OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Oʻrik domla (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiOʻrik domla (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻrik domla (hikoya)
Said Ahmad

Men bu odam haqida birinchi marta Yozyovon choʻlining qoq oʻrtasida, Choʻl burgutining chaylasida eshitgan edim.

Choʻl burguti yangi ochilgan qoʻrikdan yigirma besh gektar yerni bogʻ uchun ajratib qoʻyganini va bu yerni obod qilish uchun rayispolkomning alohida qarori bilan Oʻrik domlaning oʻzi kelayotganini aytgan edi.

Ajab! Bu Oʻrik domlasi kim boʻldi? Burgutdan bu odam haqida soʻramoqchi boʻlib turgan edim. Yogʻoch polvon gap boshlab qoldi:
— Kelmaydi. Shundoq bogʻini tashlab kelarmidi. Bogʻiga kirganmisan? Yo tavba, bir odamning qoʻlidan shuncha ish kelishiga aqling bovar qilmaydi.
— Keladi!— dedi ishonch bilan Burgut. — Bogʻi torlik qilib qolgan, yangi koʻchatga joy qolmapti. Choʻlga koʻz tikib yurgan emish.

Yogʻoch polvon yoyilib kuldi:
— Chol tushmagur ham bizga oʻxshab qariganda choʻl «jinnisi» boʻpti-da.

Oʻrik domlaga qiziqib qoldim. Bu odam haqida uncha-munchani bilib olmoqchi boʻlib, chaylada ikkovimiz qolganimizda Burgutdan surishtirdim.
— Ajoyib odam. Oʻzi oʻlgudek ezma. Tajanglikda tengi yoʻq, oʻrikdan boshqa gapni bilmaydi. Toʻy-poʻyga borib qolsa, ashula eshitayotganlarning ensasini qotirib, oʻrikdan gap boshlaydi. Asli otini haligacha hech kim aniq bilmaydi. Ammo Oʻrik domla desang, boʻldi, kattadan-kichik taniydi! Joni dili oʻrik. Rayondagi kolxozlarning bogʻida hozir shigʻil meva berib turgan oʻriklar shu domlaning koʻchatidan boʻladi. Odamlar Kavkazga dam olgani borishsa, Oʻrik domla danak yiqqani boradi. Bogʻida dunyodagi oʻrik navining hammasidan koʻchat bor, deyishadi. Oblastdan kimki chet elga boradigan boʻlsa, hamma ishini yigʻishtirib qoʻyib, uni vokzalgacha chamadonini koʻtarib kuzatib qoʻyadi. Danak olib kelishni tayinlaydi.

Burgut hikoyasi shu yerga kelganda tizzasiga urib, qotib-qotib kula boshladi.
— Nega kulyapsiz, bir gap boʻldimi? — dedim uning bemavrid kulgisidan ajablanib.
— Bir voqea esimga tushib ketdi. Kelini bilan urishib qolgani ham shu oʻrik xususidan-da! Oʻtgan yili katta toʻy qilib, oʻgʻlini uylantirgan edi. Toʻy ham juda antiqa boʻlgan. Avji oʻrik pishigʻi edi. Toʻyga kelgan xotinlar nima boʻlsa ham domlaning koʻzini shamgʻalat qilib, oʻrigidan bir-ikkita uzib yeyishni niyat qilib qoʻyishgan ekan. Domla peshonasiga zambarakning ogʻzini toʻgʻrilab bursang ham, oʻrikka qoʻl tegizdirmaydigan xilidan. Tajriba oʻrik-da, axir! Domla nima qilibdi deng: qoʻrgʻonchadan boqqa kiradigan eshik oldiga ikki obdasta suv, eshik halqasiga uchta toʻn bilan salla ilib qoʻyibdi. Bechora xotin-xalaj, qariyalar tahorat olgani kirib ketishgan ekan, deb boqqa yaqin kelisha olmabdi. Kallasi ishlaganini qarang bu domlasi tushmagurning! Qoyilman. Malades!

