OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Moʻtti (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiMoʻtti (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Ohangaron hikoyalari»dan


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Moʻtti (hikoya)
Said Ahmad

Inomjon avtobusdan tushishi bilanoq, shaharda majnun boʻlib yurmay deb sartaroshxonaga kirdi. Usta yuziga sovun surayotganida oynadan qiziq bir narsani koʻrib qoldi. Ikki qovogʻiga avtobus biletidek qogʻoz yopishtirib olgan qoshi ipdek bir qiz qoʻllarini stolga qoʻyib qimirlamay oʻtiribdi. Oq halat kiygan xotin uning tirnogʻini boʻyayotibdi. Inomjon bu qizni qaerdadir koʻrgandek boʻldi. Oʻylab-oʻylab eslolmadi.

Uzoqdan koʻrgan, yaqindan koʻrgan, gaplashgan jamiki qizlarni bir-bir esladi. Biroq ular orasidan bu qizni topolmadi.

Usta uning soqollarini qirtishlab, sochlarini tekislab ham boʻldiki, Inomjon xayoldan boʻshamadi. Vashillatib yuziga atir sepgandagina yuzi achishib, oʻziga keldi. U oʻrnidan turib tashqariga chiqayotganda atayin qizga tikilib qarab oʻtib ketdi.

Inomjon papiros chekdi. U yoq-bu yoqqa yurib oʻyladi, skameykaga oʻtirib oʻyladi. Derazadan bosh suqib yana ichkariga qaradi. Endi usta qizning qovogʻidan qogʻozlarni olib, kiprigini toʻmtoq qaychi bilan qayirayotgan edi.

Inomjon, to qiz ishini bitirib chiqqunicha, poylashga ahd qildi. Oxiri qiz savzi taxtadek sumkasini koʻltigʻiga suqib, ichkaridan chiqdi.

Uning egnida oq kapron kofta. Ichki kiyimlarining tasmalari bemalol koʻrinib turibdi. Razm solib qaragan odam yuzidagi sepkilidan yelkalarida ham borligini bilib olsa boʻladi. Belini qizil kamar bilan shunday siqib bogʻlabdiki, ikki boʻlak odamga oʻxshaydi. Agar jindek egilsa yuqorisi tushib ketadigandek. U Inomjonning oʻziga tikilib turganini sezganidan ataylab gʻamza bilan yonidan oʻtdi. Inomjon bezovtalandi. «Chekilmasin!» deyilgan joyda papiros chekib qoʻygandek, hali muhabbat oʻti tushmagan yigit yuragiga gʻulgʻula tushdi. Inomjon beixtiyor unga ergashdi. Qiz toʻxtab, magazin vitrinasiga oʻzini solib, sochlarini tuzatib oldi. Keyin masxara qilayotgandek bir iljaydi-da, toʻxtagan avtobusga ildam chiqib oldi.

Inomjon Ohangaronga bundan oldin ham bir kelgan. Kursdoshlari bilan praktikaga kelib konga tushgan. Smena masteri uni birinchi marta yer ostiga olib tushganida Inomjonning boʻladigani boʻlgan edi. Bir yelkasida gaz niqob, bir yelkasida batareya, peshonasida chiroq, tepasida uch yuz metr qalinlikdagi yer. U yonidan-bu yonidan vagonetka guvillab yuguradi, oyogʻining tagidan transportyor lentasi gʻiqillab oʻtadi. Bu yerning turgan-bitgani vahima boʻlib tuyulgan edi unga. Rangi qum oqarib, tili gapga kelmay qolgandi. Oʻshanda master uning rangini koʻrib qoʻrqib ketgan, smenasini tugatib chiqayotgan strelkachi qizdan uni yuqoriga «berib yuborgan» edi. Qiz tushmagur ham juda shayton ekan. Aft-basharasi qop-qora, xuddi moʻri tozalaganga oʻxshaydi. Har kulganida oppoq tishlari qorongʻida gugurt chaqqandek yaltiraydi. Ayniqsa, yer yuziga olib chiqadigan keletning tushishini kutib oʻtirishganda «Yerga chiqqanimizda yarim soatcha koʻzingizni chirt yumib oling, birinchi marta qorongʻida oʻrgangan koʻz yoruqqa chidamay, koʻr boʻlib qoladi» deb tayinlagan edi.

Ular yerga chiqishganida qiz uni bir chekkaga oʻtqazib, oʻzi allaqayoqqa gʻoyib boʻldi.

