OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Onajonlar (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiOnajonlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Onajonlar (hikoya)
Said Ahmad

Bugun uch kun boʻldi kampirdan darak yoʻq. Unga juda oʻrganib qolgan edik. Har gal u sutmi, shaftolimi olib kelganida, baragimizga kirib, u yoq-bu yoqni sinchiklab qarardi-da, koyishga tushib ketardi. Idishlarimiz yuvuqsiz, oʻrinlarimiz yigʻishtirilmay qolganini u kelgandagina sezardik... Toʻgʻrisi, uning koyishlari bizga yoqardi. Uning tovushini eshitganda har kim qishloqda qolgan oʻz onasini eslab ketardi.

U ketganda kuni bilan jaziramada ishlab charchashimga qaramay uyimni, onamni, ukalarimni oʻylab, ancha vaqtgacha uxlayolmay yotardim. Saraton oftobi qovjiratgan sahro giyohlari kech shabadada allaqanday hid chiqarib, butun choʻl boʻylab aylanib yurardi. Osmon toʻla yulduz. Oy tepaga kelib, qimirlamay turib oladi. Daryo shovillaydi. Toʻgʻon tepasida elektrpayvand chaqin chaqadi. Uning oʻkdek yugurik koʻkimtir nuri tepamdan oʻtib, choʻl qoʻyniga kirib ketadi.

Bu manzara, bu hislarni koʻpincha sezmay qolardim. Kampir kelib-ketgan kunlardagina shunaqa hislar vujudimni qamrab oladi. Olamni koʻrayotgandek boʻlaman. Shu sokin oqshomda qaerdadir, juda olisda jang ketayotganini, oʻt chaqinlari orasida kampirning oʻgʻli goh emaklab, goh yugurib oldinga intilayotganini koʻrib turgandek boʻlaman.

Oramizda onalik mehriga toʻymagan yetim bolalar ham bor edi. Ular kampir kelganda atrofida girdikapalak boʻlishardi. Topgan-tutganlarini oldiga toʻkib solishardi. Shunday boʻlsa ham u koyishdan tinmasdi. Hadeb bizni urishaverardi. Bilaman, onalar shunaqa boʻladi. Bolani, hatto u bola-chaqalik boʻlganda ham koyiyverishadi.

Kim bilsin, u ham yolgʻizlikdan oʻrtanib, dilini yozish uchun oldimizga kelayotgandir. Kim bilsin, u bizni koʻrganda oʻgʻlini koʻrgandek boʻlar.

Uch kun boʻldi uni koʻrmaganimizga. Bugun ish zoʻr boʻldi. Kuni bilan zavoddan qaynoq tsement tashidim. Mashinamning kabinasi jaziramada dazmoldek qizib ketdi. Horib-charchab kelarkanman, kampir toʻgʻon ustida meni kutib turardi.
— Ne’matdan xat, oʻqib ber, bolam.

Uning qoʻlidan uch burchak xatni olib, tabelchining budkasiga boshladim. Naryadchi qiz kursisini boʻshatib berdi. Xatni oʻqiyotganimda kampir ikki qoʻlini tizzasiga tirab, jimgina quloq solib oʻtirdi.

Oʻgʻli sogʻ-salomatligini aytib, yaralanib gospitalga tushib qolganini, yaqinda uyiga butunlay javob tegishini aytgan edi. Kampirning koʻzlari besaranjom boʻlib qoldi. Qoʻlimdan xatni olib orqa-oʻngini agʻdarib qaradi.
— Hammasini oʻqidingmi? Biron joyini tashlab ketmadingmi? Qaeridan yaralanganini oʻqib bermading-ku!

Xatda Ne’mat qaeridan yaralanganini aytmagan edi. Kampir tashvishda qoldi. Xat bilan boʻlib, budkaga qizlar kirishganini, ular jim turib suhbatimizga quloq solishayotganini bilmay qolibmiz.

Qizlar kampirni alahsitish uchun birdan chuvillab yuborishdi.
— Xolajon, oʻgʻlingiz kelganda meni kelin qilasizmi?

Kampir unga qarab kulib yubordi.
— Senimi? Ahvolingni qara, soching paxmoq, burning puchuq.
— Ho, — dedi gap qotgan qiz, — yaxshilab qarang, pardoz qilsam oydek kelin boʻlaman.

Hammamiz qotib-qotib kulishdik. Kampir birdan qizlarni koyib ketdi.
— Oʻzlaringga qarasangiz boʻlmaydimi, qiz bola degan oʻziga qarab turadi. Uyimga keling, qatiq ivitib qoʻyganman, bosh-moshlaringni yuvib olasanlar. Oʻsmam ham otquloq boʻlib yotibdi.