Burgut yana kula boshladi. Domlaning kelini bilan orasi buzilganining sababini bilolmaganim uchun yana soʻradim:
— Kelini bilan nega urishib qolgan edi?
— Ha, aytgancha, hali aytdim-ku, domla chet elga kim borsa, danak olib kel, deb tayinlashini. Sayohatchilar uning yuzidan oʻtolmay, oʻshoqlarda oʻrik yesalar, danagini tashlamay olib kelaverishibdi. Domla shunday qilib bir xalta danak yiqqan edi. Kelin bechora uning «danak jinnisi»ligini bilmay, domla yoʻgʻida shu bir xalta danakni chaqib yeb qoʻyibdi. Boshqorongʻi ekan-da, bechora. Domla koʻchadan kelsa bir hovli danak poʻchogʻi yotgan emish. Koʻribdi-yu, tutqanogʻi tutib qopti. Hushiga kelib, butun hovlini boshiga koʻtarib dod solibdi. Qoʻni-qoʻshnilar yigʻilibdi. Uning fe’lini bilganlar lom-mim deb ogʻiz ochisholmabdi. Kelinning rangi quv oqarib ketgan, dagʻ-dagʻ titrar emish. Keyin domla oʻgʻliga oʻdagʻaylabdi:
— Bu uyda yo men turaman, yo xotining turadi! Albatta yangi kuyov bir nima deyolmay til chaynab, anqayib turaveribdi.

Bu gap kelinning hamiyatiga tegib, kiyim-boshini tugib otasinikiga ketib qopti.

Burgut yana boshini sarak-sarak qilib kuldi.
— Shunaqa. Domla oʻrik deganda hatto otasini ham ayamaydi...

Keyingi Yozyovon safarimda Choʻl burgutidan Oʻrik domlani surishtirdim.
— Qalay, domla choʻlga keldilarmi?
— Keldi, — dedi Burgut kulib, — yuring, sizni domla bilan tanishtirib qoʻyay.

Ikkovlashib bogʻ uchun ajratilgan qoʻriqqa qarab ketdik. Havo bulutli boʻlsa ham, choʻl ustidan iliq shamol esardi. Kaftdek tekis yerlarda qor koʻrinmas, faqat har yer-har yerda yigʻilib qolgan koʻlmak suvlar xuddi osmondek kul rang tusga kirgan, esayotgan shamolda ularning beti jimirlab, qoʻrgʻoshindek ojiz yiltirab qoʻyardi.

Shoxlari yalangʻochlanib qolgan buta ostidan ikkita qirgʻovul patillab koʻtarildi-yu, sal nariroqqa borib tushdi.
— Eh, qoʻshtigʻ boʻlmadi-da... Rosa semiz ekan, uzoqqa ucholmadi-ku.

Bir oz jim bordik.
— Domla yoniga Toʻpponcha polvon bilan Yogʻoch polvonni olib, bir kechadayoq bogʻidagi yangi yosh koʻchatlarni kovlab, ikki gruzovoyda choʻlga olib keldi. Hozir bolalar havoning gʻanimatida olatasir koʻchat oʻtkazishyapti. Hozir choʻlga domlaning ishqi tushib qolgan. Kelganidan beri rayonga ikki marta tushdi, xolos. Oʻzi ham bogʻmisan-bogʻ boʻladiganga oʻxshaydi, — dedi Burgut yana.

Doʻng oshganimizdan keyin bundan uch oy avval koʻrganimda kanavokopatel ariq qaziyotgan joyda qator oʻtqazilgan nihollarga koʻzim tushdi. Uch-toʻrt odam bir joyga gʻuj boʻlib, nimadir qilayotgan edi. Qadamni tezlatib, ularning oldiga bordik. Yogʻoch polvon bilan Toʻpponcha polvon yosh nihollar tanasiga ohak surtishayotgan ekan.
— Domla qanilar? — dedi Burgut.
— Hozir kelib qoladilar, — deb javob berdi Yogʻoch polvon, aftini burushtirib, qaddini rostlar ekan.

Yogʻoch polvonga endi sal-pal jir bitib qopti. Toʻpponcha polvon esa hali ham oʻshandek chaqqon, sermulozimat. Chiroyli koʻzlari porlab turibdi.
— Bu jinqarcha koʻchatlarni ohaklayman deb belim qotib ketdi. Manovi pakar engashmay tik turib oqlasa, men ikki bukilib oqlayapman!

Darhaqiqat, bu uzun boʻyli yigitga hadeb engashaverish oson tushmas edi. Toʻpponcha polvon piching qildi:
— Hozir menga maza-yu, senga azob, oʻrik pishganda senga maza-yu, menga qiyin boʻladi. Negaki, sen tikka turib uzaverasan, men boʻlsam tagimga toʻnka qoʻyib choʻzilaman.
— Senga bu domla hali-beri oʻrik uzdirib qoʻya qolmas-ov, nima deysan, Burgut?

