OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Laylak keldi (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiLaylak keldi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Laylak keldi (hikoya)
Said Ahmad

Kampir samovar qoʻyaman deb hovliga chiqsa, nogʻora tovushi eshitilgandek boʻldi. Beixtiyor osmonga qaradi.

Chorbogʻ etagidagi oq terak uchida hurpaygan savat uyada laylak turibdi, u oftob chiqayotgan tarafga qarab, tomogʻini taqillatyapti.
— Ha, jonivor, keldingmi? — dedi kampir. Kampir birdan boʻshashib ketdi. Qanday qilib choy damlaganini, nevarasining loy boʻlib ketgan shimini qanday choʻtkalaganini bilmaydi. Uning xayoli juda uzoqlarga ketib qolgan. Nevarasi portfelini koʻtarib chiqib ketganda ham har kungidek orqasidan ostonagacha bormadi, u daraxtzor oralab maktab tomonga ketguncha kuzatib qolmadi. Ayvon dahaniga bedarmon choʻkkanicha qimirlamay oʻtirib qoldi.

Laylak hamon mungli nogʻorasini taraqlatadi.

Kampir bu laylakni tanirdi. Laylak ham unga oʻxshash yolgʻiz. Juftini qor quyunlari orasida yoʻqotgan. Ikki alamzada, ikki hijronzada bir haftacha mana shu uyda dardlashishgan. Birga yigʻlashgan...

...Urushning oxirgi yili, erta koʻklam edi. Xdli bahor kelmay, kunlar isib ketgan, dov-daraxt bemahal kurtak ochib qoʻygan, dehqon bir tomchi yomgʻirga zor kunlar.

Laylak keldi.

Laylak qanotida koʻklam olib keladi, deyishardi. Uning bemahal nogʻorasi koʻklam kelganiga odamlarni ishontirib qoʻygandi.

Oʻsha kezlari Umrixon huvillab qolgan uy ostonasida oʻtirib goh yigʻlardi, goh olisda jon olib, jon berayotgan oʻgʻlining, erining duoi jonini qilardi.

Laylak kelgan kunning ertasi kechga borib, havo aynidi. Umrixon bir kun avval sandalni yigʻib tashlagan, hovlidagi oʻchoqni suvab, ayvonga joy qilgandi. Kech payti qoʻzgʻalgan izgʻirin uni yana uyga haydadi.

Tashqarida izgʻirin uvillaydi, daraxt novdalarini ayqash-uyqash qilib, ochiq qolgan eshikni gʻichirlatadi.

Izgʻirin qor boshlab keldi. Sal oʻtmay tom-toshlar oqardi.

U yettinchi chiroqni oldiga qoʻyib, erining toʻnini yelkasiga tashlaganicha qunushib oʻtirardi. Eshik gʻichirladi. Avvaliga u shamol eshikni ochgandir, deb oʻyladi. Keyin beixtiyor oʻgirildi.

Yarim ochiq eshikdan laylakning boshi koʻrindi. Umrixon nimaligini bilmay seskandi. Qimirlamay, tikilgancha turaverdi.

Shamol eshikdan qor uchirib kirdi. Laylak choʻchib uy ichkarisiga qochdi, lapanglaganicha uy burchagiga borib qunuqib oldi. Umrixon hayron edi. U ham laylakdek qimirlamay oʻtiraverdi. Ammo tashqarida shamol har xuruj qilganda, har gal qor eshikdan yopirilib kirganda laylak joyidan nari surilar, koʻzlari besaranjom boʻlardi.

Umrixon oʻrnidan turib, eshikni zichlab berkitib keldi. Yelkasidagi choponini uning ustiga yopmoqchi edi, laylak yotsirab oʻrnidan turib ketdi.
— Qoʻrqma, jonivor, qoʻrqma. Sovqotibsan, kel, isitib qoʻyay. — Laylak taxmon tagiga borib, burchakka suqilib oldi. Umrixon uning ustiga chopon yopdi. Yelkada ancha ilib qolgan chopon issigʻi unga xush yoqdi shekilli, boʻynini, iyagini koʻrpacha ustiga uzunasi qoʻyib, koʻzlarini moʻltiratganicha yotaverdi.

Umrixon ham joyiga borib oʻtirdi. U tizzasini quchoqlaganicha unga tikilarkan, bir necha daqiqada dunyoni xayolan kezib chiqdi. Urush boʻlayotgan joylarga bordi. Olovlar ichiga kirdi. Oʻgʻlini ham, erini ham topolmadi. Nazarida, u ham shu laylakdek mungli, kimsasizdek boʻlib qoldi.