Kampir ketdi. U ketdi-yu, qizlarning kulgilarini ham oʻzi bilan olib ketgandek boʻldi. Birdaniga hammasining uyi, onasi, onasining beozor koyishlari esiga tushib ketdi. Qoziqda dazmollanganicha qolib ketgan atlas koʻylaqdan tortib, koʻngilni rom qilgan yigitigacha, ariq boʻyidagi oshrayhondan tortib, bolamning nasibasi deb yedirmay, ariga talatmay onalari saqlab qoʻygan soʻridagi uzumgacha shu onda budka ichiga kelib qolgandek boʻldi.

Shu-shu boʻldi-yu, kampir baragimizga kelmay qoʻydi. Uni goh katta yoʻlda, dasturxonga tugilgan paxtani boshiga qoʻyib, goh chelakda ohak olib ketayotganini koʻrib qolardik.

Bilib turibmiz. U oʻgʻlining kelishiga tayyorlanayotibdi.

Uning uyi bosh toʻgʻon tushayotgan doʻngning nari yogʻidagi oʻrikzorda edi. Hovlisidagi bir tup azamat sadaqayragʻoch uzokdan koʻrinib turadi. Eri daryoda qayiqchilik qilgan. Islohot yillari erini dushmanlar daryoga choʻktirib yuborishgan. Bitta-yu bitta oʻgʻli frontga ketgan. Huvillab qolgan katta hovlida bir oʻzi yashaydi. Kechqurunlari eshigi oldidagi supada hassasini yerga tirab, oʻgʻlining yoʻliga koʻz tutib oʻtiradi. Qorongʻi tushgandagina kirib, alla-pallagacha uxlamay, tiq etsa eshikka qarab yotadi. Diqqati oshib, dili qorongʻi boʻlib ketgan kezlarda chelakni shaftoliga toʻldirib, yotogʻimizga kelib qoladi. Bizni koyib-koyib taftini bosib ketadi.

Oʻzingiz bilasiz, nimaiki yangi gap chiqsa, avval shofyor xalqi biladi. Boshligʻimizning mashinasini haydaydigan hamkasbim bir gap aytib qoldi. Ertadan daryoning eski yoʻli toʻsilarmish. Suv koʻtarilganda oʻrikzorni suv bosarmish. Uch-toʻrt kundan keyin oʻsha yerda yashaydiganlar koʻchirilarmish.

Shu gapni eshitdimu, yuragim jiz etib ketdi. Demak, kampir ham boshqa yoqqa koʻchiriladi. Axir, u oʻgʻlining kelishiga uy oqlab, devor-toshlarini tuzatayotgan edi-ku!

Oshnamning aytgani keldi. Garajda majlis boʻlib, bizni oʻrikzorliklarni koʻchirishga ajratishdi. Kampirni koʻchirishni oʻzim soʻrab oldim.

Erta bilan ming xijolatda mashinamni kampirning uyiga olib bordim.

Kampir supada ikki tizzasiga qoʻlini tirab oʻtirardi. Bosh koʻtarib menga qaramadi. Atrofga razm soldim. Imorati ancha nurab qolgan boʻlsa ham, devorlari oqlanib, deraza oynalari artilib, top-toza qilib qoʻyilgan edi. Hovli supurilgan. Ariq boʻyida atirgul, qashqargul ochilib yotibdi. Devor yonidagi ikki tup shaftolining shoxlari egilgan. Supadan daryo, toʻgʻondagi kranlar koʻrinib turibdi. Hovli ichi jimjit. Motorlarning shovqini eshitilmaydi.

Ilgarigi vaqtlarda xotinlar bazm qilishganda, erkaklar eshitmasin deb deraza oldilariga suv toʻla chelaklarni terib qoʻyishardi, deb eshitardim. Demak, suv ovozni toʻsar ekan-da. Boʻlmasa quloqni bitiradigan motor tovushlari eshitilmasmidi. Kampir boshini koʻtarmay, «keldingmi?» dedi.

Nim^a deyishimni bilmay serrayib turib qoldim.
— Yoʻq, uyimga achinmayman. Hukumatdan ayaydigan joyim yoʻq. Odamlar jonini ayamayapti-ku, shu kulbaga hukumatdan pul olamanmi?! Men shunaqa tanti xotinman. Faqat Ne’matginam kelganda meni topolmay sarson boʻlmasmikin, deyman.

