OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Mehribon (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiMehribon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mehribon (hikoya)
Said Ahmad

Poezd Toshkentga yaqinlashgan sari Qunduzxonning yuragi qattiqroq ura boshladi. Bundan ikki yil avval shu stantsiyadan unga oq yoʻl tilab qolgan ona endi yoʻq. U oʻtgan yili bahorda tugʻruqxonada oʻlgan. Qizning nazarida, ona perronda hamon roʻmol silkib turgandek edi.

Poezd stantsiyaga kirib keldi. Perron toʻla odam. Hamma vagon eshigiga qarab yuguradi. Ular orasida faqat ona, Qunduzxonning onasi yoʻq, xolos.

Qiz chamadonchasini koʻtarib vagondan tushdi, odamlar orasidan turtina-turtina chetga chiqib, dadasini qidira boshladi. «Telegramma yetib kelmaganmikin» deb dilidan oʻtkazdi Qunduzxon. Yoʻq. Dadasi odamlar orasida koʻrinmadi. Onasi boʻlsa, albatta, chiqar edi. Gul tutib kutib olardi. Qizning atrofga javdirab turgan koʻzlari xomush yerga boqdi. Qiz koʻngli oʻksidi.

Ne-ne orzu-umidlar bilan oʻstirgan farzandining balogʻat yoshini koʻrolmagan onalar, farzandlik qarzini oʻtolmay armonda qolganlar qalbini tirnab kelgan dardu alamini ifoda qilib boʻlarmidi.

Atrofni quvnoq kulgiga toʻldirgan mana shu odamlar orasidan Qunduzxon bundan ikki yil avval yoʻqotgan onasining mehribon-munis siymosini qidiradi. Qani u, koʻzi yorib, bir parcha etda oʻz istiqbolini koʻrolgan va unga baxt tilagan ona! Yoshlik yillari uning sochlarini mayda qilib oʻrib qoʻyadigan mehribon qoʻllar qani? U endi abadiyan yoʻqlikka ketdi.

Qunduzxon boʻshashib chamadonchasiga oʻtirdi. Iyagini kaftiga tirab, bir nuqtaga tikilganicha xayolga toldi.

Ona oʻldi. Tugʻruqxona doyasi qoʻlida yigʻlab turgan chaqaloq hali koʻz ochmay ona sutidan, visolidan begona boʻldi. U kunlari Qunduzxon Moskvada oʻqishda edi. Bu qaygʻuli xabarni qiziga qanday qilib bildirishni bilmagan ota uzoq vaqt sukut saqladi. Oxiri yozishga majbur boʻldi.

Qunduzxon oʻzini har qancha tutishga urinmasin, ogʻir yoʻqotishning azobi uni qiynar, ezar edi. Yozgi imtihonlar boshlandi, bir fandan yiqildi. Qayta topshirish uchun yoz boʻyi tayyorlandi. Yana oʻqish boshlanib, Toshkentga kelolmay qoldi. Uni faqat singlisi, hali na onasini va na opasini koʻrmagan chaqaloqning ahvoli qiynar edi. «Onasiz holi nima kechdi ekan?» Qunduzxon faqat shu haqda oʻylardi.

Qunduzxon bosh koʻtarib atrofga qaradi, odamlar allaqachon tarqab ketgan, uni toʻrt sutka yoʻl bosib olib kelgan poezd bir zumda boʻshab qolgan. Gazeta kioskada oldida sochiga oq oralagan, oʻrta yoshlardagi bir xotin unga qarab turardi.
— Siz Qunduzxon emasmisiz? Darrov tanidim, suratingizga oʻxshar ekansiz. — Xotin tez-tez yurib kelib, u bilan quchoqlashib koʻrishdi. Hali oʻzini oʻnglab olmagan Qunduzxon bu xotinning bagʻrida koʻpdan unutilgan oʻz onasining isini tuydi.

Bir eslab koʻring! Onalarda qandaydir bir is boʻladi. Bolalik yillarimizda ona bagʻrida erkalanib yotarkanmiz, dimogʻimizga oʻrnashib qolgan oʻsha ona isini katta boʻlganimizda ham unutolmaymiz.
— Dadangiz zarur bir ish bilan idorada band boʻlib qoldilar. Oʻzim chiqdim.

