OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiOʻn sakkiz yoshing (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/04
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻn sakkiz yoshing (hikoya)
Said Ahmad

«
Ne ajab, chun sarvinozim oʻn sakiz yoshindadir.
Oʻn sakiz ming olam oshubi agar boshindadir

Alisher Navoiy
»

Oʻn sakkizga kirgan odamning koʻziga olam jilva qiladi. Kamalakning yetti rangidan yetmish ming rang yasaydi. Echkining yoqimsiz ma’rashi ham qulogʻiga bul-bul navosi boʻlib kiradi. Yulduzlarga qoʻli yetadi, tubsiz ummonlar tizzasidan keladi.

Oʻn sakkizga kirmabsiz, dunyoga kelmabsiz!

Mana, oʻn sakkizga kirganlardan biri kattakon terak tagida xayolchan turibdi. U hali shu yoshga yetib ogʻziga ichkilik degan narsani olmagan. Ammo qip-qizil mast. Ovozi doʻrillaydi, husnbuzar toshgan yuzlarida bir chiroyli xayol izlari bor. Mana shu bolaning oʻn sakkizga kirganiga bugun roppa-rosa toʻrt oy boʻldi. Shu yoshga kirdi-yu, shunaqa xayolchan, boʻlar-boʻlmasga xoʻrsinadigan, kechasi oyga qarab oʻzicha she’r toʻqiydigan boʻlib qoldi.

Keksalar! Siz ham shu yoshingizni eslang!

Qishda sarimsoq piyoz yegan odamning ogʻzidan koʻklam jalasi quyib oʻtgan terakzorning isi keladi. Siz ham bolaligingizni eslasangiz unutilgan muhabbat yana tugʻyonga keladi. Mana shu xoʻrsinib turgan, yuziga husnbuzar toshgan yigit sizsiz, shu sizning oʻn sakkiz yoshingiz.

Yigitcha xoʻrsinib turgan koʻchaning bu koʻchaning bu betida baland imorat bor. Ikkinchi qavatning balkonida yaqinda oʻn sakkizga kirgan bir qiz kaftini iyagiga tirab oʻtiribdi. Oʻzi uncha chiroyli emas, ammo oʻn sakkizga kirgan qizning xunugi boʻlmaydi, buni bilasiz. Bechora qiz kelin ayasining pardoz qutisini titkilab yoʻlakda yuziga upa surayotganida akasi kelib qolib bir tarsaki yeganidan, yonidan bir juft kino bileti chiqib qolib gap topib berolmay dovdiraganidan uning necha yoshga kirganini bilib turgandirsiz. Bunaqa ish oʻn sakkizga kirgan qiz bolaning qoʻlidan keladi.

E, ayajonlar! Koʻchadan kuyovnavkar oʻtsa qavib turgan koʻrpangizni supada qoldirib devordan qaraydigan, buvijonlar, ha, nima, oʻn sakkizga kirmay hatlab oʻtib ketmagandirsiz. Kulmang, oʻzlaringiz ham xuddi shunaqa boʻlgansiz. yigʻlagansiz, kulgansiz, xoʻrsingansiz, doʻrillagan ovoz eshitganingizda yuragingizda ot oʻynagan.

Yoʻl oʻrtasida ezmalanib gaplashib kelayotgan ikki keksa oʻtib ketgandan keyin, yigit jadal yurib balkon tagiga keldi. Uning sharpasini sezgan qiz barmogʻini lablari ustiga koʻndalang qoʻyib qoshlarini kerdi-da, chiroqni oʻchirib gʻoyib boʻldi. Zum oʻtmay, u yigit oldida paydo boʻldi. Hamma yoqni atir hidi tutib ketdi.

Ikkovi indashmay yoʻl yoqalab ketaverishdi. Anhor tomonga burilishayotganda qiz majnuntolning osilib yotgan novdasidan barglarni qisimida sidirib oldi-da, yigitning ustidan sochib yubordi. Yigit undan qasdini olmoqchi boʻlib intilgan edi, qochdi. Koʻprikka yetmay yigit uni tutib, bagʻriga bosib, oʻpib-oʻpib oldi. Qiz uning quchogʻidan yulqinib chiqib, katta xarsangga oʻtirib qoldi.
— Shunaqasan-da, Anvar,— dedi qiz undan oʻpkalagandek kulib.