Inomjon koʻzini yumib, oʻtgan-ketgandan soat soʻrab diqqat boʻlib ketdi. Yoʻlovchi bir kishi, bu bola koʻr boʻlib qopti, degan gumon bilan uning oldiga keldi. Gapga solib koʻrsa, uni kimdir laqillatgan ekan.

E, koʻzingni och, bola, kim nima desa ishonaverasanmi.

Inomjon diliga ozor bergan oʻsha kizni qayta uchratmadi. Uchratganida ham uni taniyolarmidi? Buning ustiga, praktika tugab, Inomjon Toshkentga qaytib ketgandi. Ammo bu sirni lom-mim deb birovga aytmadi. U aytmagan boʻlsa ham Ohangaronda Moʻttixon-Loʻttixon bir yigitni laqillatgani doston boʻlgan edi. Albatta, bu gaplardan Inomjonning xabari yoʻq.

Hozir Inomjon qiz ketgan tomonga angrayib turib oʻsha boʻlgan voqeani eslab, xijolatlikdan iljayib qoʻydi. Bugun dam olish arafasi boʻlganidan shaxta boshligʻiga barvaqtroq uchrashib, boshqarma yoʻllanmasini topshirishi, qaerda va kim boʻlib ishlashini aniqlab olishi kerak.

Inomjon qadamini jadallab, kon boshqarmasiga qarab ketdi. Oʻsha kuniyoq uni navalootboyshchiklar brigadasiga shogirdlikka tayin qilishdi. Yotoq oldi. Brigada boshligʻi kallador, oʻrta barmogʻiga uzuk takkan yigit ekan. U Inomjonga boshdan-oyoq qarab chiqdi-da, uning labidagi «Belomor»ini yulib olib, tufdonga uloqtirdi. Keyin devordagi «Ichadigan, chekadigan odam konchi boʻlmay qoʻya qolsin!» degan yozuvni koʻrsatdi. Inomjon indamay serrayib turardi.

Dam olish kuni yigitlar Teshiktoshning samovarida osh qilishdi. Brigadir Inomjonni ham olib ketdi. Yoʻlda yaxshi koʻrgan qizi bormi-yoʻqligini soʻradi.
— Hali yosh ekansan, ehtiyot boʻl, Loʻttiga oʻxshaganlarning qoʻliga tushib qolma tagʻin. U shayton-a!

Inomjon Loʻtti kim, nega laqillatib ketadi, — bu toʻgʻrida soʻramadi.
— Bultur texnikumdan kelgan boʻsh bayovgina praktikant bolani bir soat koʻzini yumdirib qoʻyib, laqillatib ketgan. Sen ham oʻshanaqalarning qoʻliga tushib qolma!

Inomjon qizarib ketdi, ammo lom-mim deb ogʻiz ochmadi.

Osh ustida boʻlgan gapdan ma’lum boʻldiki, nomi Moʻtti boʻlsa ham koʻp yigitlarni laqillatganidan Loʻtti deb nom olgan bu qiz shahardagi eng tamtamlarning biri ekan. Unga gap qotmagan, undan dakki yemagan bironta ham oʻspirin qolmabdi. Xullas, bu qiz oʻz koʻngliga mos yigit muhabbatini izlardi.

Ertasiga Inomjon konga tushdi. Brigadir Inomjonni oʻz yonidan nari ketkizmadi. Zaboyga yetib kelishganda pnevmatik bolgʻani uning qoʻliga berib, qanday ushlashni, qatlamga qanday botirishni koʻrsatdi. Bu ishlarni Inomjon bilardi. Texnikumda oʻqib yurganida yer tagida boʻlmasa ham, ochiq kar’erda bunaqa bolta bilan koʻmir koʻchirgan edi. Shuning uchun ham qoʻli kelisha qoldi. Brigadir uning ishini kuzatib turganida smena masteri kelib, yuqorida boshliq chaqirayotganini aytdi. Brigadir zaboyda Inomjonni yolgʻiz qoldirib, engashgancha orqasiga qaytdi. Inomjon ishga berilib, koʻmir qatlamlarini palaxsa-palaxsa qilib koʻchira boshladi. Koʻchgan koʻmir xarsanglari transportyor lentasida qorongʻi yoʻlaklarga kirib ketmoqda. Qoʻlida, tinimsiz titrab turgan ogʻir bolgʻaning harakatidan Inomjonning bilagi tolib ketdi. Motorni oʻchirib, birpas orom olish uchun koʻmir xarsangiga oʻtirdi. Oʻtirdi-yu, yuragini vahm bosib ketdi. Qaerda oʻtiribdi? Uch yuz metr yerning tagida-ya! Uning tepasida necha ming tonna yer. Inomjon koʻzlarini pirpiratib sekin tepaga qaradi. Ogʻir yer qatlamini koʻtarib turgan yoʻgʻon tirgovich xodalar qisirlaydi. Xuddi yer siljib shu xodalarni gugurt choʻpidek maydalab tashlaydigandek. Zaboy ogʻzida tirgovichga suyanib bir qiz koʻzlarini katta-katta ochib turardi:
— Yer choʻkyapti. Yelkang bilan tirab tur, hozir avariya brigadasini chaqiraman!

