OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Sagʻana (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiSagʻana (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sagʻana (hikoya)
Said Ahmad

Oʻlik degan oʻz izzati bilan kafaniga oʻralib, tobutda qimirlamay yotgani durust boʻlarkan. Tobut yoʻlakda, kafan gʻassolning yelkasida. Ammo murda hovlida kelgan-ketganlarga qoʻl qovushtirib, derazadan patnis uzatib, koʻngil soʻraganlarga: «Bandalik ekan, qandoq qilay...» deb yursa, juda xunuk koʻrinar ekan.

Mahalla qorovuli tong qorongʻisida xonadonlarning eshigini taqillatib, Boqi Xalfa omonatini topshirdi, peshinga janoza oʻqiladi, deb xabar berdi. Odamlar ertalab ishga ketish oldidan marhumning qarindoshlaridan birrov koʻngil soʻrab chiqaylik, deb yigʻilishdi, ammo eshik oldida Boqining bel boylab turganini koʻrib, hang-mang boʻlib qolishdi. Oʻlgan boshqa Boqi boʻlsa kerak, mahallada yana Boqi otli odam bormidi, deb oʻylanib qolishdi.

Bu mahallada shu Boqidan boshqa Boqi yoʻq edi. «oʻlgan» ham shu Boqining oʻzginasi edi.

Boqi Xalfa ancha toparmon-tutarmon kishilardan. Sibirga olma oboradi — pul topadi. Shisha banka yigʻib, yuvib sotadi — pul topadi. Choydan chiqqan zar qogʻozni qirqib, oynaga yopishtiradi, Makkai mukarramaning surati bu, deb sotadi — pul topadi. Xom yongʻoq poʻstlogʻini quritib, elakdan oʻtkazib, xinaning asliga kepqoling, deb yana pul topadi. U yoqqa boradi — pul topadi, bu yoqqa boradi — pul topadi.

Yoshi ham paygʻambarga akalik qilsa boʻladigan joyga borib qolgan. Shariatpanoh musulmonlar paygʻambar yoshidan nariyogʻini harom sanashadi. Xalfa ham harom yoshdan hazar qilib, tirik vaqtida janozasini oʻqitib qoʻymoqchi boʻldi.

Oʻlib ketsam, zumrasha bolalar menga janoza oʻqitarmidi, harakatimni qilib qoʻyishim kerak.

Boqi shu niyatda katta qabristondan bir yarim murda sigʻadigan joyni olib, taksida gʻisht, tsement tashitib, tirik odamning ham havasi keladigan qilib sagʻana qildirdi, patnisdek keladigan marmarga yarmi forscha, yarmi oʻzimizning tilda nomini qoʻshdirib, bayt ham bittirib qoʻydi.

«Tuproq aro yotur munda,
Soqi oʻgʻli Boqi murda.
Tavalludi 12... hijriy, vafoti 13... hijriy».

Sagʻana bitib, janozaga tayyorgarlik tamom boʻlgandan keyin, Boqi katta qozonda osh damlatib, yurtga yedirmoqchi boʻldi. Toʻrt mahalladan odam aytildi. Ikki qori biri olib, biri qoʻyib, oʻqib turibdi. Ayniqsa, Satang qori deganining ovozi bulbuldek ekan, qiroatini kelishtirolmasa ham patnis ashulaga oʻxshatib sura orasida ikkita katta avj qoʻshib aytarkan.

Gʻassol koʻpni koʻrgan, ishbilarmon kishi edi, «murda» ni chetga chaqirib:
— Boshpurtni topshirib, domovoydan oʻchmagan boʻlsangiz, sizni yuvmayman, benovat boʻlishdan qoʻrqaman, — deb qoldi.

Boqi Xalfa yonidan falonchi oʻldi, koʻmish mumkin, degan qogʻozni olib koʻrsatdi. Ana shundan keyin gʻassol ikki chelak suv olib, Boqini ichkari uyga boshlab kirdi. Uni yechintirib, taxtaga tortdi. Doka xalta bilan badanini obdan sovunlab yuvib, irimiga bosh-oyoq kafan aylantirib, uni yechib oldi.

