OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiMening doʻstim Babbayev! (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/04
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mening doʻstim Babbayev! (hikoya)
Said Ahmad

Ne’mat Boboev bilan bir hovlida turamiz. U yoshlikdan tepkilashib katta boʻlgan ogʻaynim boʻladi. Chilonzordan uy olganimizda ham ikkovimiz bir joyga tushib qolganmiz. U uchinchi qavatda, men ikkinchi qavatdaman. Kechqurunlari hovlida domino oʻynaymiz. Termosda choy damlab tushib rosa choyxoʻrlik qilamiz. Ne’mat qurmagur juda odamjon narsa. Har gapiga maqol, matal qoʻshib gapiradi. U shundoq mehribon, shundoq mehribon...

Mana shu eng yaqin ogʻaynim bir kun pastga pijama kiyib bir qoʻlida termos, bir qoʻlida piyola bilan tushdi.
— Qalay, ishlar joyidami? — dedim kursidan unga joy koʻrsatib.
— Aslida yuztadan otib tashlasak ham boʻladigan.

Uning gapiga tushunolmay hayron boʻlib turgan edim, oʻzi yorila qoldi.
— Sababi shuki, bugun ministrlikdan buyruq oldim. Ya’ni sizlarning zavodlaringa direktor boʻldim.

Haqiqatan ham bunaqa yangilik uchun yuzta emas, ikki yuztadan otsak ham bemalol boʻlaveradi. Ammo biz bunaqa qilmadik. Men doʻstimni astoydil tabrikladim. Toʻgʻrisi, ilgarigi direktorimiz sal qoʻpoldoʻzroq edi. Men necha yildan beri zavodda injener boʻlsam unga bironta taklifimni oʻtkazolgan emasman. Bu toʻgʻrida Ne’matga koʻp gapirganman. Ne’mat bu gaplarni eshitganda kuyib yonib ketardi. Direktorimizni byurokrat, laqma, printsipi yoʻq, qoʻpol va yana allanimalar deb soʻkardi. Uning direktor boʻlib kelishiga suyinganimning sababi ham shu-da! Har qalay u tushungan odam. Ixtiroimdan xabardor. Chertyojimning koʻp joylarini oʻzi bilan maslahatlashganman. U doimo: «Agar shu ixtiro amalga oshsa, zavod yiliga kamida ikki yuz ming iqtisod qiladi» deb meni ishontirardi. Mana, Ne’matning oʻzi direktor. Ura!..

Ertalab ishga u vaqtli ketib qolgan ekan. Qoʻshnilarning aytishiga qaraganda u havo rang «Volga»da ketibdi. Hay, men ham zavodga yetib keldim.

Smena oxirlashib qolgan edi. Telefonda sekretar qiz meni direktor chaqirayotganini aytib qoldi. Bordim. Eshikni ochib kirishim bilan Ne’mat basharamga qarab:
— Sizda madaniyat degan narsa bormi? — deb qolsa boʻladimi.

Hayron boʻlib eshik bilan uning stoli oraligʻida toʻxtab qoldim.
— Sekretardan, kirsam mumkinmi, deb soʻrash kerak.
— Jinni boʻldingmi, Ne’mat.
— Men sizga Ne’mat emasman, oʻrtoq Babbaev boʻlaman, oʻrtoq Xajjayip.

Muz-muz boʻlib ketdim. Indamay chiqib ketdim-da, qabulxonadagi divanga hasrat-nadomat bilan oʻtirdim. Bir mahal ustiga charm qoplangan eshik tepasidagi qoʻngʻiroq jiringladi. Sekretar qiz sochlarini toʻgʻrilab ichkariga kirib ketdi. U qaytib chiqdi-da menga, kiring, dedi. Kirdim.

Boya durustroq qaramagan ekanman, ilgarigi direktorimizda uchta telefon boʻlguchi edi. Endi beshta boʻlib qopti. Stoldagi qizil movut dasturxon edi, endi pushti baxmal yopilgan. Ne’mat burchakdagi poʻlat sandiqdan nimanidir olayotgan ekan, menga qaramay kallasini bir tomonga sal tashlab tuflisini gʻirchillatib joyiga kelib oʻtirdi.

Indamadim. Oʻzi stol oynasini bir oz chertib oʻtirib gap boshladi.
— Oʻrtoq Xajjayip, sizni chaqirtirishimning sababi shuki, biz siz bilan bevosita zavod xoʻjaligiga javobgar kishilarmiz. Ishlab chiqarishni minimumdan maksimumga koʻtarishda komandirlik qilishimiz lozim.