Qiz shunday dedi-yu, gʻoyib boʻldi. Inomjon shaxt oʻrnidan turib, tepasidagi kattakon koʻmir xarsangiga yelkasini tiradi. U shu boʻyi qancha turganini eslolmadi. Brigadir kelganda ham shu ahvolda turardi.
— Nima qilib turibsiz? Nega ishlamayapsan?
— Yer choʻkyapti, koʻtarib turibman. Brigadirning jahli chiqib ketdi.
— Laqma bola ekansan-ku! Kim aytdi senga koʻtarib tur deb?
— Bir qiz shunday dedi, oʻzi avariya brigadasini chaqirgani ketdi.
— E ovsar, sen ham Loʻttining qoʻliga tushibsan! Yer choʻksa, sen koʻtarib qololarkansanmi? Bor, ishingni qil!

Inomjon oʻsal boʻlganidan, zirqirab ogʻrib turgan yelkasini silab, bolgʻani qoʻliga oldi. Birdan uning esiga oʻtgan yili laqillatib ketgan qizning oppoq tishlari koʻrinib ketdi.

Oʻsha! Oʻsha shaddod qiz, bugun ham qoʻlga tushirdi uni!

Kechqurun yotoqda faqat shu gap boʻldi. Yigitlar qotib-qotib kulishar, Inomjonni ermak qilishardi...

Oradan oʻn besh kun oʻtdi. Bu orada Inomjon yigitlarga goh ermak boʻldi, goh ularni ish bilan qoyil qoldirdi. Birinchi maosh kuni smena tugamasdan zaboyga bosh injener tushdi. U Inomjonning ishlarini ilgarilar ham zimdan kuzatib yurar ekan, ayniqsa, bugun uning ishni bemalol uddalayotganini koʻrib, shogirdlikdan mustaqil navalootboyishchilikka oʻtishga ruxsat berib ketdi.

U garderobda gazniqob, fonar va batareyalarni topshirayotganda ikki marta uni laqillatib ketgan oʻsha Moʻttixon bir buklam qogʻoz uzatdi. U shoshib qogʻozni ochdi. Xat. «Mustaqil ishga oʻtishingiz bilan tabriklayman. Vaqtingiz boʻlsa, hamyotoqlaringizga chap berib, soat olti yarimda konchilar madaniyat saroyiga keling. Moʻtti».

Inomjon avvaliga, bu qiz meni yana laqillatyapti, deb oʻyladi. Xatni yoniga solib, birinchi maoshidan pochchasiga sovgʻa olish uchun magazinga qarab ketdi.

Inomjon yetimlikda oʻsgan bola. U opasining qoʻlida tarbiya koʻrgan. Pochchasi uncha topishli-tutishli boʻlmasa ham, yetim bolalarni bagʻriga olib, oʻksitmay yeb-ichirdi. Ishchi odam roʻzgʻordan siqishtirib, Inomjonning texnikumni bitirishiga yangi kostyum olib berdi. Erining odamgarchiligidan opasi yigʻlab ham oldi. Er-xotin uni bundan oʻn besh kun oldin uchirma qilib, Ohangaronga ishga kuzatib qolishdi. Ketayotganida opasi uni chetga chaqirib: «Birinchi maosh olganingda kichkinagina boʻlsa ham, pochchangga sovgʻa ol, sevinadi» deb tayinlagan edi. Inomjon shunday qildi. Birinchi maoshdan pochchasiga etik oldi.

