OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiOdam va boʻron (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Odam va boʻron (hikoya)
Said Ahmad

Kunduzi havo juda yaxshi edi. Kechasi bunaqa boʻron boʻlishini kim bilibdi? Moʻylov, Besardan yukimni olib kelaman, deb mashina soʻraganda oftob charaqlab turgan edi-ya! Oʻshanda mashina berib chakki qilgan ekan. Haligacha koʻchada motor gurillamaydi. Qaytmabdi-da!

Qoʻziboy u yonboshidan-bu yonboshiga agʻdariladi.

Tashqarida boʻron quturgan. Darvoza toʻgʻrisidagi sim-yogʻochda yonib turgan elektr chirogʻi lapanglab, hali barg yozmagan nihollarning soyasini yerdan olib devorga uradi, devordan olib yerga uradi. Simyogʻochning soyasini boʻlsa oʻz atrofida chir aylantiradi. Boʻron har xuruj qilganda derazaga shitirlatib qum sochadi. Choʻyan qopqogʻi ochiq qolgan pechka goh boʻriga oʻxshab uvillaydi, goh mushukka oʻxshab miyovlaydi. Qoʻziboy uygʻoq. Tashqariga quloq solib, koʻrpani yelkasiga tortganicha qimirlamay oʻtiribdi. Qaerdadir jaranglab deraza oynasi sindi. Kimningdir eshigi qarsillab ochilib yopildi. Allaqaysi tomdan shifer koʻchib, taraqlab yerga tushdi. Qoʻziboy oʻtirgan yerida timirskilanib, shimining choʻntagidan papiros oldi. Xotinini uygʻotib yubormaslik uchun gugurtni hovuchining orasiga olib chakdi. Zaif shu’la panjalarini xuddi qizil boʻyoqqa botirib olgandek yoritdi. Xotini Kokila uygʻoq, qorongʻida nurli chizikdek nari borib, beri kelib turgan papiros choʻgʻiga qarab jimgina yotar edi.
— E, uxlamadingmi? Qoʻrqyapsanmi? Qoʻrqma! Boʻronni endi koʻryapsanmi!

Xotini indamadi.
— Boʻron quturishga quturdi. Shunaqa paytda toʻrtta ulfat boʻlib norin toʻgʻrab oʻtirsang, rosa gashtli boʻladi-da, xotin.

Kokila eri bu gapni uni alahsitish uchun aytayotganini bilib turardi. Boʻlmasa, qum quturgan paytda kim ulfatchilik qilibdi-yu, kim norin toʻgʻrabdi? Erining odatini bilganidan indamay qoʻya qoldi. Er-xotin ancha vaqtgacha jim qolishdi. Oxiri xotini chidamadi:
— Meni ovutmay qoʻya qoling, sirayam qoʻrqayotganim yoʻq. Qoʻrqsam, yangi kelgan paytlarimda, yolgʻiz oʻzimni biy dalaga tashlab, rayonga seminarga ketgan paytlaringizda qoʻrqardim.
— Boʻlmasa nimaga uxlamaysan?
— Oʻzingiz-chi?
— Mening yoʻrigʻim boshqa, — dedi Qoʻziboy yana papiros tutatib, — boshimda shuncha ish... Saksondan oshiq uyni qaqqaytirib qoʻydik. Endi yigirma beshtasiga odam keldi. Paxtani ikkovimiz ekib, ikkovimiz teramizmi? Shularni oʻylab uyqum kelmayapti, xotin.

Xotin erini yupatmoqchi boʻlib, yelkasini uning yelkasiga ishqadi.
— Judayam tashvish qilavermang. Odam keladi. Shu bugunning oʻzida olti xonadon koʻchib keldi. Ertagayam, indingayam keladi. Hali qarab turing, qurgan uylaringizga odam sigʻmay ketadi.
— Buni sendan yaxshi bilaman. Keladigan boʻlsa avji ekish paytida kelsin-da! Boʻldi, endi uxla! Nima balo boʻldi, Moʻylov hali ham qaytmadi-ku!
— Qaysi Moʻylov? — dedi xotini yana yostiqdan bosh koʻtarib.
— Bugun koʻchib kelgan baqaloq yigit-da. Matros bola.
— Voy shoʻrim, shaharga ketganmidi? Xomilador xotinini yolgʻiz tashlab-a? Oʻrganmagan joy, yuragi yoriladi-ya! Qoʻrqayotgandir...

Xotinining gapi ogʻzida qolib, Qoʻziboy oʻrnidan sakrab turdi. Chiroqni yoqib soatiga qaradi: oʻn ikkidan oshibdi.
— Nima qilmoqchisiz, bormoqchimisiz?
— Xabar olish kerak. — Qoʻziboy shunday dedi-yu, shoshib kiyina boshladi.

