagan boʻlsa, bu yogʻidagi niyati roʻyobga chiqayotgan uch yilida bu ezgu niyati koʻpincha dahshatli oʻylar bilan aralashib ketardi.

Mutalning hayotidagi bu kattakon voqea E’tiborxonning qulogʻiga yetmay qolmaydi. Undan keyin nima boʻladi? E’tiborxonning holi nima kechadi? Ana shunisi yomon! Uning qiynalganini koʻrish, koʻzida yosh, chehrasida gʻam koʻrish Mutalni iztirobga soladi. U, yigirma besh yil E’tiborxonni avaylab keldi.

E’tiborxon Mutalning avvalgi xotini edi. Tugʻmadi.

Mutalning nazarida dunyoda hech qanday er-xotin ulardek bir-birini sevolmasdi. Bu hurmat, bu muhabbat, bu mehr-oqibat...

Mutalning hali esida, ularning toʻyi ming toʻqqiz yuz oʻttiz toʻrtinchi yilning avgustida boʻlgan edi. To shu kungacha bir-birlarini sen deyishga tillari bormagan. Hamisha «siz»lab gapirishardi. Qoʻni-qoʻshnilar ularning uyidan biron marta qattiq ovoz eshitishmagan. Uylari boʻlsa, hamma vaqt yaraqlardi. Qelgan mehmonlar ularga havas qilib ketishardi-yu, uylariga yetmay, shu bechoralarga xudo bittagina farzand bermadi-da, deb qoʻyishardi.

Yillar oʻtaverdi. Ular hamon bir-birlarining qosh-qovogʻiga qarab, kunlarni yillarga ulab yashayverishdi. Mutal qachondir bola koʻrishiga ishonardi. Uning ishonchi E’tiborni qiynardi. Erining siqilayotganini bilib turardi. Koʻchadan bola oʻtsa koʻzi oʻynashini, mehmonga borishsa bolalarning oʻyiniga qoʻshilib ketishini E’tibor sezmasmidi, sezardi. Xotinlar ziyrak boʻlishadi, uydagi konfetlarni koʻchadagi bolalarga tashib tamom qilishini bilmaydi, deysizmi? Bilardi.

Urush boshlandi. E’tibor toʻrt yil yoʻliga koʻz tikib Mutalni kutdn. Keldi. Yana oʻsha jim, osuda hayot. Urushdan avval qanaqa yashashgan boʻlsa, undan keyin ham oʻzgarishsiz bir xil umr boshlandi. Mutal bolasiz oʻtishga rozi edi-ku, ammo E’tiborsiz yashashga rozi boʻlolmasdi. U E’tiborga shunchalar oʻrganib qolgan, oʻzini hatto E’tiborsiz tasavvur ham qilolmasdi. Ammo E’tibor erining qoʻlida bola koʻrishni shunday orzu qilardiki, birgina bola uchun, Mutalning birgina quvonchi uchun jonini ham berishdan qaytmasdi. Qoʻlida bola koʻrib oʻlsam, toʻyimiz boʻlgan yillardagi Mutalning koʻzlarida chaqnagan oʻtni yana bir koʻrsam, bu dunyodan bearmon ketardim, deb oʻylardi.

Kunlar, yillar oʻtaverardi. Er-xotin hamon samimiy, hamon bir-biriga oqibatli. Bir burda non bir-birisiz tomogʻidan oʻtmaydi, uy hamon ozoda, saranjom, jimjit.

Shu xilda yigirma toʻrt yil umr oʻtib ketdi. Na bolasizlik, na odamlarning kishi bilmas ilmoqli ta’nalari ularning orasiga sovuqchilik sololmasdi.

Mutal tanish-bilishlar bilan uchrashib qolganda odatdagicha, undan bola-chaqalarning salomatligini soʻrashardi. Mutal dovdirab nima deyishini bilmay, tayinsizroq bir gap aytib qutulib ketmoqchi boʻlardi-yu, ammo odatda shu gaplardan keyin keladigan: kattasi nechaga kirdi, degan soʻroqdan keyin, qiynalib-qiynalib javob berishga majbur boʻlardi,
— Bolamiz yoʻq. Shundoq...

Soʻragan odamning xijolatligini aytmaysizmi.

Mutal tanishlar bilan toʻqnash kelishdan bezillab qolgandi.

Bu gaplarni E’tibor sezmasdi, deysizmi, sezardi. Sezardi-yu, ich-ichidan ezilib ketardi. Erining koʻziga qarolmay, xomush boʻlib qolardi.