Burgut uning gapiga kulib qoʻya qoldi. Choʻqqi soqol, boshiga pati toʻzib ketgan surma rang doʻppi kiygan koʻzoynakli, oltmish yoshlardagi chol velosiped minib kelib qoldi. U, u yoq-bu yoqqa qaramay, salom-alikni ham unutib, Burgutga bir qogʻoz uzatdi.
— Telegrammaga javob. Shreder stantsiyasidan uch yuz tup koʻchat oladigan boʻldik. Raisga aytsangiz: ikkita gruzovoy bersa, ertaga Toshkentga ketaman. Mirzachoʻldagi tajriba stantsiyasidagi agronom Eshonxonov bilan birga oʻstirgan koʻchatlarimiz bor. Qaytishda ola kelaman. Qalay, ma’qulmi?

Chol gapini tugatib boʻlgandan keyingina biz bilan koʻrishdi. Koʻrishdi-yu, yana oʻz gapi bilan ovora boʻlib ketdi:
— Havo rosa boʻlib berdi. Koʻchat hozir mast uyquda. Koʻchatni uyqusida bosgan yutadi. Ertalab Rishtondan ellikta koʻchat keladi. Agar Toshkentga ketib qolsam, Burgut bolam, oʻzingiz bosh boʻlib, anovi radga ektirasiz-da!

Oʻrik domla yonginasida turgan koʻchatning uzun bir novdasini egib, gulqaychi bilan kesayotganda, Burgut qulogʻimga shivirladi:
— Boʻldi endi, oʻrikdan boshqa gap yoʻq. Suv ichmay ikki soat gapiradi.

Darhaqiqat, Oʻrik domla oʻrikdan gapirib kunni kech qilsa-ya! Qantak oʻrikning vatani asli Rishton boʻlib, Konibodomga keyinchalik borib qolgani, oq oʻrikning Rishtondan koʻra, Andijonda yaxshi hosil berishi, «poshshoyi»ning turshagidan qilingan sharbatni bahorda ichilsa, medani tozalashi, xashaki oʻrikning qoqisini molga qaynatib ichirilsa — qoʻtir boʻlmasligi, «kal yoʻldosh»dan solingan bargakni oltingugurtning tutuniga dimlansa — xuddi tillaga oʻxshab sap-sariq boʻlishini rosa tushuntirib ketdi.

Uning gaplari meni aslo zeriktirmas edi. Oʻz hunariga butun umrini bagʻishlagan bu qariya yetuk bir olim boʻlib tuyulardi. Axir, u oltmish yillik umrida xasislik bilan koʻkartirgan qanchadan-qancha koʻchatlari butun-bir vodiyning sanoqsiz bogʻlarida yashnab turganini oʻylaganim sari unga havasim kelar, yuragimda chuqur hurmat tuygʻulari qoʻzgʻalardi.

Kech kirib atrofni qorongʻi bosdi. Uzoqda, yangi posyolkada chiroqlar miltiradi. Toʻrtovlon orqaga qaytdik.
— Domla, — dedi Burgut yoʻlning yarmiga yetganimizda, — Toshkentga ketmasingizdan avval qudangiznikiga borib, kelinni koʻrib ketsangiz boʻlardi.

Chol nimadir deb toʻngʻilladi. Choʻl shamoli uning ovo-zini orqa tomonga olib ketdi. Yana ozroq yoʻl yurdik.
— Bir xalta danak-a, Hindistondan, Afgʻonu Arabistondan, Qashqaru Kashmirdan kelgan danaklar edi-ya. E, attang!
— Boʻlar ish boʻldi, domla, endi yarashib qoʻya qoling. Kechiring uni, bilmasdan qilgan-da.
— Sira kechirmayman. Bir xalta danak eng kamida ikki yuz tup koʻchat boʻlar edi. Qanaqaligini ham bilolmay qoldim.

Chol endi boshqa gapirmadi. To qishloqqa yetib kelgunimizcha undan sado chiqmadi. Kelini yeb qoʻygan danagi yuragini yana ezib yubordi shekilli, «steptorg»ning avtolavkasi oldida biz bilan xayrlashar ekan, boʻshashib qoʻl uzatdi. Doʻkondan tushib turgan chiroq shu’lasida uning yuzlari xuddi gʻijimlanib, oʻzi birdan qarib qolgandek koʻrindi.
— Koʻrdingizmi oʻjarligini, — dedi Burgut, uyga kirganimizda. — Danak voqeasi juda yomon ta’sir qilgan, qachon ezmalik qilib gapni gapga qovushtirmasa, atayin danakdan gap ochib qoʻyaman. Dami ichiga tushib ketadi. Hozir dunyoda bitta dushmani shu kelini, koʻrarga koʻzi yoʻq.