Qunduzxon bir soʻz demadi. Bu xotin kim, nima uchun u Qunduzxonni kutgani chiqdi. Bu toʻgʻrida oʻylab ham koʻrmadi. Ona isidan mast boʻlgan qiz itoat bilan uning ketidan shahar maydonchasiga chiqdi.

Havo ochiq, kuz oftobi tilla rang yaproqlar ustida chaqnar, tiniq osmonda kumushdek yaltirab kaptarlar uchardi. Mashina asfalt yoʻldan tekis suzib, kuz shamoli toʻkkan barglarni ikki tomonga uchirib borardi. Mashina oynasidan baland, hushqomat imoratlar lip-lip oʻtib turibdi. Koʻchalar gavjum, tugʻilib oʻsgan, goʻdaklik yillarining eng beozor kunlari oʻtgan «Sharq» kinoteatri oldidan oʻtarkan, Qunduzxonning koʻz oldida yana oʻsha munis-mehribon onaning yoqimli siymosi gavdalandi.

Mashina kurant roʻparasidagi uch qavatli bino oldida toʻxtadi. Xotin chamadonni qoʻliga olib yerga tushdi-da, Qunduzga yoʻl berdi. Katta darvoza oldidagi sahnda oʻrtoqlari bilan oʻynab yurgan ikki yoshlardagi qizcha yugurib kelib xotinga tashlandi.
— Taniyapsizmi? — Xotin Qunduzga oʻgirildi, — singlingiz Lolaxon.

Qunduzxon qizning koʻziga qaradi-yu, unda oʻz onasining koʻzini koʻrdi. Yuragi urib ketdi. Qizchani koʻtarib bagʻriga bosdi. Lola yotsirab oʻzini chetga tortdi va xotinga qarab talpindi.
— Voy, opanglar-ku, Moskvadagi opanglar-ku, — dedi xotin Lolani bagʻriga bosib.

Lola koʻzlarini katta-katta ochib Qunduzga qaradi.
— Menga nima olib keldingiz?
— Sengami, ancha narsa olib keldim.
— Uxlaydigan qoʻgʻirchoq ham olib keldingizmi? Qunduz javob oʻrniga uning yuzidan oʻpdi.

Uyga kirishdi. Xotin ichkari xonaga kirib yoʻl-yoʻl xalat kiyib chiqdi-da, stol ustiga yoyib qoʻyilgan dasturxonni ochib yubordi.
— Qunduzxon, avval bir dushga tushib olasizmi-a?
— Mayli, — Qunduzxon goʻyo sehrlangandek javob berdi.

Vaqt juda tez oʻtardi. U dushdan chiqib artinayottanda ham «bu xotin kim, nega muncha mehribonchilik qiladi?» degan savol miyasidan nari ketmasdi. Xotin kirdi, qoʻlidagi xitoy shohisidan tikilgan xalatni uning yelkasiga tashlar ekan, qoʻshib qoʻydi:
— Razmeringizni bilmadim. Kengroq boʻlsa tuzatib berarman.

Shu payt Lolaxon hali yengi oʻrnatilmagan koʻylakni etagidan sudrab kirdi.
— Opa-chi, opa, ayam menga koʻylak tikib berdilar. Judayam koʻylagim koʻp. Qizil koʻylagimni koʻrsataymi?

Xotin yugurib kelib uning qoʻlidan koʻylakni oldi.
— Voy, qizim tushmagur-e, hali bitgani yoʻq-ku. Qunduzxon turgan yerida qotib qoldi. Singlisining «ayam», bu xotinning «qizim» deyishi uning qulogʻiga oʻqdek qadaldi. Demak, demak, u...

Qunduz yuzini panjalari bilan berkitib, ichkari uyga yugurdi, oʻzini karavotga tashlab, yigʻlab yubordi. Uning koʻzi oldida yana ona gavdalandi. U qiziga xomush termilar, nimadir demoqchi boʻlgandek lablarini juftlab turardi. Qunduz koʻz yoshlaridan hoʻl boʻlib ketgan yostiqni surib qoʻyib, oʻng yonboshiga agʻdarilgan edi, devorda, zarhal ramkadan kulib qarab turgan onasining suratiga koʻzi tushdi.