Anvar unga yaqin kelishga yuragi dov bermay sal nariroqda xansirab turardi.
— Boʻldi, endi — dedi qiz jiddiy ohangda. —Endi nima qilamiz. Juda boshim qotdi-ku. Aytdim-ku, sen bilan mendan kinoartisti chiqmaydi, deb.

Anvar qoʻl siltadi.
— Koʻrisholmaydi, rejissyorining gapini qara, ilm kerak, deydi. Nima oʻninchini bekorga bitirib qoʻyibmizmi? Rolni bersinu oʻynaganimizni tomosha qilaversin. Mayli, kimligimni ularga koʻrsatib qoʻyaman. Qurilishga boraman. Sen nima qilasan? Senga nima, sendan artist chiqadi. Sal kunda xizmat koʻrsatgan artist Umidaxonim Boltaeva boʻlib ketasan.

Umida sharaqlab kulib yubordi.
— E, omon boʻl-e, boʻlmadi. Arizamning ustiga boʻlmaydi, degan rezolyutsiya qoʻyib qaytib berishdi. Xayr, alvido kino ekrani! Toʻqimachilik kombinatiga ishga kiraman. Oʻsha yerda havaskorlar toʻgaragidan oʻsib chiqaman.

Ular goh kuyinib, goh kulishib ancha paytgacha anhor yoqalab aylanib yurishdi.

Anvar bilan Umida bir partada oʻn yil yonma-yon oʻtirib oʻqishdi. Shu oʻn yil ichida ozmuncha xayol surishmadi. Anvar kuniga bir kasb tanlardi, Goh uchuvchi, goh mashhur artist, goh diplomat boʻlib dunyo kezardi. Mana bugun hammasi chippaka chiqdi ketdi. Umida boʻlsa qaysi jurnalda kinoartistlarning surati chiqsa qirqib olar, hind qizlariga oʻxshayman, deb ikki qoshining oʻrtasiga xol qoʻyib, kapron sharfga piston qadab kunora suratga tushardi. Uni ham kinoga olishmadi.

Beqaror, beqoʻnim yoshlik ularni ne koʻylarga solmadi.

Bu kecha ham ularning maslahati pishmadi. Ertaga yana shu yerda uchrashishga ahd qilib ajralishdi. Yana oʻsha koʻcha betidagi balkonning chirogʻi yondi. Yana oʻsha xayolchan oʻtirish...

Anvar boʻlsa mast odamdek kalovlab sanqib uyiga qaytdi. Oʻrniga yotib koʻzi ilinmadi. Umidaning yuzi ekranda kattakon boʻlib koʻrinaverdi, U goʻyo bu yoqqa kel, deb uni ekranga chaqirayotganga oʻxshayverdi. Oxiri xayoli tushga ulanib ketdi.

Ikkovi oʻynagan rangli kino qoʻyilayotgan emish. Zalda oʻtirganlar bir ekrandagi Anvarga, bir zalda oʻtirgan Anvarga qarab qanday baxtli odam ekan-a, deyishayotgan emish. Kino tugagandan keyin ularning har ikkovini ham tomoshabinlar oʻrab olib chapak chalisharmish. Bir tomoshabin xuddi uning qulogʻi tagida juda ham qattiq chapak chalar emish. Anvar uygʻonib ketib qarasa, u yotgan karavotning bosh tomoniga qoʻnib olgan xoʻroz qanot qoqib endi qichqiraman, deb turgan ekan.

Anvar tushni boʻlgan xoʻrozning oyogʻidan ushlab uloqtirdi. Baribir xoʻroz ariq labida turib uni masxara qilgandek yana qichqirib yubordi.

Toʻkilgan olmalarni terib yurgan ichkuyov pochchasi piching qildi:
— Yotaverasizmi, xalq artisti. Boshingizga oftob kelib qoldi-ku, ishlar nima boʻldi? Qabul qilishmaganga oʻxshaydi. Yaxshisi, yuring men bilan, ekspeditsiyaga olib ketay. Ikki yil mening partiyamda ishlab, keyin institutga kirasiz.