Yuragim toʻlqinlanib ketdi. Kampir tizzasiga tiralib oʻrnidan turdi:
— Yuklarni tugib qoʻyganman. Mashinangga olib chiqaver. Menda nima ham bor, deysan. Kelinga atagan bisotimdan boshqa narsam yoʻq. Sigirni ertaga oʻzim yetaklab ketaman...

Yuklarni tashib boʻlgunimcha kampir hassasiga tayanib, sadaqayragʻochga tikilib turaverdi. Mashina joyidan qoʻzgʻalganda uning oʻpkasi toʻlib xoʻrsindi. Yigʻlarmikin degan edim. Yigʻlamadi. Qayrilib orqasiga qaramadi ham. Ammo men bir kiprik qoqsam tamom. Koʻzlarimdan yosh oqaman deb turibdi.

Axir bu xotin shu kulbada ellik yil umr kechirib, ne kunlarni koʻrmagan. Ochligiga ham, toʻqligiga ham, baxtiga ham, baxtsizligiga ham guvoh boʻlgan uy, uning alamli kunlarini sir qilib saqlagan devorlar qoldi.

To tsement zavodi posyolkasiga yetgunimizcha undan sado chiqmadi. Yangi qurilgan, yonida chorbogʻchasi bor uyga koʻchlarni tushirdik. Kampir uylarini aylanib, chorbogʻni kezib chiqdi. Uning yuzidan, koʻzidan yangi joyning yoqqan-yoqmaganligini bilib boʻlmasdi.

Ketayotganimizda kampir, meni yolgʻizlatma, Ne’matim kelguncha shu yerda tura qol, oʻgʻlimdek boʻlib qolding, Ne’matimga qiyomatlik aka boʻl, deb yalindi. Ikki kundan keyin koʻchib kelaman, deb yupatdim. Yoʻlda oʻzimdan-oʻzim koyindim. Axir nega ikki kundan keyin dedim, bugunoq kelaman desam boʻlmasmidi!

Nazarimda kampir notanish uyda gʻarib boʻlib oʻtirgandek, men yoʻgʻimda yum-yum yigʻlayotgandek tuyulardi. Toʻgʻonga koʻtarilganimda koʻzlarim beixtiyor oʻrikzordagi sadaqayragʻochga tushaverdi. Ishimni tugatdimu, koʻrpa-toʻshagimni koʻtarib, kampirning uyiga qarab ketdim. U eshik oldidagi xarsangga oʻtirganicha zavod quvuridan chiqayotgan tutunga qarab xayol surardi. Uyga kirdik. Hali boʻyoq hidlari kelib turgan ayvonda ancha vaqtgacha gaplashib oʻtirdik. Kampir samovar qoʻyib keldi. Yigitlar daryodan baliq tutishgan ekan, ikkitasini berishgan edi, yuvib, tozalab keldim. Kampir baliq yemasligini aytdi. Baliq tozalanganicha qoldi. Non-choy qilib qoʻya qoldik.

Kampir joy solib berdi: Chiroqni oʻchirib, ichkari uyga kirib ketayotganida toʻxtab, baliq yemasligining sababini aytib berdi.
— Rahmatlik otang shu daryoga choʻkib ketgan. Kim biladi, uni shu baliqlar yeganmi...

Uning ovozi titradi. Qorongʻi boʻlganidan basharasini koʻrolmasdim, yigʻlayotgandek boʻldi. Qattiq charchagan boʻlishimga qaramay uxlayolmadim. Kampir juda barvaqt uygʻonib, hovli supurdi, samovar qoʻydi. Xuddi oʻz uyimda, oʻz onam oldida yurgandek rohat qilardim. Ishga ketayotganda kampir ertaroq qayt, sangʻib yurma, tomogʻing sovub qoladi, deb ta’kidladi.

Oʻsha kuni ish juda koʻp boʻldi. Butun samosvallar tosh tashishga qoʻyilgan edi. Daryoning eski yoʻli toʻsilyapti. Tinmay koʻprikdan tosh tashlab turibmiz. Daryo quturadi. Toshlar ustidan sapchib, eski yoʻliga otiladi.

