OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Lochin (hikoya)
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiLochin (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Lochin (hikoya)
Said Ahmad

Ertalab Oʻrik domla rayondan qaytib keldi. Uning ogʻzi qulogʻida, qiqir-qiqir kuladi.
— Nevaralar muborak boʻlsin, domla, — dedi Burgut unga choy uzatar ekan.
— Qulluq, qulluq, bolam, omon-eson qutulibdi ishqilib.

Domla choy ustida qiziq bir hangomani aytib berdi.
— Tugʻruqxonaga ketayotsam raytorg Umaralining uyida qars-badabang oʻyin-kulgi. Qizini chiqazayotgan ekan. Eshigining tagiga mashina tiqilib ketgan. Ichkariga qistashdi, uzrimni aytdim. Qaytishda kirishga va’da berib oʻtib ketdim. Koʻnglim xotirjam boʻlib qaytib kelsam, toʻyxonada olatasir toʻpolon. Umarali gʻirt mast, ogʻzidan bodi kirib, shodi chiqib xotinini soʻkadi, yor-yor aytayotgan yallachining qoʻlidan chirmandasini olib, koʻzimning oldida jahl bilan ketmon dastasiga urib qolsa boʻladimi, chirmandani dastaga teshikulcha qilib kiygizib qoʻydi. Nima gapligini hech kim bilmaydi, hamma hayron.

Kuyov Umaralining etagidan ushlab olgan. Xuddi yangi tugʻilgan buzoqqa oʻxshab oyogʻida arang turadi. Yursa gandiraklab, koʻrga oʻxshab odamlarni paypaslaydi, oz boʻlmasa yer oʻchoqqa tushib ketay dedi. Xayriyat, oshpaz etagidan tortib qoldi.

Shivir-shivir gap boʻlib qoldi. Nima deysan, kelin xushtori bilan qochib ketibdi.

Ichkari hovlidan xotin kishining chapak chalib yigʻlagani, erkak kishining soʻkkani eshitildi. Toʻy tarqadi. Kuyovning otasi bergan qalinini qistab qoldi. Umarali satta oʻzini mastlikka solib gapni chalgʻitadi:
— Topaman, yerning qa’riga kirib ketgan boʻlsa ham tortib chiqaman. Osmonga uchib ketgan boʻlsa — bor mul-kimni, «Pobedam»ni ham, xotinimning boʻynidagi oʻn toʻrt qavat durni ham, hovli-joyni ham sotaman. Sputnik sotib olib, orqasidan quvib chiqaman.

Umarali shu gaplarni aytdi-yu, sabzi toʻgʻrab qoʻyilgan boʻyraning ustiga yiqilib, uchib qoldi. Kuyov boya qaynotasi chirmandasini teshib qoʻygan yallachining peshonasini silab, tolei yoʻqligidan, avvalgi xotini ham bevafolik qilib boshqa birovga tegib ketganidan nolib, yigʻi boshladi. Yallachi shilqimlik qilayotgan «betole» kuyovni siltab tashlab chiqib ketdi.

Xijolatlikda tomogʻimdan bir qultum ham choy oʻtmadi. Chiqib ketdim.

Oʻrik domla hikoyasini tugatib, sovub qolgan choyni shimirdi.

Men uning gaplariga quloq solib oʻtirib, «hah, oʻrik aralashmagan gaping ham bor ekan-ku!» deb dilimdan oʻtkazdim.
— Hay, mayli bolam, endi menga javob. Havo yashnab keldi, koʻchatlardan xabar olib qoʻyay.

Chol xayrlashib chiqib ketdi. Burgut koʻchagacha uni kuzatib qaytishda oltmish yoshlardagi kampirni boshlab kirdi.
— Xizmat, aya, boboy yaxshi yuribdilarmi?
— Shukur, shukur, bolam.
— Gʻanivoy qalay, koʻrinmay qoldi-ku?

Kampir Burgutning soʻrogʻiga javob bermay, koʻzini yerga qaratdi.
— Nima boʻldi?

Kampir besaranjom boʻlib qoldi:
— Yoʻq, hech gap boʻlgani yoʻq.
— Aytavering.
— Oʻzingizga aytadigan gapim bor.