Yogʻi tugab, piligi soʻxta boʻlgan chiroq asta-asta xiralashib, bir poʻp etdiyu oʻchdi.

Umrixon qorongʻida timirskilanib joy soldi, yana alla-pallagacha u yonboshidan-bu yonboshiga agʻdarilib yotdi.

Ertalab koʻzini ochsa, deraza oynalari qirov boylabdi. Laylak hamon qimirlamay iyagini koʻrpachaga qoʻyganicha koʻzlarini javdiratib yotibdi.

Umrixon tashqariga chiqdi. Qor tingan.

Hammayoq oppoq. Kurtak yozib qolgan tol novdalari egilib yerga tegay deb turipti. Oʻrik shoxidan ayvon ustuniga tortilgan kir arqoni yoʻgʻonlashib ketibdi. Obdastada qolgan suv muzlabdi.

Birdan Umrixonning koʻzi qordagi izlarga tushdi. Kimningdir tovugʻi hovlida tong otguncha kezibdi. Qorda aylanma izlar, goh sudralgan, goh yurgan.

Iz oxiri Umrixon kecha suvagan va oʻt yoqib suv qaynatgan oʻchoq oldiga borib toʻxtagan.

Umrixon oʻchoq oldiga bordi. Qarasa, bir laylak oʻchoqdan boshini chiqazib qotib qopti.

U bu sirning ma’nosiga yetdi. Bu uydagi laylakning jufti. Kecha savat uyada ikkovlashib koʻklamni chaqirishayotgan edi. Sovuq izgʻirin uyalaridan quvgan. Qorongʻida bir-birini yoʻqotganlar.

Qushlar juda sezgir jonivor boʻladi. Juftining shu hovliga kirgan izini sezgan-u, sovukda karaxt boʻlib izini yoʻqotgan. Kechasi bilan boshpana, issiq joy qidirib, qor kechgan. Oxiri, hali kunduzgi oʻtning tafti ketmagan oʻchoqqa bosh suqib, shu joyda muzlab qolgan...

Umrixon beixtiyor terak uchiga qaradi. Savat uya ham qorda hurpayib qopti. U oʻylab oʻtirmay oshxonadan ketmonni oldiyu laylakning murdasini avaylab koʻtarganicha chorboqqa kirdi. Devor tagini kovlab, muzlagan laylak ustiga tuproq totdi. Keyin ezilib, koʻzlari namli, motamsaro bir holda uyga kirdi.

Laylak hamon joyidan qimirlamasdi. Eshik ochilganda u boshini koʻtarib, umid bilan yalt etib qaradi. Kim biladi, u juftini kutayotgandir.

To qor erib, yana kunlar isib ketguncha Umrixon unga andarmon boʻlib turdi. Shu orada Umrixonning boshiga qora kun tushdi. Pochtachi eshik qoqdi. Uning betiga qaramay xat berdiyu shoshgancha ketdi. Qoraxat. Umrixon urushda shahid boʻlganlar uyiga kelgan qoraxatlarni koʻraverib qanaqaligini bilib qolgan edi. Birpasda koʻz oldi qorongʻilashdi-yu, ostonaga oʻtirib qoldi. Xayoliga hech narsa kelmas, oʻzi esa hech narsani koʻrmas edi.

Shu koʻyi u qancha oʻtirganini bilmadi. Bir mahal xotirasi oʻrniga kelganday boʻldiyu dod deb yubordi.

Kimdan, qaysi biridan, oʻgʻlidanmi, eridanmi?

Oʻqdek otilib oʻrnidan turdi. Roʻmoli oʻtirgan joyida qoldi. U toʻxtamay yugurardi. Yugurganida sochlari toʻzgʻib ketdi. Yoʻlda uchragan odamlar uning ahvolini koʻrib toʻxtatishar, orqasidan qarab qolishardi. Oxiri u pochtachini quvib yetdi. Yelkasiga osilib, koʻylagini yirtib yubordi. U negadir bu shum xabarni mana shu odam olib kelgan deb oʻylardi. Shu topda u faqat shuni bilardi: iochtachi yo erini, yo oʻgʻlini oʻldirgan.

Odam toʻplandi. Ular pochtachini Umrixonning changalidan ajratib olishdi. Xotinlar Umrixonni suyab, uyiga olib kelib qoʻyishdi. Shu kuni u eridan judo boʻlgan edi.