Eshikdan moʻralab turgan Lola hayronlikda koʻzini pirpiratib, orqasiga qaytdi.
— Aya-chi, aya, opam yigʻlayaptilar.

Xotin xomush oʻtirib qoldi. Elektr choynagining joʻmragidan parillab bugʻ koʻtarilar, toʻlqini adashgan radiopriyomnik muttasil xirillar edi.
— Siz ham yigʻlayapsizmi? — Lola xotinning yelkasiga osildi. Xotin qizchani tizzasiga oʻtqazib, uning boshini siladi.
— Boshingiz ogʻriyaptimi?
— Xd, qizim, boshim ogʻriyapti.

Xotin mashaqqat bilan oʻrnidan turdi-da, asta-sekin yurib Qunduzxon oʻtirgan uyga kirdi. Qunduzxon hamon onasining suratiga termilib, xomush oʻtirardi. Xotin ham suratga qaradi.

«Qani edi, oʻz bolalaringga oʻzing bosh boʻlsayding, baxtini koʻrsayding. Men sening baxtingga sherik boʻlmoqchi emasdim... Sening yoʻqligingni bildirmasam, bolalaring ayozda sovqotmasa, kiri yuvuqsiz, qozoni osiqsiz qolmasa, deyman. Ularni oʻzing niyat qilgandek tarbiya qilsam, deyman. Bayramlarda, toʻyu tamoshalarda oʻksinmasa, yetimligi bilinmasa, deyman...»

Xotin roʻmolining uchi bilan koʻz yoshlarini artib oldi-da, qoʻlini Qunduzxonning yelkasiga qoʻydi.
— Hammasiga tushunaman. Ogʻir, juda ogʻir. Biroq menga ham... Oʻzganing farzandiga ona boʻlishdek ogʻir ish yoʻqligini bilaman.

Xotin yuragini toʻlqinlatib turgan fikrlarni aytish uchun soʻz topolmadi. Xoʻrsindi.

Darhaqiqat, ona oʻz bolasini shoʻxlik qilganda urishadi, vaqti kelganda jazo beradi. Ammo oʻzganing bolasiga shundoq qilib boʻladimi. Ularga onalik qobiliyatining eng nozik vositalari bilan yondashmoq kerak.

Oʻgay onalar haqida el ogʻziga tushgan turli-tuman latifalar, chidab boʻlmas ta’nalar tushunchamizga yelim-dek yopishib qolgan. Bu munosabatlar hamon ular xizmatini kamsitib keladi.

Qunduzxon kechki ovqat vaqtida ham xomush oʻtirdi. Yechinib oʻrniga yotarkan, tomogʻini boʻgʻib kelayotgan alam va iztirobni qaytarmoqchi boʻlib harchand urinsa ham boʻlmadi. Begona xotinni ona deb atashga tili bormas, bunga uni mutlaqo huquqsiz deb bilardi.

Qoʻshni xonada chiroq oʻchdi. Devordagi soat oʻn bir marta zang urdi. Xotin hamon uxlolmay, uy ichida kuymalanib yurardi. Lolaning ijirgʻanib yigʻlagan ovozi eshitildi. Yana chiroq yondi.
— Voy, qizim, isitmang bor-ku. — Bu xotinning ovozi edi.

Qunduz shoshib, yostikdan bosh koʻtarib, quloq soldi. Shkaf eshikchasi gʻiyqillab ochildi. Oyoq tovushi. Lola hamon ingrardi.

Qunduz qiya ochiq eshikdan qoʻshni xonaga qaradi. Xotin Lolaning qoʻltigʻiga qoʻygan termometrni olib chiroqqa solib qaradi-da, uni bir silkib stol ustiga qoʻydi. Lolaning karavotchasiga engashib, uning koʻz milklarini yirib koʻrdi va uni koʻtarib, uyning u boshidan bu boshiga yura boshladi.

Qunduz oʻrniga kelib yotdi. Oʻzganing farzandida oʻziga nisbatan farzandlik hissini qoʻzgʻatolgan xotinga yuragining allaqaerida muhabbat uchquni yilt etib ketganini sezmay qoldi.