Bularning gapiga xalaqit berayotganimni sezib qoldim. Kampir hushyorlik qilib Burgutni hovliga imladi. Uiing ketidan chiqib ketgan Burgut ancha hayallab qoldi, sal fursatdan keyin hovlidan uning oʻtin yorgandek qarsillab kulgani eshitildi.

Burgut uyga qaytib kirar ekan, oʻzidan-oʻzi kular, hadeb «malades, malades» deyar edi.
— Qani yuring, mehmon, bir joyga borib kelamiz.
— Bir gap boʻldimi, tinchlikmi? — dedim hayron boʻlib.
— Bir gap emas, ming gap deyavering, yuring, yoʻlda aytib beraman.

Tashqariga chiqdik, yolgʻizoyoq yoʻldan choʻlni kesib, Qoʻshoq ota zvenosiga qarab piyoda joʻnadik. Olisda, shu yoʻlning ufqqa singib ketgan joyidan boyagi kampir hassasiga tayanib jadal borar edi.
— Xoʻsh, desangiz, men sizga aytsam, boya Oʻrik domla aytgan toʻydan kelinni haligi kampirning oʻgʻli olib qochgan ekan. Yarim kechasi «Pobeda»da olib kelibdi. Kampirning oʻtakasi yorilib, tong otguncha mijja qoqmay, ana sharmanda boʻlaman, mana sharmanda boʻlaman, deb yuragini hovuchlab chiqibdi. Qizning otasi Umarali zakonchi, koʻp odamga zulmini oʻtkazgan yaramas narsa. Bechora kampir, Gʻanivoyga nasihat qil, qizni eltib qoʻysin, deb kelibdi.
— Qiz bilan Gʻanivoy avvaldan don olishib yurisharmidi? — dedim qiziqib.
— Don olishganda qandoqki, ikkovi oʻninchini birga bitirgan, bitirgandan keyin Fargʻonaga borib traktorchilar kursida ham birga oʻqib kelishgan. Oʻzi juda suluv qiz. Shaddodlikda tengi yoʻq. Esimda bor, yosh vaqtida oʻgʻil bolalar bilan kurash tushaverardi. Kap-katta bolalarni urib yigʻlatardi. Zoʻr narsa oʻzi. Bir yilcha boʻldi otasi ishga chiqazmay qoʻygan. Boʻlmasa MTSda binoyidek ChTZ haydab yurgan edi, medal ham olgan. Ishga chiqmaganiga ishxonasi ham aralashdi, nima boʻldi-yu, ish bosdi-bosdi boʻlib qolaverdi. Umarali zakonchi, yoʻlini qilgan-da. Xudo urgan yaramas odam dedim-ku, sizga boya. Yaqinda shivir-shivir gap boʻlib qoldi. Umarali qizini istansadagi dorrestoranning bufetchisiga berayotganmish, deb eshitdik. Alamiga chidolmagan Gʻanivoy mast boʻlib, bufetchining boshiga butilka bilan urib, oʻn ikki kun melisada ham yotib chiqdi. Qizini astoydil yaxshi koʻrar edi-da. Bu ham oʻzi boevoy bola. Oriyati kuchli. Ignani tushga botirib, bilagiga sanchib, yurakning suratini uch burchak qilib ishlatibdi, bir yogʻiga Oysha, bir yogʻiga Gʻani deb yozib qoʻyibdi, voy ten-tag-ey. Shu qiligʻiga majlisda rosa oʻsal qilishgan.

Gap bilan boʻlib, Qoʻshoq otaning qoʻrgʻoniga yetganimizni bilmay qolibmiz. Qoʻshoq ota tutning tagida choʻqqayib, boʻkib qolgan sigirga tuz yalatayotgan ekan, bizni koʻrib oʻrnidan turdi.
— Keldingmi, bolam, e, mehmon, zerikib qolmadingizmi?

Cholning bu gapidan, sen nima qilib yuribsan, seni chaqirtirganim yoʻq edi-ku, degan ma’noni anglab, juda mulzam boʻldim.
— Gʻanivoyning oʻzi qani? — dedi Burgut cholga.
— Uyda, ikkovi ham uyda. Boʻyning uzilmagurlarning qilgan ishini qara. Endi nima qilamiz?
— Hayronman, — dedi Burgut yelkasini qisib.
— Ichkariga kiringlar, yaxshilab nasihat qilinglar, malomatga qolmaylik.