Anvar pochchasining ishini yomon koʻrardi. Shu ham ish boʻldimi, choʻlu biyobonlarda tuproq kovlab, eski imoratlarning qoldigʻini topish. Bu ishda qahramon boʻlish qiyin. Boʻlsa pochchasi boʻlardi. Ming yil oldingi tangalarni, koʻzachalarni topgan. Nimasi qiziq! Kosmonavt boʻlsa boshqa gap. Bir marta osmonga chiqib orbitani aylansa boʻldi, yerga tushishi bilan Oltin Yulduz tayyor. Ammo kosmonavt boʻlish uchun matematikani, fizikani yaxshi bilish kerak. Anvar har ikkalasidan ham zoʻrgʻa uchga ilingan. Undan tashqari, Anvarning boʻyi uzun, novcha. Kabinaga sigʻmaydi, siqqanda ham ikki bukilib oʻtirish kerak.

Bola bechora ming xyl oʻylar bilan tentib qurilish maydoniga kelib qolibdi. Hamma yoq chang, shovqin. Samosvallar u yoqdan-bu yoqqa vagʻillab oʻtib turibdi. Sharaqlatib shagʻal toʻkadi, qaerdadir qaldirab beton qoradigan mashina aylanadi. Birpasdayoq Anvarning boshi aylanib ketdi. Kimdir: «Qoch, e, bola», dedi. Anvar oʻgirilib qarasa, tsement devorni xartumida koʻtarayotgan bahaybat kranning tagiga kelib qolgan ekan. U chetga chiqib kran boshqarayotgan kishining harakatlarini kuzatib turdi. Kran xartumi devorni havolatib oborib uchinchi qavat tomining qirgʻogʻiga qoʻndirdi. Devor qoʻngan joyda elektr payvandlari chaqnadi. Anvar angrayganicha turib qoldi. Kranchi Anvarga qarab nimadir dedi. Anvar u nima deyotganini tushunmadi. U ikki barmogʻini labiga qoʻyib nafasini ichiga tortib koʻrsatdi-da, nimanidir unga irgʻitdi. Keyin u doʻng orqasidagi avtolavkani koʻrsatdi. Anvar u tashlagan narsani olib qarasa «Belomor»ning pachkasiga oʻrab tashlangan pul ekan. Anvar darrov tushundi-yu, papiros olgani doʻkonga qarab chopdi. U qaytib kelganda kranchi yana bitta devorni qoʻndirib boʻlgan ekan. Anvar unga papirosni koʻrsatgan edi, u bu yoqqa chiq, deb imladi. Anvar shoshib temir pillapoyalarga tarmashib chiqa boshladi.

Kran pastdan uncha baland koʻrinmagan edi. U to kranchining oldiga chiqqunicha naq qora terga botib ketdi. Birdan muzdek shamol esib uning bahri-dilini ochib yubordi. Papirosni egasiga berib atrofga qaradi. Hamma yoq koʻrinib turibdi. Shahar chetidagi imoratlar xuddi tuman orasidan koʻrinayotganga oʻxshaydi. Hamma yoq imorat, imorat. Uzoqda koʻm-koʻk daraxtlar orqasidan Komsomol koʻli oynadek boʻlib yaltirab turibdi. Kranning qoq belida Anvarning shundoq takkinasida bir gala kaptar pildirab uchadi.

Kranchi papirosni oʻt oldirib bir-ikki marta toʻyib-toʻyib tortdi-da, Anvarga qaradi.
— Rahmat, akasi, zap ish qilding-da, juda xumor boʻlib turgap edim.

Anvar unga ma’noli iljayib qoʻydi.
— Oʻqiysanmi, ishlaysanmi? — dedi kranchi pastga, xartum ilgagiga tsement qorishmasi solingan temir tosni ilayotganlardan koʻz uzmay.
— Ishlamayman ham, oʻqimayman ham. Oʻqishni bitirdim, endi ishlamoqchiman.
— Menga shogird tushmaysanmi?—dedi u qorishmani toʻrtinchi qavati bitmagan bino tepasidan aylantirib oʻtib yangi poydevor qoʻyayotganlarning oldiga tushirarkan.

Anvar nima deyishni bilmay oʻylanib qoldi,
— Yo kosmonavt boʻlmoqchimisan? Hozir hamma yoshlar kosmonavt boʻlishni moʻljallashyapti. Ke, sen bilan biz oʻsha kosmonavtlarga uy quraylik, nima deysan!