Xotin ham oʻrnidan turdi.
— Men ham boray, xotin kishining yoniga kechasi borsangiz, bilgan undoq deydi, bilmagan mundoq deydi. Erining ham koʻngliga kelishi mumkin. Meni oʻsha yerga tashlab, oʻzingiz qaytib kelarsiz. Uyda Bobir yolgʻiz qolmasin, — dedi Kokila. — Bechoraning xotini juda pishib turgan edi. Dard tutib qolmasin tagʻin.

Er-xotin hovliga chiqishdi. Boʻron hamon avjida. Qoʻziboy koʻzini qumdan saqlash uchun choponini boshiga yopinib, hovlining narigi tomoniga oʻtib ketdi-da, zum oʻtmay, egarlangan ot yetaklab chiqdi. Er-xotin otga minishdi. Xotin erining orqasidan mahkam quchoqlab, koʻzini qumdan yashirgancha jimgina borardi.

Shamol guvillaydi. Yaqinda shagʻal toʻkilgan katta yoʻl chetlaridagi nihollar tagini qum oʻrab olibdi. Lapanglab turgan elektr chiroqlarining nurida qum quyuni xuddi yonboshdan yogʻayotgan qorga oʻxshaydi. Nihollar tagida toʻdalanayotgan qum uyumlari esa, asta-sekin oʻrmalab, uni halqumidan boʻgʻmoqchidek.

Katta yoʻl orqada qoldi. Lampochkalar olisda suzayotgan kema chiroqlaridek tebranib miltiraydi. Er-xotindan sado chiqmasdi. Ularning har biri oʻz oʻyi bilan band. Faqat otgina hushyor. U boshini sarak-sarak qilib, indamay oldinga intiladi. Yollarini buydalayotgan boʻronni suzib tashlaydigandek boʻynini gʻoz tutib qorongʻilik qa’riga kirib ketmoqda. Er mudraydi, xotin xayol suradi...

...Bir vaqtlar Kokila oʻninchini bitirib, artistka boʻlishga ahd qilgan edi. Qaysi bir jurnalki bor, yangi modaning rasmi chiqsa, surishtirib oʻtirmay, shartta yitib olardi. Toʻqqizinchida oʻqib yurgan paytlaridayoq onasidan bekitib surma qoʻyardi. Sochini, naq taqimiga tushadigan qop-qora uzun sochlarini yelkasidan kestirmoqchi boʻlganda, akasidan rosa kaltak yegan edi... Hammasi oʻtdi-ketdi. Bolalik orzulari, shoʻxliklari bitdi, endi u balogʻat ostonasidan allaqachon hatlab oʻtgan. Mana shu Qoʻziboy yoʻlida paydo boʻldi-yu, bolaligini shamoldek allaqayoqlarga toʻzitib yubordi-qoʻydi.

Qoʻziboy armiyadan oʻzining tugʻilib oʻsgan qishlogʻi Simsoyga qaytib kelganda, Kokila havaskorlar gruppasi bilan Toshkentga festivalga ketgan edi. Kokila festivaldan ismi yozilgan tilla soat mukofot olib qaytib kelsa, bir vaqtlar oʻzi «xumkalla» deb laqab qoʻygan Qoʻziboy armiyadan qaytib kelib, qizlarning boshini aylantirib yuribdi. Oʻzi ham toʻlishib, savlatli, boʻlib ketibdi. Egnidagi iroqi kuylagining koʻkragi tirsillab turibdi. Kokila uni koʻrdi-yu, es-hushini yoʻqotdi-qoʻydi. Usha kuni koʻzlariga surmani qalin chaplab, Qoʻziboyning oldidan ikki-uch marta ataylab kaklik yurishi qilib oʻtdi. Butun vujudidan muhabbat va yoshlikning faqat balogʻatga yetib, ovozi doʻrillab qolgan oʻspirinlargina biladigan gʻalati gʻamzasi yogʻilib turgan qiz Qoʻziboyning ham koʻzini tindirdi. Bola oromini yoʻqotdi. Atir hidi dimogʻiga kirsa, bezovta boʻladigan, ingichka ovoz eshitsa, koʻzi suziladigan boʻlib qoldi.

Kokila bir kun magazinga kirganda har baloga aralashaveradigan, oti Usmon boʻlsa ham negadir, Osmon deb laqab olgan (balki laqabni ham Kokila qoʻygandir), burni yapasqi yigit sichqonning dumidek ingichka moʻylovini burab, unga ma’noli iljayib qoʻydi:
— Qoʻziboyni yeding-a? Balosan, balo!

Kokila ensasi qotganidan labini choʻchchaytirib, indamay chiqib ketaverdi. Sal nariroqa borganda, gap kor qilib, orqasiga qaytdi.
— Nima deding? Yana bitta gapir-chi!