Hovliga kirdik. Juda ham chiroyli, yigirma toʻrt yoshlardagi, qomati xuddi quyib qoʻygandek bir qiz ariq boʻyida jomashovda gupillatib kir yuvyapti. Havoning salqin boʻlishiga qaramay, mayka kiygan shop moʻylov yigit behi shoxiga kir yoyish uchun arkon bogʻlayapti. Qiz bizni koʻrib, tizzasiga yigʻilib qolgan etagini tushirib, oʻrnidan turdi.
— Ie, kelinglar, — dedi shop moʻylov yigit arqonni tashlab, koʻrishgani qoʻl uzatar ekan.
— Ha, Gʻanivoy, — dedi Burgut qizga imlab, — yelmay-yugurmay kuyov boʻlib olibsanmi?
— Nega yelmay-yugurmay boʻlar ekan, kecha toʻyimiz boʻlgan, faqat toʻy xarajatini bufetchidan nasiya qildik-da, — dedi Gʻanivoy kulib, — qani, ichkariga kiringlar. Oyshaxon, choy qoʻyib yuboring darrov!

Oyshaxon ayvon labida turgan oq samovarni koʻtarib, oshxona tomonga oʻtib ketdi. Kampir kirdi.
— Oʻzinglar tushuntiringlar, gapiraverib jagʻimda jagʻ qolmadi.

Qoʻshoq ota gapga aralashmadi, xontaxtaning chetida bolishni bagʻriga tortib, nimalarnidir oʻylab tek oʻtirardi. Kampir oʻzlaring bir nima denglar, degandek bizga qaraydi. Hamma jim. Bu jimlikni Qoʻshoq ota buzdi.
— Juda xunuk ish boʻldi-da. Onasi zor qaqshab qidirib yurgandir. Otasi boʻlsa...

Cholning gapi ogʻzida qoldi, Burgut «Otasi chort s nim» deb ruschalab yubordi.
— Farzand-da, axir. Boʻladigan boʻlsa — ochiq-oydin qilish kerak edi... Ertaga elning ogʻziga tushadi, unda nima degan odam boʻlamiz, xalq nima deydi?
— Xalqmi, — dedi Burgut, — xalq, malades, deydi.

Boyattan beri sudga tushgan gunohkordek hammaning koʻziga qarab oʻtirgan Gʻanivoyga birdan jon kirgandek boʻldi.
— E, diydoringdan aylanay. Burgutim, gapir, gapir shunaqa.

Kampir topib kelgan nasihatgoʻyidan kuyganini bilib qoldi.
— Endi gap shu, — dedi Burgut, choʻrt kesib, — Gʻanivoy juda bopta ish qipti, bunaqa ishni yigitning xoʻrozi qiladi. Qiz rozi, yigit rozi, vassalom. Kim nima desa deyaversin. Malades! Qizni zoʻrlab sotadigan zamon oʻtib ketgan. — Burgut hovli tomonga qarab qichqirdi. — Hoʻ, Oyshaxon singlim, bir baqqa qarab keting! Oyshaxon derazadan qaradi.
— Shu ish sizning roziligingiz bilan boʻlganmi, toʻgʻrisini aytavering.
— Agar oʻzim rozi boʻlmasam, traktorga surgatib ham opkelolmasdilar.
— Shu gapdan, qaytmaysiz, a? Boʻpti, bitta universal sizniki, potillataverasiz. Qaysi zvenoga qoʻyaylik.
— Erim qaysinda boʻlsa meni ham shunga...
— Voy shoʻrim, — dedi kampir yuzini tirnab, — na nikoh, na zakska qogʻozsiz, erim deydi-ya... Voy, musulmonlar, hech boʻlmasa Oʻrik domlani chaqirib, nikohlab qoʻyinglar.
— Koʻp vaysama, — dedi chol zarda bilan, — Oʻrik domla sen aytgan diniy domlalardan emas, ilm domlasi, yangicha kitob oʻqiydigan domla! Roziman, rahmat sizga, qizim, bir bolamni shuncha izzat qilib, osmon nikohini buzib kepsiz, yuragingizga balli. Endi mundoq qilsanglar, ertaga rayon tushib, dadangiz bilan enangizga yuz koʻrsatib kelsangiz. Harna qilsa ham farzandlik qarzi, Mayli, Gʻani ham borsin.
— Bormayman! — dedi Oysha qat’iy qilib.
— Jon bolam, aylanay bolam, enangizga rahmingiz kelsin.