Suv axir boʻyin egdi. U tosh toʻsiqlardan oʻtolmay mayda toʻlqinlarni zarda bilan orqaga silkitdi. Ikki kun deganda daryo butunlay toʻsilib, suv koʻtarila boshladi. Toʻgʻon darvozalaridan faqat bittasigina ochiq. Suv oʻrikzor tomonga oʻrmalay boshladi. Toʻgʻon tepasida odam koʻp. To qosh qorayguncha olomon tarqamadi. Bir mahal qarasam, yonimda kampir turibdi. U qorongʻida arang koʻrinib turgan sadaqayragʻochdan koʻzini uzmasdi. Oxiri qorongʻida oʻrikzor koʻrinmay ketdi. Ertalab kampir men bilan yana toʻgʻonga keldi. Oʻrikzor endi butunlay suv ostida qolib ketgan edi. Faqat sadaqayragʻochning uchi koʻrinib turardi. Kampir oʻsha yoqqa tikilib turib:
— Otang rahmatlik ekkan edi, — deb xoʻrsinib qoʻydi.

Garajdan mashina olib chiqib kelayotganimda doʻkon oldida bir toʻda odam oʻralashib turganini koʻrib qoldim. Yana kelib qarasam, kampir yerda yotibdi. Bir xotin yuziga suv sepyapti. Kabinadan sapchib tushdim.

Ne’matdan kelgan xatni qorovul olib qoʻygan ekan. Ochib kampirga oʻqib beribdi. Xatda Ne’mat gospitalda oyogʻini kesib tashlashganini aytibdi. Kampir hushidan ketib qolibdi.

Uni kabinaga chiqarib, uyga olib ketdim. Ertasiga ham, indiniga ham ishga chiqolmadim. Kampirning ahvoli ogʻir edi. U bir oydan ortiq yostiqdan bosh koʻtarmadi. Faqat bir gapni aytardi:
— Bolam, bolaginam. Oʻz qoʻling bilan tuproqqa qoʻy. Toʻyingni ham koʻra olmadim, hech boʻlmasa diydoringni bir koʻray...

Yoʻq, oʻgʻlining diydorini koʻrish unga nasib boʻlmadi. Oʻgʻliga ilhaq boʻlib koʻz yumdi. Uni dafn qilishga anchagina odam yigʻilgan edi. Bolasining oʻrniga bola boʻlib, tobutining oldiga tushdim. Yoʻl-yoʻlakay yot, begona kishilar marosimga qoʻshilaverdi. Kanal qaziyotganlar ishni toʻxtatib, tobutni yelkama-elka oʻtkazib borishardi.

Katta yoʻlga chiqqanimizda bir harbiy yigit yuk xaltasini yerga qoʻyib, oqsoqlana-oqsoqlana tobutning bir qanotini yelkasiga oldi. Oʻn qadam ham yurmay oyogʻi qaltirab chetga chiqdi. Nihoyat, marosim orqasidan ancha vaqtgacha qarab turdi-da, xaltasini olib, toʻgʻon tarafga jadal yurib ketdi.

Qaytib kelganimizda oʻsha harbiy yigitni uyda koʻrib hayron boʻldik. U yogʻoch oyogʻini chiqazib, ayvon labidagi ustunga boshini tirab, qimirlamay oʻtirardi. Endi bildim: bu Ne’mat edi. U onasining boshqa uyga koʻchganini bilmay, oʻrikzorga borgan. Boya kimning tobutini koʻtarganini ham bilmay qolgan...

Har gal yoʻlim shu tomonlarga tushganda, poezd toʻgʻonga yaqinlashishi bilan vagon oynasini ochib, oʻsha oʻrikzorga qarayman. Suv betiga chiqib, barg yozishdan tinmagan sadaqayragʻochning koʻm-koʻk uchlariga tikilaman. Bu yashil novdalar menga juda koʻp voqealarni eslatib qoʻyadi. Nazarimda, daryoga choʻkkan qahramon ota suvdan bosh chiqazib, atrofda chaqnagan sonsiz chiroqlarga qarayotgandek, azamat toʻgʻondan quyilayotgan sharshara tovushiga quloq solayotgandek boʻladi. Suv jimjimalariga oq toʻshini urib uchayotgan qaldirgʻochlar, orqasida ayri iz qoldirib suzayotgan viqorli oppoq gʻozlar menga oʻsha suronli yillarda hammaga mehrini barobar sochgan munis ona chehrasini, uning oppoq paxtadek sochlarini eslatadi. Front yoʻliga ilhaq tikilgan koʻzlarini eslatadi. Qaynoq onalik tuygʻulariga toʻymagan bolani fikran qidiraman. Qaysi jabhada ekan u?

Shunday otaning, shunday onaning bolasi hayotda oʻz oʻrnini topib olganiga ishonaman. Nazarimda, u oldinda, hammaning oldida shitob bilan olgʻa ketayotgandek.

Xabar ber, xabar ber, qaydasan, uka!

1961