Koʻzini uyqu bosdi.

Dadasi ishdan kech qaytdi. U ish kiyimini yechib, bolalarini uygʻotib yubormaslik uchun oyoq uchida yurib Lolaning karavoti tepasiga kelib engashdi.
— Qunduzxon keldi.
— A?! — U xotinining koʻziga qaradi.

Uning bu qarashida uch ma’no bor edi. Biri, koʻpdan sogʻingan qizini koʻrishga shoshilish, ikkinchisi, sevgan onasidan ajralgan qizning iztirobi holatini koʻrishga yuragi dov bermaslik, uchinchisi oʻgay onaga boʻlgan munosabatda biron koʻngilsizlik boʻlmaganmikin degan shubha edi.
— Uxlayapti, — dedi xotin u yotoq eshigini ochayotganida, — bezovta qilmay qoʻya qoling, charchab kelgan, uxlasin.

U ovoz chiqarmay bir yoʻtalib oldi-da, ichkari kirdi. Stol ustidagi koʻk abajurli chirokdan Qunduzxonning yuziga havoyi bir nur tushib turardi. «Onasining oʻzi, koʻzi ham, yuz tuzilishlari ham xuddi onasi...» deya dilidan oʻtkazdi ota.

Er-xotin allavaqtgacha uxlayolmadi. Er tez-tez papiros chekar, xotin esa Lolaning tepasidan nari ketmasdi.

Qunduzxon uygʻonganda, dadasi katta toshoyna oldida yuziga sovun koʻpigini surib, soqol olayotgan edi. U apil-tapil kiyinib dadasining oldiga chiqdi.

Ota oynadan qizining aksini koʻrishi bilan qoʻlidagi buyumlarini tashlab, uni bagʻriga bosdi.

Qunduz, goʻyo shu ikki yil ichida hech qanday voqea boʻlmagandek, oʻzini quvnoq tutdi.
— Qizim, dadangdan xafa emasmisan?
— Nega xafa boʻlay, juda toʻgʻri qilgansiz...

Ular stol atrofiga oʻtirishdi. Dasturxonda xonaki pechenelar, atirgul nusxa tort va turli xil mevalar bor edi.
— Ayang sening kelishingga uch kundan beri tayyorlanadi.

Ayang soʻzi Qunduzxonning qulogʻiga gʻalatiroq eshitildi. Lekin ota oldida oʻzini tutdi. Sezdirmadi.
— Ishga ketadigan vaqtim boʻlib qoldi, ayang Lolani doktorga olib ketgan edi, sen bir oz dam ol, hozir kelib qolar.

Ota tez-tez kiyinib, uydan chiqdi. Qunduzxon yolgʻiz qoldi. U bir oz xayol surib turgach, ichkari uyga kirib, garderobni ochdi. Kichik ilgakchalarda Lolaning tekis dazmollangan koʻylaklari, kichik uyga kirdi, unda Lolaning oʻyinchoqlari. Xonalarning hammasi ozoda, deraza pardalari oppoq, uy anjomlari yiltirardi. Hamma yoqda didli, mehribon xotinning qoʻli sezilib turardi.

Qunduzxon yoʻqotgan onasini yana topgandek boʻldi, bu xotinda oʻz onasini — uning mehru muhabbatini koʻrdi.

Narigi uydan Lolaning ovozi eshitildi. Qunduzxon yugurib chiqdi. Xotin qoʻlidagi buyumlarni stolga qoʻyayotgan edi.
— Dadangiz ketib qoldilarmi?
— Hozir ketdilar. Lola tuzukmi, ayajon?

Xotin turgan yerida dong qotib qoldi. Qunduz uni ayajon deb atadi, u yo yanglish eshitdimi?! U xursandligidan entikdi. Bu soʻz uning yuragiga iliqqina borib tegdi. Ona koʻngli togʻdek koʻtarildi. U baxtdan entika-entika Qunduzxonning boshini silar, erkalardi.

Qunduz uning ogʻushida ona isidan mast boʻlib koʻzlarini yumdi.

1955