Maslahat bilan Oysha uyga borib keladigan boʻldi, faqat uch kundan keyin, eri bilan birga bormoqchi boʻldi.

Burgut qiziqchilikka ularni «nikohlab» qoʻydi.
— Bibi Oysha ibni Umarali qizi, Yozyovon RTS mexanigi, ordenli Gʻani Qoʻshoq oʻgʻlini nikohingizga qabul qildingizmi?
— Pajalsta, qabul qildim, — dedi Oysha uchun atayin xotincha ingichka ovoz bilan Gʻanivoy.

Oyshaning oʻzi ham piqillab kulib yubordi.

Ertasiga chillali kelin Burgutning uchastkasiga shudgor koʻtargani universal minib keldi. U qulogʻiga bir dasta gunafsha qistirib, atayin kelinligini bildirish uchun yuziga bilinar-bilinmas qilib upa qoʻyib, koʻkragiga pastga qaratib, chuchmoʻma taqib olgan edi. Undan gup-gup atir hidi anqir edi.

Burgut unga haydaladigan yerni koʻrsatib berdi. Oysha motorni oʻt oldirib, rulga oʻtirmoqchi boʻlib turgan edi, uzokdan mosh rang «Pobeda» koʻrindi. Oysha bir nimani sezgandek qoʻl siltab, traktorni haydab ketdi. Qishi bilan qor suvini shimib koʻpchigan yer palaxsa-palaxsa boʻlib koʻcha boshladi. «Pobeda» keldi. Undan shirakayf «kuyov» tushdi. U yoq-bu yoqqa qaramay traktor ketidan yugurdi. Oysha atayin uni koʻrmaganga solib rul boshqarib ketaverdi.
— Toʻxta, oʻttiz ikki ming sarf qilganman, sudga beraman.

Oysha qoʻl siltadi. Kuyov yeldek yugurib traktordan oʻtib ketdi-da, yigirma metrcha nariga borib yoʻlga uzala tushib yotib oldi.
— Oʻligimning ustidan oʻtasan.

Traktor unga toʻrt metrcha qolganda toʻxtadi.
— Tur-e, beting qursin. Hozir bosib qurvaqadek ezib ketaman...
— Oʻzimni osaman, javobgar boʻlasan.

Oysha traktor orqasidagi bir oʻram arqonni olib unga uloqtirdi.
— Oʻzingni ossang, huv ana, sim tortilmagan stolba bor.

Oysha zarda bilan yana rulga oʻtirdi. Uning harakatlarini kuzatib turgan Burgut:
— Malades! — dedi.

Oysha yurib ketayotib traktor ustida tik turib orqaga qaradi. Uning bu qarashi, negadir, menga lochinni eslatdi. Buni Oʻrik domla ham payqab turgan ekan.
— Ha, umringdan baraka top, lochinning oʻzisan-a! — deb yubordi.

Men choʻlda roʻy berayotgan bu hodisalarni, choʻl bagʻriga qoʻl solib, uning yashirgan boyliklarini tortib olayotgan bu tanti-mard odamlarni koʻrib, yuragimdan ularga tahsin oʻqidim.

Choʻl burguti yoniga yigitlarni olib, Oʻrik domla obod qilgan yangi bogʻni aylanib, kanaldan loy chiqazayotgan ekskavatorchilar oldiga ot choptirib ketdi. Choʻlning ufq bilan tutashgan yerida ularning soyasi koʻrindi. Oldinda Burgut yelib borardi, ortidagi yigitlar goh oldinga oʻtib, goh keyinda qolardi. Ularning bu koʻrinishi xuddi burgut bolalarini parvozga oʻrgatayotganga oʻxshardi.

Urik domla bilan ikkovimiz qoldik. U yana oʻrikdan gap boshlarmikin deb qoʻrqib turgan edim, yoʻq, ishi qistov ekan, bogʻiga ketdi.

Yolgʻiz qoldim. Oyshaning traktor haydashini kuzatib turib xayolga toldim. Burgutning yigitlari parvoz qilgan choʻlga yana bir lochin uchib kelgandek boʻldi. Bu shunday lochinki, na uning qanotini qirqib boʻladi, na oʻzini qafasga solib boʻladi. U qafasni parchalab kengliklarga parvoz qilgan shaddod choʻl lochini edi.

1959