Uyning bir burchida laylak, bir burchida Umrixon qimirlamay oʻtirishardi. Umr boʻyi shu alfozda oʻtirib boʻlmaydi-ku. Umr boʻyi koʻzyosh toʻkib boʻlmaydi-ku! Shu alfozda bir umr oʻtiraversa, shol boʻladi, shu alfozda tinmay koʻzyosh toʻkaversa, odam bolasi koʻr boʻladi-ku!..

Oftob charaqlab ketdi. Umrixon ham oʻrnidan turdi. Derazalardan uyga yana koʻklam shabadasi kirdi.

Bir-biriga oʻrganib qolgan ikki alamzada hovliga chiqishdi. Laylak qanotlarini kerib bir intildiyu begʻubor osmonga koʻtarildi. Umrixon uning terak uchiga qarab intilganini kuzatib turadi. Laylak uyasiga qoʻnmadi, yana qaytdi, chorbogʻ tepasidan, uy tepasidan aylandi, olislarga qarab ketdi, yana qaytdi. U juftini izlardi. Kuni bilan u goh uyaga qoʻnar, goh qanot qoqib allaqaerga qarab uchib ketardi. Kech kirib savat uyada yana uning nogʻorasi taraqladi. Endi u avvalgidek shoʻx kuylamasdi, uning nogʻorasi mungli edi...

Koʻp oʻtmay shaharlarga oʻt qoʻygan, odam qonini daryo qilib oqizgan urush tugadi.

Hammayoq chinakam koʻklam libosida edi oʻsha kun. Tomlarda lolaqizgʻaldoq gulxani yonardi. Bolalarning qoʻli qulupnay suvidan qizil, qizlar qulogʻiga qoʻshaloq gilosdan isirgʻa taqilgan edi.

Qishloq koʻchalari gavjum. Xonadonlarda koʻpdan unutilgan patefon tovushi. Kelinchaklarning yuziga rang kirdi.

Umrixonning hovlisidagi ariq boʻyida ikki tup gul-sapsar ochildi.

Yigitlar kelishyapti.

Terak uchida laylak nogʻora chaladi. U kimni kutayotganikin? Umrixonning ham bagʻri toʻldi. Oʻgʻli qaytdi.

Yana bahor keldi. Mana shu bahor Umrixon kelin koʻrdi. Toʻyda kuni bilan chorbogʻ tepasida laylak nogʻora chaldi.

Ammo Umrixon nevara koʻrganda koʻpdan qadrdon boʻlib qolgan laylak kelmadi. Uyasi huvillab qoldi. Umrixon boʻsh uyaga ma’yus tikilib, oʻyga toldi. Kim biladi, laylak qaydadir hijron dardida olamdan oʻtgandir. Shu-da, qachondir oʻlmoq bor. Ammo hijron dardida oʻlib ketishni oʻylasang, dunyo koʻzingga qorongʻi boʻlib ketadi. Yaxshiyam zuryod bor. Ana shular baxti uchun yashaging keladi. Ayni shular ilinji odamzodni, butun jondorni yashashga chaqiradi.

Hademay huvillab qolgan uyaga ikki laylakcha keldi. Kim biladi, ular balki oʻsha laylakning bolalaridir. Harqalay, uya boʻshab qolgani yoʻq-ku!

Yillar oʻtib ketdi. Hamma narsani Umrixon unutdi. Nevarasining shoʻxligi uydan hijron alamlarini quvib chiqardi. Bolaning yigit boʻlishini, safga qoʻshilishini kutib entikadi. Ayniqsa, kunduzlari uyga bola toʻlib ketadi. Ularning shovqini, kulgusi, gap-soʻzlari Umrixonning yuzlaridagi ajinlarini yozib yuborgandek boʻladi.

Tezroq nevaraginamning toʻyini koʻrsam, deydi. Yashagisi keladi.

Ammo har bahor laylak kelganda, chorbogʻ tepasida uning nogʻorasini eshitganda yuragi ezilib ketadi. Bu tovush unga eridan kelgan qoraxatni, yarim qorongʻi uyda ikki hijronzadaning tovushsiz yigʻlagan kunlarini eslatib qoʻyadi.

Bugun yana laylak keldi. U qanotida koʻklam olib keldi. Koʻcha tarafdan maktabga oʻtayotgan bolalarning tovushi eshitilyapti. «Laylak keldi, yoz boʻldi...» Bu nevarasining ovozi. Bu ovoz olamdagi barcha tovushlarni bosib ketgandek boʻldi. Goʻyo butun dunyodagi odam bolasi tomga chiqib, shu bolaning sevinch toʻla tovushiga quloq solayotgandek...

1969