Yotoqqa qaytib kelsa, yigitlar har yoqqa ketib qolishibdi. U nima qilishini bilmay, koʻchadagi skameykaga oʻtirib, oʻtgan-ketganlarni tamosha qila boshladi. Bir mahal uning dimogʻiga atir hidi gupillab urildi. Qarasa, birinchi kuni kelganida sartaroshxonada koʻrgan stilyaga qiz undan uch-toʻrt qadam narida iljayib turibdi. Uning egnida oʻsha kapron kofta. Yuzidagi sepkillari upa qoʻyganidan bilinmay ketibdi. Inomjonning yuragi gupillab ura boshladi. Qiz unga tomon ikki qadam bosdi.
— Mumkinmi, bir ogʻiz gap soʻrasam? Inomjon nima deyishini bilmay dovdiradi.

Qiz kulib yubordi. Uning oppoq tishlari unga juda tanish koʻrindi.
— Siz, siz oʻsha Moʻttixon...

Qiz ingichka qoshlarini kerib iljaydi. Inomjon serraygancha turib qoldi.

Shahar stilyagalarini bir choʻqishda qochiradigan bu qiz Inomjonni tamoman lol qilib qoʻygan edi. Bundan bir soat avvalgi ahvolini koʻrgan odam uni mutlaqo tanimasdi. Boya uning aft-basharasini qop-qora, boshidagi yashil kosinkasi ham koʻmir qurumidan qorayib ketgan, egnidagi qalin brezent kurtkasi, shimi, yelkasiga osib olgan gazniqob, batareya, oyogʻidagi rezinka etik uni tamoman boshqa odam qilib qoʻygan edi.

Endi-chi, kurum bosgan basharasiga upa qoʻygan, egnida oq kapron kofta, oyogʻiga poshnasi bigiz tufli kiygan, sochini hurpaytirib, butun yelkasiga toʻzgʻitib yuborgan, labi qip-qizil, oʻzi boʻlsa atirga choʻmilgandek.

Inomjon ikki marta laqillab, oxiri uning muhabbatiga sazovor boʻlganini bilmay qoldi. Ham ishni, ham oliftagarchilikni qoyil qiladigan shayton qiz endi Inomjonni oʻziga tamoman rom qilib olgan edi. Inomjon muhabbat toʻriga tushdi.

Oʻsha kecha Inomjon yotoqqa hammadan kech qaytdi. Yigitlar undan havotir olib, ancha vaqtgacha uxlamay kutib oʻtirishdi. Ertalab qarashsa, Inomjondan gup-gup atir hidi keladi. Uyqusida ham iljayadi. Har baloni biladigan brigadir boshini sarak-sarak qilib, qoyil qolganini yashirolmadi:
— Tamom! Boladan ayrilibmiz!

Uning aytgani keldi. Kechalari Inomjon alla-pallagacha yoʻq boʻlib ketadigan, komendantning ensasini qotirib, qoq yarim kechada shimiga dazmol bosadigan qiliq chiqazdi. Uning bu harakatlari yigitlarga malol kelsa ham, Moʻttining mehrini tortgan undagi allaqanday mehrigiyoga tan berishgan edi.

Bir kuni brigada smenadan chiqib kelayotganda Inomjon ulardan sugʻurilib strelkachi qiz Moʻttixonning oldida qoldi.

Olifta Moʻttixonning fasonlari yer yuzida qolgan. Qorakuyaga belanib ketgan boʻlsa ham, bari bir ayollik hissi gʻolib kelib, bir stakan suvga ikkita atirgulni solib qoʻyibdi. Tuyaning koʻzidek oynachaga qarab hadeb sochini tuzatar, labiga hafsala bilan pomada surardi.

Birinchi smena ishni tugatib, yerga chiqib ketgan, ikkinchi smena hali tushmagan. Yer tagida ulardan boshqa odam bolasi yoʻq edi.

Qora yerning qa’rida shamol guvillaydi. Yer qatlami siljib shitirlaydi. Yoʻgʻon tirgovichlar qisirlab sinadi. Yuqoridan silqib kelayotgan suvlar chak-chak tomadi.

Qorakuyaga belangan ikki oshiq-ma’shuq hech narsani sezmaydi.

Qora tunnellardagi chiroqlar ularga bahor osmonining chaqnagan yulduzlari, tomayotgan suvlari savr oyining jalasi, tirgovichlarning qasirlashi koʻklam momaqaldiroqlari boʻlib tuyuladi.

Tepada bosib yotgan necha yuz ming tonnali yer qatlamini muhabbatning azamat yelkasi koʻtarib turgandek edi.

1961