Bunaqa paytlarda Kokiladan yaxshi gap chiqmasligini bilgan Osmon gapni aylantirmoqchi boʻldi:
— Menga qara, panbarxit keldi, bir otrez olib qoʻyganman, hali aytish esimdan chiqqan ekan.
— Boyagi gapni ayt deyapman! Sen puchuq obdasta oʻlgurga kim qoʻyibdi birovlarning ishiga aralashishni? Tegmaganimga alam qilyaptimi? Qoʻziboyga tegmoqchiman, bildingmi?
— E, — dedi Osmon, — Qoʻziboy olib boʻpti seni, boshiga uradimi?
— Nima, nima? Olmay boʻpti?

Kokila shunday dedi-yu, tars-tars yurib chiqib ketdi.

Qiz aytganini qildi. Qoʻziboy bedanaday patirlab Kokilaning tuzogʻiga tushdi. Bir oydan keyin toʻylari boʻldi, ikki yarim oydan keyin turmushlari buzildi. Qoʻziboy shinelini yelkasiga tashlab, uydan chiqdi-ketdi. Soch-soqoli oʻsib, rangi roʻyi bir holatda boʻlib, samovarlarda yotib yurdi. Kokila har kuni guzarga chiqib, koʻpchilikning oʻrtasida «Yosh umrimni xazon qilding!» deb uni yumma talar, gapga noʻnoq Qoʻziboyning dilini siyoh qilishini qoʻymas edi. Katta-kichik oralariga ham tushib koʻrdi. Kokila loʻlilik qilib, birovga gap bermay bidirlar, Qoʻziboy esa toʻngʻillar edi. Xullas, ularning murosasi toʻgʻri kelmay qoldi.

Oralariga sovuqchilik tushishining sababi shunday edi:

Kokila Toshkentga artistlikka oʻqishga ketadigan, lekin Qoʻziboyni tashlab ketgisi kelmay (qizlardan qizgʻanardi) uni ham shaharga birga olib ketmoqchi boʻldi. Qoʻziboy unamadi, jon deb oʻqirdimu, yaqinda armiyadan keldim, toʻy qilaman deb uncha-muncha chiqimdor boʻldim, uning ustiga, sendek kiyimga oʻch xotinim boʻlsa, ishlayman, deb turib oldi. Xullas, u gapga, bu gapga koʻnmadi. Qoʻziboy Kokilaning janjalidan qochib, choʻlga qarab ketdi. Kolxozning choʻl uchastkasi oʻsha paytlarda Qoʻziboyni chaqirib turgan edi. Armiya koʻrgan, intizomli, baquvvat yosh yigit ishga yopishdi-qoʻydi. Rais ham, partorg ham sevinib ketishdi.

Oradan bir yil oʻtdi. Qoʻziboy avval brigadir, uchastka alohida kolxoz boʻlib ajralib chiqqandan keyin esa, oʻzi rais boʻlib qoldi. Eri choʻlga ketgandan keyin, undan koʻngli tinchimay, Toshkentdan qaytib kelgan Kokila tanish-bilishlariga: roʻzgʻorli odamga oʻqish boʻlmas ekan, deb bahona qildi.

Kimdir, Qoʻziboy uylanyapti, deb uning yuragiga vahima soldi. Kokila oʻsha kuniyoq choʻlni boshiga koʻtarib shangʻillagancha Qoʻziboyning oldiga bordi. Shu borgancha qimirlamay qoʻya qoldi. Teatr haqidagi orzulari ham, pardoz-andoz ham, Simsoy koʻchalarini burqsitadigan atirlar ham esidan chiqdi. Sochini boshiga turmab, yengini shimarib, choʻlga ishga kirishdi. Bitta oʻgʻil tugʻib berdi-yu, er-xotin orasiga mehrigiyo tushdi-qoʻydi...

Kokila hozir dovulning guvillashiga quloq solib, shular toʻgʻrisida oʻylab ketmoqda edi. Qaerdandir, juda yaqinda boʻri ulidi. Qoʻziboy xotinini alahsitmoqchi boʻldi.
— Kostyumimning etagiga qora moy tegibdi. Ertaga benzin olib kelib beraman, tozalab ber. Indinga raykom byurosi bor, shu ahvolda bormay, xotin.

Kokila indamadi. Xuddi otning tumshugʻiga tegay-tegay deb bir boʻri oldindan yugurib oʻtib ketdi.
— It, it-ku! — dedi Qoʻziboy uning boʻriligini bila turib. — Otaboyning ovcharkasi, taniyman!

Xotini eriga bildirmay piq etib kulib qoʻydi.