Yana bir yil oʻtdi. Mutal qariy boshladi. E’tiborning nazarida, ilgarigi chaqnab turgan koʻzlaridagi oʻt yoʻqolayotganga, oʻzi sal narsaga charchab qolayotganga oʻxshayverdi. Bir kun Mutal ishdan kelib hovlida gulqaychi bilan olma shoxlarini butab yurganda, E’tibor ayvonda chuchvara tugib oʻtirgan edi. Birdan, bexosdan koʻzi erining boʻyniga tushib qoldi. Iyaklarining tagi gʻijimlanib qolgandek koʻrindi. Oʻrnidan turib, bexos oldiga bordi. Faqat iyagida emas, koʻz chetlarida, peshonasida ham ajin. Birdan E’tiborning yuragini vahm bosib ketdi. Qaribdi, qaribdi. Sochi ikki chakkasidan oqora boshlabdi, qaribdi, qaribdi...

Hali oftob oʻchmagan, gullar qiygʻoch ochilib turgan iyul kuni ularning yigirma besh yillik ahil umriga yakun yasadi.

E’tiborning niyati buzildi. Ketish kerak, shu qadrdon, dunyodagi yaxshi odamlarning eng yaxshisini tashlab ketish kerak. Qandoq qilib?

Mana shunisi qiyin edi. Shunday ketish kerakki, koʻz yoshi toʻkilmasin. Kelgan yigʻini kulgi bilan, xandon kulgi bilan yengish kerak.

E’tibor boshqa yoʻl topolmadi. Mutalni baxtli qilishning birdan-bir yoʻli shu edi. Oʻsha kecha E’tibor mijja qoqmadi. Yana boshqa tadbirlar ham qidirib chiqdi. Eng soʻnggi tadbir, Mutalning koʻnglini oʻzidan sovitish, bezor qilish boʻldi.

Oʻshanda dam olish kuni edi. Kechgacha E’tibor boʻlar-boʻlmasga bahona topib, erini qiynayverdi. Qoʻpol gapirdi, jigʻiga tegdi, koʻngil qoldiradigan sovuq gaplardan ham toymadi. Mutal ogʻirlik qilib uning koʻnglini olishga urindi. E’tibor sovimadi. Axir, toqati toq boʻlgan Mutal qizishmay, yotigʻi bilan soʻradi:
— Sizga nima boʻldi, E’tibor? Juda qiynavordingiz-ku?!
— Ketaman!

Mutal gangib qoldi. Nima qilishini bilmay, xotinining koʻziga qarab, angraygancha qoldi.
— Ketaman, yashamayman siz bilan.

E’tibor shu gapni aytdi-yu, titrab ketdi, ammo buni eriga sezdirmadi. Ich-ichidan toshib chiqqan xoʻrsinishni kuch bilan bosib qaytardi. Angrayib qolgan erining koʻziga qaramay, uyga kirib ketdi-da, birpasdan keyin chamadon, tuguncha koʻtarib chiqdi.
— E’tibor, ketmang, meni tashlab ketmang, men nima qilaman...

Mutalning koʻzlari xiralashib bir gandiraklab oldi. Darmonsizlanib ayvonning labiga oʻtirib qoldi.

E’tibor yugurib borib qoʻltigʻidan koʻtargisi, peshonasidan, oʻsha sochi oqarib kelayotgan chakkalaridan silagisi, yuzini-yuziga ishqab ovutgisi keldi. Lekin, bunday qilmadi. Oʻzini tutdi. Yuragi yigʻlardi-yu, chidardi. Bu — qahramonlik edi, katta qahramonlik edi. U oʻzini hamon dadil tutib, erining oldiga bordi:
— Bilasanmi,— bu erini birinchi marta senlashi edi,— senga xiyonat qildim. Buning uchun oʻzimni kechirolmayman. Sen ham kechirmaysan. Xiyonat qilgan xotin erining uyida turishga, u bilan birga yashashga haqsiz. Buning uchun, bilaman, meni kechirolmaysan.

E’tibor bu bahonani beixtiyor topdi. Bu — zoʻr bahona. Hech qanday er xiyonat qilgan xotinni kechirolmaydi. Butun umrini bolu pardek pokiza oʻtkazgan xotin, xiyonat u yoqda tursin, begona erkakni xayoliga keltirmagan xotin oʻzini-oʻzi eng pastkashlar qatoriga qoʻyib oʻtiribdi. Nima uchun? Kim uchun? Buni E’tiborning oʻzi bilardi.

E’tibor ostonaga yetib qoldi. Oʻgirildi:
— Meni kechirolmaysan, kechirolmaysan. Koʻzingga qarab, shafqatingni kutib yashashga toqatim yoʻq. Kuniga ming martalab oʻzimni qargʻab yashashga toqatim yoʻq. Seni harom qilishga haqqim yoʻq. Ketay, ketay...

E’tiborning tovushi boʻgʻilib, gapirolmay qoldi shart burildi-yu, chiqdi-ketdi.