Xalfa atir sovundek yiltirab chiqqanida, mahallaning oʻyinqaroq bolalari, savobdan quruq qolmaylik, deb oʻchoq oldida qittak-qittak qilishayotgan edi. Ular Boqini koʻrib, bir-birlariin turtib qoʻyishdi.

— Mulla amaki oydek chiroyli oʻlik boʻptilarmi...

Marosim tugadi. Janoza ham oʻqildi, murda armonda qolmasin, deb uni bir necha minut tobutga ham solib olishdi. Boʻsh tobutni yerdan koʻtarishayotganda boyagi mast yigitlardan biri:

— Mulla amaki qanaqa odam edilar? — deb qoldi. Bu gap oʻlik goʻrga qoʻyiladigan paytda aytilguvchi edi. Biroq shu topda mast odamning gapini chuvalashtirmaslik uchun:

— Durust odam edi, — deb qoʻya qolishdi.

Shu kuni xotinlar yoʻlakda uvvos solib, tobut orqasidan sochlarini yulib qolishdi.

Mulla amaki odamlar koʻziga koʻrinmay qoʻya qolay, deb hammadan oldin «Volga»da mozor boshiga borib, to tobut koʻtarganlar yetib kelnshguncha goʻrkov bilan koʻk choy ichib, foniy dunyoning ishlaridan gaplashib oʻtirdi.

Xuddi shu kuni yer kurrasi bitta musulmon bandasidan chala-yarim judo boʻldi. Boqi endi sonda bor edi-yu, sanoqda yoʻq edi.

Hangomaning qizigʻi keyin chiqdi. Boqi oʻlishga oʻlib qoʻyib, tirik paytida koʻrmagan shoʻrishlarga duchor boʻldi. Murdannng uyda yotib yurganidan darak topgan uchastkavoy yoʻq odam uyda turishga haqi yoʻq, deb poʻpisa qildi. Shundan keyin u kechasi devor panalab kelib, tomda yotib yurdi. Kuz kirib, tomga qirov tushib, yotish qiyin boʻlib qolgandan keyin koʻrpa-yostigʻi bilan marmar viveskali dangʻillama gʻishtin sagʻanasiga koʻchib ketdi.

U qora kunimga yarab qolar, deb ikki ming soʻm pulni omonat kassaga qoʻygan edi. Shu pul endn asqatib qoldi. Kassaga borgan edi, pasport soʻradi. U oʻlgani uchun pasport koʻrsatolmadi, oʻlganman, deyishga qoʻrqdi.
— E, esi yoʻq murda, — deb peshonasiga shatirlatib bittani tushirdi.

Hozir Boqi Xalfa goʻrkovning choʻzma-chalpagiga sherik boʻlib, uning ensasini qotirib yuribdi. Goʻrkov ham anoyi emas ekan:
— Sizdaqa tekinxoʻr murdalarning koʻpini koʻrganmiz. Ishlagan tishlaydi. Choʻzma-chalpak haqiga lahadbop qilib guvala quyib berasiz. Boʻlmasa sagʻanangizga boshqa oʻlik qoʻyvoraman, — deb toʻpolon qilib qoldi.
— Obbo! — dedi Xalfa. — Har bir bandai moʻmin vaqtida, oʻz ajali bilan oʻlgani durust ekan.

Taqdirga tan bergan Boqi, hozir belini boylab, guvala quyyapti. Charchagan paytlarida qaddini rostlab, doʻmbayib ketgan qabrlarga hasad bilan qarab qoʻyadi. Kech kirishi bilan marmar lavha tagidagi teshikdan emaklab kirib ketadi. Goʻrkov unga hazillashib:

— Joyingiz jannatda boʻlsin, xalfam, ertaga vaqtliroq chiqing! Guvaladan qarzingiz bor, — deb hiring-hiring kuladi.