Anvar mundoq qarasa kranchilik ham gʻalati ishga oʻxshaydi. Birdan unda kranchi boʻlish orzusi tugʻildi. Yoshlik shunaqa boʻladi. To bir kasbning boshini tutguncha oʻzini u yoqdan-bu yoqqa uraveradi. Oʻn sakkiz yosh ana shu beqarorlikning marrasi — oxiri boʻladi.
— Rost aytyapman, shogird tushsang, sal kunda kranchi qilib qoʻyaman. Mana shu kran ikkovimizniki boʻladi. Bilasanmi, bu kran bilan respublikani aylanib chiqqanman. Bu yogʻiga ikkovimiz ishlaymiz. Qarab tursam yaxshi bolaga oʻxshaysan. Xoʻsh, nima deysan?

Anvar «boʻpti» deb yuborganini bilmay qoldi. Tamom! Anvarning bolaligi bitdi!
— Hali obedda kontoraga birga boramiz, oʻsha yerda ishni bitkazamiz. Hozir uyingga borib hujjatlaringni olib kel. Ana, endi menga xalaqit berma. Texnika xavfsizligining inspektori koʻrib qolsa boshim baloga qoladi.

Anvar pildiraganicha pastga tushib ketdi.

Yana oʻsha anhor boʻyi.

Yana oʻsha sichqon teshgan elakdek oy. Yudduzlar kuygan qozon tagidek jimir-jimir qilib turishibdi. Anhor shaloplab qirgʻoqqa sapchiydi. Oy aksini maydalab oqizib ketmoqchi, majnuntol novdalariga osilib bir dam toʻxtamoqchi boʻladi-yu, eplolmaydi. Harsang tosh ustida oyogʻini suvga botirib Umida oʻtiribdi. Anvar hovliqib-hovliqib gapiradi.
— Bilasanmi, bilasanmi, dunyoda kranchilikdek qoyil ish yoʻq. Shundoq tepasiga chiqib qarasang dunyoning narigi chekkasi ham koʻrinadi. Men oʻsha yerdan turib sizlarning tomlaringizni koʻrdim. Koʻllar, bogʻlar, imoratlar... Bitta samolyot xuddi-xuddi oyogʻimning tagidan oʻtib ketdi.

Umida koʻzlarini katta-katta ochib unga qarab turibdi. Choy qogʻozini burdalab tashlagandek oy tangalari suv betida milt-milt oqadi. Katta koʻprik ustidan oʻtayotgan mashina chiroqlarining aksi xuddi suvga bir shoʻngʻib olgandek narigi qirgʻoqqa yetmay soʻnadi.

Qiz yigitning gaplariga chidamay ketdi.
— Kombinatga borganmisan, oʻzing. Kombinatning qanaqaligini bilasanmi, oʻzing. Voy boʻ... Men tengi qiz bir yuz oʻn ikkita dastgohni yurityapti. Qirq ming odam ishlaydi. Kranni gapirasan-a. Kraning nima boʻpti, bu dastgohlarning oldida. Kombinatda bir yilda chiqadigan matoni yer shariga oʻrasang yerning ochiq joyi qolmaydi. Kranlaringu, jamiki qurilishlaringni oʻrab tashlaydi.

Anvar ham boʻsh kelmadi. U kranchini maqtayverib oxiri gap topolmay qoldi. Ammo Umida kombinatda koʻrganlarini gapirib tugatolmasdi.

Anvar mundoq qarasa, Umida labiga qizil surtganga oʻxshaydi. Tikilib koʻrsa rost.
— Bu nima, yapgi kalishning ichidek qip-qizil qilib.

Umida piq etib kulib yubordi. Uning bu kulgisida? Sen uchun, sen uchun tentak, degan ma’no barq urib turardi.

Shu kecha ularning xayoliga kinoartist boʻlish degan gap kelmadi. Har ikkovi ham yangidan tanlagan kasblarini tildan qoʻymasdilar.

Oʻn sakkiz yosh shunaqa boʻladi. Goʻdaklik xayollari yaratgan orzularini tumandek tarqatib, yangi orzular yaratadi. Yaratadi-yu, uni haqiqatga aylantiradi.

Ajab emas, endi bu ikki oʻsmir kinoekranlarida artist boʻlib emas, artistlar bular boʻlib koʻrinsa.

Oʻn sakkizga kirmabsiz, dunyoga kelmabsiz!