Mutal yolgʻiz qoldi. Bir kun kutdi, ikki kun, bir oy, bir yil kutdi, xotinidan darak boʻlmadi,

Oradan bir yarim yil oʻtib, E’tibordan xat keldi. Xatda u endi sira qaytib kelmasligini, oʻsha yoʻldan «urgan» kishi bilan qovushmoqchi ekanini aytibdi. Mutal yigʻladi. Xoʻrligi kelib, oʻtkazgan yigirma besh yillik umriga achinib yigʻladi. Mutal yolgʻizlikda soʻla boshladi. Ajinlari koʻpaydi, chakkasidagi oq tolalar manglayiga oʻrmalab qoldi. Kuyib-yonib ado boʻlay dedi. Koʻpchilik: uylan, yolgʻizlik yomon, deb nasihat qilishdi. Mutal yotib qolay dedi. Oxiri, doʻstlari kichkinagina toʻycha qilib oʻzi bilan birga ishlaydigan bir qari qizga uylantirib qoʻyishdi. Hamon E’tibordan darak yoʻq. U bevafoning qaerdaligini hech kim bilmasdi.

Mutal tugʻruqxonadan kelarkan, mana shularni esladi. Esladi-yu, siqilib ketdi.
— Uning bola koʻrganini E’tibor eshitsa, nima qilarkin? Oʻzini-oʻzi bir nima qilib qoʻymasmikin? Yo sevinarmikin? Sevinmaydi, u xiyonatchi!

Uning koʻziga goh tugʻruqxonada yotgan chaqalogʻi, goh uydan qahru gʻazab bilan chiqib ketayotgan E’tibor koʻrinardi.

Oradan toʻrt kun oʻtdi. Mutalning xotini bilan qizi hali tugʻruqxonada. Oʻzi boʻlsa, tinmay uy yigʻishtiradi, keldi-ketdi uchun tayyorgarlik koʻradi.

Birdan eshik taqillab qoldi. Pochtachi. Posilka olib kelibdi. Kimdan? Kimdanligi noma’lum. Mutal shoshilmay yashikni ochdi. Chaqaloqqa koʻylak, fartuk, qalpoqcha... Kimdan bu? Mutal yashikning u yoq-bu yogʻini titkilay boshladi. Xat. Shoshib oldi, shoshib oʻqiy boshladi:

«Hurmatli Mutal aka! Meni kechiring. Eshitdim. Eshitib qay ahvolga tushganimni tushuntirib berolmayman. Mening bittagina niyatim — qoʻlingizda bola koʻrish edi. Shu niyatimga yetdim. Oʻtgan kuni koʻchada sizni koʻrib qoldim. Koʻzlaringizda oʻt yonib turibdi. Bundan yigirma yil avval koʻzlaringiz shunday edi. Koʻrib, hayron boʻldim. Bilsam, ota boʻlibsiz. Bu qanday baxt, bu qanday baxt! Sevinchdan yuragim yorilay dedi. Yotib uxlolmadim. Tong otguncha koʻrgan kunlarimizni eslab chiqdim. Qandoq totuv yashadik! Qandoq mehribon edik bir-birimizga! Sizni qanchalik yaxshi koʻrardim! Qandoq ayardim, shamolni ham ravo koʻrmasdim. Kechalari sizga baxt, salomatlik tilab chiqardim. Sizdek pok odamga munosib xotin boʻlish uchun qoʻlimdan nima kelsa, vijdonim nimani buyursa — hammasini qildim. Bilsangiz, uydan ketishim, oʻzimga-oʻzim tuhmat qilib, oʻzimni-oʻzim buzuq deb ataganim ham sizga baxt tilashim edi. Endi ochigʻini aytay, umrimda xiyonat yoʻliga kirmaganman. Agar oʻzimni buzuq demaganimda, siz meni uydan har qandoq qilib ham chiqazmasdingiz. Ketdim, yaxshi boʻldi, siz baxt topdingiz, bolalik boʻldingiz. Niyatim ham shu edi.

Agar men ketmaganimda sizga bu baxt qayoqda edi? Endi koʻnglim tinchidi. Niyatimga yetdim. Baxt muborak boʻlsin!

Yangi kelin paytlarimda yaxshi niyat qilib, bola koʻrsak kiydirarman deb koʻylakchalar, qalpoqchalar tikkan edim. Ezilasiz deb sizdan yashirib tikkan edim. Menga ona boʻlish nasib boʻlmadi. Iltimos, shularni chaqaloqqa kiydiring.

Shu paytgacha shaharda edim, Yaxshilik xabarini eshitib, tamoman xotirjam boʻldim. Ertaga butunlay ketaman. Kim biladi, qayta uchrasholamizmi, yoʻqmi?

Uydan chiqib ketayotganimda yetkazgan ozorlarim uchun Sizga hamisha ehtirom bilan: E’tibor otli xotin»

Xatga Mutalning koʻz yoshlari toʻkildi.