Biz Burgut ikkovimiz alla-palagacha uxlamay, choʻl haqida, choʻlni oʻzlashtirayotganlar haqida gaplashib yotdik. Boya domla oʻrik haqida qanday toʻlib toshib gapirgan boʻlsa, Burgut ham qulfi dili ochilib, choʻl haqida xuddi shunday miriqib gapira ketdi. U shunday yayrab gapirar ediki, yetuk bir shoir ham choʻlni unchalik ta’riflay olmas edi.
— Bilasizmi, mehmon, yoz kechalari uydan daydib chiqib ketaman. Osmon toʻla yulduz, oy choʻl ustiga kelganda pastlab oʻtadi, yo menga shunaqa tuyuladimi, yo rostdan ham oʻzi shunaqami, bilmadim. Tunda turna uchganini koʻrganmisiz? Men juda koʻp koʻrganman. Juda gashtli boʻladi. Xuddi qoʻy haydagan podachiga oʻxshab «qure-qure» deb osmoni zamindan oʻtaveradi. Ayniqsa, oydin kechasidagining gashti juda boshqacha boʻladi. Sinkaga solingan oq doka orqasidan uchib oʻtayotganga oʻxshardi. Shamol qish-loq tomondan gʻalati islar olib keladi. Qoʻying-chi, choʻlda yoz kechasi chalqancha yotib uxlamagan odam, bu gaplarning ma’nosiga yetmaydi.

Burgut yaxshi bir qoʻshiq eshitayotgandek tez-tez koʻzini yumib, past ovoz bilan gapirardi.
— Hay mayli, uxlaylik endi, mehmon.

Burgut endigina koʻrpaga burkangan ham ediki, koʻcha tomondagi derazani birov chertdi.
— Burgut bolam, men! Toʻpponchaga ayt, otni bersin, Qishloqqa tushib chiqaman.

Burgut shoshib kiyinib chiqib ketdi. Oʻn-oʻn besh minutlardan keyin qaytib keldi. U uyquli koʻzlarini ishqalab hadeb kular edi.
— Oʻrik domlaning kelini oʻgʻil koʻripti. Ogʻzining tanobi qochgan. Bir joyda turolmaydi. Hiring-hiring kuladi. Ot olib berdim, qishloqqa ketdi. Boya kelinini koʻrgani koʻzi yoʻq edi, ha, farzand ekan-da! Tugʻruqxonadan chiqishi bilan choʻlga koʻchirib kelaman, deydi. Hali koʻrarsiz, nevara toʻyi qilib beradi. Pul koʻp bu cholda. Toshkentda oʻrik xususida mana bundoq katta kitobi chiqqan. Ha, aytgancha, kinoni koʻrdingizmi? Qiztaloq kinochilar xuddi oʻzimni opti-qoʻyipti-ya. Qurultoyda qoʻyib berishdi. Mirzachoʻldagi Gʻanisherni ham olishgan ekan.

Delegatlar ikkovimizga ham «eriysanlar» deb turib olishdi. Mehmonxonada ziyofat qilib berdik. Gʻanisher bilan urishtirib ichdim. Ikkovimiz oʻsha yerda qoʻl olishdik. Nima deysiz mehmon, Gʻanisher zoʻr-a?!
— Siz ham chakki emassiz, — dedim. — Axir, sizni kimsan Choʻl burguti deyishadi-ya!
— Men Choʻl burguti boʻlsam, Gʻanisher Mirzachoʻlning sheri. — Sher bilan burgutning tashlashgani qiziq boʻladi.

Burgut kula-kula chiroqni oʻchirib, koʻrpaga kirdi. Uyqum qochdi. Koʻzimga choʻl oʻrtasida otini yeldirib ketayotgan Oʻrik domla koʻrinib ketdi. Nazarimda, u bulutlar orasida goh yonib, goh oʻchib turgan yulduzlarga, otining yolini siypab oʻynayotgan choʻl shamollariga ham oʻrik haqida gapirib borayotgandek, atrofida yastanib yotgan tekis choʻlga oʻrik koʻchatlarini bir tekis tikib ketayotgandek, yangi tugʻilgan nevarasiga savatda oʻrik olib borayotgandek edi.

Choʻllarda boshlangan yangi hayot va yangi odamlarning qissasini yozib tugatib boʻlarmidi!

Bu qissaning ham hali davomi bor.

1959