Choʻl choʻlligini qilarkan. Boyatdan beri oʻng tomondan esib, qumni shopirayotgan boʻron endi chap tomondan esar, allaqayoqlardagi qumlarni koʻchirib kelardi. Ot tizzadan qum kechib, doʻng oshgandan keyin, yana yalanglik boshlandi. Olisda miltirab chiroq koʻrindi. Qoʻziboy jilovini tortmasa ham ot oʻsha yoqqa qarab yura boshladi.
— Qoʻrkding-a? — dedi Qoʻziboy xotirjam tovushda, — boyagi it deganim boʻri edi.
— Sizdan oldin bilganman. Boʻrini endi koʻryapmanmi?

Yangi qishloqqa kirib borishdi. Boʻm-boʻsh, huvillab yotgan yangi, oppoq uylarning faqat bittasidagina chiroq yonardi.
— Hali yotmabdi. Qoʻrqqandir bechora. Agar Moʻylov kelmagan boʻlsa, sen yonida qolasan. Oʻzim qaytib ketaveraman.
— Qoʻrqmaysizmi?
— Boʻri yermidi!

Qoʻziboy eshik oldiga kelib, otdan tushdi. Qoʻlini peshonasiga qoʻyib, derazadan ichkariga nazar tashladi. Keyin, otdan tush, degandek xotiniga qaradi. Kokilaning uzangiga oyoq qoʻyolmay qiynalayotganini koʻrib, tushirib qoʻydi-da, qoʻlidan yetaklab deraza oldiga olib keldi. Ichkariga qarashdi.

Hali joy solinmagan uyning bir chetida samovar, sandiq ustida sholchaga tugilgan koʻrpa-toʻshak. Yuziga dogʻ tushgan qorachagina bir juvon orqasiga bolish qoʻyib, tizzasida chaqaloqqa koʻylakcha tikyapti. Rangini oftob oqartirgan odeyalga chalqamcha yotib olgan moʻylovdor yigit yalangʻoch qorniga bolasini mindirib, nimalardir deb javraydi. Uni ot qilib minib olgan bolaning bir qoʻlida teshikkulcha, bir qoʻlida qizil qogʻozli konfet. Yerda ham konfet qogʻozlari. Yigitning koʻkragiga boshi burgut, ta-nasi odam, oyoq tomoni baliqqa oʻxshagan surat solingan.
— Qoyilman, matros! — deb yubordi Qoʻziboy, unga havasi kelib.

Elektr chirogʻi koʻzni oladigan darajada yoritib turgan choʻl oʻrtasidagi uyda kishining havasini keltiradigan qandaydir bir halovat, beozor, osuda hayot gurkirab turardi. Tashqarida choʻl boʻroni quturib, qumlarni chor atrofga purkadi.

Qoʻziboy bilan Kokila boʻronda tebranib, nurda porlayotgan osuda oila manzarasidan koʻz uzolmay turishardi.
— Sen shu yerda qol, endi men ketaman.
— Kiraylik, xavotir olganimizni aytaylik-da! Bilib qoʻysin tashvish qilganimizni.
— Aslo! — deb uning gapini boʻldi Qoʻziboy — Kelganingni pisanda qilmoqchimisan? Yoʻq, xotin. Birovga yaxshilik qilsang, oʻziga bildirmay qil, kimga minnatdorchilik bildirishini oʻzi ham bilmasin. Ana uning gashti boshqacha boʻladi.

Kokila yana derazadan qaradi. Endi bola «ot minish»dan zerikib, dadasining qornida oʻtirib mudrardi. Birdan Kokilaning esiga uyda yolgʻiz qolgan oʻgʻilchasi tushdi. Yuragini vahima bosdi. «Bola bechora uygʻonib, yolgʻiz uyda boʻrondan qoʻrqib oʻtirgan boʻlsa-ya!»

Kokilaning koʻziga boya yoʻlni kesib oʻtgan boʻri koʻrinib ketdi. Shoshib borib otning egariga yopishdi.
— Yuring, ketamiz. Bobir uygʻonib qolgan boʻlsa...

Qoʻziboy ildam egarga minib, xotinining qoʻlidan tortdi. Otning sagʻrisiga beozor bir-ikki qamchi tegizdi. Jonivor boshini silkib, yoʻlga tushdi.

Boya qum bosgan yoʻllarni endi ters esayotgan boʻron supurib qoʻygan edi. Boʻron quturgandan quturib yotibdi. Boʻkiradi, uvillaydi. Shu dovulga koʻkrak tutib ketayotgan er-xotin baxtiyor. Ularning har ikkovi ham vahimali tovushlarga kuloq solib, oʻz oʻyi bilan ovora.

Odamzod qiziq boʻlar ekan. Boʻlmasa, Kokila shu vahimali, dahshatli boʻronda keta turib ham poshnasy bigizdek tufli haqida oʻylarmidi.

1961