E, attang, dedim ichimda. Har gapiga maqol, matal qoʻshib gapiradigan, bir ogʻiz gapi bilan odamning ichiga kirib ketadigan bola tamom boʻpti-ku!
— Menga qara, qoʻy bu olifta gaplarni. Toʻppa-toʻgʻri, odamga oʻxshab gapiraver.

Ne’matning koʻzlari dum-dumaloq boʻlib ketdi. Aftidan u rahbar xodim, albatta jiddiy gapirishi shart, kulish, hazil qilish rahbar obroʻsini toʻkadi, deb oʻylasa kerak, qoʻrqib ketdi. Yana oʻzim gap boshladim.
— Albatta mening chertyojim masalasida chaqirgan boʻlsang kerak. Shuni endi amalga oshirsak, boʻlar, a?

Ne’mat ranglari oqarib angrayib turardi. Gapim tamom boʻlishi bilan boshini sarak-sarak qildi.
— Bu yerdagilar ham, eski direktor ham ikkovimizning oʻrtoq ekanligimizni yaxshi bilishadi. Agar loyihangni amalga oshiradigan boʻlsam, albatta: oʻz oʻrtogʻini qoʻllayapti deyishadi. Umuman bu loyiha bizga toʻgʻri kelmaydi.
— Xoʻsh, nega toʻgʻri kelmas ekan.
— Birinchidan, bu dastgohni yasash uchun bir necha odam ovora boʻladi. Quyuv tsexi ham, yigʻuv tsexi ham planni bajarolmay sudralayotgan ekan, uning ustiga plandan tashqari xonaki qilib sening dastgohingni yuklasak ularga javr boʻladi.
— Besh olti kun javr boʻlgani bilan bu yogʻiga kollektivimizning qoʻlidan ogʻir ishni oladi-ku.
— U keyingi gap. Naqdi kerak bizga. Bor dastgohlarimiz binoyidek kunimizga yarab turipti.

Shunday tutaqib ketdimki, oʻrnimdan turib qolganimni oʻzim bilmabman.
— Hoy, menga qara. Oʻzing emasmiding, shu dastgoh bitsa zavod yiliga ikki yuz ming iqtisod qiladi, degan. Oʻzing emasmiding, eski direktorni byurokrat, landavur, printsipi yoʻq laqma degan...

Ne’mat qoʻllarini ikki tomonga yozdi.
— Tashqaridan qaraganda hammamiz ham shunaqa deymiz. Javobgarlik boʻynimizga tushganda oʻylab qolamiz.
— Oʻz ogʻaynisining ishini amalga oshiryapti deyishlaridan qoʻrqaman, deysan. Nima, shaxsiy ishimga qarashyapsanmi. Hamma ham oshna boʻlsa, butun kollektiv bir ogʻayni boʻlsa, qandoq yaxshi.

Ne’mat oʻrnidan turib ketdi.
— Bas qiling, oʻrtoq Xajjayip, gap tamom!
— Xoʻp, — dedim — kechirasiz oʻrtoq Babbaev.

Chiqib ketdim.

Qechqurun Ne’mat yana termos koʻtarib tushdi. Men uning oldiga borib, mumkinmi, oʻtirsam, oʻrtoq Babaev, dedim.
— Otimni aytsang oʻlasanmi. Oʻtiraver, — dedi.
— Axir boya zavodda kabinetingda...

Ne’mat iljaydi.
— U zavod, bu koʻcha, uy. Xoʻsh sogʻliging yaxshimi, gʻalati tarvuz olib keldim, xolodilnikka tiqib qoʻyibman, hozir chiqib qotiramiz.

Yo tavba. Shu yoshga kirib bir umr birga boʻlgan ogʻaynimning qanaqaligini bilmagan ekanman. Shuncha vaqtdan beri odamning jonidek boʻlgan yigit orqasi stulga tegdi-yu boshqacha boʻldi, qoʻydi-ya.

Shu kecha rosa domino oʻynadik, men uni yutaverib toʻrt marta stol tagidan emaklatib oʻtkazdim. Peshonasiga echkining suratini yopishtirdim. Hamma oʻyinlarimiz samimiy, begʻaraz oʻtdi. Ammo...

Ammo ertasiga ishga borganimda u yana boshqacha boʻlib qolibdi. Nuqul oʻrtoq Xajjayip deydi. Otini aytsam chirsillab, oʻrtoq Babbaev degin deb koʻrsatma beradi.